1-mavzu. DINSHUNOSLIK FANIGA KIRISH
Reja:
1.
Dinshunoslik fanining yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyoti
2.
Din va dinshunoslik atamalarining ta’rifi.
3.
Dinning jamiyatdagi o‘rni va vazifasi.
4.
Dinlarni tasniflash.
Tayanch tushunchalar:
Din, e’tiqod, diniy tashkilot, diniy ong, religiya,
«religio», transsendent, immanent, kult, dinshunoslik, transsendent hodisa,
topinish obyekti, mutloq ruh, «al-Firaq», «ar-Radd», «ad-Diyonot», «al-Milal»,
din fenomenologiyasi, din sotsiologiyasi, din psixologiyasi va din falsafasi.
Mavzu o‘quv maqsadi:
Talabalarda dinning mohiyati, dinshunoslik fanining
yuzaga kelishi tarixi, dinshunoslik fani sohalari, dinning jamiyatdagi funksiyalari,
dinlarning tasnifi haqida tushuncha va tasavvurlarni shakllantirish.
1.
Dinshunoslik fanining yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyoti
. Dinlarni
o‘rganish uzoq tarixga ega. Bu boradagi ilk ma’lumotlarni Qadimgi Gretsiya va
Rim yozuvchilari asarlarida ko‘rishimiz mumkin. Ulardan eng mashhuri «tarix
otasi» nomini olgan Gerodot (mil. avv. V asr) o‘zi tadqiq qilgan xalqlarning dinlari
haqida ma’lumotlar keltirgan. Bu qiziqish O‘rta asr Yevropasida ham mavjud
bo‘lgan. Lekin boshqa dinlar haqida ma’lumot beruvchi shaxslar, xristian dinining
hukmron mafkurasi ta’siri ostida bir tomonlama va yuzaki fikr bildirganlar.
Islom olamida ham dinlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar uzoq tarixga
borib taqaladi. Milodiy VII-VIII asrlardayoq diniy tortishuv(munozara)larni o‘z
ichiga olgan «maqola»lar (keyinchalik «maqolot»), VIII -IX asrlardan e’tiboran
esa boshqa dinlarga «raddiya»lar yozila boshlangan. Keyingi asrlardan esa «al-
Firaq» (Firqalar), «ar-Radd» (Raddiya), «ad-Diyonot» (Dinlar) va «al-Milal»
(Xalqlar) yo‘nalishidagi adabiyotlar vujudga kelgan.
«Ad-Diyonot» (Dinlar) yo‘nalishida yozilgan ilk asar Hasan ibn Muso an-
Navbaxtiyning (vaf. 910) «al-Aro vad-diyonot» (E’tiqodlar va dinlar) kitobi
hisoblanadi. Keyinchalik Mas’udiy (957) o‘zining «ad-Diyonot» (Dinlar),
Masbihiy (1029) «Darkul bug‘yati fiy vasfid diyonoti val ibodoti» (Dinlar va
e’tiqodlar vasfida maqsad me’yori) kitoblarini yozganlar. Shuningdek Beruniyning
(973-1048) «Tahqiqun ma lilhind min maqulatin, maqbulatin fil-aqli av
marzulatin» (Aqlga maqbul yoki noma’qul bo‘lgan Hindistonga oid izlanishlardan)
nomli kitobi ham shular sirasiga kiradi.
«Al-Firaq» (Firqalar) yo‘nalishida yozilgan kitoblarga Abu Mansur
Abdulqodir al-Bag‘dodiyning (vaf. 1038) «al-Farq baynal-firaq» (Firqalar
orasidagi farq) asari hamda Abul-Maoliy Muhammad ibn Ubaydullohning (vaf.
1092) «Baynal-adyon» (Dinlar orasida) asarlarini kiritish mumkin.
5
«Al-Milal» yo‘nalishida Qozi Abu Bakr Baqilloniyning (vaf. 1012) «al-
Milal van-nihal» (Dinlar va xalqlar), Abu Muhammad Ali Ibn Hazmning (vaf.
1064) «Kitobul-fasl fil-milal val-ahvoi van-nihal» (Dinlar, havo va xalqlar haqida
ajraluvchi kitob), Abul-Fath Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniyning
(vaf. 1183) «al-Milal van-nihal» asarlarini sanash mumkin.
«Ar-Radd» (Raddiya) yo‘nalishida ham ko‘plab asarlar dunyo yuzini
ko‘rgan. Ularga Imom G‘azzoliyning (vaf. 1111) «ar-Raddul jamil» (Go‘zal
raddiya), Ibn Kalbiyning (vaf. 819-821) «Kitobul-asnam» (Butlar kitobi) nomli
asarlarini alohida qayd etish lozim.
Darhaqiqat, Musulmon Sharqi o‘lkalarida bu sohada ko‘plab asarlar
yaratilgan bo‘lib, keyinchalik ular «Dinshunoslik» fanining taraqqiyoti uchun
fundamental manba bo‘lib xizmat qilgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniyning «al-
Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya» («O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar»),
«Hindiston», Muhammad ibn Abdulkarim Shahristoniyning «al-Milal van-nihal»
(«Dinlar va oqimlar»), Ibn Hazm Andalusiyning «al-Fasl fil-milal val-ahvo van-
nihal» («Dinlar, adashgan firqalar va mazhabni ajratish») kabi asarlari,
shuningdek, Ibn Nadim (987-988) va Abul Hasan Omiriy kabilarning tadqiqot
ishlari ko‘plab Yevropa tillariga tarjima qilingan. Bu esa, islomiy va arab ilmlarini
o‘rganuvchi G‘arb mutaxassislarining dinlar tarixiga oid islomiy tadqiqot
ishlaridan asosiy manba sifatida foydalanishlari uchun qulay imkon yaratdi.
Bunday asarlarda mualliflar tarixiy voqe’likni to‘g‘ri va xolis yoritganlar. Ular
o‘zlari musulmon bo‘la turib, boshqa din va e’tiqodlar haqida ma’lumot berish
yoki ularni tavsif qilishda noxolislikka olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday
shaxsiy hissiyotlarni suiste’mol qilmaganlar. Buni Shahristoniyning quyidagi
so‘zlari tasdiqlaydi:
«Men har bir firqani (din yoki diniy yo‘nalishlarning hech
birini) yoqlamay, kamsitmay, ularning kitoblarida qanday bo‘lsa, shundayligicha,
undagi xatolarni ajratib ko‘rsatmay bayon qilishga ahd qildim»
.
Beruniy o‘zining «Hindiston» asari haqida shunday yozadi:
«Bu kitob bahs-
munozara kitobi emas, tarix kitobidir. Hindlarning dinlarini ularning o‘zlaridan
o‘rganib, fikrlarini tanqid qilmay bayon qilaman»
. Bu Beruniy asarlarining butun
dunyoga mashhur bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Ibn Nadim esa:
«Dinshunoslik fani hijriy IV-V asrlarga kelib mustaqil fan
sifatida shakllandi.»
, deb yozadi. Bu milodiy X-XI asrlarga to‘g‘ri kelib, aynan shu
davrda Beruniy o‘zining «Hindiston» asarini yozgan.
Yevropada XVII asrga kelib cherkov ta’siridan holi ravishda din haqida
dastlabki noodatiy fikrlar bildirila boshlandi. Fransuz ma’rifatparvarlari (Volter,
Didro, Golbax) din insonlarning yolg‘oni va jaholatining natijasi, din insonlar
hayotidan yiroqlashgani sari taraqqiyotga yo‘l ochiladi, deb hisoblagan. Tabiiyki,
bu kabi yondoshuvlar biryoqlama hamda yuzaki bo‘lib chiqdi.
Olmon faylasufi I.Kant dinga transsendent hodisa sifatida baho berib, uni
eksperimental va nazariy tadqiqot chegaralaridan tashqaridagi, xudoga bo‘lgan
6
ishonchga asoslangan holda ruhning mavjudligi va abadiyligi to‘g‘risidagi maslak
sifatida talqin qildi.
Gegelning “din falsafasi bo‘yicha ma’ruzalar”i falsafiy nuqtai-nazardan
talqin qilingan bo‘lib, juda abstrakt shaklda ta’riflagan. Uning fikriga ko‘ra din
uchta bir-biriga bog‘liq elementlarni o‘z ichiga qamrab oladi:
-
inson ruhiyatining mutloq ruh bilan suhbati natijasi o‘laroq diniy tasavvur
(g‘oyalar) yuzaga kelishi;
-
mazkur g‘oyalar diniy his-tuyg‘u va tajribalarni yaratishi;
-
diniy g‘oya va diniy his-tuyog‘ular sintezi sifatida marosimlarni paydo bo‘lishi;
Umuman, Gegelning dinga bergan ta’rifidagi dinning tuzilishi haqidagi
qarashlari ilmiy jamoatchilik orasida e’tirofga erishdi.
XIX asrga kelib K.Marksning dinga nisbatan keskin tanqidiy ruhdagi ta’rifi
paydo bo‘ldi. U din haqida “yolg‘on dunyoning yanglish dunyoqarashi”,
“shavqatsiz dunyoning yuragi” va nihoyat, “din xalq uchun afyundir” kabi bir
qancha g‘oyalarni o‘z asarlarida keltirib o‘tar ekan, “din kishilik jamiyatining
nomutanosibligi, ijtimoiy-adolatsizlik va zulm oqibatida yuzaga kelgan soxta
tasavvur sifatida jamiyatda kompensatorlik(tasalli beruvchilik) vazifasini bajaradi.
Shunday ekan, adolat o‘rnatilgan kommunistik jamiyatda din o‘z-o‘zidan
yo‘qoladi” deya baholadi.
Rus mutafakkir va faylasuflari (Dostoyevskiy, Solovyev, Berdyayev va
boshqalar) din madaniyatning negizi bo‘lishi bilan birga uning tashkiliy g‘oyasini
axloqning asosi sifatida e’tibor qaratishdi. Ular hozirda mavjud barcha madaniyat
va sivilizatsiyalar diniy poydevor ustiga qurilganini birinchilardan bo‘lib aytishgan.
Bundan tashqari, ular kelajakda ham dinsiz madaniyat paydo bo‘lishi imkonsiz
ekani haqidagi qarashlarini bayon qilidi.
Ehtimol, din haqidagi turli ta’riflar sintezi uning mohiyatini to‘laroq anglash
imkoniyatini berishi mumkin. Biroq, yuqorida dinga berilgan ta’riflarning hech biri
dinning mohiyatini to‘la ravishda ochib berdi, deb ayta olmaymiz.
Zamonaviy Dinshunoslik esa qariyb bir yarim asr avval paydo bo‘ldi.
G‘arbda, zamonaviy ma’nodagi dinlar tadqiqotlari Maks Myuller (1823-1900)
tomonidan boshlab berilgan. Olim 1856 yilda «Qiyosiy mifologiya» va 1870 yilda
nashrdan chiqqan «Dinlarning asosi va shakllanishiga oid dars baholari» nomli
asarlari bilan boshqa dinlarni tadqiq qilishga yo‘l ochgan va kattagina e’tibor
qozongan. U Angliyadagi mashhur Oksford universitetida dinlar tarixidan
ma’ruzalar o‘qigan. O‘zining «Sharqning muqaddas kitoblari tarjima silsilasi»
asarida u ilk bora «religious studies» (dinshunoslik) so‘zini qo‘llagan.
Shunday qilib davrlar o‘tishi bilan Parij, Bryussel va Rim kabi markazlarda
dinshunoslik universitetlar ta’lim dasturlaridan joy olgan.
7
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab dinshunoslik sohasida olib borilgan
izlanishlar shakllangan. Bu davrda turli mintaqalarda zikr qilingan sohada bir
qancha mutaxassislar yetishib chiqqan. Ulardan Van der Lyu, R.Otto, G.Menshing,
J.Vax, F.Xeiler, G.Dumezil, E.G.Parrinder, S.G.F.Brandon, Erik F.Sharp, Ninian
Smart, M.Kitagava, V.Kantvell Smit, Ake V.Strom, Xans J.Shoyps va Mixayel
Paylar nomini zikr qilishimiz mumkin.
2. Din va dinshunoslik atamalarining ta’rifi.
Din so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi «ishonch,
e’tiqod»dir. Istilohiy ma’nosi lotin tilidagi «religion» so‘zi bilan mos keladi.
O‘zbek tili lug‘at adabiyotlarida «din» - ishonch, ishonmoq, e’tiqod, mulk,
hukm, hisob, jazo, tadbir, bo‘ysunish, itoat qilish, ibodat, parhez, yo‘l tutish, odat
qilish, e’tiqod qilish ma’nolarini bildirishi keltirib o‘tiladi.
Islomdan avval turkiy xalqlarning din tushunchasini ifodalash uchun turli
davrlarda «darm», «nom» va «den» kabi so‘zlarni ishlatganlari ma’lum.
O‘zbek tilidagi «din» ma’nosini beruvchi atamalar barcha tillarda mavjud.
Jumladan, zardushtiylarning manbasi «Avesto»da «din» sifatida «daena», qadimgi
fors pahlaviy tilida «den», «din», «dena», «daena» so‘zi ishlatilib, «yo‘l»,
«mazhab», «marosim», «uslub», «tarz» kabi ma’nolarni bildirgan. Ibroniy tilida
istifoda qilinadigan «dath» so‘zi «din» tushunchasini ifodalash uchun umumiy
termin bo‘lib, «hukm», «amr» va «qonun» ma’nolarini anglatgan.
Rus tilida din ma’nosini anglatadigan «religiya» so‘zining kelib chiqishi
borasida lug‘atlarda bir qancha yondashuvlar keltirib o‘tilgan. Ulardan ba’zilariga
ko‘ra mazkur atama lotincha «religio» so‘zidan kelib chiqib, «diyonat, dindorlik,
taqvodorlik, xudojo‘ylik, mo‘minlik, taqvo, muqaddas narsa yoki joy, qadamjo,
ziyoratgoh, ibodat-topinish-sig‘inish va u bilan bog‘liq diniy marosimlar» degan
ma’nolarni anglatadi.
Ikkinchi guruh tilshunoslar «religio» so‘zi semantik, ma’no va morfologik
jihatdan «relegere» so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, «yangidan to‘plamoq, yangidan
tanlashga kirishmoq, qayta ishlab chiqish uchun oldingi sintezga qaytish» kabi
ma’nolarni anglatadi, deb ta’kidlaydilar.
Din tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri
insoniyatning bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo‘lgan, uni
yaratgan, ayni zamonda insonlarga to‘g‘ri, haqiqiy, odil hayot yo‘lini ko‘rsatadigan
va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak,
qarash, ta’limotdir.
Din muayyan ta’limotlar, his-tuyg‘ular, toat-ibodatlar va diniy
tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo‘ladi. U olam, hayot yaratilishini
tasavvur qilishning alohida tariqasi, uni idrok etish usuli, olamda insoniyat paydo
bo‘lgandan to bizgacha o‘tgan davrlarni ilohiy tasavvurda aks etishidir. Din
8
insonni tarbiyalashda asosiy tarbiyalovchi qudratga ega bo‘lgan ma’naviy-axloqiy
kuchdir.
Din asli nima ekanligi turlicha izohlansa-da, umumiy nuqtai nazar shuki, din
ishonmoq tuyg‘usidir. Ishonmoq tuyg‘usi insoniyatning eng teran va ruhiy-
ma’naviy ehtiyojlaridandir.
Din tushunchasiga olimlar tomonidan yuzlab ta’riflar berilgan. Bunda, turli
soha va dunyoqarash egalari, o‘z sohalari va qarashlaridan kelib chiqib dinga ta’rif
berishgan.
Umuman olganda, olimlar muayyan e’tiqod din deb atalishi uchun
uch
asosiy xususiyatga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydilar. Bulardan
birinchisi
,
g‘ayritabiiy iloh (yoki ilohlar) haqidagi tasavvurning mavjudligi. Har bir dinda
topinish obyekti - Xudo bo‘lishi shart hisoblanadi.
Mavjud dinlardagi Xudo haqidagi tasavvurlarni shartli ravishda ikkiga -
transsendent
va
immanent
ilohlarga bo‘lish mumkin. Transsendent ilohlarga
insonlar olamidan tashqarida, insonlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan, qusur va
nuqsonlardan xoli Xudolar kiradi. Bunga misol sifatida tom ma’noda islom
dinidagi Alloh taolo va qisman xristianlikdagi Ota Xudo, yahudiylikdagi
Yaxvelarni keltirish mumkin.
Immanent ilohlar deganda esa tabiatning bir bo‘lagi sifatida tasavvur
qilingan, insonlarga o‘xshab ketadigan, biroq g‘ayrioddiy yaratuvchilik,
buzg‘unchilik, rizqlantiruvchilik kabi kuchlarga ega bo‘lgan Xudolar kiradi.
Bunday turdagi ilohlar ko‘pincha yo antropomorf (inson qiyofasida) yo
zooantropomorf (yarim odam yarim hayvon) yoki zoomorf (hayvon) shaklda
tasavvur qilinadi. Bunga misol sifatida Qadimgi Misr, Yunon, Rim sivilizatsiyalari,
zamonaviy Hindiston, Xitoy, Yaponiya dinlarini sanash mumkin.
Ikkinchisi,
Xudo bilan insonlarni bog‘lab turuvchi kult yoki kultlar
majmuasi. Yuqorida aytilganidek har bir dinda topinish obyekti - Xudo bo‘lishi
lozim. Yaratuvchi bilan insonni bog‘lab turadigan ibodat va marosimlar majmui
(qurbonlik, ro‘za, bayramlar) kult deb ataladi. Kultlar kundalik yoki mavsumiy,
yakka tartibdagi yoki jamoaviy kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Jumladan,
islom dinida «Namoz mo‘minning me’roji» (ya’ni Alloh taoloning huzuriga
ko‘tarilishi) hisoblansa xristianlikdagi «sirli marosimlar»da Muqaddas Ruhning
o‘zi ishtirok etadi, deb hisoblanadi. Shu tariqa, mavjud barcha dinlarda kultlar
vositasida e’tiqodchilar o‘z ilohlari bilan bog‘lanadilar.
Uchinchisi
esa e’tiqodchilarni o‘zida jamlaydigan diniy tashkilotlarning
mavjudligi. Diniy tashkilot, bu bir din izdoshlarining jamoaviy ravishda o‘z diniy
rasm-rusum, ibodat marosimlarini o‘tkazadigan, diniy ta’lim oladigan
muassasalaridir. Islomda - masjid, madrasa, xristianlikda - cherkov, seminariya,
yahudiylikda - sinagoga va hokazo.
9
Dinlar tarixi, ular bilan bog‘liq jarayonlar, dinning inson hayotining turli
jabhalari bilan o‘zaro ta’sirlashuvini o‘rganuvchi fan «Dinshunoslik» deb ataladi.
Dinshunoslik barcha ijtimoiy fanlar qatori ham o‘zining o‘rganish obyektiga
ega. U dinning paydo bo‘lishi, ijtimoiy mohiyati va jamiyatdagi rolini tadqiq qilish
bilan birga diniy e’tiqodlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, ularning jamiyat
taraqqiyotidagi evolyutsiyasini ilmiy jihatdan o‘rganadi.
3.Dinning jamiyatdagi o‘rni va vazifasi
Dinni yopiq va izolatsiya qilingan tizim sifatida o‘rganish mukin emas. U
kishilarning ma’naviy hayotining o‘ziga xos shakli bo‘lib, kishilik jamiyatini turli
davrlarida har-xil mavqega ega bo‘lgan holda ijtimoiy tizimning boshqa
elementlari bilan chambarchas bog‘langan va o‘zaro aloqadorlik kasb etgan.
Mazkur aloqadorlik ijtimoiy ongda diniy g‘oyalar qay darajada o‘rin egallashiga,
diniy faoliyat va diniy munosabatlar bilan bevosita bog‘liq.
Dinning jamiyat hayotidagi o‘rni quyidagicha namoyon bo‘ladi:
-ijtimoiy g‘oya, me’yor, munosabat, guruh va institutlarni muqaddaslashtiradi;
-diniy guruhlar axloqiy mushtaraklikni ta’minlaydi. Diniy faoliyat ijtimoiy
faoliyatning ajralmas qismi hisoblanadi. Sotsial institular o‘z ichida diniy va
dunyoviy hokimyatni birlashtiradi;
-dunyovilik tushunchasi diniy ong bilan bir safda mavjud bo‘lishi.
-diniy ongni jamoa dunyoqarashidan keyin, boshqa tizimlarni ustun sanab, uni
ikkinchi darajali deb qarash. Diniy guruhlarni etnik jamoalardan farqlanishi va
hukumat bilan nomuvofiqlik mavjudligi, diniy hamda dunyoviy hokimyatning turli
institutlarga tegishli ekanligi;
-dinning hech qanday o‘rni bo‘lmagan jamiyat;
Dinning «funksiya» va «rol» tushunchasini farqlash lozim, ular bir biri bilan
bog‘liq, lekin o‘xshash emas. Funksiya - bu dinning jamiyatdagi harakat usuli
bo‘lsa, rol - bu funksiyani bajarish natijalarining jami yig‘indisidir. Dinning
funksiyalari quydagilardan iborat:
Dunyoqarashni shakllantirish
funksiyasi dinda inson, jamiyat, tabiatga
nisbatan aniq bir qarashlarning turlari mavjudligi tufayli amalga oshiriladi. Din
hayotni (mavjudotni) ma’lum nuqtai nazardan tushunish (dunyoni to‘la va undagi
ayrim hodisa va jarayonlarni alohida tushuntirish), dunyoni kuzatish (his qilish va
idrok etish orqali dunyoni aks ettirish), dunyoni his qilish (hissiy qabul qilish yoki
rad etish), dunyoviy munosabat (baho berish) va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
Diniy dunyoqarash yaratganga nisbatan eng oliy tuyg‘u va mezonlarni belgilaydi.
Bunda mavjud borliqqa tushuncha berish, dinga ishonganlar uchun turli
cheklashlar doirasidan chiqish imkonini beradi. Yorqin kelajak, huzur-halovatga
10
erishish uchun umid, azob-uqubat, baxtsizlik, yolg‘izlik, tushkunlikdan ozod
bo‘lishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kompensator funksiya
ham odamlarning ongini qayta shakllanishini, ham
turmushning obyektiv shart-sharoitlarini o‘zgartirishdagi cheklanish, qaram bo‘lish
va ojizlikni to‘ldiradi. Ruhiy erkinlik orqali real jabr-zulm bartaraf etiladi; ijtimoiy
guruhlar gunohga botish va azob chekish borasida teng huquqlik bo‘ladi; diniy
tashkilotlar tomonidan beriladigan xayr-ehsonlar, mehr-shafqat, tarbiya,
daromadlarni qayta taqsimlash mazlumlarning musibatini yengillashtiradi va h.z.
Umuman olganda, ruhiy zarbalarni bartaraf etish, tasalli berish, katarsis va
ma’naviy ozuqa olish kabi kompensatsiyaning psixologik aspektlari muhim
ahamiyatga egadir.
Kommunikativ funksiya
muloqotni ta’minlaydi. U ham diniy, ham diniy
bo‘lmagan faoliyat va munosabatlarda vujudga keladi, axborot almashish, o‘zaro
ta’sir ko‘rsatish, insonni inson tomonidan idrok etish jarayonlarini o‘z ichiga oladi.
Diniy ong ikki xil muloqotni belgilaydi: dindorlarning o‘zaro bir-birlari bilan
muloqoti va dindorlarning ibodat, namoz, meditatsiya, maxfiy qarashlar paytidagi
mediator va vositachilari tomonidan gipostazir jonzotlar (xudo, farishta,
o‘lganlarning ruhi, avliyolar va b.) bilan muloqoti.
Regulyativ funksiya
ma’lum bir g‘oyalar, qadriyatlar, yo‘l-yo‘riqlar, stereotip
qoliplar, fikrlar, an’analar, rusumlar, institutlar orqali individ, guruh va
jamoalarning faoliyati, munosabatlari, ongi va axloqini boshqarishdan iborat.
Ayniqsa, me’yorlar tizimi (diniy huquq, axloq va h.z.), namunalar (taqlid uchun
ko‘psonli misollar), nazorat (qoidalar bajarilishini kuzatish), rag‘batlantirish va
jazo berish (haqiqiy va o‘limdan keyin taqdirlanishiga va’da berish) muhim
ahamiyatga ega.
Integratsion-dezintegratsion funksiya
si individ, guruh va institutlarni bir
tomondan birlashtiradi, boshqa tomondan ularni ajratadi. Integratsiya shaxslar,
ayrim ijtimoiy guruhlar, tashkilotlar, bir butun jamiyatdagi barqarorlik va
chidamlilikni saqlasa, dezintegratsiya uni zaiflashishiga olib keladi. Integratsion
funksiya ma’lum bir ma’noda yagona diniy e’tiqod mavjud bo‘lganda amalga
oshiriladi. Agar shaxslarning diniy ongi va xulq-atvorida bir-biriga muvofiq
bo‘lmagan g‘oyalar, ijtimoiy guruh va jamiyatda bir-biriga qarama-qarshi
konfessiyalar paydo bo‘lsa, dinning funksiyasi dezintegratsion bo‘ladi.
Madaniyatni targ‘ib qilish funksiya
si oldin madaniyatning ma’lum bir
qatlamlari - yozuv, kitob bosish, san’atning umuman rivojlanishiga yordam bergan
bo‘lsa, hozirda ba’zi madaniy fenomenlarni rag‘batlantirib, ba’zilarini inkor etgan
holda diniy, madaniy qadriyatlarni saqlash va ko‘paytirish, ilmiy-ma’naviy
merosni nasldan naslga qoldirish vazifalarini bajaradi.
Legitimlashtirish-legitimlarni olib tashlash funksiya
si ba’zi jamoat tartiblari,
institutlar, munosabatlar, me’yorlar, namunalarni majburiyat sifatida qonuniy
qilish yoki ularning ba’zilarini qonundan chiqarish vazifalarini amalga oshiradi.
11
Din ma’lum huquqiy talab va majburiyatlarni ilgari suradi. Uning asosida ba’zi
ko‘rinishlarga ma’lum munosabatni shakllantirgan holda baho beradi. Bunda
majburiy va e’tiroz qilib bo‘lmaydigan xarakter muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan qisqa xulosa qilib aytganda, din insoniyat tarixida,
birinchidan
, umuminsoniy axloq me’yorlarini o‘ziga singdirib olib, ularni hamma
uchun majburiy hulq-atvor qoidalariga aylantirgan;
ikkinchidan
, odamlarning
bahamjihat yashashiga ko‘malashgan;
uchinchidan
, odamlarda ishonch hissini
mustahkamlagan hamda hayot sinovlari, muammo va qiyinchiliklarni yengib
o‘tishlarida kuch bag‘ishlagan;
to‘rtinchidan
, umuminsoniy va ma’naviy
qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan-avlodga yetkazishga yordam bergan va
shu yo‘l bilan madaniyat rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
4.Dinlarni tasniflash.
Dinshunoslar turli ilm-fan soha vakillari bo‘lib,
dinlarni o‘zlari xos bo‘lgan ilm yo‘nalishi nuqtai nazaridan o‘rganib, turlicha
yondashganlar. Shuning uchun ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar bo‘lishi tabiiydir.
Masalan, din tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimlar dinlarning yuzaga kelish tarixiga
ko‘ra davriy jihatdan yondashib tadqiq etganlar. Boshqa bir guruh olimlar dinlarni
paydo bo‘lgan va tarqalgan mintaqalariga ko‘ra tadqiq etganlar. Ayrim
dinshunoslar diniy nuqtai nazardan yondashib, dinlarni o‘rganganlar.
Jumladan, Yoakim Vax (Joachim Wach), dinlarni «asoschisi bor dinlar»,
«an’anaviy (rasm-rusumli) dinlar»ga, Gustav Menshing esa «milliy dinlar», «jahon
dinlari» ko‘rinishida ikkiga bo‘ladi. Annemari Shimmel esa dinlarni - ilk-
qabilaviy, milliy, jahon dinlari, deb uchga bo‘ladi. Shu bilan birga ba’zi
tadqiqotchilar quyidagi tasnifni keltiradilar:
1.
Sakramental (diniy marosim va rasm-rusumlarga tayanuvchi) din,
2.
Profetik (Payg‘ambarlarga tayanuvchi) din,
3.
Mistik (ruhiy olamga yo‘naltirilgan) din.
Islom ulamolari dinlarni, «haq» va «botil» yoki vahiyga tayanuvchi ilohiy
dinlar, vahiyga tayanmaydigan tabiiy dinlar kabi ikkiga bo‘lishgan. Ibn Hazm (vaf.
456/1064) va Shahristoniy (vaf. 548/1183) kabi musulmon tadqiqotchilari, haq
dinlar uchun «
milal
», botil dinlar uchun esa «
nihal
» so‘zlarini ishlatishni ma’qul
deb topishgan.
Dinlarni tasniflashda mintaqaviy yondashuvdan ham keng foydalanilib,
uning o‘ziga xos jihati shundaki, mintaqadagi aynan bir dinni ikkinchi dinga ta’siri
va o‘zaro qorishuvi yoki turli mintaqa dinlarini o‘zaro o‘xshash jihatlari yoki farqli
tomonlarini o‘rganishdan iborat. Dinlarni quyidagi omillar asosida tasnifga bo‘lish
mumkin:
1.
Qit’alarda tarqalishiga ko‘ra Afrika, Osiyo, Yevropa, Amerika va
Avstraliya dinlari tarzida tasniflash. Biroq bu unchalik munosib tasnif emas.
Chunki, shunday dinlar ham borki, ular bir necha qit’alarga tarqalgan. Xususan,
islom va xristianlik deyarli barcha qit’alarda mavjud. Shuningdek, ba’zi qit’alarda
ozchilikni tashkil etuvchi boshqa dinlar vakillari ham bo‘lishi bilan birga deyarli
12
aksar aholi bir dinga e’tiqod qiladi. Masalan, Yevropada asosan xristianlik ko‘p
tarqalgan, islom dini Amerikaga nisbatan Afrikada ko‘proq tarqalgan. Osiyo
qit’asida islom, hinduiylik, buddaviylik, konfutsiylik, sintoiylik dinlari aralash
tarqalgan. Ba’zan bir qit’ada paydo bo‘lgan din boshqa qit’ada keng yoyilgan.
Masalan, xristianlik Falastinda vujudga kelgan bo‘lsa-da, asosan Osiyo qit’asidan
tashqarida tarqaldi.
2.
Jo‘g‘rofiy mintaqasiga ko‘ra Sharq dinlari va G‘arb dinlari tarzida
tasniflash. Bu dunyoning qutblarga bo‘linishiga monand siyosiy va madaniy
tafovutni aks ettiruvchi keng jo‘g‘rofiy tasnifdir. Sharq dinlariga hinduiylik,
buddaviylik, konfutsiylik, sintoiylik, daolik va boshqa Uzoq Sharq dinlari
kiritiladi.
G‘arb dinlariga yahudiylik, xristianlik va islom dinlari kiritiladi. Aslida islom
dinini G‘arb yoki Sharq dini deb bo‘lmaydi. U jo‘g‘rofiy jihatdan Sharqda yuzaga
kelib, G‘arb mamlakatlarida ham keng tarqalgan. Yahudiylik va xristianlik ham
aslida Sharq dinlari bo‘lib, Yaqin Sharqda vujudga kelgan va G‘arb
mamlakatlarida keng yoyilgan.
3.
Qadimgi dinlar siyosiy mintaqalarga ko‘ra Mesopotamiya dinlari, Suriya
mintaqasi dinlari, Kichik Osiyo yoki Onado‘li dinlari, Fors dinlari tarzida
tasniflanadi.
4.
Dinlarning mamlakatlar hududlariga ko‘ra Falastin dinlari, Arabiston yarim
oroli dinlari, Meksika dinlari, Hind dinlari, Xitoy dinlari, Yapon dinlari tarzida
tasniflanadi.
Uzoq Sharq dinlari kabi ba’zi mintaqa dinlarini diniy mavzusiga ko‘ra aniq
belgilash imkoni bo‘lmagan ko‘p hollarda jo‘g‘rofiy tasnif qulay ilmiy tasnifdir.
Masalan, yahudiylik, xristianlik va islom dinlarini tavhid (yakkaxudolik,
monoteizm) asosida umumlashtirilsa, Uzoq Sharq dinlarini yagona diniy tushuncha
asosida umumlashtirib bo‘lmaydi. Bunday holatda muammoning yechimi sifatida
jo‘g‘rofiy tasnifga murojaat qilish mumkin.
Dinlar unga e’tiqod qiluvchilarning soni, miqyosi, o‘zining ma’lum millat
yoki xalqqa xosligi yoxud millat tanlamasligiga ko‘ra turli guruhlarga bo‘linadi.
Bu guruhlar son jihatdan qancha bo‘lishidan yoki nazariy jihatdan qanchalik yetuk
bo‘lishidan qat’iy nazar, ularni mutlaqlashtirib bo‘lmaydi. Chunki, har qanday
tasnif ma’lum bir jihatga e’tibor berib, boshqa qirralarni qamrab ololmaydi.
Hozirgi kunda din tipologiyasida dinlarning quyidagi tasniflari mavjud:
tarixiy-geografik jihatga ko‘ra;
etnik jihatga ko‘ra;
e’tiqod qiluvchilarining soniga ko‘ra;
hozirgi davrda mavjudligi jihatidan (tirik va o‘lik diniy tizimlar) va h.k.
Bugungi kunda, dinshunoslikka bag‘ishlangan adabiyotlarda asosan quyidagi
tasnif keltiriladi:
13
1)
primitiv diniy tasavvurlar (urug‘-qabila dinlari) - totemistik, animistik
tasavvurlarga asoslangan, o‘z urug‘idan chiqqan sehrgar, shaman yoki qabila
boshliqlariga sig‘inuvchi dinlar. Ular millat dinlari va jahon dinlari ichiga singib
ketgan bo‘lib, hozirda Avstraliya, Janubiy Amerika va Afrikadagi ba’zi qabilalarda
saqlanib qolgan;
2)
millat dinlari - ma’lum millatga xos bo‘lib, boshqa millat vakillari o‘ziga
qabul qilmaydigan dinlar. Ularga yahudiylik (yahudiy millatiga xos), hinduiylik
(hindlarga xos), konfutsiylik (xitoy millatiga xos), sintoiylik (yaponlarga xos)
kiradi;
3)
jahon dinlari - dunyoda eng ko‘p tarqalgan, kishilarning millati va irqidan
qat’iy nazar unga e’tiqod qilishlari mumkin bo‘lgan dinlar. Ular safiga odatda
buddaviylik, xristianlik va islom dinlarini kiritadilar.
Bundan tashqari dinlar ta’limotiga ko‘ra monoteistik - yakkaxudolik
(yahudiylik, islom) va politeistik - ko‘pxudolik (hinduiylik, konfutsiychilik) dinlari
va h.k.ga bo‘linadi. Dinshunoslikka oid zamonaviy tadqiqotlarda yahudiylik,
xristianlik va islom dinlarini Ibrohimiy dinlar (Avraamicheskiye religii) yoki
samoviy dinlar deb atash ham kuzatilmoqda.
Mavzu bo‘yicha savollar
1.
Dinshunoslik fanini o‘qitishdan maqsad nima?
2.
Dinshunoslik fanining rivojlanish bosqichlari haqida nimalarni
bilasiz?
3.
Dinshunoslik alohida fan sifatida qachon shakllangan?
4.
Yevropalik ilk dinshunoslardan kimlarni bilasiz?
5.
Dinshunoslikning qanday sohalari mavjud?
6.
Dinga qanday ta’riflar berilgan?
7.
Dinni o‘rganishda qanday yondashuv turlarini bilasiz?
8.
Din jamiyatda qanday vazifalarni bajaradi?
9.
Dinning regulyatorlik vazifasi deganda nimani tushunasiz?
10.
Dinning kompensatorlik vazifasi nimalardan iborat?
11.
Dinning integratorlik vazifasiga nimalar kiradi?
Mustaqil ish topshiriqlari
1.
Dinshunoslik fanining yuzaga kelishi haqida so‘zlab bering.
2.
Dinshunoslik fanining maqsad va vazifalari haqida so‘zlab bering.
3.
Turli olimlar tomonidan dinga berilgan ta’riflar haqida ko‘rgazmali
slayd tayyorlang (MS Power Point).
Adabiyotlar
1.
Dunyo dinlari tarixi. O‘quv qo‘llanma. –T., Toshkent islom
universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011.
14
Dostları ilə paylaş: |