1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari



Yüklə 42,57 Kb.
tarix11.06.2018
ölçüsü42,57 Kb.
#47971


O’zbekiston Respublikasining «Dafn etish va dafn ishi to’g’risida»

2010 yil 27 dekabrdagi № O’RQ-276-son Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2010 yil 18 noyabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2010 yil 3 dekabrda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari

Ushbu Qonunning maqsadi dafn etish va dafn ishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

shaxsning o’limidan keyin uning jasadiga (saqlanib qolgan tana qismlariga) munosib munosabatda bo’lish to’g’risidagi xohish-irodasini (bundan buyon matnda vafot etgan shaxsning xohish-irodasi deb yuritiladi) inobatga olgan holda vafot etgan shaxsni dafn etish kafolatlarini belgilash;

dafn etish uchun nafaqa berish hamda moddiy va boshqa yordam ko’rsatish kafolatlarini belgilash;

dafn etish joylarini tanlash va saqlashda ekologik normalarning, sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalarining hamda boshqa normalar va qoidalarning bajarilishini ta’minlash;

dafn ishini tashkil etish asoslarini belgilash.

2-modda. Dafn etish va dafn ishi to’g’risidagi qonun hujjatlari

Dafn etish va dafn ishi to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining dafn etish va dafn ishi to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

3-modda. Dafn etish

Dafn etish vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) uning xohish-irodasini inobatga olgan holda sanitariya normalari va qoidalariga hamda boshqa normalar va qoidalarga zid bo’lmagan urf-odatlar va an’analarga muvofiq ko’mishga doir marosim harakatidir.

Dafn etish vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) erga (qabrga yoki sag’anaga) ko’mish orqali amalga oshiriladi.

Dafn etish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.



4-modda. Dafn etish joylari

Dafn etish joylari qabrlar, sag’analar, shuningdek dafn etishni amalga oshirishga mo’ljallangan boshqa binolar va inshootlarni barpo etish uchun ekologik normalarga, sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda boshqa normalar va qoidalarga muvofiq ajratib berilgan er uchastkalaridir. Dafn etish joylari moddiy madaniy meros ob’ektlari jumlasiga kiritilishi mumkin.

Dafn etish joylari tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufida bo’ladi.

Yangi dafn etish joylarini barpo etish va mavjud bo’lganlarini rekonstruksiya qilish ekologik ekspertizaning xulosasi va sanitariya-gigienik xulosa bo’lgan taqdirda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari hamda diniy tashkilotlarning takliflari inobatga olingan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Dafn etish joylari buzib tashlanishi mumkin emas va doimiy ravishda suv ostida qolish, ko’chkilar hamda boshqa tabiiy ofatlar tahdid etgan taqdirda belgilangan tartibda faqat tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining qaroriga binoan ko’chirilishi mumkin.

Ilgari dafn etish joylari joylashgan hududlardan foydalanishga ular ko’chirilgan paytdan e’tiboran yigirma yil o’tgach ruxsat beriladi. Bunday holda ushbu hududlardan faqat manzarali dov-daraxt ko’chatlari o’tqazish uchun foydalanilishi mumkin. Bu hududlarda binolar va inshootlarni qurish taqiqlanadi.

Dafn etish joylarida marosim va ibodat inshootlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda barpo etilishi mumkin.

Qabr usti yodgorliklarini o’rnatish qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda amalga oshirilishi mumkin.



5-modda. Vafot etgan shaxsning xohish-irodasi

Vafot etgan shaxsning xohish-irodasi og’zaki (guvohlar hozirligida) yoki yozma shaklda ifodalangan, patologik-anatomik yorib ko’rishga roziligi yoki rozi emasligi haqidagi, o’z jasadidan (saqlanib qolgan tana qismlaridan) organlar va (yoki) to’qimalar ajratib olinishiga, u yoxud bu joyga, u yoki bu urf-odatlar va an’analar bo’yicha, ilgari vafot etgan u yoki bu shaxslarning yoniga dafn etilishiga roziligi yoxud rozi emasligi to’g’risidagi, o’z xohish-irodasini bajarishni u yoxud bu shaxsga ishonib topshirish haqidagi istagidir.

Vafot etgan shaxsning jasadiga (saqlanib qolgan tana qismlariga) munosib munosabatda bo’lishga doir harakatlar, agar xohish-irodani bajarish mumkin bo’lmaydigan holatlar yuzaga kelmagan bo’lsa yoki qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, uning xohish-irodasiga to’la muvofiq ravishda amalga oshirilishi lozim.

Vafot etgan shaxsning xohish-irodasi mavjud bo’lmagan taqdirda vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili, ular bo’lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxs ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan harakatlarga ijozat berish huquqiga ega.



6-modda. Vafot etgan shaxsning xohish-irodasini bajaruvchilar

Vafot etgan shaxsning xohish-irodasida ko’rsatilgan shaxslar uning xohish-irodasini bajaruvchilardir.

Vafot etgan shaxsning xohish-irodasida bajaruvchilar ko’rsatilmagan yoki ular vafot etgan shaxsning xohish-irodasini bajarishni rad etgan taqdirda, mazkur xohish-iroda uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoxud qonuniy vakili tomonidan amalga oshiriladi, shuningdek dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxs tomonidan bajarilishi mumkin.

2-bob. Dafn etishni amalga oshirish kafolatlari

7-modda. Vafot etgan shaxsning xohish-irodasini bajarish

O’zbekiston Respublikasi hududida har bir insonga uning o’limidan keyin jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) vafot etgan shaxsning xohish-irodasini inobatga olgan holda ushbu Qonunga muvofiq dafn etish va dafn etish uchun joyni tekin berish kafolatlanadi.

Vafot etgan shaxsning uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) ilgari vafot etgan shaxslar yoniga dafn etish to’g’risidagi xohish-irodasini bajarish dafn etish uchun bo’sh joy yoki ilgari vafot etgan yaqin qarindoshining qabri mavjud bo’lgan taqdirda ta’minlanadi.

Shaxs boshqa aholi punktida yoki xorijiy davlat hududida vafot etgan taqdirda vafot etgan shaxsning uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) dafn etish to’g’risidagi xohish-irodasini bajarish dafn etishni amalga oshirish va dafn etish bilan bog’liq xarajatlarni to’lash majburiyatini o’z zimmasiga olgan shaxsga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o’lim haqidagi guvohnomani (ma’lumotnomani), vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) olib ketish uchun ruxsatnomani, yo’l hujjatlarini, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o’tishga doir hujjatlarni olishga ko’maklashish qismida kafolatlanadi. Mazkur ko’makni mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek o’z faoliyati turiga ko’ra shunday hollarda zarur xizmatlar ko’rsatuvchi boshqa yuridik shaxslar ko’rsatishi shart.



8-modda. Dafn etishni amalga oshirishdagi kafolatlar

Vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga, ular bo’lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxsga quyidagilar kafolatlanadi:

vafot etgan shaxsni dafn etish uchun zarur bo’lgan hujjatlarni o’lim sababi aniqlangan paytdan e’tiboran darhol berish. Vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) o’lim sababini aniqlash uchun o’likxonaga joylashtirish asoslari vujudga kelgan hollarda, uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakilining, ular bo’lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxsning talabiga ko’ra berish bir sutkadan ortiq muddatga kechiktirilishi mumkin emas;

agar vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili, ular bo’lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxs o’lim haqida xabardor qilingan, ammo dafn etishni ular tomonidan amalga oshirishni qiyinlashtiruvchi ob’ektiv holatlar mavjud bo’lsa, vafot etgan shaxsning jasadi (saqlanib qolgan tana qismlari) o’lim sababi aniqlangan paytdan e’tiboran ikki sutkagacha o’likxonada turishiga imkoniyat berish. Vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili, ular bo’lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxs qidirilgan taqdirda bu muddat uch sutkagacha uzaytirilishi mumkin.



9-modda. Dafn etish uchun nafaqa hamda moddiy va boshqa yordam ko’rsatish

Vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga, ular bo’lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxsga dafn etish uchun O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi mablag’lari hisobidan nafaqa berish kafolatlanadi.

Dafn etish uchun nafaqani to’lash murojaat etilgan kunda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limi tomonidan:

vafot etgan shaxs pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olib turgan yoxud ishlamagan va pensioner bo’lmagan hollarda - o’lim haqidagi guvohnoma asosida;

o’lik bola tug’ilgan yoki bola hayotining birinchi haftasi davomida vafot etgan (perinatal o’lim) taqdirda - qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan perinatal o’lim to’g’risidagi ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.

Korxona, muassasa, tashkilotning xodimi yoki xodimning qaramog’ida bo’lgan oila a’zosi vafot etgan taqdirda dafn etish uchun nafaqani to’lash mazkur xarajatlarning o’rni keyinchalik O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi mablag’lari hisobidan qoplangan holda korxona, muassasa yoki tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga korxona, muassasa va tashkilot tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moddiy va boshqa yordam ko’rsatilishi mumkin.

10-modda. Vafot etgan shaxsni uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxs bo’lmaganda dafn etish

Vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxs bo’lmaganda yoki ularning dafn etishni amalga oshirish imkoniyati bo’lmaganda, vafot etganning shaxsini ichki ishlar organlari aniqlaganidan keyin uni dafn etishni, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ichki ishlar organlari tomonidan shaxsi aniqlanmagan vafot etganni dafn etishni mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etiladigan maxsus xizmat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.



11-modda. Vafot etgan harbiy xizmatchilarni, harbiy yig’inlarga chaqirilgan fuqarolarni, ichki ishlar organlari xodimlarini dafn etish

Tinchlik vaqtida harbiy xizmatni (harbiy yig’inlarni), ichki ishlar organlaridagi xizmatni o’tayotganda vafot etgan yoki mayib bo’lish (yaralanish, shikastlanish, kontuziya bo’lish), kasallanish natijasida vafot etgan harbiy xizmatchilarni, harbiy yig’inlarga chaqirilgan fuqarolarni, ichki ishlar organlari xodimlarini, shuningdek xizmatda bo’lish yoshining chegarasiga etganligiga, sog’lig’ining holatiga ko’ra yoxud tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan harbiy xizmatdan yoki ichki ishlar organlaridagi xizmatdan bo’shatilgan vafot etgan fuqarolarni dafn etish vafot etgan shaxs harbiy xizmatni (harbiy yig’inlarni), ichki ishlar organlaridagi xizmatni o’tagan vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning mablag’lari hisobidan ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur shaxslarning dafn etilishini tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Urush davrida xizmatni o’tash vaqtida va jangovar harakatlar olib borilayotgan davrda vafot etgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari xodimlarini dafn etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

12-modda. Qamoqda yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlab turilgan vafot etgan shaxslarni dafn etish

Qamoqda yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlab turilgan vafot etgan shaxslarni dafn etish ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi. Qamoqda yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlab turilgan vafot etgan shaxslarni ularning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakillari yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o’z zimmasiga olgan boshqa shaxslar bo’lmaganda yoki dafn etishni ular tomonidan amalga oshirish imkoniyati bo’lmaganda yoxud ular dafn etishni amalga oshirishni rad etganda dafn etish, shuningdek umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o’tagan vafot etgan shaxslarni dafn etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.



3-bob. Dafn etish joyini tashkil etish

13-modda. Dafn etish joyini tashkil etish uchun er uchastkasini tanlash va ajratish

Dafn etish joyini tashkil etish uchun er uchastkasini tanlash joyning gidrogeologik tavsiflari, relefi xususiyatlari, tuprog’i tarkibi, atrof tabiiy muhitga tushadigan ekologik yukning yo’l qo’yiladigan eng yuqori chegarasi hisobga olingan holda shaharsozlik hujjatlariga, aholi punktlarini va hududlarini barpo etish qoidalariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi hamda u dafn etish joyining nomuayyan uzoq muddat mavjud bo’lishini ta’minlashi kerak.

Dafn etish joyini tashkil etish uchun er uchastkasi ajratish mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan er to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Dafn etish joyini tashkil etish uchun er uchastkasining o’lchami muayyan aholi punktida yashovchilarning soni hisobga olingan holda belgilanadi.

Dafn etish uchun beriladigan joyning o’lchami O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

14-modda. Dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirish

Dafn etish joylarini lozim bo’lgan holatda saqlash va obodonlashtirish majburiyati mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi hamda ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan alohida xarajatlar moddasi bo’yicha mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning xayr-ehsonlaridan ham foydalanish mumkin bo’lib, ulardan foydalanish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Dafn etish joylarini obodonlashtirish fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari ko’magida hashar yo’li bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

Dafn etish joylari o’ralgan bo’lishi, qo’riqlanishi, suv, elektr, zarur binolar va ashyo-anjomlar, shuningdek kirib boriladigan yo’l bilan ta’minlanishi lozim.

Dafn etish joylarida mol va boshqa uy jonivorlarini boqish, mevali ko’chatlar ekish, qishloq xo’jaligi ekinlarini o’stirish taqiqlanadi.

15-modda. Dafn etish joylarining saqlanishi ustidan ekologik nazorat va sanitariya-epidemiologiya nazorati

Dafn etish joylarining saqlanishi ustidan ekologik nazorat va sanitariya-epidemiologiya nazorati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi hamda O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Dafn etish joylarida ishlarni bajarish va xizmatlar ko’rsatish ekologik normalarga, sanitariya normalari va qoidalariga, shuningdek dafn etish joylarini saqlashning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ekologik normalar, sanitariya normalari va qoidalari, shuningdek dafn etish joylarini saqlash qoidalari buzilgan taqdirda mahalliy davlat hokimiyati organlari dafn etish joyida ishlar bajarilishi va xizmatlar ko’rsatilishini to’xtatib turishi yoki tugatishi hamda yo’l qo’yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va dafn etish joyining inson sog’lig’i hamda atrof tabiiy muhitga nomaqbul ta’siriga barham berish, zarur hollarda esa yangi dafn etish joyini barpo qilish choralarini ko’rishi shart.



16-modda. Eski va ilgari noma’lum bo’lgan qabrlar

Mavjudligi haqida ishonchli ma’lumotlar bo’lmagan qabrlar eski va ilgari noma’lum bo’lgan qabrlar deb hisoblanadi.

Qabrlar borligi ehtimoli bo’lgan hududlarda har qanday ishlarni amalga oshirishdan oldin mahalliy davlat hokimiyati organlari bu hududni tekshiruvdan o’tkazishi shart.

Eski va ilgari noma’lum bo’lgan qabrlar aniqlangan taqdirda mahalliy davlat hokimiyati organlari qabrlarni belgilab qo’yishi va ro’yxatga olishi, zarur hollarda esa dafn etilganlarning saqlanib qolgan tana qismlari qayta ko’milishini tashkil etishi shart.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli ruxsatnomasiga ega bo’lmagan yuridik yoki jismoniy shaxslarning eski va ilgari noma’lum bo’lgan qabrlarni qidirishi hamda ochishi taqiqlanadi.

Arxeologiya merosi ob’ektlari bo’lgan eski va ilgari noma’lum bo’lgan qabrlarni qidirish hamda ochish arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.



4-bob. Dafn ishi

17-modda. Dafn ishini tashkil etish

Dafn ishini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.

Dafn etish bo’yicha xizmatlar mahalliy davlat hokimiyati organlari tashkil etadigan maxsus xizmatlar tomonidan ko’rsatilishi mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etiladigan maxsus xizmatlarning faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.



18-modda. Dafn ishini moliyalashtirish manbalari

Dafn ishini moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:

O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag’lari;

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi mablag’lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5-bob. YAkunlovchi qoidalar

19-modda. Nizolarni hal etish

Dafn etish va dafn ishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.



20-modda. Dafn etish va dafn ishi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Dafn etish va dafn ishi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.



21-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo’lgan o’z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko’rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.



22-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.




Yüklə 42,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə