1-mavzu: Sotsiologiya fan sifatida


b) So‘rov usuli va uning turlari



Yüklə 0,93 Mb.
səhifə46/50
tarix09.06.2022
ölçüsü0,93 Mb.
#89153
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   50
manaviy begonalashuv

b) So‘rov usuli va uning turlari.
Sotsiologik ma’lumotlarni yig‘ish usullaridan biri so‘rov usulidir. So‘rov usuli yordamida boshqa hujjatli manbalarda uchramaydigan va boshqa sotsiologik tadqiqot usullari yordamida olish mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar, axborotlarni olish mumkin. SHuning uchun, kishilar, ijtimoiy hayot jarayonlariga bo‘lgan munosabatini, fikrini sotsiologik jihatdan o‘rganishda so‘rov usulining ahamiyati beqiyos kattadir. Ayniqsa, hozirda, jamiyatimizning bozor munosabatlariga o‘tib borish jarayonida, ijtimoiy kommunikatsiyaning roli ortib borishi bilan so‘rov usulining sotsiologik tadqiqotlar olib borishdagi o‘rni va ahamiyat yanada ortmoqda.
So‘rov usulidan dastlabki sotsiologik axborotlarni olish uchun foydalaniladi. So‘rov o‘z xarakteri bilan og‘zaki yoki yozma ravishda bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchining respondent /inglizcha – so‘z bo‘lib, javob bermoq ma’nosini anglatadi, ya’ni anketa savollariga va intervyuga javob beruvchi tushuniladi/ bilan muloqotda bo‘lish shakli va sharoitiga qarab so‘rov yozmaanketa orqali va og‘zakiintervyu olish, yashash joyi va uyushgan auditoriyada /mehnat jamoasida, mahallada, o‘quv yurtida/, sirtdan /ro‘znoma orqali, pochta orqali anketa o‘tkazish/ va yuzma-yuz, telefon orqali, guruhli yoki inidividual kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
Formallashtirish darajasi bilan oldindan rejalashtirilgan va erkin, bir marotaba va takror bo‘lishi mumkin. Ekspert so‘rovi ham sotsiologik tadqiqotlarda muhim o‘rin tutmoqda. Olingan mavjud sotsiologik ma’lumotlarni qayta tekshirishda, ularni qanchalik mos ekanligini aniqlashda ekspert so‘rovi turidan foydalaniladi.
So‘rov usulidan quyidagi hollarda foydalanish mumkin:
1/ o‘rganilayotgan muammo bo‘yicha yetarli darajada ma’lumotlar kam yoki mutlaqo bo‘lmaganda; 2/ tadqiqot predmeti yoki uning ayrim jihatlarini kuzatish imkoniyati bo‘lmaganda; 3/ tadqiqot obyekti sifatida ehtiyoj, manfaatlar, qiziqishlar, kayfiyat, qadriyatlar, e’tiqod, ishonch, yoqlash kabi ijtimoiy yoki individual ong elementlarini o‘rganish jarayonida; 4/ so‘rov usulining imkoniyat darajasini oshirish maqsadida qo‘shimcha tarzda va boshqa sotsiologik tadqiqot usullari yordamida olingan empirik ma’lumotlarni qayta tekshirish uchun; 5/ muayyan ijtimoiy muammo ustida olib borilayotgan sotsiologik tadqiqot jarayonini qanchalik to‘g‘ri ekanligini nazorat qilib borishda.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, sotsiologik tadqiqotlarda so‘rov usulidan yozma ravishda – anketa orqali va og‘zaki – intervyu olish orqali foydalaniladi.
Anketa orqali so‘rov o‘tkazish eng keng tarqalgan so‘rov turi hisoblanadi. Chunki, anketa savollari orqali respondentlardan olinadigan javoblarni umumlashtirib, guruhlashtirish bilan tadqiq etilayotgan ijtimoiy muammo to‘g‘risidagi jamoatchilik fikri oydinlashadi. Olingan ma’lumotlarning qanchalik to‘g‘ri, obyektiv va hayotiy ekanligi esa tadqiqotchilar tomonidan tuziladigan anketa savollarining qanchalik mohirona va savodli ekanligiga bog‘liq bo‘ladi. Anketaga kiritilgan savollar sodda, tushunarli va javob berishga qulay tuzilishi shart. Unda respondent xarakteri, yoshi, kasbi, ma’lumot darajasi va ruhiy jihatlari hisobga olinmog‘i lozim. Aks holda, anketa so‘rovi o‘rganilayotgan muammo to‘g‘risida ishonchli, obyektiv ma’lumotlar bermasligi mumkin.
Anketa so‘rovi orqali empirik ma’lumotlarning aniq, hayotiy bo‘lishi – anketa o‘tkazish jarayonini qanchalik to‘g‘ri tashkil qilish bilan bog‘liq. Anketa o‘tkazishning asosiy komponentlari – tadqiqotchi, so‘roqlov varaqasi va respondent hisoblanadi. Tadqiqotchi yoki tadqiqot o‘tkazilayotgan obyektning rasmiy va norasmiy vakillari, rahbarlari tomonidan respondentlarga anketani tarqatish va ularni to‘ldirish vaqtida nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, respondent tomonidan mustaqil, o‘zgalarning maslahatisiz to‘ldirilishi shart. Anketa to‘ldirishda respondentning ismi-sharifi ko‘rsatilmasligi kerak. CHunki, anketa varaqasiga ismi-sharifini ko‘rsatish talab qilinsa, o‘rganilayotgan muammo to‘g‘risida salbiy yoki e’tirozli fikr bildirishdan cho‘chib, respondent o‘z fikrini ochiq-oydin yozmasligi mumkin. Siyosiy, ma’muriy tayziqlardan yuragini oldirib qo‘ygan o‘zbek fuqarosi buni juda yaxshi tushunadi. Boshqa jihatdan esa, ko‘pchilik kishilarga xos, yuqori rahbariyatga yaxshi ko‘rinish, boshlig‘iga shaxsiy sodiqligini bildirib qo‘yish maqsadida ham berilgan savollarga noreal, “o‘ta ijobiy” javob berib, kimligini bildirib qo‘yish maqsadida ismi-sharifini ataylab ko‘rsatib qo‘yadiganlar ham uchrab turadi. Shuningdek, anketa savollariga, tadqiqot ishiga qarshi shaxslar ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, respondentlar bilan juda ehtiyot bo‘lib, chiroyli, do‘stona muomalada bo‘lish zarur. Anketa o‘tkazish davomida tadqiqotchidan yumshoqlik, shirinsuxanlik talab qilinadi.
Anketa o‘zining tarkibiy tuzilishiga ega. Anketa so‘rovi: 1/ eng avvalo, anketa savollari tizimini ishlab chiqish jarayonini o‘z ichiga oladi; 2/ anketa so‘rovini kim tomonidan, qanday maqsadda o‘tkazilishini va respondentlarga anketa to‘ldirib berishni o‘z ichiga oladi; 3/ anketa pasporti ham tarkibda muhim o‘rin tutib, unda respondentning ijtimoiy-demografik xarakteristikasi tushuntiriladi. Bunda respondentning yoshi, jinsi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi va holati, ma’lumot darajasi, kasbi, partiyaviyligi, oilaviy ahvoli kabi ma’lumotlar aniqlanadi. Ko‘pincha pasport anketaning oxirida beriladi. Ko‘pchilik sotsiologlarning fikricha, agar pasport anketaning boshida berilsa, respondentni cho‘chitib empirik ma’lumotning aniq va to‘g‘ri, hayotiylik darajasini pasaytirib yuboradi.
Asosiy savollar anketa tarkibida markaziy o‘rin egallaydi. Chunki, asosiy savollarga beriladigan javoblar sotsiologik tadqiqotlarning asosiy ma’lumotlari hisoblanadi.
Intervyu hozirgi kunda eng ko‘p va keng tarqalgan so‘rov usulidir. Intervyudan bu qadar keng ko‘lamda foydalanishda radio, televideniye, kundalik matbuotning roli katta bo‘lmoqda. Shuning uchun ham intervyu sotsiologiya, psixologiya, jurnalistika, statistika, etnografiya, pedagogika, boshqaruv singari fanlarda keng va muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, hozirda bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida kundalik hayotimizda ro‘y berayotgan jiddiy o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ommaning ijtimoiy fikrini aniqlashda intervyu olishning salmog‘i ortmoqda. So‘rov usulining bu turida intervyu ikki asosiy funksiyani bajaradi: 1/ muayyan voqea-hodisa, jarayon to‘g‘risida ma’lumot yig‘iladi; 2/ shu bilan birga, obyektga – respondentga intervyu orqali ta’sir ko‘rsatiladi.
Sotsiologik tadqiqotlarda intervyu o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Eng avvalo, shuni ko‘rsatib o‘tish lozimki, intervyu orqali empirik ma’lumotlarni yig‘ish shaxsning individual jihatlari bilan ro‘baro kelinadi. SHu orqali respondent to‘g‘risida, uning tadqiq etilayotgan muammo to‘g‘risidagi qarashlari, fikri to‘g‘risida axborot olinadi. Beriladigan savollarga nisbatan respondentning ruhiy reaksiyasi kuzatiladi va hisobga olinadi.
Intervyu olishda tadqiqotchi respondent bilan yaqin, samimiy, yuksak axloqiy muomalada bo‘lishi shart. Beriladigan savollar avvaldan puxta o‘ylangan, respondentning shaxsiyatiga tegmaydigan, mazmunli bo‘lishi talab qilinadi. Bunday shartlar respondentning intervyu so‘roviga jiddiy munosabatda bo‘lib, beriladigan savollarga to‘la va har tomonlama javob berishini ta’minlaydi.
Intervyu olishda o‘ziga xos qiyinchiliklar ham mavjud. Bunday qiyinchiliklarga eng avvalo intervyu ko‘p vaqt va moddiy sarf-xarajatlar talab qilishini kiritish lozim. Har bir respondent bilan ruhiy munosabat o‘rnatish zarur. Bunga esa doimo ham erishilavermaydi. O‘ta injiq, alamzada, hatto tajovuzkor respondentlar ham uchrab turadi. Sotsiologik tadqiqot o‘tkazish madaniyati esa intervyu yakunining doimo muvaffaqiyatli va ijobiy tugallanishini talab qiladi.
Intervyu tayyorlash, uni o‘tkazish va olingan natijalarni umumlashtirishning o‘zi qiyin jarayon hisoblanadi. Chunki, o‘rganilayotgan muammoning mohiyatini, kelib chiqish sabablarini, umumiy tendensiyalarini va uni bartaraf qilish yo‘llarini o‘rganish uchun yuzlab respondentlar bilan muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. 1-2 intervyu olish bilan tadqiqot obyekti bo‘yicha obyektiv asosga ega bo‘lgan ilmiy tasavvur hosil qilib bo‘lmaydi.
Sotsiologik adabiyoyotlarga intervyu bir necha turlarga ajratib ko‘rsatilgan, quyidagilar shular jumlasidandir:
Erkin intervyu /standartlashtirilmagan/ – bunda respondent bilan uzoq, erkin tarzda suhbat o‘tkaziladi.
Standartlashtirilgan intervyu – oldindan rejalashtirilgan, muayyan mavzuning qat’iy belgilangan doirasidan chiqmaydigan turiga aytiladi. Intervyuning bu turi asosan davlat rahbarlari, siyosiy arboblar, siyosatchilar, mas’ul va ma’muriy shaxslar – respondentlar bilan o‘tkaziladi.
Yarim standartlashtirilgan intervyu esa qat’iy belgilangan savollardan tashqari respondentning yoki tadqiqot obyektining norasmiy jihatlarini oydinlashtirish, ular to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida o‘tkaziladi.
O‘tkazish jarayoniga ko‘ra intervyu: a/ ko‘cha-ko‘yda, b/ guruhli, v/ klinik, g/ yo‘naltirilgan kabi shakllarga ega. Muloqot vositasi sifatida esa chik, yuzma-yuz, telefon orqali yoki yopiq tarzda bo‘lishi mumkin.
Ayrim respondentlar bilan yopiq tarzda intervyu o‘tkazishga ham to‘g‘ri keladi. Bunda respondentning shaxsi sir tutiladi. Chunki, respondent ochiq intervyu berishdan manfaatdor bo‘lmaydi. Ko‘pincha, yopiq intervyu davlat ichki ishlar maxsus bo‘limlari vakillar bilan, ayrim jinoyatchilar bilan, or-nomusni yo‘qotib pushaymon bo‘lgan shaxslar – respondentlar bilan olib boriladi.
Intervyuning har qanday tipidan /kamida 50 dan ortiq respondentdan/ olingan empirik ma’lumotlar mazmun jihatdan guruhlarga ajratilib, umumlashtiriladi. Bu esa sotsiologik tadqiqot jarayonining keyingi bosqichida amalga oshiriladi.
Sotsiometriya – kichik guruhlarni tarkibiy tahlil qilish usuli.
Sotsiometriya /lotincha so‘z: societas – jamiyat va yunoncha so‘z: metron – o‘lchamoq ma’nosini anglatib/ kichik ijtimoiy guruhlardagi shaxslararo munosabatlarni miqdoriy o‘lchovlar asosida o‘rganadi. Unda kishilarning o‘zaro bir-birlarini xush ko‘rish, yoqtirish va xush ko‘rmaslik mayillari o‘rganiladi.
Sotsiometriya tushunchasi XIX asr oxirida matematik usulning ijtimoiy hayotga tadbiq qilishi oqibatida paydo bo‘ldi. Sotsiometriyaga XX asrda fransuz sotsiologi, faylasufi G.D.Gurvich /1894-1965/ va amerika ruhshunos olimi Ya.L.Moreno /1892-1974/ lar tomonidan asos solingan. Ular kichik ijtimoiy guruhlarda shaxslararo munosabatlarni tadqiq qilish – mikrosotsilogiyada sotsiometriyani qo‘lladilar. Ayniqsa, ijtimoiy psixologiyada sotsiometriyaning ahamiyati katta bo‘ldi.
Ya.L.Morenoning sotsiometriya tizimi 5 asosga ega edi:
1.Kishilarning o‘zaro xush ko‘rishlik va yoqtirmaslik asosidagi ehtiros quvvati. Ularni aniqlash sotsiometriyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
2.Jamiyat “sotsial atomi” alohida individ emas, balki individlarning birgalikdagi munosabatidan iborat. Bu aloqadorlik jarayoni ikki darajaga ega: o‘z-o‘zidan yuzaga keluvchi va real – bunda ehtirosli sherik shu bosqichda o‘rganiladi.
3.Sotsial gravitatsiya qonuni.
4.Sotsiologik qonun.
5.Sotsiodinamik qonun.
Kishilar hayot faoliyat davomida o‘zaro bir-birlariga nisbatan ijobiy /simpatiya/ yoki salbiy /antipatiya/ tuyg‘ularga ega bo‘ladilar. Har qanday kichik ijtimoiy guruh, tashkilot va muassasaning faoliyati uning a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar xarakteriga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ularda ijtimoiy muhit qanchalik musaffo bo‘lsa; ijtimoiy tizim faoliyati ham shunchalik muvaffaqiyatli boradi. Aks holda, kichik guruhlar va ulardagi kishilar hayoti shunchalik qiyin va og‘ir kechadi. Sotsiometriya esa shu qiyinchiliklarni, nomuvofiqlilarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Jamiyat rivojlanishi, undagi kishilar hayoti ham butun olam tortishish qonuniga bo‘ysunadi. Xuddi tabiatdagidek, jamiyatda ham kishilar o‘zaro gravitatsion /o‘zaro tortishishga asoslangan/ munosabatda bo‘ladi. Tabiatdagidan farq qilib, jamiyat hayotida bu qonuniyat o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Aql kuchi, bioquvvat, xarakter, temperament, mayl, ta’b, odat, tarbiya, did, e’tiqod va shu kabi ijtimoiy-ruhiy omillar kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning murakkab gravitatsion asosini tashkil qiladi. Ular asosida kishilar o‘zaro yaqin “tortiladilar”, do‘stona, samimiy bo‘ladilar yoki bir-biridan uzoqlashadilar, adovatda bo‘ladilar. Sotsiometriya shu jarayonlarni miqdoriy jihatdan o‘rganadi. O‘z navbatida miqdoriy o‘lchovlar sifatiy ko‘rsatkichlarni farqlashga xizmat qiladi.

Yüklə 0,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   50




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə