018 yil mart seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari



Yüklə 81,83 Kb.
tarix11.03.2018
ölçüsü81,83 Kb.
#31146

O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti



2018 yil 6 mart seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari

Samarqand- 2018 y


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

MA’LUMOTLAR
DO‘STLIK DARAXTINING BOG‘BONLARI BOR
Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalari Prezidentlari Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati Sharofati bois, azaldan etu tirnoq bo‘lib kelgan ikki qondosh va jondosh – tojik va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning uzilmas rishtalari kundan-kunga mustahkamlanib, elimiz shodiyonalik bilan yashayotgani, qo‘shnichilik munosabatlarida hamkorlikning yangi ufqlari ochilayotgani ko‘ngillarga surur va shodlik bag‘ishlab, do‘st diydoriga mushtoq dillarni xushnud etmoqda. Do‘stlik tushunchasi yangi ma’no kashf etib, yuqori zinaga ko‘tarilayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Ikki xalq do‘stligining ravnaq topishi uchun qulay muhit yaratilib, eng yaxshi an’analarimiz qayta tiklanayotgani quvonchli voqea, albatta. 

Taniqli jamoat va davlat arbobi, O‘zbekiston Respublikasiga uzoq yillar rahbarlik qilgan ulug‘ inson, atoqli adib Sharof Rashidovning yaxshi fazilatlari haqida gap ketganda, uni o‘zbek va tojik xalqi o‘rtasida mavjud do‘stlik ko‘prigining shoh ustuni edi, deb atashadi. Bu ta’rif behuda emas, albatta. Chunki Sharof Rashidov o‘zi ta’kidlaganday, tojik va o‘zbek - bir qushning ikki qanoti. Shuning uchun ham, u tojik va o‘zbek xalqining o‘zaro do‘stligini mustahkamlashga barakali va salmoqli hissa qo‘shdi, bu do‘stlikni o‘z asarlarida ulug‘ladi, baland pardalarda shoirona kuyladi va gard yuqtirmay, ko‘z qorachig‘iday avayladi va hurmat ko‘rsatdi. 

Sharof Rashidovning tojik xalqiga nisbatan mehri va e’tibori bolalik chog‘laridayoq, avval oilada, so‘ng hozirgi Samarqand Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan paytlarda yanada shakllanib, hayot mazmuniga aylangan edi. 

Bu esa, Sharof Rashidovning adabiyotga, o‘z ona tili bilan birga tojik tilini ham mukammal o‘rganishiga, tojik adabiyoti namoyandalarining asarlari bilan yaqindan tanishishiga yo‘l ochdi. U ikki tilda olib borilgan adabiy mushoira va gurunglarda faol qatnashib, o‘zining she’riy mashqlarini ustozlar va tengdoshlari muhokamasiga havola qilib, tojik-fors adabiyoti boy merosini tinmay o‘rganar, undan bahramand bo‘lib, ma’naviy dunyosini boyitib borardi. 

Sharof Rashidov buyuk tojik yozuvchisi Sadriddin Ayniyni o‘ziga ustoz, deb bilardi. Buni biz Ayniy domlaning “O‘rtoq Sharof Rashidovga” deb nomlangan xatidan ham bilishimiz mumkin. Ayniy domla bu xat orqali shoira Ra’no Uzoqova vafotidan so‘ng, uning qarovchisiz qolgan uch yashar qiziga moddiy yordam berish zarurligini so‘ragan edi. Sharof Rashidov ustozning bu murojaatini erda qoldirmadi. Shoiraning qiziga balog‘atga etgunga qadar davlat hisobidan moddiy yordam ko‘rsatildi. Bu maktub tojik va o‘zbek adabiyotining arbobi Sadriddin Ayniy va iste’dodli o‘zbek yozuvchisi Sharof Rashidov o‘rtasida nechog‘lik yaqinlik, hurmat va e’tibor bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjatdir. 

O‘z mehnat faoliyatini ijodkor, shoir va adib, jurnalistlikdan boshlagan Sharof Rashidov asarlarini ko‘zdan kechirsangiz xalqlar do‘stligi mavzusi yetakchi o‘rinni egallaganining guvohi bo‘lasiz. 

“Tojik va o‘zbek xalqi do‘stligi kabi bir-biriga yaqin va qadrdon do‘stlikni boshqa xalqlar do‘stligiga qiyos qiladigan bo‘lsak, shubhasiz, uni ko‘z-ko‘z qilsak arzigulikdir”,-degan edi Sharof Rashidov. Bu do‘stlik ildizlari g‘oyat teran va baquvvat bo‘lib, asrlar osha chuqurlashib, tomir otib, do‘stlik daraxtiga barhayotlik bag‘ishlab turibdi... 

Sharof Rashidov butun hayoti davomida ana shu ulug‘vor g‘oyaga sodiq bo‘lib qoldi. Oilada ham, hayotda ham, ijodda ham tojik va o‘zbek xalqlarining birligi, yagonaligi uchun Hofiz Sheroziy aytganiday, do‘stlik daraxti hamisha yashillanib turishi uchun kurashdi. Tojik va o‘zbek xalqlari o‘rtasida ko‘prik bo‘ldi. Qayerda bo‘lmasin do‘stlikni sharafladi, do‘stlikka hidoyat etdi. Bu mazmun uning amaliy ishlaridagina emas, balki asarlarida ham o‘z ifodasini topdi. 

Tojik va o‘zbek xalqlarining do‘stligi borasida Sharof Rashidov boshlagan ulug‘ ishlar bugungi kunda ikki respublika sarvarlari Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchil davom ettirilayotganligi qalblarga quvonch bag‘ishlaydi. 

Dushanbe-Toshkent, Dushanbe-Ko‘lob-Termiz poyezd yo‘llari qayta tiklanayotganligi, O‘zbekiston Hukumatining qarori bilan atoqli tojik yozuvchisi Sadriddin Ayniy tavalludining 140 yilligi munosabati bilan domla Ayniyning Samarqanddagi uy-muzeyini qayta ta’mirlash uchun hukumat tomonidan mablag‘ ajratilganligi va nihoyat, bordi-keldini osonlashtirish chora-tadbirlari belgilanayotganligi ikki xalq do‘stligini mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan dadil qadamlardir. 

Navbatdagi qadamlar hali oldinda. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning o‘lkamizga tashrif buyurganini ulug‘ ishlarning debochasi, deyish mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu tashrif zamirida uning Tojikistonga qiladigan safariga sharoit muhayyo etishdek ulug‘vor maqsad bor. 

Zotan, bu ikki elkadosh xalq kecha ham, bugun ham, ertaga ham bir-birisiz, bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zmay yashay olmaydi. Faqat bir-birini anglash, o‘zaro hamkorlik orqaligina ikki tomon ham muvaffaqiyatga erisha oladi. 

Har ikki tomon xalqlari oliy darajada o‘tadigan bu uchrashuvni intiq-intizor kutayotganligi oyday ravshan. 

Ikki davlat rahbarlarining muborak qo‘llari bilan yoqib qo‘yilgan umid chirog‘i yana qanchadan-qancha ezgu ishlarga mushtoq ko‘ngillarni yoritishiga, jamuljam orzularning ushalishiga xizmat qilishi aniq. 

O‘z navbatida, hurmatli Prezidentimiz muhtaram Imomali Rahmon ham tojik va o‘zbek xalqlarining do‘stligini xudovand amri bilandir, deb atagan. 

- Zilol suvli soylar purviqor tog‘ cho‘qqilaridan boshlangani kabi ikki xalq do‘stligining zilol soylari o‘zanini ikki buyuk siymo– Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy qazib berganini eslatib o‘tish farahbaxshdir,–deya ta’kidladi Millat peshvosi. Biz bu do‘stlik bulog‘ining musaffo suvlariga aslo gard yuqtirmaymiz, uni ko‘z qorachig‘idek avaylab asraymiz. Bu suvning musaffo yuzalarida xazon barglari emas, nilufar gullari qiyg‘os ochilib, suzib yurishini istaymiz… 

Tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligi bundan keyin, yanada mustahkamlanishiga shak-shubha yo‘q. Do‘stlik daraxti shunchalar baquvvatki, u davr bo‘ronlarini, nogahon berilgan zarbalarni nazar-pisand qilmadi, to‘siqlarni mardonavor engib, qomatini rostlab, gurkirab o‘saverdi, ko‘kka tomon bo‘y cho‘zaverdi. Chunki mehr suvidan bahra olib, quyosh nuriga yo‘g‘rilgan do‘stlik daraxti bugun ham ishonchli qo‘llarda. 

Do‘stlik daraxtining o‘z bog‘bonlari bor. Ikki xalqning ulug‘ sarvarlari bog‘bonlik qilayotgan bu do‘stlik daraxti asrlar osha barq urib yashnayveradi. Oqil va dono rahbarlarimiz bor ekan, do‘stlik daraxti dillarni bir-biriga bog‘layveradi… 


MAHALLIYLASHTIRISH DASTURI VA IMPORTNI QISQARTIRISH REJASI TAHLIL QILINDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, 2017 yil 19 aprel kuni shu masalada videoselektor o‘tkazilgan, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq o‘tgan yili muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 512 million dollarlik yoki 2016 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p mahalliylashtirilgan mahsulot eksport qilingan. 100 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani, bazaviy tarmoqlarda import 353 million dollarga qisqartirilgani ham bu boradagi ishlarning natijalari bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbari Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi. 2017 yilda 948 ta mahalliylashtirish loyihasidan 176 tasi bo‘yicha ishlab chiqarish boshlanmagani, 218 tasi bo‘yicha esa ishlab chiqarish prognozi bajarilmagani ko‘rsatib o‘tildi. 

Masalan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 77 ta loyihasi bo‘yicha 206 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. “O‘zbekoziqovqatxolding”da 12 ta, “O‘zavtosanoat”da 17 ta, Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 65 ta loyiha yetarli darajada bajarilmagan. 

Importni qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani tanqidiy tahlil qilindi. 

Yig‘ilishda bir qator xo‘jalik birlashmalari tomonidan o‘z faoliyatiga mos bo‘lmagan yoki mamlakatimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan tovarlarni import qilish holatlari kamayish o‘rniga ko‘payayotgani qayd etildi. 2017 yilda 185 million dollarlik, joriy yil yanvar oyida esa 65 million dollarlik shunday mahsulotlar import qilingan. 

Masalan, o‘tgan yili “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 9 million dollarlik svetodiod chiroqlar, projektorlar va boshqa tovarlar, “O‘zbekneftegaz” tizimiga 2 million dollarlik po‘lat quvur, kabel, isitish qozoni, elektrodlar, “O‘zbekenergo” tomonidan 800 ming dollarga po‘lat sim va yengil avtomobil olib kelingan. 

Yig‘ilishda shu va boshqa sanoat tarmoqlarida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi. 

Tarmoqlar uchun zarur uskunalar va tez ishdan chiquvchi butlovchi qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish to‘g‘risida 10-15 yildan buyon gapiramiz. Lekin, tashabbus va amaliy harakat yo‘q. Bir qator soha rahbarlari mahalliylashtirishni o‘ylamayapti, zarur mahsulotni osongina chetdan olib kelib qo‘yayapti. Bunga hozirgi raqobat sharoitida mashaqqat bilan topilayotgan, iqtisodiyotning asosi bo‘lgan valyuta mablag‘lari sarf bo‘lib ketmoqda, dedi davlatimiz rahbari. 

Mahalliylashtirishni rag‘batlantirish uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining natijadorligi ham tahlil qilindi. 

Ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari asossiz tayinlangani natijasida yurtimizda ishlab chiqarilgan ba’zi tovarlar narxi import qilinganiga nisbatan yuqori bo‘lmoqda. Masalan, to‘qimachilik sanoati uchun import qilinadigan tayyor uskunalar barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Ammo, shu uskunani ishlab chiqarish uchun butlovchi qism import qilinadigan bo‘lsa, 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanadi. 

Soliq imtiyozlarida ham shu kabi bo‘shliqlar bor. Shu bois 2018 yil 1 apreldan boshlab, mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha imtiyozlar to‘xtatiladi. Har xil nopok korxonalarning Mahalliylashtirish dasturiga kirib olib, soliq to‘lashdan qochishi uchun endi imkoniyat bo‘lmaydi. Mahalliylashtirish dasturiga iqtisodiyot uchun haqiqatda zarur bo‘lgan loyihalar kiritilib, qat’iy nazoratga olinadi. 

Yig‘ilishda Prezident sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mahalliylashtirishni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirliklariga pishiq-puxta ishlangan, yangi mahalliylashtirish dasturini shakllanitirish bo‘yicha topshiriq berildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan, raqobatbardosh narxda mahalliylashtirish imkoni bo‘lmagan ayrim butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlarini bekor qilish yuzasidan aniq takliflar kiritish zarurligi ta’kidlandi. 

Yirik korxonalar va kichik biznes uchun uskunalar, tez ishdan chiquvchi qismlar, shtamplangan mahsulotlar, kichik gidrogeneratorlar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va xo‘jalik birlashmalari rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda Import hajmi va tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish asosida yangi mahalliylashtirish quvvatlari tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzish vazifasi qo‘yildi. 

Mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Asosiy maqsadimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlash, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun, avvalo, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lishi, mahsulotlar yurtimizda ishlab chiqarilishi zarur. Barcha rahbarlar shundan qat’iy xulosa qilib, zimmasidagi vazifalarga munosabatini tubdan o‘zgartirishi va mas’uliyatni oshirishi kerak. 


TURIZM – MAMLAKATIMIZ IQTISODIYOTINING

ERTANGI KUNI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi. 

Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib keldi. 

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida belgilandi. Prezidentning 2017 yil 16 avgustdagi qarori bilan 2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Joriy yil fevral oyining o‘zida Prezidentning shu sohaga doir 4 ta muhim hujjati qabul qilingani davlatimizning turizm rivojiga yuksak e’tiboridan dalolat bo‘ldi. Ushbu hujjatlar bilan sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko‘plab imtiyozlar, engilliklar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini alohida ta’kidlab, mamlakatimizda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim o‘rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi. 

Joriy yilning 10 fevralidan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo‘lishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018 yil 1 iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi. 

Yig‘ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirish, jahon tajribasini o‘rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam engillashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Turistlar mamlakatimizga kelgandan so‘ng yashash joyi bo‘yicha 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi ularga noqulaylik tug‘dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. 

Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o‘rinlari ochamiz desak, turistga shart qo‘yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu bois ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

Yig‘ilishda 2017 yilda O‘zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko‘rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko‘rish, davolanish, o‘qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etishi ta’kidlandi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, turizmning barcha istiqbolli yo‘nalishlarida sayyohlar sonini ko‘paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yildi. 

Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. 

Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. 

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha natijali ish olib borilmayapti. 

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ularga muvofiq, aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo‘lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi. 

Chet el tajribasini o‘rganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo‘llanadi. 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi. 

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. 

Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko‘rsatiladigan xizmat turlarini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy etishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko‘paytirish, shu bilan birga, bu yo‘nalishda xususiy joylashtirish obyektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo‘llar bo‘yida sanitariya-gigiena shoxobchalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. 

Madaniy meros obyektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yig‘ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko‘paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan “Duty Free”, “Tax Free” tizimidagi savdo shoxobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. 

Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand siti” turistik zonalari tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi. 

Videoselektor yig‘ilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va kam ta’minlangan oilalar vakillarining mamlakatimiz hududlariga sayohatlarini an’anaga aylantirish, tashkilotlar kasaba uyushmalari mablag‘larida sayohat uchun xarajatlar ulushini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Ziyorat turizmi bo‘yicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori. Bu yo‘nalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarkibida Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etildi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy qilindi. 

Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani, bir qator ziyoratgohlar qarovsiz ahvolda ekani qayd etildi. 

Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar ko‘p, dedi Shavkat Mirziyoyev. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targ‘ib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8 tasi, ya’ni Buxorodagi “Yetti pir” va Samarqanddagi “Xo‘ja Ahror Valiy” ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alovuddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Imganakiy maqbaralari ta’mirga muhtoj. 

Shundan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yo‘llar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

O‘zbekiston turizm brendini xorijda targ‘ib qilish masalasi ham tahlil qilindi. 

Mamlakatimiz investitsiya, savdo va turizm salohiyatini o‘zaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi ta’kidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga O‘zbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targ‘ib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli ko‘rsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi. 

Xorij davlatlaridagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targ‘ibotchilari bo‘lishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. 

Soha mutasaddilari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi. 


IQTISODIYOT BAZAVIY TARMOQLARIDAGI LOYIHA ISHLARINI HAMDA MUHANDIS-LOYIHALOVCHILARNI TAYYORLASH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublika iqtisodiyoti bazaviy tarmoqlaridagi loyihalash ishlarining holati ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarida malakali muhandis-loyihalovchilarning etishmasligidan, ushbu sohada ishlarni tashkil etish zamonaviy innovatsion usullarning joriy etilishi lozim darajada emasligidan va buning oqibatida ishlab chiqilayotgan loyiha hujjatlari sifatining past ekanligidan dalolat bermoqda. 

Natijada investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarishda chet el injiniring kompaniyalari ishtirokiga kuchli muhtojlik yuzaga keldi, bu esa ko‘rsatiladigan xizmatlarga haq to‘lash uchun katta miqdorda valyuta mablag‘lari sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. 

Kadrlar tayyorlashning amaldagi tizimi ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini loyiha institutlari va injiniring tashkilotlarining faol ishlab chiqarish faoliyatiga tez jalb qilish imkonini bermayapti. Yosh mutaxassislar texnologik tizimlarni loyihalash, konstruktorlik hujjatlarini tayyorlash va loyihalarni boshqarishning boshlang‘ich ko‘nikmalariga ega emas. 

Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarida investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish borasida asosiy pudratchi hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti (keyingi o‘rinlarda “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti deb yuritiladi) xodimlari sonining cheklanganligi ishlarni tashkil etishning zamonaviy innovatsion usullarini samarali joriy etish va muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish imkonini bermaydi. 

Loyiha ishlari sifati va ularni mahalliylashtirish darajasini oshirish, ushbu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida: 

1. Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

loyihalash va loyihani boshqarish sohasida muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, chet el ta’lim muassasalaridan va injiniring kompaniyalaridan etakchi mutaxassislar va muhandis-loyihalovchilarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish; 

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Navoiy davlat konchilik instituti (keyingi o‘rinlarda – ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari) talabalari iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari va loyiha institutlarida (keyingi o‘rinlarda – loyiha institutlari) majburiy stajirovkadan o‘tish amaliyotini joriy etish, shuningdek, ularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish; 

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda loyiha ishlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda chet el injiniring kompaniyalari xizmatlari o‘rnini bosqichma-bosqich egallash; 

mamlakatimiz muhandis-loyihalovchilarini va boshqa mutaxassislarni loyihalashning zamonaviy standartlariga amaliy o‘rgatish maqsadida iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining obyektlarida kontraktlar bo‘yicha loyihalash ishlarini amalga oshirayotgan chet el injiniring kompaniyalari tomonidan loyiha institutlarida loyiha guruhlari tashkil etilishini amaliyotga joriy qilish; 

loyiha ishlarini sifatli bajarish uchun loyiha institutlarini zarur zamonaviy tashkiliy texnika va asbob-uskunalar, xorijiy ilmiy-texnik adabiyotlar, jahondagi ixtisoslashtirilgan nashrlar mahsulotlari, shuningdek, ilg‘or dasturiy mahsulotlar bilan jihozlash. 

2. Belgilansinki, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarida loyihalash ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari va loyiha institutlari o‘rtasida yuqori malakali muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qiluvchi organ hisoblanadi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy, shu jumladan chet el ta’lim muassasalarining loyihalashga doir amaldagi o‘quv dasturlarini o‘rganish asosida: 

2018/2019 o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining obyektlarini loyihalash sohasidagi yangi malaka talablarini, o‘quv rejalarini va dasturlarini har tomonlama tahlil qilsin va ular ustidan monitoring o‘tkazsin, shuningdek, ularni yanada takomillashirish bo‘yicha choralar ko‘rsin; 

ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalari 
va dasturlariga, shu jumladan ushbu qaror 1-bandining uchinchi xatboshisida belgilangan talablarni hisobga olgan holda loyihani boshqarish va loyihalash asoslari bo‘yicha darslarni kiritsin; 

ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarini loyihani boshqarish va loyihalash asoslari bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga doir, mazkur muassasalar talabalari uchun mualliflik mashg‘ulotlari va master-klasslar o‘tkazish uchun chet el tadqiqot, ta’lim muassasalari va injiniring kompaniyalaridan etuk mutaxassislar va muhandis-loyihalovchilarni jalb qilishga doir amaliy chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishini ta’minlasin; 

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha institutiga va loyiha institutlariga ixsisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan iqtidorli muhandis-loyihalovchilarni tanlab olishda muntazam amaliy ko‘maklashsin. 

4. Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari – investitsiyaviy va infratuzilmaga oid loyihalar buyurtmachilariga xorijiy injiniring kompaniyalari va pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalarga loyihalashtirish institutlarida mazkur qarorning 1-bandi beshinchi xatboshisida belgilangan loyiha guruhlarini tuzish bo‘yicha shartlarni kiritish tavsiya etilsin. 

Belgilansinki, loyiha guruhlari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasidagi norezident doimiy muassasa maqomisiz amalga oshiradi. 

5. Loyiha institutlariga quyidagilar ruxsat etilsin: 

chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida loyiha ishlarini bajarishga jalb etish va ularga xalqaro amaliyotda qabul qilingan narx va miqdorlarga muvofiq haq belgilash; 

xorijiy tashkilotlar va mutaxassislar bilan ishlaganda har qanday texnik va tijoriy hujjatlar va axborotdan birgalikda foydalanish, bundan davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirdan iborat ma’lumotlar mustasno. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi xalqaro va xorijiy moliya institutlarining: 

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti va boshqa loyiha institutlarining muhandis-loyihalovchilarini, shuningdek, ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari tarkibini loyiha boshqaruvi va loyihalashtirishning zamonaviy usullariga o‘qitish, ularning etakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarida, loyiha institutlarida, ishlab chiqarish va injiniring kompaniyalarida tajriba orttirishi va malakasini oshirishini tashkil etishga; 

loyiha ishlarini sifatli bajarish uchun loyiha institutlarini zarur zamonaviy tashkiliy texnika va asbob-uskunalar, xorijiy ilmiy-texnik adabiyotlar, jahondagi ixtisoslashtirilgan nashrlar mahsulotlari, shuningdek, ilg‘or dasturiy mahsulotlar bilan jihozlashga yo‘naltirilgan grantlarini doimiy asosda jalb etsin. 

7. Belgilansinki, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiradi. 

8. “O‘zInjiniring” Respublika loyiha institutining boshqaruv, ishlab chiqarish va texnik xodimlari soni 300 birlikdan iborat yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti direktoriga: 

Institut shtat jadvalini mustaqil ravishda tasdiqlash va unga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartishlar kiritish; 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari bilan kelishib, zarur hollarda Institut xodimlari soni va tuzilmasiga o‘zgartish kiritish huquqi berilsin. 

9. Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilarining buyurtmasiga asosan o‘rnatilgan tartibda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va mutaxassislariga, shu jumladan ular oila a’zolariga kirish vizalarini konsullik yig‘imlarini olmasdan rasmiylashtirishni ta’minlasin, taklif etayotgan tomon to‘laydigan amaliy xarajatlarni qoplashga doir yig‘imlar bundan mustasno. 

10. Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilarining buyurtmalariga asosan etakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va injiniring kompaniyalari mutaxassislariga, shu jumladan ular oila a’zolariga davlat bojlarini undirmay o‘rnatilgan tartibda ko‘p martalik vizalar berish va muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni ta’minlasin. 

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilariga respublikaga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar berish (uzaytirish), shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar berilishini ta’minlasin. 

12. “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti: 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari bilan kelishgan holda “O‘zInjiniring” Respublika loyiha institutining yangilangan nizomini bir oy muddatda tasdiqlasin; 

ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda uch oy muddatda magistraturaning iqtidorli talabalarini rag‘batlantirish va motivatsiyalash, ularni “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti va boshqa loyiha institutlariga ishga qabul qilish dasturini tasdiqlasin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin. 

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmurodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 22 fevral 

2018 YILGI NAVRO‘Z UMUMXALQ BAYRAMIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA UNI O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. 

Navro‘z bayramining beqiyos ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu qutlug‘ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida: 

1. 2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan, “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin. 

2. Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin: 

Navro‘z munosabati bilan inson o‘zini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish; 

barcha shahar va qishloqlarda Navro‘zning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni o‘tkazish bilan bog‘liq urf-odatlar, qadriyat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini o‘zida mujassam etgan ommaviy sayillar o‘tkazish; 

Navro‘z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor-etnografik guruhlari va ansambllarni, taniqli san’atkorlar, havaskor xonanda va sozandalar, baxshilar, askiyachi va qiziqchilar, dorbozlarni, yosh ijrochilarni keng jalb etish; 

xalq sayillari dasturlarini tayyorlashda xalqona o‘yinlar, folklor san’atining eng yaxshi namunalariga keng o‘rin berish, hunarmandlik ko‘rgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baxshi, mohir laparchi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etish. 

3. Tashkiliy qo‘mita tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, ijodiy kechalar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin. 

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin. 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga: 

Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzish; 

bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash; 

mart-aprel oylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish; 

Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylari, kam ta’minlangan oilalar va nogiron shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklansin. 

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan; 

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi. 

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin. 

8. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  

SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 23 fevral 

FARG‘ONADA HUKUMATLARARO KOMISSIYA MAJLISI BO‘LIB O‘TDI
Farg‘onada 2018 yil 25 fevral kuni O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning hukumat a’zolari, tegishli vazirlik, qo‘mita rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik yangi bosqichga chiqayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan. Ikki davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor xalqlarimiz tub manfaatlariga xizmat qilmoqda. Ikki tomonlama hamkorlikning barcha kompleks masalalarini yaxshilash nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda tovar almashish hajmi o‘smoqda, iqtisodiyotning turli sohalaridagi hamkorlik miqyosi kengaymoqda. Ikki mamlakatning etakchi korxona va ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatishga xizmat qilgan sanoat ko‘rgazmalari va biznes forumlar o‘tkazildi va bu ishlar davom etmoqda. Shu bilan birga, turli sohalarda, xususan madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.

Mazkur komissiyaning majlisi amaliy ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘plab masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlari tomonidan bir qator hujjatlar tayyorlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonnoma imzolandi.
Yüklə 81,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə