1. Moliya / Buxgalteriya hisobi]



Yüklə 71,11 Kb.
səhifə4/4
tarix31.12.2021
ölçüsü71,11 Kb.
#81645
1   2   3   4
3144 20.03.2019

foydali xizmat davri — korxona aktivdan foydalanadigan vaqt davri yoki tashkilot ushbu aktivdan foydalanishdan olishni mo‘ljallayotgan mahsulot miqdori;

amortizatsiyalanadigan qiymat — aktivning boshlang‘ich yoki moliyaviy hisobotda o‘rnini bosuvchi boshqa qiymatdan tugatish qiymatining chegirilishi;

amortizatsiya — foydali xizmat davri mobaynida aktivning amortizatsiyalanadigan qiymatini asosiy vositalarning vazifasidan kelib chiqqan holda xarajatlariga tizimli taqsimlash va o‘tkazish ko‘rinishida eskirishning qiymat ifodasi;

2. Standart asosiy vositalar hisobini yuritish, shuningdek moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilar uchun tashkilotlarning asosiy vositalarga kiritilgan investitsiya va ularning o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarni ochib beradi. Asosiy vositalarning hisobini yuritishda aktivlar tan olinadi, uning balans qiymati, amortizatsiyasi va qayta baholashdan ko‘rilgan zararlar aniqlanadi.

3. Hisoblash usuli asosida moliyaviy hisobotlar tuzuvchi va taqdim qiluvchi tashkilotlar asosiy vositalar hisobini yuritishda Standartdan foydalanadi.

4. Standart quyidagilar uchun tatbiq etilmaydi:

qishloq ho‘jaligi faoliyati bilan bog‘liq biologik aktivlar;

asosiy vositalar sifatida tan olinishini belgilovchi mezonlarga mos kelmaydigan aktivlar;

neft, gaz yoki shunga o‘xshash qayta tiklanmaydigan mineral resurs zaxiralari va ularni qazib olish uchun huquqlar.

5. Xizmat muddati va qiymatidan qat’i nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiritilmaydi:

maxsus asboblar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumlab va yoppasiga ishlab chiqarish uchun yoki yakka tartibdagi buyurtmalarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan, maqsadli yo‘naltirilgan asboblar va moslamalar);

maxsus va sanitariya kiyim-kechaklar, maxsus poyabzallar;

ko‘rpa-to‘shak anjomlari;

yozuv-chizuv anjomlari (kalkulyatorlar, stol ustiga qo‘yiladigan asboblar va boshqalar);

oshxona anjomlari, shuningdek oshxona uchun dasturxon-sochiqlar;

tiklanishi bo‘yicha xarajatlar qurilish-montaj ishlari tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (notitul) inshootlar, moslamalar va qurilmalar;

bir yildan kam foydalanish muddatiga ega bo‘lgan almashtiriladigan uskunalar;

ovlash qurollari (trallar, to‘rlar, qarmoqlar va boshqalar) va shu kabi moddiy qimmatliklar.

Ushbu bandning ikkinchi — sakkizinchi xatboshilaridagi moddiy qimmatliklar buxgalteriya hisobida tovar-moddiy zaxiralar tarkibida hisobga olinadi.

Oldingi tahrirga qarang.

6. Asosiy vositalar tarkibida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkilot mulkiga topshirilgan yer uchastkalari hisobga olinadi.



(6-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

7. Qiymati va xizmat muddatidan qat’i nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiradi:

qishloq xo‘jaligi mashinalari va uskunalari;

ishchi va mahsulot beruvchi hayvonlar;

kutubxona fondlari;

madaniy meros aktivlari;

hayvonot olami eksponatlari;

namunaviy loyihalashtirishga oid hujjatlar.

Agar bitta asosiy vositada turlicha foydali xizmat davriga ega bir nechta mustaqil obyektlar mavjud bo‘lsa, har bir bunday obyekt budjet hisobida alohida asosiy vosita sifatida hisobga olinadi.

8. Maxsus harbiy texnikalar asosiy vositalar hisoblanib, Standartga muvofiq harbiy asosiy vositalar hisobi tashkil etiladi.

2-bob. Asosiy vositalarning tan olinishi

9. Asosiy vositalar aktiv sifatida:

tashkilotga kelgusida aktiv bilan bog‘liq iqtisodiy naf kelib tushishiga ishonch bo‘lganda;

aktiv qiymatini aniq baholash mumkin bo‘lganda tan olinadi.

10. Texnik xizmat ko‘rsatish jihozlari va qo‘shimcha ehtiyot qismlari odatda moddiy zaxiralarni aylanma manbalari tarkibiga kiritiladi va ulardan foydalanish davomida xarajatlar ko‘rsatib boriladi. Tashkilot tomonidan bir yildan ortiq davrda foydalanilishi nazarda tutilgan bir turdagi katta hajmli qo‘shimcha ehtiyot qismlari va uskunalari asosiy vosita sifatida klassifikatsiya qilinadi. Ehtiyot qismlari va xizmat jihozlari faqat asosiy vositalar bilan bog‘liq holda foydalanilsa, ular asosiy vositalar sifatida hisobga olinadi.

11. Standartda asosiy vositalar birligining tan olinishi uchun foydalaniladigan o‘lchov birliklari hisobga olinmaydi. Obyektning bir butunligini ta’minlovchi qo‘shimcha obyektlar bir obyekt sifatida tan olinadi (masalan, kutubxona kitoblari, kompyuter qo‘shimcha qurilmalari va jihozning katta bo‘lmagan detallari va yalpi qiymat mezonlari bo‘yicha qabul qilish).

12. Tashkilotlar tan olish prinsipi bo‘yicha asosiy vositalarga qilgan barcha xarajatlarni uning qiymati yuzaga kelishi vaqtida baholaydi. Bu xarajatlar asosiy vositalarning qurilishi yoki sotib olinishi, unga qo‘shilgan xarajatlar, qismlarining almashtirilishi yoki unga xizmat ko‘rsatilishi natijasida hisobga olingan xarajatlarni o‘z ichiga oladi.

13. Ixtisoslashgan harbiy texnika asosiy vositalar tarkibiga kiritilib, Standartga muvofiq aktiv sifatida tan olinadi.

14. Atrof-muhitni qo‘riqlash yoki atrof-muhitning xavfsizligini ta’minlash uchun asosiy vositalar xarid qilinadi. Bunday asosiy vositalarning xarid qilinishi aktivning iqtisodiy manfaat yoki foyda olish salohiyatini ko‘paytirmaydi, lekin tashkilotlardagi bunday xaridlar boshqa aktivlardan kelajakda iqtisodiy manfaat yoki foyda olish maqsadi bo‘ladi. Bunday xaridlar ham asosiy vositalar sifatida tan olinadi. Mazkur asosiy vositalar tashkilotga boshqa aktivlardan kelajakda qo‘shimcha iqtisodiy manfaat yoki foyda olish imkonini beradi.

Asosiy vositalardan foydalanish uchun qilingan xarajatlar balans qiymatida aks ettirilmaydi. Ushbu xarajatlar yuzaga kelish jarayonida haqiqiy xarajatlarda ko‘rsatiladi va sarflangan materiallarga qilingan xarajatlarni xam o‘z ichiga oladi.

15. Aktiv sifatida tan olinishi lozim bo‘lgan asosiy vositalar obyekti birinchi navbatda qiymati bo‘yicha tan olinadi.

16. Agar aktiv almashuv bo‘lmagan operatsiyalar yo‘li bilan olingan bo‘lsa, uning qiymati sotib olish kunidagi haqiqiy narxi hisoblanadi.

Asosiy vositalar almashuv bo‘lmagan operatsiyalar yo‘li bilan olingan bo‘lishi mumkin (masalan, parklar, yo‘llar va trotuarlar qurish uchun nol qiymatda yoki nominal qiymatda yer uchastkalarining berilishi). Aktiv mol-mulkni musodara qilish yo‘li bilan olinganda musodara qilingan mulkning oldingi egasi tomonidan sotib olingan kunidagi haqiqiy qiymati hisoblanadi.

3-bob. Asosiy vositalarning kelib tushishi

17. Asosiy vositalar quyidagilar natijasida tashkilot balansiga kirim qilinadi:

oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha obyektni sotib olish;

kapital qo‘yilmalar tugaganidan so‘ng tiklangan obyektni qabul qilish-topshirish;

beg‘araz kelib tushish;

tovar-moddiy zaxiralar tarkibidan o‘tkazish;

asosiy vositalarning ortiqcha (hisobga olinmagan) obyektlarini aniqlash;

almashuv operatsiyalari;

moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha olish;

Oldingi tahrirga qarang.

qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar.



(17-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

18. Asosiy vositalarning buxgalteriya hisobiga kirim qilinishi asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi.

Sotib olingan asosiy vositalar, tugallangan qurilishlar va inshootlar, shuningdek tashkilotning o‘zida tayyorlangan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymatiga ularning sotib olish narxi va ularga qilingan barcha xarajatlarning to‘liq summasida, jumladan, mazkur asosiy vositalarni foydalanish uchun ishchi holatiga keltirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yetkazib berish va montaj qilish, o‘rnatish, ishga tushirish va boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda kiritiladi.

19. Standartning 10-bandida keltirilgan tan olish qoidalariga ko‘ra tashkilot aktiviga ko‘rsatiladigan kundalik texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari aktivning asosiy vositalar balans qiymatiga kiritilmaydi. Bu xarajatlar ularning vujudga kelish holatiga ko‘ra foyda yoki zarar tarkibiga kiritiladi. Kundalik texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari — bu birinchi navbatda ish haqi va materiallarga xarajatlar hisoblanadi va ular butlovchi qismlarning qiymatini ham o‘z ichiga oladi. Bunday xarajatlar odatda asosiy vositalarning ta’mirlash va joriy xizmat ko‘rsatish xarajatlari sifatida ko‘rsatiladi.

20. Ba’zi asosiy vositalarning tarkibiy qismlari ma’lum bir vaqt davomida almashtirishni talab etadi (masalan, yo‘llar bir necha yillardan so‘ng eskirishi va yaroqsiz holatga kelishi sababli yangi qoplama qilinishi zarur). Ba’zi asosiy vositalarning obyektlari bunday muntazam almashtirishlarga ehtiyoj sezmaydi (masalan, binoning ichki devorlari).

Standartning 10-bandida keltirilgan tan olish qoidalariga ko‘ra, tashkilot asosiy vositalarining balans qiymatiga, tan olish xususiyatlariga rioya etish shartlarining vujudga kelish paytidagi almashtirish xarajatlari kiritiladi. Almashtiriladigan qismlarning qoldiq qiymatini hisobdan chiqarish Standartning hisobdan chiqarish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

4-bob. Asosiy vositalarni guruhlanishi

21. Asosiy vositalarning guruhlari — tashkilot faoliyatida foydalanilishi va vazifasi o‘xshash bo‘lgan aktiv guruhlari hisoblanadi.

22. Alohida guruhlarga misollar sifatida quyidagilar keltirilishi mumkin:

a) yer uchastkasi;

b) ishchi binolar;

v) yo‘llar;

g) mashina jihozlari;

d) elektr uzatish tarmoqlari;

e) transport;

j) havo transporti;

z) maxsus harbiy jihozlari;

i) avtotransport vositalari;

k) mebel jihozlari;

l) ofis jihozlari;

m) neft minoralari.

23. Asosiy vositalarning yagona guruhi ichidagi obyektlarning qayta baholanishi aktivlarning tanlama usulda qayta baholanishini oldini olish maqsadida amalga oshiriladi hamda moliyaviy hisobotlarda haqiqiy xarajatlar va turli sanalardagi qiymatlarning ifodalanishini ta’minlaydi.

24. Aktivlar guruhlari o‘zgaruvchan asosda qayta baholanishi mumkin. Aktivlar guruhining qayta baxolanishi qisqa davr mobaynida yakunlanadi va natijalar yangilanadi.

25. Qayta baholash natijasida aktiv guruhining balans qiymati oshsa, bu ko‘payish “Asosiy vositalar” schyotining tegishli subschyotlarining debetida va “Asosiy vositalar, qiymatliklar va nomoddiy aktivlarni qayta baholash” subschyotning kreditida aks ettiriladi.

26. Agar aktivning balans qiymati qayta baholash natijasida kamaysa, bunday kamayish foyda yoki zararning tan olinishiga tegishli schyotlarda hisobga olinadi.

27. Asosiy vositalar yagona guruhi ichidagi alohida aktivlarga tegishli bo‘lgan, qayta baholash natijasida qiymatning o‘sishi yoki kamayishi, mazkur guruh ichida o‘zaro hisob-kitob qilinadi. Asosiy vositalarning boshqa guruhlariga tegishli aktivlar bilan o‘zaro hisob-kitob qilinmaydi.

28. Sof aktivlar/kapital tarkibiga kiruvchi qayta baholash natijasidagi o‘sishning bir qismi yoki hammasi, aktiv hisobidan chiqarilganda to‘g‘ridan to‘g‘ri jamlangan foyda yoki zararga o‘tkaziladi. Qayta baholash natijasidagi qiymat o‘sishi aktivdan foydalanish me’yori darajasida jamlangan foydaga o‘tkaziladi. Qiymat o‘sishining o‘tkazilish summasi qayta baholangan aktiv balans qiymati asosida hisoblangan amortizatsiya summasi bilan aktivning boshlang‘ich qiymati asosida hisoblangan amortizatsiya summasi o‘rtasidagi farqni ifodalaydi.

5-bob. Madaniy meros va infrastruktura aktivlari

29. Tashkilotlar asosiy vositalarni tan olish xususiyatlari va belgilariga to‘g‘ri keladigan madaniy meros aktivlari uchun Standartning axborotni ochib berish talablari qo‘llaniladi. Standartning baholash bo‘yicha va boshqa talablari madaniy meros aktivlari uchun qo‘llanilmaydi.

30. Ba’zi aktivlar o‘zining madaniy, ekologik yoki tarixiy qiymatiga ega bo‘lib, madaniy meros aktivlari sifatida tan olinadi (masalan, tarixiy inshootlar, monumentlar, arxeologik qazilmali joylar, tabiat tomonidan muhofaza qilinadigan hududlar, qo‘riqxonalar, san’at asarlari va boshqalar).

31. Madaniy meros aktivlari quyidagi tavsiflarga ega:

moliyaviy aniqlash jarayonida bozor qiymatiga asoslangan umumiy narxda ifodalanishi mumkin bo‘lmagan madaniy, ekologik va tarixiy ahamiyatga egaligi;

aktivlarni sotish orqali chiqib ketishini qonun bilan qat’iy cheklash yoki taqiqlar o‘rnatilganligi;

vaqt o‘tishi bilan fizik holati yomonlashib, narxi ortganda ham yangisiga o‘zgartirib bo‘lmasligi;

aktivlarning foydalanish davri bir necha yuz yilni tashkil etishi natijasida ularning foydalanish davrini aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

32. Tashkilotlar katta hajmdagi madaniy meros aktivlariga egalik qilishi mumkin. Bu aktivlar uzoq yillar davomida turli xil yo‘llar bilan, jumladan, oldi-sotdi shartnomasi, bepul tushumlar, ayirboshlash natijasida qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin.

33. Madaniy meros aktivlari uning qiymatidan tashqari foydali salohiyatga ham ega bo‘ladi (masalan, ofis binosi sifatida foydalaniladigan tarixiy bino). Bunda ular boshqa asosiy vositalar talablari bo‘yicha tan olinishi va narxlanishi mumkin. Boshqa meros qilib olinadigan aktivlarning foydali salohiyati ularning tavsiflari natijasida cheklangan bo‘ladi (masalan, yodgorliklar va tarixiy obyekt qoldiqlari).

34. Madaniy meros aktivlari mavjud tashkilotlar moliyaviy hisobotlarda quyidagi ma’lumotlarni ochib berishi zarur:

baholashning foydalaniladigan asosi;

amortizatsiya hisoblashning foydalaniladigan usuli, agar bu usul qo‘llanilsa;

yalpi balans qiymati;

hisobot davri oxiridagi jami amortizatsiya, agar mavjud bo‘lsa;

davr boshi va oxiridagi balans qiymatini o‘z ichiga oluvchi qismlarni taqqoslash.

35. Ba’zi aktivlar infrastruktura aktivlari sifatida ifodalanadi. Infrastruktura aktivlari quyidagi xususiyatlardan biriga yoki barchasiga ega bo‘ladi:

tarmoq yoki tizimning bir qismiga ega bo‘ladi;

maxsus xaraktyerga ega va alternativ foydalanilmaydi;

ko‘chmas hisoblanadi;

olib qo‘yilishiga aniq cheklovlar mavjud bo‘ladi.

36. Infrastruktura aktivlari asosiy vositalarga kiradi va Standartga muvofiq hisobga olinadi (masalan, yo‘llar, kanalizatsiya tizimlari, suv va elektr ta’minoti tizimlari, kommunikatsiya tizimlari va boshqalar).

6-bob. Asosiy vositalarni baholash

37. Asosiy vositalar aktivlar sifatida tan olinganda, boshlang‘ich qiymati bo‘yicha baholanadi.

38. To‘lov evaziga sotib olingan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati quyidagi xarajatlardan iborat:

shartnoma asosida qurilish-montaj ishlarini bajaradigan pudratchi va aktivlarni sotuvchilarga to‘lanadigan summa;

ro‘yxatga olish yig‘imlari, davlat bojlari va asosiy vositalarga bo‘lgan huquqni sotib olish (olish) bo‘yicha amalga oshirilgan boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar;

bojxona boji va yig‘imlari;

asosiy vositalar obyektlarini sotib olish (barpo etish) munosabati bilan yig‘imlar summalari (agar ular qoplanmasa);

asosiy vositalar obyektlarini sotib olish (barpo etish) bilan bog‘liq axborot va maslahat xizmatlari uchun to‘lanadigan summalar;

asosiy vositalar obyektlarini yetkazib berish (barpo qilish) xatarini sug‘urtalash bo‘yicha xarajatlar;

asosiy vositalar obyektini sotgan vositachilarga to‘lanadigan mukofotlar;

asosiy vositalarni o‘rnatish, montaj qilish, sozlash va ishga tushirishga oid xarajatlar;

aktivdan maqsadga muvofiq foydalanish uchun uni ishchi holatga keltirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar.

39. Foydalanish holatida va o‘z joyida bo‘lgan asosiy vositalarga qilingan xarajatlar (qayta o‘rnatish va foydalanish jarayonidagi xarajatlar) asosiy vositaning balans qiymati xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi.

40. Asosiy vositalarni ishlab chiqarish yoki qurilishi mobaynidagi daromadlar va xarajatlar daromad yoki xarajat deb tan olinganda daromadlar va xarajatlarning tasniflariga muvofiq hisobga olinadi.

41. Tashkilotning o‘zida tayyorlangan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati sifatida mazkur asosiy vositalarni tiklash (qurish, qurib bitkazish) bo‘yicha haqiqiy xarajatlar summasi tan olinadi. Tashkilot o‘z faoliyati davomida sotish uchun aktivlarni ishlab chiqarganda, bu aktivlarning qiymati sotish qiymatiga teng bo‘ladi.

42. Tashkilotga bepul yoki hadya shartnomasi bo‘yicha kelib tushgan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati budjet hisobida qayd etilgan sanadagi qiymat hamda Standartning 16-bandiga ko‘ra hisobga olgan holda aniqlanadi.

43. Tovar-moddiy zaxiralar tarkibidan asosiy vositalarga o‘tkazilgan obyektlarning boshlang‘ich qiymati O‘zbekiston Respublikasi Budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (ro‘yxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar) muvofiq ularning balans qiymatiga teng bo‘ladi.

44. Xarid qilish vaqtida xorijiy valyutada ifodalangan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati mazkur standartning 39-bandida nazarda tutilgan tegishli xarajatlarni hisobga olgan holda, bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish sanasidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha so‘mda belgilanadi.

45. Almashuv operatsiyalari yo‘li bilan olingan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati berilgan asosiy vosita obyektining qoldiq qiymatiga teng.

Asosiy vositalar qo‘shimcha to‘lov bilan ayirboshlangan holatlarda almashtirish yo‘li bilan olingan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati berilgan asosiy vositalarning ayirboshlashda o‘tkazilgan (olingan) pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalentlari summasiga oshirilgan (kamaytirilgan) qoldiq qiymatiga teng.

46. To‘lov pul mablag‘lari bilan amalga oshirilmaydigan shartnomalar bo‘yicha qo‘lga kiritilgan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati ular qabul qilib olingan kundagi qiymatiga teng.

To‘lov pul mablag‘lari bilan amalga oshirilmaydigan shartnomalar bo‘yicha qo‘lga kiritilgan asosiy vositalarning qiymatini aniqlash imkoni bo‘lmaganda ularning qiymati o‘xshash asosiy vosita obyektlarining qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.

47. Majburiyati bitta summa sifatida ko‘rsatilgan asosiy vosita obyektlarining boshlang‘ich qiymati bu summani har bir asosiy vosita obyektining hozirgi qiymatiga proporsional ravishda taqsimlash orqali aniqlanadi.

48. Majburiyat hisobiga olingan asosiy vositalar aktiv sifatida tan olinganda uning boshlang‘ich qiymati amortizatsiya va qadrsizlanish natijasida yuzaga kelgan zararlarni chegirib tashlagan holda aniqlanadi.

Asosiy vositalarning budjet hisobiga kiritilgan boshlang‘ich qiymatining o‘zgartirilishiga asosiy vosita obyektlarini qayta qurish, jihozlash, modernizatsiya qilish, texnik qayta ta’mirlash, qisman sotish va qayta baholash hollarida ruxsat etiladi.

49. Asosiy vositalar obyektini qurib bitkazish, qo‘shimcha jihozlash, rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish va texnik qayta qurollantirishga doir xarajatlar, ular tugatilganidan so‘ng, agar ular natijasida asosiy vositalarning faoliyat yuritishining dastlab qabul qilingan me’yoriy ko‘rsatkichlari (foydali xizmat davri, quvvati, qo‘llash sifati va boshqalar) yaxshilansa (oshsa), bunday obyektning boshlang‘ich qiymati ham oshadi.

50. Qurib bitkazish, qo‘shimcha jihozlash, zamonaviylashtirish ishlariga asosiy vositalarning texnologik yoki xizmat maqsadining o‘zgarishi, og‘irlikning oshishi va sifatni yanada yaxshilashga doir boshqa sifatlar tufayli yuzaga kelgan ishlar kiritiladi.

51. Rekonstruksiya qilish ishlariga ishlab chiqarishni takomillashtirish va uning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahsulot (ishlar, xizmatlar) sifatini yaxshilash va nomenklaturasini o‘zgartirish maqsadlarida asosiy vositalarni rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha amalga oshiriladigan mavjud asosiy vositalarni qayta qurish kiradi.

Texnik qayta qurollantirishga ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, ma’nan va jismonan eskirgan uskunalarni modernizatsiya qilish va ularni yangi, unumdorligi yanada yuqori bo‘lganlari bilan almashtirish asosida asosiy vositalar va ularning ayrim qismlarining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan xarajatlar kiradi.

52. Asosiy vositalarga o‘tkaziladigan kapital qo‘yilmalar asosiy vositalardan foydalanishdan kelgusida iqtisodiy naf oshganda ularning boshlang‘ich qiymatini oshiradi. Kelgusida iqtisodiy nafni oshirmaydigan boshqa barcha xarajatlar ular amalga oshirilgan davrda xarajatlar sifatida tan olinadi.

53. Asosiy vositalar obyekti aktiv sifatida hisobga olinganidan so‘ng, qadrsizlanish bo‘yicha kelgusida jamlangan amortizatsiya va zararlar chegirilgandan keyingi qayta baholash kunidagi haqiqiy qiymatini yuzaga keltiradigan ishonchli o‘lchanadigan haqiqiy qiymati, uning qayta baholash qiymatidan yuzaga keladi. Balans qiymati hisobot kunidagi haqiqiy qiymatidan foydalanish natijasida olingan qiymatdan farq qilmasligi uchun qayta baholash doimiy ravishda amalga oshiriladi.

54. Ko‘chmas mulk obyektlarining haqiqiy qiymati odatda baholash yo‘li bilan olingan bozor qiymati orqali aniqlanadi. Bino va jihozlarning haqiqiy qiymati baholash orqali aniqlangan bozor qiymati hisoblanadi. Aktiv qiymatining baholanishi o‘ziga xos professional malakaga ega bo‘lgan baholovchi tomonidan amalga oshiriladi. Aksariyat aktivlarning haqiqiy qiymati bozordagi kotirovka narxlaridan kelib chiqib o‘rnatiladi (masalan, joriy bozor narxlari yer, ixtisoslashmagan binolar, avtotransport vositalari va uskuna va jihozlarning ko‘plab turlariga taalluqli bo‘lishi mumkin).

7-bob. Asosiy vositalarni qayta baholash

55. Asosiy vositalarni qayta baholash — asosiy vositalar qayta tiklash qiymatini hozirgi bozor narxlari darajasiga muvofiqlashtirish maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan aniqlashtirishdir.

56. Qiymatini aniq baholash imkoni bo‘lgan asosiy vosita aktiv sifatida tan olinganidan keyin amortizatsiya va qadrsizlanish xarajatlarini chegirib tashlagan holda qayta baholangan qiymati buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.

Boshlang‘ich qiymatni aniq o‘lchash imkoni bo‘lgan asosiy vositalar aktiv sifatida tan olingandan keyin qayta baholash qiymatida, ya’ni qayta baholash kunidagi aktivning boshlang‘ich qiymatidan jamlangan amortizatsiya va qadrsizlanishdan ko‘rilgan zararlar chegirilgandagi qiymati bo‘yicha hisobga olinadi.

57. Balans qiymati va hisobot kunidagi qiymat o‘rtasidagi sezilarli farqlarning oldini olish uchun asosiy vosita obyektini qayta baholash bir yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.

58. Asosiy vosita obyektini qayta baholash indeksatsiya yoki hujjatlarga asoslangan bozor qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi.

Tashkilot Standartning o‘z hisobot siyosatida qayta baholash usulini aniqlashi va mazkur usulni barcha asosiy vosita guruhlariga qo‘llashi zarur.

59. Mol-mulk birligining bozor qiymatini aniqlashning imkoni bo‘lmasa, aktiv qiymati o‘xshash xususiyatlarga ega mol-mulk qiymatiga asoslangan holda aniqlanadi.

60. Aktiv qayta baholanayotganda unga tegishli bo‘lgan barcha asosiy vosita guruhlaridagi aktivlar qayta baholanishi zarur.

61. Asosiy vositalarni qayta baholashda qayta baholash sanasidagi jami amortizatsiya balans qiymatiga mos ravishda o‘zgartiriladi. Keyingi amortizatsiyalanadigan qiymat qayta aniqlangan qiymatdan chegirib boriladi.

62. Qayta baholash natijasida asosiy vosita balans qiymatining oshgan qiymati yakuniy moliyaviy natijalarni qayd etish hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlanadi. Qayta baholash natijasida asosiy vosita balans qiymatining kamaygan summasi yakuniy moliyaviy natijalarni qayd etish hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri debetlanadi.

8-bob. Asosiy vositaning amortizatsiyasini hisoblash

63. Asosiy vositalar qiymati amortizatsiyani hisoblash yo‘li bilan qoplanadi. Amortizatsiyalanadigan qiymat butun foydali xizmat davri mobaynida tashkilot xarajatlariga Standartda ko‘rsatilgan tartibda tizimli ravishda taqsimlanadi.

64. Tashkilot asosiy vosita guruhining tan olingan boshlang‘ich qiymatini har bir qismga taqsimlaydi va obyektning har bir qismiga alohida amortizatsiyalanadigan qiymatni hisoblaydi.

65. Aktivning foydali xizmat davri va likvidatsion qiymati har bir yillik hisobot sanasida qayta ko‘rib chiqiladi va kutilgan baholashlarda o‘zgarish yuz berganda mazkur o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati”ga (ro‘yxat raqami 2853, 2016-yil 27-dekabr) muvofiq hisobot siyosatidagi o‘zgarishlar sifatida qabul qilinadi.

66. Asosiy vosita obyektiga amortizatsiya xarajatlarini hisoblash obyekt asosiy vosita tarkibiga qo‘shib olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlanadi va obyekt balansdan chiqarilmaguniga yoki to‘liq amortizatsiya hisoblanilguniga qadar davom etadi.

67. Asosiy vosita obyektiga amortizatsiya hisoblanishi uning balans qiymatini tugatish qiymatigacha yoki obyekt balansdan chiqarilmaguniga qadar davom etadi.

68. Amortizatsiya quyidagi asosiy vositalar bo‘yicha aniqlanmaydi:

yer uchastkalari arxitektura va san’atning noyob yodgorliklari bo‘lgan imoratlar va inshootlar;

kabinet va laboratoriyalarda joylashgan o‘quv ishlari va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan jihozlar, eksponatlar, nusxalar, amaldagi va amal qilmayotgan modellar, maketlar va boshqa ko‘rgazmali qo‘llanmalar;

mahsuldor qoramollar, qo‘toslar, hayvonot olami eksponatlari (hayvonot bog‘i va shunga o‘xshash tashkilotlarda);

foydalanish mumkin bo‘lgan yoshga yetmagan ko‘p yillik ko‘chatlar;

kutubxona fondlari;

filmlar fondi;

sahnaga qo‘yish uskunalari, badiiy va muzey buyumlari;

qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan kapital qurilish obyektlari yoki uning qismlari hamda tugallanmagan qurilishlar;

konservatsiyaga o‘tkazilgan asosiy vositalar.

Oldingi tahrirga qarang.

69. Asosiy vositalar obyektining foydali xizmat davri davomida amortizatsiya hisoblanishi to‘xtatilmaydi, bundan ularni butkul to‘xtatish sharti bilan obyektni qurib bitkazish, to‘liq jihozlash, qayta qurish, zamonaviylashtirish, texnik qayta qurollantirish davri mustasno. Ba’zi hollarda, ma’lum bir qonunchilik hujjatlariga muvofiq obyekt yomon saqlanishi yoki ta’mirlash ishlari noaniq muddatga kechiktirilishi mumkin. Bunday hollarda asosiy vositaning foydalanish davri qayta ko‘rib chiqilishi va to‘g‘rilanishi kerak.



(69-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

70. Asosiy vosita obyektlari bo‘yicha amortizatsiya hisoblash hisobot davrida amalga oshiriladi va buxgalteriya hisobida tegishli hisobot davrida aks ettiriladi.

Amortizatsiya hisoblash asosiy vositalar obyektlari qiymatining 100 foizidan oshib ketishi mumkin emas.

Agar yer uchastkasining boshlang‘ich qiymati tarkibiga demontaj, ko‘chirish va qayta tiklash maydonlari xarajatlari kiritilsa, bu yer uchastkasi aktiviga yuqoridagi xarajatlar amalga oshirilganidan keyingi samarali xizmati davri uchun amortizatsiya hisoblanadi.

71. Ba’zi hollarda yer uchastkasi chegaralangan foydalanish davriga ega bo‘ladi va bunday hollarda uning qiymati kelajakda kelishi kutilayotgan iqtisodiy daromad va foydaga asosan aniqlanadi.

72. Tashkilot asosiy vositaning boshlang‘ich qiymatini uning aniq ajralgan bo‘laklariga asosan taqsimlaydi va har bir qismga alohida amortizatsiya hisoblaydi (masalan, ko‘p hollarda yo‘lak, betonli to‘siq, piyodalar o‘tish joyi va yo‘llarni yoritish tizimlariga alohida amortizatsiya hisoblash talab etiladi).

73. Hisobot davrida amortizatsiya summasi, qoidaga ko‘ra xarajat sifatida tan olinadi. Biroq tashkilotga kelishi kutilayotgan iqtisodiy manfaat va foydaga qarab amortizatsiya summasi ishlab chiqarilayotgan tovar (bajarilayotgan ishlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar) tannarxiga kiritiladi.

74. Asosiy vosita obyekti olib kelishi kutilayotgan iqtisodiy foyda va foydali potensial salohiyat tashkilot aktividan foydalanish natijasida iste’mol qilinadi. Biroq, texnik va fizik jihatdan amortizatsiya kabi boshqa faktorlar ko‘p hollarda aktivdan foydalanilmayotgan bo‘lsa ham kutilayotgan iqtisodiy manfaat va foydali potensial kamayishiga olib keladi. Shu sababdan foydalanish davrini aniqlashda quyidagi omillar inobatga olinishi kerak:

tashkilotning asosiy vosita obyektidan kutilayotgan foydalanish qiymati. Obyektning kutilayotgan quvvati yoki fizik mahsuldorligiga asosan foydalanish qiymati aniqlanadi;

mahsulotning ishlab chiqarilishida aktivning ishlatilishi lozim bo‘lgan o‘zgarishlar soni, ta’mirlash davriyligi va obyektga foydalanish davrida xizmat ko‘rsatish natijasida yuzaga kelgan fizik amortizatsiyalar;

ishlab chiqarish jarayoni rivojlanishi natijasida texnik yoki ma’nan amortizatsiyalar;

aktivdan foydalanishdagi ijara davrining tugashi kabi qonuniy cheklovlar.

75. Asosiy vositalarning amortizatsiya summasi foydalanish davrida tizimli ravishda hisoblanib boriladi.

76. Tashkilotlar tomonidan amortizatsiya hisoblash usuli asosiy vositalardan kelajakda kelishi kutilayotgan iqtisodiy manfaat va foydali potensialga asosan aniqlanadi.

77. Amortizatsiyani hisoblash quyidagi usullarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi:

a) amortizatsiyani hisoblashning bir maromli (to‘g‘ri chiziqli) usuli. Mazkur hisoblash usulida amortizatsiya asosiy vositalarni foydali xizmat davri mobaynida ularning amortizatsiya qiymatidan kelib chiqqan holda bir maromda teng ulushlarda hisoblanadi.

Bir maromli (to‘g‘ri chiziqli) usulga ko‘ra asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymati uning xizmat muddati davomida tegishli xarajatlarga bir maromda — hisobdan chiqariladi (taqsimlanadi). Ushbu usul amortizatsiya me’yori foydali xizmat davrining faoliyatiga bog‘liqligiga asoslangan. Har bir davr uchun amortizatsiya ajratmalari summasi amortizatsiya qiymatini asosiy vositalardan foydalanilgan hisobot davrlari soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblanadi.

Amortizatsiyani bir maromli (to‘g‘ri chiziqli) hisoblash usulida amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymat va mazkur obyektning foydali xizmat davridan kelib chiqib aniqlanadi;

b) amortizatsiyani bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda hisoblashning ishlab chiqarish usuli. Amortizatsiyani hisoblashning ishlab chiqarish usuli har bir muayyan yildagi asosiy vositalarning ishlab chiqarish quvvati hisobga olinishiga asoslangan. Mazkur usul bo‘yicha amortizatsiyaning har yilgi qiymatini hisoblash uchun butun foydali xizmat davridagi umumiy baholangan ishlab chiqarish quvvati yig‘indisi va mazkur muayyan yildagi ishlab chiqarish quvvati aniqlanishi lozim. Ishlab chiqarish quvvati sifatida ishlab chiqariladigan mahsulot birliklari soni, ishlangan soatlar soni, og‘irlik, bosib o‘tilgan kilometrlar miqdori va boshqalar olinishi mumkin.

Amortizatsiyani hisoblashning ishlab chiqarish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi hisobot davridagi mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmining natural ko‘rsatkichidan hamda asosiy vositalar amortizatsiyalanadigan qiymatning asosiy vositalar butun foydali xizmat davrida nazarda tutilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

78. Asosiy vositaga qo‘llaniladigan amortizatsiya hisoblash usuli har bir yillik hisobot sanasi uchun minimal qiymat sifatida qaralishi kerak va kutilayotgan iqtisodiy manfaat yoki foydali salohiyatda o‘zgarish kutilsa, bu o‘zgarishlarni aks ettirish uchun amortizatsiya hisoblash usuli o‘zgartirilishi zarur.

9-bob. Asosiy vositalarning tannarxi va qadrsizlanishi

79. Asosiy vositalar tannarxi o‘z ichiga:

aktivni balansdan chiqarish va savdo chegirmasi ayrilgandan keyingi xaridga tiklanmaydigan soliqlarni va import bojlarini o‘z ichiga oluvchi xarid bahosini;

aktivni o‘z joyiga yetkazib berishda bevosita xarajatlar va foydalanish uchun zarur bo‘lgan holatga keltirish xarajatlarini;

obyekt joylashgan uchastkaning qayta tiklanishi, qayta montaj uchun xarajatlarni, subyektning obyektni sotib olishida yoki ma’lum muddat davomida tovar-moddiy zaxiralarning ishlab chiqarilishidan ko‘ra boshqa maqsadlarda foydalanish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlarini oladi.

80. Bevosita xarajatlarga:

asosiy vositalarning sotib olinishi yoki qurilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarishda ishchilarni mukofotlashga;

yer uchastkasini tayyorlashga;

yuklashga (boshlang‘ich xarajatlar) va yetkazib berishga;

montaj va o‘rnatishga;

aktivning o‘z joyiga yetkazib berish va ish faoliyatiga keltirish jarayonida ishlab chiqarilgan biror bir mahsulotni sotishdan tushgan sof tushumlarni chegirgan holda aktivning faoliyat ko‘rsatishiga tegishli tekshirishlarga xarajatlar (masalan, jihozni tekshirishdan olingan namunalar);

professional xizmatlarga ketgan xarajatlar kiradi.

81. Tashkilot hisob siyosati sifatida tannarx bo‘yicha hisoblash usulini yoki qayta baholash usulidan birini tanlaydi va asosiy vositalarning barcha guruhlariga qo‘llaydi.

82. Shikastlangan yoki yo‘qolgan asosiy vositalar obyektlari uchun uchinchi tomon kompensatsiya to‘lovlari foyda yoki zararga kiritiladi.

Asosiy vositalarning qadrsizlanishi yoki yo‘qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan uchinchi tomon kompensatsiya to‘lovlari va ularning o‘rniga qurilgan yoki sotib olingan aktivlar alohida iqtisodiy hodisa hisoblanadi va quyida keltirilgan tartibda alohida hisobga olinadi:

foydalanishdan chiqarib olingan yoki chiqib ketishidan keyingi asosiy vosita obyektlarining balansdan chiqarilishi mazkur Standartga asosan amalga oshiriladi;

shikastlangan, yo‘qolgan yoki berilgan asosiy vositalar obyektlari uchun uchinchi tomon kompensatsiyasini, kompensatsiya olingan taqdirda foyda yoki zararga kiritish mumkin;

asosiy vosita obyektlarining almashinuv sifatida tiklangan, sotib olingan yoki qurilgandagi qiymati mazkur Standartga muvofiq aniqlanadi.

10-bob. Asosiy vositalar inventarizatsiyasi

83. Asosiy vositalarning haqiqatdan ham mavjudligini aniqlash va ularning butunligini ta’minlash maqsadida tashkilotlar tomonidan har 2 yilda bir martadan kam bo‘lmagan holda asosiy vositalar inventarizatsiyasi o‘tkaziladi (kutubxona fondlari uchun 5 yilda bir marta).

84. Asosiy vositalar inventarizatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (19-BHMS) “Inventarizatsiyani tashkil etish va o‘tkazish”ga (ro‘yxat raqami 833, 1999-yil 2-noyabr) asosan amalga oshiriladi.

85. Inventarizatsiya jarayonida aniqlangan asosiy vositalar daromadlar yoki xarajatlar sifatida tan olinadi. Inventarizatsiya jarayonida yetishmovchiligi aniqlangan asosiy vositalar aybdor shaxslar topilguniga qadar kamomadlar hisobiga kiritiladi.

86. Asosiy vositalarning balans qiymatini ularning haqiqiy (joriy) qiymatiga mos kelmasligi aniqlangan holatda oshirish yoki kamaytirish Standartga muvofiq amalga oshiriladi.

11-bob. Asosiy vositalarning balansdan chiqib ketishi va sotilishi

87. Asosiy vositalarning qiymati chiqib ketishida balansdan chiqarilishi lozim.

88. Asosiy vositalar qiymati tashkilot balansidan quyidagilar natijasida hisobdan chiqariladi:

tugatilganda;

sotilganda;

almashuv operatsiyalari orqali berilganda;

beg‘araz berilganda;

kamomad yoki yo‘qotishlar aniqlanganda;

Oldingi tahrirga qarang.

qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.



(88-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

89. Asosiy vositalar qisman tugatilgan holatda uning boshlang‘ich qiymati va hisoblangan amortizatsiya tegishlicha obyekt tugatilgan qismining boshlang‘ich qiymati va hisoblangan amortizatsiya summasiga kamaytiriladi.

90. Tashkilot asosiy vositalari balansidan chiqarilishi, asosiy vosita va boshqa tovar-moddiy zaxiralarning sotilishidan olingan summani taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablag‘larini taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

91. Asosiy vosita balansdan chiqarilishi natijasida yuzaga kelgan daromad va xarajatlar asosiy vosita hisobdan chiqarilganida olingan sof tushum va uning balans qiymati o‘rtasidagi farq sifatida tan olinishi kerak.

92. Asosiy vositaning chiqib ketishida uning qiymati haqiqiy narxda tan olinadi.

93. Qayta tiklangan, xarid qilingan yoki o‘rnatilishi sifatida qurilgan asosiy vosita birliklarining tannarxi Standart bo‘yicha aniqlanadi.

12-bob. Axborotning oshkor etilishi

94. Moliyaviy hisobotlarda har bir asosiy vosita guruhi haqida quyidagi ma’lumotlar aks ettirilishi zarur:

a) balans qiymatini aniqlash uchun narxlash asoslari;

b) amortizatsiya hisoblanishida foydalanilgan usul;

v) qo‘llanilgan foydalanish davri va amortizatsiya me’yorlari;

g) balans qiymati va yil boshi va yil oxiridagi amortizatsiyalanadigan qiymati;

d) hisobot davri boshi va oxiridagi balans qiymati taqqoslanishi, unda:

qo‘shilishi;

chiqib ketishi;

tashkilotlarni birlashtirish natijasida qo‘lga kiritish;

tabiiy ofat va baxtsiz hodisalar natijasida;

hisobot davri davomida qayta baholash yoki qadrsizlanishi natijasida qiymatining oshishi yoki kamayishi;

moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarini chet el valyutasidan milliy valyutada qayta hisoblash jarayonida yuzaga keladigan ayirboshlash kursi o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan farq.

95. Moliyaviy hisobotlarda har bir asosiy vosita guruhi haqida quyidagi ma’lumotlar ham aks ettirilishi zarur:

majburiyatlar uchun garov sifatida turgan asosiy vositalarga egalik huquqi va unga cheklovlar;

asosiy vositalar birligining balans qiymatiga kiritilgan qurilish jarayonida xarajatlar summasi;

asosiy vositalarni xarid qilish shartnomasidagi majburiyatlar summasi;

qadrsizlangan, boshqa tashkilotlarga berilgan yoki yo‘qotilgan asosiy vositalar birligi uchun uchinchi tomonlar tomonidan to‘langan, xarajatlar yoki daromadlarga kiritilgan kompensatsiya summasi;

hisobot davri davomida ishlab chiqarilgan tovar (ish, xizmat) sifatidagi daromadlar yoki xarajatlar tannarxi;

davr oxirida jami amortizatsiya summasi.

96. Shuningdek, joriy yoki keyingi davrlarga ta’sir ko‘rsatuvchi hisobot siyosatidagi o‘zgarishlar xarakteri va natijalari oshkor etilishi lozim. Asosiy vositalar uchun bunday oshkor etilishi hisob siyosatidagi quyidagi o‘zgarishlar natijasida amalga oshirilishi mumkin:

tugatish qiymati;

asosiy vositalar obyektlarini demontaj, ko‘chirish yoki qayta tiklash uchun zarur xarajatlarning summasi;

foydalanish davri;

amortizatsiya hisoblash usuli.

97. Taqdim qilinayotgan hisobotlarda asosiy vositalar obyekti bo‘yicha qayta baholash amalga oshirilgan hollarda, quyidagi ma’lumotlar ochib berilishi zarur:

qayta baholash o‘tkazilgan sana;

mustaqil baholovchi jalb etilganligi;

aktivlarning haqiqiy qiymatini aniqlashda qo‘llanilgan usullari va asoslari;

faol bozordagi narxlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri solishtirish bilan bevosita aniqlangan, bozor shartlaridagi tuzilgan kelishuvlar bilan yoki boshqa baholash usullari yordamida hisoblangan aktivlarning haqiqiy qiymat birligi darajasi;

davr davomida o‘zgarishni ko‘rsatuvchi qayta baholash qiymatining o‘sishi va xususiy kapital aksiyadorlari va boshqa ishtirokchilari o‘rtasidagi qoldiqning taqsimlanishi bo‘yicha istalgan cheklovlar;

mazkur guruh ichidagi asosiy vositalar alohida predmetlari bo‘yicha qayta baholashning o‘sish summasi;

mazkur guruh ichidagi asosiy vositalar alohida predmetlari bo‘yicha qayta baholashning kamayishlari summasi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 10/19/3144/2808-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

Yüklə 71,11 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə