1-mavzu. Falsafaning



Yüklə 117,95 Kb.
tarix23.12.2023
ölçüsü117,95 Kb.
#154804

1-mavzu. Falsafaning fan va dunyoqarashga doir mohiyati


Reja:
1. Falsafaning predmeti ,tuzilishi, funksiyalari, yangi soxalari
2. Falsafa dunyoni anglash usuli.
3. Falsafaning predmeti va asosiy mazmuni.
4. Falsafaning jamiyat hayotidagi o’rni va asosiy vazifalari.
5. Sharq va G’arb mutafakkirlari falsafani maqomi xaqida.
Tayanch tushunchalar: Falsafa, dunyoqarash, shaxs, idrok, dunyoqarashning tarixiy shakllari, fetishizm, animizm, totemizm, magiya, ontologiya, gnoseologiya, fan metodologiyasi, ijtimoiy falsafa, etika, aksiologiya, falsafiy antropologiya, metafizika, ong,tafakkur, ruh, materiya, tabiat, borliq, fan.

Mamlakatimiz fuqarolarida tafakkur erkinligi shakllanib bormoqda. Yurtimizda sodir bo’layotgan yaratuvchanlik tafakkur bilan uzviy bog’liq hodisadir. Mamlakat hayotini demokratlashtirish jarayoni qanchalik kengaysa va chuqurlashsa, fuqarolarimiz falsafiy iqtidoriga bo’lgan talab shuncha oshib boradi. SHuning uchun ham falsafa ilmi yoshlarga ham o’rta yoshlilarga ham, katta yoshdagilarga ham bab-barobar suv bilan havodek zarur bo’lgan hayotiy ehtiyojdir. Bu ilm o’zining tabiatiga ko’ra chegara bilmaydi. Mazkur chegara bilmas ilmni egallashning mohiyatini bilmaslikdan bilishga, bilishdan komillikka tomon yo’naltirilgan faoliyat tashkil qiladi. Falsafa ilmi milliy, ayni vaqtda umuminsoniy qadriyatdir. Mazkur qadriyat inson o’zini o’zi inson sifatida tanigan kunidan boshlab takomillashib, rivojlanib, chuqurlashib, murakkablashib, ilmiylashib va tobora insoniylashib borayotgan fandir.


Bugungi kunda mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o’zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg’usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda, yoshlarimizning jismonan sog’lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirishda falsafa fanining o’rni beqiyos ahamiyatga egadir.
Falsafa nihoyatda qadimiy fandir. Olam va odamlar o’rtasidagi munosabatlar, inson qadri va umrning mazmuni, dunyodagi o’zgarishlar, o’zaro aloqadorlik va bog’liqlik hamda taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari falsafaning asosiy mavzulari hisoblanadi. Falsafa esa — barcha fanlar rivojlanishiga asos bo’ladigan va ulardan oziqlanadigan, ayni paytda ularning rivojlanish yo’llarini belgilab beradigan umuminsoniy va universal fan. U qadim zamonlardayoq «barcha ilmlarning otasi» deb ta’riflangan. Uning hayotiyligi xalq tabiatiga, turmush va tafakkur tarziga nechoqli mos ekani, jamiyat manfaatlari va ezgu intilishlarini qay darajada aks ettira olishiga bog’liq. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak, uning o’zi kabi qadimiydir. U olam va uning yashashi, rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yo’qlik kabi ko’plab muammolar haqida bahs yuritadigan fandir.
Qadimgi yunon tilidan fanga kirib kelgan atama «filosofiya» so’zidan olingan va u «donishmandlikni sevish» («filo» — sevaman, «sofiya» — donolik) degan ma’noni anglatadi. Bu — ushbu so’zning, atamaning lug’aviy ma’nosi bo’lib hisoblanadi. Asrlar davomida filosofiya so’zining ma’no-mazmuniga xilma-xil qarashlar, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi o’rniga nisbatan turlicha munosabat va yondashuvlar bo’lgan, bu atamaning mohiyat-mazmuni ham o’zgarib borgan. Qadimgi yunonlarda bu so’z “tushunishga intilish”, “bilimga intilish” degan ma’nolarni ham anglatgan. Ushbu so’z Fukidid, Suqrot va boshqa antik madaniyat vakillari tomonidan xuddi shunday ma’noda qo’llangan.
«Filosofiya» atamasi va u ifoda etadigan bilimlar majmui Qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII-III asrlarda yuz bergan buyuk yuksalish natijasi sifatida yuzaga kelgan edi. o’sha davrda endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi falsafiy tafakkur olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi.
Qadimgi Yunonistonda «Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi ma’lum bo’lgan, buyuk alloma Pifagor ishlatgan. Evropa madaniyatiga esa, u buyuk yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan. Filosof so’zini, yuqorida aytganimizdek ilk bor buyuk matematik va mutafakkir Pifagor qo’llagan. Bu tushunchaning ma’nosini u Olimpiya o’yinlari misolida quyidagicha tushuntirib bergan: anjumanga keladigan bir guruh kishilar bellashish, kuch sinashish, ya’ni o’zi va o’zligini namoyon etish uchun, ikkinchi bir guruh – savdo-sotiq qilish, boyligini ko’paytirish uchun, uchinchisi esa, o’yindan ma’naviy oziq olish, haqiqatni bilish va aniqlashni maqsad qilib oladi. Ana shu uchinchi guruhga mansub kishilar, Pifagor talqiniga ko’ra, faylasuflar edi.
Bu, bir qarashda, oddiy va jo’n misolga o’xshaydi. Ammo uning ma’nosi nihoyatda teran. CHunki, inson umrining o’zi ham shunday. «Dunyo teatrga o’xshaydi, unga kelgan har bir kishi sahnaga chiqadi va o’z rolini o’ynab dunyoni tark etadi», degan fikr bejiz aytilmagan. Kimdir bu dunyoga uning sir-asrorlari to’g’risida bosh ham qotirmasdan kelib ketadi, umrini eyish-ichish, uy-ro’zg’or tashvishlari bilan o’tkazadi. Boshqasi – nafs balosiga berilib, mol-mulkka ruju qo’yadi. Uchinchisi esa, olam hikmatlarini o’rganadi, umrini xayrli va savob ishlarga sarflaydi, boshqalar uchun ibrat bo’larli hayot kechiradi.
Qadimgi SHarq va Yunonistonda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo’lgan, inson ma’naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shug’ullanganlar. Aslida, o’sha davrlarda falsafani o’rganish deyilganda, ilmning asoslarini egallash ko’zda tutilgan. Grek mutafakkiri Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillarda yashagan) shogirdlariga murojaat qilib, «Do’stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o’tkazmay desang, falsafani o’rgan», deganda aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan.
Boshqa bir buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470-399 yillarda yashagan) bu haqiqatni quydagicha ifoda etgan: «o’z-o’zingni erga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o’zligingdan yuqori turish esa – faylasuflikdir».
Lev Tolstoy donishmand kishilarning uch xislatini alohida ta’kidlab, shunday yozgan: «Ular, avvalo, boshqalarga bergan maslahatlariga o’zlari amal qiladilar; ikkinchidan, hech qachon haqiqatga qarshi bormaydilar; uchinchidan, atrofidagi kishilarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydilar».
Xuddi shuningdek, SHarqda ham Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o’z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to’plangan bilim va tajribalarni o’zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko’tarilganlar.
Jamiyat ma’naviy taraqqiyotining dastlabki davrlarida falsafa insonning olam haqidagi barcha bilimlarini o’z ichiga olgan. Keyinroq, falsafa kengroq mazmunga ega bo’lib, mustaqil fan sifatida shakllanadi va rivojlanadi. U tabiat, jamiyat va insonning mohiyati haqidagi eng umumiy bilimlarni o’zida ifodalab, insonni borliqqa bo’lgan munosabatining metodologik asoslarini belgilab beradi, tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining eng umumiy muammolarini o’rganadi va falsafiy dunyoqarashni shakllantiradi.
Kishilar qadim zamonlardan boshlab, borliq dunyo, tabiat nima, ular qanday tuzilgan, borliqning asosida nima yotadi, insonning o’zi nima, u dunyoga qanday qaraydi, kabi savollarga javob berishga harakat qilib kelganlar. Falsafiy tafakkur insonning o’z-o’zini anglashidan boshlanadi, uning olam haqidagi bilimlarini umumlashtirish asosida rivojlanib boradi.Inson bilishining ob’ekti bo’lgan olam cheksizligi sababli, bu savollarga javob berish imkoniyati ham cheksizdir. Kishilar borliqni va unga bo’lgan o’zlarining munosabatlarini o’rgana borishi, ularning o’z turmush tajribalari asosida ongli va ongsiz ravishda hosil qila borgan tasavvurlari va qarashlari miyalarida qayta ishlanib, o’ziga xos turli xil dunyoqarashni hosil qiladi.
Inson dunyoga kelar ekan, u yashashi, ulg’ayib borishi bilan o’z hayoti xaqida, kundalik ishlari xaqida, hayotdagi o’z quvonch va tashvishlari, baxti va baxtsizligi haqida, o’zining va o’z atrofidagi kishilarning tug’ilishi, yashashi, olamdan o’tishi haqida, narsa va hodisalarning esa o’zgarishi, rivojlanishi, boshqa yangi narsa va hodisalarning paydo bo’lishi haqida ma’lum tasavvurlarga, tushunchalarga ega bo’lib boradi. Bu tasavvurlar va tushunchalar uning borliqni, o’zi yashayotgan dunyoni qanday tushunishi, dunyodagi o’z o’rnini qanday anglashini ifodalaydi. Bular insonning dunyo to’g’risidagi oddiy ong darajasidagi qarashlaridir. Bu avvalo,inson o’zini va dunyoni zaruriy ravishda anglashi, tushunishi, bilishi va baholashi natijasida yuzaga kelgan xulosalari, bilimlari asosida shakllangan umumlashmalar tizimidir. Dunyoqarash, insonning o’ziga va uni qurshab turgan borliqqa bo’lgan munosabatlarini ifodalaydigan muayyan ko’nikmalari, bilimlari, malakalari hamda uning dunyoni amaliy va nazariy o’zlashtirishi hamdir.
Dunyoqarash tushunchasi. har bir kishining dunyoga nisbatan o’z qarashi, o’zi va o’zgalar, hayot va olam to’g’risidagi tasavvurlari, xulosalari bo’ladi. Ana shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. SHu ma’noda, dunyoqarash - insonning tevarak atrofini qurshab turgan voqelik to’g’risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o’zining undagi o’rni haqidagi qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir. Dunyoqarash - olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilishdir. Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli individual dunyoqarash deyiladi.
Dunyoqarash ijtimoiy-tarixiy shakllarga ega. Har bir davrning, har bir avlodning, har bir ijtimoiy guruhning, har bir kishining o’ziga xos dunyoqarashi mavjud. Dunyoqarashning o’ziga xos xususiyati shundaki, unda mifologiya, din, falsafa, fan, siyosat, huquq, san’at va axloq va shu kabi ijtimoiy-ma’naviy hodisalar sintezlashgan holda in’ikos etadi.Dunyoqarash insonning dunyoni va o’zini ma’lum ma’noda anglashi, tushunishi, bilishi va baholash usuli bo’lishi jihatdan uning har qanday moddiy va ma’naviy faoliyatida o’z ifodasini topadi.
Jamiyat taraqqiyoti bilan insonning amaliy va nazariy bilish faoliyati ham rivojlanib boradi. Dunyoqrash oddiy , kundalik ong holatidan tortib, dunyoni insonning o’ziga xos nisbatan murakkabroq va chuqurroq bilish va tushunishlariga oid mifologik, diniy va falsafiy dunyoqarashlarga tomon rivojlanib boradi.
Mifologik dunyoqarash. “Mif” tushunchasi yunoncha “mythos» so’zidan kelib chiqqan bo’lib, afsona, rivoyat degan ma’noni anglatadi. Mifologik dunyoqarash insoniyat tarixining dastlabki bosqichlariga xos bo’lib, odamlar xulq-atvori va o’zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan.Mifologik dunyoqarash insonning dunyoni tushunishining o’ziga xos oddiy usuli sifatida paydo bo’lgan.Mifologik dunyoqarash voqelikning hayoliy in’ikosi sifatida asosan qadimgi davr kishilari uchun xarakterlidir. Bu dunyoqarash o’z ifodasini ko’proq qadimgi davrlarda yaratilgan naqllarda, rivoyat va afsonalarda topgan.Qadimgi kishilar bu afsona va rivoyatlarda tabiat va jamiyatning turli hodisa va voqealarini umumlashtirib, ularni hayoliy shakllarda tasvirlaganlar.Mifologik dunyoqarashda hamma narsa va hodisalar bir-birining ishtirokchisi sifatida ifodalanadi. Tabiat kuchlarini hissiy qiyofalarda alohida jonli vujudlar ko’rinishida jonlantirib tasvirlanadi. Mifologik dunyoqarash ifodalangan rivoyatlar va afsonalar o’z mavzulari jihatdan turli tumandir. Ularning ba’zilari dunyoning paydo bo’lishi, uning tuzilishi, tabiat va jamiyat hodisalarining yuz berishi, dunyoning boshqarilishi, undagi predmetlar va hodisalarning o’zaro munosabatlariga oid bo’lsa, ikkinchi xillari esa insonning paydo bo’lishi, uning yashashi, hayoti, insonning dunyodagi o’rni, uning ishlari, tabiat kuchlari bilan olib borgan kurashlari, insonning ma’naviy kamolot sari intilishlari, insonning o’limi va shu kabilarga bag’ishlangandir. Bu dunyoqarash qadimgi kishilarning o’zlaricha o’sha davrga xos dunyoni tushunish, idrok qilish, uni izohlash va baholash sifatida turli vazifalarni bajargan.Mifologik dunyoqarashning xususiyati shuki, unda hamma narsa va hodisalar bir-birining ishtirokchisi sifatida tasvirlanadi. Buning natijasida bir xil buyumlarning sifatlarini ikkinchi xil buyumlarga bemalol ko’chirish mumkin bo’ladi. Mifologik dunyoqarashda tabiat kuchlari alohida jonli vujudlar ko’rinishida jonlantirib tasvirlanadi.Mifologiyada bir xil narsalarning xossalari ikkinchi xil narsalarga bemalol ko’chirilgangligi sababli, u xayolotga keng yo’l ochib beradi.Unda tasvirlangan obrazlar har qanday o’zgarishlar qilishi va jasoratlar ko’rsatishi mumkin.
Har bir xalqda o’zining tarixiy o’tmishiga oid juda ko’p rivoyatlar va afsonalar mavjud. Ularda bu xalqning ijtimoiy hayoti, turmush va tafakkur tarzlari, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy-ma’naviy munosabatlari xayoliy tarzda aks ettiriladi, ular afsonaviy qahramonlar qiyofasida yovuz kuchlarga qarshi kurash olib boradilar.Bunday rivoyatlar va afsonalar dastlabki paytlarda xalq og’zaki ijodi namunalarida, keyinchalik yozuvning paydo bo’lishi bilan taraqqiy etgan xalqlarda o’ziga xos adabiy-badiiy asarlarda o’z ifodasini topadi.
Diniy dunyoqarash dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir («din» so’zi arabchadan tarjimada «e’tiqod», «ishonch», «ishonmoq» degan ma’nolarni anglatadi). Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg’ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40–60 ming yil muqaddam paydo bo’lgan bo’lsada, umuman olganda, u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan, mif ta’sirida insonning mavhum fikrlashqobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan. Diniy dunyoqarashning muhim jihatlarini diniy tuyg’u, diniy aqidalarga ishonish, sig’inish, diniy e’tiqod va shu kabilar tashkil qiladi.
Din murakkab ma’naviy tuzilma va ijtimoiy-tarixiy hodisa bo’lib,unda e’tiqod muqarrar tarzda birinchi o’ringa qo’yiladi va hamisha bilimdan ustun turadi.
Dinning asosiy funksiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funksiyalari murakkabroqdir. Din funksiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin:
• dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi butun borliq qachon va nima uchun paydo bo’lgan va bunda g’ayritabiiy kuchning roli qanday namoyon bo’lgan,degan savollarga javob beradi;
• kommunikativ funksiyasi muloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta’minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko’maklashadi;
• tartibga solish funksiyasi odamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli me’yorlar va qoidalarni belgilaydi;
• kompensatorlik funksiyasi etishmayotgan axborot, diqqat-e’tibor, g’amxo’rlik o’rnini to’ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo’qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o’rnini to’ldiradi.
Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo’lib, u insonning g’ayritabiiy narsalar va hodisalarga bo’lgan e’tiqodini to’yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir.
Dinning psixologik ildizi, avvalo, inson tabiatida mavjud bo’lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’i nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo’lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o’z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo’lib tuyulishida namoyon bo’ladi.
Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo’lgan tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o’zgartira yoki enga olmaganligi bilan bog’liq. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg’usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so’nggi zikr etilgan tuyg’ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo’lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o’rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o’ziga tayanch topa olmagan inson g’ayritabiiy kuchlarga umid bog’lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzod taskin, tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinning siyosiy ildizlari turli siyosiy kuchlarning dindan o’z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyati va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo’llab-quvvatlashi orqali, uning jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytirishida namoyon bo’ladi. SHu ma’noda din va siyosat o’rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud.
Diniy e’tiqodlarning tarixiy shakllari. Insoniyat tarixiga ko’p sonly turli-tuman dinlar ma’lum. Xususan, madaniyat va bilimlar darajasi juda past bo’lgan inson o’ziga qudratli, yot va sirli bo’lib tuyulgan tabiatning favqulodda kuchlariga qarshilik ko’rsata olmagan ibtidoiy jamoa davrida dinning ancha sodda shakllari: fetishizm, animizm, totemizm, magiya va boshqalar yuzaga kelgan.
Fetishizm – u yoki bu predmetni mo’jizakor xislatlarga, odamlar hayotiga ta’sir ko’rsatish qobiliyatiga ega deb hisoblaydi. Bunday predmet ilohiylashtiriladi, sig’inish va topinish ob’ektiga aylanadi.
Animizm (lot. «anima» – «jon») – nafaqat odamlar, balki hayvonlar, predmetlar va borliq hodisalarini ham ruh, jon boshqarib turishiga ishonishdir.Animizm nuqtai nazaridan butun dunyo ruhli va jonli.
Totemizm negizini muayyan odamlar guruhining totem, ya’ni sig’inish ob’ekti sanalgan ajdod deb e’lon qilinadigan u yoki bu hayvon, o’simlik, predmet bilan umumiy kelib chiqishiga bo’lgan ishonch tashkil etadi. Zero, totem mazkur jamoa yoki urug’ning qudratli homiysi, himoyachisi hisoblanadi, uni oziq-ovqat va shu kabilar bilan ta’minlaydi (Hindistonda Xonumon maymuni, sigir,Avstraliyada kenguru, turli qabilalarda u yoki bu ilohiy predmet).
Magiya (yunon. «mageia» – «sehrgarlik») ham ibtidoiy din shakllaridan biri bo’lib, uning zamirida tabiiy kuchlar yordamisiz sirli tarzda, rasm-rusumlar, o’ziga xos amallar majmui bilan narsalar, odamlar, hayvonlar va hatto g’ayritabiiy kuchlar – ruhlar, insu jinslar va shu kabilarga ta’sir ko’rsatish mumkinligiga bo’lgan ishonch yotadi. Dinning ushbu qadimgi shakllari keyingi diniy e’tiqodlar negizini tashkil etdi va politeizm (ko’pxudolik)da ham, monoteizm (yakkaxudolik)da ham u yoki bu darajada o’z aksini topdi. Ular hozirda ham qisman mustaqil holda mavjuddirMiloddan avvalgi VII–VI asrlarga kelib, asosan, mif va din ta’sirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U mavhum nazariy fikrlash qobiliyati va (to’plangan bilimlar ko’rinishida) real asoslarga ega bo’lishi natijasida o’z rivojlanishining butunlay yangi darajasiga ko’tarildi. Bunga, hech shubhasiz, mehnat taqsimotiga olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’lum miqdorda ortiqcha mavjudlik vositalari, bo’sh vaqtning paydo bo’lishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shug’ullanish imkonini berdi.
SHunday qilib, taxminan 2500 ming yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi
shak li – falsafa paydo bo’lishi uchun zarur shart-sharoit Evropa va Osiyoda deyarli bir vaqtda yuzaga keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli o’laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg’ularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
Falsafa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va Qadimgi Yunonistonda taxminan bir vaqtda, avvalo, dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Bu vaqtga kelib mif va din o’zlarining tayyor va uzil-kesil javoblari bilan insonning bilimga nisbatan tinimsiz kuchayib borayotgan qiziqishini qondira olmadi. SHuningdek, ular sezilarli darajada o’sgan va murakkablashgan tajriba va bilimlarni umumlashtirish, tizimga solish va avlodlarga qoldirish vazifasining ham uddasidan chiqolmay qoldi Yuz bergan o’zgarishlarning yana bir sababi shundaki, mifologiya olish,rivojlantirish va tushuntirish uchun navbatdagi miflar emas, balki tabiiy qonuniyatlar va tabiiy-sababiy bog’lanishlarga murojaat qilish talab etilgan ilmiy bilim kurtaklari bilan to’qnashdi. Pirovardida odamlar dunyoqarashida nisbatan qisqa vaqt ichida tub o’zgarishlar yuz berdi; unda bilim, tafakkur, tahliliy fikrlash tobora muhimroq rol o’ynay boshladi, ular sirtdan olingan axborotni sezgilar va emotsiyalar darajasida idrok etishga asoslangan har xil e’tiqodlarni chetga chiqarib qo’ydi.
Diniy dunyoqarashni teologiya deb ataladigan falsafiy fan o’rganadi. Teologiya olam va odam munosabati, umrning mazmuni, hayot va o’lim muammosi kabi masalalarni ilohiyot, diniy e’tiqod tushunchalari bilan boQlab tahlil qilish hamda o’ziga xos mukammal tizimini yaratgan. Bugungi kunda diniy dunyoqarashning bir talay asosiy vazifalari orasida, uning hayot ziddiyatlarini bartaraf qilish bilan borliq regulyativ faoliyati nihoyatda muhimdir. Umuman, dinning barkamol avlodni tarbiyalashdagi o’rni va ahamiyati benihoyat ulkan va u tobora ortib bormoqda.
Falsafiy dunyoqarash. Bu tushunchaning mazmuni insonning olamga, voqea va hodisalarga, o’zgalarga va ularning faoliyatiga, o’z umri va uning mazmuni kabi ko’pdan-ko’p tushunchalarga munosabati, ularni anglashi, tushunishi, qadrlashida namoyon bo’ladi.
Falsafiy dunyoqarash dunyoni, borliqni aqliy jihatdan umumlashtirib tushuntiruvchi nazariy qarashlar tizimidir. U insonning aqliy-intellektual faoliyatiga ko’proq e’tibor beradi.Falsafiy dunyoqarash shakllanishi va rivojlanishiga afsonaviy, diniy dunyoqarashning ta’siri bo’lganini inkor etib bo’lmaydi. Falsafiy dunyoqarash ana shu ikki irmoq negizida vujudga keldi.
Falsafiy dunyoqarash kundalik faoliyat, dunyoviy, diniy, ilmiy bilimlar, hayotiy kuzatishlar va ijtimoiy tarbiya ta’sirida shakllanadi hamda rivojlanadi. Fanda ijtimoiy borliqning barcha jihatlari aks etadi. Dunyoqarashning shakllanishida his-tuyQu, aql-idrok va tafakkur ham muhim
o’rin tutishi tabiiy. Uning shakllanishi kishilarning hissiy kechinma va kayfiyatlariga ham boQliq bo’lib, inson kayfiyatida uning hayot sharoitlari, ijtimoiy ahvoli, milliy xususiyati, madaniy saviyasi, shaxsiy taqdiri, yoshi va hokazolar aks etadi. Muayyan davr dunyoqarashida zamon ruhi, ijtimoiy kuchlarning kayfiyati, intilishi ham o’z ifodasini topadi. Masalan, bugungi o’zbekiston mustaqilligini mustahkamlash zarurati istiqlol dunyoqarashini shakllantirishga ulkan ta’sir ko’rsatmoqda. Falsafiy dunyoqarash murakkab tuzilishga ega. U muayyan bilimlar, kelajakka qaratilgan G’oya va maqsadlar, tabiiy va ijtimoiy fan yutuqlari, diniy tasavvurlar, qadriyatlar, ishonch, e’tiqod, fikr, hissiyot kabi tarkibiy qismlardan iborat.
Bularning ichida e’tiqod muhim ahamiyat kasb etadi. U dunyoqarashning mazmunini tashkil etadigan asoslardan biridir. E’tiqod insonning o’z qarashlari va g’oyalari to’g’riligiga, orzu-umidlarining asosli ekaniga, faoliyati va xatti-harakatining umumiy maqsadlarga va talablarga mosligiga bo’lgan chuqur ishonchidan paydo bo’ladi. U insonning hissiyoti, irodasi va faoliyatini belgilaydi, ularni boshqaradi, shaxsni omilkorlikka, samarali faoliyatga undaydi.
Falsafiy dunyoqarash tarkibida hissiyot va aql muhim o’rin tutadi. hissiyot dunyoqarashning emotsional-ruhiy jihati bo’lib, dunyoni tushunish esa, dunyoqarashning aqliy shaklidir. hissiyot – quvonch, shodlik, zavqlanish, hayot va kasb-kordan mamnunlik yoki norozilik, hayratlanish, xavotirlanish, asabiylashish, yolg’izlik, zaiflik, ruhiy tushkunlik, g’am-qussa, nadomat, o’z yaqinlari va vatani taqdirini o’ylash kabi xilma-xil shakllarda namoyon bo’ladi. Ana shular barchasining uyg’unligi dunyoni his etishga olib keladi. Dunyoni his qilish esa, uni aqliy tushunishga, muayyan dunyoqarashning shakllanishiga asos bo’ladi.
Inson aqli unga xos hissiyot va tasavvurlar asosida ilmiy dunyoqarashni shakllantiradi va takomillashtiradi. har bir kishiga xos hissiyot va fikr, bilim va e’tiqod, intilish va kayfiyat, orzu-umid va qadriyatlar dunyoqarash tarkibida yaxlitlashadi va olamni bir butun holda aks ettiradi. Bir butun, yaxlit dunyoqarashning shakllanishi bolalikdan boshlanib, inson hayotining oxirigacha davom etadi. Bu holat individual dunyoqarashning asosiy tamoyillaridan birini ifodalaydi.
Falsafiy dunyoqarashning shakllanishida bilim g’oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bilimda dunyoqarashning barcha belgilari mavjud. Lekin, bilim va dunyoqarash aynan bir narsa emas. Olamni tushunish bilimlar paydo bo’lishi uchun asosdir. Bilim inson ongida hissiy va aqliy bilish jarayonida hosil bo’ladi, u dunyoqarashning asosi, uning uzviy qismidir.
Falsafa azal-azaldan dunyoqarash bo’lgan. CHunki, uning o’zi hayot nima uchun berilgan, dunyoga kelishdan maqsad nima, umrni mazmunli o’tkazishning qanday yo’llari bor, degan talay savollarga javob topish zarurati tufayli vujudga kelgan. Falsafiy dunyoqarash o’zining nazariy asoslangani va puxta ishlangani bilan ajralib turadi. SHu ma’noda, u boshqa fan yoki faoliyat sohasi uchun umumiy uslub vazifasini ham bajaradi.
Agar nazariya bilish jarayonining natijasi bo’lsa, usul (metod) shu bilimga erishish yoki uni amalga oshirish yo’lini anglatadi. Falsafiy nazariya esa, bir vaqtning o’zida usul vazifasini ham bajara oladi. Tarixning burilish davrlarida o’zgarishlarning asosiy yo’nalishlari va maqsadlari nechog’li to’g’ri ekani falsafiy dunyoqarash tamoyillariga solishtirib aniqlanadi. Bunda muayyan falsafiy nazariya umumiy usul (metod) sifatida qabul qilinadi. SHu sababdan ham bunday davrlarda falsafiy nazariyalarga e’tibor kuchayadi, taraqqiyot yo’llaridan borish falsafiy modellarining ahamiyati ortadi.
Falsafiy dunyoqarashning asosiy yo’nalishlari. Dunyoqarash tizimi va unga xos nisbatan mustaqil yo’nalishlarning har birini falsafiy mulohazaning oydinlashgan (konkretlashgan) shakli sifatida qarash mumkin. Falsafiy dunyoqarash, sodda qilib aytadigan bo’lsak, insonning olam, odam va borliqqa munosabatini ifodalovchi bilimlar tizimidir. Unga inson borliqining mohiyati nuqtai nazaridan yondashiladigan bo’lsa, moddiy yoki ma’naviy jihatlari nechoQlik mutlaqlashtirilishiga qarab, uning tarkibida materialistik va idealistik dunyoqarash yo’nalishlari mavjudligini ko’ramiz.
Agar borliq va uning xossalariga mavjudlik, bog’liqlik, o’zgarish va taraqqiyot nuqtai nazaridan bildirilgan munosabatlarni umumlashtiradigan bo’lsak, uning tarkibida metafizik va dialektik, sofistik va sinergetik kabi qator dunyoqarashlar mavjudligini ko’ramiz. Bular sof nazariy-falsafiy masalalar bo’lib, ular to’g’risida «Olam va odam», «Dunyoni falsafiy tushunish» bo’limlarida maxsus to’xtalib o’tamiz.
SHu bilan birga, uning yana quyidagi tamoyillari bor:
1. Falsafiy dunyoqarash ilmiydir, chunki u narsa va hodisalar o’rtasidagi boQlanish, aloqadorlik va munosabatlarni kundalik ong darajasidagina emas, balki nazariy ong darajasida ham ifodalaydi. har qanday falsafiy dunyoqarash shakli ob’ektiv olamdagi narsa va hodisalarning konkret munosabatlarini aks ettiradi.
2. Falsafiy dunyoqarashning tarixiylik tamoyili jamiyatning o’tmishi dunyoqarashlar tarixidan iboratligini va uzluksiz rivojlanishini ifodalaydi.
3. Falsafiy dunyoqarashning mantiqiy izchilligi tamoyili har qanday dunyoqarash shakli va darajasining mantiqiy birikmalar orqali ifodalanishi bilan izohlanadi. Agar mantiqiy izchillik buzilsa, dunyoqarashning tashqi olamni xolis, ilmiy, aniq-ravshan va izchil aks ettirishiga putur etadi.
4. Falsafiy dunyoqarashning universalligi boshqa dunyoqarash shakllarining mazmunini tashkil qilishi bilan sifatlanadi, ya’ni har qanday dunyoqarash shakli o’ziga xos falsafiy xususiyatga ega.
5. Falsafiy dunyoqarash maqsadga mavofiq bo’lib, inson manfaatlariga mos keladi. CHunki, inson muayyan maqsad, orzu-umidlar bilan yashaydi, ularni o’z dunyoqarashida aks ettiradi.
6. Falsafiy dunyoqarashning G’oyaviylik tamoyili, uning asosida muayyan G’oya yotgani bilan ifodalanadi. Xususan, bugungi o’zbek milliy falsafiy dunyoqarashi milliy mustaqillik, o’zlikni anglash, millatimiz kelajagini belgilaydigan istiqlol G’oyasiga tayanishi bilan xarakterlidir. Falsafiy dunyoqarash shu G’oyani e’tiqodga aylantirish va uning amalga oshishi uchun xizmat qiladi. 7. Falsafiy dunyoqarashning eng muhim tamoyillaridan biri nazariya va amaliyot birligidir. Dunyoqarashning nazariya sifatida mavjudligi ijtimoiy amaliyot tajribalarini ijodiy umumlashtirib, istiqbol rejalarini belgilashda qo’l kelishi bilan izohlanadi. SHuningdek, dunyoqarashning amaliyotga joriy etilish jarayonida uning usul va vositalari muhim ahamiyatga ega.
Falsafiy dunyoqarashning vazifalari (funksiyalari). Falsafiy dunyoqarashning zikr etilgan tamoyillari, uning vazifalarini belgilab beradi. Ya’ni, bu vazifalar jamiyatning umumbashariy ruhdagi maqsad-muddaolaridan, manfaatlaridan kelib chiqadi hamda boshqa dunyoqarash shakllari uchun uslubiy ahamiyat kasb etadi.
Dunyoqarash, avvalo insoniy munosabatlar ifodasidir. SHu nuqtai nazardan, u insonning borliqqa munosabatida, dastlab uning bahosi tarzida ko’zga tashlanadi.
Bu — falsafiy dunyoqarashning baholash vazifasini anglatadi. Ya’ni, inson, o’z ehtiyoj va manfaatlaridan kelib chiqib, narsa-hodisalarni: yaxshi-yomon, foydali-zararli, savob-gunoh, oriyat-benomuslik kabi qarama-qarshi mezonlarga ajratadi.
Inson narsa-hodisalarga baho berar ekan, buning zamirida uning ijtimoiy hayoti, ya’ni ongli munosabatlari yotadi. Bunda inson yoki jamiyat munosabatlari dunyoqarashning o’zi tayanadigan omillarga (ideallariga) moslashtiriladi. Orzu-havaslarga erishishning usullari, vositalari, amaliy yo’nalishlari belgilanadi.
Dunyoqarash inson faoliyatini axloqiy me’yor, diniy qadriyat, xuquqiy hujjat va siyosiy mexanizmlar kabi usul-vositalar orqali boshqarish vazifasini ham ado etadi. Bunda falsafiy dunyoqarashning o’zicha nisbatan mustaqil bo’lgan har bir yo’nalishi o’ziga xos boshqarish usuliga ega bo’ladi. Masalan, insonni ezgulikka yo’naltirish uchun axloq uning aql-zakovatiga; din — iymon-e’tiqodiga; huquq — qonunlarga, jazo idoralariga; siyosat-davlat funksiyalariga tayanadi va o’ziga xos ta’sir yo’nalishlariga ega bo’ladi.
Falsafiy dunyoqarashning inson faoliyatini nazorat qilish vazifasi ham bor. Bunda dunyoqarashning jamoatchilik fikri tarzidagi ko’rinishi nazarda tutiladi. Masalan, o’zbek xalqining tarixiy rivojlanishi va ma’naviy hayot tarzida mahalla ijtimoiy nazoratning muhim instituti tarzida faoliyat ko’rsatgan.
Falsafiy dunyoqarashning birlashtirish (kommunikativ) vazifasi turli dunyoqarash yo’nalishlarini milliy va umuminsoniy G’oyalar atrofida uyg’unlashtirishi bilan xarakterlanadi. Turli manfaatlar bilan bog’liq bo’lgani bois dunyoqarashlar o’rtasida muayyan ziddiyatlar ro’y berishi tabiiy. Bunday sharoitda falsafiy dunyoqarash ularni murosaga keltirishga xizmat qiladi.
Falsafiy dunyoqarash, o’z mohiyatiga ko’ra, ijtimoiy-tarixiy tajribani umumlashtirish, jamiyat istiqbolini ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’lganligi uchun ham xalqni muayyan g’oya atrofida birlashtiradi.Falsafiy dunyoqarashning tarbiyaviy vazifasi— kishilarda keng va teran fikrlash qobiliyatini vujudga keltirish asosida bag’rikenglik, murosa, har qanday ziddiyatlarni madaniy yo’l bilan hal qilish, kelajakka umid va ishonch ruhini shakllantirishdan iborat.
Falsafaning predmeti. Falsafa fani xuddi ijtimoiy, tabiiy fanlar singari mustaqil fandir. U o’zining mustaqil ob’ekti va predmetiga ega. Falsafaning predmetini “olam-odam-inson” tizimi tashkil etadi.Falsafa predmeti uning rivojlanish davri mobaynida uzluksiz o’zgarib turgan. Falsafa muammolari uning predmeti bilan belgilanadi. Ma’lumki, falsafa predmeti tarixiy rivojlanish jarayoni mobaynida sezilarli darajada o’zgargan. Falsafiy fanlarning har biri: ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika, mantiq, siyosatshunoslik, falsafa tarixi ham o’z alohida predmetiga ega. SHu tufayli ham falsafa predmetini faqat o’ta abstrakt tushunchalar yordamida belgilash mumkin. Suu ma’noda «dunyo – inson» munosabatlari tizimidagi umumiylik falsafaning predmeti hisoblanadi, degan fikr mazkur talablarga javob beradi.
Endi «Falsafa nimani o’rganadi?» degan savolni berishimiz mumkin. In sonda bilishga qiziqish uyg’otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o’ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod,ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug’diradigan har qanday ob’ektiv va sub’ektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi. Boshqacha aytganda, inson o’z qiziqishi ob’ekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo’lishi mumkin bo’lgan hamma narsa falsafaning predmetidir.
Masalan, Qadimgi Yunonistonda kosmotsentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o’ziga xos xususiyati bo’lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab etishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar – polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o’rin oldi. Evropada xristianlikning, SHarqda islom dinining vujudga kelishi vamustahkamlanishi natijasida o’rta asrlar falsafasi teotsentrik (yunon. «theos» – «markazdan o’rin olgan xudo») xususiyat kasb etdi, ya’ni, Xudo va u yaratgan olam falsafiy qiziqishlarning asosiy predmetiga aylandi. Uyg’onish davrida falsafa san’at (estetika)ga va ko’p jihatdan insonga murojaat qilindi. Yangi davr deb nomlanuvchi XVII–XVIII asrlarda falsafa tobora kuchayib borayotgan fan bilan uzviy bog’landi, natijada, falsafiy tadqiqotlarning diqqat markazidan bilish va ilmiy metodlar masalalari o’rin oldi.
XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan «klassik falsafa» va ratsionallik inqirozi irratsionallik, intuitivlik, ongsizlik muammolarini namoyonetdi, XX asrning birinchi yarmida ular «noklassik falsafa» tahlilining asosiy predmetiga aylandi, bu esa, o’z navbatida, matnlar mantig’i, tili, ularni talqin qilish va sharhlashga alohida qiziqish uyg’onishiga olib keldi. XX asrning so’nggi o’n yilliklarida hozirgi madaniyatdagi inqiroz hodisalarini va yangi axborot texnologiyalarining, shuningdek, ommaviy kommunikatsiya vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan belgilangan muammolarni kun tartibiga qo’ygan postnoklassik falsafa shakllandi. Bu falsafa vakillari «tarixiy rivojlanishning tugallanganligi», barcha ma’nolar va g’oyalar «aytib bo’linganligi» haqida mushohada yuritib, inson o’ziga yog’ilayotgan axborotga ishlov berishga qodir emasligiga e’tiborni qaratar ekan, notizimlilik,Evropa an’anaviy-falsafiy bilimining negizlari, qadriyatlari va chegaralarini o’zgartirish g’oyasini ilgari surdilar.
Nihoyat, XX–XXI asr chegarasida eng yangi falsafada birinchi o’ringa chiqqan va eng muhim mavzular qatoridan o’rin olgan yana bir mavzu globallashuv jarayonlarining mohiyatini va ularning rivojlanish yo’nalishini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlar hozirgi vaqtda jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi va davrimizning olamshumul muammolarini yuzaga keltirdiki, ularning nazariy va amaliy echimini topish bu muammolarni shu jumladan, falsafiy darajada anglab etishni ham nazarda tutadi. Xalqaro miqyosda alohida e’tibor berish va kelishilgan harakatlarni taqozo etuvchi eng muhim muammolar qatoriga ekologiya, demografiya, xavfsizlik, xalqaro jinoyatchilik, energetika resurslari, qashshoqlikka chek qo’yish muammolarini kiritish mumkin.
Ko’rib turganimizdek, falsafaning predmetini qandaydir bitta, qat’iy cheklangan, muayyan masalalar doirasi bilan bog’lash mumkin emas. U vaqt omiliga va ob’ektiv sabablar to’plamiga qarab, doim u yoki bu muammo yoki ularning muayyan majmui tarzida birinchi o’ringa chiqadi.
Falsafaning strukturasi. Falsafa o’z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma’naviyatni, shuningdek, sababiy bog’lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va ratsionallik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o’sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo’limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o’tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to’ldirildi.
Falsafaning asosiy masalasi strukturasida ikki tomon ajratiladi. Ruh birlamchimi yoki tabiatmi, degan savol mazkur masalaning ontologik tomonini tashkil qiladi. Dunyoni bilish imkoniyati to’g’risidagi masala, «inson tafakkuri dunyoni haqqoniy bilishga qodirmi, u o’zining haqiqiy dunyo haqidagi tasavvurlarida voqelikni to’g’ri aks ettirishga qodirmi», degan savol falsafa asosiy masalasining gnoseologik tomonini o’zida ifodalaydi.
«Dunyo – inson» tizimidagi munosabatlarning rang-barangligi predmetli
– amaliy, gnoseologik, akseologik, estetik, axloqiy va boshqa xil munosabatlar bilan belgilanadi.
Quyidagilar falsafiy bilimning strukturasi hisoblanadi:
• ontologiya – mavjudlik, borliq haqidagi bilim;
• gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko’ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;
• ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta’limot;
• etika – axloq haqidagi ta’limot;
• aksiologiya – qadriyatlar haqidagi ta’limot;
• falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta’limot va boshqalar.
Falsafa ularning muhim xususiyatlari, birinchi sabablari va asoslarini
aniqlashdan manfaatdor. U yoki bu munosabatni dunyoga yondashuv mezoni sifatida tanlash (masalan, dunyoga uyg’unlik, go’zallik, mutanosiblik nuqtai nazaridan yondashish) u yoki bu falsafiy fanni (ayni holda estetikani) belgilaydi.
Dunyoga uni bilish imkoniyatlari va qonuniyatlari nuqtai nazaridan yondashish bilish nazariyasi – gnoseologiyani vujudga keltiradi. «Inson – dunyo» tizimiga hokimiyat munosabatlari nuqtai nazaridanyondashish siyosatshunoslikning predmetini tashkil etadi. Munosabatlar o’zagini axloqiy me’yorlar tashkil qilgan taqdirda esa tadqiqotchi etika sohasiga qadam qo’yadi.
SHunday qilib, falsafaning asosiy masalasi strukturasi falsafaning o’z strukturasini aks ettiradi, falsafa esa o’z asosiy masalasining keng nazariyasi sifatida namoyon bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, falsafaning asosiy masalasi xususida mulohaza yuritish jarayonida biz borliq nima, tafakkur nima degan savollarga turli xil javoblar olamiz. Vaqt o’tishi bilan bu javoblar o’z dalillar tizimi, metodologik tamoyillarini shakllantiradi va falsafiy yo’nalishlarga aylanadi.
Falsafaning jamiyatdagi ahamiyati - falsafa insoniyat tarixiy taraqqiyoti davomida yaratilgan ma’naviy madaniyatning bir qismi bo’lib, insonning o’zi va borliq to’g’risidagi bir butun dunyoqarashi tizimidan iboratdir. Falsafa inson muammosini o’zining asosiy o’rganish mavzusi hisoblab, uning o’ziga, borliqqa munosabatini falsafaning bosh masalasi deb qaraydi. SHu sababli uning asosiy maqsadi ham inson manfaatlariga xizmat qilishdan iboratdir.Falsafa o’z tadqiqot mavzusi sifatida insonning mohiyati, jamiyatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy munosabatlarning asoslari va sabablari, borliq, materiya, tabiat taraqqiyotining eng umumiy muammolarini o’rganadi. Falsafa qadim davrlardan boshlab kishilarning aqliy salohiyati o’sishida, nazariy tafakkuri qaror topishida, axloqiy kamolatida muhim rol o’ynab kelgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o’zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg’usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda falsafa fanining o’rni beqiyos ahamiyatga egadir. Yoshlarimizning jismonan sog’lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirishda falsafa fanining ahamiyatini ko’rishimiz mumkin.
Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g’oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan, shu tariqa), har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi insonning o’z-o’zini va o’zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek, turli voqealar, hodisalarni va o’z burchini qanday talqin qilishida namoyon bo’ladi. Yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg’ular va emotsiyalar, oqilonalik va irratsionallik, tajriba, intuitsiya va hokazolar chambarchas bog’lanadi.
Falsafaning gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo’lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo’lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo’l bilan tushuntirishga harakat qilishdir. Falsafa u yoki bu mohiyati aniqlanmagan yoki kam o’rganilgan hodisalarni tushuntirishga nisbatan o’z yondashuvlari, nazariyalari va gipotezalarini taklif qilar ekan, ularni bilishga bo’lgan qondirilmagan qiziqish o’rnini muayyan darajada to’ldiradi, shu tariqa mifologik va diniy fantaziyalarga kamroq o’rin qoldiradi. Falsafa gnoseologiyada hal qiladigan boshqa bir muhim vazifa «Haqiqat nima?» «Uning mezonlari qanday?» degan masalalar bilan bog’liq, zero har qanday bilish jarayoni oxir-oqibatda, u yoki bu tarzda haqiqatning tagiga etishga qarab mo’ljal oladi, bu esa eng muhim masaladir.
Metodologik funksiyasi u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek, borliqni nazariy va amaliy o’zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi (bu tushuncha yunoncha «methodos» – «yo’l»,«tadqiqot», «tekshirish» so’zidan kelib chiqqan). Boshqacha qilib aytganda, bu faylasuf yoki olim o’zi o’rganayotgan predmetning tadqiqot yo’lidir.
Falsafaning integrativ funksiyasi real borliqning yangi ob’ektlari va hodisalari insonning nazariy tadqiqotlari sohasidan o’rin olishi, shuningdek, ilgari ma’lum darajada anglab etilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o’rganish uchun birlashishga ehtiyoj. Falsafaning madaniy funksiyasi odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg’otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali namoyon bo’ladi. U dunyoni o’zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o’zidamujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o’rganish ularning o’tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g’oyalar almashinuvi va madaniy an’analarning o’zaro ta’siriga ko’maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog’liq bo’lgan ko’pgina muammolarni echishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Falsafaning aksiologik funksiyasi (yunon. «axia» – «qadriyat») hayotning ma’nosi, o’lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo’yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga «yaxshi», «yomon», «muhim», «foydali», «foydasiz» kategoriyalari bilan baho berish orqali namoyon bo’ladi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlarning u yoki bu jamiyatda qaror topgan munosabatlar ta’sirida shakllanuvchi xulq-atvori. Bunda, masalan, axloqiy qadriyatlar, ularning tabiati, asoslari va jamiyatdagi amaliy rolifalsafaning tadqiqot predmeti hisoblanadiki, bu jamiyatda yuzaga keladigan va tabiiy yo’l bilan, ya’ni real hayot amaliyotida o’rnatiladigan me’yorlar va qoidalarga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi. Bunday me’yorlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim dastak hisoblanadi va odamlarning o’zaro aloqalari, ularning munosabatlari, o’zaro til topish darajasida namoyon bo’ladi. Xulosa qilib aytish mumkinki, falsafa doimo axloqda, jamiyatning barcha a’zolari xulq-atvorida namoyon bo’ladi va shu tariqa yana bir muhim funksiya – axloqiy funksiyani bajaradi.
Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi insonning o’z-o’zini tarbiyalash va o’zi mansub bo’lgan jamiyatning axloqiy normalariga rioya qilishdir. Bu masalaning xalqaro darajadagi keng va har tomonlama muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda so’z yuritish o’rinli bo’ladi. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati o’z-o’zini anglab etishga yo’naltirilgan falsafaga muhtojdir. Buni 2002 yildan YuNESKO qaroriga binoan, butun dunyoda har yili noyabr oyining uchinchi payshanbasida o’tkaziladigan «Jahon falsafa kunlari» ham, hozirgi kunda dunyo uchun eng muhim masalalarga e’tiborini qaratadigan Jahon falsafa Kongressi ham tasdiqlaydi. Darhaqiqat, bunday kongress birinchi marta 1900 yilda Fransiyada o’tkazilgan, 1948 yildan boshlab uni har besh yilda bir marta o’tkazish an’anaga aylangan. Xususan, 1998 yilda Boston shahrida (AQSH) bo’lib o’tgan XX Jahon falsafa kongressi «Paydeyya: insoniyatni tarbiyalashda falsafa» mavzusiga bag’ishlangan bo’lsa, Turkiyaning Anqara shahrida o’tkazilgan XXI Jahon falsafa kongressida «Falsafa jahon muammolari bilan yuzma-yuz» mavzusi atroflicha muhokama qilindi. XX jahon falsafa kongressi birinchi marta Osiyo mamlakati bo’lmish Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahrida «Hozirgi davrda falsafani qayta anglash» degan umumiy mavzu ostida bo’lib o’tdi.
Falsafaning jamiyatdagi ahamiyati - falsfa insoniyat tarixiy taraqqiyoti davomida yaratilgan ma’naviy madaniyatning bir qismi bo’lib, insonning o’zi va borliq to’g’risidagi bir butun dunyoqarashi tizimidan iboratdir. Falsafa inson muammosini o’zining asosiy o’rganish mavzusi hisoblab, uning o’ziga, borliqqa munosabatini falsafaning bosh masalasi deb qaraydi. SHu sababli uning asosiy maqsadi ham inson manfaatlariga xizmat qilishdan iboratdir.
Hozirgi dunyoda falsafaning ahamiyati. Bugungi kunda, tezliklar va yuksak texnologiyalar asrida falsafa kerakmi, u eskirgani yo’qmi? Uzluksiz axborot oqimi va surunkali vaqt tanqisligi sharoitida muayyan bilim falsafani siqib chiqarmaydimi? Bunday savollar mutlaqo o’rinlidir, lekin ularga javobni hayotning o’zi beradi, u hozirgi zamon odami oldiga ko’p sonli, shu jumladan, ilgari hech qachon mavjud bo’lmagan, butunlay yangi falsafiy muammolarni qo’yadi.
Jahon hamjamiyati III ming yillikning boshlanishini, biosfera holati va yerda hayotning davom etishi uchun o’z javobgarligini tobora teranroq anglagan holda qarshi oldi. Ayni shu sababli insonning barkamol rivojlanishi, odamlar, xalqlar o’rtasida, shuningdek, jamiyat va tabiat o’rtasida insoniy, yaxshi qo’shnichilik munosabatlarini o’rnatish masalalari azaliy falsafiy mavzular bilan bir qatorda falsafiy tadqiqotlarda birinchi o’ringa chiqmoqda. SHu munosabat bilan faylasuflar, avvalo, yer yuzida ta’limning holati va rivojlanish darajasidan qattiq tashvishda ekanliklarini bildirmoqdalar. Ko’pgina faylasuflar fikriga ko’ra, hozirgi muammolarning aksariyati zamirida aynan qoniqarsiz ta’lim va lozim darajadagi tarbiyaning yo’qligi yotadi. O’zbekston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida quyidagi takliflarni bildirib o’tgan. “BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag’rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatgabarham berishga ko’maklashishdan iborat”1. Bu muammolarni yechishda falsafa ham o’z rolini o’ynashi lozim.
Xulosalar. Dunyoqarash bu insonning dunyoga, undagi voqealarga munosabatlari, undagi o’rni va hayot mazmuni haqidagi eng umumiy qarashlari tizimi. Insoniyat tarixida dastlab mifologik dunyoqarash shakllangan bo’lib, unda inson atrof-muhit bilan birlashadi hamda na tabiat va na o’z urug’idan ajralmagan holda namoyon bo’ladi. Diniy dunyoqarashga olamni bu dunyo, u dunyo va g’ayritabiiy dunyoga bo’lish xos. Dinning asosi g’ayritabiiy kuchlarga ishonch bilan yo’g’rilgan. /Falsafa mifologik va diniy dunyoqarashdan o’zining atrof-muhitga tanqidiy munosabati asosidagi dunyoqarashli funksiyasini bajaradi, gnoseologik va ontologik kategoriyalarga murojaat qilib mantiqiy xulosalar chiqaradi. Falsafa nazariy asoslangan dunyoqarash, umumiy kategoriyalar, insonning olamga fanning tabiat va jamiyat haqidagi yutuqlariga tayanilgan nazariy munosabati. Falsafaning ahamiyati, uning insonni o’z-o’zini, olamni anglashga, ijodiy barkamollikka yo’naltira olishidadir. Qadimgi Bobil, Misr,Hindiston va Markaziy Osiyo falsafiy tafakkuri. Oddiy tasavvurga ko’ra Quyosh SHarqdan chiqqani kabi, falsafiy qarashlarning paydo bo’lishi ham qadimiy SHarq xalqlari taffakuriga borib taqaladi.Qadimgi SHarq xalqlarining tarixi va madaniyati, ularning afsonaviy, diniy, axloqiy, siyosiy va huquqiy badiiy-estetik va falsafiy tasavvur va qarashlari, ularga xos mazmunlar haqidagi bilimlar antiq davrmualliflari asarlarida, arxeologik manbalarda, xalq og’zaki ijodiyoti namunalari: afsonalar, dostonlar va rivoyatlarda aks etgan.
Dastlabki falsafiy tasavvurlar va qarashlar SHarqning eng qadimgi mamlakatlaridan bo’lgan Bobilda eramizdan oldin 4-ming yillikning boshlarida paydo bo’ladi. SHu davrlardayoq odamlarning dunyoda ro’y berib turadigan xilma-xil hodisa va voqealarga bo’lgan munosabatlarlari va qiziqishlarini, garchi hali sodda va yuzaki, ibtidoiy shaklda bo’lsa-da, o’zida aks ettirgan falsafiy qarashlar paydo bo’la boshlagan. Buni biz qadimgi Bobil adabiyotining ko’zga kuringan mashhur asarlaridan biri «Gelgamish haqida doston»da, undagi tuproq, suv, havo, issiqlik va sovuqlikning inson hayoti va tirikchiligining abadiy manbai ekanligi, Gelgamishning obihayot qidirib, boshidan kechirgan sarguzashtlari, chekkan azob-uqibatlari, odamlarning tabiiy qonunlar asosida yashashlari zarurligi, kishilarning hayot va o’lim sirlarini bilishga azaldan intilib kelishlari haqida qilingan hikoyalardan yaqqol bilib olamiz.
«Adona haqida doston»da esa insoniyat hayotida yaxshilik bilan yomonlik, ezgulik bilan yovuzlik boylik bilan qashshoqlik bir-biriga tubdan qarama-qarshi va zid ekanligi haqidagi fikrlar ifodalangan. «Jafokash avliyo haqida doston», «Xo’jayinning quli bilan suhbati» kabi asarlarda biz buning yaqqol guvohi bo’lamiz. Eslab o’tilgan birinchi dostonda baxt va baxtizlik, adolat va adolatsizlik haqida, ularning sabablari va bartaraf etish usulari hamda yo’llari xususida dastlabki falsafiy tasavvurlar va g’oyalar bayon etilgan.
Jamiyat ishlab chiqarishi o’rtaga qo’ygan talablar, inson amaliy faoliyati tug’dirgan ehtiyojlar asosida Bobilda tabiat hodisalari haqida, ularning mazmunini tushunib olib, ulardan turmushda foydalanish zarurati, mahsulot va narsalarning miqdorini aniqlash, og’irligi va uzunligini o’lchash, ishchi kuchlarning samarasini belgilash, binolar hajmini topish dalalarning er satxini hisoblab chiqish zarurati dastlabki arifmetik va geometrik bilimlarning paydo bo’lishini taqozo etadi. Bu narsa o’sha davrlardayoq taqvimning paydo bo’lishiga olib kelgan va odamlardan astronomiya sohasida ma’lum bilimlarga ega bo’lishni talab qiladi. SHu asosda Bobilliklar quyosh soati, Quyosh ko’rsatgichi va uning 12 bo’lakka bo’linishini azaldan bilishgan. Antik davr ma’lumotlariga ko’ra, Bobilda matematika, geometriya, astronomiya bilan bir qatorda, tibbiyot, tarix, geografiya, filologiya, musiqa, tasviriy san’at, astrologiya kabi bilim sohalari asta-sekin kurtak yoza boshlagan.
Qadimgi Misr ham jahon madaniyatining eng qadimgi o’choqlaridan biri bo’lib, unda ham ilk madaniy yodgorliklar eramizdan avvalgi to’rt ming yillikning boshlarida vujudga kelgan. Bobil madaniyati kabi qadimgi Misr madaniy yodgorliklarida ham xalq donishmandligining hamma turlarida o’sha davrdagi ijtimoiy, iqtisodiy hayot, tabiat hodisalariga munosabat, kishilarning ijtimoiy, siyosiy, ahloqiy, huquqiy, ularning sintezi bo’lgan falsafiy qarashlarida o’z ifodasini topgan.
Qadimgi misrliklar suvni odamga oziq-ovqat etishtiruvchi, inson uchun dastlabki ulug’ ne’mat, deb bilganlar. Suv ularga butun tabiatning, hayotning asosi bo’lib ko’ringan. Ular Nil daryosini ilohiy bir mo’’jiza deb, tabiatdagi o’simlik va daraxtlarga talpinganlar. Qadimgi misrliklar astronomiya sohasida ba’zi bilimlarga ega bo’lib, sayyoralarni yulduzlardan ajrata bilganlar, alohida yulduzlar xaritasini va har xil taqvimlar tuzganlar. Qadimgi Misrda tibbiyot juda rivojlangan, misrliklar kasalliklarning juda ko’p turlaridan xabardor bo’lishib, tashhis qo’yish sohasida katta tajribalarni qo’lga kiritganlar. Qadimgi misrliklar, ayniqsa qurilish, arxitekturaga, san’atning juda ko’p turlariga, hisob-kitob, o’lcham va chizmachilik, matematik va astronomik bilimlarga egaligi jihatdan boshqalardan tubdan farq qilishgan. Haqiqiy ma’noda ular geometriya va astronomiyaga oid bilimlarning ilk yaratuvchilari bo’lishgan. Misr ehromlari-piramidalar buning rad qilib bo’lmas hayotiy guvohlaridir. Umuman, Qadimgi Bobil va Misr xalqlarining madaniyati, urf odatlari, dunyoqarashlari, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, badiiy, ahloqiy va falsafiy qarashlari butun qadimiy SHarq xalqlari kabi diniy qarashlar bilan sug’orilgan bo’lgan. Ularning bu qarashlari nasldan-naslga, avlodlardan-avlodlarga o’tib, SHarqdagi boshqa ko’pchilik xalqlar madaniy-ma’naviy taraqqiyotiga, ijtimoiy-falsafiy fikrlar rivojiga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatgan. Buni biz qadimiy Hindistonning madaniy-ma’naviytaraqqiyoti misolida yaqqol ko’rishimiz mumkin.Qadimgi Hindiston o’zining boy tarixi va madaniyatiga, diniy va falsafiy ma’lumotlariga ega bo’lgan. Hindistonda eramizdan 3 ming yil muqaddam erni sun’iy sug’orish, dehqonchilik taraqqiy etgan, anhorlar qazilgan, kulolchilik, yog’ochsozlik, to’qimachilik, zargarlik, hunarmandchilik, pishiq g’ishtlardan ko’p qavvatli binolar qurish, jun va zig’ir tolasidan matolar tayyorlash, mis va temir, qalay va qo’rg’oshindan qurol-aslahalar yasash taraqqiy etgan. Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston» asarida yozilishicha, eramizning birinchi asrlaridayoq Hindistonda tibbiyot, riyoziyot, ilmi nujum, kimyo, musiqa, po’ziya, tarix, san’at va falsafaga oid bilimlar keng rivojlangan bo’lgan. Ayniqsa, noyob tabiatga, sa[iy zaminga, ajoyib nabotot va hayvonot olamiga boy bo’lgan Qadimgi Hindistonda madaniyat va san’atga oid, diniy, falsafiy qarashlar keng rivojlangan. Bunga bizgacha etib kelgan «Ramayana», «Mahobhorat» («Maxayana»), «Kamila va Dimna» kabi buyuk asarlar to’liq guvohlik beradi. Bu buyuk nafosat va betimsol hikmat hazinasi bo’lgan asarlarda hind xalqining qadimiy urf-odatlari, an’analari, odob-axloqi, madaniyati, dini va tarixi, milliy qadriyatlari bilan birga, ularning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy badiiy va falsafiy qarashlari yorqin ifodasini topgan. Bulardan tashqari, qadimiy Hindistonda falsafiy fikrlar to’rtta Vedalarda ham ifodalangan. Ular: Rigveda, Samaveda, Yajurveda, Atxarvavedalardir. Bu vedalardan eng muhimi Rigveda bo’lib, u eramizdan 1500 yil oldin paydo bo’lgan. Bu Vedalarda diniy qarashlar bilan birga olam, borliq fazo va vaqt inson, inson hayotining ruhiy va tabiiy asoslari, tabiat va jamiyat o’rtasidagi aloqadorlik, ilohiy kuchlar, ularning faoliyatlari haqida muhim falsafiy fikrlar va qarashlar ilgari suriladi. Keyinchalik bu vedalarni turlicha tushunish asosida ularni turlicha talqin etuvchi falsafiy maktablar vujudga keladi. Bu maktablar o’z g’oyaviy yo’nalishlariga ko’ra ikki oqimni tashkil qilishadi. Birinchi oqim tabiiy materialistik yo’nalishda bo’lib, uni buddizm, hinduizm, jaynizm, lokayata va chorvaka maktablari tashkil qiladi. Ikkinchi oqim esa diniy idealistik yo’nalishda bo’lib, unga vedanta, mimansa, sankxiya, yoge, n’yaya, vaysheshika, maktablari kiradi.
Bu yuqoridagi maktablardan lokayata va chorvaka maktablari haqiqiy real dunyo, deb insonlar yashaydigan dunyoni tushunadilar. Ularning tarafdorlari dunyoni, tabiat hodisalarini, ular qanday bo’lishsa, xuddi shunday tushunmoq va tushuntirmoq kerak, degan talabni ilgari suradilar. Ular nuqtai nazaricha, butun borliq: olov, suv, havo, tuproqning yig’indisidan iborat bo’lib, inson ham ana shu to’rt unsur birikmasidan tashkil topgan. CHorvakalar dunyoni hech kim yaratgan emas, balki uning asosida to’rt moddiy elementlar birligi yotadi, deb hisoblaydilar. Ular: «Olovni kim issiq qildi, suvni kim sovuq qildi?» va kabi savollar berib, «Ularning hammasini shu hodisalarning o’zidan qidirish kerak», - deb javob qaytaradilar.
Lokayata maktabi vakillari, hayotning murakkab shakllari uning oddiy shakllarining uzoq davom etgan evolyusiyasi tufayli vujudga keladi, deyishadi. Ularning fikricha, inson bir marta yashaydi. SHuning uchun u baxtli hayot kechirishga, o’zining oqilona ehtiyoj va manfaatlarini qondirishga intilishi kerak. Bunday falsafiy qarashlar qadimgi Xitoyda ham vujudga keladi.
Qadimgi Hindiston kabi, qadimgi Xitoy ham SHarqda yirik o’choqlardan biri bo’lgan. Eramizdan 2000 yil ilgari bu erda ham dehqonchilik keng taraqqiy etib, sug’orish ishlari ancha rivojlanadi. Bu erda ham metaldan, xususan, temirdan mehnat qurollari ishlab chiqarish avj oladi. Qishloq xo’jaligi, irrigatsiya ,hunarmandchilik, savdo-sotiqning ravnaqi turli bilmlarning rivojlanishi uchun keng yo’l ochadi. Natijada, qadimgi Xitoyda, astronomiya, biologiya, tibbiyot, san’at va madaniyat sohalari katta yutuqlarga erishadi. Bu erda ham dastlabki falsafiy ta’limotlar paydo bo’lib, ularda dunyo abadiy, u 5 unsur – olov, suv, er, daraxt va metalldan tashkil tapgan, degan qarashlar ilgari suriladi. Eramizdan oldingi XIX asrlarga kelib, Xitoyda daosizm falsafiy oqimi paydo buladi. Uning asoschisi Lao-Szi, birinchi Xitoy faylasufidir. Qadimgi Xitoyning ko’zga ko’ringan faylasuflaridan biri Lao-Szidir (VI-V asrlar). Uning ta’limotiga ko’ra, olam, jamiyat va inson hayoti Dao qonuniga bo’ysunmog’i lozim. Daosizm ta’limoti ana shu tariqa shakllangan. Dao qonuni — tabiatning yashash qonunidir, undagi rang-baranglik kurashi va uyg’unligi abadiyligining e’tirof etilishidir. Bu qonunga ko’ra, olamning asosini tashkil etuvchi «Si», ya’ni beshta unsur — olov, suv, havo, er va yog’och yoki metall olamdagi barcha jismlar asosini tashkil etadi hamda ularning yuzaga kelishini ta’minlaydi. Lao-Szining ta’kidlashicha, olamda hech bir narsa doimiy va o’zgarmas, harakatsiz holda bo’lishi mumkin emas.
Daosizmga binoan, dunyodagi hamma narsa bir holatdan ikkinchi holatga o’tib turadi. Qarama-qarshi kuchlar o’rtasidagi kurash, ya’ni in va Yan orasidagi munosabat — bizni o’rab turgan olamni harakatga keltiruvchi kuchlar manbaidir. In va Yan o’rtasidagi kurash daoni anglatadi. Odamzod bu kurash jarayonida doimo yaxshilik tomonida turishi, o’zini qurshab turgan tabiat va atrofdagi olamga mehr ko’rsatishi lozim. Bo’lmasa, Dao qonuni buziladi va bunday joyda baxtsizlik, fojia yuz beradi. Lao-Szi bu o’rinda ekologik falokatni nazarda tutgan. «Kishilar Dao qonunini buzmasliklari kerak, aks holda tabiat ulardan albatta o’ch oladi», degan edi Lao-Szi. Buni ekologik falokatlar avj olib borayotgan bugungi kun voqeligi ham tasdiqlaydi. U dunyo moddiy, u tabiiy qonunlar asosida to’xtovsiz harakat va o’zgarishda bo’ladi, deydi. Lao-Szi o’zi bu haqda shunday yozadi: «Ulug’ dao hamma yoqqa qarab oqadi. U o’ngga ham, so’ngga ham yoyilgan. U tufayli jami mavjudod tug’iladi, ular hamisha o’zgarishda bo’lib, bir joyda to’xtab qolmaydi».
Daosizm falsafiy ta’limotiga ko’ra dunyodagi hamma narsalar qarama-qarshiliklarning bir-biriga bog’liqligi asosida, bir-biriga zid holda aylanib, o’tib turadi. Tabiatdagi go’zallik va xunuklik, balandlik va pastlik, yaxshilik va yomonlik, borliq va yo’g’lik, uzunlik va qisqalik bir-biriga o’tadi, bir-birini tug’diradi, bir-biriga bog’liq. Tabiatdagi barcha hodisalar qarama-qarshiliklarni o’z ichiga oladi. «In» va «Yan» qarama-qarshi kuchlar va tabiatning «5 unsuri» haqidagi ta’limotni Szou Yan ishlab chiqadi.
Qadimgi Xitoy falsafiy qarashlarida Konfutsiyning (Er.avval 551-479 yillar) axloqiy ta’limoti ham muhim o’rin tutgan. U o’zinig falsafiy qarashlarida kishilarni tarbiyalash masalasiga katta e’tibor qaratadi. Uning fikricha, odamlar o’z tabiyatiga ko’ra bir-biriga o’xshashdirlar, faqat ular o’z tarbiyalariga ko’ra bir-birlaridan farq qiladilar.
Konfutsiy (xitoycha 孔子, mil. avv. 551-479 yil) — Xitoy faylasufi, konfutsiychilik asoschisi va siyosiy arbob bo’lgan. Uning saboqlari va faylasufligi Xitoy, Koreya, Yaponiya va Vetnam halqlarining o’y-fikri va hayotiga chuqur ta’sir ko’rsatgan. Konfutsiy kambag’allashib qolgan aristokrat va harbiylar oilasida tug’ilgan. 22 yoshida ta’lim berish bilan shug’ullanib, Xitoyning eng mashhur o’qituvchisi sifatida shuhrat qozongan. Konfutsiy o’zi ochgan maktabida 4 ta fan: axloq, til, siyosat va adabiyot o’qitilgan. 50 yoshida Konfutsiy siyosiy faoliyatini boshlab, Lu davlatida yuqori amaldor bo’lib xizmat qiladi. Fitnalar natijasida xizmatidan ketadi, 13 yil mobaynida Xitoyning turli o’lkalariga boradi, biroq u joylarda o’z g’oyalarini qo’llay olmagach, miloddan avvalgi 484-yilda Luga qaytib keladi. Ta’lim berishdan tashqari qadimiy Xitoyning 5 ta mumtoz asari — „SHudzin“, „SHidzin“, „Idzin“, „Yuedzin“ va „Lidzi“ni to’plash, tahrir qilish, tarqatish bilan shug’ullanadi. Konfutsiy ta’limoti uning „Lun yuy“ („Suhbatlar va mulohazalar“) kitobida bayon etilgan. Bu kitob aslida Konfutsiyning fikrlari va suhbatlari asosida shogirdlari va izdoshlari tomonidan yaratilgan. Konfutsiy o’zi uchun, avlodlari, yaqin shogirdlari uchun alohida ajratilgan qabristonga dafn etilgan; uning uyi Konfutsiy ibodatxonasiga aylantirilgan, bu joy ziyoratgoh bo’lib qolgan.
Konfutsiyning ta’limotida Li degan tushuncha alohida ahamiyatga ega. Bu tushuncha «Tartib», «Marom» degan ma’nolarni anglatadi. «Li» bo’lmasa, jamiyatda tartib bo’lmaydi, demak, jamiyat ravnaq topmaydi. SHuning uchun jamiyatda doimo tartib bo’lishi zarur», – deydi u. Konfutsiy Osmonga, uning ulug’vorligiga murojaat etib, ijtimoiy tuzilmalar ierarxiyasi, kishilar qat’iy subordinatsiyasining zarurligini ko’rsatishga harakat qiladi: «Osmon har bir insonga uning jamiyatdagi o’rnini belgilaydi, uni taqdirlaydi, unga jazo beradi»2. Xullas, Qadimgi Xitoydagi falsafiy ta’limotlar tarixiga nazar tashlar ekanmiz, bu erda ham materialistik va idealistik tendensiyadagi falsafiy oqimlarning guvohi bo’lamiz. Masalan, ko’pchilik qadimgi Xitoy faylasuflari tushuncha, predmetning nomi bilan reallikdagi predmetning o’zaro munosabatito’g’risidagi muammoni hal qilishga qiziqqanlar. Mo Di (Mo-Szi), Syun-szi va boshqalar tushunchalar («nomlar») ob’ektiv hodisalar va narsalarning inson ongidagi in’ikoslari, desalar, Gunsun Lui tushunchalarni mutlaq mohiyat, deb qarab, ularni borliqdan uzib qo’yadilar. Umuman, Konfutsiy va Myan-Szining axloqiy siyosiy nazariyalari, Xan Fey-szi va «qonunchilar» maktablari vakillarining davlat va huquq to’g’risidagi fikrlari haqida ham ma’lum mulohazalar aytish mumkin. Bular Qadimgi Xitoy falsafasining «oltin davri»ni tashkil qiladi.
Markaziy Osiyo-qadimiy Turon jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga ulkan hissa qo’shgan mintaqalardan biri bo’lgan. Hozir O’zbekiston, deb ataluvchi bu xudud, ya’ni bizning Vatanimiz nafaqat SHarq balki butun jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo’lganini bugun jahon tan olmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy falsafiy fikri haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo’lishimizda qadimiy xalq og’zaki ijodiga oid afsona va rivoyatlar, qadimgi hind, xitoy va yunon tarixchilarining asarlari, “Avesto”, “Behistun”, “Bundaxshin” va shular kabi yozma yodgorliklarda aks ettirilgan. Ayniqsa “Avesto”, shubhasiz, Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy ma’naviyat, madaniyat, xususan falsafiy qarashlarini o’rganish uchun bebaho manbadir. Bu asar bizga qadimgi Markaziy Osiyo xalqlarining ilk tabiiy-ilmiy tasavvurlari, ijtimoiy-siyosiy, diniy va falsafiy fikrlarining shakllanishini aniqlash uchun juda boy manba bo’lib xizmat qiladi. Mustaqillik yillarida bir qator olimlarimiz ushbu kitobni tadqiqot qilishdi (T.Maxmudov, G.Maxmudova, H.Homidiy, M.Ishokov va boshq.) Tadqiqotchilarning yozishicha 21 kitobdan iborat bo’lib, uning 7 kitobi dunyo va inson zotining o’tmishi haqida, 7 kitobi inson axloqi, uning huquqlari haqida, 7 kitobi tibbiyot, ilmiy-hay’at hamda aniq fanlarga oid bilimlar haqida bo’lgan.Bu asar zardushtiylik diniy-falsafiy ta’limotining muqaddas kitobi sifatida o’zida ajdodlarimizning tabiat, borliq, olam, jamiyat, inson, uning hayoti, axloqi, huquqlari, burchi kabi masalalar yuzasidan dastlabki diniy falsafiy qarashlarini ifodalaydi.
Zardushtiylik diniy-falsafiy ta’limotiga ko’ra, olamda ikkita kuch: yaxshilik va yomonlik kuchlari bo’lib, ular bir-birlariga qarshi kurash olib boradilar. Yaxshilik kuchlariga xudo Ahura Mazda, yomonlik kuchlariga Axriman boshchilik qilishadi. Insonning hayoti, uning taqdiri, baxti va baxtsizligi shu ikki kuch kurashi bilan bog’liq holda ko’rsatiladi. Bunda inson bu faoliyatining sub’ekti sifatida emas, balki xudolar ta’sir ko’rsatadigan ob’ekt sifatida namoyon bo’ladi. Asarda kishilar o’z amaliy ishlari va axloqiy fazilatlari bilan yaxshilikka moyil ekanliklari, ular yovuz kuchlarga qarshi kurashda ezgu ruhlarga ko’maklashishlari lozim, aks holda yomonlik tantana qilib, ular abadul-abad azob-uqubatlarda yashashi mumkinligi aytiladi. Bunda kishilarning yaxshilik va yomonlik haqidagi tasavvurlari va qarashlari ularning amaliy faoliyati bilan bog’langan holda ko’rsatilib, ular kishilar faoliyatini rag’batlantiruvchi, yo’naltiruvchi kuchlar sifatida ifodalanadi.
“Avesto”da insoniyat tarixi haqida ham fikr yuritilib, unda aytilishicha, birinchi paydo bo’lgan odam Ilmadir. Boshqa odamlar keyinchalik undan tarqalgan. Ilma yashagan davr insoniyatning oltin davri deb tasvirlanadi. Bu davrda odamlar o’lmaydilar, ularga abadiy bahor yaratilgan bo’ladi, ular baxtldi va farovon yashaydilar.Biroq shunday bir paytda odamlar ta’qiqlangan mol go’shtini eb, gunoh qilib qo’yishadi. Bundan g’azabi kelgan Angra man’yu (“Axriman”) xudosi ularga qor va sovuqni yuboradi. Ilma shunda uy qurib, odamlarni va bir juftdan hayvonlarni saqlab qoladi. SHundan boshlab, insoniyat tarixining birinchi davri oltin davri tugab ikkinchi- yaxshilik va yomonlikning kurash davri boshlanadi. Bu davrda yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi keskin kurashlar so’ngida xudo Ahura Mazda xudo Axriman ustidan g’olib chiqadi va baxtli hayot saltanati qaror topadi. Bu insoniyat tarixining uchinchi davri bo’lib, insoniyatning kelajagi davridir. Bu davrda kishilarning baxt-saodati, adolatli jamiyat haqidagi orzu-umidlari ushaladi. Bu davrda oldin o’lganlar tiriladi gunohkorlar jazolanadi. Jamiyatda mehnatsevarlik, adolat, halollik, poklik, yaxshilik asosiy o’rinni egallaydi. Masalan, «Avesto»da keltirilgan «Zabardast va qudratli bo’lish uchun hamishahaqiqat va rostlikka muvofiq amal qilsang, zabardast va qudratli bo’lasan», «Haq so’zdan o’zga hech narsa bilan shug’ullanma», «Dunyoni taraqqiyot va kamolot sari harakatga soladigan kishi lar bo’lmog’i lozim», «Yolg’on gapirib tirik qolgandan ko’ra, rost gapirib o’lgan yaxshi», «O’z nafsini engib, jilovlab olmagan kishi, hech narsa ustidan g’olib chiqa olmaydi3» kabi fikrlar hozirgi kunda ham ahamiyatini yo’qotgani yo’q.
3 Umarzoda M. Ovesto sirlari // «Jahon adabiyoti». 1997 y. №4. 19–20-b
“Avesto”da quyidagi uch jihat insonning insoniyligini ta’minlovchi asosiy fazilatlar ekanligi aytiladi. Bular: 1) Ezgu fikr; 2)Ezgu so’z;, 3)Ezgu ish (amal)dir.Mana shu fazilatlarga ega bo’lgan inson oliy haqiqatga musharraf bo’ladi. Bularga erishishning asosiy vositasi mehnat qilish, o’rganish, izlash, o’z ustida tinmay ishlashdir. Avestodagi ilgari surilgan diniy-falsafiy ta’limot, zardushtiylik g’oyalari keyingi davrlar SHarq va Evropa diniy-falsafiy ta’limotlarining shakllanishi va paydo bo’lishida juda katta o’rin tutgan va rol o’ynagan.
2. Islom dinining vujudga kelishi va falsafiy ta’limoti.
Markaziy Osiyo – sivilizatsiyaning qadimgi o’choqlaridan biri. VIII–IX asrlarda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirgan. Qadimiy boy an’analarga ega bo’lgan Misr, Suriya, Mesopotamiya, Eron, O’rta Osiyo kabi madaniyat o’choqlari istilo etilib, bir davlat ichiga birlashtirildi. Natijada, tarixiy sivilizatsiyalar o’rtasida bevosita muloqot boshlanib, yangi islom madaniyati shakllana boshladi. Ichki Arabiston hududida shaharlar mavjud bo’lishiga qaramasdan, hajmi va ahamiyati jihatdan yangi bo’lgan markazlar vujudga kela boshladi. Ularning shakllanishida arablar bilan bir qatorda boshqa xalq vakillari ham faol qatnashdilar. Yangi shaharlar qurilishi davlatning harbiy-siyosiy mavqeini mustahkamlashda muhim o’rin egalladi.
Qur’on – islom dinining asosiy manbasi va qadimiy adabiy-tarixiy va madaniy yodgorlik hisoblanadi. U VII asrdagi arablar hayoti va ijtimoiy holatini o’zida aks ettiradi. Unda diniy-falsafiy tasavvurlar va rivoyatlar, qabila-urug’chilik hayot tarziga xos an’ana, urf-odat va marosimlar, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy va axloqiy qonun-qoidalar, oila-nikoh, ajdod va avlodlarga munosabat, mulkchilik va vorislik, savdo-sotiq va qarz-muomalalariga xos ko’rsatmalar o’z ifodasini topgan.
Qur’oni karim xalifa Abu Bakr davrida to’planib, Usmon davrida yozma holga keltirilgan ekan, uning holati Muhammad payg’ambar davrida qanday holatda bo’lganligi masalasi muhimdir. Ba’zi tadqiqotlarda ilk davrda Qur’onni musulmonlar yodlab olar, yozma nusxalari esa, hijratdan so’ng paydo bo’la boshladi, degan xulosalar uchraydi. Ammo, tarixiy ma’lumotlar Qur’onning nozil etilgan oyatlarini sahobalar yozib yurganliklari va uni boshqalarga tarqatganliklari haqida Umar ibn al-Xattobning Qur’on oyatlari bitilgan matnni o’qiganligi va islom dinini qabul qilganligi (615 yil) dalil bo’ladi. Demak, Qur’on oyatlarini musulmonlar hijratdan oldin ham yozma holga keltira boshlaganlar. Qur’on va hadislarda islomiy ta’limotning asosi bayon qilingan. Qur’on — muqaddas kitob. Unda islom qonun-qoidalari, iymon-e’tiqod talablari, huquqiy va axloqiy me’yorlar o’z ifodasini topgan. U 114 sura va ular tarkibidagi oyatlardan tashkil topgan.
«Sunna» esa hadislar majmui bo’lib, Qur’ondan keyin turadi va uni to’ldiradi. Unda Muhammad payg’ambarning so’zlari, xatti-harakatlari naqllar va hadis shaklida jamlangan. Qur’on va sunnadan keyingi muhim manba — shariatdir. SHariat (to’g’ri yo’l, ilohiy yo’l demakdir) — islomda huquqiy, axloqiy me’yor va amaliy talablar tizimidir. Islomdagi asosiy yo’nalishlar — sunniylik, shialik va xorijiylik. Ular diniy ta’limot, marosimchilik, axloqiy-huquqiy me’yorlarga oid masalalarda o’zaro farqlanib turadi. Sunniylik va shialik hokimiyat masalasida (sunniylik xalifalik hokimiyati, shialik esa imomat hokimiyati tarafdori), ayrim diniy marosim va an’analarda bir-biridan farq qiladi. Islomda hanafiylik, ash’ariylar, jabariylar, qadariylar, sifatiylar, murji’iylar, mu’taziliylar kabi mazhablar mavjud. Qadariylar inson iroda erkinligini yoqlab chiqib, uni tan olmagan jabariylarga qarshi chiqqan. Mutakallimlar aristotelchilik falsafasi usul va vositalaridan foydalanib, islomning diniy-aqidaviy ta’limotini asoslab berishga uringan.
Tasavvuf va uning tariqatlari. Tasavvuf falsafiy oqim va diniy-ma’naviy hodisa sifatida islom dini doirasida (ko’pgina ichki sabablar va ba’zi tashqi unsurlar — buddaviylik va hindiylikning ilk diniy tasavvurlari, sharqiy xristian tarkidunyochiligi, neoplatonizm kabilarning ta’siri ostida) paydo bo’ldi. Tasavvuf uchun vahdoniyat — Ollohning birligi, Olloh va olamning porlab turishi, fano bo’lish, orif shaxsining tangri taolo bilan ruhan birlashib ketishi kabi mushohadalar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oqim namoyandalari va tarafdorlarini so’fiylar, deb ataganlar va «so’fizm» atamasi shundan paydo bo’lgan. Ilk so’fiylar aholining kambag’al toifasi orasida shakllangan. Ularning qarashlari istilochilar zulmi, adolatsizlik, ijtimoiy tengsizlikka qarshi norozilik belgisi sifatida ham yuzaga kelgan.
Yüklə 117,95 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə