1. Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]



Yüklə 24,3 Kb.
tarix23.09.2023
ölçüsü24,3 Kb.
#123485
PQ-5177 06.07.2021(1)




[OKOZ:

1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.01.00 Umumiy qoidalar]

[TSZ:

1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-son Farmoniga muvofiq hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini samarali tashkil etish maqsadida:
1. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilsin.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash, xo‘jalik ishlari, moliya-iqtisod bo‘linmalari va nazorat funksiyasiga ega tuzilmalar rahbarlarini muayyan muddatda rotatsiya qilish hamda suiiste’molchiliklarning oldini olish bo‘yicha boshqa mexanizmlarni joriy etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Adliya vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-oktabrga qadar korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etganligining huquqiy oqibatlarini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. 2021-yil 1-oktabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilsin.
Belgilansinki, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish uchun mas’ul hisoblanadi.
4. Belgilansinki, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi, ularni lavozimidan ozod etish masalasi Agentlik bilan kelishiladi.
Agentlik Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin.
5. 2021-yil 1-avgustdan boshlab davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etilsin.
Moliya vazirligi Agentlik va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda aks ettirilishi lozim bo‘lgan korrupsiyaga qarshi shartlarni ishlab chiqsin va tender (tanlash) shaklida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida hamkorlar (kontragentlar)ni tekshirish tartibini belgilasin.
6. Agentlik 2021-yil 1-dekabrdan boshlab har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e’lon qilish amaliyotini joriy etsin.
7. Agentlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
2021-yil 1-dekabrga qadar daromad va mol-mulk deklaratsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirishning elektron axborot tizimini yaratish, shuningdek, 2022-yil davomida uni soliq, bojxona, davlat kadastri va boshqa tegishli organlar ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish choralarini ko‘rsin;
2022-yil 1-yanvarga qadar mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi bilan Elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali integratsiyalashgan Korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimini ishga tushirsin.
8. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Hisob palatasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Markaziy bank bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar benefitsiarlar reyestrini yuritish amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Qurilish sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida:
a) Qurilish vazirligi 2021-yil 1-oktabrga qadar:
budjet va unga tenglashtirilgan mablag‘lar hamda davlat organlari va tashkilotlari mablag‘lari hisobidan qurilish-pudrat shartnomasi uchun o‘tkaziladigan tender (tanlash)ni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining ma’lumot almashinuvini ta’minlagan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;
qurilish va loyiha tashkilotlari reytingi hamda tender savdolaridagi baholash mezonlari va metodikasini qayta ko‘rib chiqib, ularning ochiqligini ta’minlasin hamda qurilish tashkilotlari toifalari va narx bo‘yicha taklifni baholash mexanizmini joriy qilsin;
elektron tender tizimida ma’lumotlarning haqqoniyligini avtomatik ravishda tekshirish va baholash mexanizmini ishga tushirsin;
b) 2021-yil 1-dekabrdan boshlab xarid komissiyasining ma’lumotlar haqqoniyligini tekshirish va ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish vakolatlari bekor qilinsin.
10. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasi sohasiga shaffoflik standartlarini joriy qilish maqsadida 2022-yil 1-yanvarga qadar avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan “SNAFFOF YO‘L” onlayn axborot platformasini ishga tushirsin.
Ushbu platforma doirasida avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlarining interaktiv onlayn-xaritasi ishlab chiqilsin hamda unda keyingi yilda quriladigan va ta’mirlanadigan yo‘l uchastkalarini aniqlash va ularni xaritaga joylash hamda buni jamoatchilikka taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Adliya vazirligi Transport vazirligi, Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandning ijrosi bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Agentlik, Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi 2022-yil 1-yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarda o‘qitish tizimini joriy etsin.
Ushbu tizim doirasida:
davlat xizmatchilarini o‘qitish tuman darajasida hududiy adliya bo‘limlarida, viloyat darajasida hududiy oliy ta’lim muassasalarida, respublika darajasida Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning filiallarida amalga oshirilsin;
maxsus elektron o‘quv platformasi ishga tushirilib, u orqali davlat xizmatchilarini masofadan turib o‘qitish hamda xususiy sektor vakillari va aholining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilimlarini oshirish yo‘lga qo‘yilsin.
12. Agentlik bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul etib Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev, Agentlik direktori A.E. Burxanov va Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A. Azizov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.K. Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-iyul,
PQ-5177-son


(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 07/21/5177/0644-son)

Yüklə 24,3 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə