1. Mudofaa va milliy xavfsizlik / Favqulodda vaziyatlar. Ommaviy tartibsizliklar]



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə1/21
tarix23.05.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#112175
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
649 20.10.2020




[OKOZ:

1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.05.00 Yong‘in xavfsizligi]

[TSZ:

1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Favqulodda vaziyatlar. Ommaviy tartibsizliklar]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yong‘in xavfsizligi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
odamlarning hayoti va sog‘lig‘ini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni yong‘inlardan himoya qilish yuzasidan umumiy yong‘in xavfsizligi talablari;
yong‘in kelib chiqishi xavfi yuqori bo‘lgan ishlarni amalga oshirishda hamda muhandislik asbob-uskunalaridan foydalanishda yong‘in xavfsizligi talablari;
ishlab chiqarish, ijtimoiy, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalardagi obyektlar hamda ma’muriy binolar uchun yong‘in xavfsizligi talablari.
2. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi hamda mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin;
aholi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari orasida muntazam ravishda yong‘in xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirish va tushuntirish yuzasidan tizimli targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-oktabr,
649-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qaroriga
ILOVA
Yong‘in xavfsizligi qoidalari
I bo‘lim. Umumiy qoidalar
1-bob. Qoidalarni qo‘llash sohasi
1. Ushbu Yong‘in xavfsizligi qoidalari (keyingi o‘rinlarda — Qoidalar) “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq odamlarning hayoti va sog‘lig‘ini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni yong‘inlardan himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy yong‘in xavfsizligi talablarini belgilaydi.
Qoidalar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar boshqa tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda — tashkilotlar), ularning xodimlari, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolar uchun majburiydir.
2. Yong‘in xavfsizligini ta’minlashda ushbu Qoidalar bilan birga “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan yong‘in xavfsizligi talablarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga amal qilish lozim.
3. Yong‘in xavfsizligi sohasiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda idoraviy hujjatlar talablari ushbu Qoidalarda belgilangan talablardan past bo‘lmasligi kerak.
4. Ushbu Qoidalar:
o‘rmon xo‘jaligi hududlarida;
kon qazilma va shaxta inshootlarida;
portlovchi materiallar ishlab chiqarilayotganda, tashilayotganda, saqlanayotganda, ulardan foydalanilayotganda va ular utilizatsiya qilinayotganda;
sanoat uchun mo‘ljallangan portlovchi materiallardan foydalanilgan holda portlatish ishlarini olib boruvchi tashkilotlarda;
havo, suv, temir yo‘l, avtomobil transporti hamda elektr transportida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablarni belgilamaydi.
2-bob. Asosiy tushunchalar
5. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
obyekt — yuridik yoki jismoniy shaxsning mulkiy kompleksi (yoki uning bir qismi), shu jumladan, ular uchun yong‘in xavfsizligi talablari belgilangan binolar, inshootlar, transport vositalari, texnologik qurilmalar, asbob-uskuna, agregatlar, buyumlar va boshqa mol-mulk;
olovli ishlar — uchqun hosil bo‘lishi, ochiq alangadan foydalanish bilan bog‘liq ishlar (elektr payvandlash, gaz payvandlash, yonuvchi suyuqliklardan foydalanib kesish, kavsharlash lampalaridan foydalanish, bitum eritish va uchqun chiqarish bilan bog‘liq boshqa ishlar);
texnologik jarayon — modda va mahsulotlarning xususiyatini va (yoki) holatini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonining bir qismi;
odamlar ommaviy bo‘ladigan obyekt — bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odamlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan xona, bino, inshoot (turar joylar bundan mustasno);
yong‘inga qarshi oraliq — yong‘in tarqalishining oldini olish uchun binolar va (yoki) inshootlar oralig‘idagi belgilangan masofa;
yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari — yong‘inni avtomatik tarzda aniqlash va o‘chirish, tutunni chiqarish, xabar berish, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlari, shuningdek, odamlarni va moddiy boyliklarni yong‘indan himoya qilish uchun mo‘ljallangan boshqa texnik vositalar.
3-bob. Tashkiliy-texnik tadbirlar
6. Tashkilot rahbarining (yakka tartibdagi tadbirkorning) yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
a) “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, yong‘in xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar hamda ushbu Qoidalarning talablariga har bir obyektda rioya etilishini va bajarilishi nazorat qilinishini ta’minlash;
b) tarkibiy tuzilmalar nizomlarida va obyekt xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni nazarda tutish;
v) obyekt bo‘yicha buyruq bilan:
obyektning texnologik uskunalarini, shamollatish va isitish tizimlari, yashindan himoya qiluvchi va erga ulash moslamalarini, aloqa va xabar berish vositalarini, yong‘inga qarshi texnik himoya vositalarini soz holda saqlash va foydalanish uchun hamda tashkilotning obyektlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mas’ul shaxslarni tayinlash;
har bir obyekt uchun uning yong‘in xavfliligiga ko‘ra yong‘inga qarshi rejimini belgilaydigan yong‘in xavfsizligi yo‘riqnomalari ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq ishlab chiqilishini ta’minlash;
olovli va boshqa yong‘in xavfi mavjud ishlarni xavfsiz bajarish tartibi va vaqtini belgilash hamda ular bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
obyektning xodimlari o‘rtasida yong‘in sodir bo‘lgan vaqtdagi majburiyatlarini taqsimlash;
g) tegishli yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish orqali xodimlarni yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlariga o‘rgatishni va ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq yong‘in-texnik minimum bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishni tashkil etish;
d) yong‘in sodir bo‘lganda uning sababini, sodir etilishi va rivojlanishi (tarqalishi) sharoitlarini, yong‘in kelib chiqishida va yong‘in xavfsizligi talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash choralarini ko‘rish;
e) ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq yong‘in xavfsizligi va hayot faoliyati xavfsizligi haqidagi ma’lumotlardan iborat axborot stendlarini tashkil etish, shuningdek, ular o‘z vaqtida yangilanishini ta’minlash.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik obyektlarda, yirik ijtimoiy-madaniy obyektlarda, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish obyektlari jumlasiga kiritilgan, portlash-yong‘in xavfi muhitini paydo qilishga qodir bo‘lgan moddalar ishlatiladigan, ishlab chiqariladigan, qayta ishlov beriladigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yo‘q qilinadigan obyektlarda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan yong‘inlarning oldini olish va ularni o‘chirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida yong‘in-texnik komissiyasi tuzilishi hamda ushbu Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq obyektning yong‘in xavfsizligi pasporti ishlab chiqilishi kerak.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Yong‘inda odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilish, yong‘inlarni samarali o‘chirish, shuningdek, yong‘inga qarshi himoya vositalari joylashgan joylarni belgilash maqsadida bir vaqtning o‘zida qavatida 10 nafardan ortiq odamlar bo‘ladigan bino va inshootlarning (turar joylardan tashqari) yo‘laklari va evakuatsiya yo‘llarining ko‘rinadigan joylarida quyidagilar:
ushbu Qoidalarga 5-ilovaga muvofiq ishlab chiqilgan yong‘in vaqtida binoni tark etish evakuatsiya rejasi (sxemasi) o‘rnatilgan bo‘lishi;
davlat standarti talablariga muvofiq ishlab chiqilgan yong‘in xavfsizligi belgilari joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
9. Tashkilotlarning xodimlari hamda fuqarolar quyidagilarga majburdirlar:
a) normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek, normativ hujjatlarda, davlat yong‘in nazoratining hujjatlarida va ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilishga;
b) gaz va maishiy elektr asboblaridan, maishiy-kimyo vositalaridan foydalanishda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bilan hamda yong‘in xavfliligi jihatidan xavfli bo‘lgan boshqa moddalar, materiallar va uskunalar yordamida ishlarni bajarishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga;
v) yong‘inni sezib qolganda zudlik bilan bu haqda yong‘indan saqlash xizmatiga xabar berishga hamda odamlarni, mol-mulkni evakuatsiya qilish va yong‘inni o‘chirish yuzasidan choralar ko‘rishga.
10. Obyektlar ushbu Qoidalarga 6-ilovaga muvofiq soz holatdagi yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari va boshqa yong‘in texnikasi, shuningdek, tezkor aloqa vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
11. Ishlab chiqarish xonalari va omborxonalar eshiklarining (darvozalarining) tashqi tarafiga, shuningdek, tashqi qurilmalarning hududiga ushbu Qoidalarga 7-ilovaga muvofiq portlab yonish va yong‘in xavfi bo‘yicha toifalarning hamda zonalar sinfining belgisi o‘rnatilishi kerak.
12. Portlab yonish va yong‘in xavfliligi bo‘yicha “A” va “B” toifalariga mansub xonalarning eshiklariga qo‘shimcha ravishda ushbu Qoidalarga 8-ilovaga muvofiq yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlarining ma’lumot kartasi o‘rnatilishi kerak.
4-bob. Yong‘in sodir bo‘lganda harakat qilish tartibi
13. Har bir fuqaro yong‘inni sezganda quyidagilarni bajarishi majbur:
a) zudlik bilan “101” telefon raqami orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligining (keyingi o‘rinlarda — FVV) yong‘in-qutqaruv bo‘linmasiga xabar berish (xabarda voqea sodir bo‘lgan manzil, yong‘in chiqqan joy va o‘zining familiyasini aytish);
b) odamlarga xabar berish va ularni evakuatsiya qilish choralarini ko‘rish;
v) imkon qadar mavjud yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan yong‘inni o‘chirish choralarini ko‘rish.
14. Yong‘in joyga yetib kelgan tashkilot rahbari (mansabdor shaxs):
a) odamlar hayotiga xavf tug‘ilgan taqdirda, ularni mavjud kuch va vositalar yordamida qutqarish choralarini ko‘rishga;
b) zarur bo‘lganda elektr energiyasini (yong‘inga qarshi himoya tizimidan tashqari) o‘chirish, yuklarni tashishga mo‘ljallangan moslamalar, agregatlar, apparatlarning ish faoliyatini to‘xtatish, xomashyo, gaz, bug‘ va suv kommunikatsiyalarini yopib qo‘yish, avariya ro‘y bergan va unga tutash xonalarning shamollatish tizimi ishini to‘xtatish, xonalar tutun bilan qoplanishi va yong‘in tarqalishining oldini olishga imkon beradigan boshqa choralarni ko‘rishga;
v) yong‘inni o‘chirishga qaratilgan ishlardan tashqari binodagi barcha ishlarni to‘xtatishga (agar ishlab chiqarishning texnologik jarayoni bo‘yicha mumkin bo‘lsa);
g) yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan xodimlardan tashqari barcha xodimlarni xavfli hudud tashqarisiga chiqarishga;
d) yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yetib kelgunga qadar (obyektning o‘ziga xosligini hisobga olgan holda) yong‘inni o‘chirishda umumiy rahbarlik qilishga;
e) yong‘inni o‘chirishda ishtirok etayotgan xodimlar xavfsizlik talablariga rioya qilishlarini ta’minlashga;
j) yong‘in o‘chirish bilan bir vaqtda odamlarni evakuatsiya qilish va moddiy boyliklarni himoya qilishni tashkil etishga;
z) yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini kutib olishni va yong‘in sodir bo‘lgan joyga qisqa yo‘l bilan olib borishni tashkil etishga majbur.
15. Tashkilot (obyekt) rahbari (yoki uning vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxs) yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi yong‘inga yetib kelishi bilan yong‘inni o‘chirish rahbariga yong‘in joyi haqida, xonalarda odamlarning mavjudligi, yordamga muhtojlar hamda yong‘inni o‘chirishga jalb etilganlar, saqlanayotgan va ishlatilayotgan moddalar, materiallar, mahsulotlarning miqdori va yong‘inni o‘chirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida axborot berishi kerak.
16. Tashkilot (obyekt) rahbari (mansabdor shaxsi) yong‘inni o‘chirish shtabi tarkibiga kiritilganda:
a) yong‘inni o‘chirish rahbari tomonidan berilgan vazifalarni bajarilishini ta’minlashga;
b) obyektning xususiyatlari, tutash bino va inshootlar haqida yong‘inni o‘chirish rahbariga ma’lumot taqdim etishga;
v) yong‘inni o‘chirish rahbari tomonidan berilgan vazifalar bajarilishida obyekt xodimlarining harakatlarini muvofiqlashtirishga majbur.
II bo‘lim. Yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qo‘yiladigan umumiy talablar
5-bob. Hududlarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsiziligi talablari
17. Aholi yashash punktlari va tashkilotlarning hududlari hamda tashkilotlarga, turar joylarga, dala hovlilarga va boshqa qurilmalarga tutash qismlari o‘z vaqtida yonuvchi chiqindilar, axlatlar, qadoqlar, xazonlar, quruq o‘tlar va boshqa yonuvchi buyumlardan tozalanishi kerak.
Yonuvchi chiqindilar, axlatlar va shu kabi boshqa buyumlarni maxsus ajratilgan maydonlardagi yonmaydigan materialdan ishlangan konteynerlarga yoki qutilarga yig‘ish va keyinchalik hududdan olib ketish lozim.
18. Bino va inshootlarning yong‘inga qarshi oraliqlarida turli buyumlarni, asbob-uskunalarni, qadoqlarni va transport vositalarini saqlash hamda bino va inshootlarni qurish (o‘rnatish) taqiqlanadi.
19. Hudud va xonalarning joylashtirilishi, binolarning olovga bardoshlilik darajasi, ularning orasidagi yong‘inga qarshi masofalar, xonalardan chiqish eshiklari amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga mos kelishi va yong‘in xavfsizligi ta’minlangan holatda saqlanishi kerak.
20. Binolarga, inshootlarga, ochiq omborlarga, suv ta’minoti manbalariga, statsionar o‘t o‘chirish narvonlariga va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalariga olib boruvchi yo‘llarni, tor ko‘chalarni va o‘tish joylarini to‘sib va yopib qo‘yish taqiqlanadi.
Yo‘llar va tor ko‘chalar qishda qordan va muzlardan tozalanishi kerak.
21. Yo‘llar va tor ko‘chalarni ta’mirlash uchun yopilishi yoki yong‘in o‘chirish avtomobillarining erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa sabablar haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga darhol xabar berilishi hamda ushbu joylarga to‘sib qo‘yilgan yo‘l qismini eng yaqin aylanib o‘tish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatilishi yoki yo‘lning ta’mirlanayotgan qismidan o‘tish imkoni yaratilishi kerak.
22. Vaqtinchalik qurilmalar, do‘konlar, kiosklar va shu kabilarni boshqa bino va inshootlardan kamida 15 m masofada (agarda boshqa normalar bilan kattaroq yong‘inga qarshi oraliq masofa talab etilmasa) yoki yong‘inga qarshi devorlar oldiga joylashtirish lozim.
Sanoat korxonalarining hududida (qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan hududlardan tashqari) vaqtinchalik yonuvchan bino va inshootlarni, shu jumladan, vagon va konteynerlarni qurish (o‘rnatish) taqiqlanadi.
23. Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan va “Chekish joyi” belgisi o‘rnatilgan joylardan tashqari, chekish taqiqlanadi.
24. Yoqib yuborish yo‘li bilan zararsizlantirishga ruxsat etilgan chiqindilarni yoqish muassasa xodimlarining nazorati ostida va shamolsiz ob-havoda maxsus ajratilgan joylarda amalga oshiriladi.
25. Yong‘inga qarshi suv manbalarini, tashqi yong‘in narvonlarini, bino va inshootlarga kirish joylarini tezda topish uchun tashkilotlar hududi yetarli darajada tashqi yoritish chiroqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
26. Turar joylar, dala hovlilar va tashkilotlarning hududidagi ochiq maydonlarda ichida yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bo‘lgan idishlarni hamda siqilgan va suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni qoldirish taqiqlanadi.
27. Ishlab chiqarish korxonalari, shifoxonalar, sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalarining hududiga kirish joylarida mavjud va qurilayotgan bino va inshootlar, hududga kirish joylari, hudud ichidagi yo‘llar va yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbalari ko‘rsatilgan sxemalar osib qo‘yilishi kerak. Sxemalar quyosh nuriga, qor va yomg‘irga chidamli materiallardan ishlanishi lozim. Darvozalar, shlagbaumlar va hududga kirishni cheklaydigan boshqa qurilmalar mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lsa, ularni qo‘lda ochish imkoni bo‘lishi kerak.
28. Obyektlar (yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obyektlardan tashqari), dala hovlilar va turar joylar hududida quyidagilar bajarilgan taqdirda ovqat tayyorlash uchun maxsus moslamalar joylashtirilishi mumkin:
a) yonish maydoncha tashqarisiga tarqalishining oldini olish choralari ko‘rilganda;
b) yonish jarayoni doimiy nazoratga olinib, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari (o‘t o‘chirgich, suv bilan to‘ldirilgan sig‘im, belkurak va boshqalar) bilan ta’minlanganda. Ovqat tayyorlanib bo‘lgandan so‘ng, yonayotgan va cho‘g‘lanayotgan materiallar to‘liq o‘chirilishi kerak.
29. Tandirlarni joylashtirishda ushbu hududda shamol esishining asosiy yo‘nalishi hisobga olinishi hamda tandir xo‘jalik qurilmalari va turar joyga nisbatan shamol esadigan tomonga qaratib o‘rnatilishi lozim.
6-bob. Bino, inshoot va xonalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
30. Obyektlar, ushbu Qoidalarga 9-ilovaga muvofiq avtomatik yong‘in o‘chirish qurilmalari va yong‘in signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
31. Binolar, inshootlar va xonalardan, asbob-uskunalardan, jihozlardan faqat loyiha va ekspluatatsion-texnik hujjatlarda belgilangan maqsadlarda va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilingan holda foydalanish kerak.
Belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyihasiz konstruktiv, hajmiy-loyihaviy va muhandislik-texnik yechimlarga o‘zgartirish kiritilishi taqiqlanadi.
32. Binolar, inshootlar va xonalardagi yong‘inga qarshi tizimlar va qurilmalar (tutunga qarshi himoya, yong‘in avtomatikasi vositalari, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlari, yong‘inga qarshi eshiklar, parda va klapanlar, tutun chiqarish lyuklari, yong‘inga qarshi devor va shiftlardagi boshqa himoya moslamalari va shu kabilar) doimo soz va ishchi holatda bo‘lishi kerak.
33. Eshiklarning o‘zini yopadigan moslamalari doimo soz holatda bo‘lishi zarur, tutunga qarshi va yong‘inga chidamli eshiklarning oson ochilishiga yoki yopilishiga to‘sqinlik qiluvchi biron-bir moslama o‘rnatish mumkin emas.
34. Qurilish konstruksiyalari, yonuvchi, pardozlash va issiqlikni tutuvchi materiallarning, uskunalarning metalldan ishlangan ustunlarning (tirgaklarning) olovdan himoyalash qoplamlari (olovdan himoyalash xususiyatlarini yo‘qotish va pasaytirishni hisobga olgan holda suvoqlar, maxsus bo‘yoqlar, lok va shu kabilar) buzilishi holatlari darhol bartaraf etilishi kerak.
Me’yor talablari asosida ishlov berilgan (shimdirilgan) yog‘och konstruksiyalari, dekoratsiya va matolar olovdan himoyalash tarkibining ta’sir muddati tugagan yoki himoyalash xususiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, ularga takroran ishlov berilishi (shimdirilishi) lozim.
Olovdan himoyalash tarkibi bilan ishlov berilgan (shimdirilgan) konstruksiya va materiallarning holati yiliga kamida 2-marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari tegishli hujjatlarda (dalolatnoma, jurnalda) qayd etiladi.
35. Har xil muhandislik va texnologik kommunikatsiyalar, yong‘inga qarshi devor, orayopmalar va to‘suvchi konstruksiyalar bilan kesishgan joyda hosil bo‘lgan teshik va tuynuklar qurilishda ishlatiladigan qorishmalar yoki yonmaydigan materiallar bilan suvab (berkitib) tashlanishi kerak, bunda tutun va gazni o‘tkazmasligi hamda talab darajasida olovga bardoshlilik chegarasi ta’minlanishi kerak.
36. Xonalarni qayta loyihalashtirishda, ularning funksional vazifasi o‘zgartirilganda yoki yangi texnologik uskunalar o‘rnatilayotganda amaldagi qurilish va texnologik loyihalash normalarining yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilish kerak.
Xonalar ijaraga berilganda ijaraga oluvchilar tomonidan ushbu turdagi bino uchun yong‘inga qarshi rejim bajarilishi kerak.
37. 1000 nafar va undan ortiq odam sig‘imiga ega bo‘lgan muassasalarda eng yaqin yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon aloqasi o‘rnatilishi kerak.
38. Tashkilotlarning xonalarida, bino va inshootlarda (yakka tartibdagi turar joylardan tashqari) quyidagilar taqiqlanadi:
a) yerto‘la va tsokol qavatlarida, yo‘laklarda, zina kataklarida yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni, porox, portlovchi moddalarni, gaz ballonlarini, aerozol idishdagi tovarlarni, tselluloid va boshqa portlash xavfi bor modda va materiallarni saqlash va foydalanish, amaldagi normativ hujjatlarda keltirilgan holatlar bundan mustasno;
b) chordoqlar, texnik qavatlar, shamollatish tizimi o‘rnatilgan va boshqa texnik xonalardan ishlab chiqarish uchastkalari, ustaxonalar sifatida foydalanish hamda ushbu joylarda mahsulotlar, uskunalar, mebellar va boshqa buyumlarni saqlash;
v) lift xollariga hujra, kiosk, savdo shoxobchalari va shu kabilarni joylashtirish;
g) yerto‘la va tsokol qavatlaridan chiqish eshiklari umumiy zinapoya katakchalaridan alohida ajratilmagan bo‘lsa, ularda yonuvchi materiallarni saqlash omborlari va ustaxonalarni tashkil etish hamda boshqa xo‘jalik xonalarini joylashtirish;
d) loyihada ko‘zda tutilgan vestibyul va xollar, yo‘laklar, tambur va zina kataklarining eshiklarini olib tashlash;
e) balkon va lodjiyalarning eshik va lyuklarini, qo‘shni xonaga o‘tish yo‘laklari va tashqi qutqaruv zinalariga chiqish joylarini mebel, uskuna va boshqa buyumlar bilan to‘sib qo‘yish;
j) benzin, kerosin va boshqa yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan foydalangan holda xonalarni tozalash va kiyimlarni yuvish, shuningdek, kavsharlash lampasi va ochiq olovdan foydalangan holda yaxlab qolgan (muzlagan) quvurlarni eritish;
z) belgilangan tartibda tasdiqlangan norma va qoidalarda nazarda tutilgan holatlardan tashqari derazalarga ochilmaydigan panjaralar o‘rnatish;
i) yong‘in vaqtida xavfsizlik zonasiga kiruvchi lodjiya va balkonlarni oynalar bilan qoplash;
k) zina kataklarida va yo‘laklarda hujralar tashkil etish, shuningdek, zinaning qavatlar orasidagi qismida (marsh) va maydonlarida buyumlar, mebel va boshqa yonuvchi materiallarni saqlash (binoning birinchi va tsokol qavatlaridagi zina kataklari ostida faqat markaziy isitish tizimini boshqarish tarmoqlari, suv o‘lchagich tarmoqlari va elektr shchitlari o‘rnatilgan devorlari yonmaydigan materiallardan ishlangan xonalarni joylashtirish mumkin);
l) omborlar va boshqa ishlab chiqarish xonalarida (olovga bardoshliligi V-darajali binolardan tashqari) yonuvchi va qiyin yonuvchi materiallardan hamda tunuka metalldan yasalgan antresollar, shuningdek, boshqa ichki xonalarni tashkil etish.
39. Bino va inshootlarning tashqi yong‘in narvonlari va tom ustidagi to‘siqlar doimo soz holda bo‘lishi va yiliga kamida 2 marotaba chidamliligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazilishi kerak. Tekshirish natijalari tegishli hujjatlarda (dalolatnoma, jurnalda) qayd etiladi.
40. Chordoqlar, texnik qavatlar va yerto‘lalarning derazalari oyna bilan qoplangan, ularning eshiklari qulflangan holatda bo‘lishi lozim. Eshiklarga kalit qayerda saqlanishi yozib qo‘yilishi kerak.
Bino va inshootlarning yerto‘la va tsokol qavatlaridagi yorug‘lik darchalari muntazam ravishda yonuvchi axlatlardan tozalanib turilishi kerak. Ushbu yorug‘lik darchalarini va derazalarni ochilmaydigan qilib yopib tashlash taqiklanadi.
41. Tomosha, ovqatlanish, ko‘rgazma, savdo-sotiq, birja, ibodat xonalari va boshqa zallar (xonalar), tribunalar, shuningdek, katta va boshqa odamlar ommaviy bo‘ladigan xonalarga tashrif buyuruvchilar soni, loyihalash bo‘yicha me’yoriy hujjatlarda belgilanganidan yoki evakuatsiya yo‘llarining odamlarni chiqara olish qobiliyatini inobatga olgan holda hisoblash orqali aniqlangan sonidan ko‘p bo‘lishi taqiqlanadi.
Loyihalash bo‘yicha normativ hujjatlarda hisoblash uchun ko‘rsatkichlar bo‘lmasa, zallardan (xonalardan) odamlarning evakuatsiyasini ta’minlash vaqtini 2 min, bitta odamga to‘g‘ri keladigan maydonni esa 0,75 m2 deb hisoblash lozim.
7-bob. Xavfsiz evakuatsiyani ta’minlash
42. Evakuatsiya chiqish joylarining soni, ularning o‘lchamlari, yoritish va tutundan himoyalanish ta’minlanganligi sharoitlari, shuningdek, evakuatsiya yo‘llarining uzunligi shaharsozlik normalari va qoidalaridagi yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
43. Evakuatsiya yo‘llaridagi eshiklarni qulflab qo‘yish taqiqlanadi. Xonada odamlar bo‘lganida eshiklarni ichki tomonidan oson ochiladigan qilib qulflash mumkin.
Evakuatsiya yo‘llaridagi barcha eshiklar binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha erkin ochilishi kerak.
44. Ellik nafar odam yig‘ilishi mumkin bo‘lgan barcha xonalarda hamda barcha zina kataklarida, o‘tish joylari va boshqa evakuatsiya yo‘llarida evakuatsiya yoritish chiroqlari o‘rnatilishi lozim.
45. Bino va inshootlarda hamda ulardan chiqish eshiklarining ustki qismida evakuatsiya yo‘llarini va chiqish joylarini ko‘rsatuvchi yong‘in xavfsizligi belgilari o‘rnatilishi kerak.
Odamlar ommaviy bo‘ladigan bino va inshootlardagi evakuatsiya yo‘llari bo‘ylab chiqish eshiklarining ustki qismida binoni tark etish yo‘nalishi bo‘yicha yashil rangdagi “Chiqish” degan yozuvli yorug‘lik ko‘rsatkichlari o‘rnatilishi lozim.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda binoda odamlar bo‘ladigan vaqt ichida yorug‘lik ko‘rsatkichlari yoqilgan holatda bo‘lishi kerak.
Jamoat bino va inshootlarining xonalari va evakuatsiya yo‘llaridagi chiqish ko‘rsatgichlari hamda pol ustidagi yonib turadigan “yuguruvchi yo‘lakcha” tipidagi chiqish yo‘nalishini ko‘rsatib turadigan ko‘rsatgichlar soz holatda bo‘lishi lozim.
46. Xavfsiz evakuatsiyani ta’minlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
a) yo‘laklar, tamburlar, galereya, lift xollari, zinapoyalar oldidagi maydonlarni, zinaning qavatlar orasidagi qismini (marsh) va qopqoqli tuyniklarni (lyuklarni) mebel, asbob-uskuna, xar hil buyumlar bilan to‘sib qo‘yish, shuningdek, evakuatsiya eshiklarini mixlab (berkitib) tashlash;
b) xonalardan chiqish joylarida (tamburlarda) har xil kiyim quritish joylari, garderob va boshqalarni o‘rnatish hamda turli buyumlarni va materiallarni saqlash (ko‘p kvartirali uylar va yakka tartibdagi turar joylar bundan mustasno);
v) evakuatsiya yo‘llariga eshiklarni imitatsiya qiladigan vitrajlar, oynalar, ostonalar, turniketlar, suriladigan, ko‘tariladigan va aylanadigan eshiklarni hamda odamlarning xonani yoki binoni erkin holda tark etishlariga xalaqit beradigan boshqa turdagi moslamalarni o‘rnatish;
g) evakuatsiya yo‘llarida (olovga bardoshliligi V-darajali bo‘lgan binolardan tashqari) devorlar, shiftlar, zinapoyalar va zina kataklari hamda pollarni qoplashda, pardozlashda, bo‘yoqlashda yonuvchi materiallardan foydalanish;
d) yo‘lak, xoll, tambur va zina kataklaridagi o‘zi yopiladigan eshiklarni ochiq holatda ushlash uchun moslamalarini mahkamlab qo‘yish (agar bu maqsadda yong‘in vaqtida avtomatik holda yopilish moslamasi o‘rnatilmagan bo‘lsa) hamda ularni olib qo‘yish;
e) tutun qoplamaydigan zina kataklaridagi havo purkovchi zonalarni oyna bilan qoplash yoki yopish;
j) eshik va darchalarga o‘rnatilgan armaturali oynalarni oddiy oynalarga almashtirish.
47. Texnologik, ko‘rgazmali va boshqa uskunalarni o‘rnatishda loyihalash normalariga muvofiq xonalardan zina kataklariga va boshqa evakuatsiya yo‘llariga chiqish (o‘tish) yo‘laklari ta’minlangan bo‘lishi kerak.
48. Evakuatsiya yo‘llaridagi gilamlar, gilam poyandozlar va boshqa o‘ramli qoplamalar polga mustahkam qotirilgan bo‘lishi kerak.
Ushbu qoplamalarni vestibyul va zina kataklariga joylashtirish taqiqlanadi.
8-bob. Texnologik jarayonni tashkil etishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
49. Texnologik jarayonlar reglamentlar, texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va boshqa belgilangan tartibda tasdiqlangan normativ-texnik va foydalanish hujjatlariga muvofiq tashkil etilishi kerak.
50. Ishlab chiqarish binolarida, xonalarida texnologik jarayonda ishlatiladigan va o‘zaro aloqada ekzotermik reaksiyalarga kirishishi mumkin bo‘lgan moddalar va materiallar maxsus ajratilgan, avariya holatlarida ham ushbu moddalar bilan aloqa qilishga imkon bermaydigan joylarga joylashtirilishi kerak. Moddalar va materiallarni tashishda ushbu Qoidalarga 10-ilovaga muvofiq ularning agregat holati, bir-biriga to‘g‘ri (mos) kelishi, shuningdek, yong‘inni o‘chiruvchi vositalarning bir xilligini hisobga olish kerak.
51. Texnologik jarayonda ishlatiladigan yonuvchi moddalar va materiallarni xonada bevosita qurilmalar va jihozlarning yonida texnologik reglamentlarda (kartalar va boshqalarda) nazarda tutilgan miqdorda saqlashga ruxsat etiladi. Ushbu miqdor bir smenada ishlatiladigan me’yordan oshmasligi kerak.
52. Maxsus shkaflarda kiyimlarni quritganda belgilangan harorat rejimini nazorat qilish kerak.
Kiyimlarni quritish xonalarida yog‘langan kiyimlarni, matolarni, shuningdek, gugurt, chaqnatgichlar (yondiruvchilar) va yonuvchi materiallari bo‘lgan kiyimlarni saqlash taqiqlanadi.
53. Uskunalarga, quvurlarga, sig‘imli qurilmalarga, kommunikatsiyalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, sinovdan o‘tkazish, tekshirish va diagnostika qilish belgilangan muddatlarda hamda ularning foydalanish bo‘yicha tegishli texnik hujjatlarida nazarda tutilgan yong‘in xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda amalga oshirilishi kerak.
54. Mashina va uskunalarning qismlarini (detallarini) yuvish (moydan tozalash) uchun yonmaydigan texnik suyuqliklar va tarkiblar, shuningdek, yong‘in ta’siriga xavfsiz qurilmalar va usullardan foydalanish kerak.
55. Yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan nosozliklari mavjud uskunalar va qurilmalarda, shuningdek, o‘lchov vositalari, avtomatlashtirish, nazorat qilish va harorat, bosim, konsentratsiya va yonuvchan bug‘lar, suyuqliklar, gazlarning boshqa texnologik parametrlarini belgilovchi avariya holatlariga qarshi himoya tizimlari o‘chirilganda ishlab chiqarish ishlarini o‘tkazish taqiqlanadi.
56. Yengil alangalanadigan va yonuvchi moddalar va materiallarni qayta ishlash va saqlash uskunalari va idishlari germetik zich bo‘lishi kerak. Germetiklik (zichlanish) holati vaqti-vaqti bilan tekshirilishi va shikastlanganda, eskirganda tiklanishi kerak.
57. Ochiq olov va elektr isitish moslamalari yordamida ishlar olib boriladigan stollarda va havo tortuvchi shkaflarda portlovchi reaktivlarni, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni saqlashga, ularni to‘kishga va qurilmalarga kuyishga ruxsat etilmaydi. Yengil alangalanuvchi suyuqliklarni qizdirish paytida, suyuqlikning avariya holatida to‘kilishining oldini olish uchun qurilma tagida xandaq (kyuvet) o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
58. Portlab yonish va yong‘in xavfi bo‘yicha “A” va “B” toifali ishlab chiqarish xonalarida uskunaning ishlashi paytida uchqun paydo bo‘lishi ehtimoli oldi olinishi kerak. Ushbu xonalarning pollari zarba va ishqalanish ta’sirida uchqun chiqarmaydigan materiallardan ishlangan bo‘lishi kerak. Konteynerning (idishning) ichki qismi quruq va toza, korroziya izlarisiz bo‘lishi kerak. Texnologik uskunalar, shuningdek, quvurlar statik elektrdan himoyalangan bo‘lishi lozim. Xavfli hududlarda ishlatiladigan to‘qimachilik matolariga antistatik vositalar bilan ishlov berilgan bo‘lishi kerak.
59. Portlash va yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan hududlardagi barcha ishlar har qanday ishlash sharoitlarida ham portlashlardan himoyalangan harakatlar bilan uchqun chiqarmaydigan vositalar va jihozlardan foydalangan holda bajarilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlaydigan xodimlar antistatik vositalar bilan ishlov berilgan himoya kiyimlari bilan ta’minlanishi lozim.
60. Portlovchi moddalarni ushlab qolishga mo‘ljallangan tozalash vositalarini ishlatishda quyidagilar talab qilinadi:
a) filtrlash moslamalarini tozalashni chiqindilar to‘planishiga ko‘ra amalga oshirish;
b) siklonlardan changni tushirish ishlarini ventilyator o‘chirilgan holda bajarish;
v) filtrlash moslamalarini tozalash va ta’mirlash paytida ochiq olov yoki uchqun chiqaradigan vositalardan foydalanmaslik;
g) xavfsizlik va olovushlash vositalarining (klapanlar, membranalar, olovto‘sqichlar) sozligini nazorat qilish;
d) o‘z-o‘zidan yonib ketishga moyil bo‘lgan chiqindilarni yig‘ishda ularning haroratini doimiy ravishda nazorat qilib borish. O‘z-o‘zidan yonib ketadigan o‘choqlar paydo bo‘lganda, ularni yo‘q qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni darhol ko‘rish va texnologik qoidalarga muvofiq chiqindilar va kullarni olib tashlash.
61. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda boshqarish, nazorat qilish va avariyadan himoyalash tizimlarini o‘chirib qo‘yishga ruxsat etilmaydi.
Zarur hollarda tekshirish, sinash va sozlash uchun alohida qurilmaning o‘chirilishiga texnologik jarayonning xavfsizligini ta’minlash bo‘ycha buyruqda ko‘rsatilgan mansabdor shaxsning yozma topshirig‘iga ko‘ra texnologik jarayonning xavfsizligi ta’minlangan holda ruxsat etilishi mumkin.
62. Bo‘yash, yog‘sizlantirish va yuvish sexlari, uchastkalar va qurilmalarni ishlatishda quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
a) bo‘yash shkaflari, kameralari va kabinalaridan ulardagi havo tortish tizimi, purkagichlar (gidrofiltrlar) hamda texnik hujjatlarda nazarda tutilgan yonuvchan bo‘yoq va loklar zarrachalarini ushlash uchun boshqa samarali moslamalari nosoz bo‘lganda foydalanish taqiqlanadi;
b) bo‘yash moslamalarini yonuvchan qoldiqlardan tozalash ishlari har kuni smena tugaganidan keyin ventilatsiya ishlab turgan holatda amalga oshirilishi kerak. Qirg‘ichlar (skreboklar) uchqun chiqarmaydigan materialdan tayyorlanishi lozim;
v) lok-bo‘yoq materiallari ish joylariga smena talabidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tayyor holatda olib kelinishi kerak (kunu tun ishlaydiganlar uchun — bir sutkaga yetadiganidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda).
63. Quvurlardagi qotib qolgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, muzli tiqinlar yong‘inga xavfsiz tarzda (issiq suv, bug‘, qizdirilgan qum va boshqalar yordamida) qizdirilishi kerak. Isitish uchun ochiq olovdan va qizdirilgan buyumlardan foydalanish taqiqlanadi.
64. Olovto‘sqichlarsiz (gidravlik qulflarsiz) yoki ular o‘chirilganda quyidagilarni ishlatishga ruxsat berilmaydi:
a) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bilan idishlar va apparatlarning nafas olish tarmoqlarini;
b) to‘liq bo‘lmagan yoki davriy oqim bilan ishlaydigan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar tarmoqlarini;
v) gaz va bug‘-havo tarmoqlarini, agar ularda portlovchi konsentratsiyadagi aralashmalar paydo bo‘lganda.
65. Olovto‘sqichlar va gidravlik qulflarini o‘rnatish joylarini tekshirish va ta’mirlash uchun ushbu joylarga erkin kirish imkoniyati bo‘lishi kerak. Olovto‘sqichlarni tekshirish va zarur holatlarda ularni tozalash grafikga muvofiq, lekin 3 oyda bir martadan kam bo‘lmagan tarzda amalga oshirilishi kerak.
9-bob. Moddalar va materiallarni saqlashga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
66. Moddalar va materiallarni saqlash (joylashtirish) ularning agregat holati, saqlash muvofiqligi, shuningdek, o‘chiruvchi moddalarning bir xilligini hisobga olgan holda ushbu Qoidalarga 10-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi. Obyektlarda noma’lum tarkibli, portlovchi va yonish xavfi bo‘yicha xususiyatlari o‘rganilmagan moddalar va materiallardan foydalanish va saqlash taqiqlanadi.
67. Havo, suv, yonuvchan moddalar bilan tasirlashganda o‘z-o‘zidan yonib ketishi yoki portlovchi aralashmalar (kalsiy karbidi va boshqa karbidlar, ishqoriy metalllar, natriy gidridi, bariy peroksidi va boshqalar) hosil qilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy reaktivlar bunday tasirlanishni butunlay istisno qiladigan, shuningdek, yuqori harorat va mexanik ta’sirlardan xoli maxsus sharoitlarda saqlanishi kerak.
68. Mahsulotlarni omborlarda saqlash uning holatini nazorat qilish uchun erkin kirish imkoni yaratilgan holda amalga oshirilishi kerak. O‘tish joylari va saqlash joylari polda aniq ko‘rinadigan chegara chiziqlari bilan belgilanishi kerak. Stellajlar (shtabellar, saqlash joylari) orasidagi o‘tish yo‘llari bo‘sh bo‘lishi kerak. Stellajlar (shtabellar, saqlash joylari) orasidagi kengligi kamida 1 m bo‘lgan yo‘laklar, maydoni 300 m2 dan ortiq bo‘lgan omborxonalarda esa devor bilan shtabellar (stellaj) o‘rtasida qo‘shimcha ravishda 0,8 m yo‘laklar qoldirilishi lozim.
Chiroqlardan saqlanadigan tovarlargacha bo‘lgan masofa 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
69. Omborxona binolari va xonalarida moddalar va materiallarni joylashtirish rejasi osib qo‘yilishi kerak. Ushbu rejalarda moddalar va materiallarning saqlash joylari, shuningdek, ularning fizik va kimyoviy xususiyatlari aks ettirilishi lozim.
70. Portlab yonish va yong‘in xavfi bo‘lgan moddalar va mahsulotlarni ishlab chiqarish xonalarida (agar bu ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lsa), bir smena ehtiyojlaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda saqlashga ruxsat etiladi. Bunda ular maxsus ajratilgan joylarda, mahkam berkitiladigan yonmaydigan shkaf yoki qutilarda saqlash shart.
71. Konteynerlarni ochish, sozligini tekshirish hamda kichik ta’mirlash ishlari, mahsulotlarni qadoqlash, yong‘inga xavfli suyuqliklarning (nitro bo‘yoqlar, lok va boshqa yonuvchi suyuqliklarning) aralashmalarini tayyorlash bilan bog‘liq barcha ishlar saqlash joylaridan ajratilgan (izolatsiyalangan) xonalarda amalga oshirilishi kerak.
2-§. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda yonuvchi gazlarni saqlash, tashish va tarqatishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
72. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni ish joylariga yetkazib berish markazlashtirilgan holda amalga oshirilishi kerak. Smena ehtiyoji 200 L gacha bo‘lganda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni xavfsiz germetik qadoqlarda ish joyiga yetkazib berishga ruxsat etiladi.
73. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarni to‘kishda (quyishda) sig‘imlarning germetikligini ta’minlovchi va bug‘larni ushlab turuvchi avtomatlashtirilgan quyish moslamalaridan foydalanish lozim. Bunda hudud atrofidagi havoda gaz yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
74. Texnologik apparatlarni va sig‘imlarni to‘ldirish va bo‘shatish uchun uskunalardan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni ochiq oqim bilan quyilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
75. To‘kilgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni sorbent materiallar (qipiq, qum) yoki boshqa yong‘inga qarshi vositalar yordamida zudlik bilan yig‘ib olish hamda binolar va tashqi qurilmalar hududidan olib chiqilishi lozim. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning avariyaviy to‘kilishini bartaraf etish uchun obyektda avariyaviy sorbent zaxirasi bo‘lishi kerak.
76. Texnologik shartlarga ko‘ra ochiq qurilmalar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bo‘lgan sig‘imli idishlar va konteynerlardan foydalanishni taqiqlab bo‘lmaydigan sexlarda quyidagilarni ta’minlash zarur:
a) ochiq vannalar va sig‘imlarda soz holatdagi uchqundan xavfsiz qopqoqlarning bo‘lishini hamda ularni ishlatilmayotgan paytda va yong‘in davrida yopilishini;
b) suyuqlikni statsionar vannalar va sig‘imlardan avariyaviy to‘kib olinishini.
77. To‘kish-quyish jarayonida idishlar toshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Isitiladigan yoki yozda uzoq muddat saqlanadigan rezervuarni yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar bilan to‘ldirishda suyuqlik miqdori (rezervuarning toshib ketishining oldini olish uchun) qizdirilganda suyuqlikning kengayishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
78. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar bilan ishlashda sintetik matolardan tikilgan maxsus kiyimlardan foydalanish taqiqlanadi.
79. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar omborlari hududiga, shuningdek, ushbu omborlar estakadalariga qayta ishlangan gazni chiqarib yuborish tizimlarida uchqun so‘ndirgichi bo‘lmagan va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan jihozlanmagan traktorlar, avtomobillar, teplovozlar va boshqa ichki yonish dvigatelli transport vositalarining kirishi taqiqlanadi.
80. Yuklarni tushirish paytida, rezervuarlarni ko‘rikdan o‘tkazishda, namuna olish yoki suyuqlik darajasini o‘lchashda ish joyini yoritish uchun portlashdan himoyalangan fonarlardan foydalanish kerak. Yuklarni ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylarda ochiq olovdan foydalanish taqiqlanadi.
81. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar saqlanadigan shisha idishlar germetikligi yo‘qotilishini istisno qilish maqsadida yonmaydigan taglik va bo‘sh joylari singdiruvchi materiallar bilan to‘ldirilgan yog‘och, plastmassa, metalldan tayyorlangan mustaxkam qutilarga qadoqlanadi. Qutilarning devorlari yopilgan shisha idishlardan 5 sm dan balandroq bo‘lishi kerak.
82. Sig‘imi 30 L dan ortiq bo‘lgan yengil alangalanuvchi suyuqliklar saqlanadigan shisha idishlarni ustma-ust saqlanishi hamda ularni stellajlarga yoki shtabellarga qo‘yish taqiqlanadi.
83. Omborlarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar barabanlarini qo‘lda joylashtirishda polga 2 qatordan ko‘p bo‘lmagan tarzda o‘rnatish kerak, mexanizatsiyalashtirilgan joylashtirishda — yonuvchi suyuqliklar 5 qatordan oshmasligi, yengil alangalanuvchi suyuqliklar esa — 3 ta qatordan oshmasligi kerak. Shtabelning kengligi 2 ta barabandan katta bo‘lmasligi lozim. Barabanlarni tashish uchun asosiy o‘tish joylarining kengligi kamida 1,8 m, shtabellar orasi esa kamida 1 m bo‘lishi kerak.
84. To‘ldirilgan barcha ballonlarning ventillari va rezbali ulanish joylarining germetikligi tekshirilishi kerak.
85. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar oqib (sizib) chiqish holatlarida quyidagilarni bajarish kerak:
a) barcha texnologik operatsiyalarni, shuningdek, yong‘inga xavfli vaziyatni qurshab olish va bartaraf qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan transport vositalarining harakatini to‘xtatish, mumkin bo‘lgan yondirish manbaini (olov, uchqun va boshqalar) bartaraf etish;
b) voqea joyiga avariya xizmatlarini va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini chaqirish. Temir yo‘l liniyalari kirgan obyekt hududida avariya holati yoki to‘kilgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarning yonishi kuzatilganda darhol temir yo‘l stansiyasi navbatchisiga xabar berish kerak. Xabarda yong‘in xavfi yoki yong‘inning xususiyati, tsisterna-vagonlarda tashilayotgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarning nomi, ularning miqdori ma’lum qilinishi kerak.
86. Havo sharlarini va shunga o‘xshash boshqa buyumlarni to‘ldirish (shishirish) uchun yonuvchi gazlardan foydalanish taqiqlanadi.
3-§. Temir yo‘l tsisternalari va quyish-to‘kish estakadalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
87. Estakadada mahsulotlarni to‘kish va quyish vaqtida manevr ishlarini bajarish taqiqlanadi.
Ikki tomonlama estakadalarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni quyish va to‘kishda, quyish-to‘kish jarayoni tugamaguncha ikkinchi yo‘lga tsisterna kiritilishi taqiqlanadi.
88. Quyish-to‘kish ishlari boshlanishidan oldin tsisternalar uchqun hosil qilmaydigan materialdan tayyorlangan maxsus tormoz boshmoqlari yordamida relsga mahkamlanadi.
89. Sisternaning nosoz ostki quyish qurilmalarini ularning konstruksiyalarida ko‘zda tutilmagan moslamalar, shuningdek, uchqun chiqaruvchi materialdan yasalgan moslamalar yordamida ochishga ruxsat etilmaydi.
90. Mahsulotni quyish-to‘kish harakatlari tugagach quyish-to‘kish ustunlari, quvurlar, vakuum va ochish uchun mo‘ljallangan idishlar, o‘lchagichlar, mahsulot qabul qilgichlar va boshqa jihozlardan mahsulot bo‘shatilishi va tsisternalarning lyuk qopqoqlari germetik ravishda yopilishi kerak.
91. Quyish-to‘kish estakadalari hududida tsisternalarni ta’mirlash taqiqlanadi.
92. Sisternalardan yonuvchi gazlar to‘kilayotgan sig‘imlar, to‘kish quvurlariga ega bo‘lgan tsisternalar, shuningdek, to‘kish vaqtida ishlayotgan nasos va kompressorlar qarovsiz qoldirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
93. Quyish-to‘kish ishlari amalga oshirilmayotgan vaqtda tsisternani kommunikatsiyalarga ulab turish taqiqlanadi. Yonuvchi gazlarni quyish yoki to‘kish paytida uzoq tanaffus paydo bo‘lsa, ulash shlanglari tsisternadan uzib qo‘yilishi lozim.
94. Yonuvchi gazlar bilan tsisternani to‘ldirish jarayonida tsisterna qozonidagi gaz darajasini nazorat qilish kerak. Agar mahsulot oqishi (sizib chiqishi) aniqlansa, tsisternani to‘ldirish to‘xtatiladi, mahsulot to‘kiladi, bosim tushiriladi va nosozlikni aniqlash va bartaraf etish choralari ko‘riladi.
95. Ta’mirlash ishlarini olib borishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) qozonni yuklangan va bo‘sh holatida uni degazatsiya qilinishidan oldin ta’mirlash;
b) tsisterna qozoniga zarba berish;
v) uchqun chiqaruvchi vositadan va tsisternaga bevosita yaqin tarzda ochiq olovdan foydalanish.
96. Suyultirilgan uglevodorod gazi oqishida (sizib chiqishida) quyidagilarni bajarish lozim:
a) suyultirilgan uglevodorod gazini to‘kish (quyish) bo‘yicha barcha texnologik operatsiyalarni to‘xtatish, shuningdek, yong‘in xavfi holatini qurshab olish va bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lmagan poyezdlar harakati va manevr ishlarini to‘xtatish, potensial yonish manbaini (olov, uchqun va boshqalar) bartaraf qilish;
b) suyultirilgan uglevodorod gazi to‘kilgan joydan yonuvchan moddalarni olib tashlash;
v) oqishni to‘xtatish va (yoki) tsisterna ichidagi suyultirilgan uglevodorod gazini boshqa soz tsisternaga (sig‘imga) o‘tkazish;
g) suyultirilgan uglevodorod gazi bilan to‘ldirilgan tsisterna-vagonni xavfsiz zonaga olib borish;
d) voqea sodir bo‘lgan joyga avariya-qutqaruv bo‘linmalarini va gaz ta’minoti xizmatini chaqirish;
e) suyultirilgan uglevodorod gazini tunnellar, yerto‘lalar, kanalizatsiyaga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rish.
97. Agar intensiv oqim bo‘lsa, gazning tsisternadan butunlay chiqib ketishiga imkon yaratish, bunda 200 m radiusdagi gaz yig‘ilishi mumkin bo‘lgan zonalarni gaz tarqalib ketkunga qadar kuzatib turish kerak.
4-§. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarning rezervuar parklariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
98. Rezervuarlarda va katta sig‘imli inshootlarda faqat ularga mo‘ljallangan mahsulotlar saqlanishi kerak. Zarur hollarda va tegishli tayyorgarlik bo‘lganda, rezervuarga boshqa mahsulot quyishga, ya’ni bug‘ bosimi egiluvchanligi hisob-kitob bo‘yicha ushbu turdagi rezervuarnikidan oshmasa ruxsat beriladi.
99. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar to‘ldirilgan sig‘imlar, rezervuarlardan foydalanish jarayonida ularning germetikligi, sifon jo‘mraklari, flanetsli ulanish joylarining qistirmalari, salnikli zichlanishlarning holati ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Aniqlangan nosozliklar darhol bartaraf etilishi kerak.
100. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar to‘ldirilgan sig‘imlar, rezervuarlar joylashgan va aylana to‘siq (obvalovaniye) bilan o‘ralgan hududga avtotransport vositalarining kirishiga faqat ta’mirlash ishlarini olib borish uchun obyekt rahbari yoki uning o‘rinbosarining yozma topshirig‘i asosida ruxsat beriladi.
101. Nafas olish armaturalarini tekshirganda klapanlar va to‘rlarni kirlardan tozalash, qishda esa muzdan tozalash kerak. Gidravlik klapanlarida suyuqlik sathini tekshirish zarur. Gidravlik himoya klapani faqat qiyin bug‘lanadigan va muzlamaydigan suyuqlik bilan to‘ldirilishi kerak. Ushbu suyuqlikni yiliga kamida ikki marta almashtirish kerak va har bir chiqarishdan keyin suyuqlik qo‘shilishi kerak.
102. Statsionar o‘lchash moslamalari bo‘lmasa, sig‘im uskunasidagi suyuqlik darajasi rangli metalldan yasalgan lot bilan o‘lchanganda, lyukning ichki qismiga o‘lchash tasmasi tushirilganda uchqun hosil qilmaydigan halqa yoki metalldan yasalgan kolodkani o‘rnatish kerak.
103. Rezervuarlarning ichki yuzasini pirofor birikmalardan va korroziyadan tozalash tasdiqlangan jadvalga muvofiq muntazam ravishda amalga oshirilishi kerak.
104. Yonuvchi gazlarni birinchi marta to‘ldirishdan oldin rezervuarlarni inert gaz yoki bug‘ bilan shamollatish kerak. Shamollatuvchi gazlar, ularning yonishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilgan holatda svechalar orqali chiqariladi. Shamollatishning yakuni svechadan chiqarilayotgan gaz-havo aralashmasidagi kislorod miqdori bilan belgilanadi. Agar aralashmadagi kislorod miqdori 1 foizdan oshmasa, shamollatish yakunlangan hisoblanadi. Rezervuarlar yonuvchi gazlardan bo‘shatilgandan keyin havo bilan shamollatishga ruxsat berilmaydi.
105. Avariya holatlarida gazni chiqarish tarmoqlariga qulfli armatura o‘rnatish zarurati bo‘lsa, ushbu armaturalarni masofadan boshqarish xavfsiz joydan amalga oshirilishi kerak.
106. Rezervuardagi (sig‘imlardagi) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan namuna olish va ularning miqdorini o‘lchash sutkaning yorug‘ vaqtida amalga oshirilishi kerak.
107. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni rezervuarlarga (sig‘imlarga) ochiq oqim bilan uzatish taqiqlanadi. Rezervuarni to‘ldirish va bo‘shatish tezligi rezervuarga o‘rnatilgan nafas olish klapanlarning (shamollatish quvurlarining) umumiy o‘tkazuvchanligidan oshmasligi kerak.
108. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar omborlarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) germetik bo‘lmagan qurilmalar va qulfli armaturalarni ishlatish;
b) buzilishlar va yoriqlar, suzuvchi qopqoqlarida teshiklar yoki yoriqlar bo‘lgan rezervuarlar, shuningdek, nosoz bo‘lgan o‘lchash vositalari, asboblar, mahsulot ta’minot quvurlari va statsionar yong‘inga qarshi qurilmalarni ishlatish;
v) aylana to‘siq (obvalovaniye) ichida daraxtlar, butalar va quruq o‘simliklarning bo‘lishi;
g) sig‘imlarni (rezervuarlarni) yonuvchan materiallardan tayyorlangan taglikka o‘rnatish;
d) rezervuarlar va tsisternalarni haddan ortiq to‘ldirib yuborish;
e) neft va neft mahsulotlarini quyish-to‘kish paytida rezervuarlardan namuna olish yoki mahsulot sathini o‘lchash;
j) momaqaldiroq paytida neft va neft mahsulotlarini quyish va to‘kish, shuningdek, rezervuarlardan namuna olish yoki sathini o‘lchash.
109. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar omborlarida:
a) nafas oluvchi klapanlar va olovto‘sqichlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning texnik hujjatlariga muvofiq tekshirish kerak;
b) nafas olish armaturalarini tekshirganda klapanlar va to‘rlarni muzdan tozalash kerak, ular faqat yong‘in chiqishini istisno qilgan usullarda isitiladi;
v) namuna olish va idishdagi suyuqlik darajasini o‘lchash uchqun hosil qilmaydigan materiallardan tayyorlangan asboblar yordamida amalga oshirilishi kerak;
g) suyuqlikni faqat yaroqli konteynerda saqlashga ruxsat beriladi. To‘kilgan suyuqlikni darhol tozalash kerak;
d) neft mahsulotlarini to‘kish, shuningdek, qadoqlash materiallari va konteynerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri omborxonalarda va o‘ralgan joylarda saqlash taqiqlanadi.
III bo‘lim. Muxandislik asbob-uskunalaridan foydalanishda umumiy yong‘in xavfsizligi talablari
10-bob. Elektr uskunalari va yashindan himoya
110. Elektr uskunalari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Energetika korxonalari uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari”, “Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari”, “Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari”, “Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda texnika xavfsizligi qoidalari”, “O‘zbekiston elektr stansiyalari va tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari” va boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq o‘rnatilishi va foydalanilishi kerak.
111. Elektr tarmog‘iga ulangan elektr qurilmalari va jihozlarini qarovsiz qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi (foydalanish hujjatlarida ularni nazoratsiz ishlashiga ruxsat etiladigan qurilmalar bundan mustasno).
Ish tugagandan so‘ng binodagi (tuzilmadagi) barcha elektr qurilmalari o‘chirilgan bo‘lishi kerak, navbatchi chiroqlar, yong‘inga qarshi avtomatlashtirilgan moslamalar uchun quvvat manbalari, ogohlantirish va evakuatsiya nazorati tizimlari, tutunga qarshi himoya tizimlari, shuningdek, texnologik jarayonning shartlariga muvofiq sutka davomida ishlashi kerak bo‘lgan elektr qurilmalari bundan mustasno.
112. Odamlar ommaviy bo‘ladigan obyektlarda mato va kiyimlarni dazmollash uchun maxsus xonalar jihozlanishi hamda unda elektr va boshqa isitish anjomlaridan foydalanish bo‘yicha qat’iy rejim o‘rnatilishi lozim.
113. Elektr qurilmalaridan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) elektr jihozlarini ishlab chiqaruvchining foydalanish hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmagan sharoitlarda ishlatish yoki nosozligi bo‘lgan elektr jihozlaridan foydalanish;
b) himoya qobig‘i shikastlangan yoki himoyalash xususiyatini yo‘qotgan elektr kabel va simlardan foydalanish;
v) shikastlangan (nosoz) elektr rozetkalaridan, rubilniklardan, himoya vositalaridan, elektr simlari qutilaridan va boshqa elektr qurilmalardan foydalanish;
g) elektr simlari va kabellarini yelimlash va bo‘yash, elektr lampalar va yoritkichlarni qog‘oz, mato va boshqa yonuvchi materiallar bilan o‘rash, shuningdek, yonuvchan materiallar saqlanadigan omborxona (yordamchi) binolaridagi chiroqlardan himoya qalpoqlarini yechib olgan holda foydalanish;
d) yonmaydigan materialdan ishlangan tagliklarisiz (podstavka) dazmol, elektr plitka, elektr choynak va boshqa elektr isitish anjomlaridan foydalanish;
e) tarmoqqa ulangan elektr isitish moslamalarini va boshqa maishiy elektr jihozlarini nazoratsiz qoldirish (ishlab chiqaruvchi korxonaning yo‘riqnomasida kunu tun ishlaydigan va (yoki) ishlashi mumkin bo‘lgan elektr jihozlari bundan mustasno);
j) nostandart (qo‘lbola) elektr isitish moslamalaridan, shuningdek, ularda konstruksiyasida nazarda tutilgan yong‘in kelib chiqish ehtimolini istisno qiluvchi termoregulyatorlari mavjud bo‘lmaganda yoki ishlamay qolganda foydalanish;
z) elektr uzatish tarmoqlari va elektr jihozlarini ortiqcha yuklanishdan va qisqa tutashuvlardan himoya qilish uchun avtomatik saqlagichlar va kalibrlangan eruvchan himoya o‘rnatmasi o‘rniga qo‘lbola tayyorlangan (sim o‘ramalari, “qo‘lbola saqlagich” va boshqalarni) vositalarni qo‘llash;
i) omborxonalar ichidan, shuningdek, yong‘in hamda yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan hududlardan elektr sim va kabellarni tranzit holda hamda havo quvurlari va quvurlar tarmog‘i orqali olib o‘tish;
k) yonuvchi materiallar saqlash omborxonalari va bostirmalari, yonuvchan tomlar ustidan ochiq elektr uzatish liniyalari va tashqi elektr simlarini yotqizish;
l) arxivlar, muzeylar, galereyalar, kutubxonalar va omborlar binolarida elektr isitish moslamalaridan foydalanish;
m) elektr tarmog‘ining yuklamasini ruxsat etilgan me’yoridan oshirish;
n) qurilish-montaj, ta’mirlash va avariyaviy-tiklash ishlari amalga oshirilayotgan joylarni elektr ta’minoti bilan ta’minlash hamda vaqtincha illyuminatsiya yoritish uchun o‘tkazilgan elektr o‘tkazgichlardan tashqari vaqtinchalik elektr o‘tkazgichlardan foydalanish va ularni o‘rnatish;
o) radio va telefon simlaridan elektr tarmoqlari simlari sifatida foydalanish;
p) taqsimlovchi elektr shchitlari va ishga tushirish boshqaruv jihozlarini ochiq holatida ishlatish;
r) turli xil materiallardan (mis va alyuminiydan) tayyorlangan elektr simlari (kabellari) o‘tkazgichlarni bir-biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulash;
s) bir-birini zaxiralovchi elektr zanjirlarini, ishchi va avariya yoritish zanjirlarini, boshqaruv va ta’minlovchi elektr kabellarini bir lotokda yoki qurilish konstruksiyasining bir yopiq kanalida, bog‘lamida, metall yengda, quvurda o‘tkazish taqiqlanadi.
114. Ko‘chma elektr yoritkichlar egiluvchan elektr simlardan foydalangan holda ishlanishi, shisha qalpoqlar bilan jihozlangan hamda saqlovchi himoya setkasi va osib qo‘yish uchun ilgak bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
115. Sofitlarni o‘rnatish vaqtida faqat yonmaydigan materiallar ishlatilishi, ularning korpuslari ushlab turuvchi trosslardan himoyalangan (izolatsiya qilingan) bo‘lishi kerak.
Projektor va sofitlarni yonuvchi konstruksiya va materiallardan 0,5 m dan kam bo‘lmagan masofada o‘rnatish lozim.
116. Binolarda (inshootlarda) yashin qaytargich, statik elektrdan himoyalash moslamalarini soz holatda saqlash kerak.
117. Momaqaldiroq paytida quyidagilarga ruxsat etilmaydi:
a) yashin qaytargich vositalarini ta’mirlash;
b) gaz quvurlari va havo chiqarish moslamalari orqali ishlab chiqarish mahsulotlarini atmosferaga chiqarish;
v) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar va yonuvchi gazli quvurlar va qurilmalarni shamollatishni amalga oshirish;
g) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarning quyish-to‘kish ishlarini amalga oshirish.
118. Temir yo‘llarda quyish-to‘kish ishlari davomida rezervuarlarni, quvurlarni, estakadalarni va tsisternalarni erga ulanmasdan foydalanish taqiqlanadi.
11-bob. Isitishda yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
119. Binolarda (inshootlarda) faqat sanoatda (zavodda) ishlab chiqarilgan issiqlik hosil qiluvchi qurilmalardan (shu jumladan, issiqlik to‘plamaydigan pechlardan) va isitish moslamalaridan (turli buyumlardan yasalgan pechlar bundan mustasno) foydalanishga ruxsat etiladi.
120. Isitish mavsumi boshlanishidan oldin pechlar, qozonlar, issiqlik hosil qiluvchi uskunalar hamda boshqa isitish anjomlari va tizimlari tekshirilgan va ta’mirlangan bo‘lishi kerak. Nosoz isitish pechlari, qozonxona jihozlari, issiqlik hosil qiluvchi qurilmalar va boshqa isitish anjomlaridan foydalanish taqiqlanadi.
121. Suyuq yoqilg‘ida ishlaydigan qozonxona jihozlarining issiqlik hosil qiladigan uskunalari va isitish moslamalarining har bir forsunkasida qumli taglik bo‘lishi kerak va yonilg‘i tarmog‘ida kamida ikkita ventil bo‘lishi zarur (birinchisi — o‘choqda, ikkinchisi — yonilg‘ili idishda).
122. Qozonxona va boshqa issiqlik chiqaruvchi qurilmalardan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) maxsus o‘quv kursida o‘qitilmagan va tegishli malakani beruvchi guvohnomaga ega bo‘lmagan shaxslar ishlashiga yo‘l qo‘yilishi (turar joy binolarida o‘rnatilganlar bundan mustasno);
b) qozonxonalarda va issiqlik chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatilgan xonalarda suyuq yoqilg‘i mahsulotlarini saqlash;
v) isitish uskunalaridan foydalanish uchun texnik shartlarda ko‘rsatilmagan neft mahsulotlari chiqindilaridan va boshqa yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan yoqilg‘i sifatida foydalanish;
g) yoqilg‘i uzatish tizimidan suyuq yoqilg‘i tomganda (gaz sizib chiqqanda) issiqlik o‘tkazuvchi qurilmalardan foydalanish;
d) qo‘lbola yasalgan gaz goryelkalaridan foydalanish;
e) o‘chib qolgan forsunka yoki gaz goryelkalariga yoqilg‘ini uzatish;
j) uskunalarning yonish kameralarini shamollatmasdan yoqish, shuningdek, mash’ala yordamida va boshqa shunga o‘xshash asboblardan foydalanmasdan yoqish;
z) yoqilg‘i ta’minotini nazorat qilish va boshqarish asboblari bilan jihozlanmaganda, ular nosoz yoki o‘chirilgan holatda bo‘lganda ishlatish;
i) kiyimlarni yoki boshqa yonuvchi materiallarni qozonlar ustida va mo‘rilarda saqlash. Issiqlik nurlanishining yo‘nalishi bo‘yicha yonuvchan materiallargacha bo‘lgan masofa kamida 1,25 m bo‘lishi kerak;
k) ko‘rish tuynugi orqali ishlatiluvchi aralashmani yoqish;
l) sarflash materiallari baklarini purkagichlar, shuningdek, qozonxona jihozlari devoriga 2 m yaqinlikda o‘rnatish;
m) ochiq yoqilg‘i baklari bilan ishlash;
n) satx o‘lchash moslamalari bilan jihozlanmagan sarflash materiallari baklari bilan ishlash;
o) qurilma va sarflash baklari yaqinida yonuvchan materiallardan to‘siqlar o‘rnatish;
p) shamollatish kanallari va boshqa kanallardan dudburon sifatida foydalanish.
2-§. Pech yordamida isitishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
123. Odamlar ommaviy bo‘ladigan obyektlarda, shuningdek, sutka davomida bolalar bo‘ladigan muassasalarning yotoqxonalarida isitish pechlarini o‘rnatish taqiqlanadi.
124. Suyuq va qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan dudburon va pechlarni, isitish mavsumi boshlanishidan oldin hamda isitish mavsumi davomida qurumdan tozalash lozim, ushbu ishlar kamida:
a) isitish pechlari uch oyda bir marta;
b) doimiy (uzluksiz) ishlatiladigan pech va o‘choqlar ikki oyda bir marta;
v) oshxona plitalari va boshqa uzluksiz (uzoq muddat) yoqiladigan pechlar oyiga bir marta o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining talablariga muvofiq iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlarini, gazdan foydalaniladigan asbob-uskunalarni texnik tekshirish va ularga profilaktik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi.
125. Isitish pechlaridan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) yoqilgan pechlarni nazoratsiz qoldirish hamda ularni nazorat qilishni yosh bolalarga topshirish;
b) pechlar atrofida va ularning eshiklari (tuynuklari) oldidagi tunuka qoplamasida yoqilg‘i va boshqa yonuvchi moddalar va materiallarni joylashtirish;
v) pech va tandirlarni yoqish uchun yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan (benzin, kerosin, dizel yonilg‘isi va boshqalar) foydalanish;
g) ushbu turdagi yoqilg‘ilarga mo‘ljallanmagan pechlarni ko‘mir, koks va gaz yoqilg‘ilari bilan yoqish;
d) xonalarda majlis yoki boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi davrida pechlarni yoqish;
e) ventilatsiya (shamollatish) va gaz kanallaridan dudburon sifatida foydalanish;
j) pechlarni haddan ziyod qizdirib yuborish;
z) pechlar va boshqa isitish moslamalarini yonuvchan konstruksiyalardan yong‘inga qarshi bo‘linmasiz (ajratmasiz), yonmaydigan materialdan tayyorlangan o‘lchami 0,5×0,7 m dan kam bo‘lmagan o‘choqning oldiga qo‘yiladigan panellarsiz (yog‘ochdan tayyorlangan va boshqa yonuvchan materiallardan tayyorlagan pollarda), shuningdek, bo‘linma (ajratma) va o‘choq oldi panellarida kuyishlar va shikastlanishlar (yoriqlar) bo‘lganda ishlatish;
i) pechlarni yoqish uchun uzunligi o‘choq kattaligidan kattaroq o‘tindan foydalanish;
k) pechlarni eshigi ochilgan holda yoqish.
126. Binolarda va inshootlarda (yashash uylaridan tashqari) pechlarni yoqish, ish vaqti tugashidan ikki soat oldin, shifoxona va boshqa odamlar kunu tun bo‘ladigan obyektlarda esa uyquga ketishdan ikki soat oldin to‘xtatilishi lozim.
Bolalar kunduz kuni bo‘ladigan xonalardagi pechlarni yoqish ishlari kamida bolalar kelishidan bir soat oldin tugatilishi lozim. Yoqilg‘i sifatida gazdan foydalaniladigan obyektlarda pechlarni yoqish har to‘rt soatda bir marotaba bir soatdan kam bo‘lmagan tanaffus bilan amalga oshirilishi lozim.
127. O‘txonadan sidirib olinadigan kul va kulga aylanmagan qoldiqlar (shlaklar) ustiga suv quyib, ularni maxsus ajratilgan xavfsiz joylarga olib chiqib tashlash kerak.
128. Standartlar va texnik shartlarning yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan metall pechlarni o‘rnatish mumkin emas.
Turar joy binolari va tashkilotlarda, maxsus korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan metalldan yasalgan vaqtinchalik va boshqa pechlarni o‘rnatishda ushbu mahsulotning ishlab chiqaruvchi korxonasining ko‘rsatmalari (yo‘riqnomasi) hamda isitish tizimlariga qo‘yiladigan loyihalash talablari bajarilishi lozim.
129. Pechlardan moddiy boyliklargacha, savdo rastalari, peshtaxta, shkaflar va boshqa anjomlargacha bo‘lgan masofa 0,7 m dan, o‘txona og‘zidan esa 1,25 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
130. Chordoqlardagi barcha dudburonlar va tutun kanallari o‘tgan barcha devorlarning yuzalari yoriqlarsiz, soz holatda va oqlangan bo‘lishi lozim.
131. Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan qozonxonalarning dudburonlari uchqun so‘ndirgich bilan jihozlanishi kerak.
132. 3 soatdan ko‘p yoqiladigan, shu jumladan, gaz bilan isitiladigan pechlar (oshxona, kir yuvish xonalari va boshqalar) 51 sm kenglikdagi va 3 soatdan kam yoqiladiganlar esa 38 sm kenglikdagi yong‘inga qarshi devorlar bilan ajratilishi kerak.
3-§. Infraqizil nurli goryelkalar bilan isitishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
133. Polga o‘rnatiladigan infraqizil nurli goryelkaga ega ko‘chma qurilmalar barqaror asosga ega bo‘lishi kerak. Goryelkaning nurlanish yuzasidan gaz ballonlariga, yonuvchan materiallardan yasalgan tuzilmalarga, elektr jihozlarigacha bo‘lgan masofa goryelkadan foydalanish hujjatlariga mos kelishi kerak, lekin 1 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
134. Infraqizil nurli goryelkalarni ishlatishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) goryelka o‘chgan holatlarda gaz ta’minotini to‘xtatadigan avtomatik qulf bilan jihozlanmagan qurilmalardan foydalanish;
b) tabiiy shamollatish yoki havo almashinuvining mos keladigan darajasi bo‘lgan sun’iy shamollatish mavjud bo‘lmagan xonalarda, shuningdek, yerto‘lada yoki tsokol qavatlarda foydalanish;
v) goryelkani shikastlangan keramika va ko‘zga ko‘rinadigan olov “tillari” bilan ishlatish;
g) xonada gaz hidi bo‘lganda ishlatish;
d) zaxira ballonlarini ishlayotgan goryelka yaqinida saqlash;
e) gaz ballonlari yonida ochiq olovdan foydalanish.
135. Ochiq joylarda ishlash vaqtida (ish joylarini isitish, nam joylarni quritish uchun) shamolga chidamli goryelkalardan foydalanish kerak.
12-bob. Shamollatish va sovitish tizimlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
136. Havo o‘tkazgichlaridagi olovni to‘xtatuvchi qurilmalar (zaslonka, shiber, klapan va boshqalar), avtomatik yong‘in o‘chirish yoki yong‘in signalizatsiyasi qurilmalarini shamollatish tizimi bilan blokirovka qilish moslamalari, yong‘in vaqtida shamollatish tizimini avtomatik ravishda o‘chirish moslamalari doimo soz bo‘lishi va belgilangan vaqtda tekshirib turilishi kerak.
137. Shamollatish va sovitish tizimlaridan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) shamollatish tizimi kameralarining eshiklarini ochiq holda qoldirish;
b) havo tortish kanallarini, tuynuk va panjaralarni berkitish;
v) havo o‘tkazgichlarga gaz isitish asboblarini ulash;
g) havo o‘tkazgichlarda yig‘ilib qolgan yog‘ qatlamlari, chang va boshqa yonuvchi moddalarning qoldiqlarini yoqish;
d) olovni to‘xtatuvchi qurilmalarni o‘chirish va olib tashlash;
e) havo quvurlari va ularning ulanishlari yaxlitligini buzish.
138. Shamollatish kameralari, siklon, filtrlar, havo o‘tkazgichlar obyekt rahbari tomonidan belgilangan muddatlarda yonuvchi chang hamda ishlab chiqarish chiqindilaridan tozalanishi kerak.
Portlash va yong‘in xavfi bo‘lgan xonalarning shamollatish tizimlarini xavfsiz usul bilan tozalash tartibi obyekt rahbari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
139. Yonish va portlash xavfi mavjud xonalardagi texnologik uskunalarni gidrofiltri, quruq filtri, chang ushlagich va boshqa shamollatish (aspiratsiya) qurilmalari nosoz yoki o‘chirilgan bo‘lsa ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
140. Yonuvchi chang, tola va boshqa chiqindilarni chiqarib tashlovchi ventilyatorga begona jismlar tushishining oldini olish maqsadida ularning oldiga tosh ushlagich, temir parchalarini ushlab qolish uchun esa magnitli ushlagichlar o‘rnatilishi lozim.
141. Mahalliy havo so‘rish tizimlari va pnevmatransport quvurlarida ularni vaqti bilan ko‘zdan kechirish, tozalash va yong‘in sodir bo‘lganda uni o‘chirish uchun maxsus tuynuklar bo‘lishi lozim.
Nazorat qilish tuynuklari bir-biridan 15 m uzoq bo‘lmagan masofada joylashishi kerak, bundan tashqari trostniklar, burilishlar, devor va to‘siqlar oralig‘idan o‘tuvchi joylarga ham o‘rnatilishi kerak.
142. Changdan tozalovchi mashina va agregatlardagi havo tozalash filtrlari alohida xonalarda o‘rnatilishi lozim.
143. Retsirkulatsiyada, uskunadan chiqariladigan changlangan havo filtrlar orqali ikki bosqichli tozalashdan o‘tkazilishi lozim.
13-bob. Boshqa turdagi muhandislik asbob-uskunalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
144. Nosoz gaz asboblaridan foydalanish, gaz asboblari va gaz quvurlarining jo‘mraklarini ochiq holda qoldirish, gaz asboblaridan 50 sm yaqinlikda mebellar va boshqa yonuvchi jihozlar va buyumlarni qo‘yish yoki o‘rnatish mumkin emas.
145. Yong‘in va yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan suyuqliklarni kanalizatsiya tizimiga to‘kishga (shu jumladan, avariya holatlarida ham) ruxsat etilmaydi. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar ishlatiladigan obyektlarning kanalizatsiya quvurlariga o‘rnatilgan gidrozatvorlar doimo soz holatda bo‘lishi lozim.
146. Axlatlar hamda kiyim o‘tishiga mo‘ljallangan quvurlarning (yo‘llarning) klapanlari zich yopilishi lozim.
IV bo‘lim. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari va yong‘inga qarshi texnik himoya vositalariga qo‘yiladigan talablar
14-bob. Yong‘in haqida xabar berish va yong‘inni o‘chirish texnik vositalarini saqlash
147. Obyektda buyruq (farmoyish) asosida yong‘inga qarshi avtomatika, tutunga qarshi himoya tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantiruvchi qurilmalarni ishlatishga javobgar shaxslar tayinlanishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
148. Yong‘in signalizatsiyasi va yong‘in o‘chirish qurilmalari, tutundan himoyalash, odamlarga yong‘in haqida xabar berish va evakuatsiyani boshqarish tizimlariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda rejali-ogohlantiruv ta’mirlash bo‘yicha reglament ishlari, moslama va qurilmalarni ishlab chiqargan korxonaning texnik hujjatlari va ta’mirlash ishlarining o‘tkazish muddatlarini hisobga olgan holda tuzilgan yillik ish rejasi asosida amalga oshiriladi. Texnik xizmat ko‘rsatish va rejali-ogohlantiruv ta’mirlash ishlari, korxonada qonunchilik hujjatlariga muvofiq maxsus va davriy tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar yoki shartnoma bo‘yicha maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
(148-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Uskuna va moslamalarni o‘chirib qo‘yish yo‘li bilan (alohida liniya, tashvishgoh) ta’mirlash yoki texnik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladigan davrda obyekt rahbari bino, inshoot, xona, texnologik uskunalarning yong‘indan himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishi kerak.
149. Yong‘in avtomatika moslamalariga, tutunga qarshi himoyalash tizimlariga, odamlarni yong‘indan ogohlantirishga obyekt mutaxassislari tomonidan texnik xizmat ko‘rsatishni amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, qurilmalarni ishga tushirgandan keyin 30 kun ichida ushbu faoliyat turi bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan uni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzish kerak.
Yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlariga texnik xizmat ko‘rsatish shartnomasi bekor qilinganda, korxona rahbari 24 soat ichida shartnomalar bo‘yicha tuman (shahar) Favqulodda vaziyatlar bo‘limini yoki obyektga xizmat ko‘rsatadigan favqulodda vaziyatlar bo‘linmalarini xabar qilishi shart.
150. Yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantirish qurilmalariga javobgar shaxs quyidagilarni:
a) yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantirish moslamalarini ishchi holatda va ishga yaroqli tarzda saqlanishini;
b) o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatilishi va ta’mirlanilishini nazorat qilishni;
v) xizmat ko‘rsatish (agar mavjud bo‘lsa) va korxonaning tezkor xodimlarini tayyorlash, shuningdek, yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimi qurilmalari bilan himoyalangan binolarda ishlaydigan ishchilar uchun ko‘rsatmalar berilishini;
g) yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantirish qurilmalaridan foydalanish hujjatlarini ishlab chiqish va ularning yuritilishini tizimli ravishda nazorat qilishni;
d) davlat yong‘in nazorati organlarini yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantirish qurilmalari ishga tushishining barcha holatlari va ishlamay qolishi to‘g‘risida xabardor qilinishini;
e) yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantirish qurilmalarining ishlashi paytida aniqlangan kamchiliklarni tezda bartaraf etish choralari ko‘rilishini;
j) shikoyatlarni tayyorlash va xizmat ko‘rsatish tashkilotlariga (zarur hollarda) o‘z vaqtida taqdim etilishini;
z) yong‘in avtomatika moslamalari, tutunga qarshi himoyalash tizimlari, odamlarni yong‘indan ogohlantirish qurilmalari texnik hujjatlarining to‘liq to‘plami mavjudligi va saqlanishini ta’minlashi kerak.
151. Dispetcherlik punkti (yong‘in o‘chirish posti) xonasida ko‘rinadigan joyga quyidagi hujjatlar joylashtirilishi kerak:
a) yong‘in to‘g‘risida signallarni qabul qilganda va yong‘in avtomatika moslamalari (tizimlari) nosozligida tezkor (navbatchi) xodimlarning harakatlari tartibi to‘g‘risida;
b) yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlarining umumiy sxemasi;
v) o‘chirish vositasini uzatish yo‘nalishlari va uni ishga tushirish usuli ko‘rsatilgan avtomatik yong‘in o‘chirish moslamalarining prinsipial sxemasi;
g) yong‘in avtomatikasi bilan himoyalangan binolar ro‘yxati;
d) yong‘indan himoya qilishning texnik vositalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar;
e) avariya va maxsus xizmatlarning, korxona rahbarlari va mas’ul shaxslarning manzili va telefon raqamlarining ro‘yxati.
Ushbu hujjatlar, qabul-nazorat moslamalaridan signallar qabul qilingan hollarda navbatchilarning harakatlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomadan tashqari yong‘in posti xonasida maxsus papkada saqlanishi mumkin.
Dispetcherlik punkti (yong‘in o‘chirish posti) telefon aloqasi va ishchi holatdagi fonarlar (kamida 3 dona) bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
152. Yong‘in o‘chirish posti, nasos stansiyalari va yong‘inni o‘chirish stansiyalari xonalaridagida telefon va (yoki) radio aloqa vositalari ishchi holatda bo‘lishi kerak. Telefonlarni tarmoqdan uzib qo‘yish taqiqlanadi.
153. Yong‘inga qarshi texnik himoya vositalarini bo‘yash, shuningdek, ularning joylashganligini ko‘rsatadigan belgi (simvollar) amaldagi texnik normativ-huquqiy hujjatlar talablariga javob berishi kerak.
154. Turar joylar va yotoqxonalar xonalarining ijarachilari, hamda egalari xonalardagi yong‘indan ogohlantiruvchi vositalarni ishga yaroqli holda saqlashlari shart.
155. Turar joy egalari yong‘inni o‘chirish moslamasini ishlab chiqaruvchining (pasporti) talablariga muvofiq saqlashi hamda yiliga ikki marotaba yong‘in o‘chirish qurilmalarining shlanglari mexanik shikastlanishini vizual va suv yuborish orqali tekshirishi shart.
156. Yong‘in hakidagi xabarni qabul qilish-nazorat moslamalari yong‘in haqida signallarni qabul qilishga va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalariga xabar berishga mac’ul bo‘lgan shaxslarning (navbatchilarning) kunu tun doimiy bo‘ladigan xonalariga o‘rnatilishi kerak.
157. Yong‘indan xabar beruvchi vositalar (keyingi o‘rinlarda — yong‘in xabarlagichlari) har doim toza turishi kerak. Himoyalangan xonalardagi ta’mirlash ishlari davomida yong‘indan xabar beruvchi vositalarni suvoq, bo‘yoq va ohakdan himoya qilish kerak. Ta’mirlashni tugatgandan so‘ng himoya vositalari yechilishi kerak.
158. Nosoz yong‘in xabarlagichlar o‘rniga boshqa turdagi yoki ish prinsipi boshqacha bo‘lgan yong‘in xabarlagichlarini o‘rnatish, shuningdek, ular bo‘lmaganda shleyf blokini tutashtirish taqiqlanadi.
159. Korxonada yong‘indan xabar beruvchi vositalarning zaxirasi o‘rnatilganlar sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘lishi kerak.
160. Yong‘in signalizatsiyasi tizimining yong‘in xabarlagichlari va yong‘inni avtomatik o‘chirish qurilmalarining qo‘zg‘atuvchilari himoyalanadigan xonaga o‘rnatilishda uning barcha nuqtalaridagi yong‘inni o‘z vaqtida aniqlash imkonini ta’minlashi lozim.
15-bob. Yong‘in signalizatsiyasi hamda yong‘indan xabar berish va evakuatsiyani boshqarish tizimlariga qo‘yiladigan talablar
161. Yong‘in avtomatikasi qurilmalari doimo soz va ishchi holatda, loyiha hujjatlariga muvofiq saqlanishi kerak.
Qoidalar va normalarda ko‘rsatilgan holatlardan tashqari qurilmalarni avtomatik ishga tushirish rejimidan qo‘lda ishga tushiradigan rejimga o‘tkazish taqiqlanadi.
162. Yong‘in haqida xabar berish tizimi evakuatsiya qilish rejasiga muvofiq bir vaqtning o‘zida butun bino (inshoot) bo‘yicha yoki tanlov asosida uning alohida qismlariga (qavat, bo‘limlar va boshqalar) signal yuborilishini ta’minlay olishi kerak.
163. Davolash, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamda maktab- internatlarning yotoqxonalarida faqat xodimlarga yong‘in haqida xabar beriladi.
164. Yong‘in haqida xabar berish tizimidan foydalanish tartibi, ularning yo‘riqnomalarida va yong‘in vaqtida binoni tark etish rejalarida keltirilishi hamda ularda tizimni ishga tushirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
165. Yong‘in haqida xabar berish moslamalari bilan jihozlanishi talab etilmagan obyektning rahbari yong‘in haqida xabarni odamlarga yetkazish tartibini ishlab chiqishi va mas’ul shaxsni tayinlashi lozim.
166. Xabar berish (radiokarnay) moslamalarida ovozni pasaytirish va baland qilish moslamalari bo‘lmasligi hamda tarmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri uzib quyish imkoniyatisiz ulangan bo‘lishi lozim.
167. Evakuatsiya qilishni boshqarish va uzatiladigan xabar matnining ishonchliligi ta’minlangan holda ichki radioeshittirish tarmog‘i va korxonadagi mavjud boshqa tarmoqlardan foydalanish mumkin.
168. Nosoz yong‘in xabarlagichlarni shleyflarda qoldirish taqiqlanadi. Ta’mirlash paytida nosoz qo‘ldan ishlaydigan yong‘in xabarlagich o‘rnatilgan joyga yaqin joyda joylashgan soz holatdagi qo‘ldan ishlaydigan yong‘in xabarlagichi haqidagi belgi qo‘yiladi.
169. Yong‘in xabarlagichlariga va qo‘l yordamida ishga tushiriladigan yong‘in xabarlagichlariga erkin o‘tish imkoni ta’minlangan bo‘lishi kerak.
170. Obyektlarda o‘rnatilgan avtonom yong‘in xabarlagichlarini demontaj qilish taqiqlanadi (binolar ichida ta’mirlash ishlari yoki avtonom yong‘in xabarlagichlari nosoz bo‘lgan holda ularning o‘rniga keyinchalik o‘rnatish sharti bilan almashtirish holatlari bundan mustasno).
171. Avtonom yong‘in xabarlagichlariga xizmat ko‘rsatish tartibi, shuningdek, quvvat manbai almashinish chastotasi ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlaridagi ko‘rsatmalarga muvofiq bo‘lishi kerak. Quvvat manbai zaryadsizlangan bo‘lsa, uni darhol almashtirish kerak.
172. Avtonom yong‘in xabarlagichlarining ishga yaroqliligini tekshirish ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi, ammo 3 oyda bir martadan kam bo‘lmagan tarzda. Avtonom yong‘in xabarlagichi ishlamay qolganda, uni almashtirish kerak.
16-bob. Avtomatik yong‘inni o‘chirish qurilmalariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Suvli va ko‘pikli avtomatik yong‘in o‘chirish qurilmalariga qo‘yiladigan talablar
173. Qurilmalardan foydalinishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) ochilgan, nosoz purkagichlar o‘rniga tiqin va berkituvchilarni o‘rnatish;
b) boshqa uskunalarni ilish yoki mahkamlash uchun quvurlardan va purkagichlardan foydalanish;
v) ishlab chiqarish uskunalari va sanitariya jihozlarini qurilma quvurlariga ulash;
g) qurilmani avtomatik rejimdan qo‘l rejimiga o‘tkazish;
d) quvurlarga berkitish armaturalari va flanetsli ulanishlarni o‘rnatish;
e) quvur tarmoqlari mahkamlagichlarini bo‘shatish va bukilishlarini o‘zgartirish.
174. Yong‘in o‘chirish qurilmalari sig‘imlari va ballonlardagi yong‘in o‘chirish vositasining og‘irligi yoki bosimi hisobdagi ko‘rsatkichlardan 10 foiz va undan ko‘pga kamaygan bo‘lsa, ularni to‘ldirish yoki almashtirish talab etiladi.
175. Qurilmalarning sprinklerli (drencherli) suv purkagichlariga mexanik shikast yetkazish xavfi bor joylar issiqlik va suvni sepish maydoniga ta’sir ko‘rsatmaydigan hamda uni o‘zgartirmaydigan ishonchli to‘siq bilan himoyalanishi kerak.
Ochilib ketgan yoki nosoz purkagichlarning o‘rnini tiqin (probka) yoki zaglushkalar bilan berkitish taqiqlanadi.
176. Yong‘in o‘chirish stansiyasi yong‘in vaqtida qurilmani boshqarish yo‘riqnomasi va tizimning bir-biriga ulanish chizmasi bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Har bir boshqarish nuqtasi oldida himoyadagi xonalar, ulardagi suv purkagichlarning soni va rusumi yozilgan ko‘rsatkich bilan ta’minlanishi kerak. Jo‘mrak va zadvijkalarga ulanish chizmasiga muvofiq tartib raqamlari qo‘yilishi lozim.
177. Boshqaruv bloki xonasi doimiy ravishda yopiq bo‘lishi kerak. Xonalarning kalitlari xizmat ko‘rsatuvchi xodim (agar mavjud bo‘lsa) va tezkor xodimlarda saqlanishi kerak.
178. Suv, past va o‘rta karrali ko‘pik bilan yong‘in o‘chirish moslamalari bilan himoyalangan xonalarda izolatsiyalanmagan ochiq elektr tokini o‘tkazuvchi qismlari bo‘lgan uskunalarning avtomatik ravishda o‘chirish moslamalari ishga yaroqli bo‘lishi va har hafta nazorat qilinishi kerak.
179. Ko‘pik hosil qiluvchi modda va uning eritmasini saqlash ishlab chiqaruvchining ko‘pik hosil qiluvchi moddaning muzlashini istisno etadigan harorat va namlik sharoitlariga rioya etish bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq amalga oshiriladi. Ko‘pik hosil qiluvchi moddaning sifati ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan muddatda nazorat qilinishi kerak.
2-§. Gaz va aerozolli yong‘in o‘chirish qurilmalarga qo‘yiladigan talablar
180. Yong‘in signalizatsiyasi, sprinkler va drencher tizimlarining qabul-nazorat qurilmasiga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi shaxslariga navbatchilik paytida uxlash hamda ushbu qurirlmalarni qarovsiz qoldirish taqiqlanadi.
181. Himoyalangan xonalarda ishlaydigan shaxslar uchun qurilmalar ishga tushgani to‘g‘risida xabarni (signalni) olganlaridan so‘ng ularning harakatlari va evakuatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ko‘rinadigan joylarga o‘rnatilishi kerak.
182. Yong‘inni o‘chirish stansiyasining xonalarida stansiyalar tarmoqlarining sxemalari va qurilmalarning prinsipial sxemalari o‘rnatilishi kerak.
183. Yong‘in o‘chirish qurilmalarining har bir tarqatish uskunasida himoyalanadigan xonaning nomlari va joylashishini ko‘rsatuvchi yo‘nalish raqami ko‘rsatilgan yorliq bo‘lishi kerak. Gazli yong‘in o‘chiruvchi batareyalarning old tomonida bo‘lim raqamlarini ko‘rsatadigan yorliqlar bo‘lishi kerak.
184. Himoyalangan xonaga tutashgan xonalarning havo kanallaridagi germetiklangan klapanlarning ishga yaroqliligini tekshirish oyiga kamida bir marta amalga oshiriladi. Tekshirish natijalari jurnalga qayd etiladi.
17-bob. Yong‘inga qarshi suv ta’minoti
185. Har bir obyektdagi yong‘in o‘chirish nasos stansiyasida va yong‘in o‘chirish stansiyasining xonasida yong‘inga qarshi suv rezervuarlari (suv olish mumkin bo‘lgan joylar), gidrantlar, klapanlar, suv quvurlari tarmog‘i qismlaridagi quvurlar diametrlari ko‘rsatilgan yong‘inga qarshi suv ta’minoti umumiy sxemasi bo‘lishi kerak. Yong‘in o‘chirish nasos stansiyasi xonasida yong‘inga qarshi suv ta’minotining umumiy chizmasi hamda nasoslarning bir-biriga ulanish chizmasi osib qo‘yilishi lozim.
186. Yong‘inga qarshi suv ta’minotini tashkil etishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) suv ta’minoti tarmog‘ining qismlarini yong‘in o‘chirish gidrantlari va ularga o‘rnatilgan kranlardan o‘chirish, shuningdek, yong‘inni o‘chirish uchun zarur bo‘lgan tarmoqdagi bosimni pasaytirish (nasos stansiyalarining ishlamay qolishi, ta’mirlash ishlari yoki avariya yuz bergan taqdirda, tegishli yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari bu haqda darhol ogohlantirilishi kerak);
b) loyihalash hujjatlarini ishlab chiqmasdan va kerakli oqimni ta’minlash uchun tashqi sinovlarni o‘tkazmasdan, suv sarfini ko‘paytirish va tarmoqdagi bosimning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan yong‘inga qarshi suv ta’minoti tarmog‘iga qo‘shimcha ulanishlarni amalga oshirish;
v) yong‘inni o‘chirish gidrantlari va kranlarini demontaj qilish;
g) yong‘inni o‘chirish gidrantlari lyukining qopqog‘ini asfalt, beton va boshqa qoplamalar bilan qoplash.
187. Obektdagi tashqi va ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimining holatini tekshirish kamida 6 oyda bir marta (tashqi tizim uchun — bahor-yoz va kuzning boshlanishida, suv chiqarish yo‘li bilan tekshirish), shuningdek, har bir mukammal ta’mirdan so‘ng rekonstruksiya qilingan yoki yangi iste’molchilar dalolatnoma tuzilgan holda komissiya orqali suv ta’minotiga ulanganda o‘tkazilishi kerak.
188. Tashqi va ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimining holatini nazorat qilish mas’ul shaxslar tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
a) yong‘inni o‘chirish jo‘mraklarining to‘plamni tashqi ko‘rikdan o‘tkazish hamda suvning chiqishini (yong‘inni o‘chirish sprinkler purkagich moslamasining ta’minot quvurlariga ulangan kranlardan tashqari) tekshirish;
b) ixtiyoriy shakldagi dalolatnomani tuzgan holda berkitish armaturalarini ko‘zdan kechirish, yong‘inni o‘chirish yenglari o‘ramalarini quritish (zarur hollarda) va qayta o‘rash;
v) yong‘inni o‘chirish gidrantlari (lyuk, quduq, yong‘inga qarshi gidrant) korpusi mavjudligi, ishga yaroqliligi va holatini, o‘rnatilgan yong‘in xavfsizligi belgilarining mavjudligini tekshirish;
g) yong‘inga qarshi nasoslar zarur bosimni ushlab turishi va asosiydan zaxira nasosga (agar mavjud bo‘lsa) o‘tishning ishonchliligini har oyda kamida bir marta dalolatnoma tuzish orqali tekshirish;
d) yong‘inga qarshi rezervuarlarni, sig‘imlarni zarur suv sathini, suv olish vositalari mavjudligi va ularning sozligi, qiyaliklar, yong‘in-qutqaruv mashinalari, shamollatish moslamalari va boshqa jihozlarni o‘rnatish uchun kirish yo‘llari va maydonlar mavjudligini tekshirish, suv havzasini (rezervuarni) atrof muhitning salbiy haroratida ishlatilishini ta’minlash choralarini ko‘rish.
189. Yong‘inni o‘chirish moslamasi o‘rnatilgan suv ta’minoti tizimi zarur bosimni va yong‘inni o‘chirish uchun suvning yetarli miqdorini ta’minlashi kerak.
190. Klapanlar va nasoslar korxonaning yong‘inga qarshi suv ta’minotining umumiy sxemasiga mos keladigan raqamlarga ega bo‘lishi kerak. Texnik qayta jihozlash, rekonstruksiya qilish va boshqa ishlar bilan bog‘liq suv ta’minoti tizimidagi o‘zgarishlar tegishli texnik hujjatlar va sxemalarda aks ettirilishi kerak.
191. Yong‘inni o‘chirish nasos stansiyasining kirish eshiklari yopiq holatda saqlanishi kerak. Eshiklarda kalitlarning joylashuvi haqida ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
192. Yong‘inga qarshi rezervuarlar (yer osti va yarim yer osti) ikki qopqoqli lyuk bilan jihozlangan bo‘lishi kerak, ularning orasidagi bo‘shliq qishki mavsumda issiqlikni izolatsiyalovchi materiallar bilan to‘ldirilishi kerak (qipiq, mayda bo‘laklar, siqilgan somon va boshqalar).
193. Suv minoralari yilning barcha fasllarida yong‘in-qutqaruv texnikalariga suv olish uchun moslashtirilgan bo‘lishi kerak. Suv minorasidan suvni avtotsisternalar va yong‘in-qutqaruv texnikalariga olish uchun suv olish moslamasi qishda isitilishi kerak.
194. Yong‘inni o‘chirish gidrantlari, suv xavzalari raqamlangan bo‘lishi kerak, amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq ko‘rsatkich belgilariga ega bo‘lishi kerak. Yong‘inni o‘chirish gidrantlari va suv xavzalari joylashgan joylarini tungi vaqtda aniqlash uchun mo‘ljallangan yorug‘lik yoki lyuminessent ko‘rsatgichlar ko‘rinadigan joylarga 2,0 — 2,5 m balandlikda joylashtirilishi kerak.
195. Yong‘inni o‘chirish gidrantlari qish sharoitida ishlashga tayyorlanishi kerak (gidrant va quduqdan cuv chiqarilan, quduqlarning qopqoqlari doimo qor va muzdan tozalangan va isitilgan bo‘lishi kerak).
196. Yong‘inni o‘chirish kolonkasi yong‘inni o‘chirish gidrantlariga to‘sqinliklarsiz o‘rnatilishi kerak. Gidrant qudug‘i quruq, chiqindilardan tozalangan bo‘lishi va uning qopqog‘i oson ochilishi kerak. Yong‘inni o‘chirish gidrant quduqlarining qopqog‘ida (qopqoqning tepasida) transport vositalarini to‘xtatish taqiqlanadi.
197. Obyektning hududida va uning tashqarisida joylashgan yong‘inni o‘chirishga mo‘ljallangan suv manbalariga yong‘inni o‘chirish texnikalarini o‘rnatish va ulardan yilning barcha fasllarida suv olish uchun kirish yo‘llari va qattiq qoplamali maydon tashkil etilishi kerak. Yong‘inni o‘chirish gidrantlari, suv xavzalari, rezervuarlari, suv minoralari va boshqa yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbalariga hamda quruq quvurlarga kirish va o‘tish yo‘laklari doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
198. Yong‘inni o‘chirish yoki o‘quv mashg‘ulotlari uchun ishlatilgan suv zaxirasi zudlik bilan qayta to‘ldirilishi kerak.
199. Yong‘inga qarshi rezervuarlardan suv oqishi aniqlanganda ularni zudlik bilan ta’mirlash va suv bilan to‘ldirish choralarini ko‘rish kerak.
200. Gradirnyalarga borish yo‘llari qattiq qoplamaga ega bo‘lishi va uning hovuzidagi suvdan yong‘in o‘chirish maqsadida ishlatish imkoniyati yaratilgan bo‘lishi kerak.
201. Ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimidagi yong‘inni o‘chirish jo‘mraklari yong‘inga qarshi shkaflar ichiga o‘rnatilgan, yong‘inni o‘chirish yenglari va dastaklari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Ichki yong‘inni o‘chirish jo‘mraklaridagi yong‘inni o‘chirish yenglari quruq, juft o‘ramaga o‘ralgan, jo‘mrakka va dastakka ulangan bo‘lishi lozim.
202. Yong‘inni o‘chirish jo‘mraklaridan doimo foydalanish sharoiti mavjud bo‘lishi kerak.
18-bob. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari
203. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalariga barcha turdagi ko‘chma va transportirovka qilinadigan o‘t o‘chirgichlar, to‘kma materiallari (qum, perlit va boshqalar) bo‘lgan qutilar, shuningdek, yong‘inga chidamli matolar (asbest matosi, kigiz, namat va boshqalar), bochkalar va suv bilan to‘ldirilgan idishlar, qo‘lda foydalaniladigan mexanizatsiyalashmagan va mexanizatsiyalashgan yong‘inga qarshi vositalar (ilgaklar, lomlar, belkuraklar, boltalar, elektr simlarini kesish moslamalari, elektr dvigatel tomonidan boshqariladigan asboblar, ichki yonish dvigateli va boshqalar) kiradi.
204. Obyekt hududi, xonalar, bino va inshootlar ushbu Qoidalarga 6-ilovaga muvofiq yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan ta’minlanishi kerak.
205. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari ularning pasportlaridagi ma’lumotlarga muvofiq saqlanishi lozim.
Tegishli sertifikati yoki sifat hujjatlari bo‘lmagan yong‘inni o‘chirish vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
206. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalaridan belgilangan maqsadlardan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
207. Xonalarda, bino va inshootlarda joylashgan yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalarining saqlanishi va ulardan foydalanishga tayyorligi uchun javobgarlik ushbu obyekt rahbari zimmasiga yuklanadi.
208. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari ularni ishlatish ehtimoli yuqori bo‘lgan va ko‘rinadigan joylarga o‘rnatilishi hamda ularga olib boruvchi yo‘llar doimo bo‘sh va to‘sib qo‘yilmagan bo‘lishi lozim.
209. Obyektning hududidagi (binoning tashqarisidagi) yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari yog‘ingarchilik ta’siridan himoya qiluvchi maxsus yong‘inga qarshi qalqonlari va stendlariga jamlangan bo‘lishi kerak.
210. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalarini yo‘laklarga, o‘tish joylariga joylashtirish odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilishga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Ko‘chma o‘t o‘chirgichlar eshikdan uning to‘liq ochilishi uchun yetarli bo‘lgan masofada va poldan 1,5 m balandlikda (o‘t o‘chirgichning pastki qismigacha) joylashgan bo‘lishi kerak.
211. Uglekislotali, kimyoviy, havo-ko‘pikli, kukunli va boshqa o‘t o‘chirgichlarning berkitish armaturalari (kranlari va richag klapanlari) muhrlangan bo‘lishi kerak.
212. Ishlatilgan hamda muhrlari buzilgan o‘t o‘chirgichlar tekshirish yoki zaryadlash uchun darhol qaytarilishi kerak.
213. O‘t o‘chirgichlar, ularni saqlash uchun belgilangan harorat diapazoniga muvofiq bo‘lmagan joylarda o‘rnatilmasligi kerak.
214. Sovuq davrda ochiq havoda yoki isitilmaydigan xonalarda joylashgan va manfiy haroratda ishlash uchun mo‘ljallanmagan o‘t o‘chirgichlar isitiladigan xonada saqlanishi lozim. Bunday hollarda yong‘inga qarshi qalqonlar va stendlarga eng yaqin isitiladigan xonalarda saqlanayotgan o‘t o‘chirgichlari to‘g‘risida ma’lumot joylashtirilishi kerak.
215. Barcha turdagi yong‘inga qarshi vositalarni zaryadlash, tekshirish va qayta zaryadlash amaldagi standartga, ishlab chiqaruvchining pasportiga yoki foydalanish ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshirilishi kerak. O’zDSt 3414: 2019ga muvofiq o‘tkazilgan davriy tekshiruv davomida belgilangan parametrlarga mos kelmaydigan og‘ishlar aniqlanganda ularni bartaraf etish va o‘t o‘chirgichni zaryadlash kerak.
216. Asbest mato, kigizni (namatni) qopqoqli metall qutilarda saqlash, vaqti-vaqti bilan (uch oyda bir marta) quritish va changdan tozalash tavsiya etiladi.
217. Qum qutilari 3, 1 va 0,5 m3 sig‘imga ega bo‘lishi va belkurak bilan jihozlanishi kerak.
Yong‘inga qarshi qalqon tarkibiga kiritilgan qum uchun idishlar kamida 0,1 m3 sig‘imga ega bo‘lishi kerak. Qutining tuzilishi qumni olish qulayligini ta’minlashi va yog‘ingarchilik tushishini istisno qilishi kerak. Qumni qutiga solishdan oldin qumaloq bo‘lishining oldini olish maqsadida quritib, elakdan o‘tkazish kerak.
218. Suvli bochkalar kamida 200 L sig‘imga, qopqoqqa ega bo‘lishi, qizil rangga bo‘yalgan va oq bo‘yoq bilan “Yong‘inni o‘chirish uchun” so‘zlari yozilgan bo‘lishi kerak. Har bir bochka qizil rangga bo‘yalgan va “Yong‘in chelagi” so‘zlari yozilgan ikkita chelak bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
V bo‘lim. Yuqori darajada yong‘in xavfi mavjud ishlarni amalga oshirishni tashkil etish
19-bob. Olovli ishlarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
219. Quyidagilar payvandlash va boshqa olovli ishlarni (keyingi o‘rinlarda — olovli ishlar) bajarish joylari bo‘lishi mumkin:
a) doimiy — ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan sexlarda, ustaxonalarda yoki ochiq maydonchalarda tashkil etiladigan;
b) vaqtinchalik — bunday ishlarni amalga oshirishga mo‘ljallanmagan va maxsus jihozlanmagan tashkilot va turar joy binolari va inshootlarida (shu jumladan, qurilayotgan va foydalanilayotgan), shuningdek, ularning hududida (ochiq maydonchalarida) qurilmalarni ta’mirlash va qurilish tuzilmalarini o‘rnatish maqsadida bajariladigan.
220. Vaqtinchalik joylarda (qurilish maydonchalari va xususiy uylardan tashqari) olovli ishlarni bajarish uchun tashkilot rahbari yoki yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxs tomonidan ushbu Qoidalarga 11-ilovaga muvofiq shaklda olovli ishni o‘tkazish uchun naryad-ruxsatnomasi rasmiylashtiriladi.
221. Qurilish maydonchalarida va yong‘in xavfi bo‘lmagan joylarda faqat texnika xavfsizligi qoidalarini va ushbu Qoidalarning talablarini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga olovli ishlarni naryad-ruxsatnomasini rasmiylashtirmasdan bajarishga ruxsat beriladi. Yozma ruxsat olmasdan olovli ishlarni mustaqil bajarishga ruxsat berilgan mutaxassislar ro‘yxati obyekt rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
222. Doimiy olovli ishlar amalga oshiriladigan joylar tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan belgilanadi.
223. Olovli ishlar bajariladigan joyni yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan (o‘t o‘chirgich yoki qum bilan to‘ldirilgan quti, belkurak va suv to‘ldirilgan chelak) ta’minlash lozim. Agar payvandlash ishlari amalga oshirilayotgan joy yaqinida ichki yong‘inni o‘chirish jo‘mraklari mavjud bo‘lsa, unda ushbu ichki yong‘inni o‘chirish jo‘mraklariga yong‘inni o‘chirish yeng va dastaklari ulangan (foydalanishga tayyor) holatda bo‘lishi zarur.
224. Binolar, inshootlar yoki boshqa joylarda olovli ishlar olib borilishida, ushbu joylarning yonida yoki ostida bo‘lgan yonadigan konstruksiyalar metall to‘siqlar bilan yoki suv to‘kilgan holda yonishdan ishonchli himoyalangan bo‘lishi kerak, shuningdek, uchqunlarning tarqalishiga va ularning yonuvchan qismlari tushishi kerak bo‘lmagan joy va qavatga tushishiga qarshi choralar ko‘rilishi kerak.
225. Olovli ishlar tugagandan so‘ng ishni bajaruvchi ushbu ishlar amalga oshirilgan joyni, shuningdek, olovli ishlar ta’siri etishi kerak bo‘lmagan joylar va qavatlarni sinchkovlik bilan tekshirishi, yonuvchan konstruksiyalarga suv quyishi va yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlarni bartaraf qilishi shart.
226. Obyekt rahbari yoki binodagi yong‘in xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs vaqtincha olovli ishlar o‘tkaziladigan joy ish tugaganidan keyin 3 — 5 soat ichida tekshirilishini ta’minlashi kerak.
227. Yong‘in va portlash xavfi mavjud joylarda payvandlash, gazli kesish, benzinli kesish va chilangarlik ishlari faqat portlovchi va yong‘in xavfi mavjud mahsulotlar, uskunalar va binolar yaxshilab tozalangach, portlovchi chang va moddalar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda ularning bug‘lari to‘liq tozalagandan so‘ng amalga oshirilishi kerak. Xona doimiy ravishda shamollatilishi va gaz analizatorlari yordamida ekspress-tahlillarni o‘tkazish orqali havo muhitining holati nazorat qilinishi kerak.
228. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar saqlagan idishlarni (tsisternalar, baklar va boshqalarni) payvandlashdan oldin tozalash, kaustik sodali issiq suv bilan yuvish, bug‘lash, quritish va havo muhitini laboratoriya tahlilidan yoki ko‘chma gaz analizatorlari yordamida tekshirish (ekspress usul) hamda shamollatish kerak. Payvandlash ishlari ushbu idishlarning tuynuklari, lyuklari va tiqinlari ochiq holatda, shuningdek, ko‘chma shamollatish orqali amalga oshirilishi kerak.
229. Vaqtinchalik olovli ishlar o‘tkaziladigan joylar va payvandlash moslamalari, gaz ballonlari va yonadigan suyuqlik bilan to‘ldirilgan konteynerlar o‘rnatilgan joylar kamida 5 m radiusda yonuvchi materiallardan tozalangan bo‘lishi kerak.
230. Olovli ishlarni bajarayotganda quyidagilar taqiqlanadi:
a) nosoz bo‘lgan apparatlarda ishga kirishish;
b) yangi bo‘yalgan konstruksiyalar va buyumlarni to‘liq qurimagunga qadar payvandlash, kesish yoki kavsharlash;
v) olovli ishlarni bajarishda yog‘-moy, benzin, kerosin boshqa yonuvchi suyuqliklar izlari qolgan kiyim va qo‘lqoplardan foydalanish;
g) payvandlash joylarida kiyim, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda boshqa yonuvchi materiallarni saqlash;
d) o‘quvchilarga, shuningdek, malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan xodimlarga mustaqil ravishda ishlashga ruxsat berish;
e) siqilgan, suyultirilgan va erigan gazlar ballonlariga elektr simlari tegib turishiga imkon berish;
j) yonuvchan va zaharli moddalar bilan to‘ldirilgan, shuningdek, bosim ostida yoki elektr kuchlanishida bo‘lgan qurilmalar va apparatlarda ish olib borish;
z) tomga gidroizolatsiya va bug‘ izolatsiyasini, yonuvchan va qiyin yonuvchan isitish panellarni o‘rnatish, pol qoplamalarini yopishtirish va yonuvchan loklar, yelimlar, mastikalar va boshqa yonuvchan materiallardan foydalangan holda binolarni pardozlash ishlari bilan bir vaqtda olovli ishlarni bajarish;
i) yonuvchan va qiyin yonadigan issiqlik saqlovchi materiallari bilan qoplangan yengil metall konstruksiyalardan yasalgan binolarda (xonalarda) olovli ishlarni bajarish;
k) xonada bolalar bo‘lganda olovli ishlarni bajarish.
20-bob. Elektr payvandlash ishlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
231. Binolarda elektr payvandlash ishlari faqat havo almashish imkoniga ega bo‘lgan xonalarda amalga oshirilishi lozim.
232. Yong‘in xavfi ehtimoli bor xonalarda payvandlash ishlarini bajarish joyi yonmaydigan to‘siq bilan himoyalangan bo‘lishi va to‘siqning balandligi kamida 2,5 m, to‘siq va pol orasidagi masofa esa — ko‘pi bilan 5 sm ga teng bo‘lishi kerak.
233. Payvandlash ishlari bajariladigan xonalardagi pollar yonmaydigan materiallardan yasalgan bo‘lishi zarur.
234. Rezervuarlar, qozonxonalar va metall qurilmalarining boshqa yopiq bo‘shliqlarida, payvandlash qurilmasi yassi singan paytda payvandlashni o‘chiradigan maxsus moslama bilan jihozlangan bo‘lsa, bunda o‘chirilish paytidagi vaqtning kechikishi esa 0,5 sec dan oshmasa yassi payvandlashga ruxsat etiladi.
235. Qo‘lda payvandlash qurilmasi rubilnik yoki kontaktor (payvandlash toki manbaini taqsimlovchi sex tarmog‘iga ulanish uchun), saqlagich (birlamchi zanjirda) va payvandlash tokining miqdorini ko‘rsatuvchi asboblar (tok regulyatoridagi ampermetr yoki shkala) bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
236. Elektr payvandlash kabellari (elektr simlari) kislorod o‘tuvchi quvurlardan kamida 0,5 m masofada, atsetilen va boshqa yonuvchi gazlar quvurlaridan esa kamida 1 m masofada o‘tgan bo‘lishi lozim. Ba’zi hollarda, kabel himoya metall quvurga o‘ralgan taqdirda, belgilangan masofalarni ikki baravar kamaytirishga ruxsat beriladi.
237. Elektr payvandlash ishlarini bajarayotganda manbaga payvandlanadigan ish qismidan qaytib keladigan sim faqat izolatsiya qilingan sim bilan amalga oshiriladi va izolatsiya sifati jihatidan elektrod ushlagichga ulangan to‘g‘ridan to‘g‘ri simga mos kelishi kerak.
238. Qaytish simi sifatida ichki temir yo‘llar, nollash yoki erga ulash qurilmalari hamda binolarning metall konstruksiyalari, kommunikatsiyalar va texnologik uskunalardan foydalanish taqiqlanadi. Payvandlash jarayoni ikkita simdan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
239. O‘ziga o‘zi payvandlanadigan har qanday profilning temir shinalari, payvandlash plitalari, stellajlar va konstruksiyalar, payvandlash oqimi manbai bilan payvandlanadigan ish qismini bog‘laydigan qaytish simi bo‘lib xizmat qilishi mumkin, agar ularning kesishmasi isitish sharoitida payvandlash tokining xavfsiz oqimini ta’minlasa.
Qaytish simi sifatida ishlatiladigan alohida elementlar orasidagi aloqa juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerak (murvat, qisqichlar yoki tutqichlardan foydalangan holda).
240. Agregat va ishga tushirish moslamalarini tozalash har kuni ish tugaganidan keyin amalga oshirilishi lozim. Payvandlash uskunalarini ta’mirlash ishlari rejali-ogohlantiruv ta’mirlashni amalga oshirish rejasiga muvofiq bajarilishi kerak.
241. Payvandlash quvvat manbaini sexning taqsimlash tarmog‘iga ulash uchun istalgan markalardagi simlaridan foydalanishga ruxsat etilmaydi. Istisno tariqasida quvvat simlari sifatida mustahkamlangan izolatsiya va mexanik shikastlanishdan himoya qilingan simlardan foydalanish mumkin.
242. Elektrodga elektr tokini yetkazib berish uchun o‘rta darajadagi sharoitlarga mo‘ljallangan himoya shlangidagi izolatsiyalangan bukiluvchan simlardan foydalanish kerak. Egiluvchanligi kam bo‘lgan simlardan foydalanganda ularni elektrod ushlagichga egiluvchan shlang simidan yoki uzunligi kamida 3 m bo‘lgan simdan yasalgan uzatma orqali ulash lozim.
243. Elektr simlari va payvandlash moslamalari yonishining oldini olish maqsadida simlarni ularning kesimini oqim qiymati va ish kuchlanishining qiymati bo‘yicha izolatsiyalash zarur, shuningdek, nominal tok ruxsat etilgan chegaralari elektr saqlagichlarning eruvchan o‘rnatmalari to‘g‘ri tanlanishi kerak.
244. Izolatsiyasiz yoki izolatsiyasi shikastlangan simlardan, qo‘lbola elektr saqlagichlar va talab etiladigan miqdordagi payvandlash toki o‘tishini ta’minlab bermaydigan simlardan foydalanish taqiqlanadi.
245. Payvandlash simlarini presslash, payvandlash, kavsharlash bilan yoki maxsus qisqichlar yordamida bir-biriga ulash lozim. Elektr simlari elektrod ushlagichga, payvandlanadigan buyumga va payvandlash apparatiga shaybalarni qo‘yib boltlar bilan mahkamlangan misdan yasalgan kabel uchliklari yordamida ulanishi lozim.
246. Payvandlash apparatlari, taqsimlovchi shchitlar va boshqa uskunalarga hamda payvandlash ishlari olib borilayotgan joyga ulangan simlar ishonchli izolatsiyalangan, kerakli joylarda yuqori harorat ta’siridan, mexanik shikastlanishlardan va kimyoviy ta’sirlardan himoyalangan bo‘lishi kerak.
247. Yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan bino va inshootlarda elektr payvandlash ishlari olib borilayotganda payvandlanayotgan buyumdan tok manbaigacha o‘tkazilgan qaytish simi izolatsiyalangan bo‘lishi hamda uning izolatsiyasining sifati elektrod ushlagichga ulangan to‘g‘ri sim izolatsiyasining sifatidan past bo‘lishi lozim.
248. Qo‘lda payvandlash uchun mo‘ljallangan elektrod ushlagichlar payvandlashda vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelganda yoki ustiga temirli buyumlar tushib ketganda uning qobig‘i payvandlanayotgan detal bilan qisqa tutashib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi lozim. Elektrod ushlagichning dastasi yonmaydigan dielektrik yoki issiqlik o‘tkazmaydigan materialdan yasalgan bo‘lishi zarur.
249. Payvandlash uchun qo‘llaniladigan elektrodlar payvandlash tokining nominal (belgilangan) miqdoriga muvofiq bo‘lishi lozim.
Payvandlash jarayonida elektrodlar almashtirilganda ularning qoldiqlari payvandlash ishlari bajariladigan joyda o‘rnatiladigan maxsus metall qutiga tashlanishi kerak.
250. Elektr payvandlash uskunasi har doim erga ulangan bo‘lishi kerak. Asosiy elektr payvandlash uskunalarini erga ulashdan tashqari payvandlash moslamalarida to‘g‘ridan to‘g‘ri payvandlash transformatorining mahsulotga boradigan ikkilamchi o‘ramasi (qaytish simi) ulangan terminalini bevosita erga qo‘yish kerak.
251. Ochiq havoda o‘rnatiladigan payvandlash generatorlari va transformatorlari hamda ularning barcha yordamchi asbob-uskunalari yopiq yoki himoyalangan shaklda ishlangan, zaxni o‘tkazmaydigan izolatsiyaga ega bo‘lishi hamda yonmaydigan materiallardan qurilgan bostirma ostida o‘rnatilishi lozim.
252. Payvandlash agregati alohida qismlarining (transformatorlar, podshipniklar, cho‘tkalar, ikkilamchi zanjir kontaktlari va shu kabilar) qizish harorati 75 °C dan yuqori bo‘lmasligi lozim.
21-bob. Gaz bilan payvandlash va gazli kesish ishlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
253. Gaz payvandlash ishlarini olib borish uchun ko‘chma atsetilen generatorlarini ochiq maydonlarda o‘rnatish lozim. Ularni faqat havo almashish imkoniga ega joylarda vaqtinchalik ishlatish mumkin.
254. Atsetilen generatorlarini payvandlash ishlari olib boriladigan joydan, ochiq alanga va qizib ketgan buyumlardan, kompressor va ventilyatorlar havo tortadigan joylardan kamida 10 m bo‘lgan masofada to‘sib qo‘yilgan holda joylashtirish lozim.
Atsetilen generatori o‘rnatilganda “Begonalarga kirish taqiqlanadi”, “Yong‘in xavfi mavjud”, “Chekilmasin”, “Olov bilan yaqinlashmang” kabi eslatmalar ilinadi.
255. Payvandlash uskunalari yordami gaz tarmoqlarini ta’mirlashga faqat Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalariga muvofiq binolar va tashqi qurilmalar hududida joylashgan ishlatiladigan tabiiy gaz quvurlari uchun ruxsat etiladi.
256. Avariya yuz bergan joyda gazlanishni nazorat qilish gaz analizatorlari yordamida amalga oshirilishi kerak. Gaz quvurlaridan gaz chiqishi joylari sovun emulsiyasi yordamida aniqlanadi. Ushbu maqsadlar uchun ochiq olov manbalaridan foydalanish, shuningdek, bir vaqtning o‘zida gaz tamoqlarining deformatsiyalangan joyida payvandlash, izolatsiyalash va transheyani tozalash taqiqlanadi.
257. Ishlar tugagandan so‘ng ko‘chma generatordagi kalsiy karbidi oxirigacha ishlatilishi lozim. Generatorlardan chiqarib tashlanadigan ohakli loy buning uchun moslashtirilgan idishga to‘kilishi va maxsus bunkerga yoki loyli chuqurga tashlanishi talab etiladi.
258. Ochiq loyli chuqurlar panjaralar bilan to‘sib qo‘yilishi, yopiqlari esa — yonmaydigan tom bostirmasiga ega bo‘lishi hamda oqimli shamollatish va loyni chiqarib tashlash uchun tegishli tuynuklar bilan jihozlanishi zarur.
259. Ohakli loy saqlanadigan joylardan kamida 10 m radiusdagi masofada ochiq alanga manbalaridan foydalanish taqiqlanadi va bu haqida tegishli ogohlantiruvchi belgilar ilib qo‘yilishi lozim.
260. Gaz ballonlarni saqlash va tashish faqat ularning bo‘yinlariga xavfsizlik qolpoqlari o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi. Ballonlarni tashishda silkinishlar va zarbalarga ruxsat etilmaydi.
Ballonlar payvandlash joyiga maxsus aravalarda va zambillarda yetkazib beriladi. Ballonlarni yelkalarda va qo‘llarda tashish taqiqlanadi.
261. Gaz solingan ballonlarni saqlash, tashish va ulardan foydalanishda ular quyosh nurlari va boshqa issiqlik manbalari ta’siridan himoyalangan bo‘lishi lozim.
262. Xonalarda o‘rnatiladigan gaz ballonlari isitish radiatorlari va boshqa isitish asbob-uskunalardan kamida 1 m masofada, ochiq olovli issiqlik manbalaridan esa — kamida 5 m masofada bo‘lishi lozim.
263. Aylanma rampa (guruhli) qurilmalardan goryelkalargacha bo‘lgan masofa (gorizontal bo‘yicha) 10 m va yonuvchan gazlar va kislorodli ballonlardan kamida 5 m dan kam bo‘lgan masofada saqlanish kerak.
264. Bir xonada kislorod va gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni hamda kalsiy karbidini, bo‘yoqlar, moylar va yog‘larni saqlash taqiqlanadi.
265. Payvandlash ustaxonasida 10 tadan kam payvandlash postlari bo‘lganda har bir post uchun bittadan kislorod yoki gaz to‘ldirilgan zaxira ballonlar saqlanishi mumkin. Zaxira ballonlar maxsus po‘lat shitlar bilan to‘sib qo‘yilishi yoki payvandlash ustaxonasiga qo‘shimcha qurilgan maxsus yordamchi joylarda saqlanishi lozim. Payvandlash ustaxonasida 10 tadan ortiq payvandlash postlari bo‘lganda markazlashtirilgan gaz ta’minoti bo‘lishi zarur.
266. Kislorod va yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan hamda ulardan bo‘shagan ballonlarga bir xil xavfsizlik choralari ko‘rilishi kerak.
267. Kalsiy karbidi solingan barabanlarni saqlash va ochish joylarida chekish, ochiq alangadan foydalanish va zarbada uchqun hosil qilishi mumkin bo‘lgan asboblardan foydalanish taqiqlanadi.
268. Kalsiy karbidi solingan barabanlarni jezli zubilo va bolg‘a yordamida ochish lozim. Kavsharlangan barabanlar maxsus pichoq bilan ochiladi. Baraban qopqog‘idagi kesib ochiladigan joyga dastlab solidolning qalin qatlami surtiladi.
269. Ochilgan kalsiy karbidli barabanlarning suv o‘tkazmaydigan va barabanni zich qoplab oladigan, chetlari bukilgan qopqoqlar bilan himoyasi ta’minlanishi hamda qopqoq bortining balandligi kamida 50 mm ga teng bo‘lishi lozim.
270. Gaz payvandlash va gaz bilan kesish ishlarini bajarishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) muzlab qolgan atsetilen generatorlari, quvurlar, ventillar, reduktorlar va payvandlash qurilmalarining boshqa detallarini ochiq alanga yoki qizdirilgan buyumlar yordamida isitish hamda urganda uchqun hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan asboblardan foydalanish;
b) kislorod ballonlarini, reduktorlar va boshqa uskunalarning turli moy va moylanib ketgan kiyimlar va artish materiallariga tegib ketishiga yo‘l qo‘yish;
v) kislorod va yonuvchi gaz bilan to‘ldirilgan ballonlar, atsetilen generatorlari va ohak-loy chuqurlaridan 10 m dan kam bo‘lgan masofada ochiq alangadan foydalanish;
g) bir suv zatvoridan ikki payvandchi tomonidan foydalanish, granulatsiyasi belgilangandan yirikroq bo‘lgan kalsiy karbidini ortish yoki uni apparatning voronkasiga temirli xipchin yoki sim bilan itarib solish, karbid kukunidan foydalanish;
d) kalsiy karbidini ho‘l ortish korzinalariga solish yoki gaz to‘plagichda suv mavjud bo‘lganda generatorlar “suv-karbid ustidan” rejimida ishlashda korzina hajmining yarimidan ortig‘ini karbid bilan to‘ldirish;
e) yonuvchi gazlar uchun mo‘ljallangan shlangni kislorod oqimi bilan tozalash, kislorod uchun mo‘ljallangan shlangni yonuvchi gaz oqimi bilan tozalash hamda ushbu shlanglarni almashtirib ishlatish, uzunligi 30 m dan ko‘p bo‘lmagan shlanglardan foydalanish. Gaz payvandlash ishlarini bajarishda uzunligi 40 m gacha bo‘lgan shlanglardan foydalanish mumkin. Uzunligi 40 m dan ortiq bo‘lgan shlanglardan foydalanishga alohida holatlarda ishlarni boshqarish va xavfsizlik bo‘yicha muhandisning ruxsati bilan amalga oshirishga ruxsat beriladi;
j) gaz yetkazib beruvchi shlanglarni burab tashlash, buklash yoki siqib qo‘yish;
z) gaz to‘plagichda atsetilen mavjud bo‘lganda generatorni ko‘chirish;
i) generatordagi gaz bosimini ataylab yoki bir harakatda solinadigan kalsiy karbidining miqdorini oshirish yo‘li bilan atsetilen generatorining ishini jadallashtirish.
271. Kalsiy karbidi solingan barabanlarni ochish uchun misdan yasalgan asboblardan foydalanish hamda atsetilen apparaturasi bilan payvandlash va atsetilen bilan tutashib ketish ehtimoli bo‘lgan boshqa joylarda misdan kavsharlash uchun foydalanish taqiqlanadi.
22-bob. Yonuvchi suyuqliklardan foydalanib kavsharlash ishlarini, qatron va mastika, bitum eritish (qaynatish) ishlarini amalga oshirishga quyiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Yonuvchi suyuqliklardan foydalanib metall kesish ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
272. Benzin va kerosin yordamida kesish ishlari uchun ish joyi elektr payvandlash ishlarida bo‘lgani kabi tashkil etiladi. Bunda yengil alangalanadigan va yonuvchi suyuqlikni to‘kib yuborish mumkin emasligiga va ular to‘g‘ri saqlanishiga, kesish va yonuvchi suyuqlik solingan kichik bakdan foydalanilishiga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
273. Yonuvchi suyuqliklar yordamida kesish ishlari bajarilayotgan joyda faqat bir smena ehtiyojlariga yetadigan miqdordagi yoqilg‘i saqlanishi mumkin. Yonilg‘i olovli ishlar olib borilayotgan joydan kamida 10 m masofada soz holatdagi, sinmaydigan, zich yopiladigan maxsus idishda saqlanishi zarur.
274. Benzin va kerosin yordamida kesish ishlari uchun tarkibida begona aralashmalar va suv mavjud bo‘lmagan yonuvchi suyuqlikdan foydalanish lozim. Yonilg‘i bilan bak hajmining 3/4 qismidan ortiq to‘ldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
275. Yonilg‘i solinadigan bak soz va germetik zich yopiladigan bo‘lishi lozim. Bakda manometr hamda bakdagi bosim 5 atmosferadan ortiq ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan saqlovchi klapan bo‘lishi lozim. Suv yordamida 10 atmosfera bosimida sinalmagan, yonuvchi suyuqliklar sirqib chiqayotgan yoki nasosi nosoz bo‘lgan baklardan foydalanish taqiqlanadi.
276. Ish joyida quyilgan yonuvchi suyuqlikni o‘t oldirib, rezakning to‘g‘irlovchi qismini qizdirish taqiqlanadi.
277. Yonilg‘i solingan bak kislorod solingan ballonlardan va ochiq alanga manbalaridan kamida 5 m masofada, kesuvchining ish joyidan esa — kamida 3 m masofada o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Bunda bakni ish jarayonida olov va uchqun tegmaydigan holatda joylashtirish lozim.
278. Benzin va kerosin yordamida kesish ishlarini olib borishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) yonuvchi suyuqlik solingan bakdagi havo bosimi rezakdagi kislorodning ishchi bosimidan yuqori bo‘lgan holatda kesish ishlarini bajarish;
b) rezakning bug‘latkichini to‘q qizil ranggacha qizdirib yuborish hamda ish bajarish vaqtida rezakni tik holatda, golovkasi bilan tepa tomon ilib qo‘yish;
v) rezakka kislorod va yonuvchi suyuqlikni uzatuvchi shlanglarni siqib qo‘yish, burab yuborish yoki buklab qo‘yish;
g) rezakka benzin yoki kerosin uzatish uchun kislorod shlangidan foydalanish.
2-§. Yonuvchi suyuqliklardan foydalanib kavsharlash ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
279. Kavsharlash ishlarini olib borishda ish joyi yonuvchi materiallardan tozalangan, ish joyidan 5 m dan kam masofada joylashgan yonuvchi konstruksiyalar alangalanishdan temirli to‘siqlar bilan ishonchli himoyalangan yoki ustiga suv sepilgan bo‘lishi lozim.
280. Kavsharlash lampalarini soz holatda saqlash, bir oyda bir marta mustahkamligini va germetikligini tekshirish hamda tekshiruv sanasi va natijalarini maxsus yuritilgan jurnalga kiritish lozim. Bundan tashqari, kamida bir yilda bir marta gidravlik bosim ostida sinash kerak.
281. Har bir lampa zavodda o‘tkazilgan gidravlik sinov natijalari va ruxsat etilgan ishchi bosim aks ettirilgan pasportga ega bo‘lishi lozim. Lampalar belgilangan bosimga sozlangan prujinali saqlagich klapanlar bilan jihozlanishi lozim.
282. Kavsharlash lampalariga yonuvchi suyuqlik quyish va uni o‘t oldirish maxsus ajratilgan joylarda amalga oshirilishi zarur. Yonuvchi suyuqlikni quyish jarayonida uning to‘kilishi va ochiq alangadan foydalanish taqiqlanadi.
283. Kavsharlash lampasidan olov otilib chiqishining oldini olish uchun unga quyiladigan yonuvchi suyuqlik begona aralashmalar va suvdan tozalangan bo‘lishi lozim.
284. Kavsharlash lampasi portlab ketishining oldini olish uchun quyidagilar taqiqlanadi:
a) kerosinda ishlaydigan lampalar uchun yonilg‘i sifatida benzin yoki benzin bilan kerosin aralashmasidan foydalanish;
b) lampa rezervuaridagi bosimni pasportida nazarda tutilgan bosimdan havo bilan ko‘paytirish;
v) lampaga uning hajmining 3/4 qismidan ortiq miqdorda kerosin quyish;
g) nasos yordamida dam urilayotgan lampaning suyuqligi bilan goryelkani qizdirish;
d) yonib turgan yoki hali sovishga ulgurmagan lampaning havo vintini va yonilg‘i quyish qopqog‘ini burab chiqarish;
e) ochiq alangaga yaqin joyda (yonib turgan gugurt, sigareta va hokazolar) lampani qismlarga ajratish, ta’mirlash hamda uning ichidan suyuqlikni to‘kish yoki ichiga quyish.
285. Konstruksiyasi yoki pardozlari yonuvchi materiallardan ishlangan binolarda muzlab qolgan vodoprovod, kanalizatsiya va bug‘ quvurlarini qizdirish uchun kavsharlash lampalaridan foydalanish taqiqlanadi.
3-§. Bitumlar va qatronlarni eritish (qaynatish) ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
286. Bitum va qatronlarni eritish qozonlarini yangi qurilayotgan imoratlar, binolar va yonuvchi qurilish materiallaridan kamida 50 m masofada joylashgan maxsus ajratilgan joylarda o‘rnatish kerak.
Qozonlarni binolarning chordoq xonalariga hamda qoplamalarning ustiga (yonmaydigan qoplamalar bundan mustasno) o‘rnatish taqiqlanadi.
287. Yog‘ingarchiliklaridan himoyalash va qozonda alangalangan massani o‘chirish uchun har bir qozon zich yopiladigan yonmaydigan qopqoq bilan ta’minlanishi, bitum qaynab ketganda o‘t yoqish kamerasiga to‘kilishidan himoyalovchi moslama bilan jihozlanishi lozim.
288. Qozonni o‘rnatganda uning o‘t yoqish kamerasi ustidagi cheti qarama-qarshi tomondagi chetidan 5-6 sm ga balandroq bo‘lishi zarur. Qozonning o‘t yoqish kamerasi yonmaydigan materialdan yasalgan qopqoq bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
289. Ishlar yakunlangandan keyin qozonlarning o‘t yoqish kameralaridagi olov o‘chirilishi va ustiga suv sepilishi kerak.
290. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inni o‘chirish maqsadida bitum eritish joyi hajmi 0,5 m3 ga teng bo‘lgan quruq qumli qutilar, 2 ta belkurak va o‘t o‘chirgichlar (ko‘piklik yoki kukunli) bilan ta’minlanishi zarur.
291. Gaz ballonlaridagi gaz yordamida ishlatilganda ko‘chma qozonlarni shamollatiladigan metall shkaflarda ikkitadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, qozondan kamida 20 m masofada joylashtirish kerak.
Metall shkaflar doimo qulflangan holatda turishi zarur.
292. Bitumni eritish yoki isitish vaqtida qozonlarni qarovsiz qoldirish taqiqlanadi.
293. Bitum va qatronlarni erituvchi suyuklik (rastvoritel) bilan eritish taqiqlanadi.
294. Qizdirilgan bitumni erituvchi suyuklik bilan aralashtirishda bitumni suyuqlika qo‘shish lozim. Aralashtirish faqat yog‘ochli qorg‘ich bilan amalga oshirilishi kerak.
295. Qizdirilgan bitumni erituvchi suyuklik bilan aralashtirishda 50 m radiusda ochiq alangadan foydalanish taqiqlanadi.
23-bob. Bo‘yash ishlariga quyiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
296. Bo‘yash sexi va uchastkalari portlashdan himoyalangan majburiy shamollatish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
297. Ish jarayonida zararli bug‘ va gazlar chiqadigan (bo‘yash kameralari, vannalar, qo‘lda bo‘yash postlari, quritish kameralari, sirtlarni bo‘yash uchun tozalash va tayyorlash postlari hamda agregatlar va hokazo) ish joylari mahalliy havo tortish qurilmalari bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
298. Bo‘yoq tayyorlash bo‘limining tashqi devori yonmaydigan to‘suvchi konstruksiyalardan ishlangan, to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqariga chiqish joyi bilan ta’minlangan bir qavatli binoda maxsus ajratilgan xonada joylashgan bo‘lishi lozim.
299. Bo‘yash sexlaridagi elektr uskunalari va yoritqichlar portlashdan himoyalangan shaklda bajarilgan bo‘lishi lozim.
Elektr yoqish qurilmalari bo‘yash va quritish kameralarining tashqarisida o‘rnatilishi zarur.
300. Bo‘yoqlar, loklar, gruntlar, shpatlyovkalar, qotiruvchilar, suyultiruvchi va erituvchilar saqlanadigan joylarda har bir idishda ularning aniq nomi yozilgan yorlig‘i bo‘lishi kerak.
301. Lok-bo‘yoq materiallari, kukunli polimer bo‘yoqlar, suyultiruvchilar, erituvchilar, qotiruvchilar, yuvish, yog‘sizlantirish va yaltiratish tarkiblarini tayyorlash uchun yarim tayyor mahsulotlarni alohida binolarda yoki majburiy shamollatish tizimi va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan jihozlangan yer osti omborlarda saqlash lozim.
302. Lok-bo‘yoq materiallarini saqlash omborlari stellajlar (yopiq metall shkaflar) bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
303. Bir-biriga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar alohida saqlanishi lozim. Bo‘sh idishlarni saqlash uchun bo‘yash xonasining tashqarisidan kamida 25 m masofada bo‘lgan maxsus ajratilgan maydon bo‘lishi kerak.
304. Lok-bo‘yoq materiallari uchun suyultiruvchi va erituvchilar sifatida benzol, metanol va pirobenzoldan foydalanish taqiqlanadi. Mumkin bo‘lgan barcha holatlarda lok-bo‘yoq materiallarida toluol va ksilolni ishlatishni cheklab qo‘yish (15 foizdan ortmagan holda) lozim.
305. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar yordamida bajariladigan ishlarni amalga oshirish uchun uchqun chiqarmaydigan materiallardan (alyuminiy, mis, plastmassa, bronza) yasalgan asboblarni ishlatish lozim. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar yordamida ishlar bajarilgandan so‘ng ushbu asboblar ochiq maydonda yoki shamollatish tizimiga ega bo‘lgan xonalarda yuvilishi lozim.
306. Har bir elektr bo‘yash kamerasi uglekislotali avtomatik yong‘in o‘chirish qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
307. Quritish kameralari tashqi devorlarining harorati 45 oC dan yuqori bo‘lmasligini ta’minlaydigan ishonchli issiqlik izolatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
308. Lok-bo‘yoq materiallaridan bo‘shagan idishlarni yumshoq skrebokalar va cho‘tkalar (misdan yoki alyuminiydan yasalgan) yordamida tozalash lozim.
309. Polga to‘kilgan bo‘yoqlar va erituvchilarni quruq qum yoki qirindi yordamida zudlik bilan yig‘ish va bo‘yash xonasidan chiqarib tashlash kerak.
310. Ishlatib bo‘lingan artish materiallarini qopqoqli temir qutilarga solish hamda ish vaqti tugaganidan so‘ng binoning tashqarisidagi maxsus ajratilgan joylarga olib chiqish lozim.
311. Bo‘yash ishlarini bajarishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) bo‘yoq tayyorlash va bo‘yash xonalarida ochiq olovdan foydalanish va uchqun chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan (payvandlash ishlari, charxlovchi dastgohlarda ish bajarish) ishlarni amalga oshirish;
b) kameralarni tozalash uchun qora metallardan yasalgan va ishqalanishda uchqun chiqaradigan abraziv asboblardan foydalanish;
v) bo‘yash uchastkalarida hamda bo‘yoqlar va erituvchilar saqlanadigan joylarda olov yoqish, kavsharlaydigan lampalar va elektr kavsharlash asboblaridan foydalanish;
g) portlashning oldini olish maqsadida bochkalar, bidonlar, sig‘imlar va ichida lok-bo‘yoq materiallari mavjud bo‘lgan (yoki avval solingan) idishlarning ichini gugurt yoki boshqa alanga manbalari bilan yoritish;
d) yengil alangalanuvchi suyuqliklarni ochiq idishlarda saqlash;
e) ishchi xonalarda bo‘yoqlar va erituvchilardan bo‘shagan idishlarni saqlash;
j) ishchi xonalarda ifloslangan va moylanib ketgan artish materiallarini ish tuganadan so‘ng yig‘ishtirilmagan holda qoldirish.
24-bob. Neft quvurlari va rezervuarlarini ta’mirlash ishlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
312. Yopiq sig‘imlardagi olovli ishlar faqat naryad-ruxsatnoma asosida o‘tkazilishi kerak.
313. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar saqlanadigan sig‘imlar va apparatlarda olovli ishlarni o‘tkazishdan avval ular tozalanishi, yuvilishi, bug‘lanishi, inert gazlar va siqilgan havo yordamida tozalanishi kerak. Ularda olovli ishlarni o‘tkazishda lyuklar va qopqoqlar ochiq holatda bo‘lishi hamda doimiy shamollatilishi kerak. Ishlarni boshlashdan avval sig‘imlar 40°C dan oshmaydigan haroratgacha sovitilishi kerak.
314. Rezervuarda olovli ishlarni bajarish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini o‘tkazishdan oldin uning tayyorligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirilishi kerak.
315. Sig‘imlar va apparatlarga ulangan barcha kommunikatsiyalar himoya armaturasi bilan yopilgan va ajratilgan bo‘lishi kerak.
Apparatni ko‘rikdan o‘tkazish, tozalash yoki ta’mirlash uchun uni ochishdan oldin apparatning ichidagi bosimni atmosfera bosimigacha tushirish yoki vakuumni so‘ndirish, apparat ichidan ishlab chiqarish mahsulotlarini chiqarib tashlash va uni barcha kommunikatsiyalardan tiqinlar bilan ajratish kerak. Bu haqda smena boshliqlarining jurnaliga yoki kommunikatsiyalardagi tiqinlarni olish va o‘rnatish bo‘yicha maxsus jurnalga yozib qo‘yiladi.
316. Sig‘imlar va apparatlarda olovli ishlarni bajarishdan oldin ular erga ishonchli ulanishi kerak.
317. Payvandlash apparati elektr yoyi uzilgan vaqtda bo‘sh yurishini (xolostoy xod) avtomatik ravishda o‘chirish qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
318. Olovli ishlarni boshlashdan avval va har bir tanaffusdan keyin ta’mirlash ishlari o‘tkazilayotgan sig‘imlar, apparatlar, quvurlar va texnologik qurilmalardagi hamda ishlab chiqarish binosi va hududidagi havo tarkibida uglevodorod gazlari, shuningdek, sharoitdan kelib chiqib oltingugurt birikmali gazlar va boshqa shu kabi yondosh gazlar mavjudligi hamda ularning miqdori tekshirilishi kerak. Tekshirishni o‘tkazish davriyligi naryad-ruxsatnomaga asosan belgilanadi. Agar hududda yoki texnologik qurilmada yonuvchi gazlar hamda bug‘larning miqdori ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyadan oshib ketgan holatlarda ta’mirlash ishlarini zudlik bilan to‘xtatish kerak.
319. Ish bajaruvchilarning sig‘imlarga tushishi va chiqishi uchun uchqun chiqarmaydigan materialdan tayyorlangan narvonlardan foydalanish kerak.
320. Quvurlar, rezeruvarlar va boshqa texnologik qurilmalarda ta’mirlash va olovli ishlarni o‘tkazish uchun gazlardan tozalashda neft mahsulotlari bug‘larining xavfsiz konsentratsiyasi ta’minlangan bo‘lishi kerak.
321. Qurilmalarda nosozliklar aniqlanganda ishchilarni sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan portlash va yong‘inlardan himoya qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi choralar ko‘rilishi, shuningdek, neft mahsulotlari tarqalishini cheklash choralari ko‘rilishi kerak.
322. Payvandlash uskunalari o‘rnatilgan olovli ishlarni o‘tkazish joylari va maydonchalarda quyidagi yong‘in xavfsizligi choralari ko‘rilgan bo‘lishi shart:
a) ushbu ishlarni o‘tkazish joylariga yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar bug‘larining tarqalishi butunlay bartaraf etilgan bo‘lishi kerak;
b) obyektlardagi payvandlash va kesish ishlari o‘tkaziladigan joylarning konstruksiyalari yonadigan materiallardan ishlangan bo‘lsa, ular yonmaydigan yaxlit to‘siqlar bilan to‘sib qo‘yilishi kerak. Bunda to‘siqning balandligi 1,8 m dan kam bo‘lmasligi, to‘siq va yer oralig‘i 0,05 m dan oshmasligi kerak. Qizigan cho‘g‘larning tarqalishini cheklash uchun yuqoridagi oraliqlar o‘lchami 0,001 x 0,001 m dan kam bo‘lmagan yonmaydigan sim to‘rlar bilan to‘silgan bo‘lishi kerak.
323. Quyidagi masofalardan yaqin bo‘lmagan holatlarda obyekt hududida ochiq olovdan foydalanib ta’mirlash ishlarini bajarishga ruxsat beriladi:
a) to‘kish-quyish estakadalaridan quyish va to‘kish jarayonlarini bajarishda — 100 m, ushbu jarayonlar bajarilmayotgan vaqtda — 50 m;
b) gaz kompressorli apparatlar, gazgolderlar, rezervuarlar parklari va yengil alangalanuvchi suyuqliklar bo‘lgan alohida rezervuarlardan — 40 m;
v) kanalizatsiya quduqlari va oqib tushish joylaridan, surilma qopqoqlar uzellari va yonuvchi mahsulot sizib chiqishi mumkin bo‘lgan joylardan — 20 m. Kanalizatsiya quduqlari va oqib tushish joylari ko‘rsatilgan masofadan yaqinda joylashganda quduqlarning qopqoqlarini qalinligi 5 sm bo‘lgan tuproq qatlami bilan ko‘mib tashlash kerak.
VI bo‘lim. Obyektlar uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari
25-bob. Odamlar kunu tun bo‘ladigan obyektlarga va turar joylarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
324. Shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan talablardan tashqari yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarida, yotoqxonalarning yashash xonalarida, joylashtirish vositalari nomerlarida yong‘in, portlash va yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan modda va materiallar ishlatiladigan va saqlanadigan turli ishlab chiqarish va omborxonalarni tashkil etish taqiqlanadi, shu jumladan, ulardan foydalanish maqsadlari o‘zgarganda ham (ijaraga berilishida ham).
325. Yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarida 10 L gacha bo‘lgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni yopiq idishda saqlashga (foydalanishga) ruxsat beriladi. 3 L dan ortiq bo‘lgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar yonmaydigan va sinmaydigan idishlarda saqlanish lozim.
326. Yonuvchi gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarining evakuatsiya yo‘llarida, tsokol qavatlarida, yerto‘la va chordoqlarida saqlashga ruxsat berilmaydi.
327. Oshxonadagi va boshqa maishiy gaz uskunalarini gaz bilan ta’minlaydigan gaz ballonli qurilmalar (alohida ballonlar) gaz ta’minoti tashkilotlarining loyihalariga (chizmalariga) muvofiq o‘rnatilishi hamda ulardan Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari talablariga asosan foydalanish lozim.
328. Dala hovli uylaridan uzoq vaqt foydalanilmaganda, ularning elektr ta’minoti o‘chirilishi va gaz ballonlarining jo‘mraklari (klapanlari) mustahkam yopilishi kerak.
329. Tashrif buyuruvchilar uchun vaqtinchalik yashashga mo‘ljallangan joylashtirish vositalarida, yong‘in xavfsizligi qoidalari aks ettirilgan eslatmalar (yo‘riqnomalar) ushbu Qoidalarga 12-ilovaga muvofiq bir nechta tillarda ishlab chiqilishi lozim.
330. Joylashtirish vositalarida tashrif buyuruvchilar yong‘in xavfsizligi qoidalari bilan (imzo qo‘ydirish orqali) tanishtirilishi kerak.
Tashrif buyuruvchilarni yong‘in xavfsizligi qoidalari bilan videoroliklar orqali tanishtirish yo‘lga qo‘yilgan taqdirda, imzo qo‘ydirish talab etilmaydi.
331. Joylashtirish vositalari nomerlarida (“elektron qulf” tizimi bilan jihozlangan nomerlar bundan mustasno) isitish moslamalaridan (suv qaynatish va elektr isitish moslamasi, elektr choynaklar, dazmol va boshqalardan) foydalanish taqiqlanadi.
Ushbu ishlar uchun ma’muriyat tomonidan alohida xona ajratilishi lozim.
332. Joylashtirish vositalarining yashashga mo‘ljallangan qavatlarida omborxona, ofis va boshqalarni joylashtirishga ruxsat etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
333. Tungi vaqtda odamlar bo‘ladigan ijtimoiy obyektlarda (maktab-internat, bolalar uylari, nogironligi bo‘lgan shaxslar va qariyalar uylari, shifoxonalar, sanatoriy, yozgi dam olish oromgohlari va boshqalar) xodimlarning kunu tunlik navbatchiligi tashkil etilishi lozim. Navbatchilikda turgan xodimda doimo barcha evakuatsiya eshiklari qulflarining kalitlar to‘plami bo‘lishi, kalitlarning ikkinchi to‘plami navbatchililar xonasida saqlanishi lozim.
(333-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
To‘plamlardagi har bir kalitda qaysi eshikdagi qulfga taalluqliligi yuzasidan yozuvlari bo‘lishi kerak.
Tungi vaqtdagi navbatchi (qorovul) shahar telefon tarmog‘iga ulangan telefon apparati mavjud bo‘lgan xonada bo‘lishi kerak, ularga uxlash va obyekt hududini tark etishga ruxsat etilmaydi.
Bino qavatlarining yo‘laklarida, xollarda va boshqa evakuatsiya yo‘llarida jihozlarni joylashtirish taqiqlanadi.
334. Har bir yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarida o‘t o‘chirgich bo‘lishi tavsiya etiladi.
26-bob. Sog‘lomlashtirish muassasalari va dam olish uylariga (bazalariga) qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
335. Sog‘lomlashtirish muassasasi va dam olish uyi (bazasi), shuningdek, bolalarning yozgi dam olish oromgohi rahbari mavsum boshlanishidan oldin mahalliy Davlat yong‘in nazorati organlari vakilining ishtirokida muassasaning yong‘inga qarshi holatini o‘rganib chiqishi hamda aniqlangan yong‘in xavfsizligi talablarining buzilishi holatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart.
336. Sog‘lomlashtirish muassasasi, dam olish uyi (bazasi) va bolalarning yozgi dam olish oromgohi rahbari obyekt hududidagi barcha binolar, odamlar yashash joylari (yashash uylari, palatkalar va boshqalar), xo‘jalik binolari (ovqat tayyorlash, ko‘chma elektr stansiyalar va boshqalar) ma’muriy va maishiy xizmatlar, savdo shoxobchalari, tashqi yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlari, gulxanlar yoqish joylari, avtoturargohlar va boshqa binolar ko‘rsatilgan yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini va obyektlarning umumiy chizmasi ishlab chiqilishini ta’minlashga majbur.
Ishlab chiqilgan chizmalar obyekt hududiga kirish darvozasi oldiga (agar bir nechta kirish darvozasi mavjud bo‘lsa har biriga) ko‘rinarli joyga o‘rnatilishi shart.
337. Yong‘in sodir bo‘lganda bolalarni va mol-mulkni qutqarish rejalari oromgohlar va sog‘lomlashtirish muassasalarining barcha xizmat ko‘rsatuvchi ishchi-xizmatchilari bilan bolalarni qabul qilishdan oldin va har bir smenadan so‘ng amaliy tarzda o‘rganilishi kerak.
338. Sog‘lomlashtirish muassasalari, dam olish uylari (bazalari) va bolalarning yozgi dam olish oromgohlarining hududiga yong‘in o‘chirish avtomobillari kirib-chiqishi uchun 2 tadan kam bo‘lmagan darvozalar bo‘lishi kerak.
339. Sog‘lomlashtirish muassasalari va bolalarning yozgi dam olish oromgohlari hududidagi yo‘llar va yo‘laklar yong‘inga qarshi maqsadda aylanma shaklda bo‘lishi kerak.
340. Qishloq joylardagi eng yaqin yong‘in-qutqaruv bo‘linmasiigacha 3000 m dan ortiq masofada joylashgan dam olish uylari (bazalari) va boshqa sog‘lomlashtirish muassasalari yong‘in o‘chirish motopompasi yoki yong‘in o‘chirishga moslashtirilgan (qayta jihozlangan) texnika va anjomlar bilan ta’minlanishi kerak.
341. Sog‘lomlashtirish muassasalari, dam olish uylari (bazalari) va bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududida yong‘in o‘chirish motopompasi hamda boshqa yong‘in o‘chirish jihozlari va texnikalarini saqlash uchun 20 — 30 m2 maydonga ega bo‘lgan alohida bino qurilgan bo‘lishi lozim.
342. Sog‘lomlashtirish muassasalari va bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududida balandligi 10 m gacha bo‘lgan binolar tashqi yong‘inga qarshi tirkagich narvonlar bilan ta’minlanishi kerak.
Tirkagich narvonlar maxsus ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
343. Sog‘lomlashtirish muassasalari va bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududidagi balandligi 10 m dan yuqori bo‘lgan binolarga temirdan ishlangan tashqi yong‘inga qarshi narvonlar o‘rnatilishi lozim. Ushbu narvonlar yer ustidan 1,5 — 1,8 m balandlikdan boshlanishi kerak.
344. Qiyin yonuvchi va yonuvchi bostirmali yotoqxonalarnig ostki qismida omborxonalar va boshqa moddiy boyliklarni saqlash uchun yordamchi xonalar tashkil etish taqiqlanadi.
345. Bolalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan palatkalarga har yili olovdan himoya qilish tarkibi bilan ishlov berilishi lozim.
346. Guruhlar joylashtirilgan pavilonlar xonalari o‘rtasida olovga bardoshlik chegarasi 0,75 soatdan (45 min dan) kam bo‘lmagan yonmaydigan devorlar va olovga bardoshlik chegarasi 0,6 soatdan (36 min dan) kam bo‘lmagan eshiklar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
Yotoqxonalar, oshxona va ommaviy madaniy tadbirlarni o‘tkazish xonalari olovga bardoshli devorlar bilan ajratilishi lozim.
347. Bolalar yozgi dam olish oromgohlarining ko‘p qavatli binolarida kichik yoshdagi bolalarni birinchi qavatlarda joylashtirish lozim.
348. Xonalardagi stol, stul va karavotlar chiqish yo‘laklarini to‘sib qo‘ymasligini hisobga olgan holda joylashtirilishi kerak.
349. Bolalar uchun gulxanlarni yoqish faqat maxsus tayyorlangan va binolardan 100 m uzoqlikda joylashgan maydonlarda ruxsat etiladi. Shamolli ob-havo sharoitida gulxan yoqish taqiqlanadi.
350. Bayram tugagandan so‘ng gulxanni suv bilan o‘chirish va shundan so‘ng tuproq bilan ko‘mib tashlash kerak.
351. Elektr yoritish tarmoqlari bo‘lmagan bostirma, ombor, chordoq, yerto‘la va boshqa joylarga kirganda qo‘l elektr fonaridan foydalanish lozim, bunday vaziyatlarda gugurt, sham va boshqa ochiq olov manbalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
352. Sog‘lomlashtirish muassasalari, dam olish uylari (bazalari) va bolalarning yozgi dam olish oromgohlarida mavjud olovga bardoshliligi IV va V-darajali bo‘lgan yotoqxona, oshxonalar va klublar binolari yashindan himoya qiluvchi moslamalar bilan jihozlanishi kerak.
353. Barcha yotoqxonalar, zallar, foye, vestibyul, yo‘laklar, zinapoyalar, oshxonalar markazlashtirilgan holda yong‘in haqida xabar berish moslamasi bilan ta’minlanishi lozim. Agar yong‘in haqida xabar berish maqsadida radioeshittirish tarmog‘idan foydalaniladigan bo‘lsa, kunu tun ishlaydigan reproduktorlar (radio karnaylar) o‘rnatilishi kerak.
354. Sog‘lomlashtirish muassasalari, dam olish uylari (bazalari) va bolalar yozgi dam olish oromgohlarida yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari bilan telefon aloqasi o‘rnatiligan bo‘lishi lozim. Istisno tariqasida yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon aloqa vositasi mavjud bo‘lgan dispetcherlik xizmati bilan kunu tun ratsiya orqali aloqa o‘rnatishga ruxsat etiladi.
Sog‘lomlashtirish muassasalari va bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududida yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xavfni bildiruvchi signal beruvchi moslamalar o‘rnatilgan bo‘lish kerak.
355. O‘rmon massivlarida yoki bevosita ularning yaqinida joylashgan sog‘lomlashtirish muassasalari va dam olish uylari (bazalari), shuningdek, bolalarning yozgi dam olish oromgohlari hududida yong‘in tarqalishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim (o‘rmon massivlari tomonidan perimetri bo‘ylab kengligi 3 m dan kam bo‘lmagan madanlashtirilgan himoya yo‘li bo‘lishi kerak).
356. Sog‘lomlashtirish muassasalari, dam olish uylari (bazalari) va bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududlarida mushakbozlik qilish va pirotexnika buyumlaridan foydalanish belilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
357. Sog‘lomlashtirish muassasalari, dam olish uylari (bazalari) va bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududida shaxsiy avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylarini tashkil etish taqiqlanadi. Ushbu obyektlarga tegishli bo‘lgan xo‘jalik ishlarida foydalaniladigan avtotransport vositalari maishiy-xizmat hududlaridagi garajlarda saqlanishi kerak.
27-bob. Ko‘rgazmalar, bozorlar, yarmarkalar, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
358. Ko‘rgazmalar, bozorlar, yarmarkalar, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlarida (keyingi o‘rinlarda — savdo obyektlari) quyidagilar taqiqlanadi:
a) mijozlar savdo zallarida bo‘lganda olovli ishlarni olib borish;
b) agar savdo obyektlari yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarni (shu jumladan, gaz to‘ldirilgan ballonlar, lok-bo‘yoq materiallari, suyultiruvchilar, aerozol idishdagi tovarlar), porox, kapsyulalar, o‘q-dori, pirotexnik va boshqa portlovchi buyumlarning savdosi bilan shug‘ullanishga moslashtirilmagan bo‘lsa, savdo qilish;
v) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, yonuvchi gazlar hamda pirotexnik buyumlar bilan savdo qilish bo‘limlari va seksiyalarni binoning evakuatsiya yo‘llaridagi barcha eshiklar, zina kataklari va boshqa evakuatsiya chiqish joylaridan 4 m dan kam bo‘lgan masofada joylashtirish;
g) savdo zallarida yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni o‘rnatish;
d) zina kataklari oldidagi maydonchalarda, tambur, xoll, vestibyul, yo‘laklar va boshqa evakuatsiya yo‘llarida savdo-sotiq bilan shug‘ullanish, savdo va o‘yin apparatlarini joylashtirish (o‘rnatish).
359. Savdo zallarida va evakuatsiya yo‘llarida yonuvchi moddalar, chiqindilar, qadoqlar (mahsulotlar o‘raladigan yoki solinadigan qop, yashik, karton va hokazo) va konteynerlarni vaqtincha saqlash taqiqlanadi.
360. Yonuvchi yoki yonmaydigan tovar mahsulotlarini yonadigan qadoqlarda, deraza (tuynuk) yoki tutun tortish tizimi mavjud bo‘lmagan xonalarda saqlash taqiqlanadi.
361. Yarim tayyor mahsulotlarni idishsiz (qadoqsiz) ko‘tarib-tushirish uchun mo‘ljallangan shaxtali yuklash ko‘targichlar tuynuklari faqat ularni yuklash davrida ochiladigan zaslonkalar bilan ta’minlanishi lozim.
362. Savdo maydonlarida odamlarning ommaviy bo‘lishi bilan bog‘liq savdo-sotiq, aksiyalar va boshqa shu kabi tadbirlarni o‘tkazishni tashkil etuvchi mas’ullar yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishi, shu jumladan, savdo maydonlariga tashrif buyuruvchilarni loyihada nazarda tutilgan sonidan oshib ketishini cheklashga, shuningdek, ularning bajarilishi uchun javobgar shaxslarni tayinlashga majbur.
363. Ish jarayonida (vaqtida) evakuatsiya yo‘llarida va o‘tish joylarida yuk va tovarlarni ortish (tushirish) taqiqlanadi.
364. Ish jarayonida (vaqtida) yuklarni qabul qilish va olib chiqish ishlari savdo obyektlarining (binolarning) orqa tomonidan xaridorlarning savdo obyektlarida (binolarida) harakatlanishiga va chiqishiga xalaqit bermagan holda amalga oshirilishi lozim.
365. Har birining hajmi 1 L dan oshadigan shisha idishlarga qadoqlangan maishiy kimyo vositalari, lok, bo‘yoqlar va boshqa yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, shuningdek, “Yong‘in xavfi mavjud”, “Ochiq olov yaqinida sepilmasin” ogohlantiruvchi yozuvlari bo‘lmagan yong‘in chiqish xavfi mavjud bo‘lgan tovar va mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.
366. Yong‘in chiqish xavfi mavjud bo‘lgan mahsulotlarni qadoqlash ishlari faqat ushbu maqsad uchun mo‘ljallangan maxsus xonalarda amalga oshirilishi lozim.
367. Savdo obyektlarining binolarida (pavilonlarida) muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan va ishlab chiqaruvchining foydalanish qoidalariga rioya qilgan holda moyli elektrradiatorlar va elektrokalorifer isitish uskunalaridan foydalanishga ruxsat etiladi.
368. Elektr isitgichlardan doimiy ravishda yonmaydigan tagliklarga o‘rnatilgan holda foydalanish lozim. Isitish qurilmasining issiqlik tarqatish (qizish) yuzasi yonuvchan materiallar hamda bino (inshootlar) konstruksiyalaridan kamida 0,5 m uzoqlikda bo‘lishi lozim.
369. Kerosin va boshqa yonuvchi suyuqliklarni idishlarga quyish yo‘li bilan savdo qilish hamda ularni saqlash faqat devorlari, shu jumladan, pol qismi yonmaydigan materiallardan ishlangan xonalarda amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. Avariya holatida yonuvchi suyuqliklar tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu xonalarning pol sathi qo‘shni xonalarning pol sathidan past bo‘lishi lozim. Ushbu binolarda isitish pechlaridan foydalanish taqiqlanadi.
370. Kerosin va boshqa yonuvchi suyuqliklar solingan sig‘imlar (rezervuar, bochka) o‘rnatilgan (saqlanayotgan) omborlar bilan savdo zallari oralig‘i yong‘inga qarshi devorlar bilan ajratilishi lozim. Sig‘imlarning hajmi 5 m3 dan yuqori bo‘lishi mumkin emas.
371. Rezervuardan tarqatish sig‘imlariga yonuvchi suyuqliklarni uzatib beruvchi quvurlar statsionar qotirilgan bo‘lishi va ularni tarqatish sig‘imlariga ulangan joylari jo‘mraklar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Tarqatish sig‘imlarining hajmi 100 L gacha bo‘lishi kerak. Quvurlar va tarqatish sig‘imlari kamida ikkita joydan erga ulangan bo‘lishi lozim. Yerga ulanishning ishonchliligi elektr qarshilikni o‘lchash yo‘li bilan kamida 1 yilda bir marta tekshirilishi kerak.
372. Kerosinni tarqatish peshtaxtasi (rastasi) yonmaydigan va zarbadan uchqun chiqishini istisno etadigan materialdan qoplangan bo‘lishi lozim.
373. Kerosin savdosi amalga oshirilayotgan binolarda (inshootlarda) qadoqlash materiallarini (payraxa, somon, qog‘oz va boshqalarni) saqlash taqiqlanadi.
374. Kerosin va boshqa yonuvchi suyuqliklardan bo‘shatilgan (bo‘shagan) idishlar faqat maxsus ajratilgan maydonlarda saqlanish lozim.
2-§. Yarmarkalar, bozorlar va ko‘rgazmalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
375. Ochiq maydonlarda yoki binolarda (inshootlarda) belgilangan tartibda tashkil etilgan kiyim bozorlarida tashkilot rahbari quyidagi yong‘in xavfsizligi talablari bajarilishini ta’minlaydi:
a) evakuatsiya yo‘llariga olib boruvchi yo‘laklar va o‘tish joylaridagi savdo rastalarning o‘tish qatorlarining kengligi 2 m dan kam bo‘lmasligini;
b) savdo qatorlarining har 30 m dan so‘ng kengligi kamida 1,4 m bo‘lgan ko‘ndalang yo‘laklar bo‘lishini.
376. Yarmarkalar va bozorlarda yong‘in sodir bo‘lganda odamlarni va moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish, binolarni va hududni tark etish rejalari (sxemasi) hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning majburiyatlari ishlab chiqilishi lozim.
Yong‘in sodir bo‘lganda fuqarolarga xabar berish va ularni evakuatsiya qilish bo‘yicha tovushli xabar berish moslamalarini yoqish va ishlatish tartibi hamda xabar berish matni yarmarka va bozorlar rahbariyati tomonidan ishlab chiqiladi.
377. Yarmarka va bozorlar hududiga yong‘in-qutqaruv avtomobillari kirib-chiqishi uchun kengligi 5 m dan kam bo‘lmagan darvoza bo‘lishi kerak. Agar ushbu obyektlar hududi bir gektardan oshiq bo‘lsa, hudud relyefiga qarab bir nechta kirish joylari tashkil etilishi mumkin, lekin ularning soni kamida ikkita bo‘lishi lozim. Yarmarka va bozorlarning ish vaqtida ularning hududlariga kirish darvozalari va ularga borish yo‘llari doimo ochiq bo‘lishi lozim.
378. Yarmarka va bozorlarda savdo rastalari, binolar, inshootlar, omborlar, yong‘inga qarshi suv manbalarining joylashuvi, ularga yong‘in-qutqaruv avtomobillarini olib boruvchi yo‘llar, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari o‘rnatilgan joylar, shuningdek, xaridorlarning yurish va o‘tish yo‘laklari ko‘rsatilgan sxemalar ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
379. Yarmarka va bozorlarning maxsus ajratilgan hududlarida har bir g‘uruhda 10 tadan avtomobillar va ularning tirkamalari hamda 20 tadan savdo palatkalarini o‘rnatishga ruxsat beriladi. Bunda ularning umumiy maydoni 160 m2 dan oshmasligi kerak.
380. Transport vositalari ko‘rgazmalari o‘tkaziladigan binolarda (inshootlarda) va ochiq maydonlarda quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
a) transport vositalarini joylashtirish tartibini buzish;
b) transport vositalari orasidagi masofani, shuningdek, ulardan binolargacha (inshootlargacha) belgilangan masofani qisqartirish;
v) chiqish darvozalarini to‘sib quyish;
g) binolarda transport vositalariga yonilg‘i va moylarni quyish hamda ularni to‘kib olish;
d) transport vositalarini yonilg‘i baklarining qopqoqlarini (og‘zini) ochiq holda saqlash;
e) binoda (inshootda) bo‘lgan transport vositalarining akkumulyatorlarini ularning o‘zida (echib olmasdan) zaryadlash;
yo) transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish.
3-§. O‘q-dorilar va pirotexnika buyumlarini sotish va saqlashga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
381. O‘q-dorilar (porox, kapsyulalar, patronlar), pirotexnika va boshqa portlovchi buyumlar savdosi maxsus do‘konlarda amalga oshirilishi lozim.
Ushbu buyumlar savdosi uchun ixtisoslashtirilmagan binolarda (inshootlarda) maxsus savdo do‘konlarini joylashtirish taqiqlanadi.
382. Bitta savdo maydonida qurol-yarog‘ va ularga tegishli patronlarni boshqa tovarlar bilan birlashgan holda sotish taqiqlanadi. Sport, ov va baliq ovlash aksessuarlari va qurol uchun ehtiyot qismlar bundan mustasno.
383. O‘q-dori va pirotexnika buyumlari boshqa binolardan (inshootlardan) yong‘inga qarshi devorlar bilan ajratilgan xonalarga o‘rnatilgan metall shkaflarda saqlanishi lozim.
Ushbu metall shkaflarni yerto‘lalarda joylashtirish taqiqlanadi.
384. O‘q-dori va pirotexnika buyumlarini, porox hamda kapsyulalarni yoki patronlarni bitta shkafda (seyfda) birga saqlash taqiqlanadi. Savdo do‘konlaridagi (shu jumladan, do‘konlarning omborxonasidagi) pirotexnika buyumlarning umumiy vazni 50 kg dan oshmasligi lozim.
385. Savdo do‘konida (shu jumladan, do‘kon omborxonasida) 50 kg tutunli yoki 50 kg tutunsiz poroxni saqlash mumkin.
386. Poroxni faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan qadoqlangan idishlarda sotish mumkin.
387. Savdo obyektlarida kuyidagilar taqiqlanadi:
a) pirotexnika buyumlarini ulardan foydalanish yo‘riqnomasisiz sotish;
b) pirotexnika buyumlarini ishlab chiqaruvchi tomonidan qadoqlangan idishlardan boshqalarida sotish;
v) pirotexnika buyumlarini xaridorlar uchun oson olish mumkin bo‘lgan joylarda saqlash;
g) pirotexnika buyumlarini yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan bino va inshootlarda saqlash.
388. Pirotexnika buyumlaridan foydalanish yo‘riqnomalarida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar bo‘lishi lozim. Iste’molchi uchun ma’lumotlarning mazmuni pirotexnika buyumlarining xavflilik darajasiga mos kelishi kerak.
389. Pirotexnika buyumlarining xavflilik darajasi akkreditatsiyalangan laboratoriya tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalari bilan tasdiqlanishi lozim. Sinov natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar (muvofiqlik sertifikati, sinov bayonnomasi yoki ularning nusxalari) sotuvchilarda saqlanishi kerak.
28-bob. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
390. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining binolarida, shuningdek, ommaviy tadbirlar (tomosha) o‘tkaziladigan xonalarda kamida ikkita evakuatsiya eshiklari bo‘lishi kerak.
391. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) binoni yengil alangalanuvchi materiallar bilan qoplash (somon, payraxa, qamish, poligal, leksan va shu kabilar);
b) yog‘ochli binolarning mansarda (chordoq) xonalarida bolalarni joylashtirish;
v) yog‘ochdan qurilgan binolarda kir yuvish xonalari va oshxonalarni joylashtirish;
g) yotoqxonalar va guruhlar xonalarining ostki qismida gaz asboblarini o‘rnatish;
d) yog‘ochdan va boshqa yonuvchi materiallardan qurilgan binolarda 50 va undan ortiq bolalarni joylashtirish;
e) bolalar joylashgan binolarning xonalarida pechlarni yoqish, sham, kerosin lampalar, ochiq olovdan foydalanish imkonini beruvchi qurilmalar va elektr isitish asboblaridan foydalanish.
392. Kichik yoshdagi (yasli) guruhlardagi bolalarni binolarning pastki qavatlarida joylashtirish lozim.
393. Guruhlar xonalariga to‘shalgan gilamlar, gilam poyandozlar va boshqa qoplamalar polga mustahkam qotirilgan bo‘lishi kerak.
394. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining xodimlari, bolalarga yong‘in xavfsizligi qoidalarini va yong‘in sodir bo‘lganda harakat qilish tartibini maxsus dasturlarga muvofiq o‘rgatishlari shart.
29-bob. Ma’muriy binoalar, ilmiy va ta’lim obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
395. Portlab-yonish va yong‘in xavfi bo‘lgan modda va materiallarni qo‘llash bilan bog‘liq tajriba (sinov) qurilmalarida ishlarni bajarishga faqat obyekt rahbarining buyrug‘i bilan tayinlangan komissiya tomonidan ushbu qurilma foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng ruxsat beriladi.
396. Tajriba ishlari rahbari (mas’ul ijrochi) tadqiqotlar olib borishda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi kerak.
397. Laboratoriya va boshqa xonalarda bir smena ehtiyojidan ortiq bo‘lmagan miqdorda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni saqlash mumkin. Suyuqliklarni xonaga olib kelish yopiq, xavfsiz idishda amalga oshirilishi lozim.
398. Havo tortish shkafida bajarilayotgan ishlarga daxldor (taalluqli) bo‘lmagan materiallar va uskunalar mavjud bo‘lsa, shuningdek, shamollatish tizimi o‘chirilganda va uning nosozligida ushbu shkafda ishlash taqiqlanadi.
Stoldan suyuqliklar oqib ketmasligini ta’minlovchi qirralar (bortiklar) soz holda bo‘lishi kerak.
399. Ishlatib bo‘lingan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar ish vaqti tugagandan so‘ng maxsus berkitiladigan idishga yig‘ilishi hamda utilizatsiya qilish uchun laboratoriya xonasidan olib chiqilishi lozim.
Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni kanalizatsiyaga to‘kish taqiqlanadi.
400. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar solib ishlatilgan idishlar tajriba tugaganidan so‘ng yong‘in xavfi bo‘lmagan eritmalar bilan yuvilishi kerak.
401. Maktab binolari o‘quv mavsumi boshlanishidan oldin maxsus tayinlangan komissiya tomonidan qabul qilinishi va ushbu komissiya tarkibiga davlat yong‘in nazorati organining mansabdor shaxsi kiritilishi kerak.
402. O‘quv va xizmat xonalarida faqat o‘qitish jarayoniga taalluqli bo‘lgan mebel, uskuna, andaza, asboblar, buyumlar, qo‘llanmalar va boshqa ko‘rgazmali o‘quv qurollarini saqlash kerak.
403. Sinf va o‘quv xonalaridagi partalarning (stollarning) soni, loyihalash me’yorlarida belgilangan sonidan oshmasligi kerak.
404. O‘quvchi va talabalar bilan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan turmushda foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish yuzasidan mashg‘ulotlar (suhbatlar) o‘tkazilishi lozim.
405. Mashg‘ulotlar tugagandan so‘ng o‘quv xonalari, ustaxona va laboratoriyalardan barcha yong‘in hamda yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan modda va materiallarni maxsus jihozlangan omborxonalarga olib chiqib joylashtirish kerak.
Yong‘in hamda yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan modda va materiallarni maxsus jihozlangan omborxonalarda saqlash, ushbu modda va materiallarning fizik-kimyoviy, portlash va yonish xususiyatlariga muvofiq ularning birxilligi (o‘xshashligi) nuqtai nazaridan kelib chiqqan xolda amalga oshiriladi.
406. Arxiv saqlovxonalari metall shkaflar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Yonish xususiyatini pasaytiruvchi birikma bilan ishlov berilgan yog‘och shkaflardan foydalanishga ruxsat etiladi. Ishlov berilgan sana va uning amal qilish muddatini ko‘rsatgan holda ushbu ishni bajargan tashkilotning tegishli dalolatnomasi ramiylashtirilishi kerak. Arxiv hujjatlarini saqlovxonaning polida saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
407. Hujjatlarni saqlash uchun stellaj, shkaflar va boshqa jihozlarni binoning tashqi devorlariga yaqin masofada hamda isitish asboblari, elektr yoritkichlar va boshqa elektr isitish moslamalaridan 0,5 m dan yaqin masofada joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
30-bob. Madaniy-ma’rifiy, tomosha va sport obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
408. Chet el tashkilotlari bilan gastrol, tomoshalar va ko‘rgazmalarni tashkil etish yuzasidan tuziladigan shartnomalarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar belgilanishi shart.
409. Muzeylar va rasmlar galereyalari uchun ko‘rgazma eksponatlari va boshqa qimmatbaho buyumlarni evakuatsiya qilish rejalari, sirk va hayvonot bog‘lari uchun hayvonlarni evakuatsiya qilish rejalari ishlab chiqilgan bo‘lishi shart.
410. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishdan oldin barcha madaniy-ma’rifiy, tomosha va sport obyektlarining yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi belgilangan tartibda tashkil etiladigan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni nazorat qiluvchi komissiyasining ishchi guruhlari tomonidan tekshirib chiqilishi shart.
411. Tomosha zallari va tribunalardagi o‘rindiqlar qatorlari bo‘yicha bir-biriga ulangan va polga mahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
Lojalardagi o‘rindiqlar soni 12 tadan ko‘p bo‘lmasa hamda alohida chiqish eshiklari bo‘lsa, ulardagi kreslolarni (stullarni) mahkamlash shart emas.
Raqs kechalari o‘tkazishga mo‘ljallangan tomosha zallarida o‘rindiqlar soni 200 tadan ortiq bo‘lmasa, o‘rindiqlarni har bir qatorda biri biriga o‘zaro mahkamlanishi sharti bilan polga mahkamlamaslikka ruxsat etiladi.
412. Sahnadagi yog‘och qurilmalar (dekoratsiyalarni mahkamlash va ko‘tarish-tushirish uchun sahna tepasidagi panjaralar (kolosnik), osma ko‘priklar, ishchi galereyalar va shu kabilar), binoning chordoqlari, yonuvchi dekoratsiyalar, sahna va ko‘rgazma bezaklari hamda tomosha va ekspozitsiya zallari, foye, bufet devorlariga qoplanadigan matolarga (drapirovkaga) yonish xususiyatini pasaytiruvchi birikma bilan ishlov berilishi lozim. Obyektda ushbu ishlar qaysi tashkilot tomonidan, qachon bajarilganligi (sanasi) va amal qilish muddati ko‘rsatilgan dalolatnoma bo‘lishi shart.
413. Teatr va tomosha muassasalarining sahna qismida bir vaqtning o‘zida 2 tadan ortiq bo‘lmagan spektaklga mo‘ljallangan dekoratsiya, sahna jihozlari turishiga ruxsat beriladi. Dekoratsiyalarni, butaforiya, yog‘ochli dastgohlar va boshqa mol-mulkni tryumlarda, kolosnikda, ishchi maydonlarda (galereya), zinapoyalar maydonchalari va ularning ostki qismida hamda tomoshabinlar zalining ostki qismida joylashgan yerto‘lada saqlash taqiqlanadi.
414. Sahna asari sahnaning atrofida qo‘yilganda 1 m kenglikdagi yo‘lak qoldirilishi shart. Qorong‘ilashtirilgan sahna tomoshalarini qo‘yish vaqtida yo‘laklarning yoritilishi pol qismidagi elektr chiroqlari orqali amalga oshirilishi lozim.
Spektakl tugagandan so‘ng barcha dekoratsiya va butaforiyalar qisimlarga bo‘linib, sahnadan olinishi va maxsus omborxonalarda saqlanishi kerak. Dekoratsiya va butaforiyalarni saqlash omborlarida kengligi 1,5 m dan kam bo‘lmagan yo‘laklar qoldirilishi kerak.
415. Sahnada chekish, ochiq olovdan foydalanish (mash’ala, sham, qandil va shu kabilar), yoyli projektorlardan, mushaklar (feyerverk) va boshqa turdagi olovli effektlardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
416. Sahna yuzasiga yong‘inga qarshi pardaning tushish joyini ko‘rsatuvchi qizil rangli chiziq chizilgan bo‘lishi kerak. Sahna jihozlari va dekoratsiyalar ushbu chiziqdan chiqib ketmasligi lozim.
417. Spektakllar (repetitsiyalar) tugagandan so‘ng yong‘inga qarshi parda tushirib qo‘yilishi kerak. Yong‘inga qarshi parda sahna yuzasiga qumli zatvor (elastik yostiqcha) yordamida zich yopilishi kerak. Ko‘tarib-tushiruvchi mexanizmning tushirish tezligi 0,2 m/c dan kam bo‘lmagan xolda ishlashga to‘g‘rilangan bo‘lishi kerak.
418. Qishki mavsumda tutun tortish tizimining klapanlari issiq holda tutilishi kerak va har 10 kunda bir marta tekshirilib turilishi shart. Tekshiruv natijalari maxsus jurnalda qayd etilishi lozim.
419. Pirotexnika mahsulotlaridan foydalanish va ularni saqlash maxsus qoidalar talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Ularni qo‘lbola usulda tayyorlash hamda tomosha muassasalarida, xonalarda va stadion tribunalarida, madaniyat va istirohat bog‘larida va odamlar ommaviy bo‘ladigan boshqa obyektlarda saqlash taqiqlanadi.
420. Ochiq maydonda maxsus olovli effektlarni o‘tkazish zarurati tug‘ilganda sahnalashtiruvchi javobgar shaxs (bosh rejissor, badiy rahbar) tomonidan yong‘inning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi lozim.
421. Tomoshabinlar zallarining shifti va devorlarini akustik qoplamalar bilan jihozlash uchun olovdan himoya qiluvchi tarkib bilan ishlov berilmagan (shimdirilmagan) yonuvchi materiallardan foydalanish taqiqlanadi.
422. Devorlar va sahna qismining zina kataklaridagi o‘tish joylari o‘zi yopiladigan moslamalar o‘rnatilgan yong‘inga chidamli eshiklar bilan himoyalangan bo‘lishi shart.
423. Aktyorlarning spektakllarda foydalaniladigan kiyim-kechaklarni saqlash xonalaridagi kiyim osish moslamalari oralig‘ida erkin harakatlanish uchun oraliq masofalar saqlanishi lozim.
Kiyim-kechaklarni saqlash xonalaridagi markaziy o‘tish yo‘lagi 1,2 m dan kam bo‘lmasligi lozim. Kiyim qabul qiladigan shaxslar, kiyimlarning cho‘ntaklarini tekshirib, ulardagi gugurt, yondirgichlar va shu kabilarni olib quyishlari kerak.
424. Elim eritish va qaynatish ishlari, shu maqsadda ajratilgan maxsus joylarda, yonmaydigan asosga o‘rnatilgan elektr yelim qaynatgichlarda amalga oshirilishi lozim.
425. Yoritish qurilmalarini sirk gumbazi ostiga joylashtirishda ularni yonuvchan materiallardan tayyorlangan konstruksiyalarga tegishi imkoniyatini istisno qilish kerak.
426. Hayvon va parrandalarni saqlash xonalarida (otxona, parrandaxona va boshqalar), kundalik ta’minotdan ortiqcha yem-xashak saqlash taqiqlanadi.
427. Hayvonlarga ovqat tayyorlash xonalari sirk xonalaridan yonmaydigan materiallardan tayyorlangan konstruksiyalar bilan ajratilgan bo‘lishi kerak.
2-§. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
428. Ommaviy tadbir boshlanishidan oldin obyekt rahbari tadbirni o‘tkazish uchun yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mas’ul shaxslarni tayinlashi va quyidagilarni:
a) yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinganligi bo‘yicha tayyorligini aniqlash uchun tadbirdan oldin xonalarni ko‘zdan kechirilishini (evakuatsiya chiqish yo‘llari va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari yetarli ekanligini, aloqa va yong‘in avtomatikasi vositalarining sozligini);
b) sahna va tomosha zallarida mas’ul xodimlar navbatchiligini ta’minlashi zarur.
429. Bitta evakuatsiya chiqish eshigi mavjud bo‘lgan xonalarda 50 nafardan ko‘p bo‘lmagan odamlar ishtirokida tadbirlar o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Olovga bardoshliligi IV va V-darajali bo‘lgan binolarda odamlar ommaviy bo‘ladigan (50 va undan ortiq odamlar yig‘iladigan) tadbirlar faqat 1-qavat xonalarida o‘tkazilishiga ruxsat etiladi.
430. Yangi yil bayramlari va odamlar ommaviy bo‘ladigan boshqa tadbirlarni o‘tkazish va tashkil etishda:
a) faqat shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan, evakuatsiya chiqish joylari ikkitadan kam bo‘lmagan, shifti yonuvchi bo‘lgan binolarning 2 qavatidan yuqorida joylashmagan va derazalariga panjaralar o‘rnatilmagan xonalardan foydalanish mumkin;
b) archa mustahkam taglikka o‘rnatilishi va xonadan chiqish yo‘laklarni to‘sib qo‘ymasligi lozim;
v) archa shoxlari shift va devorlardan 1 m dan kam bo‘lmagan uzoqlikda joylashgan bo‘lishi lozim;
g) xonada elektr yorug‘ligi bo‘lmasa, odamlar ommaviy bo‘ladigan tadbirlar kunning yorug‘ vaqtida o‘tkazilishi kerak;
d) tadbirlarda tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan elektr girlyandalar va illyuminatsiyalardan foydalanish mumkin;
e) illyuminatsiyalarda nosozliklar aniqlanganda (elektr simlarning qizishi, chiroqlarning o‘chib yonishi, uchqunlar chiqishi va shu kabilar), ular zudlik bilan elektr kuchlanishdan uzilishi lozim.
431. Odamlar ommaviy bo‘ladigan tadbirlarni o‘tkazishda xonalarda quyidagilar taqiqlanadi:
a) yoyli projektorlar, shamlar va paqildoqlarni ishlatish, mushakbozlik qilish hamda yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa yong‘in xavfi mavjud yoritish effektlarni uyushtirish;
b) archani tselluloidli o‘yinchoqlar hamda olovdan himoya qilish tarkibi bilan ishlov berilmagan (shimdirilmagan) doka va paxta bilan bezatish;
v) bolalarga tez yonuvchi materiallardan tikilgan kiyimlar kiygizish;
g) tomoshalar boshlanishidan oldin yoki tomosha vaqtida bo‘yoqlash, olovli va boshqa yong‘in va portlash xavfi mavjud ishlarni amalga oshirish;
d) xonalarni qorong‘ilantirish uchun derazalarga soyabonlar o‘rnatish;
e) qatorlar oralig‘idagi o‘tish joylarini toraytirish, u yerlarga qo‘shimcha stul, kreslolar va shu kabilarni o‘rnatish;
j) spektakl va tomoshalar davomida xonaning elektr yorug‘ligini to‘liq (batamom) o‘chirish;
z) xonalarni belgilangan me’yordan ortiq odamlar bilan to‘ldirishga yo‘l qo‘yish.
Tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda sahna va tomosha zallarida mas’ul xodimlarning navbatchiligi tashkil etilishi kerak.
432. Odamlar ommaviy bo‘ladigan binolardagi xodimlar, elektr energiyasi o‘chib qolganda foydalanishlari uchun elektr fonarlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Elektr fonarlar soni rahbar tomonidan obyektning xususiyatlaridan, binodagi odamlar sonidan, navbatchi xodimlarning mavjudligidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda elektr fonarlarning soni navbatchi xodimlarning sonidan kam bo‘lmasligi lozim.
433. Odamlar ommaviy bo‘ladigan obyektlarning 1-qavatida joylashgan xonalar deraza va eshiklariga temir panjaralar o‘rnatish taqiqlanadi.
31-bob. Davolash muassasalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
434. Shifoxona rahbari har kuni bemorlarga javob berish va yangilarini qabul qilish ishlari tugatilgandan so‘ng shifoxonaning xar bir binosida mavjud bemorlarning va tibbiyot xodimlarining soni to‘g‘risida tuman (shahar) yong‘in-qutqaruv bo‘linmasiga xabar berishi shart.
435. Qishloq joylarda joylashgan davolash muassasalarining har bir binosi bittadan narvon bilan ta’minlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
436. Harakati cheklangan bemorlar doimo bo‘ladigan shifoxonalar va boshqa davolash muassasalarining binolari, har beshta bemorga (nogironligi bo‘lgan shaxsga) bir dona hisobida sanitar zambillari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart. Shifoxonalarda og‘ir bemorlar va bolalar uchun mo‘ljallangan xonalarni binoning pastki qavatlarida joylashtirish kerak.
(436-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
437. Bemorlar xonalaridagi karavotlar o‘rtasidagi oraliq masofa 0,8 m dan kam bo‘lmasligi, markaziy (asosiy) yo‘lakning kengligi esa 1,2 m dan kam bo‘lmasligi shart. Stullar, tumbochka va boshqa mebellar evakuatsiya yo‘llarini va eshiklarini to‘sib qo‘ymasligi kerak.
438. Bemorlar xonalariga (palata) kislorod berish, qoida tariqasida, markazlashgan holda alohida o‘rnatilgan ballonlar qurilmasi (ballonlar soni 10 tadan ortiq bo‘lmagan) orqali yoki markaziy kislorod tayanch maskanidan (ballonlar soni 10 tadan ortiq bo‘lsa) amalga oshirilishi kerak.
Markazlashgan holda kislorod bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, kislorod yostiqchalardan foydalanish tartibi muassasa rahbarining buyrug‘i bilan belgilanadi.
Bir dona kislorod ballonini muassasa binosining olovga bardoshli tashqi devori oldida yonmaydigan shkaf ichida o‘rnatishga ruxsat etiladi.
439. Davolash muassasalarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) bemorlar xonalari joylashgan korpuslarda davolash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan (loyihalash me’yorlarida belgilanganlaridan tashqari) boshqa xonalarni joylashtirish;
b) yo‘laklarda, xoll va boshqa evakuatsiya yo‘llarida karavotlar o‘rnatish;
v) bemorlar va tibbiyot xodimlari bo‘ladigan xonalarning derazalariga metall panjaralar o‘rnatish;
g) yog‘ochli devorlar va shiftlarga gulqog‘oz yopishtirish va ularni yonuvchi nitro yoki moyli bo‘yoqlar bilan bo‘yash;
d) xonalarni pardozlash uchun yonganda zaharli moddalar chiqaradigan materiallardan foydalanish;
e) kislorod ballonlarini davolash muassasalarining binolari ichiga o‘rnatish va ulardan foydalanish;
j) bemorlar xonalariga kislorod yuborish uchun rezina va plastmassa quvurlardan (shlangdan) foydalanish;
z) nosoz davolash elektr jihozlaridan foydalanish;
i) isitish pechlarining o‘t yoqish eshiklarini bemorlar xonasiga o‘rnatish;
k) davolash muassasalarining yerto‘la va tsokol qavatlarida ustaxona va omborxonalarni joylashtirish.
440. Suv qaynatgich, suv isitgich va titanlar o‘rnatish, tibbiyot asboblarini sterilizatsiya qilish hamda parafin va ozokeritlarni eritish (isitish, qizdirish) ishlari faqat shu maqsad uchun alohida ajratilgan xonalarda amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. Tibbiyot asboblarini qaynatish uchun yopiq spiralli sterilizatorlardan foydalanish kerak. Ushbu maqsadda kerogaz, kerosin lampalari va primuslardan foydalanish taqiqlanadi.
441. Laboratoriyalar, bo‘limlar, shifokorlar xonalarida dori vositalari va reaktivlarni (spirt, efir va shu kabi boshqa yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni) yopiladigan maxsus metall shkaflarda umumiy miqdori 3 kg dan ko‘p bo‘lmagan hamda o‘zaro biri-biri bilan saqlash mumkinligini inobatga olgan holda saqlashga ruxsat etiladi.
442. Pech yordamida isitiladigan yog‘ochli binolarga 25 nafardan ortiq bemorlar va bolalarni joylashtirish taqiqlanadi.
443. Hajmi 300 kg dan ortiq bo‘lgan rentgen plyonkalarini saqlash xonalari alohida turgan binolarda joylashtirilishi kerak, hajmi 300 kg dan kam bo‘lgan holda 1-turdagi yong‘inga qarshi devor va orayopmalari bilan to‘sib ajratilgan saqlovxonalarda saqlashga ruxsat etiladi. Rentgen plyonkalarini saqlash arxiv saqlovxonalaridan qo‘shni binolargacha bo‘lgan masofa 15 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
444. Arxiv saqlovxonasining bitta bo‘limida (seksiyasida) 500 kg dan ortiq bo‘lmagan rentgen plyonkasini saqlashga ruxsat etiladi. Har bir bo‘lim (seksiya) o‘zining tortuvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi zarur. Seksiya eshiklari faqat tashqariga ochilishi kerak. Arxiv saqlovxonalaridagi derazalar maydonining pol maydoniga nisbati 1:8 dan kam bo‘lmasligi kerak.
445. Arxiv saqlovxonalarini isitish tizimi markazlashtirilgan bo‘lishi kerak. Ularni isitish uchun bug‘li isitish tizimi, temir pechlar va vaqtinchalik temir quvurli pechlardan foydalanish taqiqlanadi.
446. Arxiv saqlovxonalarida elektr qutilar, o‘chirish moslamalari, elektr qo‘ng‘iroqlar va shtepsel ulagichlar (elektr asbob, rozetka) o‘rnatish taqiqlanadi. Ishdan tashqari vaqtda arxiv saqlovxonalaridagi elektr tarmog‘i elektr manbaidan o‘chirilgan bo‘lishi shart.
447. Rentgen plyonkalarini 4 kg gacha bo‘lgan miqdorda arxiv saqlovxonasidan tashqarida joylashgan temir shkaflarda (qutilarda) va ushbu shkaflarni isitish asboblaridan 1 m uzoqlikda joylashtirilgan holda saqlashga ruxsat etiladi. Bunday shkaflar o‘rnatilgan xonalarda chekish va barcha turdagi isitish asboblaridan foydalanish taqiqlanadi.
448. Rentgen plyonkalarini saqlash arxiv saqlovxonalari metall (asbest ustidan temir tunika bilan o‘ralgan yog‘och) stellajlar yoki chuqurligi va uzunligi 50 sm dan ortiq bo‘lmagan bo‘limlarga bo‘lingan shkaflar bilan jihozlanadi. Shkaflardan devor, deraza, shift va polgacha bo‘lgan masofa 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
449. Fizioterapiya bo‘limlari va xonalarida polni qoplash hamda davolash xonalari uchun pardalar tayyorlashda statik elektrni hosil qiladigan va to‘playdigan sintetik materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
450. Tibbiy cho‘milish basseynlarida suvni zararsizlantirish maqsadida ishlatiladigan xlor zaxirasini saqlash uchun xlorning iste’mol ombori bilan ta’minlash kerak. Yerto‘laga yoki binoga tutashgan yer sathi darajasidan past bo‘lgan boshqa xonaga xlorlash qurilmasini va xlorni saqlash omborishi joylashtirish taqiqlanadi.
Xlorlash qurilmasi va xlorni saqlash omborlari joylashtirilgan xonalarda yonuvchi materiallarni saqlashga ruxsat etilmaydi.
32-bob. Televideniye va radioeshittirish obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Televizion studiyalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
451. Ko‘rsatuv va unga tayyorgarlik ko‘rish (repetitsiya) vaqtida yong‘inga qarshi rejimga rioya qilinishini nazorat qilish uchun studiya va apparat xonalari bo‘yicha javobgar shaxslar tayinlanishi kerak.
452. Televizion studiyalarni akustik qoplamalari bilan qoplash uchun ovoz yutuvchi yonmaydigan yoki qiyin yonuvchi material va konstruksiyalardan foydalanish kerak. Akustika konstruksiyalarini mustahkamlash va o‘rnatish uchun asoslar yonmaydigan yoki qiyin yonuvchi materialdan ishlangan bo‘lishi kerak.
453. Pavilonlarda chekish, ochiq olovdan (mash’ala, sham, kandelyabr va boshqalardan) foydalanish, yoyli projektorlar ishlatish hamda o‘q otish, feyrverk va olovli effektlar tashkil etish qat’iyan taqiqlanadi. Suratga olish jarayonida olovli effektlardan foydalanishga zarurat tug‘ilsa, ya’ni o‘q otish va portlash holatlarini imitatsiya qilish yong‘in xavfsizligiga to‘liq kafolat beruvchi maxsus uskunalar yordamida hamda yong‘indan saqlash xizmati vakillarining kuzatuvida amalga oshirilishi kerak.
Aktyorlarning sigareta chekishi lozim bo‘lgan sahnalari apparat studiya kompleksining navbatchi muhandisi bilan kelishilgan holda olib borilishi lozim.
454. Televizion studiyalarda ishlatiladigan barcha yonuvchi dekoratsiyalar va pardozlash materiallariga olovdan himoya qiluvchi tarkib bilan ishlov berilishi (shimdirilishi) kerak.
Obyekt rahbarida esa ushbu ishlarni kim tomonidan, qachon bajarilganligi (sanasi) va amal qilish muddati ko‘rsatilgan dalolatnoma bo‘lishi shart.
455. Pavilonlarda dekoratsiyalarni saqlash joylariga aniq belgilar qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Boshqa dekoratsiyalar maxsus omborxonalarda (seyf va boshqalarda) saqlanishi kerak. Ko‘rsatuvlar tugagach studiyadan ortiqcha bo‘lgan dekoratsiyalar olib tashlanishi zarur.
456. Elektr shchitlar atrofida har xil buyumlarni joylashtirish taqiqlanadi.
457. Osma va qiya hamda pastki yorug‘lik agregatlarining yoritkichlari metall yoki shisha to‘rli himoya qalpoqlari bilan himoyalangan bo‘lishi shart.
458. Elektr taqsimlovchi shchitlarga, aloqa vositalariga, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalariga va uskunalariga borish va o‘tish yo‘laklari hamda chiqish joylarini to‘sib qo‘yish qat’iyan man etiladi.
459. Dekoratsiyalarni qurish va o‘rnatishda erkin harakatlanadigan yo‘lak to‘sib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida dekoratsiyalar orasidagi yoki dekoratsiya va devor orasidagi erkin harakatlanadigan yo‘lakning kengligi 1,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
460. Pavilonlarda dekoratsiyalarni o‘rnatish devorlar va elektr taqsimlash moslamalaridan 1,5 m dan kam bo‘lmagan masofa qoldirib o‘rnatiladi. Darvozalar qarshisida va ulardan har tomonga 3 m dan kam bo‘lmagan yo‘lak qoldirilishi shart.
461. Yoritish uskunalari shift, balkon va boshqalarning ostida joylashtirilganda uskunaning ustki qismidan shiftgacha hamda dekoratsiya, balkon va boshqalarning eng yaqin yon taraflarigacha bo‘lgan masofa yoyli yoritkichlar uchun 0,8 m va cho‘g‘lanma lampali yoritkichlar uchun 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
462. Elektr yoritish uskunalarini o‘rnatish uchun osma havoza, taxtasupa va boshqa moslamalar mustahkam materiallardan ishlangan bo‘lishi va uskunalarning tushib ketish ehtimolini oldini olishga qaratilgan moslamalar bilan ta’minlangan bo‘lish kerak.
463. Odamlar o‘tadigan va og‘ir yuklarni olib o‘tish yo‘laklarining pol qismidan o‘tkazilgan (yotqizilgan) elektr sim va kabellar olovdan himoya qilish tarkibi bilan ishlov berilgan yog‘ochli o‘tish ko‘priklari bilan himoyalanishi kerak.
464. Ko‘chma yoritkichlar korpuslarining himoya darajasi har kuni ish boshlanishidan oldin tekshirilishi va himoya darajasi susaygan yoritkichlar zudlik bilan almashtirilishi zarur.
465. Lampalar va yoritqichlardan chiqayotgan issiqlikni pasaytirish uchun tabiiy shamollatish tashkil etilishi zarur. Lampalar boshqa buyumlarga tegib ketishidan va zarbadan himoyalanishi lozim. Shishasi qorayib qolgan va shishib chiqqan lampalar zudlik bilan almashtirilishi kerak.
466. Telestudiyalarda quyidagi umumiy majburiy talablarni bajarish zarur:
a) sahnalashtirishga aloqasi bo‘lmagan shaxslarning ishtirok etishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
b) ochiq turdagi tok taqsimlash shchitlari va saqlagichlarni o‘rnatmaslik;
v) projektorlarning nurlarini filtr qilish sifatida sellofan va boshqa yonuvchi materiallardan foydalanmaslik, yonmaydigan materiallardan ishlangan rangli filtrlar metall qisqichlari yordamida mustahkam qotirilgan bo‘lishi kerak;
g) vaqtincha o‘tkazilgan elektr simlardan foydalanmaslik;
d) ish vaqti tugagandan so‘ng elektr yoritqichlar va elektr tarmoqlarini kuchlanish ostida qoldirmaslik;
e) ma’muriyatni xabardor qilmasdan ta’mirlash ishlarini olib borish.
Ushbu talablar bajarilishini ko‘rsatuvlar davomida, yozish yoki repetitsiyalar vaqtida nazorat qilish telestudiya rejissoriga, u yo‘qligida esa tegishli bo‘linmaning navbatchi smena boshlig‘iga yuklatiladi.
467. Televizion ko‘rsatuvlarning sahnalarini jihozlash uchun har xil turdagi elektr asbob-uskunalardan (motorlar, ventilyatorlar, elektr sirenalari, pasaytiruvchi transformatorlari mavjud elektr qo‘ng‘iroqlar va boshqalardan) elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng foydalanishga ruxsat etiladi.
2-§. Televizion apparat xonalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
468. Telemarkazlarning apparat studiya kompleksi yo‘laklarida va ko‘p ishlaydigan kabel kommunikatsiyalarida kabellar qopqog‘i ochiladigan maxsus ariqchalarda joylashtiriladi. Olinadigan pollardagi ariqchalar, qopqoqlar va metall ustunlarning barcha temir qismlari erga ulangan bo‘lishi kerak. Kam ishlatiladigan kabellar uchun quvurlar to‘plami ishlatilishi mumkin, bunda to‘plamni tekshirish tuynukchalari bo‘lishi va elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari talablariga to‘liq rioya etilishi kerak.
Kabel kanallari va olinadigan pollarga quyidagi talablar qo‘yiladi:
kabel kanallarning hamda olinadigan polning osti chuqurligi 15 sm dan kam bo‘lmasligi kerak (va toza saqlanishi shart);
kabel kanallari yonmaydigan materiallardan, ularning qopqoqlari va olinadigan pollar yonmaydigan va qiyin yonuvchi materiallardan ishlanishi kerak.
469. Televizion apparat xonalarida ishlash vaqtida korpuslari erga ulanmagan jihozlardan foydalanish taqiqlanadi.
3-§. Yorug‘likni tartibga solish stansiyalari, avtotransformator xonalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
470. Ishga tushiruvchi moslamalarda “ishga tushirish” va “ish” holatini ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Kontaktli o‘chirgichlar, magnitli qo‘shgichlar, rubilniklar va boshqalar hamda guruhli shchitlarda o‘rnatilgan saqlagichlarda qaysi yoritish asboblariga qarashli ekanligi haqida belgi qo‘yilishi kerak. Barcha boshqaruv kalitlari, tugmalari va dastaklarida (rukoyatkalarida), ular bajaradigan vazifalarni ko‘rsatuvchi (“o‘chirish”, “yoqish” va boshqa) yozuvlar bo‘lishi kerak.
471. Pultlar va boshqa asboblarning korpuslari ishonchli tarzda erga ulangan bo‘lishi kerak.
4-§. Telekinoproyeksion apparatxonalar va kino ko‘rish zallariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
472. Kinoapparat xonalarida apparatlardan foydalanish hujjatlarini, texnika xavfsizligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalarni oynali ramkada devorga osib qo‘yish mumkin.
473. Yorug‘lik manbai sifatida ionli lampa ishlatiladigan har bir kinoproyektorning fonari ustiga alohida havo so‘rish moslamasi o‘rnatilishi lozim. Ushbu havo so‘rish moslamasini binoning umumiy shamollatish tizimiga ulash taqiqlanadi.
474. Barcha kinoproyeksion xonalarning tomosha tuynuklari, pardalari avtomatik ravishda tushuvchi yoki qo‘lda boshqariladigan oynali zaslonkalar bilan ta’minlanishi kerak.
475. Yerto‘lalarda tomosha zallarini joylashtirish taqiqlanadi.
476. Cho‘g‘lanish lampali kinoproyektorlar bilan jihozlangan kino qurilmalarida tasmani aylantirib o‘rash moslamasi, apparatura va jihozlardan iborat 1 ta kinoapparat joylashtirilishi mumkin.
5-§. Videoyozish blokiga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
477. Videoyozish apparatlari xonasida har bir videomagnitafonga 10 tadan ko‘p bo‘lmagan videotasmali kassetalar saqlanishi mumkin. Videotasmalar shkaf yoki yonmaydigan stellajlarda, ishlab chiqaruvchining g‘iloflarida saqlanishi lozim (plastmassali kassetalarda).
478. Apparatlar xonasida kiyim-kechak va zaxira uskunalarni saqlash taqiqlanadi.
479. Videoyozish apparatlari xonasidagi havoning harorati va namligini bir maromda saqlash tizimi yong‘in sodir bo‘lgan paytda avtomatik ravishda o‘chirish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
480. Magnit videotasmalar (videoteka) alohida ajratilgan, yonmaydigan shkaf va stellajlar bilan ta’minlangan xonalarda saqlanishi kerak.
481. Har chorakda bir marta videomagnitafonlarning barcha bloklari, shuningdek, kabel kanallari va pol oralig‘idagi bo‘shliqlar havo puflash yo‘li bilan changdan tozalanishi lozim.
482. Videomagnitafonlarning vakuum nasoslari filtrlari alohida portlashdan himoyalangan qilib bajarilgan havo tortish va havo berish moslamalari o‘rnatilgan xonalarda benzin bilan yuviladi.
483. Videoyozish sexi (bo‘limi) boshlig‘i yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan foydalanish bilan bog‘liq profilaktik ishlarni boshlashdan oldin sex ishchilariga yo‘l-yo‘riq berishi va ishga shaxsan o‘zi rahbarlik qilishi lozim.
484. Videoyozish apparatlari xonalariga avtomatik yong‘in signalizatsiyasi o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
485. Videoyozish bloklarida kabellarni o‘tkazish (yotqizish), ushbu Qoidalarning 463-bandida televizion studiyalari uchun belgilangan talablar asosida poldagi ariqchalarda (kanallarda) bajariladi.
6-§. Televideniye va radioning harakatlanuvchi texnik vositalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
486. Radio va televideniyening harakatlanuvchi texnik vositalari (avtozvukoperedvijka, harakatlanuvchi elektrostansiyalar va boshqalar) kamida ikkita uglekislotali o‘t o‘chirgichlar bilan ta’minlanadi, shulardan bittasi haydovchi kabinasida, ikkinchisi uskunalar turgan salon qismida o‘rnatiladi.
487. Teleko‘rsatuv, videoyozish va radioeshittirishlarni olib borish uchun harakatlanuvchi texnik vositalar obyekt yoniga o‘rnatilganda quyidagilarni:
a) harakatlanuvchi texnik vositalarni (avtobuslarni) joylashtirishda, ularning yong‘in sodir bo‘lganda xavfli hududdan (zonadan) ortiqcha manyovrlarsiz chiqib ketish sharoitlarini;
b) avtobusni o‘t oldirish tizimi o‘chirilgan holda ishonchli qo‘l tormoziga qo‘yish va g‘ildiraklar tagiga tirgaklar (bashmaklar) o‘rnatilishini;
v) kuchlanish elektr tarmog‘i avtobusning elektr taqsimlash shchitiga ishonchli ulanishini hamda ulanish joylarining (kontakt) qizimasligi va uchqun chiqarmasliginin ta’minlanish lozim.
488. Harakatlanuvchi texnik vositalarni elektr tarmog‘iga ulash ishlari, elektr taqsimlash qurilmalari joylashgan korxonaning elektr tarmog‘iga xizmat ko‘rsatuvchi xodimi (elektrigi) tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Kuchlanish elektr tarmog‘iga harakatlanuvchi texnik vositalar ulanganidan so‘ng ularga yonilg‘i va moy mahsulotlarini quyish taqiqlanadi.
489. Avtobus yo‘lga chiqishidan oldin uning texnik holati obyektning avtotransport vositalarining texnik holatiga javobgar shaxs tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi va bu haqida yo‘l varaqasiga belgi qo‘yilishi lozim.
490. Avtobusning yonilg‘i va gaz tizimi ulanish joylaridan benzin, moy, antifriz oqishi (tomishi) kuzatilganda, elektr simlarning va uskunalarning himoya qobiqlari shikastlanganda, elektr simlarda va ulash moslamalarida uchqun chiqish holatlari mavjudligida uning yo‘lga chiqishi qat’iyan taqiqlanadi.
491. Harakat va ishlash vaqtida yong‘in sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
a) dvigatel va uning karterida moy va yonilg‘i bilan aralashgan kirlarning yig‘ilishi;
b) moy va yonilg‘i tekkan mato va boshqa artish uchun ishlatiladigan vositalarni avtobus haydovchisi kabinasida va salonida qoldirish;
v) dvigatelni o‘t oldirish uchun karbyuratorga yonilg‘i quyish;
g) avtobus salonida va dvigatelni yonilg‘i bilan ta’minlash tizimi yaqinida sigareta chekish;
d) yengil alangalanuvchi suyuqliklar va boshqa yonuvchi materiallarni avtobus salonida tashish;
e) uskunalarning nosozligini tuzatish va aniqlashda ochiq olovdan foydalanish.
33-bob. Hammomlarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
492. Bug‘ xonasida toshli pech yonmaydigan materiallar asosida o‘rnatilishi kerak.
493. Hammomlarda quyidagilar taqiqlanadi:
a) toshli pechning elektr tarmog‘iga ulangan elektr isitgichini nazoratsiz qoldirish;
b) qo‘lbola yasalgan issiqlik elektr isitgichlarini o‘rnatish;
v) o‘chiq yoki nosoz termoregulyatorli toshli pechdan foydalanish;
d) ochiq olovdan foydalanish.
494. Bug‘ xonasi avtomatik tarzda himoyalovchi va 8 soatlik uzluksiz ishlagandan so‘ng to‘liq sovitilgunga qadar o‘chiruvchi hamda bug‘ xonasidagi harorat 110oC ga yetganda avtomatik tarzda o‘chiradigan himoya vositasiga ega elektrda ishlaydigan toshli pech bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Toshli pechning quvvati bug‘ xonasining hajmiga mos kelishi kerak (ishlab chiqaruvchining yo‘riqnomasiga muvofiq).
Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan bug‘li pechlarni ishlatishda isitish pechlariga qo‘yilgan yong‘in xavfsizligi talablarini bajarish kerak. Bunday holatda o‘t qalash joyi bug‘ xonasidan tashqarida joylashgan bo‘lishi kerak.
495. Bug‘ xonasini bezashda bargli daraxtlar yog‘ochidan foydalanish kerak.
496. Toshli pech o‘rnatilgan joydagi bug‘ xonasining devorlari poldan kamida 1,4 m balandlikda yonmaydigan materiallar (g‘isht, tosh, sopol plitkalar va boshqa shu kabi materiallar) bilan ishlangan bo‘lishi kerak. Bunda toshli pechning o‘t qalash eshigi tepasidan yonmaydigan materiallar bilan qoplangan joyning yuqorisigacha bo‘lgan masofa kamida 250 mm bo‘lishi kerak. O‘t qalash eshigidan qarama-qarshi devorgacha bo‘lgan masofa 0,7 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
497. Toshli pechning yuqori qismidagi shift ostiga yonmaydigan issiqlikni tutuvchi qalqon o‘rnatilishi kerak. Qalqonning o‘lchami kamida 1,2 x 1,2 m bo‘lishi kerak. Qalqon va shift orasidagi masofa kamida 0,05 m bo‘lishi kerak.
498. Bug‘ xonaning eshigi xonadan tashqariga chiqish tomonga ochilishi lozim.
499. Bug‘ xonadagi eshik va polning orasida 0,03 m dan kam bo‘lmagan bo‘shliq bo‘lishini ta’minlash kerak.
34-bob. Ibodatxonalarning bino va inshootlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
500. Shamdonlar, lampalar va ochiq olovli boshqa qurilmalar yonmaydigan asoslarga o‘rnatilishi kerak. Ular qulab tushishining oldini olish uchun polga ishonchli qotirilishi kerak.
501. Yonuvchi suyuqliklar (lampad, lampalar va boshqalar uchun) metall shkaflarda saqlanishi lozim. Xonada 5 L gacha yonuvchi suyuqliklarni saqlashga ruxsat etiladi.
502. Lampad va lampalarga yonuvchi suyuqliklarni quyish yonmaydigan materialdan tayyorlangan idish ustida sinmaydigan yopiq idish orqali amalga oshirilishi kerak.
Lampad va lampalarga yonuvchi suyuqliklarni to‘ldirish faqat ochiq alanga bo‘lmaganda, elektr isitish moslamalari yoqiq bo‘lganda esa — ulardan kamida 1 m masofada amalga oshirilishi kerak.
503. Namozxonadagi lampad va lampalarni to‘ldirish uchun yonuvchi suyuqliklar zaxirasi sinmaydigan va zich yopiladigan idishda saqlanishi kerak va uning miqdori kunlik talabdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
504. Ibodatxona inshootlarida tashrif buyuruvchilar tomonidan marosim o‘tkazilayotganda har qanday yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
35-bob. Qishloq xo‘jaligi obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Qayta ishlash obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
505. Elevatorlarda quyidagilar taqiqlanadi:
a) bitta silosda (bunkerda) turli mahsulotlarni birgalikda saqlash;
b) ishlab chiqarish xonalarida joylashgan bunker va siloslarda aspiratsion chiqindilar va sanoat changlarini yig‘ish va saqlash.
506. Sholi, tariq va grechixa po‘choqlari don zavodining ikki kun ishlashi uchun sig‘imga ega bunker tipidagi omborlarda saqlanishi kerak. Po‘choqlarni ochiq joylarda va ayvonlar ostida saqlash taqiqlanadi.
507. Shrot va kunjaralarning harorati 35°C dan yuqori bo‘lganda, ulardagi namlikning massa ulushi va erituvchining qoldiq miqdori texnologik yo‘riqnomalarda belgilangandan ortiq bo‘lganda ularni omborxonalarga joylashtirish taqiqlanadi. Saqlanayotgan shrot va kunjaralarning harorati har kuni o‘lchab turilishi kerak.
O‘z-o‘zidan yonish holatlarining oldini olish uchun shrot, kunjara va boshqa unli xomashyolarni vaqti-vaqti bilan egallab turgan sig‘imlardan bo‘shlariga ko‘chirib turish kerak. Ushbu ishlarni bunker va siloslarda uzluksiz saqlashning ruxsat etilgan muddatlari asosida ishlab chiqilgan jadvallarga muvofiq amalga oshirish lozim.
508. Suyuq yonilg‘ida ishlaydigan bo‘r va tuzlarni quritish qurilmalarida yonilg‘i baki quritish va ishlab chiqarish xonalarining tashqi tomoniga o‘rnatilishi kerak.
509. O‘t qalash joyi mavjud bo‘lgan quritish qurilmalari joylashgan xonalarda begona materiallar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda qattiq yoqilg‘ilarni (bir marta to‘ldirish uchun zarur bo‘lgan miqdordan ortiq bo‘lmagan) saqlash taqiqlanadi.
510. Quritish qurilmalarida yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning sizib chiqishi aniqlanganda qurilma darhol to‘xtatilishi kerak. Quritish qurilmasi ishlashi vaqtida aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish taqiqlanadi.
511. Un ishlab chiqarish sanoati korxonalarining soyabon va so‘ruvchi quvurlarining ichki yuzasidagi yonuvchan chiqindilarni tegishli dalolatnomalar tuzgan holda muntazam (yarim yilda kamida bir marta) tozalab turish kerak.
512. Suyuq yonilg‘ida ishlaydigan non pishirish pechlari va qovurish barabanlarida yonilg‘ini uzatish va o‘t oldirish tizimlari blokirovkalanadigan bo‘lishi kerak. Quvurlar, salnik va jo‘mraklarning ulangan joylaridan yonilg‘ining sizib chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
513. Makaron va un ishlab chiqarish korxonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) pishirish kamerasida ushoq va non mahsulotlari to‘planib qolishi (to‘plangan ushoqlar metall idishlarga yig‘ib olinishi va muntazam ravishda tozalab turilishi kerak);
b) unni boshqa yonuvchi materiallar bilan birga saqlash (un chiqindilari va bo‘sh qoplar alohida xonalarda saqlanishi kerak).
514. Qandolat mahsulotlari joylangan qutilar taxlanishida ularning balandligi 3,5 m dan oshmasligi kerak.
515. Don quritish qurilmalarining yonilg‘i tizimi ulagichlari va armaturalari zavodda ishlab chiqarilgan bo‘lishi hamda yonilg‘ining oqib chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Yer ustidagi yonilg‘i saqlash sig‘imi erga ulangan bo‘lishi kerak.
516. Don quritish qurilmalarining xonalari bir smena davomida kamida ikki marta tozalanib turilishi lozim, ularda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda boshqa yonuvchi materiallarni saqlash taqiqlanadi. Yig‘ilgan chiqindi va changlarni xonalardan tashqarida maxsus tashkil etilan joylarga chiqarib tashlash kerak.
517. Quritish qurilmasi ishlashi paytida chiqarish mexanizmlarining sozligini doimiy ravishda kuzatib borish va ularning tiqilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Donni uzluksiz chiqarib turadigan quritgichlarda quritish agentini quritish kamerasiga yetkazib berishni to‘xtatmasdan uning chiqarilishini kechiktirish taqiqlanadi.
518. Quritgich kunu tun ishlaganda har 10 kunda kamida bir marta uning shaxtalari ichidagi dondan bo‘shatib tozalanishi, havo taqsimlash qurilmalari, chiqaruvchi mexanizmlari, quritgich va o‘t qalash joyining boshqa uskunalari ko‘zdan kechirilishi kerak. Ko‘zdan kechirishda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi kerak.
519. Don quritish qurilmalarini yonish jarayonini, quritish agentining haroratini, donni qizdirish va sathini o‘lchash datchiklarini nazorat qiluvchi avtomatika tizimisiz ishlatish hamda ishlab turgan o‘t qalash joyini nazoratsiz qoldirish taqiqlanadi.
Mash’ala o‘chib qolganda qayta yoqishdan oldin o‘t qalash joyi 5 min davomida shamollatilishi kerak. Pechda yoqilg‘i yoki gaz bug‘lari to‘planishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
520. Don quritish qurilmalarining texnologik ehtiyojlari uchun yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning saqlash sig‘imlaridan foydalanishda quyidagilarga e’tibor qaratish zarur:
a) obyektning binolari (inshootlari) konstruksiyalari (orqali) yonilg‘i quvurlarining tranzit o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
b) faqat germetik bo‘lgan sig‘imlardan foydalanish, agar sizib chiqish aniqlansa, sig‘im bo‘shatilishi va ta’mirlanishi kerak;
v) sig‘imlarni yonilg‘i bilan to‘ldirishda maxsus nasoslar yoki yonilg‘i quyish moslamalaridan foydalanish. Bunda ochiq idishlardan foydalanish taqiqlanadi;
d) yonilg‘ining to‘kilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik;
e) yonilg‘i uzatish quvurlari uchun kamida ikkitadan yopuvchi jo‘mraklar bo‘lishi (sig‘im va quritish xonalarida).
521. Suyuq va gazsimon yonilg‘ilarda ishlovchi quritish agregatlarini o‘t oldirish faqat elektr o‘t oldirish tizimi orqali bajarilishi kerak. Bunda mash’alalardan foydalanish taqiqlanadi.
522. Aspiratsion va pnevmotransport tizimlarning siklonlarini don quritish xonalari va qozonxonalarning mo‘rikonlariga qaratilgan holda bino devoriga joylashtirish man etiladi.
523. Soatiga 12 t dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega don quritish majmualari quritish zonasidagi yong‘in o‘choqlarini avtomatik aniqlovchi, yong‘in to‘g‘risida xabar beruvchi ovozli va nurli signalizatsiyalar, issiqlik oqimidagi uchqunlarni ushlovchi uchqun ushlagichlar hamda quritish zonasidagi alangani o‘chirish uchun suv uzatuvchi kompleks himoya tizimli qurilmalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
524. Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqlik generatorlari bilan jihozlangan don quritish majmualarini o‘rnatish va ishlatishda quyidagi talablar bajarilishi kerak:
a) qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqlik generatorlarining o‘t qalash joylari ularning zich yopilishiga to‘sqinlik qiluvchi deformatsiyaga uchramagan bo‘lishi kerak;
b) issiqlik generatorlarining dudburonlari uchqun so‘ndirgichlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak;
v) o‘lchamlari issiqlik generatorining o‘t qalash joyidan katta bo‘lgan qattiq yoqilg‘idan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi;
g) dudburonlarni qurumdan tozalashni issiqlik generatorini ishga tushirishdan oldin, mavsumiy konservatsiyadan so‘ng va foydalanish davrida bir oyda kamida bir marta amalga oshirilishi kerak;
d) issiqlik generatoriga tutash hududni yonuvchi chiqindilardan va issiqlik generatorlarining uchqun ushlovchi moslamalarini har smenada kamida bir marta tozalash lozim. Elektrdvigatellar, yoritkichlar va kabellar haftasiga kamida bir marta yonuvchi changlardan tozalanishi kerak;
e) kul, shlak va ko‘mirni maxsus belgilangan joylarga chiqarib tashlash kerak. Bunday to‘plash joylarini binolardan (inshootlardan) 15 m dan va don quritish konstruksiyalaridan 30 m dan kam bo‘lgan masofada joylashtirish mumkin emas;
j) don quritgichning ishlash jarayonida operator issiqlik generatorining ishlashini doimiy kuzatib borishi kerak;
z) issiqlik generatorida yoqilg‘ini yoqish uchun yengil alangalanuvchi suyuqliklardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi;
i) issiqlik generatori uchun yoqilg‘i mahsulotlari texnik hujjatlarda ko‘rsatilgan fizik-kimyoviy xususiyatlarga mos kelishi kerak.
525. Don yonishi aniqlanganda, zudlik bilan agregatni to‘xtatish, donni sovitish uchun tushirish va yongan izlari bo‘lgan joylarni olib tashlash kerak.
526. Qattiq yoqilg‘ini taxlashda quyidagilar bajarilishi lozim:
a) taxlash uchun faqat qat’iy belgilangan maydonlardan foydalanish. Quritgich yaqinida qattiq yoqilg‘i zaxirasini saqlashda uning miqdori bir martada yuklanadigan hajmdan oshmasligi kerak;
b) yong‘in o‘chirish texnikasi o‘tishi uchun talab etiladigan yong‘inga qarshi oraliqlariga rioya qilish;
v) qattiq yoqilg‘ini o‘t qalash joyidan 3 m dan yaqin saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
527. Quyidagi holatlarda qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqlik generatorlaridan foydalanish taqiqlanadi:
a) issiqlikni almashtirib beruvchi qurilmasisiz;
b) tegishli hujjatlarsiz qayta jihozlanganda;
v) issiqlikni almashtirib beruvchi qurilmaning devorlarida shikastlanish (teshiklar) mavjud bo‘lganda.
528. Yong‘in alomatlari aniqlanganda o‘t qalash joyiga yoqilg‘i berishni to‘xtatish va quritish kamerasiga qurituvchi agentni yetkazib beruvchi ventilyatorni elektr manbadan o‘chirish, zudlik bilan yong‘in-qutqaruv bo‘linmasiga yong‘in haqida xabar berish va yong‘inni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozim.
529. Moyli o‘simliklarning yerto‘la va yarim yerto‘la omborlari, moyli o‘simliklarni tashish uchun mo‘ljallangan galereyalar va tunnellar mexanik shamollatish va yoritish tizimlari bilan jihozlanishi kerak. Chuqurligi 0,5 m dan ortiq bo‘lgan moyli o‘simliklarni tashish uchun o‘rnatilgan qurilmalar joylashgan chuqurchalar mexanik shamollatish tizimi bilan jihozlangan, qopqoqlar bilan yopilgan yoki o‘ralgan bo‘lishi kerak.
530. Moyli o‘simliklarni saqlash yerto‘la va yarim yerto‘la omborlarida, ularni tashish galereyalarida, tunnellar va chuqurchalarda havo muhitini nazorat qilish tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirilishi kerak. Jadval obyekt rahbari tomonidan belgilanadi.
531. Shrot omborining silos qutilari lyuk-qopqoqlari va panjaralari zarba va ishqalanish vaqtida uchqun hosil qilmaydigan materiallardan tayyorlanishi kerak.
532. O‘z-o‘zidan qizish va alangalanishni, shuningdek, elevatorning silos qutilar va bunker omborlarida tiqilib qolishining oldini olish uchun moyli o‘simliklarni taxlashdan oldin ularni tozalash va quritish zarur. Omborlarga joylashtirishda urug‘ning namligi me’yor talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. Urug‘larning harorati 40°C dan oshmasligi kerak, agar tashqi havo harorati 35°C dan ortiq bo‘lsa, uning harorati 5°C dan oshmasligi kerak.
533. Deflegmatorlar va sirtqi kondensatorlarining tizimlarida hamda yog‘ni absorbsiyalashda havo-bug‘ aralashmasidan erituvchilarni rekuperatsiya qilish jarayonlari havo va eritmalarning bug‘lari aralashmasi alangalanishiga olib keluvchi yondirish manbalarini istisno qiladigan sharoitlarda bajarilishi kerak.
534. Quritish qurilmalaridan foydalanishda quritish jarayoni rejimi va nazorat hamda signalizatsiya jihozlarining sozligini doimiy ravishda nazorat qilish kerak.
Purkash mexanizmining dvigatelini avariyaviy to‘xtashida quritish kamerasining avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi bug‘ning hisoblangan miqdori bilan ta’minlanishi kerak.
535. Quritish qurilmalarini (kameralar, siklonlar va boshqalarni) va yong‘inga qarshi texnik himoya vositalarining (ogohlantirish, texnologik va shoshilinch) sozligi kundalik nazorat qilinishi lozim. Xabar berishdan tashqari avtomatika qizdirish harorati keskin oshganda yoki yong‘inlarda quritish agenti yoki yoqilg‘ini pechga yetkazib berish butunlay to‘xtatilishini ta’minlashi kerak.
536. Quritgichlarda pech ustiga panjaralar o‘rnatilishiga ruxsat berilmaydi. Pech tomonida panjaralar pechning shiftiga qadar to‘silgan bo‘lishi kerak.
537. Har ish smenasidan so‘ng quritgichning o‘t qalash joyi, kul to‘planish kamerasi, uchqun so‘ndirgich sikloni va aralashtirish kamerasi kuldan tozalanishi lozim.
538. Quritish kameralariga yangi donlarni solishdan oldin ular kamera va lotoklarga tushgan somon va turli chiqindilardan tozalanishi kerak.
Quritish xonalarida boshoqli don ekinlari zaxirasini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
539. Boshoqli don ekinlari yuklangandan so‘ng panjara ostiga tushgan va unda osilib qolgan poyalarni olib tashlash hamda pechni, devorlarni va polni tozalash kerak. Boshoqli don ekinlarini quritish binosining devorlariga taqagan holda saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
540. Zig‘ir, kanop va boshqa ekinlarga ishlov berish xonalari mashina bo‘linmasidan ajratilgan holda bo‘lishi kerak.
Mashina bo‘linmasiga o‘rnatilgan ichki yonish dvigatelining tutun chiqarish quvurlari uchqun so‘ndirgichlar bilan jihozlanishi kerak. Yonuvchi konstruksiyalardan o‘tgan tutun chiqarish quvurlarining chiqish joyiga yong‘inga qarshi ajratma (razdyelka) o‘rnatilishi lozim.
541. Ekinlar xomashyosini g‘aramlarda, bostirmalar ostida, yopiq omborlarda, tola va kanoplarni esa — faqat yopiq omborlarda saqlash kerak.
542. Ekinlarga birlamchi ishlov berish vaqtida quyidagilar taqiqlanadi:
a) zig‘irni xo‘jaliklar hududida xirmonlarda va ta’mirlash sexlari, garaj va boshqa joylarda saqlash;
b) avtomobillar va traktorlar ishlab chiqarish binolariga, tayyor mahsulot omborlari va bostirmalar ostiga kirishi. Belgilangan binolar, g‘aramlar va bostirmalargacha avtomobillar 5 m dan va traktorlar 10 m dan kam bo‘lmagan masofada to‘xtashi;
v) ezish-titish sexida isitish pechlarini o‘rnatish.
543. Zig‘irni qayta ishlash punkti hududiga kiruvchi avtomobillar, traktorlar va boshqa o‘ziyurar transport vositalari soz holdagi uchqun so‘ndirgich bilan jihozlanishi kerak.
544. Dag‘al yem-xashak va tolali o‘simliklar joylashgan g‘aram, shtabel va bostirmalarga transport vositalari faqat tutun chiqarish quvurining qarama-qarshi tomoni bilan haydab kelinishi lozim. Bunda tutun chiqarish quvuri uchqun so‘ndirgich bilan jihozlangan bo‘lishi va g‘armalardan 3 m dan kam bo‘lmagan masofada to‘xtatilishi lozim.
545. Boshoqli don ekinlarini tabiiy quritish maxsus belgilangan maydonlarda amalga oshirilishi kerak.
Boshoqli don ekinlarini sun’iy quritish faqat maxsus quritgichlarda, riglarda (ovinlarda) bajarilishi kerak.
546. Boshoqli don ekinlarini quritish uchun riglarda (ovinlarda) joylashtirilgan pech konstruksiyalaridan uchqunlar xona ichiga tushishini oldi olingan bo‘lishi kerak.
Quritgich va riglarda (ovinlarda) zig‘irni yoyish uchun pechning ustiga panjara o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Pechdan yonuvchi konstruksiyalargacha bo‘lgan masofa kamida 1 m bo‘lishi kerak. Pech tomonidagi panjaralar pechning shiftiga qadar yonmaydigan materiallardan ishlangan to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
547. Quritgich va riglarda (ovinlarda) quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
a) boshoqli don mahsulotini quritishda issiqlik harorati 80°C dan, boshoqlarni quritganda esa 50 °C dan ko‘p bo‘lmasligi kerak;
b) ventilyator o‘t qalash boshlanishidan bir soatdan keyin yoqilishi kerak.
548. Ezish-titish agregatlari joylashgan xonalar havo tortuvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi va titish agregatlari esa zontlar bilan jihozlanishi kerak.
549. Ishlab chiqarish xonalarida joylashgan boshoqli don ekinlari bir smena ehtiyojidan ortiqcha bo‘lmagan miqdordan oshmasligi kerak. Shtabellardagi boshoqli don ekinlarini mashinalarga 3 m ga yaqin taxlanishi taqiqlanadi.
550. Xonalardan tayyor mahsulotlar omborxonaga smenada kamida 2-marta olib chiqilishi kerak.
551. Har ish kuni tugagandan so‘ng ezish-titish sexi xonalari chang, tola va boshqa chiqindilardan tozalanishi kerak. Dastgohlar, devorlar va sexning ichki yuzalari supurilgan va tozalangan bo‘lishi kerak.
552. Tamaki ekinlarini quritishda ishlatiladigan tokchalar va javonlar yonmaydigan materiallardan tayyorlanini lozimi. Issiqlik quvurlari ustidagi olovli quritgichlarga tamaki tushishidan himoyalaydigan metall soyabonlar o‘rnatilishi kerak.
553. Moy va yoqilg‘ini sizib chiqayotgan qurilmalarga kimyoviy moddalarni qo‘shish uchun tayyorlash va boshqa yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
554. Soatiga 50 t dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega noriyalar tasmalarning to‘xtash joylarida teskari ishlashdan himoya qiladigan avtomatik to‘xtash uskunalari bilan jihozlanadi. Noriyalarni va boshqa alohida detallarni yog‘ochdan yoki boshqa yonuvchi materiallardan yasash taqiqlanadi.
555. Tozalanmagan don uchun shneklar yirik aralashmalarni ushlab qolish uchun mo‘ljallangan panjaralar va mahsulot bosimi ostida ochiladigan saqlovchi klapanlar bilan jihozlanishi kerak. Panjaralarni tozalash davriyligi tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
556. Barcha tasmali uzatmalarning tasmalarini tarangligi bir xil bo‘lishi kerak. To‘liq bo‘lmagan kamarlar to‘plami bilan ishlash yoki shkifli ariqchalari profiliga to‘g‘ri kelmaydigan profilli kamarlardan foydalanish taqiqlanadi.
2-§. Parrandachilik va chorvachilik obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
557. Ichki (biriktirilgan) vakuum-nasos, issiqlik ishlab chiqarish, olov yordamida ozuqa pishirish va isitish, shuningdek, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarida yirik ozuqa zaxirasini saqlash uchun xonalar yong‘inga qarshi to‘siqlar bilan ajratilgan bo‘lishi hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqariga chiqish joylari bilan ta’minlanishi kerak.
558. Chorvachilik va parrandachilik uchun mo‘ljallangan binolarda transport vositalari, traktorlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun sexlar, omborlar va avtoturgohlarni tashkil etish, shuningdek, xo‘jalikka texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni bajarish taqiqlanadi.
Chorvachilik va parrandachilik binolariga uchqun so‘ndirgich bilan jihozlanmagan traktorlar, avtomobillar va qishloq xo‘jaligi mashinalari kirishi taqiqlanadi.
559. Chorvachilik uchun mo‘ljallangan binolarning darvozalari va eshiklari faqat tashqariga ochilishi hamda to‘sib qo‘yilmagan bo‘lishi kerak. Darvoza va eshiklar oldidagi barcha joylar har doim qordan tozalangan bo‘lishi kerak. Kirish joylariga ostona, zina va boshqalar o‘rnatilishiga ruxsat etilmaydi.
560. Chorva mollari va parrandalarni saqlash uchun binolarning darvozalari va eshiklari faqat oson ochiladigan zulfinlar yoki ilgaklar bilan yopilishi mumkin. Ushbu maqsadlar uchun qulflardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
561. Chorvachilik fermalarida (majmualarida) 20 yoki undan ortiq bosh qoramollar bo‘lganda guruhli bog‘lash usulidan foydalanish kerak. Bog‘lash konstruksiyasi yong‘in sodir bo‘lganda hayvonlar binolarni tezda tark etishini ta’minlashi kerak.
562. Jun olish qurilmasining benzinli dvigatelini binolardan 15 m masofada kuruq o‘t va qoldiqlardan tozalangan joyga o‘rnatish kerak. Yoqilg‘i va moylash materiallarini saqlash yopiq metall idishda jun olish joyidan va binolardan 20 m masofada amalga oshiriladi.
563. Jun olish joyida bir smenada to‘planadigan miqdordan ortiq yunglar yig‘ilishi hamda yo‘laklar va chiqish joylari to‘sib qo‘yilishi taqiqlanadi.
564. Obyekt rahbari chorvachilik va parrandachilik binolarida (agar ularda chorva mollari va parrandalar mavjud bo‘lsa) tungi navbatchilikni tashkil etadi.
565. Elektr bruderlarni o‘rnatish va ishlatishda quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
a) isitish elementlaridan to‘shama va yonuvchi buyumlargacha bo‘lgan masofa vertikal bo‘yicha kamida 80 sm va gorizontal bo‘yicha kamida 25 sm bo‘lishi kerak;
b) isitish elementlari zavodda ishlab chiqarilgan bo‘lishi va cho‘g‘lanma zarralarni chiqarishi istisno etilgan bo‘lishi kerak. Ochiq isitish elementlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi;
v) bruderlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash taqsimlagichdan mustaqil liniyalarda amalga oshiriladi. Har bir bruder alohida o‘chirgichlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak;
g) elektr taqsimlash qutisi elektr tizimidan to‘liq o‘chirish maqsadida o‘chirgichlar, shuningdek, qisqa tutashuv, ortiqcha yuklanish va hokazolardan himoya qurilmalari bilan ta’minlanishi kerak;
e) brudyer ostidagi harorat rejimi avtomatik ravishda saqlanishi kerak.
566. Mobil ultrabinafsha uskunalari va ularning elektr jihozlari yonuvchi materiallardan kamida 1 m masofada o‘rnatilishi lozim.
Elektr va ultrabinafsha uskunalarning eletr ta’minoti simlari pol sathidan kamida 2,5 m balandlikda va yonuvchi konstruksiyalardan 10 sm masofada o‘tkazilishi kerak.
3-§. O‘rim-yig‘im va saqlash obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
567. Yig‘im-terim boshlanishidan oldin unda ishtirok etadigan barcha shaxslar yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqdan o‘tishi kerak. Ig‘im-terimga jalb etilgan qishloq xo‘jalik texnikalari yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari (barcha turdagi kombayn va traktorlar ikkitadan o‘t o‘chirgich, belkurak va supurgi) bilan ta’minlangan hamda soz holatdagi uchkun so‘ndirgich bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
568. Temir yo‘l va avtomobil yo‘llarining muhofaza zonalariga boshoqli ekinlarni ekishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu zonalardan o‘rib olingan o‘tlar don massivlaridan 30 m dan yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilishi mumkin.
569. Boshoqli ekinlar yetilishidan oldin g‘alla maydonlarining o‘rmonlar, dasht zonalari, avtomobil va temir yo‘llari bilan tutashgan joylari kamida 4 m kenglikda o‘rib olinishi va shudgorlanishi kerak.
570. G‘alla o‘rim-yig‘imi g‘alla maydonlarini kombaynning bir kunlik o‘rish me’yori hisobida maydonlarga bo‘linishidan boshlanishi kerak. Ushbu maydonlar orasida 8 m dan kam bo‘lmagan kenglikda yo‘laklar ochilishi hamda o‘rilgan g‘alla darhol olib tashlanishi lozim. O‘rib olingan yo‘laklar o‘rtasida kengligi kamida 4 m bo‘lgan shudgor qilinadi.
571. Vaqtinchalik dala shiyponlari g‘allazorlar, pichan yoki somon g‘aramlaridan va boshqalardan 100 m dan yaqin bo‘lmasligi kerak. Vaqtinchalik dala shiyponlari uchun ajratilgan joylar xas-xashak va quruq o‘tlardan tozalanib, kamida 4 m kenglikda shudgorlanishi kerak.
572. Maydoni 25 gektardan ortiq bo‘lgan g‘alla maydonlarini o‘rishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in maydonini shudgorlash uchun omochli traktor doimo tayyor bo‘lishi kerak.
573. Dalalarda gulxan, xas-xashak va ekin qoldiqlarini yoqish taqiqlanadi.
574. Don xirmonlari bino va inshootlardan 50 m dan, g‘alla maydonlaridan esa 100 m dan yaqin bo‘lmagan masofada joylashgan bo‘lishi kerak.
575. Boshoqli ekinlarni yig‘ib-terib olish va yem-xashak tayyorlash davrida quyidagilar taqiqlanadi:
a) traktorlar va avtomobillardan kapotsiz yoki kapoti ochiq holatda foydalanish;
b) traktorlar va avtomobillar dvigatellarining radiatorlaridagi changni kavsharlash lampasi yordamida yoki boshqa usullarda yoqish;
v) yong‘inni o‘chirish uskunalari bilan jihozlangan va tunda yoritilgan maxsus maydonlardan tashqari maydonlarda transport vositalariga yonilg‘i quyish.
576. Ichki yonuv dvigatellariga ega bo‘lgan transport vositasining haydovchisi dvigatel, kollektor, tutun chiqarish quvuri, uchqun so‘ndirgich yuzasini chang va qurumdan smena davomi kamida 2-3-marta tozalab turishi kerak.
577. Traktorlar, elektr mashinalar va boshqa o‘ziyurar transport vositalarining akkumulyatorlari kelmalari, starterlari va generatorlari ularga o‘tkazuvchi moslamalar tegib qolishidan (kontaktdan) himoyalangan bo‘lishi kerak.
578. Dvigatel radiatorlarini chiqindi gazlar yordamida changdan tozalash don maydonlaridan tashqarida amalga oshirilishi kerak. Dvigatel radiatorlarida changni yoqish uchun ochiq olovdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
579. O‘rim kombaynlarining biterli vali, somon yig‘uvchi transportyorlar va boshqa aylanuvchi qismlari o‘ralib qolgan somonlardan o‘z vaqtida tozalanishi zarur.
580. O‘rim mashinalari va agregatlariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va to‘xtash joylarini tashkil etish g‘alla maydonlaridan 30 m dan yaqin bo‘lmagan joyda ruxsat etiladi.
581. Xo‘jalik-ishlab chiqarish majmuasi hududida dag‘al yem omborlari skirda, uyum, g‘aramdan (keyingi o‘rinlarda — g‘aram) 15 m dan yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilishi hamda kamida 4 m kenglikda shudgorlangan maydon bilan ajratilishi kerak. Alohida g‘aramlar orasida (ularning asosidan) 5 m dan kam bo‘lmagan himoya oraliqlari takshil etilishi kerak. Bitta g‘aram asosining maydoni 300 m2 dan, presslangan pichan yoki somon shtabellarida esa — 500 m2 dan oshmasligi kerak.
Somon va pichanlardan 50 m dan yaqin masofada ochiq olov bilan ishlashga ruxsat berilmaydi.
582. Alohida shtabel, bostirma yoki g‘aramlar orasidagi masofa 20 m dan kam bo‘lmasligi kerak. Shtabellar, bostirmalar va g‘aramlar juft qilib joylashtirilishi kerak, bunda shtabellar, bostirmalar va g‘aramlarning bir juftlari orasidagi masofa 6 m dan, qo‘shni juftlar bilan esa 30 m dan kam bo‘lmasligi kerak. Yong‘inga qarshi oraliq masofasi bloklar orasida (20 ta shtabel yoki g‘aram) kamida 100 m bo‘lishi kerak. Ikki juft skirda orasidagi oraliq kamida 4 m kenglikda shudgorlanishi kerak.
583. Dag‘al yem-xashak omborxonalari, shtabel va g‘aramlaridan elektr uzatish liniyasigacha bo‘lgan masofa kamida 15 m, yo‘llargacha — kamida 20 m, binolarga (inshootlarga) — kamida 50 m bo‘lishi kerak. Emni yuklash va tushirish vaqtida atomobil dvigateli o‘chirilgan bo‘lishi kerak. Tutun chiqarish quvurlari oldida yotgan yem oldirilgandan keyin avtomobillar dvigateli ishga tushirilishi mumkin.
584. Dag‘al yem-xashaklarni quyidagi holatlarda xo‘jaliklarning ferma chordoqlarida saqlash taqiqlanadi:
a) xo‘jalikning tomi yonuvchi materiallardan tayyorlangan bo‘lsa;
b) chordoq xonalari va unga tutash xonalarning yog‘och qurilish qismlariga yonish xususiyatini pasaytiruvchi yong‘inga qarshi kimyoviy suyuqlik bilan ishlov berilmagan bo‘lsa;
v) chordoqdagi elektr simi mexanik shikastlanishdan himoyalanmagan holatda yotqizilgan bo‘lsa;
g) dudburonlar atrofiga 1 m masofada to‘siq o‘rnatilgan bo‘lmasa.
585. G‘alla maydonlarida (pichan va somon g‘aramlarida) chekish, ochiq olovdan foydalanish, shuningdek, pichan va somon to‘plangan joylarda va ulardan 30 m dan kam bo‘lgan masofada quruq o‘simliklar, ildiz, xas va ekin qoldiqlarini yoqish taqiqlanadi. Dala shiyponlarida chekishga faqat maxsus belgilangan joylarda texnika (mashinalar) va yonuvchi materiallardan kamida 4 m masofada ruxsat etiladi.
586. Traktor, kombayn va boshqa mavsumga jalb etilgan texnika vositalarini saqlash va ularga dala sharoitida yonilg‘i quyish ishlari faqat maxsus ajratilgan maydonlarda yonilg‘i tashish texnikalari orqali ularning dvigatellari o‘chirilgan holda bajarilishi lozim. Bunda ushbu maydonlar boshoqli don ekinlari dalalaridan 100 m va bino-inshootlardan 50 m uzoqlikda joylashtirilishi hamda quruq o‘tlar va yonuvchi chiqindilardan tozalanib, atrofi 4 m kenglikda shudgorlangan bo‘lishi kerak. Tungi vaqtda yonilg‘i quyish joyi yoritilishi kerak.
587. O‘t unini tayyorlash uchun agregatlar bostirma yoki xonalarda o‘rnatiladi. Yonuvchi materiallardan tayyorlangan bostirmalarga yonish xususiyatini pasaytiruvchi yong‘inga qarshi kimyoviy suyuqlik bilan ishlov berilishi lozim.
588. O‘t unini tayyorlash joyidan bino, inshoot va yonilg‘i-moylash materiallari bo‘lgan sig‘imlargacha masofa kamida 50 m, dag‘al yem omborlari uchun esa kamida 150 m bo‘lishi kerak.
589. Yonilg‘i baki agregat xonasi tashqarisida o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Yonilg‘i quvurlarida kamida 2 jo‘mrak bo‘lishi kerak (birinchisi — agregatdan oldin, ikkinchisi — yonilg‘i baki oldida).
590. Sig‘imi 1500 t dan ortiq bo‘lgan don elevatorlarida va don uchun metall siloslarda o‘t va ozuqa unini saqlash taqiqlanadi.
Agar o‘t yoki ozuqa unining saqlangan qismida o‘z-o‘zidan qizish belgilari mavjud bo‘lsa, uni shamollatish, transport mexanizmlaridan o‘tkazish va omborlarni shamollatish orqali sovitish kerak.
591. Vitaminli o‘t uni qurilmada alangalanishi aniqlangan taqdirda, ishlab chiqaruvchining talablariga rioya etilishi, shuningdek, yong‘ingacha ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 150 kg miqdori va yong‘in o‘chirilgandan keyin ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 200 kg miqdori bostirmalar tagidagi alohida maydonlarga joylashtirilib, kamida 48 soat davomida kuzatib turilishi kerak.
592. Tayyorlangan va qoplarga qadoqlangan vitaminli o‘t uni kamida 48 soat davomida bostirma ostida saqlanishi kerak.
593. Vitaminli o‘t unini shamollatish tizimi soz va ishchi holatdagi omborlarda saqlash lozim.
594. Vitaminli o‘t unini o‘z-o‘zidan alangalanishining oldini olish maqsadida maxsus jurnalda sana, vaqt va o‘lchov joyi ro‘yxati bilan namlik va harorat o‘lchovlarining kunlik nazoratini amalga oshirish lozim. Saqlash harorati atrof muhit haroratidan 5 °C dan ortiq bo‘lmasligi va namlikning massa ulushi — 11 — 13 foizdan oshmasligi kerak. Namlikni aniqlash uchun namlik o‘lchagichlar yordamida ekspress usullardan foydalanish mumkin. Vitaminli o‘t unining namligi 14 foiz yoki undan ko‘p bo‘lsa, qo‘shimcha quritish choralari ko‘rilishi lozim.
Vitaminli o‘t unini saqlashga mo‘ljallanmagan boshqa omborxonalarda saqlashga (chorva va parrandalarni saqlash binolari, don omborlari va boshqalar) ruxsat etilmaydi.
Vitaminli o‘t uni omborlarida boshqa modda va materiallarni saqlash taqiqlanadi.
595. Unni saqlash alohida ombor yoki bo‘linmada amalga oshirilib, yong‘inga qarshi devorlari yoki shiftlari hamda shamollatish moslamasi bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Namlikning omborga tushishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Unning qopsiz saqlanishi ta’qiqlanadi.
596. Un qoplari ikki qator qilib, balandligi 2 m dan oshmagan shtabellarda saqlanadi. Qatorlar orasidagi yo‘laklar kamida 1 m va devorlar bo‘ylab 0,8 m kenglikda bo‘lishi kerak.
597. O‘z-o‘zidan yonishning oldini olish maqsadida tashkilot rahbari saqlangayotan vitaminli o‘t uni haroratini nazorat qilinishini tashkil etadi.
598. Donni saqlash uchun mo‘ljallangan xonalarda quyidagilar taqiqlanadi:
a) texnika va uskunalarni hamda boshqa har qanday yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan materiallarni saqlash;
b) odamlar doimiy yoki qisqa muddat bo‘ladigan xo‘jalik xonalari va ishchi o‘rinlarini joylashtirish;
v) isitish jihozlarini dekoratsiya panjaralar bilan berkitish.
4-§. Paxta xomashyosini yig‘ish, tashish, quritish, saqlash va birlamchi qayta ishlashga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
599. Paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishidan oldin unda ishtirok etuvchi barcha shaxslar yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqdan o‘tishi kerak. Paxta terish mashinalari, traktorlar va paxta tashish avtomobillari yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari (paxta terish mashinalari — ikkitadan o‘t o‘chirgich, belkurak va 2x2 m kigiz, traktor va avtomobillar — bittadan o‘t o‘chirgich va belkurak) va soz holatdagi uchqun so‘ndirgich bilan ta’minlangan bo‘lishi, shuningdek, elektr ta’minoti va yonilg‘i-moylash tizimlari soz holatda bo‘lishi kerak.
Gidravlik tizimdan moy, yonilg‘i sizib chiqsa, shuningdek, uchqun so‘ndirgich bo‘lmasa, qishloq xo‘jalik mashinalarida paxta terish va tashishga ruxsat berilmaydi.
600. Paxta terimi davomida quyidagilar taqiqlanadi:
a) paxta dalasida ochiq olovdan foydalanish va chekish;
b) bunkeri paxta xomashyosi bilan to‘ldirilgan paxta terish mashinasini dalada qoldirish va unga paxta maydonida yonilg‘i quyish;
v) nosoz elektr uskunalar bilan paxta terish mashinasidan foydalanish;
g) paxtani quritish maydonchalarida paxta terish mashinalarini saqlash.
601. Paxta xomashyosini texnikada tashish davrida uning usti brezent yoki qiyin yonadigan mato bilan yopilishi kerak. Avtomobil kuzovining polida yoki tirkama korpusida tirqishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
602. Traktorlar, avtomobillar, paxta terish mashinalarini to‘xtatib turish, ularni ta’mirlash, moylash va yonilg‘i quyish, paxta xomashyosini tabiiy quritish maydonlaridan kamida 50 m masofada amalga oshiriladi.
603. Paxta xomashyosini tabiiy quritish maydonlari turar joy va jamoat binolaridan hamda ta’mirlash sexlaridan kamida 150 m, yuqori va past kuchlanishli elektr liniyalar tayanchlaridan ularning 1,5 ta balandligiga teng masofada joylashtiriladi.
604. Paxta xomashyosini tabiiy quritish maydonlari yong‘inni o‘chirish maqsadida 50 m3 dan kam bo‘lmagan miqdorda suv zaxirasi bilan ta’minlanadi.
605. Avtomobil yo‘llarida paxtani quritish taqiqlanadi.
606. Paxta xomashyosini birlamchi qayta ishlash uskunalaridagi chang chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi qurilmalar (zichlangan joyi, mahalliy so‘rish) soz holatda bo‘lishi kerak.
607. Qurilish konstruksiyalari va uskunalarning ustiga tushgan paxta changi hamda to‘planib qolgan paxta xomashyosi zarur hollarda, lekin ish smenasida kamida bir marta tozalanishi kerak.
608. Tosh, metall va boshqa begona buyumlarni ushlab qoluvchi qurilmalar soz holatda saqlanadi.
609. Agregatlar avriyaviy to‘xtatilganda ulardagi nosozliklar bartaraf etilgandan so‘ng qayta ishga tushiriladi.
610. Kardanli vallar va tasmalarning aylanuvchi qismlari paxta tushishining oldini olish maqsadida soz holatdagi himoya qopqoqlari bilan yopilishi kerak.
611. Paxta terish mashinalarining harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari paxta changi va tolalardan tozalanishi lozim.
612. Elevatorlar statsionar maydoncha va narvonlar bilan ta’minlanadi. Maydoncha kamida 0,9 m balandlikda panjara to‘siqlari bilan o‘raladi va pastki qismi 0,1 m balandlikdagi yaxlit qoplama bilan himoyalanadi.
613. Transportyorlar paxta xomashyosini pastki tasmadan olib tashlash uchun mo‘ljallangan maxsus qurilmalar bilan jihozlanadi.
614. Lentali transportyorlar joylarini o‘zgartirish elektr ta’minoti o‘chirilgan holatda amalga oshiriladi.
615. Kichik mexanizmlar o‘t o‘chirgichlar bilan ta’minlanishi kerak.
616. Kabellar transport vositalarining g‘ildiraklari bosib o‘tishidan himoyalangan bo‘lishi kerak.
617. Ko‘chma kichik mexanizmlar uchun qo‘llanadigan egiluvchan kabellar raqamlanadi va qobig‘ining tok qarshiligi yiliga kamida bir marta sinovdan o‘tkaziladi. Sinovdan o‘tmagan kabellarni ishlatish taqiqlanadi.
618. Statsionar elektr taqsimlash uskunalarining elektr ta’minoti yer ostida joylashtirilgan kabellar orqali amalga oshiriladi.
619. Elektr uskunalariga javobgar bo‘lgan shaxslar quyidagilarga majbur:
a) elektr uskunalarini, apparatlarni va elektr tarmoqlarini o‘z vaqtida profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va joriy ta’mirlash ishlarini tashkil qilish;
b) apparatlar zo‘riqishdan hamda boshqa normal ish rejimidan, qisqa tutashuvlardan muntazam ravishda himoya qilinishini nazorat qilish;
v) yong‘indan saqlovchi maxsus uskun a va vositalarning sozligini nazorat qilish.
620. Elektr tarmoqlari va apparatlarining uchqun chiqarishiga, qisqa tutashuvga, haddan ortiq qizib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan barcha nosozliklar mutaxassis tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi kerak.
621. Pnevmotransport mashina va qurilmalarning erga ulanish tizimi soz holatda saqlanishi lozim. Paxta xomashyosini ventilyator yordamida mexanizatsiyalashgan holda yoyishga ruxsat berilmaydi.
622. Bitta g‘aramosti maydoni 25x14 m yoki 22x11 m bo‘lganda — g‘aramlar soni oltitadan, g‘aramosti maydoni 65x14 m bo‘lganda g‘aramlar soni ikkitadan ko‘p bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda g‘aram balandligi 8 m dan oshmasligi lozim.
623. Guruhlardagi paxta g‘aramlari orasidagi masofa 15 m dan, guruhlar o‘rtasida masofa esa 30 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
624. Paxta g‘aramlarini titish davrida paxta tashuvchi mashinalar, mexanizmlar va avtopoyezdlar guruhlar orasidagi 30 m li masofani saqlagan holatda joylashtirilishi kerak.
625. Paxta tozalash va qabul qilish korxonalari hududlarida o‘tkazilgan elektr kabellar ustidan avtotransport va kichik mexanizmlarning o‘tishiga ruxsat etilmaydi.
626. Avtotransport vositalari va kichik mexanizmlar hamda agregatlarda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf qilish, ular paxta g‘aramidan kamida 5 m uzoqlikdagi masofaga o‘tkazilib, o‘chirilgan holda amalga oshirilishi lozim.
627. Frezalar qoziqlarining uchlari uchqun chiqarmaydigan materialdan tayyorlanishi lozim.
628. Freza qoziqlarining yopiq ombor shifti va poliga hamda boshqa metall (beton) konstruksiyalariga tegmasligi uchun strelaning yuqoriga va pastga harakati chegaralanib qo‘yilishi lozim.
629. Quritish qurilmasidan foydalanishda quyidagilar ta’minlanishi lozim:
a) issiqlik generatorlarining soz bo‘lishi;
b) issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilmalarda o‘lchash vositalari va xavfsizlikning avtomatlashtirilgan tizimi ishlashi;
v) quritish kamerasi eshigi va ta’minlagichining mahkamligi;
g) baraban va shnek bo‘limlarini paxta xomashyosidan davriy ravishda tozalanishi.
630. Paxta xomashyosini quritish uchun ishlatiladigan issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilmalar yonmaydigan konstruksiyalardan tayyorlangan alohida xonalarga o‘rnatiladi.
631. Quritish qurilmasining ishlashi doimiy nazorat qilinadi. Paxta xomashyosi harorati chiqishda 70oC dan oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
632. Quritish barabanidan sarg‘aygan paxta chiqsa, darhol paxta va issiq havo berish hamda mexanizmlarning ishlashini to‘xtatish kerak. Agar quritish barabanidan kelayotgan paxta yonsa, quritgich darhol to‘xtatilib, cho‘g‘langan paxta o‘chirilishi va tozalanishi kerak.
633. Quritish boshlanishi faqat paxtaning qizib ketishi yoki yonishi sabablarini sinchiklab tekshirish va bartaraf etish orqali qayta tiklanishi mumkin.
634. Paxta xomashyosi tozalagichlarning joyini o‘zgartirishda panjaralar orasidagi tirqishlar o‘zgarmasligi va teshikli to‘rlar yuzasi begona jism va o‘tlar bilan tiqilib qolmasligi uchun panjaraning holati kuzatib borilishi lozim.
Panjaralarni tozalash va tola tozalagichlarning so‘rish kamerasidagi tiqilgan jismlarni bartaraf etish faqat yog‘och tayoqchalar yordamida bajariladi.
635. Paxta tolasini saqlash faqat toylarda amalga oshiriladi. Barcha ochilib ketgan toylar har smena oxirida qayta ishlanadi.
636. Paxta toylarini shtabellarda ochiq maydonlarda saqlashda shtabelning o‘lchamlari uzunligi 22 m, kengligi 11 m va balandligi 8 m dan oshmasligi kerak.
Shtabellar o‘lchami kamaytirilsa, ular orasidagi masofa eng baland shtabelning ikkita balandligidan kam bo‘lmasligi kerak.
637. Ochiq maydonlardagi saqlanadigan paxta tolalari taxlangan barcha shtabellarning usti brezent bilan yopilgan bo‘lishi lozim.
638. Bostirma ostida saqlanadigan paxta tolalari eni 2 m dan kam bo‘lmagan ko‘ndalang yo‘laklar qoldirib taxlanadi.
Bunda yo‘laklar soni:
maydoni 300 dan 600 m2 gacha bo‘lsa — bitta;
maydoni 1200 kvadrat m2 gacha bo‘lsa — uchta;
maydoni 1800 m2 gacha bo‘lsa — to‘rtta bo‘lib, ular teng masofada bo‘lishi kerak.
Paxta tolasi balandligi bo‘yicha esa tomning panjarasi yoki ferma shiftigacha kamida 1 m ochiq joy qoldirib taxlanadi.
639. Paxta toylarini yopiq omborlarda saqlaganda ular maxsus tagliklar ustiga taxlanadi. Bunda uzunligi kamida 2 m li bitta yo‘lak va har bir eshik to‘g‘risida ushbu kenglikda ko‘ndalang yo‘laklar qoldiriladi. Omborning perimetri bo‘ylab devor bilan orasida kamida 1 m bo‘lgan yo‘lak qoldirilishi lozim.
Omborlar ichida har qanday to‘siqlarni o‘rnatish taqiqlanadi.
640. Yopiq omborlar va bostirma ostidagi pollar, shuningdek, ochiq maydonlardagi shtabellarning ostidagi asoslar yonmaydigan materiallardan ishlangan bo‘lishi kerak.
641. Avtomobillar va traktorlar paxta tolasi bo‘lgan yopiq omborlar, bostirmalar va shtabellarga faqat tutun chiqarish quvurining qarama-qarshi tomoni bilan haydab kelinadi. Bunda tutun chiqarish quvuri uchqun so‘ndirgich bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Barcha hollarda avtomobillar, motovozlar, avtodrezina, avtokran va mototsikllar paxta tolalari bo‘lgan bostirma va shtabellarga 3 m dan yaqinroq kirishiga ruxsat etilmaydi.
642. 2400 t dan ko‘p paxta xomashyosini saqlashga mo‘ljallangan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash maskanlarida yuqori bosimli yong‘inga qarshi suv manbasi tashkil etilishi lozim.
643. 2400 t gacha paxta xomashyosini saqlashga mo‘ljallangan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash maskanlarida yong‘inni o‘chirish uchun yong‘inga qarshi suv havzalaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
644. Suv havzalariga yoki tabiiy suv manbalariga borish uchun eni 3,75 m dan kam bo‘lmagan qattiq qoplamali yo‘l va 12x12 m o‘lchamli maydon tashkil etiladi.
36-bob. Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
645. Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (keyingi o‘rinlarda — AYQSh) quyidagi hujjatlar bo‘lishi kerak:
a) obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan AYQShda yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish rejasi (keyingi o‘rinlarda — ABER) ;
b) obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan AYQSh hududidan odamlar va transport vositalarini evakuatsiya qilish rejasi;
v) AYQSh ishchi-xizmatchilarining lavozim yo‘riqnomalari, AYQShda yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun javobgarlarni tayinlash to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
g) ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq yong‘in xavfsizligi choralari to‘g‘risidagi yo‘riqnomalar;
d) yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqni qayd qilish jurnali.
646. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarni saqlash rezervuarlarining to‘ldirish darajasi rezervuarga o‘rnatilgan penogenerator va boshqa uskunalar joylashgan joydan kelib chiqqan xolda texnik pasportda ko‘rsatilgan sathigacha bo‘lishi, lekin 85 foizdan oshmasligi kerak.
647. Texnologik uskunalar statik elektr tokidan himoyalangan bo‘lishi kerak.
648. AYQShning lyuklari, eshiklari va texnologik quduqlarining lyuk qopqoqlari uchqunga xavfsiz bo‘lishi kerak (rangli metallardan tayyorlangan yoki uchqun hosil qilmaydigan prokladkalar bilan ta’minlangan).
649. Siqilgan, suyultirilgan yoki erigan yonuvchi gazlar bo‘lgan ballonlar metall shkaflarga joylashtirilishi kerak. Shkaflar shamollatib turiladigan bo‘lishi kerak.
650. Shlamdan tozalash ishlari yakunlangandan so‘ng shlamlarni darhol yonilg‘i quyish shoxobchalari hududidan chiqarib tashlash kerak.
651. Yonilg‘ini quyish jarayonida yonilg‘i bug‘larining retsirkulatsiyasini amalga oshirish uchun rezervuarning deaeratsiya quvurini berkitish taqiqlanadi.
652. AYQSh hududida (bino, inshoot va texnologik tizimlarda) ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda obyekt rahbari tegishli yong‘in xavfsizligi choralarini ta’minlashi lozim.
653. Uchqun hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida neft mahsulotlarini tashuvchi tsisternalar, ko‘chma yonilg‘i quyish shoxobchalarining qopqoq va probkalarini burash maxsus kalitlar yordamida bajarilishi kerak. Ularni bolg‘alar, keskichlar va boshqa vositalar yordamida ochishga yo‘l qo‘yilmaydi.
654. Rezervuarlarni yonilg‘i bilan to‘ldirish faqat yopiq usulda amalga oshirilishi kerak.
655. Yonilg‘i bug‘larining atrof muhitga chiqarilishi rezervuarlarning deaeratsiya quvurlaridan tashqari yoki yonilg‘isi bo‘lgan avtotsisternaning havo klapanlari orqali amalga oshirilishi kerak.
656. Har bir avtotsisterna neft mahsulotlarini to‘kish jarayoni boshlanishidan oldin alohida erga ulanishi kerak. Yerga ulash moslamasini uzishga faqat to‘kish jarayoni yakunlangandan so‘ng ruxsat etiladi.
657. Bir vaqtning o‘zida avtotsisternadan yonilg‘i saqlash rezervuarini to‘ldirish va AYQShning boshqa rezervuaridan transport vositalariga yonilg‘ini quyish faqat ostki klapan bilan jihozlangan avtotsisternalar uchun alohida o‘tish joyi mavjud bo‘lgan yonilg‘i quyish shoxobchalariga ruxsat beriladi.
658. Boshqa yonilg‘i quyish shoxobchalarida yonilg‘i saqlash rezervuarlarini to‘ldirishda shoxobcha xodimlari tarkibiga kirmaydigan (avtotsisterna haydovchisi bundan mustasno) odamlarning hududda bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
659. Yonilg‘ini avtotsisternadan rezervuarga to‘kish jarayoni avtomobillarga yongilg‘i quyish shoxobchasi ishchilari va avtotsisterna haydovchisi tomonidan nazorat qilinishi kerak. Shu bilan birga, AYQSh hududida 2 va undan ortiq avtotsisternalarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
660. AYQShlarning pastki klapan bilan jihozlanmagan rezervuarlariga avtotsisternalardan yonilg‘ini to‘ldirishda quyidagilar bajarilishi lozim:
a) avtotsisterna uchun mo‘ljallangan yonilg‘i quyish maydonchasida har biri kamida 100 L hajmli 2 ta transportirovka qilinadigan havo-ko‘pikli o‘t o‘chirgichlarni o‘rnatish va shay holga keltirish;
b) avtotsisterna uchun mo‘ljallangan yonilg‘i quyish maydonchasidagi neft mahsulotlari bilan ifloslangan atmosfera yog‘inlarini chiqarish uchun ariqlarni berkitish va to‘kilgan yoqilg‘ini avariyaviy rezervuarga yuboruvchi quvurni ochish;
v) avtotsisternani unga mo‘ljallangan maydonchaga o‘rnatish va erga ulash.
Yerga ulash o‘tkazgichini avtotsisternaning ifloslangan va bo‘yalgan metall korpuslariga ulashga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir avtotsisterna undagi neft mahsuloti to‘liq to‘kib olinguncha alohida erga ulangan bo‘lishi lozim.
661. Transport vositalariga yonilg‘i quyishda quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:
a) mototexnika vositalari yonilg‘i quyish kolonkalariga dvigatellari o‘chirilgan holda o‘rnatiladi, dvigatelni ishga tushirish va to‘xtatish yonilg‘i quyish kolonkalaridan kamida 15 m masofada amalga oshiriladi, avtomobillar esa — o‘zining harakati bilan;
b) erga to‘kilgan neft mahsulotlari ustiga qum sepib qo‘yiladi yoki maxsus shimdiruvchi vosita (adsorbent) bilan tozalanadi. Shimdirilgan qum, adsorbent va moylangan matolar og‘zi mahkam yopiladigan metall idishga yig‘ilib, ish kuni yakunlangandan so‘g yonilg‘i quyish shoxobchasi hududidan olib chiqib ketiladi;
v) yonilg‘i quyilayotgan transport vositasi bilan undan keyingi transport vositasi orasidagi masofa kamida 3 m, navbatda turgan keyingi avtomobillar o‘rtasida esa kamida 1 m oraliq masofa bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, har bir transport vositasi shoxobcha hududidan chiqib ketish va harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak;
g) yonilg‘ini avtomobil bakika quyish jarayonida haydovchilar bevosita ishtirok etishi kerak. Och rangli neft mahsulotlarini shisha idishlar va polietilen idishlarga antistatik moslamalarsiz quyish taqiqlanadi.
662. AYQShda quyidagilar taqiqlanadi:
a) dvigateli ishlab turgan transport vositalariga yonilg‘i quyish;
b) texnik va foydalanish hujjatlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositalarining yer osti rezervuarlari ustidan harakatlanishi;
v) momaqaldiroq va atmosferada zaryadlanish yuzaga kelishi xavfi mavjud bo‘lgan vaqtlarda rezervuarlarga yonilg‘i to‘ldirish va avtomobillarga yonilg‘i quyish;
g) yonilg‘i va moylar bilan ifloslangan hamda statik razryad hosil qiluvchi kiyim-boshlarda ishlash;
d) ichida yo‘lovchilari bo‘lgan transport vositalariga yonilg‘i quyish (yengil avtomobillar bundan mustasno);
e) 1 — 9-sinflarga mansub xavfli yuklar (portlovchi moddalar, siqilgan va suyultirilgan yonuvchi gazlar, yengil alangalanuvchi suyuqliklar va materiallar, zaharli va radioaktiv moddalar va boshqalar) ortilgan transport vositalariga yonilg‘i quyish (ushbu transport vositalari uchun mo‘ljallangan maxsus shoxobchalar bundan mustasno);
j) shoxobchada benzinni to‘kib olish, saqlash yoki quyish-to‘kish jarayonlarida uchqun so‘ndirgich bilan jihozlanmagan traktorlarning hududga kirishi;
z) quyish-to‘kish jarayonlari olib borilayotgan joydan 20 m radiusda, shuningdek, bevosita shoxobchaning uskuna va binolariga (inshootlariga) taalluqli bo‘lmagan ta’mirlash va yong‘in xavfi mavjud ishlarni amalga oshirish.
663. Harakatlanuvchi yonilg‘i quyish shoxobchalarining texnologik qurilmalari statsionar yonilg‘i quyish shoxobchalari uchun belgilangan yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq jihozlangan maxsus maydonchalarga o‘rnatilishi kerak.
664. Harakatlanuvchi yonilg‘i quyish shoxobchalarini boshqa maqsadlarda hamda boshqa texnikalardan harakatlanuvchi yonilg‘i quyish shoxobchasi sifatida foydalanish taqiqlanadi.
665. AYQSh yong‘in chiqqan transport vositasini favqulodda evakuatsiya qilish uchun uzunligi 3 m dan kam bo‘lmagan qattiq shatakka olish moslamasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
666. AYQShlar loyihaga ko‘ra ostki klapan bilan jihozlanmagan avtotsisternadan foydalanishda har birining sig‘imi 100 L dan kam bo‘lmagan, kamida 2 dona transportirovka qilinadigan havo-ko‘pikli o‘t o‘chirgichlar bilan ta’minlanishi lozim.
667. AYQSh quyidagi yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan jihozlanishi kerak:
a) faqat yengil avtomobillarga mo‘ljallangan, 1 tadan 4 tagacha yonilg‘i tarqatish ustunlariga ega bo‘lgan yonilg‘i quyish shoxobchasi — 1 dona havo-ko‘pikli o‘t o‘chirgich (sig‘imi 10 L yoki o‘t o‘chirish moddasining og‘irligi 9 kg) va bitta kukunli o‘t o‘chirgich (sig‘imi 5 L yoki o‘t o‘chirish moddasining og‘irligi 4 kg), 5 tadan 8 tagacha yonilg‘i tarqatish ustunlari bo‘lgan yonilg‘i quyish shoxobchasi — 2 ta havo-ko‘pikli o‘t o‘chirgich (sig‘imi 10 L yoki o‘t o‘chirish moddasining og‘irligi 9 kg) va 2 ta kukunli o‘t o‘chirgich (sig‘imi 5 L yoki har biridagi o‘t o‘chirish moddasining og‘irligi 4 kg).
O‘t o‘chirgichlarni yonilg‘i to‘ldirish kolonkasining yoniga joylashtirish lozim.
To‘ldirish joylari orasidagi masofa 6 m dan oshmasa, 2 ta shunday to‘ldirish joylari uchun 1 ta umumiy o‘t o‘chirgichlar jamlanmasi o‘rnatilishiga ruxsat beriladi;
b) yuk mashinalari, avtobuslar, yirik qurilish va qishloq xo‘jaligi texnikalariga mo‘ljallangan yonilg‘i quyish shoxobchalari — 2 ta transportirovka qilinadigan kukunli o‘t o‘chirgichlar (har biri kamida 50 L sig‘imga ega) va yengil avtomobillarga mo‘ljallangan yonilg‘i quyish shoxobchalari uchun belgilangan miqdorda havo-ko‘pikli ko‘chma o‘t o‘chirgichlar bilan ta’minlanishi kerak;
v) avtotsisternalar o‘rnatilgan maydon — 2 dona transportirovka qilinadigan kukunli o‘t o‘chirgichlar (har biri kamida 50 L sig‘imga ega) bilan ta’minlanishi lozim.
668. AYQShda yong‘in chiqishi xavfi paydo bo‘lsa, texnologik tizimlarning elektr ta’minoti o‘chirilib (avariyaga va yong‘inga qarshi himoya tizimlarining elektr ta’minotidan tashqari), obyekt ishi to‘xtatilishi, shoxobcha hududidagi transport vositalari va tashrif buyuruvchilar tashqariga chiqarilib, sodir bo‘lgan holatni bartaraf etish choralari ko‘rilishi lozim.
Shoxobchada yong‘in sodir bo‘lsa, darhol yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini chaqirish, obyektning yong‘indan himoya qilish tizimlarini ishga tushirish va mavjud o‘t o‘chirish vositalari bilan yong‘inni o‘chirishni tashkil etish kerak.
669. Yonilg‘i to‘ldirish joyi yoki avtotsisterna maydonida benzin sizib chiqishi (to‘kilishi) yuzaga kelsa, u erda transport vositalari dvigateli o‘t oldirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Benzinning avariyaviy sizib chiqishi (to‘kilishi) sodir bo‘lib, erga yoyilgan yonilg‘ida alangalanish kuzatilmayotgan bo‘lsa, yonilg‘i to‘kilgan maydon o‘t o‘chirgichning havo-ko‘pigi bilan to‘liq qoplanishi kerak.
Avtotsisterna maydonida yuqoridagi kabi to‘kilish yuzaga kelganda, hosil qilingan ko‘pik qatlami rezervuardagi yonilg‘i to‘liq to‘kilib bo‘lguniga qadar saqlab turilishi kerak.
2-§. Gaz ballonli transport vositalariga yonilg‘i quyish shoxobchalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
670. Suyultirilgan gaz tashuvchi avtotsisternalardan gazni to‘kib olish ulardan biri mas’ul qilib tayinlangan ikki nafar ishchilar nazorati ostida amalga oshirilishi lozim. To‘kib olish kunduzgi vaqtda amalga oshirilishi kerak. Gazni qorong‘i vaqtda to‘kib olishga ish joyi yetarli darajada yorug‘lik bilan ta’minlangan holatdagina ruxsat etiladi.
671. Ko‘p tarmoqli avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi (keyingi o‘rinlarda — KTAYQSh), avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi (keyingi o‘rinlarda — AGQSh), avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (keyingi o‘rinlarda — AGTKSh)da qo‘lda olib yuriluvchi (ko‘chma) gaz analizatorlar yordamida gaz-havo muhiti o‘lchab turilishi kerak. Buning uchun namuna olish nuqtalari belgilangan sxemaga ega bo‘lishi hamda o‘lchovlar grafigi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim.
O‘lchov o‘tkazish sxemasida KTAYQSh va AGQShning texnologik qurilmalari va rezervuarlaridan 50 m radiusda joylashgan barcha texnik quduqlar, shaxtalar, qo‘shma kommunikatsiyalar quduqlari hamda AGTKShning egallab turgan hududi qamrab olinishi lozim. O‘lchashlar natijalari tegishli dalolatnomada qayd etilishi kerak.
672. Avtotsisternalarni bo‘shatishda uning dvigateli o‘chiq holatda bo‘lishi kerak (avtomobil dvigateli yordamida suyultirilgan gazlarni to‘kuvchi nasoslar bilan jihozlangan va tutun chiqarish quvuri soz holatdagi uchqun so‘ndirgichga ega bo‘lgan hollar bundan mustasno).
673. AGQSh hududida gaz sizib chiqishi aniqlansa, hududda begona shaxslar bo‘lmasligini ta’minlash, shoxobchadagi va undan 50 m radiusda joylashgan barcha avtomobillarning dvigatellari o‘t oldirilmasligini nazorat qilish hamda yuzaga kelgan holatni bartaraf etish choralari ko‘rilishi kerak.
674. Gaz ballonli transport vositalariga AGQSh va AGTKShlarda quyidagilar taqiqlanadi:
a) maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish;
b) texnik ko‘rikdan o‘tkazish muddati tugagan ballonlarni to‘ldirish;
v) ASGQSh, AGTKSh hududida uning faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan ishlarni bajarish;
g) avtotsisternadan suyultirilgan gazni to‘kib olish vaqtida gaz ballonli avtomobillarning ballonlarini to‘ldirish. Bunday vaqtlarda obyekt hududiga kirishni taqiqlovchi belgi o‘rnatilishi kerak;
d) suyultirilgan gaz quvurlaridan erlantiruvchi tok o‘tkazgich sifatida foydalanish;
e) zichlash materialari yaroqsiz holga kelgan yoki germetik-mahkamligini yo‘qotgan suyultirilgan gaz quyuvchi nasos va kompressorlaridan foydalanish. Bunda nasosning zichlash materiallari va germetik-mahkamlagichlar yog‘ va benzinga chidamli bo‘lishi lozim;
j) gaz ballonli transport vositalarning dvitageli ishlab turgan holatda, shuningdek, gaz ballonlari avtomobilning bagaj qismida joylashgan bo‘lsa, avtomobil kapoti va bagaj qapqog‘i yopiq turgan vaqtda yonilg‘i quyish;
z) bosim ostida turgan gaz quvurlari va apparatlarning gayka yoki ulanmalarini qotirish hamda ularni metall jismlar bilan urish.
675. Gaz to‘ldirish shlangini ventilga ulash va ajratib olish, gazni boshqarish klapanlari va to‘ldirish tugaganligining nazorati ASGQSh yoki AGTKSh operatori tomonidan amalga oshirilishi lozim. Suyultirilgan uglevodorod gaz bilan ballonlarni to‘ldirish uning geometrik hajmining 85 foizidan oshmasligi kerak. Yonilg‘ini quyib bo‘lgandan so‘ng operator tashqi ko‘rik orqali to‘ldirish ventili yopilganiga ishonch hosil qilishi kerak. Dvigatel ishida o‘zgarish yuzaga kelsa darhol to‘xtatilishi va avtotransport vositasi gaz quyish kolonkasidan xavfsiz masofaga (kamida 30 m) olib chiqilishi kerak.
37-bob. Laboratoriyalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
676. Neft mahsulotlarining namunalari toza, quruq shisha idishlarga quyilishi kerak. Shishalar 90 foizdan ortiq bo‘lmagan hajmda to‘ldirilishi va probka yoki vint qopqoqlar bilan yopilishi lozim. Namunalarni ochiq idishlarda saqlash taqiqlanadi.
677. Namunalarni tashish uchun maxsus qutilar ishlatilishi kerak.
678. Laboratoriyalarning ish joyida har bir turdan 1 kg dan ko‘p bo‘lmagan, lekin umumiy og‘irligi 4 kg dan ko‘p bo‘lmagan yonuvchi moddalarni saqlashga ruxsat etiladi.
679. Laboratoriya xonasidagi neft mahsulotlari va boshqa yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar namunalari yong‘indan ogohlantiruvchi “Yong‘in xavfi mavjud: yengil alangalanuvchi moddalar” belgisi bo‘lgan maxsus metall shkaflarda (qutilarda) germetik yopilgan idishlarda saqlanishi lozim. Shkaflar (qutilar) xonadan chiqishdan qarama-qarshi tomonga o‘rnatilishi kerak.
680. Portlab-yonish xavfi mavjud modda va materiallar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan ish stoli va shkaflar zarba paytida uchqun paydo bo‘lishini istisno qiluvchi yonmaydigan materiallar bilan to‘liq qoplangan bo‘lishi kerak. Kislota, ishqorlar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bilan ishlashda suyuqlikning stol yoki shkafdan tashqariga to‘kilishining oldini olish maqsadida yonmaydigan materialdan tayyorlangan qirralar bilan qo‘shimcha jihozlanishi lozim.
681. Havo tortuvchi shkaflardagi elektr qurilmalar portlashdan himoyalangan holda bajarilishi kerak. O‘chirib-yoqish moslamasi va shtepsel rozetkalari havo tortuvchi shkafdan tashqarida o‘rnatilishi lozim.
682. Portlovchi gaz yoki bug‘lar ajralib chiqishi bilan bog‘liq ishlar faqat havo tortuvchi shkaflar ichida bajarilishi kerak. Nosoz havo tortuvchi shkaflardan foydalanish taqiqlanadi.
683. Ochiq olov yoki elektr isitish moslamalari ishlatiladigan stol va havo tortuvchi shkaflarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni saqlash, ularni to‘kish va jihozlarga yuklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
684. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar solingan idishlarni ochiq olov va ochiq holatdagi elektr isitish moslamalarida qizdirishga, shuningdek, suv bilan ta’sirlashadigan kimyoviy moddalar va birikmalar solingan idishlarni isitish uchun suvli hammomdan foydalanish taqiqlanadi.
685. Sovitish va shamollatish tizimlari nosoz bo‘lgan laboratoriya jihozlaridan foydalanish mumkin emas.
686. Suv mavjudligi belgilari bo‘lgan va isitish talab qilinadigan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar oldindan suvsizlantirilishi kerak.
687. To‘kilgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar darhol yig‘ishtirib olinishi va ular to‘kilgan joy suv bilan yuvilishi lozim.
688. Ishlatilgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni umumiy kanalizatsiyaga to‘kish taqiqlanadi.
689. Yonilg‘i-moylash laboratoriyalaridagi laboratoriya idishlarini yuvish maxsus xonalarda amalga oshirilishi kerak. Ushbu xonalar havo tortuvchi shamollatish tizimi va ishlab chiqarish kanalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
690. Laboratoriya xonalarida yonuvchi gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni saqlash taqiqlanadi.
691. Avtotransformatorlar va kavsharlash lampalari maxsus yonmaydigan tagliklarga ega bo‘lishi kerak.
692. Kimyoviy moddalar bilan ishlashda quyidagilar taqiqlanadi:
a) ochiq olovdan foydalanish;
b) to‘kilgan suyuqliklarni shimdirish uchun yonuvchan materiallardan (qipiq, torf, matodan) foydalanish;
v) to‘kilgan kukunsimon moddalarni uchqun hosil qiluvchi materialdan tayyorlangan buyumlar bilan yig‘ib olish;
g) kimyoviy moddalarni uchqun hosil qiluvchi materiallardan tayyorlangan asboblar bilan parchalash.
38-bob. Sanoat obyektlariga (ishlab chiqarish obyektlariga) qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Metallurgiya korxonalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
693. Suv bilan ta’sirlanish natijasida o‘zidan yonuvchi gazlarni ajratuvchi silikokalsiy, ferrosilitsiy va boshqa yonuvchi qattiq materiallar gaz sizib chiqishi uchun tuynuklari bo‘lgan qopqoqli quruq va toza temir barabanlarga qadoqlanishi kerak. Ushbu tuynuklar namlik tushishidan himoyalangan bo‘lishi lozim.
694. Metallurgiya korxonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) granulalarni maydalash, yuklash-tushirish joylarida, transport galereyalarida metall changlarning 5 mm dan ortiq qalinlikda to‘planib qolishi;
b) yonuvchi kukun va pudra ko‘rinishidagi ishlab chiqarish qoldiqlarini chiqindi to‘plash joylariga tashlash;
v) ish joylarida buyumlarni presslash jarayonida kerosin-stearin aralashmasini to‘kish va ularni to‘plash;
g) ish joyida yog‘sizlantirish uchun ishlatiladigan yengil alangalanuvchi suyuqliklarni bir smenaga yetadigan miqdordan ortiq, magniy qotishmalarni qayta ishlash uchastkalarida yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni saqlash;
d) titanning qipig‘i, qirindisi hamda boshqa chiqindilari va qotishmalarini ish joylarida hamda ochiq havoda saqlash. Titanning chiqindi qotishmalari doimiy shamollatish tizimiga ega bo‘lgan maxsus ajratilgan quruq xonalarda “Titan chiqindisi” yozuvi tushirilgan germetik idishlarda saqlanishi kerak. Bunday xonalarda kimyoviy moddalar, yonuvchi suyuqliklar va boshqa yonuvchi materiallarni saqlash;
e) magniyli qotishma chiqindilarini boshqa metallarning chiqindilari bilan aralashtirish.
695. Yong‘inni o‘chirish vositalari va moddalarining yaroqliligi bir oyda kamida bir marta, eritish pechlarining avariyaviy bunkerlari esa har haftada bir marta tekshirib turilishi kerak.
696. Karbonizatsiyalash jarayonlari vaqtida karbonlash sig‘imi oldida biror-bir buyumda hosil bo‘lgan alangani suv va ko‘pikli o‘t o‘chirgichlar yordamida o‘chirish taqiqlanadi. Yong‘inni o‘chirish uchun quruq qum yoki uglekislotali o‘t o‘chigichlardan foydalanish kerak.
697. Ishqorli vannalarda issiqlik bilan ishlov berish jarayonida quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
a) izotermik so‘ndirish vaqtida eritmaning og‘irligi issiq qismlar cho‘ktirilganda harorat 10 °C dan oshmasligini ta’minlashi lozim;
b) ishqorli sig‘imni o‘rab turuvchi qoplamadagi ortish darchasi qulflanadigan eshikka ega bo‘lishi kerak.
698. Tuzli vannalarda issiqlik bilan ishlov berish jarayonlarida quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:
a) vannadagi eritma yuzasida hosil bo‘ladigan qoplama va shlaklar vaqti-vaqti bilan quruq maxsus teshikli cho‘mich yordamida olib tashlanishi kerak;
b) qotib qolgan tuzlarni qizdirganda tuzlarning qattiqlashgan bo‘laklari sochilib (sachrab) ketmasligi uchun ularni urib ezg‘ilash taqiqlanadi;
v) vanna pechlarida ta’mirlash ishlari tugallanganda ular yaxshilab quritilgandan so‘ng ish boshlashga ruxsat beriladi;
g) eritilgan tuz va metallarning yonishini o‘chirish uchun ish joyida qum to‘ldirilgan quti bo‘lishi kerak.
699. Elektr pechlariga mahsulotni ortish, tushirish, ularni tekshirish, ta’mirlash va tozalash faqat elektr ta’minoti butunlay o‘chirilgandan keyin amalga oshirilishi lozim.
700. Ish joylarini magniy qirindisi va changidan tozalash, ish joyining havosida chang va aerozollar paydo bo‘lishini istisno qiladigan tarzda, bir smenada kamida uch marta bajarilishi kerak. Ishlatilgan tozalovchi materiallar qopqog‘i mahkam yopiladigan metall qutiga yig‘ilishi va har smenada bir marta chiqarib tashlanishi kerak.
701. Magniy qotishmasining qirindi va chiqindilari (magniy-litiy qotishmasidan tashqari) uskunalardan kamida 6 m uzoqlikda o‘rnatilgan “Magniy chiqindisi” yozuvli maxsus yopiq idishda yig‘ilishi lozim.
702. Magniy va uning qotishmalaridagi yong‘inni o‘chirishda kukun tarkibli birikmadan foydalanish kerak. Kichik yong‘in o‘choqlarini bartaraf etish uchun quruq qum, kukunsimon grafit va magniy oksididan foydalanishga ruxsat beriladi. Ushbu moddalarni pechda eritilayotgan magniyni o‘chirishda foydalanishga yo‘l quyilmaydi. Mazkur barcha yong‘in o‘chiruvchi moddalar yonayotgan magniy o‘chog‘iga belkurak yoki statsionar qurilmalar yordamida yetkazilishi kerak.
703. Olovga bardoshli mahsulotlarni ishlab chiqarish binolarida portlash va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha maxsus choralarni ko‘rmasdan yonuchi (portlovchi) gazlardan yoqilg‘i va tiklovchi muhit sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
704. Eritish kamerasi devorlarini yengil alangalanuvchi kondensatdan tozalash ishlari mexanik usulda amalga oshirilishi kerak. Ushbu kondensat to‘liq chiqarib tashlanmagunga qadar vakuum kamerasini ta’mirlash ishlarini bajarish va ko‘rikdan o‘tkazish uchun texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni kirishiga ruxsat berilmaydi.
705. Alyuminiy kukuni ishlab chiqariladigan va saqlanadigan joylarda uning oksidlanishi, o‘z-o‘zidan alangalanishi va portlashining oldini olish maqsadida namlik va zaxni bartaraf etish choralari ko‘rilishi kerak.
706. Maydalangan portlovchi moddalar pnevmatik va boshqa quvur tarmoqlari orqali uzatilishi inert gaz muhitida amalga oshirilishi kerak.
O‘z-o‘zidan alangalanuvchi materiallar saqlanadigan bunkerlar (omborxonalar) ushbu materiallarning haroratini nazorat qiluvchi, yong‘inga qarshi vositalar ishga tushirilishi bilan o‘zaro bog‘liq holda ishlovchi moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Bunkerlar, konveyer galereyasi va boshqa xonalarning uskuna va pol qismidagi yonuvchi changlarni tozalash ishlari — har smenada, devorlar, shiftlar va qurilish konstruksiyalarini tozalash esa — haftada kamida bir marta amalga oshirilishi lozim.
707. Ishqoriy metalllar bilan ishlashda quyidagi talablarga amal qilish kerak:
a) ishqoriy metallar (litiy va natriy) va kalsiyni quruq o‘tkir pichoq bilan filtrli qog‘oz ustida kesish kerak. Ishqoriy metall chiqindilari qalin devorli idishlarda to‘planishi va suvsizlantirilgan kerosin yoki moy bilan to‘liq to‘ldirilgan bo‘lishi kerak. Ishqoriy metallar solib ishlatilgan idish va moslamalarni etanol bilan tozalab, suv bilan yuvish kerak;
b) ishqorli metallarni suvsizlantirilgan kerosin yoki moyda, havo kirmaydigan qilib mahkam yopilgan, qalin devorli idishlarda saqlash lozim. Ishqoriy metallar solingan idishlar devorlari va ostki qismi asbest bilan qoplangan mustahkam qopqoqli metall qutilarga joylashtirilishi kerak;
v) ishqorli metallarni qutidan olish va ularni idishlarga solishda quruq pinset yoki halqali qisqichlardan foydalanish zarur. Kerosin ustki qismidagi metall bo‘lakchalar filtrli qog‘ozlar yordamida yo‘q qilinishi kerak;
g) ishqoriy metallar bilan ishlaganda moy, havo yoki qum vannalaridan foydalanish kerak.
708. Ishqoriy metallar bilan ishlaganda quyidagilar taqiqlanadi:
a) erituvchilar bo‘lmaganda ularning suv yoki galogen tarkibli birikmalar ta’siriga uchrashi;
b) nisbiy namlik 75 foizdan oshadigan xonalarda ishqoriy metallar bilan ishlash.
2-§. Yengil sanoat korxonalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
709. Yengil sanoat korxonalarida quyidagilarni:
a) moslama ichiga metall, qattiq jismlar (boltlar, gaykalar, sim bo‘laklari, toshlar, shlak va boshqalar) tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikni;
b) uskunalarda yuzaga kelgan ortiqcha yuklanishni tezkorlik bilan bartaraf etishni;
v) uskunalardagi ochiq joylar, aylanali uzatmalar yuzasiga tolalar tushib qolishining oldi olinishni;
g) chang havoni reglament asosida so‘rib olinishini va germetiklikni ta’minlash zarur.
3-§. Matbaa korxonalari va nashriyotlarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
710. Matbaa sanoati obyektlarida yozuv terish dastgohlari o‘rnatilgan bo‘lim xonalaridagi stollar va shkaflar zanglamaydigan yoki ruxlangan po‘latdan ishlangan tunika yoxud issiqlikka chidamli plastmassa bilan qoplanishi kerak.
711. Dastgoh va jihozlarni tozalashda yong‘in xavfi mavjud bo‘lmagan suyuqliklar va eritmalardan foydalanish zarur.
712. Ishlab chiqarishga qattiq holatda keltirilgan yelim, mahalliy havo tortuvchi shamollatish tizimiga ega bo‘lgan maxsus rezervuarlarda eritilishi kerak.
713. Matbaa sanoati obyektlarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) quyish dastgohining metall uzatgichiga namlangan materiallarni osib quyish;
b) quyish qozoniga bo‘yoqlar va yonuvchi moddalar bilan ifloslangan yozish materiallarini solish;
v) yozuv terish dastgohlari ustida yoki ularning yonida yonuvchi tozalovchi moddalar va moylangan idishlarni saqlash;
g) yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar singib qolgan maxsus kiyimlarda quyish apparatiga yaqinlashish va dastgohlarda ishlash;
d) gartoeritish bo‘linmalarining pollarini yonuvchan materiallar bilan qoplash;
e) press yo‘lagi yoki isituvchi moslamada matritsa materialini kauchukning benzindagi eritmasi bilan qoplash yoki ochiq usul bilan grafitlash, shuningdek, uni isitish qurilmalarida quritish;
j) bevosita stereotiplar va galvanostereotiplar sexining o‘zida kartonni namlash va taglikni ochiq usulda quritish.
4-§. Yog‘ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog‘ozlarni ishlab chiqarish sanoati obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
714. Trasporterlarning yonuvchi estakadalarini uchastkalarga (ko‘pi bilan 50 m masofada), kamida 10 m uzunlikdagi yong‘indan himoya qilish zonalariga bo‘lish kerak.
Yong‘inga qarshi zonalari tashkil etilgan joylardagi estakadalar, soz holatdagi yong‘in o‘chirish jo‘mraklari bo‘lgan quruq quvurlardan iborat bo‘lishi va ularning diametri belgilangan o‘lchamlarga mos kelishi kerak.
Quruq quvurlar soz holatdagi suvni ishga tushiruvchi moslamalar (nasoslar, elektr zadvijkalar)ga ega bo‘lishi kerak.
715. Quritish xonalari, shuningdek, yog‘ochni saqlash joylari muntazam ravishda qirindi va boshqa chiqindilardan tozalanishi kerak. Materiallarni yuklash uchun belgilangan maksimal ruxsat etilgan me’yorlardan va quritish qurilmasining ruxsat etilgan harorat rejimidan oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Tayyor mahsulot va yarim tayyor mahsulotlar yo‘lkalarni to‘sib qo‘ymasligi va yog‘och shtabellarda saqlanishi kerak.
716. Yog‘ochni qayta ishlash sanoatida o‘tin yoki chiqindilarni saqlash uyumlarda amalga oshirilishi kerak. Uyumlarning maksimal saqlash o‘lchamlari uzunligi 120 m dan, kengligi 50 m dan oshmasligi va balandligi 14 m gacha bo‘lishi kerak.
717. Yog‘ochni qayta ishlash va yog‘ochsozlik sanoatida yog‘ochga kirib qolgan metall bo‘laklar yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib, kesuvchi asbobni ishga tushirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
718. Elimli yog‘och konstruksiyalarni ishlab chiqarishdagi texnologik uskunalar va moslamalar har smenaning oxirida qatronlar va yelimlardan tozalanishi kerak, bino pollari esa har haftada bir marta tozalanishi kerak.
719. Vaqti-vaqti bilan (o‘chib-yonib) ishlaydigan quritish kameralari, kaloriferlarga yog‘och materiallar har bir yuklanishidan oldin kaloriferlar va vertikal ko‘targichli chuqurlar yog‘och chiqindilari hamda changlardan tozalanishi kerak.
720. Gaz quritish qurilmalarining dudburonlaridagi uchqun ushlagichlar holati har smenada kamida bir marta tekshirilishi shart. Dudburonlarda yoriqlar mavjud hamda uchqun ushlagichlar nosoz bo‘lsa quritish qurilmalarini ishlatish taqiqlanadi.
Dudburon tizimining gaz chiqarish devorlari va dudburon quvurini kondensatsiyalashda ajralib chiqqan moy mahsulotlardan oyiga kamida ikki marta tozalash kerak.
721. Quritish kameralarining o‘t qalash joylari bir oyda kamida ikki marta tozalanishi kerak.
722. Moy mahsulotlari to‘ldirilgan uskunalarni ishlatishda moy sizib chiqishi va to‘kilishini, shuningdek, yog‘och qurilmalari va buyumlariga singdirilishini istisno qiluvchi choralar ko‘rilishi kerak.
723. Elimni isitish bug‘ yoki soz holatdagi yopiq turdagi elektr isitish qurilmalari yordamida amalga oshirish kerak.
724. Ignabargli daraxt turidan qilingan shponlarni quritishda gaz-havo aralashmasining retsirkulatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
725. Ohakni kuydirish va regeneratsiya qilishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) pechni tayyorgarlikdan o‘tmagan xodimlar tomonidan ishlatish (yoqish);
b) pechga yetkazib beriladigan havo va chiqadigan gazlar hajmi o‘rtasidagi belgilangan nisbat buzilganda, pech dudburonining tortish kuchi bo‘lmaganda foydalanish hamda uni nazoratsiz qoldirish.
726. Kesish, pardozlash, saralash va qadoqlash sexlari va uchastkalarida quyidagi talablar bajarilishi kerak:
a) parchalarni, tolalarni hamda changlarni mexanik ravishda tozalash uchun qurilmalar yo‘qligida hamda ular nosoz bo‘lganda foydalanishni taqiqlash;
b) sellyuloza, qog‘oz va karton bo‘laklarini yetkazib berish vositalarining uzatuvchi kanal va chuqurlarida to‘plangan qog‘oz va kichik karton bo‘laklarini smena davomida kamida bir marta tozalash;
v) kalandrirovaniye (ishlov berish) uchun qurilmalarning statik elektr tokini erga ulash moslamasi har kuni ish boshlanishidan oldin tekshirish.
727. Gorizontal holatdagi vagonli retort va ko‘mir pechlarini ishlatishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) quritish moslamasi eshiklarini tutun tortgich ishlab turgan holatida va tutun tortgich shiberini ochiq turgan holatda ochish;
b) havo yubormasdan retort o‘chog‘iga o‘t qalash;
v) bug‘lar va gazlar o‘tishiga imkon beradigan va takozlar bilan to‘liq jamlanmagan eshiklari zich yopilmagan retortdan foydalanish;
g) retort sexidan tashqarida yonayotgan ko‘mirni tashish;
d) portlash xavfi mavjud bo‘lgan gaz aralashmasi hosil bo‘lishining oldini olish uchun o‘chirish qutisini to‘liq to‘ldirmaslik;
e) retortlarni ortish va tushirish gaz magistralining zadvijkalari ochiq holda amalga oshiriladi.
728. Retort sexining ko‘mir saqlash maydoni, harakatlanuvchi dastgohlar (lebedkalar) o‘rnatilgan ombor, chuqurlar (kotlovanlar) har smenada kamida bir marta ko‘mir qoldiqlaridan tozalanishi kerak.
729. Bosim ostida ishlaydiagan pechning kondensatsiya tizimi germetik bo‘lishi kerak. Kondensatsiyalanmagan gazlar tarkibidagi kislorod mavjudligini har smenada kamida bir marta tekshirish shart.
730. Polimerizatsiyalangan va modifikatsiyalangan konifolni, kanifol efirini, modifikatsiyalangan kanifol qatroni va yelimlarini ishlab chiqarishda quyidagi talablarga amal qilish kerak:
a) maleinali angdrid bilan kanifolni modifikatsiya qilish jarayonida yong‘inning oldini olish uchun qisman omilenlangan kanifoldan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaslik;
b) reaktor yuklangandan keyin uning qopqog‘i tozalanishi va germetik yopilishi kerak;
v) reaktor devorlari va tubidagi mahsulot qoldiqlari o‘z-o‘zidan alangalanishining oldini olish maqsadida lyuk qopqog‘i 180 °C dan yuqori haroratda ochilishiga ruxsat berilmaydi.
5-§. Gugurt ishlab chiqarish obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
731. Gugurt ishlab chiqarishda:
a) ishlab chiqarish xonalari devorlariga, pollarga, shuningdek, asbob-uskunalar va mexanizmlarga yonuvchi massalar hamda parafinlar tushganda zudlik bilan tozalanishi va suv bilan yuvilishi kerak;
b) gugurt ishlab chiqarish avtomati (keyingi o‘rinlrada — avtomat) sexining polini tozalash va yuvish har smenada kamida 2 marta amalga oshirilishi, kanalizatsiya qudug‘ining cho‘kindi chuqurchasi har bir yuvishdan so‘ng tozalanishi lozim;
v) avtomat oldida joylashtirilgan yondiruvchi massaning zaxirasi bir marta quyish miqdoridan oshmasligi kerak;
g) botirish idishiga tushgan gugurt cho‘plarini tozalash jarayoni rangli metalldan tayyorlangan to‘rli belkuraklar yordamida amalga oshirilishi zarur;
d) avtomatlarni dam olish kunlariga, profilaktik ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda avariyalarni bartaraf etish maqsadida to‘xtatish gugurtlar yo‘qligida amalga oshirilishi kerak;
e) avtomatlarni qisqa muddatga to‘xtatishda botiruvchi plita botiruvchi idish ichiga tushirib qo‘yilishi lozim;
j) yondiruvchi massani tayyor mahsulotni saqlash, surtish bo‘limi va quritish qurilmalari yonidan, fosforli massani esa — avtomat sexi va gugurtlarni qadoqlash xonasidan olib o‘tish taqiqilanadi;
z) yanchish bo‘limining pollari doimo nam holatda saqlanishi, kimyo sexidagi materiallar zaxirasi kundalik ishlab chiqarish talablaridan oshmasligi kerak. Sexda ish tugagach 100 kg dan ortiq bertolet tuzi va yopilgan bir banka fosforni qoldirishga ruxsat beriladi;
i) fosforli yonuvchi aralashmani tayyorlash va saqlash uchun idishlarning sig‘imi 50 kg dan ko‘p bo‘lmasligi, ular rangli metalldan tayyorlangan bo‘lishi, shuningdek, ko‘tarish uchun tutqichlarga ega bo‘lishi kerak;
k) sochilib ketgan bertolet tuzi darhol suv solingan maxsus idishlarga yig‘ib olinadi;
l) bertolet tuzi va oltingugurtni quruq holda tegirmonda maydalashga yo‘l qo‘yilmaydi;
m) fosfor va yondiruvchi massalarning gugurt tayoqlari, gugurt va turli hil chiqindilar bilan yopilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
n) gugurt massalari uchun kimyoviy moddalarning og‘irligini o‘lchash maxsus shkaflarda, shamollatish tizimi bo‘lgan joyda amalga oshirilishi kerak.
732. Yondiruvchi massani tayyor mahsulotlarni saqlash joylari orqali, cho‘plarni quritish bo‘limi, gugurt yotqizish joylari, fosfor massasini qo‘llash uchun avtomatlardan 2 m dan yaqin, fosfor massasini esa — qurilmalardan 2 m dan yaqin masofada tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
733. Yondiruvchi va fosfor massasi har bir almashganda idishlarni bo‘shatish va ish tugashi bilan ifloslangan asbob-uskunalar yuvilishi kerak.
734. Gugurt massasini tayyorlash va avtomat sexlarining hamda quti-o‘rash dastgohi ishchilarining ish kiyimlari qiyin alangalanadigan materialdan tayyorlangan bo‘lishi yoki yonish xususiyatini pasaytiruvchi birikma bilan shimdirilgan bo‘lishi kerak. Shimdirilish har yuvilishidan keyin amalga oshiriladi.
735. Qutilarni qadoqlash mashinalari oldida tayyor gugurtlar zaxirasi har bir mashina uchun 20 qutidan oshmasligi kerak. Oraliq saqlash joylarida tayyor mahsulot miqdori bitta gugurt avtomati ishlab chiqarish hajmidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
736. Sochilgan gugurtlarni joylashtirish xonalarida va kassetalarga joylashtirilgan har bir mashina uchun gugurt zaxirasi 10 ta kichik yoki 5 ta katta kassetadan oshmasligi kerak.
737. Qutini to‘ldirish mashinalari yaqinidagi gugurt zaxirasi 3 ta kichik kassetadan oshmasligi kerak.
738. Gugurt solingan kassetalar stellajlarda saqlanishi lozim. Ular rangli metalldan tayyorlangan qistirmalar bilan ajratilgan holatda 2 qatordan ko‘p bo‘lmagan tarzda joylashtiriladi.
739. Sexning bir joyida gugurt solingan 10 tadan ortiq kichik yoki 5 tadan ortiq katta kassetalarni saqlash taqiqlanadi.
740. Gugurt chiqindisi massalarini yig‘ish, tashish va yo‘q qilish ishlari tashkilot rahbari tomondan tasdiqlangan yo‘riqnomaga asosan amalga oshiriladi.
741. Gugurt chiqindisi massalari va yog‘och idishlar obyekt hududidan tashqarida to‘silgan va qattiq qoplamli maydonlarda utilizatsiya qilinadi.
742. Gugurt chiqindisi massalari utilizatsiya qilish joyiga suv bilan aralashgan holatda olib boriladi.
39-bob. Saqlash obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy maqsaddagi omborlar va bazalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
743. Yonuvchi moddalar agregat holatidan qat’i nazar oksidlovchi moddalardan alohida saqlanishi kerak.
744. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, qattiq va gazsimon yonuvchi materiallar, havoda o‘z-o‘zidan alangalanadigan, suv va bir-biri bilan ta’sirlashadigan moddalar hamda organik va noorganik peroksidlar alohida omborlarda, seksiyalar va bo‘linmalarda saqlanishi kerak.
745. Qurum, grafit, maydalangan va kukunsimon polimerlar alohida quruq xonalarda yoki atmosfera yog‘inlari va yer osti suvlaridan himoyalangan xonalarning bo‘limlarida saqlanishi lozim.
746. Omborlar rampalarida, platformalarda va panduslarda yuklarni, idishlarni va yuklash mexanizmlarini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
747. Tovar-moddiy boyliklarni (yonuvchi qadoqlarda yonuvchi va yonmaydigan mahsulotlarni) ochiq maydonda saqlashda bitta seksiya (shtabel) maydoni 300 m2 dan oshmasligi kerak. Seksiyalar (shtabellar) orasidagi yong‘inga qarshi oraliqlar 6 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
748. Aerozol paketlarini oksidlovchi yonadigan suyuqliklar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bilan bitta xonada saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aerozol paketlarini faqat yopiq idishlarda va yopiladigan konteynerlarda, konteynerlarga quyosh nuri ta’sir etmaydigan alohida hollarda bostirma ostida yoki ochiq maydonlarda saqlashga ruxsat beriladi.
749. Aerozol paketlarini yordamchi xonalarda saqlashda xonalarning maydoni 20 m2 dan oshmasligi kerak.
750. Maydoni 1000 m2 va undan ortiq seksiyalar hamda seksiyalarga ajratilmagan omborlarda shtabellarning kengligi va uzunligi 25 m dan oshmasligi kerak.
751. Tovarlarni va yuklarni suriladigan tokchali stellajlarda saqlashda o‘tish yo‘llarining o‘lchami:
stellajlar bir tomonlama joylashganda — suriladigan tokcha kengligining yarmiga;
stellajlar ikki tomonlama joylashganda — suriladigan tokcha kengligida kengaytirilishi kerak.
752. Zaxarli metallar, shuningdek, kimyoviy faol metallar boshqa modda va materiallardan alohida saqlanishi kerak.
753. Bitta binoda quruq va tayyor bo‘yoqlarni saqlashda ular alohida joylarga joylashtirilishi kerak.
754. Ichki yonish dvigatelli transport vositalari va boshqa mexanizmlarni yonuvchi mahsulotlar yoki yonuvchi qadoqlar saqlanayotgan omborlarda ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
755. Kimyoviy moddalar saqlanadigan stellajlar yonmaydigan materiallardan tayyorlanishi va isitish asboblaridan kamida 1 m masofada joylashtirilishi kerak.
756. Kichik idishlardagi kimyoviy moddalar ochiq stellajlarda yoki shkaflarda, katta idishlarda esa shtabellarda saqlanishi kerak.
757. Metalli kaliy va natriyni o‘chirishda kukunli o‘t o‘chirgich, quruq qum va quruq magneziyadan foydalanish kerak. Yong‘inni o‘chirishda suv va uglekislotali o‘t o‘chirgichlardan foydalanish taqiqlanadi.
758. Pirofor metallar omborning alohida bo‘linmalarida germetik idishlarda passivlangan holatda saqlanishi kerak.
759. Oldindan faoallashtirilishi to‘xtatilgan metallar (alyuminiy, ruh, sirkoniy, titan) kukunlari namlik va havo o‘tkazmaydigan germetik idishlarda saqlanishi kerak. Bu bo‘linmalarda boshqa moddalar saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
760. Yong‘inda erishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar saqlanadigan xonalar eritmaning erkin oqimini cheklovchi qurilmalar (qirralar, ostonalar, panduslar va boshqalar) bilan ta’minlanishi kerak.
761. Kislotalar saqlanadigan joyda to‘kilgan kislotani zararsizlantirish uchun eritmalar bo‘lishi kerak.
Kislotalar saqlanadigan joy oldindan belgilangan bo‘lishi shart.
762. Belgilangan talablarga javob bermaydigan idishlarga solingan kimyoviy moddalarni omborlarga qabul qilish, ularni saqlash va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
763. O‘z-o‘zidan alangalanuvchi materiallarni stellajlarga yoki polga faqat bir qatorda balandligi bo‘ylab joylashtirishga ruxsat etiladi.
764. Iidishlarga joylanmagan holatdagi kimyoviy moddalar (kaliy, superfosfat) alohida omborlarda to‘kilgan uyum holatida alohida-alohida, uzoq yotib bosilib ketadiganlar uchun balandligi 2 m dan, uzoq yotib bosilib ketmaydiganlar uchun esa 3 m dan oshmagan holda saqlanishi kerak.
765. Ammiakli selitra alohida chordoqsiz bir qavatli olovga bardoshliligi I va II darajali bo‘lgan binolardagi yonmaydigan pollarda saqlanishi kerak.
766. Kuchli ta’sir etuvchi oksidlovchi moddalar (magniy va kalsiy xlorat, vodorod peroksid va boshqalar) olovga bardoshliligi I, II va III darajali bo‘lgan binolarning alohida bo‘linmalarida saqlanishi lozim.
767. Ammiakli selitrani saqlashda quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:
a) ammiakli selitra saqlashga mo‘ljallangan binolar (bo‘lmalar) quruq va toza bo‘lishi hamda ularda ilgari saqlangan moddalarning qoldiqlari bo‘lmasligi kerak;
b) ammiakli selitra omborxonalariga (devorlari va darvozalariga) “Ammiakli selitra” yozuvi o‘rnatilgan bo‘lishi kerak;
v) tik turuvchi poddonlardan foydalanishda ammiakli selitra shtabellarining balandligi 4,4 m gacha bo‘lishiga ruxsat beriladi. Yassi poddonlarni ikki qavatda o‘rnatish mumkin. Poddonsiz qoplarni saqlashda ular 8-10 qatorda 1,5-1,8 m balandlikda taxlanadi.
768. Modda va materiallarni tranzit elektr kabellari o‘tgan, yog‘-moy to‘ldirilgan apparaturalar mavjud hamda gaz kommunikatsiyalari joylashgan xonalarda saqlash taqiqlanadi.
769. Omborxonalarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar aralashmalarini tayyorlash, nitro bo‘yoqlar, lok va emallarni eritish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
770. Bo‘yoqlar saqlanadigan omborlarning tabiiy shamollatish qopqoqlari doimo ochiq turishi kerak.
771. Kauchuk va avtoshinalarni omborga joylashtirishda quyidagi talablarga amal qilish zarur:
a) kauchuk va avtoshinalar bir qavatli omborxonalarda saqlanishi zarur, ularni yerto‘la va tsokol qavatlarida saqlash mumkin emas;
b) avtoshinalarni taxlashda tagliksiz “quduq” shaklida terishga yo‘l qo‘yilmaydi, ular polga tagliksiz terilganda avtoshinalar “qovurg‘asiga” (ularni tezkor evakuatsiya qilish uchun qulay holatda) terilishi kerak.
v) avtoshinalarni uyum qilib saqlash mumkin emas;
g) hajmi 25 m2 dan katta bo‘lgan shinalar saqlash omborlari binoning tashqi devorlari yonida bo‘lishi kerak;
d) kauchuk va shinalar saqlanadigan stellajlar yonmaydigan materiallardan tayyorlangan bo‘lishi kerak;
e) yonuvchi va boshqa materiallarni kauchuk va rezina saklanadigan bo‘limda saqlash mumkin emas.
772. Kimyoviy moddalar saqlanadigan ochiq maydonlar va bostirmalar yog‘ingarchilik va quyosh nurlaridan himoyalangan bo‘lishi kerak.
773. Kislotalar quyilgan shisha idishlar 2 yoki 4 qatorli guruhlarda saqlanishi kerak. Shisha idishlarning guruhdagi umumiy miqdori 100 donadan oshmasligi lozim. Guruhlar oralig‘ida 1 m dan kam bo‘lmagan o‘tish yo‘llarini qoldirilishi zarur.
774. Ishqorlar va konsentratsiyalangan kislotalar yupqa devorli shisha idishlarda saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
775. Kislotalar saqlanadigan omborlarda quyidagilar man etiladi:
a) kislotali shisha idishlarni qizigan yuzalarga yaqin joyda joylashtirish;
b) kislotalarni boshqa modda va materiallar bilan birgalikda saqlash.
776. Omborxonalarda navbatchi avariyaviy yoritkichlardan, gaz plitalaridan, elektr isitish asboblaridan foydalanish hamda rozetkalar o‘rnatish taqiqlanadi.
777. Ish kuni tugaganidan so‘ng omborxonaning barcha elektr ta’minoti o‘chirilishi kerak.
778. Omborxonaning elektr yoritkichlarini yoqish-o‘chirish moslamalari xonaning tashqarisida yonmaydigan materiallardan tayyorlangan asosga o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
2-§. Qattiq yoqilg‘i omborlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
779. Ko‘mir, o‘tin yoki yog‘ochni qayta ishlash sanoatidan hosil bo‘lgan ikkilamchi yoqilg‘i va boshqa turdagi qattiq yoqilg‘i saqlanadigan omborxonalar turli xil chiqindilar va o‘simliklardan tozalangan hamda ularning pol qismi tekislangan va zichlanib mustahkamlangan bo‘lishi kerak.
780. Qattiq yoqilg‘i materiallarini organik moddalar bo‘lgan erga taxlash mumkin emas.
781. Obyekt hududi doimiy ravishda shoh-shabbalar, quruq o‘tlar va boshqa yonuvchi chiqindilardan tozalanishi kerak.
782. Omborxonalarda o‘z-o‘zidan yonib ketadigan yoqilg‘ini o‘chirish va uni shtabeldan ajratilgandan so‘ng sovitish uchun maxsus maydonchalar bo‘lishi kerak.
783. Portlab-yonish xavfi xususiyati o‘rganilmagan yoki noma’lum bo‘lgan yoqilg‘ini yoqib yuborish va qattiq yoqilg‘i omborlarida saqlash man etiladi.
784. Omborxonaga uzoq muddatga saqlash uchun olib kelingan yoqilg‘i vagonlardan tushirish ketma-ketligi bo‘yicha taxlanishi kerak.
785. Har bir yoqilg‘i turi uchun alohida maydonchalar ajratilishi kerak.
786. Har xil turdagi ko‘mirlar alohida shtabellarda saqlanishi kerak.
787. Barcha turdagi qattiq yoqilg‘ilarni ularni saqlashga mo‘ljallanmagan binolarda saqlash taqiqlanadi.
788. Yong‘in-qutqaruv texnikalari omborxona hududida harakatlanishini ta’minlash uchun quyidagi kenglikdan kam bo‘lmagan o‘tish joylari nazarda tutilishi kerak:
a) shtabellarning (uyumlar) tagliklaridan ajratuvchi devorgacha va kranosti yo‘lining fundamentigacha — 3 m;
b) avtoyo‘lning yoki relsning tashqi chegarasidan — 2 m.
O‘tish joylarini qattiq yoqilg‘i bilan va boshqa jihozlar bilan to‘sish taqiqlanadi.
789. Qattiq yoqilg‘ining o‘z-o‘zidan qizib ketishi alomatlari tizimli kuzatib borilishi lozim. Shtabellardagi o‘z-o‘zidan yonib ketish alomatlarini belgilangan grafik asosida vizual ko‘rikdan o‘tkazish kerak.
790. Ko‘mirlar uchun yoqilg‘i haroratini shtabel ichida uskunalar yordamida o‘lchash faqat shtabel orasidagi o‘z-o‘zidan qizish tugamagan holatda va o‘z-o‘zidan qizib ketish o‘chog‘ining hajmini aniqlash uchun o‘tkaziladi.
791. Ko‘mir shtabellari zichlashtirilgan bo‘lishi, ularning harorati shtabellar yonboshiga temir nazorat quvurlari va termometrlarni o‘rnatish yo‘li bilan doimiy kuzatib borilishi zarur, shuningdek, shtabellar orasiga yog‘och chiqindilar, qog‘oz, somon tushib qolmasligini nazorat qilish kerak.
Yoqilg‘i omborlaridagi shtabellar holatining barcha kuzatuv ma’lumotlari (harorati va boshqalar) saqlanayotgan yoqilg‘i to‘g‘risidagi jurnalga qayd etilishi lozim. Ushbu jurnalga shtabellarning o‘z-o‘zidan qizib ketishi, yuvilishi va boshqa holatlar aniqlanganda ko‘rilgan choralar ham kiritilishi zarur.
792. Ko‘mirni ochiq holatda saqlash maydonlaridan suvning omborxona hududi tashqarisiga chiqib ketishini ta’minlash zarur.
793. Shtabellardagi yongan ko‘mirni o‘chirish va sovitish uchun suvdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yonib turgan ko‘mirni shtabeldan ajratib zaxira maydonchasiga yoyilgandan so‘ng uni suv bilan o‘chirish mumkin. O‘z-o‘zidan yonib ketgan ko‘mirni shtabellarga qaytarib qo‘shishga ruxsat etilmaydi. Shtabelda hosil bo‘lgan chuqurni namlangan ko‘mir bilan to‘ldirib, shtabelning sathi bilan tenglashtirib zichlashtirish zarur.
794. Bartaraf etilgan yonish o‘choqlari har bir smenada nazoratga olinishi zarur.
795. Ko‘mir shtabellarining holati ustidan nazorat bir hafta davomida o‘tkazilishi shart. Bu shtabellar holatida yangi o‘z-o‘zidan yonib ketish o‘choqlari bo‘lmaganda ularni saqlash va ishlatish oddiy tartibda amalga oshiriladi.
796. Vagonlardan yonish o‘choqlari bo‘lgan yoqilg‘ini bevosita yoqilg‘i shtabeliga yoki yoqilg‘ini uzatuvchi uskunaga o‘tkazish, shtabeldan yoqilg‘i uzatish traktiga o‘tkazish man etiladi.
3-§. Kalsiy karbidi omborlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
797. Kalsiy karbidi zaxiralari quruq, shamollatib turiladigan omborxonalarda poldan 0,5 m dan kam bo‘lmagan balandlikda saqlanishi kerak. Omborxonaning oynalari oq rangga bo‘yalgan bo‘lishi kerak.
798. Kalsiy karbidini saqlash uchun omborlarni yerto‘lalarda, suv quvurlari mavjud bo‘lgan va isitiladigan xonalarda, suv to‘planishi ehtimoli mavjud joylarda hamda ochiq maydonlarda tashkil etish taqiqlanadi.
799. Kalsiy karbidini saqlash va tashish “Karbid” yozuvli germetik yopiladigan metall idishda (barabanda) amalga oshirish zarur.
800. Atsetilenli uskunalar bo‘lgan xonalarda kalsiy karbidi uchun oraliq saqlash ombori bo‘lmagan holda bir vaqtning o‘zida 200 kg dan ortiq bo‘lmagan kalsiy karbidini saqlashga ruxsat etiladi, ushbu miqdorda bir barabandan ortiq bo‘lmagan modda ochiq holda bo‘lishi mumkin.
Kalsiy karbidi barabanlari omborlarda gorizontal yoki vertikal holatda saqlanishi mumkin.
Mexanizatsiyalashgan omborlarda kalsiy karbidi barabanlari vertikal holatda 2 qatordan ko‘p bo‘lmagan, gorizontal saqlanishda esa 3 qatordan ko‘p bo‘lmagan holatda saqlanadi. Baraban qatorlari orasiga qalinligi 40 — 50 mm bo‘lgan yog‘och taxta joylashtirilishi kerak.
Kalsiy karbidi barabanlari taxlangan shtabellar o‘rtasidagi o‘tish joylarining oralig‘i 1,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
801. Kalsiy karbidi ombori binosi va boshqa binolar (inshootlar) orasidagi yong‘inga qarshi oraliq masofasi 20 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
802. Kalsiy karbidini boshqa materiallar va mahsulotlar bilan birga saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
803. Kalsiy karbidi omborlarida quyidagilarga:
a) karbid changining to‘planishiga;
b) idishlar va boshqa materiallar saqlanishiga;
v) barabanlarni ochishga;
g) kalsiy karbidini maydalash hamda uni ochiq barabanlarda saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
804. Kalsiy karbidi omborlaridan 10 m dan yaqin bo‘lgan masofada olovli ishlarni olib borish taqiqlanadi.
805. Kalsiy karbidi omborlaridagi yong‘inlarni o‘chirishda suvdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yong‘in o‘chirish ishlari quruq qum yoki uglekislotali o‘t o‘chirgichlar yordamida amalga oshirilishi lozim.
4-§. Yonuvchi tolali materiallar omborlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
806. Texnik xomashyo mahsulotlarini (paxta, kanop, raps, xmel va boshqalarni) saqlash uyumlarda, shtabellarda, g‘aramlarda, bostirma ostida, yopiq omborlarda amalga oshiriladi, tolalar va kanop loslari (paklya) faqat yopiq omborlarda saqlanadi.
807. Yonuvchi tolali materiallarni ochiq maydonlarda shtabellarda va bostirma ostida saqlashda quyidagilarga rioya etish zarur:
a) shtabelning og‘irligi 300 t dan oshmasligi kerak;
b) shtabellarning o‘lchami 22 x 11 m dan va balandligi 8 m dan oshmasligi kerak;
v) bitta bo‘lmada shtabellar yoki bostirmalar soni 6 ta dan oshmasligi kerak, bunda shtabellar orasidagi masofa 15 m dan kam bo‘lmasligi, bostirmalar orasidagi barcha yo‘nalishlarda 20 m dan kam bo‘lmasligi kerak;
g) bitta guruhda 4 tagacha bo‘lma bo‘lishi mumkin (24 ta shtabel yoki bostirma), bo‘lmalar orasidagi oraliq barcha yo‘nalishlarda 30 m dan kam bo‘lmasligi kerak;
d) bitta sektorda 4 tagacha guruh bo‘lishi mumkin (96 ta shtabel yoki bostirma), guruhlar orasidagi oraliq barcha yo‘nalishlarda 50 m dan kam bo‘lmasligi kerak;
e) sektorlar oralig‘idagi masofa 100 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
808. Yonuvchi tolali materiallarni saqlash uchun mo‘ljallangan ochiq maydonlar, bostirmalar va omborlar uchastkalari to‘silgan bo‘lishi lozim, ulardan to‘siqlargacha bo‘lgan masofa 5 m dan kam bo‘lmasligi kerak. To‘siq atrofidagi maydon o‘simliklardan tozalangan bo‘lishi kerak.
809. Yengil yonuvchi tolali materiallar faqat toylarda saqlanishiga ruxsat etiladi. Ochiq (bog‘lanmagan) toylar alohida uchastkalarda yoki maxsus ajratilgan maydonlarda yong‘inga qarshi oraliq masofalarga rioya qilgan holda saqlanadi.
810. Uchqun so‘ndirgichlarsiz bostirma va shtabellarga temir yo‘l va avtomobil transportini 5 m dan yaqin, traktorlarni esa 10 m dan yaqin masofada harakatlanishi taqiqlanadi. Bu yerlarda cheklovchi to‘siqlar (bruslar) o‘rnatilishi lozim. Yopiq omborxonalar, bostirma va shtabellarga avtotransport vositalarining kirishi gaz chiqish quvurining teskari tomonidan amalga oshirilishi kerak, bunda gaz chiqish quvuri normativ talablarga javob beradigan va soz bo‘lgan uchqun so‘ndirgich bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
5-§. Yonuvchi gazlar omborlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
811. Yonuvchi gazlarni saqlashda quyidagilarni ta’minlash zarur:
a) gaz ballonlari saqlanadigan xonalarning oynalarini oq rangli bo‘yoq bilan bo‘yash yoki quyosh nurini qaytaruvchi yonmaydigan moslamalar bilan jihozlash;
b) ballonlarni ochiq maydonlarda saqlashda ularni quyosh nuri va yog‘ingarchilikdan himoyalaydigan qurilmalarni yonmaydigan materiallardan tayyorlash;
v) yonuvchi gazlar to‘ldirilgan ballonlarni kislorod, siqilgan havo, xlor, ftor va boshqa oksidlovchi hamda zaharli gazlar ballonlaridan alohida saqlash;
g) guruhli ballonli uskunalarni binoning tashqi (darcha, oyna, eshik joyi bo‘lmagan) devorlarida o‘rnatish mumkin. Ballonlar joylashtiriladigan shkaflar yonmaydigan materiallardan tayyorlanishi va portlash xavfi bo‘lgan modda yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaydigan tabiiy shamollatishga ega bo‘lishi;
d) kislorodli ballonlarni saqlashda va tashishda, ularga moylar (yog‘lar) tushishi va moylangan materiallar bilan ballonning armaturasiga tegish taqiqlanadi. Kislorodli ballonlarni tashishda ularning klapanlaridan ushlashga ruxsat etilmaydi;
e) portlash xavfi konsentratsiyasi hosil bo‘lishini nazorat qilish uchun xonalarda gaz analizatorlar o‘rnatish. Gaz analizatorlar bo‘lmaganda tashkilot rahbari gaz-havo muhitining namunasini olish va nazorat o‘rnatish tartibini belgilashi kerak;
j) ballonlardan gaz sizib chiqishi aniqlanganda ular omborxonadan xavfsiz joylarga olib chiqilishi kerak;
z) yonuvchi gazlar to‘ldirilgan ballonlar joylashgan omborlarga metall mix va taqalar qoqilgan oyoq kiyimida kirish taqiqlanadi;
i) boshmoqlarga ega bo‘lgan, yonuvchi gazlar to‘ldirilgan ballonlar, vertikal holatda maxsus bo‘lmalarda yoki qulashiga yo‘l qo‘ymaydigan boshqa uskunalarda saqlanishi kerak. Boshmoqlarga ega bo‘lmagan ballonlar, gorizontal holatda ramkalarda yoki stellajlarda saqlanadi. Bunday holatda shtabelning balandligi 1,5 m dan oshmasligi lozim, klapanlari esa himoyalovchi qalpoqlar bilan yopilgan va bir tarafga qaratilgan bo‘lishi kerak;
k) yonuvchi gazlar omborxonalarida boshqa modda va materiallarni hamda jihozlarni saqlash man etiladi;
l) yonuvchi gazlar omborxonalari tabiiy shamollatiladi.
812. Suyultirilgan gazlar va yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni yonuvchi moddalar bilan birga tashish man etiladi.
813. Yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni olib yurish uchun avtoyuklagichlardan foydalanish taqiqlanadi.
814. Yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni yuklash-tushirish ishlarida, tashishda va saqlashda, ularning tushib ketishi va shikastlanishining oldini olish choralari ko‘rilishi kerak. Avtomashinadan ballonlar faqat klapanlarini yuqoriga qaratib olib tushilishi lozim.
815. Yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni ballonlar bir-biriga urilishi va qulashiga yo‘l qo‘ymaydigan maxsus kuzovli avtomashinalarda tashish lozim.
816. Yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni yuklash-tushirish ishlari avtomashinaning dvigateli o‘chiq holatda amalga oshirilishi kerak.
817. Yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni saqlash xonasining poli uchqun hosil qilmaydigan materiallardan ishlangan bo‘lishi lozim.
818. Yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlar omborxonasining 10 m masofadagi atrofida yonuvchi materiallarni saqlash va olovli ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
819. Ballonlarni saqlash uchun mo‘ljallanmagan omborlarda yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan ballonlarni saqlash man etiladi.
820. Xizmat ko‘rsatish xodimlari omborda saqlanayotgan gazning yong‘in xavfini, ballonlarni evakuatsiya qilish tartibini va alangalangan yonuvchi gazlarni o‘chirish tartibini bilishi shart.
6-§. Dorixonalar va ularning omborlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
821. Dorixonalarda portlab-yonish xavfi mavjud bo‘lgan moddalar alohida xonalarda yoki maxsus jihozlangan saqlash joylarida (yonmaydigan shkaflarda) saqlanishi kerak.
822. Dorixonalarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar boshqa tovarlardan alohida saqlanishi kerak. Boshqa vazifali binolarda joylashgan dorixonalarda qadoqlanmagan holatda saqlanadigan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar miqdori 100 kg dan oshmasligi lozim. 100 kg dan ortiq qadoqlanmagan holatdagi yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni boshqa guruhlardagi portlash-yonish xavfi mavjud moddalarini saqlash xonalaridan alohida turgan binoda saqlash kerak.
40-bob. Qurilish obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
1-§. Umumiy qoidalar
823. Qurilish obyektlarida (hudud, bino, inshoot, qurilish ishlari olib borilayotgan imorat va qurilma, qayta ta’mirlash, funksional vazifasini qayta ixtisoslashtirish, texnik jihatdan qayta jihozlash, qayta tiklash, modernizatsiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash) ishlab chiqarish, ombor va yordamchi bino va inshootlarni joylashtirish qurilish bosh rejasiga mos bo‘lishi shart.
824. Obyekt faoliyatini to‘xtatmasdan rekonstruksiya qilish, qayta tiklash, kengaytirish, texnik qayta jihozlash va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, shuningdek, obyektlarni navbat bilan foydalanishga tushirishda obyekt ma’muriyati qurilish-montaj tashkilotlari bilan birgalikda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi hamda ularning ijrosini ta’minlash uchun buyurtmachi va pudratchi tashkilotlardan mas’ullarni buyruq bilan tayinlashi lozim (umumiy obyekt uchun va alohida bo‘limlari uchun).
825. Yonuvchi qurilish materiallarini yong‘inga qarshi oraliqlarda saqlash taqiqlanadi.
826. Yonuvchi qurilish materiallari va buyumlarini, shuningdek, yonuvchi qadoqlardagi asbob-uskunalar va yuklarni ochiq maydonlarda saqlashda ular maydoni 100 m2 dan va balandligi 2,5 m dan ko‘p bo‘lmagan shtabellar yoki guruhlarda joylashtirilishi kerak.
827. Maydoni 2 va undan ortiq gektarga teng qurilish hududida kamida ikkita qarama-qarshi tashkil etilgan kirish joylari bo‘lishi shart. Yo‘llar yilning barcha fasllarida yong‘in-qutqaruv avtomobillari o‘tishi uchun qattiq qoplamaga ega bo‘lishi lozim. Kirish joyining eni 4 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
Yo‘llarning boshi berk qismlarida yong‘in-qutqaruv avtomobillarining aylanib olishi uchun halqasimon o‘tish joyi yoki o‘lchami 12x12 m dan kam bo‘lmagan maydoncha tashkil etilishi kerak. Qurilish maydoniga kirish joyida qurilayotgan va yordamchi bino va inshootlar, kirish yo‘llari, suv manbalari, yong‘in o‘chirish va aloqa vositalarining joylashuvi, ularga olib boruvchi yo‘l va yo‘lkalar ko‘rsatilgan yong‘inga qarshi rejalari o‘rnatilishi shart.
828. Qurilish boshlanishidan oldin, qurilish maydonchasidagi qurilishi rejalashtirilgan binoga nisbatan yong‘inga qarshi oraliqlarda joylashgan barcha bino va inshootlar buzib tashlanishi lozim, bunda ularning eni qurilish me’yor va qoidalarining talablari bilan aniqlanadi.
829. Qurilish texnikasi va mexanizmlarini, agar bu qurilish ishlab chiqarish texnologiyasi bilan asoslangan bo‘lsa, yong‘inga qarshi oraliqlarga rioya qilmasdan binolar (inshootlar) yaqinida joylashtirishga ruxsat etiladi.
Shtabellar (guruhlar) hamda ulardan qurilayotgan va vaqtinchalik binolargacha (inshootlar) yong‘inga qarshi oraliqlar 18 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
830. Olovga bardoshlilik darajasi IV dan past bo‘lmagan va qavatlar soni 10 qavatdan yuqori bo‘lmagan binolarda (inshootlarda) vaqtinchalik ustaxona va ombor tashkil etishga ushbu Qoidalarning talablari bajarilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Ma’muriy-maishiy xonalarni evakuatsiya chiqish joylarining soni normalarga muvofiq bo‘lgan taqdirda 4-qavatgacha joylashtirishga ruxsat etiladi.
831. Obyekt hududida maishiy tirkamalar, blok konteynerlar va boshqa vaqtinchalik inshootlar, obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan joylashish tartibi (qurilishni tashkil etish loyihalari bosh rejasi) asosida joylashtirilishi kerak. Maishiy tirkamalar va blok-konteynerlarning guruhdagi soni 10 tadan ortiq bo‘lmasligi (maydoni 800 m2), yong‘inga qarshi oraliqlar 15 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
Vaqtinchalik qurilmalar, qurilayotgan va boshqa mavjud binolardan kamida 18 m masofada yoki yong‘inga qarshi devorlar yoniga joylashtiriladi. Har bir vaqtinchalik bino va maishiy-tirkamalar uning vazifasi, inventar raqami va ularni ishlatishga va yong‘in xavfsizligi holatiga mas’ul shaxslar nomi yozilgan yorliqlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
832. Qurilish maydonchalari hududida ish vaqti tugagandan so‘ng sutkalik navbatchilikni amalga oshiruvchi shaxslardan tashqari ishchi- xizmatchilar va boshqa shaxslarning bo‘lishi (yashashi) taqiqlanadi.
833. Qurilayotgan binoga mebel va boshqa yonuvchi uskunalarni (tasdiqlangan ish jadvaliga muvofiq o‘rnatiladigan uskunalar bundan mustasno) ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti va yong‘in avtomatikasi tizimi ishga tushirilgandan so‘ng olib kirishga ruxsat etiladi.
2-§. Qurilish-montaj ishlarini olib borishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari
834. Balandligi 3 va undan yuqori bo‘lgan qavatli binolarni qurishda zinalarni montaj qilish zina kataklarini tashkil etish bilan bir vaqtda amalga oshirilishi kerak.
Zina kataklarida ikki oyoqli taxta narvonni ishlatish qavatlar soni 2 dan yuqori bo‘lmagan binolarda ruxsat etiladi. Qurilish davrida yonmaydigan pog‘onani himoya qilish uchun yonuvchi materiallar bilan yopishga yo‘l qo‘yiladi.
Qurilayotgan binolarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalari o‘rnatilgandan so‘ng, tomlariga loyihada nazarda tutilgan tashqi yong‘in narvonini va to‘siqlarini darhol o‘rnatish kerak.
835. Balandligi 3 va undan yuqori qavatli binolarni qurishda odatda inventar metall havozalardan foydalanish lozim.
Qurilish havozalari perimetri bo‘ylab har 40 m ga bir donadan narvon yoki ikki oyoqli narvon bilan, lekin butun bino bo‘ylab 2 tadan kam bo‘lmagan narvon (ikki oyoqli narvon) bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
836. Baland qavatli inshootlardan (dudburonlar, sovitish minoralari, to‘g‘on, silos xonalari va boshqalar) odamlarni evakuatsiya qilish uchun butun qurilish davriga, yonmaydigan materiallardan tayyorlangan kamida 2 ta narvon tashkil qilish zarur.
837. Yonuvchi va yonmaydigan materialdan tayyorlangan opalubkalarni bir vaqtda 3 qavatdan ko‘p bo‘lmagan joyga o‘rnatishga ruxsat etiladi. Beton konstruksiyasining mustaxkamligi ta’minlanganidan so‘ng yog‘och opalubka va havozalar binodan olib chiqilishi lozim.
838. Binoning metall konstruksiyalarini olovga bardoshlilik darajasini oshirish ishlari bino qurilishi bilan bir vaqtda amalga oshirilishi kerak.
839. Binolar ichida yonuvchi materiallar mavjud bo‘lgan taqdirda, devor va shiftlardagi ochiq joylar (teshiklar) orqali yong‘in tarqalishining oldini olish uchun choralar ko‘rish kerak (talab etilgan olovga bardoshlilik darajasini inobatga olgan holda ichki va tashqi devorlar va tomyopmalarning ulangan joylaridagi tirqishlarini yopish, muhandislik kommunikatsiyalari o‘tgan joylarni zichlash).
Bino va inshootlarni vaqtinchalik isitish uchun bo‘shliqlarni to‘ldirishda yonmaydigan va qiyin yonuvchan materiallardan foydalanish lozim.
840. Tomga yonuvchi izolatsilovchi materiallarni yotqizish va unda suv o‘tkazmaydigan to‘shamni tashkil etish, himoya shag‘al qatlamini yoyish, yonuvchi izolatsiyalovchi materiallardan foydalangan holda o‘rab turuvchi konstruksiyalarni o‘rnatish ishlarini amalga oshirish 500 m2 dan ko‘p bo‘lmagan maydonlarga ajratgan holda amalga oshirish kerak.
Ish joylarida izolatsiyalovchi va o‘ramli tom yopish materiallarining miqdori ish smenasi ehtiyojidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Yonuvchi izolatsiyalovchi materiallar qurilayotgan binodan tashqarida alohida inshootda yoki qurilayotgan va vaqtinchalik binolardan, inshootlar hamda omborxonalardan kamida 18 m uzoqlikda bo‘lgan maxsus maydonda saqlanishi kerak.
841. Binoning foydalanilayotgan qismi qurilayotgan qismidan 1-turdagi yong‘inga qarshi to‘siq va 3-turdagi orayopmalar bilan ajratilishi kerak. Bunda binoning har bir qismi normativ hujjatlarga muvofiq alohida qutqaruv chiqish yo‘llari bilan ta’minlanishi lozim.
842. Qurilish-montaj tashkilotining rahbarlari (ish rahbari) quyidagilarga:
obyektda muhandislik-texnik xodimlar, ishchi-xizmatchilar tomonidan ushbu Qoidalar talablarining hamda qurilishni tashkil etish loyihasi va qurilishni amalga oshirish loyihasidagi yong‘inga qarshi tadbirlarning bajarilishini nazorat qilishni ta’minlashga;
qurilish maydonlarida ishlayotganlar tomonidan yong‘in xavfsizligi talablari, shuningdek, qurilishda ishlatilayotgan moddalar, materiallar, konstruksiyalar va qurilmalar o‘rganilishini tashkil etishga;
qurilish maydonchasida qurilish bosh rejasi, qurilishni tashkil etish loyihasi, shuningdek, ushbu Qoidalar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan yong‘inga qarshi suv ta’minoti, kirish joylari, ogohlantirish va aloqa tizimlari, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bo‘lmagan (nosoz) hollarda qurilishni tashkil etish loyihasiga muvofiq asosiy qurilish-montaj ishlarini olib borishga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.
843. Yonish va portlab-yonish xavfi mavjud modda va materiallardan, issiqlikni saqlovchi yonuvchi materiallardan, shu jumladan, tarkibida issiqlikni saqlovchi yonuvchi materiallar bo‘lgan konstruksiyalardan foydalanish bilan bog‘liq ishlar qurilish maydonchasida, yong‘in xavfsizligi uchun mas’ul shaxs tomonidan imzolangan naryad-ruxsatnoma bo‘yicha, “Olov xavfi bor — yonish va portlab-yonish xavfi mavjud modda va materiallar ishlatilmoqda” yozuvli ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilgan holda amalga oshirilishi shart.
844. Quritish qurilmalarini hamda issiqlik chiqaradigan moslamalarni qurilish va vaqtinchalik binolardan (inshootlardan) va xonalardan chiqish joylariga (tamburlariga) joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
845. Qurilish maydonlarining isitish xonalarida olovli ishlarni bajarishga, shuningdek, elektr kaloriferlaridan va infraqizil nurlanishli gazli goryelkalardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
VII-bo‘lim. Yakunlovchi qoida
41-bob. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
846. Ushbu Qoidalar talablarini buzganligi va (yoki) bajarmaganligi uchun yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(846-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Yong‘in xavfsizligi qoidalariga
1-ILOVA
Yong‘in xavfsizligi yo‘riqnomalariga qo‘yiladigan
TALABLAR
1. Obektlarda (fuqarolar mulki bo‘lgan yakka tartibdagi turar joylardan tashqari) quyidagilar ishlab chiqilishi kerak:
a) yong‘in xavfsizligi bo‘yicha umumiy yo‘riqnoma;
b) tarkibiy bo‘linmalarda yong‘in xavfsizligi choaralari bo‘yicha yo‘riqnomalar;
v) texnologik uskunalardan foydalanish va avariya rejimida ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomalar;
g) yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlarini hamda yong‘inga qarshi avtomatik qurilmalarni ishlatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomalar;
d) elektr qurilmalaridagi yong‘inlarni o‘chirish bo‘yicha yo‘riqnomalar;
e) odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha xodimlarning harakatlarini belgilaydigan yo‘riqnomalar;
j) olovli ishlarni o‘tkazishda xavfsizlik choralari bo‘yicha yo‘riqnomalar;
z) “yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini tashish” ish tartibida ishlaydigan liftlardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar;
i) yong‘in sodir bo‘lganda xodimlarning harakatlari tartibi va boshqalar.
Obyektda faqat yong‘in xavfsizligi bo‘yicha umumiy yo‘riqnomani ishlab chiqishga ruxsat beriladi. Bunda qolgan yiriqnomalarning asosiy talablari, uning bo‘limlari sifatida kiritilishi kerak.
2. Yong‘in xavfsizligi yo‘riqnomalari binolar (inshootlar), ularning yong‘in xavfi bo‘yicha xususiyatlarini, texnologik jarayonlar, texnologik va ishlab chiqarish uskunalarini hisobga olgan holda Yong‘in xavfsizligi qoidalari hamda yong‘in xavfsizligi talablarini belgilovchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilishi kerak.
3. Yong‘in xavfsizligi yo‘riqnomalari ushbu sohada yangi talablar (normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar) kuchga kirganda, obyektning yong‘in xavfsizligini ta’minlashga talablar o‘zgarganda hamda yuqori boshqaruv organlarining tegishli topshiriqlari asosida davriy ravishda qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
4. Obyektlarda Yong‘in xavfsizligi qoidalari asosida ishlab chiqarish xususiyatlari va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda o‘z yo‘riqnomalari ishlab chiqilishi mumkin. Bunda ushbu yo‘riqnomalar Yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid bo‘lmasligi hamda uning talablarini pasaytirmasligi kerak.
Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha umumiy yo‘riqnomalar obyekt rahbari tomonidan tasdiqlanadi va quyidagi talablarni aks ettirishi kerak:
a) hududni, shu jumladan, yo‘llar, binolarga (inshootlarga) kirish joylarini saqlash tartibi;
b) yong‘in sodir bo‘lganda odamlarning xavfsizligini ta’minlash uchun binolarni (inshootlarni) saqlash tartibi;
v) yong‘in rejimiga va uning bajarilishi bo‘yicha korxonadagi barcha ishchilarning majburiyatlari;
g) obyektda ishlarni bajarishda pudratchilar (subpudratchilar) tomonidan yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralari;
d) yong‘inga qarshi suv manbalari, yong‘inga qarshi vositalar, yong‘in signalizatsiyasi va aloqa vositalarini saqlash;
e) chekish uchun joylar, ularni jihozlash va saqlash tartibi;
j) yong‘indan saqlash xizmatini chaqirish tartibi;
z) binolarga (xonalarga) kirish va ularning kalitlarni saqlash tartibi.
Tarkibiy bo‘linmalarda yong‘in xavfsizligi choaralari bo‘yicha yo‘riqnomalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak.
a) ishlab chiqarish jarayonlari uchun ularga rioya qilmagan taqdirda yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan maxsus yong‘inga qarshi choralari;
b) texnologik uskunlar, sig‘imli inshootlar va agregatlarda ularni foydanish uchun ishga tushirishga tayyorlashda hamda ta’mirlashdan so‘ng yong‘in xavfsizligi choralari;
v) omborxonada, ustaxonada, laboratoriyada, sexda yong‘in xavfi mavjud moddalar va materiallarni saqlash tartibi va me’yorlari;
g) ochiq olovli qurilmalardan foydalanish tartibini hamda olovli ishlarni bajarish uchun maxsus jihozlangan joylarni tashkil qilish;
d) yonuvchan materiallarni yig‘ish, saqlash va xonadan olib chiqish tartibi, maishiy xonalarni saqlash hamda maxsus kiyim-boshlarni saqlash tartibi;
e) mavjud yong‘inga qarshi vositalarni saqlash va ulardan foydalanish tartibi hamda ular ustidan texnik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha javobgarlik taqsimoti;
j) yong‘in sodir bo‘lganda xodimlarning harakatlarini, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini (avariya-qutqaruv xizmatini) chaqirish va ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinalari a’zolarini yig‘ish usullari;
z) yong‘in sodir bo‘lganda texnologik uskunalarni to‘xtatish, ventilatsiya tizimlarini o‘chirish, xodimlarni hamda moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish tartibi;
i) xonalarni berkitishdan oldin ko‘zdan kechirish tartibi.
Texnologik uskunalardan foydalanish va avariya rejimida ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
a) yong‘in xavfsizligi talablari (ishlab chiqarish sharoitlariga mos holda);
b) havo uzatish tizimlarini, yong‘inga qarshi klapanlarni, shamollatish tizimlarini, filtrlar va boshqa qurilmalarni tozalash muddatlari;
v) yong‘in sodir bo‘lganda ishchi-xizmatchilarning harakatlanish tartibi.
Yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlarini hamda yong‘inga qarshi avtomatik qurilmalarni ishlatish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomalar quyidagilarni belgilashi lozim:
a) obyektning tegishli bo‘linmalari o‘rtasida yong‘in signalizatsiyasi qurilmalari va yong‘inga qarshi suv ta’minoti uchun javobgarlik hudud chegaralari;
b) suv ta’minoti tizimlari va yong‘in avtomatika uskunalarini o‘rnatish hamda ularni ta’mirlash ustidan nazorat tartibi;
v) texnik hujjatlarni yuritish talablari.
Ushbu yo‘riqnomalar namunaviy yo‘riqnomalar, shuningdek, o‘rnatilgan qurilmalarning loyiha hujjatlari va pasport ma’lumotlari asosida ishlab chiqilib, obyektning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanadi hamda Yong‘in-texnik komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda qayta ko‘rib chiqiladi.
Elektr qurilmalaridagi yong‘inlarni o‘chirish bo‘yicha yo‘riqnomalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
a) texnologik jarayondagi moddalar va materiallar, jihozlarning yong‘in xavfi;
b) elektr inshootlaridagi yong‘inlarni o‘chirish uchun yong‘in xavfsizligi talablari, shu jumladan, binolar (inshootlar), xonalarning yong‘in xavfini hisobga olgan holda.
Ushbu turdagi yo‘riqnoma energetika obyektlari uchun ishlab chiqiladi (boshqa obyektlar uchun talablarni boshqa yo‘riqnomalarning tegishli bo‘limlariga kiritishga ruxsat beriladi).
Odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha xodimlarning harakatlarini belgilaydigan yo‘riqnomalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
a) odamlarni xavfsiz zonaga imkon qadar tezroq evakuatsiya qilish imkoniyatini ta’minlaydigan eng xavfsiz evakuatsiya yo‘llari va chiqishlarining ro‘yxati;
b) birinchi va keyingi navbatdagi evakuatsiya qilish tartibi;
v) qo‘shimcha yonish o‘choqlari, sarosima va boshqa holatlar yuzaga kelishini istisno qiladigan choralar.
Odamlar ko‘p va (yoki) kun davomida ishlaydigan binolar uchun yo‘riqnomalar odamlarni xavfsiz va tezkorlik bilan evakuatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha xodimlarning harakatlarini aks ettirishi kerak. Tunda odamlar qoladigan obyektlar (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, internatlar, kasalxonalar va boshqalar) uchun yo‘riqnomalarda harakatlarning ikkita varianti ko‘zda tutilishi kerak: kunduzi va tungi.
Olovli ishlarni xavfsiz olib borish bo‘yicha yo‘riqnomalar vaqtincha va doimiy joylarda olovli ishlarni bajarishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha maxsus talablarni belgilaydi.
“Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini tashish” ish rejimiga ega liftlarni ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomalar tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan, yong‘in-qutqaruv xizmati bilan kelishilgan va tashkilot tomonidan belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqilgan, belgilangan loyixa hujjatlari va pasport ma’lumotlari asosida ishlab chiqiladi.
Yo‘riqnoma bevosita lift kabinasining boshqaruv tizimi yonida o‘rnatiladi.
Yong‘in sodir bo‘lganda xodimlarning harakatlari tartibi Yong‘in xavfsiziligi qoidalarning 4-bobini va texnologik ishlab chiqarish jarayonlarining xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda xodimlarning harakatlanishi tartibi obyektning yong‘in xavfsizligi choralari bo‘yicha umumiy yo‘riqnomasiga yoki tarkibiy bo‘linmalarda yong‘in xavfsizligi choralari bo‘yicha ko‘rsatmalarga kiritilishiga ruxsat beriladi.
Yong‘in xavfsizligi qoidalariga
2-ILOVA
Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha xodimlarning bilimini tekshirish va tayyorgarlik ishlari
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Xodimlarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilimlarini o‘rganish va sinovdan o‘tkazish mehnat xavfsizligi bo‘yicha o‘quv tizimining bir qismi hisoblanadi.
2. Ishchilar, xizmatchilar, rahbar xodimlar va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni o‘rgatish yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnik minimumi bo‘yicha dasturni o‘zlashtirish orqali amalga oshiriladi.
2-bob. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish
3. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq mohiyati va vaqti bo‘yicha quyidagilarga bo‘linadi: kirish, birlamchi, takroriy, rejadan tashqari va maqsadli.
4. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq (keyingi o‘rinlarda — yo‘l-yo‘riq) yong‘in xavfsizligi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar (mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha muhandis, tashkilot rahbarining buyrug‘iga muvofiq ushbu vazifalarni bajaradigan boshqa shaxslar), ular yo‘qligida — tashkilot rahbari tomonidan beriladi.
5. Kirish yo‘l-yo‘rig‘ining maqsadi xodimni tashkilotdagi ish sharoitlari, uning yong‘inga qarshi rejimi va yong‘in xavfsizligini ta’minlashning asosiy jihatlari bilan tanishtirishdan iborat.
6. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i:
ma’lumoti, mutaxassisligi, ish stajidan qat’i nazar tashkilotda doimiy yoki vaqtincha ishlash uchun qabul qilingan shaxslar bilan;
tashkilotda yoki uning hududida ishlarni amalga oshirishga (xizmat ko‘rsatishga) jalb qilingan boshqa tashkilotlar xodimlari bilan;
vaqtincha xizmat safariga yuborilgan yoki tashkilotda ishlab chiqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotiga (amaliyotiga) birinchi marta kelgan ishchilar bilan;
o‘quv laboratoriyalarida, ustaxonalarda, ishlab chiqarish maydonlari va poligonlarida laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin oliy va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlari talabalari bilan o‘tkazilishi kerak.
7. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i maxsus ajratilgan xonada o‘tkazilishi kerak. Ushbu xona zarur ko‘rgazmali qurollar, yong‘in xavfsizligi qoidalari, yong‘indan himoya qilish texnik vositalarining namunalari, obyektda mavjud bo‘lgan yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari va aloqa vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
8. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i quyidagi masalalarni o‘rganishni o‘z ichiga olishi kerak:
obyektning yong‘in va portlash xavfi bo‘yicha o‘ziga xos xususiyatlari haqida umumiy ma’lumot;
ushbu tashkilotda (shu kabi toifadagi tashkilolarda) sodir bo‘lgan yong‘inlarning sabablarini inobatga olgan holda yong‘inlarning oldini olish chora-tadbirlari;
tashkilotning yong‘inga qarshi rejimiga qo‘yiladigan talablar;
xodimlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlari;
yong‘in xavfsizligi belgilari;
yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari xususiyatlari, yong‘indan himoya qilishning texnik vositalari va ulardan foydalanish tartibi;
yong‘in sodir bo‘lganda harakat qilish tartibi (yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini chaqirish, odamlarni va tovar-moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari va yong‘indan himoya qilishning texnik vositalaridan foydalanish, yong‘indan jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish usullari).
9. O‘tkazilgan kirish yo‘l-yo‘rig‘i yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqlarni ro‘yxatga olish jurnaliga qayd etiladi.
10. Birlamchi yo‘l-yo‘riqning maqsadi bo‘linmaning yong‘in xavfsizligini ta’minlashda ish joyida ishlarni bajarishda rioya qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar bilan tanishtirishdan iborat.
11. Birlamchi yo‘l-yo‘riq quyidagi shaxslar bilan o‘tkazilishi lozim:
yong‘inga qarshi kirish yo‘riqnomasidan o‘tgan va ish joyiga kelgan;
bir bo‘linmadan boshqasiga o‘tkazilganda, agar yong‘in xavfi va (yoki) yangi ish joyi uchun yong‘in xavfsizligi qoidalarining talablari avvalgisidan farq qilsa.
12. Birlamchi yo‘l-yo‘riq bevosita ish joyida beriladi.
13. Birlamchi yo‘l-yo‘riq tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan dastur bo‘yicha yoki yong‘in xavfsizligi yo‘riqnomalariga asosan yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari va aloqa vositalarini majburiy namoyish etgan holda amalga oshiriladi.
14. Birlamchi yo‘l-yo‘riq quyidagi masalalarni o‘rganishni o‘z ichiga olishi shart:
modda va materiallarning portlash-yonish xavfliligi;
yong‘in va portlashning oldini olish choralari, ularning kelib chiqishi manbalari;
yo‘l-yo‘riq berilayotgan xodim tomonidan ish bajariladigan ishlab chiqarish maydonchalari va xonalarning yong‘in xavfi xususiyatlari;
mavjud yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari, aloqa vositalari, yong‘inni o‘chirishda texnika xavfsizligi;
ish joyidagi yong‘inga qarshi rejim (hududni saqlash, o‘tish joylari va yo‘llari, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalariga borish yo‘llari, chekish rejimi va boshqa talablar).
15. Takroriy yo‘l-yo‘riqning maqsadi xodimning bilimlarini mustahkamlash va uzoq muddatga barqaror shakllanishi uchun tashkilotdagi yong‘in xavfsizligini ta’minlash talablarini takrorlashdan iborat.
16. Malaka, ma’lumot, ish staji, bajarilgan ishning xususiyatidan qat’i nazar barcha xodimlar olti oyda kamida bir marta birlamchi yo‘l-o‘yriq dasturiga binoan takroriy yo‘l-yo‘riqdan o‘tadilar.
17. Rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqning maqsadi xodimlarning yong‘in xavfsizligi sohasidagi bilimlarni yangilash hamda ularga yangi ma’lumotlarni yetkazishdan iborat.
18. Rejadan tashqari yo‘l-yo‘riq quyidagi holatlarda o‘tkaziladi:
yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yangi yoki o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kirganda (bunda yo‘l-yo‘riq va keyingi bilimlarni tekshirish faqat mazkur normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq va ish faoliyati yangi (o‘zgartirilgan) talablar bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlar uchun taalluqli);
texnologik jarayon o‘zgarganda (shu jumladan, yangi ishga o‘tishda), qurilmalar, jihozlar va asboblar almashtirilganda yoki modernizatsiya qilinganda hamda yong‘in xavfsizligiga ta’sir etuvchi boshqa omillarning paydo bo‘lgandada (bunda yo‘l-yo‘riq va keyingi bilimlarni tekshirish faqat mazkur o‘zgartirishlarga muvofiq tegishli texnologik jarayonni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlar bilan o‘tkaziladi);
xodimlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilishi oqibatida yong‘inlarga va (yoki) portlashlarga olib kelishi mumkin bo‘lganda yoki ular sodir bo‘lganda (bunda huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan xodimlar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq o‘tkaziladi va bu boradagi bilimlari tekshiriladi);
davlat yong‘in nazorati organlari (obyektning mansabdor shaxslari) tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida yong‘in xavfsizligi talablari buzilishi hamda ular yetarli darajada o‘zlashirilmaganligi aniqlanganda. Bunda mansabdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan asosli takliflar va yo‘l-yo‘riqdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatiga muvofiq rejadan tashqari yo‘l-yo‘riq o‘tkaziladi va bu boradagi bilimlari tekshiriladi;
obyektda sodir bo‘lgan yong‘inlardan yoki shunga o‘xshash obyektlardagi yong‘inlar (portlashlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar tushgandan so‘ng — barcha xodimlar bilan.
19. Rejadan tashqari yo‘l-yo‘riq o‘tkazilganligini ro‘yxatga olishda uning sabablari ko‘rsatiladi.
20. Yong‘inga qarshi maqsadli yo‘l-yo‘riq tegishli xodimlar bilan quyidagi zarur hollarda o‘tkazladi:
lavozim (kasb) uchun bevosita majburiyatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan bir martalik ishlarni bajarishda;
avariyalar, tabiiy ofatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda;
naryad-ruxsatnoma beriladigan ishlarni amalga oshirishda.
21. Maqsadli yo‘l-yo‘riq ishlar bajariladigan joyga kelishdan oldin beriladi.
22. Yong‘inga qarshi birlamchi, takroriy, rejadan tashqari va maqsadli yo‘l-yo‘riq berish ish faoliyatini olib borayotgan tarkibiy tuzilmalarda obyekt rahbarining buyrug‘i bilan tayinlangan, yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxs tomonidan o‘tkaziladi.
23. Naryad-ruxsatnoma bo‘yicha olovli ishlarni olib borayotgan shaxslarga maqsadli yo‘l-yo‘riq berilganligi to‘g‘risida naryad-ruxsatnomaga tegishli belgi qo‘yiladi.
24. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqlarni yakka tartibda yoki bir guruh shaxslarga berishga ruxsat etiladi (umumiy ish joyida bir xil turdagi uskunalarda ishlayotgan shaxslarga — ish joyida birlamchi, takroriy va maqsadli yo‘l-yo‘riq berish, shuningdek, ishlarning (xizmatlarning) bitta turini bir xil lavozimda bajarayotgan shaxslarga — rejadan tashqari va maqsadli yo‘l-yo‘riq berish).
25. Yo‘l-yo‘riqlarni berish (kirish va maqsadlidan tashqari) ish joyida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni (yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda) tekshirish orqali yakunlanadi. Bilimlarni tekshirish yo‘l-yo‘riqni o‘tkazgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu shaxs tekshirishning xolisligi uchun javobgardir. Nazariy bilimlarni sinab ko‘rish uchun testlardan, shu jumladan, dasturiy ta’minot orqali foydalanishga ruxsat beriladi.
26. Navbatdan tashqari bilimlarni tekshirishga davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari davomida ruxsat beriladi. Yong‘in xavfsizligi talablari bo‘yicha bilimlarni navbatdan tashqari tekshirish xajmi va tartibi uni o‘tkazishga tashabbuskor tomonidan, yo‘l-yo‘riqlarda berilgan materiallar xajmini hamda obyekt faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini (texnologik jarayoni) inobatga olgan holda belgilanadi.
27. Xodimlarning yong‘in xavfsizligi talablari yuzasidan bilimlari o‘z vaqtida tekshirilishini nazorat qilish tashkilot rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
28. Bilim saviyasi (amaliy ko‘nikmalari) qoniqarsiz bo‘lgan shaxslar ishga qo‘yilmaydi hamda qayta yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazilib, bilim saviyasi takroran tekshiriladi.
29. Yong‘inga qarshi birlamchi, takroriy, rejadan tashqari va maqsadli yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazilganligi to‘risida yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riklarni qayd etish jurnaliga belgilar qo‘yiladi. Bunda tegishli yo‘l-yo‘riq dasturining nomi yoki yong‘in xavfsizligi bo‘yicha raqami ko‘rsatilishi shart. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqlar ularni o‘tkazgan hamda yo‘l-yo‘riqdan o‘tgan shaxslarning imzolari bilan tasdiqlanadi.
30. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riklarni qayd etish jurnali raqamlangan, tikilgan va muhrlanib, korxona rahbarining yoki yo‘riqnomani o‘tkazishga mas’ul shaxsning imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Jurnallar oxirgi belgi qo‘yilgan kundan boshlab 3 yil davomida saqlanadi.
31. Yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqlarni (kirish, boshlang‘ich, takroriy) mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar bilan birlashtirishga ruxsat etiladi, agar yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqga tegishli masalalar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq dasturida to‘liq hajmda nazarda tutilgan bo‘lsa.
3-bob. Yong‘in-texnik minimumi dasturlarining namunalari
1-§. Tashkilotda yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar, yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq o‘tkazish vazifasi yuklatilgan xodimlar, shuningdek, yong‘in-texnik komissiyasiyalar a’zolari uchun yong‘in-texnik minimumi dasturi

Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə