1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi]



Yüklə 94 Kb.
tarix28.11.2023
ölçüsü94 Kb.
#137522
323-II 07.12.2001




[OKOZ:

1.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.02.00.00 Sud tizimi / 17.02.14.00 Sudyalar malaka hay’atlari]

[TSZ:

1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Quyidagi qarorlarning Sudyalarning malaka hay’ati to‘g‘risidagi nizomga doir qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-sentabrdagi “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil № 10, 370-modda);
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrdagi “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil № 1-2, 12-modda).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2001-yil 7-dekabr,
323-II-son
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisining 2001-yil 7-dekabrdagi
323-II-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida
NIZOM
LexUZ sharhi
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 22-apreldagi O‘RQ-368-sonli “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan.
I. Cudyalarning malaka hay’atlarini saylash tartibi, ularning faoliyatini tashkil etish va vakolatlari
1. “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq sudyalarning malaka hay’atlari sudya kadrlar bilan ishlashda demokratik asoslarni, munosib nomzodlar ko‘rsatish hamda sudyalar mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida tuziladi.
2. Umumiy yurisdiksiya sudlari sudyalarining oliy malaka hay’ati (bundan buyon matnda Sudyalar oliy malaka hay’ati deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari orasidan besh yil muddatga saylanadi.
Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlari sudyalarining konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari sudyalari orasidan besh yil muddatga saylanadi.
Fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’atlari tegishli sudlar sudyalarining konferensiyalarida, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, okrug va hududiy harbiy sudlar hamda tegishli yuqori sudlarning sudyalari orasidan besh yil muddatga saylanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudyalar oliy malaka hay’ati raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari orasidan saylanadi.
Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati raisi O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlari sudyalarining konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari sudyalari orasidan saylanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari lavozimlariga ko‘ra sudyalarning tegishli malaka hay’atlari raislari hisoblanadi.
(2-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni asosida to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar bilan almashtirilgan — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi va sudyalarning konferensiyasi, agar ularda Plenum yoki konferensiyani tashkil etuvchi sudyalarning kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, sudyalarning malaka hay’atlarini saylashga vakolatlidir.
4. Sudyalar malaka hay’atlari a’zolarining soni ularning ish hajmiga qarab belgilanadi, ammo sudyalar malaka hay’ati raisi va uning o‘rinbosarlari bilan birgalikda to‘qqiz kishidan oshib ketmasligi kerak.
5. Sudyalarning malaka hay’atlari a’zoligiga nomzodlar Plenum a’zolari yoki sudyalar konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan ko‘rsatiladi.
6. Sudya, agar ovoz berish natijalariga ko‘ra ovoz berishda ishtirok etgan sudyalarning yarmidan ko‘pi ovozini olgan bo‘lsa, sudyalarning malaka hay’atiga saylangan hisoblanadi.
7. Sudyalarning malaka hay’atlari o‘z faoliyati to‘g‘risida o‘zlarini saylab qo‘ygan organlarga bir yilda kamida bir marta axborot beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sudyalarning tegishli malaka hay’ati raisi sudyalarning malaka hay’ati faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi hamda sudyalarning malaka hay’ati zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi. Hay’at raisi yo‘qligida uning vazifasini sudyalarning tegishli malaka hay’ati raisi o‘rinbosari amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi sudyalar malaka hay’atlari raislarining sudya kadrlar bilan olib borilayotgan ishlarning ahvoli haqidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi.
Sudyalarning malaka hay’atlari faoliyatida sudya kadrlarning zaxirasini shakllantirish va ularni tanlashda oshna-og‘aynigarchilik, mahalliychilik, xizmat mavqeini suiiste’mol qilish hamda boshqa yo‘sindagi qoidabuzarlik faktlari aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi sudyalarning tegishli malaka hay’ati raisini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish haqida taqdimnoma kiritishga haqli.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudyalarning malaka hay’atlari faoliyatini tashkiliy-texnika jihatidan ta’minlashni, arizalarni qabul qilish va ro‘yxatga olishni, hujjatlarning to‘liqligi va to‘g‘riligini tekshirishni tegishli sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan sudyalar malaka hay’ati kotibi amalga oshiradi.
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
10. Sudyalar malaka hay’ati kotibi:
sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish yoki bo‘shab qolgan muayyan sudyalik lavozimlariga qo‘yish uchun tavsiya etilayotgan shaxslarning hujjatlarini qabul qiladi, tayyorlaydi hamda sudyalarning malaka hay’ati ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;
sudya kadrlarning statistikaga oid va shaxsiy hisobini yuritadi;
sudyalarning malaka hay’atini zarur axborot-tahlil materiallari bilan ta’minlaydi;
sudyalarning malaka hay’ati majlislari bayonnomasini yuritadi;
sudyalar malaka hay’atining boshqa topshiriqlarini bajaradi.
11. Sudyalar oliy malaka hay’ati, Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati:
1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga taqdim etish uchun sudyalarni tanlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyaligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisligi va rais o‘rinbosarligiga, xo‘jalik sudi sudyaligiga nomzodlarning shu lavozimlarda ishlashga tayyorligini baholaydi;
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi raislari va rais o‘rinbosarlarining, shuningdek xo‘jalik sudlari sudyalarining vaqti-vaqti bilan malaka attestatsiyasini o‘tkazib turadi;
4) sudyalarga malaka darajalari beradi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari va rais o‘rinbosarlarini, shuningdek xo‘jalik sudlari sudyalarini ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish masalasini ko‘radi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari va rais o‘rinbosarlarining, shuningdek xo‘jalik sudi sudyalarining intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi;
7) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari va rais o‘rinbosarlarining, shuningdek xo‘jalik sudi sudyalarining vakolatlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
8) sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish haqida xulosa beradi;
9) ushbu Nizomning 11-moddasi 2-bandida sanab o‘tilgan lavozimlarga sudyalar zaxirasini shakllantiradi.
Sudyalar oliy malaka hay’ati fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, shuningdek harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’atlari qarorlari ustidan berilgan taqdimnoma va shikoyatlarni ham ko‘radi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudining, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudyalik lavozimlariga zaxirada turgan shaxslarni belgilangan tartibda o‘qitishni ham tashkil etadi.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni asosida uchinchi qism bilan to‘ldirilgan— O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
12. Fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’atlari:
1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga taqdim etish uchun sudyalarni tanlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;
2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyaligiga nomzodlarning shu lavozimlarda ishlashga tayyorligini baholaydi;
3) Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyalarining vaqti-vaqti bilan malaka attestatsiyasini o‘tkazib turadi;
4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyalarini ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish masalasini ko‘radi;
5) Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyalarining intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi;
6) Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyalarining vakolatlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
7) sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish haqida xulosa beradi;
8) sudyalar zaxirasini shakllantiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
81) sudyalik lavozimlariga zaxirada turgan shaxslarni belgilangan tartibda o‘qitishni tashkil etadi.
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni asosida 81-band bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
9) xalq maslahatchilarini tanlash va ularning saylovini o‘tkazish hamda ularni o‘qitish ishlarini tashkil qiladi.
13. Sudyalar malaka hay’atlarining majlislari zaruriyatga qarab o‘tkaziladi.
Sudyalarning malaka hay’ati o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarni hay’at a’zolarining yarmidan kam bo‘lmagan tarkibida amalga oshiradi.
Sudyalar malaka hay’atining majlisini tayyorlash sudyalar malaka hay’atining raisi yoki uning topshirig‘iga binoan rais o‘rinbosari yoxud sudyalar malaka hay’atining a’zolaridan biri tomonidan ta’minlanadi.
Sudyalar malaka hay’atining majlisi tegishli ariza (materiallar), taqdimnoma yoki intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish sudyalarning malaka hay’atiga kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘tkazilishi lozim.
Sudyalar malaka hay’atining raisi majlis o‘tkaziladigan vaqt va joyni belgilaydi, ko‘rilayotgan masalaga aloqador bo‘lgan shaxslar bu haqda oldindan xabardor qilinadi.
Sudyalarning malaka hay’atlari o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni sudlar, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari rahbarlaridan, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolardan talab qilib olish huquqiga ega.
14. Sudyalar malaka hay’atining majlisiga raislik qiluvchi majlisni belgilangan vaqtda ochadi, qanday masala ko‘rilishini hamda sudyalar malaka hay’atining tarkibini e’lon qiladi.
Sudyalar malaka hay’atining majlisda ishtirok etayotgan a’zosi o‘zini o‘zi rad etishi mumkin, sudyalar malaka hay’atining majlisida masalasi ko‘rilishi kerak bo‘lgan sudya yoki sudyalikka nomzod esa sudyalar malaka hay’atining a’zolarini rad etishga haqli.
O‘zini o‘zi rad etish yoki sudyalar malaka hay’atining a’zosini rad etish masalasi yopiq maslahatlashuvda hal qilinadi.
Masalani ko‘rish raislik qiluvchining yoki sudyalar malaka hay’atining taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni oldindan o‘rganib chiqqan a’zolaridan birining ma’ruzasi bilan boshlanadi. Sudyalarning malaka hay’ati vakolatlariga taalluqli va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarning mohiyatiga qarab, hay’at majlisiga taklif qilingan shaxslarning fikri eshitiladi, zarur hujjat va materiallar tahlil qilinadi, so‘ngra sudyalarning malaka hay’ati o‘z xulosasini beradi yoki tegishli qaror qabul qiladi. Sudyalar malaka hay’atining majlisida bayonnoma yuritiladi va u raislik qiluvchi hamda sudyalar malaka hay’atining kotibi tomonidan imzolanadi.
15. Qaror yoki xulosa shu majlisda ishtirok etgan sudyalar malaka hay’ati a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan yopiq maslahatlashuvda qabul qilinib, chiqarilgan xulosa bayon etilgan holda ular tomonidan imzolanadi va o‘qib eshittiriladi.
Sudyalar malaka hay’atining ish bo‘yicha qabul qilingan qaroriga rozi bo‘lmagan a’zosi sudyalar malaka hay’atining qaroriga imzo qo‘yadi va o‘zining alohida fikrini yozma ravishda bildiradi, bu fikr majlis bayonnomasiga qo‘shib qo‘yiladi.
16. Sudyalarning malaka hay’ati sudyalarning ma’muriy va intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi hamda ularning vakolatlarini to‘xtatib turish haqidagi masalalar ko‘rilganda qaror chiqaradi, boshqa masalalar ko‘rilganda esa xulosa beradi.
17. Sudyalar malaka hay’atining qarori yoki xulosasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak: sudyalar malaka hay’atining nomi, uning tarkibi, ish ko‘rilgan joy va vaqt; ishi ko‘rilayotgan sudyaning mansabi va familiyasi, ismi, otasining ismi; taqdimnoma kiritgan yoki intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atgan shaxsning mansabi va familiyasi; ish holatlari; sudyaning tushuntirishlari va uning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlar; qabul qilingan qaror yoki xulosaning daliliy asoslari; belgilangan intizomiy jazo chorasi yoki intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni tugatish asoslari; qaror (xulosa) ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari.
18. Sudyalar oliy malaka hay’atining, shuningdek Xo‘jalik sudlari sudyalari malaka hay’atining qaror va xulosalari ustidan shikoyat qilinmaydi.
Sudyalarning boshqa malaka hay’atlari qarorlari va xulosalari ustidan qaror yoki xulosa qaysi sudya xususida chiqarilgan bo‘lsa, shu sudya, shuningdek taqdimnoma kiritgan yoki intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atgan shaxs Sudyalar oliy malaka hay’atiga shikoyat qilishi mumkin.
Masalani qayta ko‘rish to‘g‘risidagi shikoyat yoki takdimnoma qaror qabul qilingan yoki xulosa chiqarilgan kundan boshlab o‘n kun ichida qaror yoki xulosa chiqargan sudyalar malaka hay’ati orqali beriladi.
Shikoyat yoki takdimnoma tushishi bilanoq material zudlik bilan Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuborilishi lozim.
19. Sudyalar oliy malaka hay’ati shikoyat yoki takdimnoma bilan kelgan materialni bir oy muddat ichida ko‘rib chiqadi. Sudyalar oliy malaka hay’ati:
qaror yoki xulosani o‘zgarishsiz, shikoyat yoki taqdimnomani esa qanoatlantirishsiz qoldirishga;
qaror yoki xulosani bekor qilish va materialni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;
qaror yoki xulosani bekor qilish va materialni o‘z ish yuritishiga olishga;
qarorni bekor qilish va intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni tugatishga;
qarorni o‘zgartirish va sudyaga boshqa intizomiy jazo chorasi qo‘llashga haqlidir.
Sudyalar oliy malaka hay’atining va Xo‘jalik sudlari sudyalari malaka hay’atining qarori yoki xulosasi tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisiga, umumiy yurisdiksiya quyi sudlarining sudyalariga taalluqli masalalar bo‘yicha esa sudyalarning tegishli malaka hay’atlariga, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, harbiy sudlar sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari yoki xulosalari qaror yoki xulosa qaysi sudya xususida chiqarilgan bo‘lsa, shu sudyaga uch kunlik muddat ichida yuboriladi. Mazkur malaka hay’atlarining qarorlari yoki xulosalari ular ustidan shikoyat berish uchun belgilangan muddat o‘tganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboriladi.
II. Malaka imtihoni o‘tkazish
20. Quyidagilarning:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyaligiga nomzodlarning malaka imtihoni hamda ularning shu lavozimda ishlashga tayyorligini baholash — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi taqdim etgan materiallar asosida yoki vakolati muddati o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining arizasiga binoan Sudyalar oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisligi va rais o‘rinbosarligiga nomzodlarning malaka imtihoni hamda ularning shu lavozimda ishlashga tayyorligini baholash — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi taqdim etgan materiallar asosida Sudyalar oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi sudyaligiga nomzodlarning malaka imtihoni hamda ularning shu lavozimda ishlashga tayyorligini baholash — mazkur sudlarning raislari taqdim etgan materiallar asosida yoki vakolati muddati tugayotgan sudyalarning arizalariga binoan yoxud quyi sudlarning sudyalari arizalariga binoan sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan;
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari sudyaligiga nomzodlarning malaka imtihoni hamda ularning shu lavozimda ishlashga tayyorligini baholash — sudyalik lavozimiga nomzodlarning arizalariga binoan yoki vakolati muddati tugayotgan sudyalarning arizalariga binoan sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan;
okrug va hududiy harbiy sudlar sudyaligiga nomzodlarning malaka imtihoni va ularning shu lavozimda ishlashga tayyorligini baholash — sudyalik lavozimiga nomzodlarning arizalariga binoan yoki vakolati muddati tugayotgan sudyalarning arizalariga binoan harbiy sudlar sudyalarining Malaka hay’ati tomonidan;
xo‘jalik sudlari sudyaligiga nomzodlarning malaka imtihoni va ularning shu lavozimda ishlashga tayyorligini baholash — O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisining taqdimnomasi asosida yoki sudyalik lavozimiga nomzodlarning arizalariga binoan yoxud vakolati muddati tugayotgan xo‘jalik sudlari sudyalarining arizalariga binoan Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati tomonidan o‘tkaziladi.
Sudyalar malaka hay’atining nomzodni yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etish mumkinligi haqidagi xulosasi tegishli sud raisi taqdim etgan materiallar asosida yoxud sudyalarning arizalariga binoan beriladi.
21. Sudyalikka nomzodning malaka imtihoni u bilan suhbat o‘tkazish, og‘zaki savol-javoblar, ro‘yxati sudyalarning tegishli malaka hay’ati majlisida tasdiqlanadigan amaliy masalalarni hal etishdan iborat bo‘ladi.
22. Sudyalarning malaka hay’ati sudyalikka nomzodning malaka imtihonidan o‘tgan yoki o‘tmaganligi to‘g‘risida xulosa beradi. Malaka imtihonini topshira olmagan sudyalikka nomzod kamida bir yildan keyin qaytadan imtihonga qo‘yilishi mumkin.
23. Sudyalarning malaka hay’ati raisi nomzodning yoki sudyaning tayyorligi haqidagi masalaga oid xulosani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboradi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Vakolat muddati tugayotgan sudyalarga nisbatan ularning nomzodini yangi muddatga ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudyalar malaka hay’atlarining mazkur shaxslarning sudyalik lavozimiga munosibligi yoki munosib emasligi xususidagi hamda ularni yangi muddatga tayinlash mumkinligi haqidagi qarori ularning vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboriladi.
(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
III. Sudyalarni malaka attestatsiyasidan o‘tkazish va ularga malaka darajalari berish tartibi
25. Sudyalarning malaka attestatsiyasi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda sudyalar sifat tarkibini yaxshilash, ularning kasb malakasi oshishiga baho berish va rag‘batlantirish, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
26. Malaka attestatsiyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari va rais o‘rinbosarlariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan Sudyalar oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining sudyalariga nisbatan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislarining taqdimnomasiga binoan sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, okrug va hududiy harbiy sudlarning sudyalariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining taqdimnomasiga binoan harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’ati tomonidan;
xo‘jalik sudlari sudyalariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisining taqdimnomasiga binoan Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati tomonidan o‘tkaziladi.
27. Birinchi marta sudyalik lavozimiga saylangan (tayinlangan) shaxslarning malaka attestatsiyasi ular ish faoliyatining dastlabki uch oyi ichida o‘tkazilishi kerak.
Sudyalarning navbatdagi malaka attestatsiyasi ularga berilgan malaka darajasida bo‘lish muddati tamom bo‘lgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Sudyaga muddatidan oldin yuqoriroq malaka darajasi berish uchun unga avval berilgan malaka darajasida bo‘lish muddatining yarmi o‘tganidan keyingina navbatdagi malaka attestatsiyasi o‘tkazilishi mumkin.
28. Malaka attestatsiyasidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan sudyaga attestatsiya o‘tkazishdan kamida bir oy oldin uning kasb faoliyatiga, ishchanlik va axloqiy jihatlariga baho berilgan tavsifnoma hamda ishi haqidagi ma’lumotnoma tayyorlanadi.
Tegishli sudning rahbari sudyani u haqda tayyorlangan tavsifnoma va ma’lumotnoma bilan malaka attestatsiyasi o‘tkazish to‘g‘risidagi materiallarni sudyalarning tegishli malaka hay’atiga yuborishdan oldin tanishtirishi lozim.
Malaka attestatsiyasi o‘tkaziladigan vaqt haqida sudyaga kamida ikki hafta oldin xabar qilinishi kerak.
29. Malaka attestatsiyasi takdimnoma tushgan kundan boshlab bir oy ichida, qoida tariqasida, attestatsiyadan o‘tuvchi sudyaning ishtirokida o‘tkaziladi.
30. Sudyani malaka attestatsiyasidan o‘tkazish raislik qiluvchining yoki sudyalar malaka hay’atining taqdim qilingan hujjat va materiallarni oldindan o‘rganib chiqqan a’zolaridan birining ma’ruzasi bilan boshlanadi. Shundan so‘ng attestatsiyadan o‘tuvchining, zarur hollarda esa, sudyani attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida takdimnoma yuborgan mansabdor shaxsning fikri eshitiladi.
31. Sudyalarning malaka hay’ati sudyaning kasbiy bilim darajasi, ishchanlik jihatlari, ish staji va tajribasi, egallab turgan lavozimiga qarab quyidagi xulosalardan birini beradi:
sudyaga taqdimnomada ko‘rsatilgan malaka darajasi berish mumkinligi to‘g‘risida;
sudyaga yuqoriroq malaka darajasi berish mumkinligi to‘g‘risida;
sudyani ilgari berilgan malaka darajasida qoldirish to‘g‘risida.
Sudyalar malaka hay’atining sudyalarga malaka darajasi berish masalalariga doir xulosalari malaka attestatsiyasi materiallari bilan birgalikda Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuboriladi.
32. Sudyalar oliy malaka hay’ati sudyaga malaka darajasi berish to‘g‘risidagi masalani sudyalarning malaka hay’ati chiqargan xulosa bilan bog‘liq bo‘lmagan holda hal etadi.
33. Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati xo‘jalik sudlarining sudyalariga malaka darajalarini umumiy yurisdiksiya sudlarining sudyalariga beriladigan tartibda beradi.
34. Sudyaga malaka darajasi berilganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi. Sudyalar tegishli malaka hay’atining malaka darajasi berish to‘g‘risidagi qarori tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi matbuot organlarida e’lon qilinadi, shuningdek sudyaning shaxsiy ishiga qo‘shib qo‘yiladi.
35. Sudyalarning faoliyatini baholash hamda odil sudlovni amalga oshirishda ularning mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida sudyalarning tegishli malaka hay’ati vaqti-vaqti bilan, uch yilda bir marta sudyalarning malaka attestatsiyasini o‘tkazib turadi. Sudyalarning davriy malaka attestatsiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan qabul qilinadi.
Agar sudyalarning davriy malaka attestatsiyasini o‘tkazish chog‘ida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 72-moddasi birinchi qismining 1, 3 va 8-bandlarida nazarda tutilgan holatlar aniqlangudek bo‘lsa, sudyalarning malaka hay’ati barcha materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboradi.
IV. Sudyalarning intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘rish tartibi
36. “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 73-moddasiga muvofiq sudya:
odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi uchun;
sud ishini tashkil etishdagi beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun, shuningdek xizmat borasidagi yoki obro‘siga putur yetkazadigan boshqa xatti-harakati uchun faqat sudyalar malaka hay’atining qaroriga asosan intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Harbiy sudning sudyasi harbiy intizomni buzganligi uchun ham intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sud qarorining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishining o‘zi, sud qarorini chiqarishda qatnashgan sudyaning, agar u ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, javobgar bo‘lishiga sabab bo‘lmaydi.
37. Sudyalar oliy malaka hay’ati:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi va rais o‘rinbosarlarining intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘radi.
Fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’atlari sudyalarning intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni o‘z vakolatlari doirasida ko‘radilar.
Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati xo‘jalik sudlari sudyalarining intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘radi.
38. Intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish huquqiga quyidagilar ega:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi — umumiy yurisdiksiya sudlari sudyalariga nisbatan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari — shu sudlar sudyalari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari sudyalariga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi — shu sud sudyalariga hamda okrug va hududiy harbiy sudlar sudyalariga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisi — xo‘jalik sudlari sudyalariga nisbatan.
39. Intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida tegishli sudlarning rahbarlari qaror chiqaradilar, unda intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga sabab bo‘lgan asoslar ko‘rsatilishi shart.
Intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atgan shaxs sudyani javobgarlikka tortish asoslariga taalluqli ma’lumotlarni oldindan tekshiradi va undan yozma tushuntirish talab qiladi.
Ustidan ish qo‘zg‘atilgan sudya intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish materiallari bilan bu materiallarni sudyalar malaka hay’atiga yuborishdan oldin tanishtirilishi shart. Bunda sudya qo‘shimcha tushuntirishlar taqdim etishga yoki qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishni talab qilishga haqli.
Intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror zarur materiallar bilan birga sudyalarning tegishli malaka hay’atiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
40. Intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror uni qo‘zg‘atgan shaxs tomonidan ishni sudyalar malaka hay’atida ko‘rib chiqish boshlangunga qadar chaqirib olinishi mumkin.
O‘ziga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror chaqirib olinayotgan sudya ishni mazmunan ko‘rib chiqishni sudyalarning malaka hay’atidan talab qilishga haqli.
41. Sudya, nojo‘ya xatti-harakat qilganligi aniqlangan kundan boshlab xizmat tekshiruvlariga ketgan vaqt, sudyaning uzrli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan vaqti hamda sudyalarning malaka hay’atida intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga ketgan vaqtni hisoblamaganda, kechi bilan bir oy ichida, ammo nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan e’tiboran esa, kechi bilan olti oy ichida intizomiy jazoga tortilishi mumkin.
42. Zarur hollarda, ishni ko‘rib chiqish boshlangunga qadar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish asoslari qo‘shimcha ravishda tekshiriladi, bunday tekshirishni o‘tkazishni sudyalar malaka hay’atining raisi sudyalar malaka hay’ati a’zolaridan biriga topshiradi. Bunda qo‘shimcha hujjat va materiallar, shuningdek ko‘rib chiqish chog‘ida sudya qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan sud ishlari ham talab qilib olinishiga yo‘l qo‘yiladi.
43. Sudyalarning tegishli malaka hay’ati quyidagi qarorlardan birini chiqarishi mumkin:
intizomiy jazo chorasi qo‘llash to‘g‘risida;
intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni tugatish to‘g‘risida;
intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish materiallarini sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish masalasini qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan organlarga yuborish haqida.
Agar sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish masalasi oldiga qo‘yilgan organ yoki mansabdor shaxs bunga asos yo‘q deb topsa, intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish sudyalarning malaka hay’atiga qaytariladi va ish yuritish qaytadan boshlanadi. Dastlabki qaror chiqqan kundan ishni qaytargunga qadar o‘tgan vaqt intizomiy javobgarlikka tortish muddatlariga kirmaydi.
44. Sudyalarning tegishli malaka hay’ati quyidagi intizomiy jazo choralaridan birini qo‘llashi mumkin:
hayfsan;
jarima.
Jazo qo‘llanayotganida qoidabuzarlikning xususiyati va uning oqibatlari, nojo‘ya xatti-harakatning og‘ir-yengilligi, sudyaning shaxsi, uning aybdorlik darajasi hisobga olinadi.
45. Sudyalarning tegishli malaka hay’ati:
sudya intizomiy javobgarlikka asossiz tortilgan bo‘lsa;
ushbu Nizomning 41-moddasida nazarda tutilgan intizomiy javobgarlikka tortish muddatlari o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa;
intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni majlisda muhokama etish bilangina chegaralanib, intizomiy jazoni qo‘llashni maqsadga muvofiq emas deb topsa, intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni tugatadi.
V. Sudyaning vakolatlarini to‘xtatish
46. “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 71-moddasiga muvofiq sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda sudyalarning malaka hay’ati qarori bilan to‘xtatiladi, agar:
sudya o‘z lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa;
sudya tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan yoki sud qarori bilan uning muomala layoqati cheklangan bo‘lsa;
sudya sud qarori bilan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa.
Sudyalarning tegishli malaka hay’ati sudyaning vakolatlarini to‘xtatishga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lgunga qadar uning vakolatlarini to‘xtatib turadi, ushbu asoslar bekor bo‘lganidan keyin esa sudyaning vakolatlari to‘xtatilishini olib tashlaydi.
VI. Sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish tartibi
47. “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 72-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi sudyasining vakolatlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan;
(47-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-sonli Qonuni tahririda— O‘R QHT, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari sudyasining vakolatlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
(47-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalarining vakolatlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining xulosasiga asosan kiritiladigan taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan muddatidan ilgari tugatiladi.
(47-moddaning to‘rtinchi — beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
Sudyaning vakolatlari: u sudyaning qasamyodini buzgan taqdirda; sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan ogohlantirish qilinganidan yoki vakolatlari to‘xtatilganidan keyin u sudya lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettiravergan taqdirda; sog‘lig‘i holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifasini bajarishga qodir bo‘lmay qolgan taqdirda tegishli sudyalar malaka hay’atining qarori asosida muddatidan ilgari tugatilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
48. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi umumiy yurisdiksiya sudlari va xo‘jalik sudlari sudyalarining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi taqdimnomani sudyalarning tegishli malaka hay’atiga kiritish huquqiga ega.
(48-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
49. Sudyalarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish haqidagi takdimnoma va materiallar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari va rais o‘rinbosarlariga nisbatan — Sudyalar oliy malaka hay’atiga;
boshqa sudlarning sudyalariga nisbatan — sudyalarning tegishli malaka hay’atlariga yuboriladi.
50. Sudyalarning malaka hay’ati sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish haqidagi masalani ko‘rib chiqib, uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishga rozilik berish yoki bermaslik to‘g‘risida xulosa chiqaradi.
Sudyalar malaka hay’atining xulosasi kechi bilan besh kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
VII. Sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirish va nomzodlarni tanlash
51. Sudyalik lavozimlariga tavsiya etish uchun nomzodlar zaxirasini shakllantirish va nomzodlarni tanlash eng yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, yuqori malakali yuristlar — sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, muassasalar va tashkilotlar xodimlari orasidan sudlarning ixtisoslashuvini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlarining, harbiy sudlarning sudyaligiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan lavozimlar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyaligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirish Sudyalar oliy malaka hay’ati tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudyaligiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati tomonidan amalga oshiriladi.
52. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining, okrug va hududiy harbiy sudlarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudining, viloyatlar hamda Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudyaligiga (xo‘jalik sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodi ko‘rsatilayotgan shaxslar bundan mustasno) nomzodlar zaxirasini shakllantirish uchun sudyalarning tegishli malaka hay’atlari o‘zini sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish yoki bo‘shab qolgan muayyan sudyalik lavozimiga qo‘yilish istagini bildirgan shaxslardan arizalar qabul qiladi. Mazkur sudlarning sudyaligiga nomzodlar zaxirasiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, mutaxassisligi bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiritilishi mumkin. Sudlangan shaxslar sudyalikka nomzodlar zaxirasiga qabul qilinishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining sudyaligiga, xo‘jalik sudlarining raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar zaxirasini, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyaligiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 61-moddasi talablariga rioya qilingan holda sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish to‘g‘risidagi arizaga kadrlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa, tarjimai hol, oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi, mehnat daftarchasidan ko‘chirma, oxirgi ish joyidan tavsifnoma ilova qilinadi.
53. Sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish to‘g‘risida ushbu Nizomning 52-moddasi talablariga rioya etilgan holda berilgan arizani qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish rad etilganligi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga shikoyat qilinishi mumkin.
54. Sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish va ro‘yxatga olishni, hujjatlarning to‘liqligi va to‘g‘riligini tekshirishni sudyalar malaka hay’ati kotibi amalga oshiradi.
55. Sudyalarning malaka hay’atlari nomzodlarning kasbiy, ma’naviy-axloqiy va shaxsiy fazilatlari o‘rganilishini tashkil etadi hamda materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay malaka imtihonlari o‘tkazadi, mazkur imtihonlarning natijalariga ko‘ra sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritish yoki zaxiraga kiritishni rad etish to‘g‘risida qaror chiqaradi.
Sudyalarning malaka hay’atlari majlislarida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlarining, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlarining, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining, harbiy sudlarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudining, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudyalari ishtirok etishlari mumkin, ular sudyalik lavozimiga nomzodlarning har biri xususida o‘z fikrini bildirishga, sudyalar malaka hay’atining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda esa o‘z fikrini yozma ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuborishga haqlidir.
Sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritilgan shaxslarga taalluqli ma’lumotlar sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboriladi.
56. Sudyalikka nomzodlar zaxirasiga kiritilishi rad etilgan shaxs bir yil muddat o‘tganidan so‘ng tegishli ariza bilan takror murojaat qilishi mumkin.
57. Sudyalarning malaka hay’atlari sudyalikka nomzodlar zaxirasida turgan hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlarning sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudining va viloyatlar hamda Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudyalari lavozimlariga nomzodi birinchi marta ko‘rsatilayotgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida maxsus kurslarda o‘qitishni tashkil etadi. Maxsus kurslarni tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikat berilgan kunidan e’tiboran uch yil mobaynida amal qiladi.
58. Sudyalik lavozimi bo‘shab qolgan taqdirda, sudyalikka nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar bu haqda sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan xabardor qilinadi. Bunda ushbu Nizomning 57-moddasida nazarda tutilgan sudyalik lavozimiga nomzodi birinchi marta ko‘rsatilayotgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida maxsus kurslarni tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan taqdirdagina xabardor qilinadilar.
Bo‘shab qolgan sudyalik lavozimiga o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslar malaka imtihoni topshiradilar, mazkur imtihon natijalariga ko‘ra sudyalarning tegishli malaka hay’atlari ularning sudyalik lavozimiga munosibligi yoki munosib emasligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
59. Sudyalarning tegishli malaka hay’ati sudyalikka nomzodlar zaxirasida turgan shaxslarning sudyalik lavozimiga layoqatliligi darajasini sudlarning ixtisoslashuvini inobatga olgan holda, imtihon qabul qilish yo‘li bilan baholaydi. Bunda ularning mehnat faoliyati, shaxsi va dunyoqarashi e’tiborga olinadi.
Sudyalarning malaka hay’ati bo‘sh bo‘lgan sudyalik lavozimiga tavsiya etilgan kamida ikki nafar nomzodga doir materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuboradi.
591. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudyalik lavozimlariga saylash yoki tayinlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishish uchun kiritiladi”.
(VII - bo‘lim O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 20-iyuldagi O‘RQ-103-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 29-30-son, 296-modda)
VIII. Xalq maslahatchilari tanlovini tashkil etish
60. Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalarining tegishli malaka hay’atlari tomonidan belgilanadi.
61. Xalq maslahatchilari saylovi sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan tuman (shahar) hokimlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan, harbiy qismlarda esa harbiy qismlar qo‘mondonligi bilan birgalikda tashkil etiladi.
62. Sudyalarning malaka hay’ati:
xalq maslahatchilari saylovini o‘tkazish jarayoni ustidan nazorat olib boradi;
xalq maslahatchilari saylovini o‘tkazish masalalari yuzasidan tushgan ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqadi;
xalq maslahatchilari saylovi natijalarini yakunlaydi;
saylangan xalq maslahatchilari ro‘yxatini tuzadi va tasdiqlaydi;
saylangan xalq maslahatchilariga tegishli guvohnoma beradi;
xalq maslahatchilari o‘qitilishini tashkil etadi;
xalq maslahatchilarini tanlash va ularning saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
63. Xalq maslahatchilari saylovi fuqarolarning ish yoki yashash joyidagi yoxud harbiy qismlarning harbiy xizmat joyidagi yig‘ilishlarda o‘tkaziladi.
64. Yig‘ilishlar kamida yuz saylovchi bo‘lgan mehnat jamoalarida, harbiy qismlarda va aholi punktlarida o‘tkaziladi. Agar saylovchilar soni yuz kishidan kam bo‘lsa, xalq maslahatchilari saylovi boshqa mehnat jamoalari, harbiy qismlar hamda boshqa aholi punktlarida yashovchi saylovchilar bilan birgalikda o‘tkaziladi.
Yig‘ilishlar yirik muassasalar, tashkilotlar, korxonalar va harbiy qismlarda ularning saylovchilar soni kamida yuz kishini tashkil etuvchi tarkibiy bo‘linmalarda o‘tkazilishi mumkin.
Xalq maslahatchilari sayloviga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bo‘ladigan vaqt va joy haqida fuqarolar shunday yig‘ilish o‘tkazilishidan kamida uch kun avval xabardor etiladi.
65. Xalq maslahatchiligiga nomzodlar mehnat jamoalari, fuqarolarning yashash joyidagi saylovchilar tomonidan, shuningdek harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning yig‘ilishlari tomonidan ko‘rsatiladi.
66. Xalq maslahatchilari saylovi har bir nomzod bo‘yicha alohida-alohida, ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Muayyan mehnat jamoasi, harbiy qismning harbiy xizmatchilari yoki fuqarolarning yashash joyidagi saylovchilar yig‘ilishlari qatnashchilarining yarmidan ko‘p ovozini olgan shaxslar xalq maslahatchilari etib saylangan deb hisoblanadi.
67. Yig‘ilishda rais, kotib hamda besh—yetti nafar a’zodan iborat rayosat saylanadi.
Yig‘ilishda bayonnoma yuritilib, unga ovoz berish natijalari kiritiladi. Bayonnoma rayosat tarkibiga kirganlarning hammasi tomonidan imzolanadi. Yig‘ilish bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
yig‘ilish o‘tkazilgan muassasa, tashkilot, korxona, harbiy qism yoki aholi punktining nomi;
yig‘ilish o‘tkazilgan joy va vaqt;
saylovchilar soni;
xalq maslahatchiligiga ko‘rsatilgan har bir nomzodning ismi, otasining ismi, familiyasi;
xalq maslahatchiligiga ko‘rsatilgan har bir nomzodni yoqlab yoki unga qarshi berilgan ovozlar soni;
saylangan har bir xalq maslahatchisining ismi, otasining ismi, familiyasi, tug‘ilgan yili, mashg‘ulot turi, yashash manzili.
yig‘ilish bayonnomasi imzolanganidan keyin sudyalarning tegishli malaka hay’atiga beriladi.
68. Sudyalarning malaka hay’ati yig‘ilish bayonnomalariga asoslanib saylov natijalarini aniqlaydi hamda har bir sud uchun alohida-alohida xalq maslahatchilari ro‘yxatini tuzadi.
69. Xalq maslahatchilari ro‘yxati sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan tasdiqlanganidan keyin tegishli sudga yuboriladi.
70. Sudyalarning malaka hay’atlari xalq maslahatchilari saylovi natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga taqdim etadi, shuningdek xalq maslahatchilarini o‘qitish ishlari qanday borayotganligi haqida vaqti-vaqti bilan mazkur Komissiyaga axborot berib turadi.


(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 2002-y., 1-son, 23-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami.,2004-y., 51-son,514-modda; 2007-y., 29-30-son,296-modda)

Yüklə 94 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə