1. Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodi. Beruniy jahon astronomiya va geografiya fani olimi Beruniy 1973-yilgi eron markazida



Yüklə 77 Kb.
səhifə1/4
tarix15.05.2023
ölçüsü77 Kb.
#110398
  1   2   3   4
Abu Rayhon Beruniy




Reja:


1.Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodi.
2. Beruniy jahon astronomiya va geografiya fani olimi
3. Beruniy 1973-yilgi eron markazida
4. Yerning aylana uzunligini o`lchash
5. Asarlarining yaratilish tarixi

Abu Rayhon Beruniy

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimlaridan edi. Uning buyukligi o‘sha davrning deyarli barcha fanlariga qo‘shgan betakror ilmiy merosida namoyon bo‘ladi





Qomusiy olim
ABU RAYHON BERUNIY (973-1048)

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimlaridan edi. Uning buyukligi o‘sha davrning deyarli barcha fanlariga qo‘shgan betakror ilmiy merosida namoyon bo‘ladi. Beruniyning olimlik salohiyatiga mashhur sharqshunos olimlardan biri "uning qiziqqan ilm sohalaridan ko‘ra qiziqmagan sohalarini sanab o‘tish osondir", deb baho bergan edi. G‘arb tadqiqotchilaridan ba’zilari esa "Beruniy musulmon fanining namoyish etuvchi qomusiy olimlarning eng mashhuri bo‘lishi kerak" degan fikrni bildiradi.


Olim 973 yili Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahrida tavallud topdi. U yoshlik va o‘spirinlik yillarini o‘z vatanida o‘tkazib, o‘sha yerda turli ilmlarni o‘rgandi va olim sifatida shakllandi. Zamonasining mashhur olimi Abu Nasr Mansur ibn Iroq qo‘lida ta’lim oladi, o‘sha paytlar Buxoroda yashayotgan bo‘lajak olim Abu Ali Ibn Sino bilan yozishmalar orqali ilmiy muloqotda bo‘ladi. U ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o‘rganadi. Bu esa o‘z navbatida, Beruniyga mazkur tillardagi asarlar bilan chuqur tanishishga imkoniyat yaratadi.

Xorazmdagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi natijasida Beruniy 998 yili Jurjon shahriga ketishga majbur bo‘ladi. U bu davrga qadar Kot va Ray shaharlarida o‘zining dastlabki ilmiy izlanishlarini boshlab yuborgan edi.
Jurjonda kechgan yillar (998-1004) Beruniy uchun yirik izlanishlar va ijodiy kamolat davri bo‘ldi. O‘zining birinchi astronomik tajribalarini 16 yoshida Kot shahrida boshlagan alloma, Jurjonda nafaqat astronomiya va boshqa tabiiy fanlar bilan, balki tarix va din tarixi bilan ham shug‘ullanadi. Olimning muhim asarlaridan biri - "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" uning Jurjon saroyida xizmat qilgan davrida yaratiladi. 1000 yili tugallangan bu asar muallifning ko‘p qirrali olim ekanligini namoyish etdi va unga katta shuhrat keltirdi. Umuman, Beruniy Jurjonda o‘ndan ortiq asarlar bitishga muyassar bo‘ldi.
Beruniy 1004-1017 yillarda Xorazmga qaytadi. Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Ma’mun ibn Ma’mun Beruniyni o‘z saroyida katga izzat-hurmat bilan qabul qiladi. Olim Xorazmshoh Ma’mun rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat ko‘rsatish bilan birga siyosiy jarayonlarda ham Xorazmshohning yaqin maslahatchisiga aylandi. Xorazmning Mahmud G‘aznaviy tomonidan bosib olinishi Beruniy hayotini xavf ostiga qo‘ydi. U Xorazmshoh saroyidagi aksariyat olimlar, jumladan, ustozi Abu Nasr ibn Iroq, Abu al-Xayr Xammar va boshqalar bilan birga G‘azna shahriga asir qilib olib ketiladi.
Ma’lumki, Xorazm ilmiy markazi olimlardan faqat Ibn Sino va Abu Sahya Masihiylar Mahmud G‘aznaviy zulmidan xavotirlanib, G‘aznaga emas Jurjonga qarab yo‘l olgan edilar. Beruniyning 1014-1048 yillarda G‘aznada kechirgan hayoti moddiy va siyosiy jihatdan mashaqqatli bo‘lishiga qaramasdan, UNING ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr bo‘ldi. U Mahmud G‘aznaviy saroyida kechgan dastlabki yillarda astronomiya va geodeziya masalalariga katga e’tibor berdi.
Muallifning ilmiy adabiyotlarda qisqacha "Geodeziya" deb yuritiladigan "Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash" nomli astronomiya va geografiyaga bag‘ishlangan asari 1025 yilda yozib tugatildi.
Beruniyning "Munajjimlik san’atidan boshlang‘ich tushunchalar" asari ham 1029 yili G‘aznada yoziladi. Oradan bir yil o‘tib, u o‘zining "Hindiston" nomi bilan tanilgan "Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash" kitobini yakunlaydi.
Bu shoh asarning vujudga kelishiga Mahmud G‘aznaviyning Hindistonga qilgan yurishlari sabab bo‘ldi. Saroyning eng nufuzli astrologlaridan sanalgan Beruniy Mahmud G‘aznaviy bilan Hindistonda bir muddat istiqomat qiladi va u yerda sanskrit tilini mukammal egallashga muvaffaq bo‘ladi. U bu til yordamida hindlarning tarixi, urf-odatlari, madaniyati va fani bilan yaqindan tanishadi va natijada "Hindiston" asarini yaratadi. 1030 yil Mahmud G‘aznaviy vafot etadi. Taxtga uning o‘g‘li Ma’sudning o‘tirishi Beruniy ahvolini ancha yaxshilaydi. Olim o‘zining astronomiyaga oid eng yirik asarini mazkur hukmdorga bag‘ishlab "Masud qonuni" deb ataydi. O‘rta asr olimlarining yozishiga ko‘ra, sulton Ma’sud bu asar uchun Beruniyga bir filga ortilgan katga mikdordagi kumush tangalar hadya etadi.
Mutaxassislar fikricha, "Ma’sud qonuni" kitobi matematika va astronomiya bo‘yicha ungacha yozilgan barcha kitoblarning izini o‘chirib yuborgan.
Olim sulton Ma’sudning o‘g‘li Mavdudning hukmronlik yillarida (1041-1049) o‘zining yana ikki asari - "Mineralogiya" va "Farmakognoziya" deb atalgan ikki asarini yozadi. Ularning har biri mazkur sohalardagi betakror asarlardan bo‘lib, jahon madaniyatining noyob durdonalaridan hisoblandi. Abu Rayhon Beruniy 1048 yili G‘azna shahrida vafot etadi.

Olim yozib qoldirgan 160 dan ortiq asarlari bilan astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tabobat, farmakognoziya, tarix, filologiya va boshqa fanlarning rivojiga noyob hissa qo‘sha oldi.
Beruniyning betakror ijodi uning vatani O‘zbekistonda alohida e’tibor qozongan. Uning qator yirik asarlari o‘zbek va rus tillariga tarjima qilinib Toshkentda nashr etilgan.
Abu Rayhon Beruniy (973 — 1048) Bu voqea bundan ming yil avval yuz bergan.
Do‘mboqqina bola har kuni ertalab Amu daryosi sohili bo‘ylab aylanib yurar, har xil o‘t-giyoh va gullarni, shuningdek, meva, don, mayda toshlarni yig‘ishga oshiqardi. So‘ng terganlarini xaltaga solib, uyiga qaytardi. Kunlarning birida yig‘gan giyohlarini ko‘tarib, mahalladagi hamma taniydigan tabibga keltirdi-da:
«Bobo, bu o‘tning oti nadur?» deb so‘radi. Tabib bobo jilmaydi, bolaning qiziqishidan xursand bo‘lib:
«Barakalla, bo‘tam, qanday yaxshi ish qilibsan. Qara-ya, bu giyohlar – dorivor o‘tlarku», – dedi. Shu tariqa tabib bobo har gal giyohlar va donlarning nomini aytib berar va bolaning tabiatga qiziqishini yanada oshirar edi. Bu bolakay bo‘lajak buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy edi. Beruniy 4-sentabrda Xorazmning qadimiy poytaxti Kot (Kat) shahrida tug‘ildi. U erta yetim qolgan bo‘lsa ham yaxshi odamlarning qo‘lida tarbiyalandi. Yoshligidanoq ilm-fanga juda qiziqdi. Ayniqsa, matematika, astronomiya, geografiya va tabiiyot fanlariga doir ko‘p risolalarni o‘qib chiqdi. Qadimgi Xorazm tilini, turkiy, fors va arab tillarini puxta o‘rganib oldi. Boshqa tillardan ham mashq qildi. So‘ngra o‘zi ham matematika va astronomiya, geografiya va tarixga doir asarlar yoza boshladi.
Yulduzlarni kuzatdi, daryo oqimini o‘lchadi.Qumostida qolgan baliq suyaklarini topdi va o‘rgandi, tabiat sirlari bilan qiziqdi. Turli fanlar sohasida kuzatishlar olib borish maqsadida o‘zi ko‘pgina tajriba asboblarini ixtiro etdi. Asta-sekin uning bilimdonligi va kashfiyotlari olimlarning nazariga tushdi. Xorazm oqsuyaklari orasida taxt uchun boshlangan kurashlar olimning ilmiy ishlarini davom ettirishiga imkon bermadi. Kot shahri Urganch amiri Ma’mun I tomonidan bosib olingandan so‘ng, Beruniy 22 yoshida Ray shahriga (hozirgi Tehron yaqinida) ketishga majbur bo‘ladi. U Rayda ancha og‘ir hayot kechirgan. Olim 998- yilda Jurjonga (Erondagi viloyat) keladi va bu yerda mashhur tabib, astronom va faylasuf Abu Sahl Iso al- Masihiy bilan tanishib, undan ko‘p narsalarni o‘rganadi.
Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarini Jurjonda yoza boshlagan va 1000-yilda yozib tugatgan. U Xorazmning yangi hukmdori Ma’mun II tomonidan Xorazmga chaqirtiriladi. O‘sha davrda Urganchda Xorazmshoh saroyida ko‘p mashhur olimlar to‘planib, turli sohalarda ilmiy ishlar olib borardilar. Hozir «Ma’mun akademiyasi» deb ataladigan bu anjumanda Beruniy yetakchi o‘rin egallagan. Xorazm G‘aznaviylar davlati hukmdori Mahmud G‘aznaviy tomonidan bosib olingach (1017), Beruniy ham boshqa olimlar qatorida Afg‘onistonning G‘azna shahriga olib ketiladi. Olim bu yerda o‘zining barcha bo‘sh vaqtlarini ilmiy ishlarga sarfladi. Mahmud G‘aznaviyning Hindistonga yurishlarida Beruniy unga hamroh bo‘lgan va ma’lum muddat Hindistonda yashab, ijod bilan shug‘ullangan. Hindistonda bo‘lganida hind madaniyati, adabiyoti va o‘sha davr olimlari bilan yaqindan tanishuvi eski hind tili – sanskrit tilini o‘rganishi uchun imkon berdi. Uning Hindiston yeri, tog‘lari, daryolari, o‘simlik va hayvonot dunyosi, xalqi, dini va urf-odatlari batafsil ta’riflangan mashhur «Hindiston» asari shu tarzda dunyoga keldi. «Hindiston» hajm jihatdan juda katta asar. Unda hind adabiyoti, falsafasi, aniq fanlar, geografiya, etnografiya, qonun va urf-odatlar, din, diniy-tarixiy rivoyatlar, hind yozuvining turlari kabi ko‘p masalalar yoritilgan. Bu kitob hind madaniyati tarixini yoritish jihatidan juda muhim asar hisoblanadi. Mahmud G‘aznaviyning o‘g‘li Mas’ud davrida Beruniy ancha yaxshi yashadi va barakali ijod qildi. U astronomiyaga doir «Mas’ud qonuni» asarini Sulton Mas’udga bag‘ishladi. Beruniy har bir ishga sinchkovlik bilan, erinmay qarar, boshlagan ishini oxiriga yetkazishga harakat qilar edi.
U «har kim … o‘z ishini qayta-qayta tekshirib tursin, tirishqoq bo‘lsin, mehnat qilishdan hech mahal erinmasin», deb uqtirardi. Abu Rayhon bilim doirasi nihoyatda keng olim bo‘lgan.
U o‘z asarlarida dunyoning cheksizligini, qit’alar va okeanlar doimo o‘zgarib turishini, ya’ni bir suv bosib, bir tog‘ ko‘tarilib, davr o‘tishi bilan dengizlar cho‘lga aylanib turishi hodisasini ilmiy asoslagan. Beruniy O‘rta Sharq olimlari orasida birinchi bo‘lib Yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotladi va Yer Quyosh atrofida aylanadi, degan fikrga keldi. U Yer shari o‘lchamini aniqladi, 5 metrli globus yasadi, dunyo xaritasini chizdi. Dunyoning qayerida qanday boyliklar borligini, dengiz suvining har kuni ikki marta qalqib- qaytib turishini, Oy va Quyosh tutilishlarining sababini soddagina qilib izohlab berdi. Amudaryo qaysi vaqtda toshib, qaysi vaqtda sayozlanib qolishi jadvalini tuzdi. Beruniy asarlarida geometriya, arifmetika, algebra, sonlar nazariyasi va trigonometriya tushunchalari ma’lum tartibda tushuntiriladi. Geografiya, geodeziya va geologiya fanlari sohasida ham olimning qo‘shgan hissasi katta. U ijtimoiy nazariyalar sohalarida ham samarali ijod etdi. Buyuk olimning falsafiy qarashlari o‘z davri uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shunisi juda muhimki, Beruniyning hamma kitoblarida fan hamisha amaliyotga, kishilarning xo‘jalik faoliyatiga xizmat qilishi kerakligi uqtirilgan. U 75 yil umr ko‘rdi. Shu davr ichida 160 ga yaqin kitob va risolalar yaratdi. Asarlari matematika, astronomiya, geografiya, geologiya, farmakologiya, kartografiya, tarix, til, adabiyot sohalariga, shuningdek etnografiya, falsafa va boshqa fan sohalariga bag‘ishlangan. Uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Xaritalar chizish», «Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning chegaralarini aniqlash», «Astronomiya ilmidan boshlang‘ich ma’lumotlar», «Mas’ud qonuni», «Astronomiya qonunlari», «Mineralogiya», «Dorivor o‘simliklar haqida kitob» va boshqa shu kabi yirik asarlari jahon xalqlarining turli tillariga tarjima qilingan.
11-asr boshida yozilgan bu kitoblar o‘sha zamon fanida tamomila yangilik edi. Beruniydan keyin yashagan olimlar uning kitoblarini o‘qib-o‘rganib uni o‘zlariga ustoz deb bildilar. Samarqand rasadxonasini yaratgan Mirzo Ulug‘bek ham Beruniy kitoblaridan foydalangan. Beruniy ilm-fanning buyuk homiysi va muxlisi edi. Mamlakatning obodonchiligi ilm-fanning gullashiga bog‘liq, odamning baxti esa uning bilim va ma’rifatida, deb yozadi. Beruniy ma’rifat dushmanlariga, qoloq urf- odatlarga, adolatsizlikka murosasiz edi. Buyuk olimning ko‘pgina asarlari o‘sha zamonlarda yashab o‘tgan xalqlarning ijtimoiy, xo‘jalik, siyosiy hayotida butun bir qomus bo‘lib xizmat qilgan. Beruniyning jahon fani oldidagi buyuk xizmatlari jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan. Uning yubileylari ko‘p mamlakatlarda nishonlanadi, tug‘ilgan shahri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti,Toshkenttexnika universiteti Beruniy nomi bilan atalgan.

Yüklə 77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə