17- mavzu. Nutqda kommunikativ intensiya Reja Muloqot intensiyasi



Yüklə 121,73 Kb.
tarix23.04.2022
ölçüsü121,73 Kb.
#85941
2 5406910487570945533


17- mavzu. Nutqda kommunikativ intensiya

Reja

  1. Muloqot intensiyasi.

  2. Muloqotda kommunikativ mazmun tushunchasi.

Adabiyotlar:

  1. Boduen dе Kurtеne I.A. Izbranniе trudi po obo‘еmu yazikoznaniyu. - M.: Izd-vo AN SSSR, 1963.t 2.-391 s.

  2. Bozorov O.O. O‘zbеk tilida gapning kommunikativ (aktual) tuzilishi. NDA.- Farg‘ona, 2004. – 21b.

  3. Bondarko A.V. Vrеmеnnaya lokalizovannost. V kn.: Tеoriya funktsionalnoy grammatiki. - L.: Nauka, 1987.-S. 210-233.

  4. Borbotko V.G. Printsipi formirovniya diskursa. Ot psiхolingvistikе k lingvosinеrgеtikе. - M.: Kom Kniga, 2007.-288 s.

  5. Budagov R.A. Yazik – rеalnost – yazik. – M.: Nauka, 1983. -262 s.

  6. Budagov R.A., V kakoy mеrе «Lingvistika tеksta» yavlyaеtsya lingvistichеskoy? V kn.: Budagov R.A. Filologiya i kultura.- M.: Izd-vo MGU, 1980.-S.77-86.

Mantiqiy tahlilga nutqiy akt nazariyasiga formal ruh berish maqsadida murojaat qilinadi. Bu yo‘nalishga J.Ostin va J.Serl hali nutqiy akt nazariyasi rivojining ilk davridayoq asos solishgan edi. Ularning Niderlandiyada tug‘ilib o‘sgan shogirdlari Daniel Vandervekinning ishlarida intensional (illokutiv) mantiq alohida tadqiqot sohasi sifatida shakllandi. Olimning 1990-91 yillarda nashr qildirgan ikki jildli «Ma'no va nutqiy aktlar» (Meaning and Speech Acts) nomli asarida bu yo‘nalishning asosiy g‘oyalari yoritilgan (Vanderveken 1990; Vanderveken 1991). Ushbu asarning birinchi jildida nutqiy tuzilma illokutiv kuchining propozitsiya mazmuniga mutanosibligi illokutiv aktda qanday aks etishi masalasi alohida o‘rganiladi. Muallif bunday mutanosiblikni «umumiy semantika» (general semantics) doirasida o‘rganish mumkinligini uqtiradi. Uningcha, illokutiv aktlar «falsafiy (mantiqiy – Sh.S.) semantika nuqtai nazaridan muhimdir, chunki ular til qo‘llanishi hamda tushunilishida muhim o‘rin egallaydigan eng birlamchi ma'no birliklaridir» (Vanderveken 1990:1).

«Umumiy semantika» g‘oyasini asoslash yo‘lini izlagan D. Vanderveken propozitsiya bilan bog‘liq intensional mantiqni nutqiy harakat bilan bog‘liq bo‘lgan illokutiv mantiq bilan qorishtirish niyatida. Birinchisida, mazmunning haqqoniylik sharti qo‘yilsa, ikkinchisi esa muloqot maqsadiga erishishni (success- conditional) taqozo etadi. Nutqiy tuzilma ma'nosining muloqotda maqsadga erishish bilan bog‘liq tomonlarini aniqlashda illokutiv kuchning yuzaga kelishini inobatga olish talab etiladi. Muallif har qanday illokutiv kuch olti qismdan iborat ekanligini ta'kidlaydi. Bular: (1) illokutiv maqsad; (2) illokutiv maqsadga erishish usuli; (3)propozitiv mazmun; (4) tayyorgarlik sharoiti; (5) samimiylik sharoiti (sincerity conditions) va (6) kuchlilik darajasi (Vanderveken 1990: 105-110).
J.Syorlning nutqiy aktni muloqot tizimining asosiy, tayanch birligi sifatida qarash kerakligi haqidagi fikrini to‘lig‘icha quvvatlash mumkin. Ammo nutqiy aktning diskursni (muloqot matni) tarkib toptiruvchi, tuzuvchi emas, balki uni qismlarga ajratuvchi hodisa deb talqin qilinishiga e'tirozimiz bor. Holbuki, lisoniy hodisalar talqinida ularning yaratuvchanlik imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratmoq darkor. Nutqiy akt ham bundan mustasno emas, u ham matn tuzish, murakkab muloqot birligi bo‘lmish diskursni tarkib toptirish vazifalarini bajaradi.

Muloqot – maqsadli faoliyat va bu faoliyat doirasida bajariladigan har bir harakat ham o‘z maqsadi, intensiyasiga ega. Nutqiy aktlarning intensiyasiga xos xususiyatlar haqida oldingi boblardan batafsil gapirildi. Hozir esa nutqiy intensiyaning ayri holda faollashmasligini eslatmoqchiman. Muloqot matnida nutqiy harakatlarning intensiyasi va mazmuni sintagmatik qatordagi boshqa birliklar ta'sirida ma'lum siljishlarga, o‘zgarishlarga uchrashi mumkin. Demak, matnda kommunikativ va interaksiya – hamkorlik maqsadlari o‘zaro birikadilar.

Muloqot intensiyasi uzatilayotgan axborotning negizini tashkil qiladi. Shu sababli muloqot jarayonida so‘zlovchi tinglovchiga yetkazish istagida bo‘lgan axborotni qanday uzatishi va umuman ushbu axborotni muloqot matniga kiritish yo‘llari masalasiga qiziqish kuchli (Sperber, Welson 1995; Luzina 1994). Muloqot maqsadini bu yo‘nalishda o‘rganishda asosiy e'tibor muloqotning kognitiv jarayon sifatida kechishiga qaratiladi. E'tibor bering: muloqotga kirishayotgan shaxsning asosiy maqsadi axborotni uzatish emas, balki tinglovchini ushbu maqsadni anglashga undashdir. Aynan shuning uchun ham kommunikativ birlik mazmuni voqyelik haqidagi xabar bilan chegaralanib qolmaydi, balki propozitsiya mazmuniga qo‘shimcha ma'nolarni ham ifodalaydi (Bunday qo‘shimcha ma'no turiga, masalan, emotsiyani kiritish mumkin).

Maqsadli ifodalanadigan kommunikativ mazmun va so‘zlovchi istagi bilan bog‘liq bo‘lmagan holda tinglovchi idrokida (qabulida) hosil bo‘ladigan informativ mazmun bir-birini inkor qilmaydi, aksincha, ular o‘zaro qorishib, birikib, muloqotning samaraliligini ta'minlovchi omilga aylanadilar. Kommunikativ va informativ mazmunlar uyg‘unligi muloqot tizimi makrobirligining yaxlitligini ta'minlaydi. Hozirgi paytda bunday yaxlitlik xususiyatiga faqatgina diskurs ega ekanligi e'tirof etilmoqda.

Nutqiy aktning bu turdagi vazifalarini aniqlash uchun intensiya tahliliga, ya'ni nutqiy harakat maqsadini aniqlashga yo‘naltirilgan tahlilga murojaat qilmoq kerak. Intensional tahlilda kommunikativ jarayonda voqyelanadigan nutqiy faoliyatning so‘zlovchi maqsadi, istagi bilan bog‘liq tomonlari o‘rganiladi. Odatda, ushbu tahlil uslubi asoschilari (Searl 1983) har bir nutqiy harakatga yagona bir maqsadga (yagona intensiyaga) ega bo‘lgan birlik sifatida qarash tarafdoridirlar. Ammo men bu dunyoni juda erta tark etgan marhum do‘stim, Kiev universitetining professori Oleg Georgeevich Pochepsov fikriga qo‘shilish istagidaman. Uning talqinicha, «nutqiy harakat va bu harakat vositasida voqyelanadigan maqsad so‘zlovchi ko‘zlagan asosiy maqsadga erishishning faqatgina bir bosqichidir» (Pochepsov 1986: 75). Shuning uchun ham olim umumiy intensiyani ikki qismga ya'ni «boshlang‘ich intensiya (maqsad)» va «natijaviy intensiya»ga ajratishni taklif qiladi. Intensional tahlilning bu turi haqiqatdan ham nutqiy aktning mazmunini to‘liqroq tasavvur qilish imkonini beradi. Masalan, «Vokzalga qanday borsa bo‘ladi?» gapi talaffuz etilganda, so‘zlovchining boshlang‘ich maqsadi tinglovchidan kerakli axborotni olish, ya'ni vokzalga qanday borishni bilib olishdir. Lekin asl niyat boshqacharoq: vokzalga yetib olish. Xuddi shu niyat oxirgi yoki natijaviy maqsaddir. Demak, nutqiy harakat bajarilishini ikki bosqichli jarayon sifatida qarash mumkin: birinchisida boshlang‘ich maqsad ifodalansa, ikkinchisida natijaviy maqsad hosil bo‘ladi.

O.G.Pochepsov boshlang‘ich maqsad harakati gapning strukturaviy semantik xususiyatlariga asosan mos kelishini qayd etadi. Binobarin, «Vokzalga qanday borsa bo‘ladi?» nutqiy tuzilmasining boshlang‘ich intensiya akti so‘rovdir, «Bugun universitetda uchrashuv bo‘ldi» tuzilmasiniki – darak, xabar berish bo‘lsa, «Kitobimni qaytar!» tuzilmasida boshlang‘ich intensiya so‘zsiz, buyruq, talab qilishdir. Ammo natijaviy maqsad harakatlari birinchidan, son jihatidan ko‘p, ikkinchidan, ular uchun gapning struktur-semantik tuzilishi hyech qanday ahamiyatga ega emas. Natijaviy intensiyaning shakllanishi gaplarning nafaqat ma'no xususiyatlari, balki ularning faollashuv muhiti, nutq konteksti bilan ham bog‘liqdir. Boshqacha aytganda, natijaviy maqsad akti, lisoniy harakatlar bilan bir qatorda, nolisoniy harakatlarni ham qamrab oladi.

haqiqiy muloqot tizimida hosil bo‘ladigan nutqiy tuzilmalar tarkib va mazmun jihatidan murakkab strukturaga ega bo‘lishi mumkinligi barchamizga ma'lum voqyelikdir. Bundan tashqari, yagona bir propozitsiya mazmuni va strukturasiga ega bo‘lgan gap turli sharoitda turli illokutiv maqsadni ifodalashi mumkinligini ham unutmaslik lozim. Masalan, «Sening nohaq ekanligingni aytsam maylimi?» gapi vositasida savol (ijozat so‘rash) va tasdiq ya'ni suhbatdoshning nohaqligi haqida xabar berish maqsadlari ifoda topadi. Bunday poliintensionallik (ko‘p maqsadlilik) ifodalanadigan nutqiy harakatlar (Pospelova 1988: 149) formal talqini uchun qo‘shimcha formallashtirish amallariga murojaat qilish ehtiyoji tug‘ilish muqarrardir.

Muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘zaro munosabatlar tengligini ta'minlash uchun kommunikativ maqsadga mos keladigan harakatlar rejasini tuzadilar va ushbu rejani amalga oshirish imkonini beradigan lisoniy vositalarni tanlaydilar. Kommunikativ maqsad ifodasi ikki yo‘sinda kechishi ma'lum. Bularning biri intensiyaning yashirin ifodasi bo‘lsa, ikkinchisi fikrni ochiq izhor qilishdir. Yaqinda o‘qituvchilarimizdan biri qiziq bir voqyeani hikoya qilib berdi: Samarqandda o‘tkazilgan anjumanda ishtirok etish uchun kelgan poytaxtlik yirik bir professor shahar markaziy univermagini aylanish istagini bildiradi-yu, yaqinda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, lekin hozircha OAKdan tasdiq olmagan haligi o‘qituvchimiz unga hamrohlik qiladi. Univermagda poytaxtlik mehmon charm kurtkani yoqtiradi va uni kiyib, «Eh, attang, yetarlicha pul olib kelmabman-ku», deb hamrohiga murojaat qiladi. Tagma'noni anglagan suhbatdosh to‘g‘risini aytib qo‘ya qolibdi: «Domla, kechirasiz, mening ham pulim yo‘q».

P.Braun va S.Levinsonlar, kommunikativ maqsadni ifodalash yo‘llarining farqiga nisbatan «salbiy va ijobiy hurmat»ni (negative and positive politeness) farqlashni taklif etadilar. Ularning birinchisida o‘zgalarning vaqtini olayotganligi, e'tiborni jalb qilayotganligi uchun, ularga yetkazilayotgan «zarar»ning o‘rnini to‘ldirish ehtiyoji bajariladi. Binobarin, «Kechirasiz, band ekanligingizni bilaman, lekin menga maqolani yozishga yordam bera olmaysizmi?» Lekin xuddi shu iltimos intensiyasi do‘stona vaziyatda, ijobiy hurmat sharoitida boshqa ko‘rinish oladi: «Menga ushbu maqolani tugatishga yordamlashib yubor!»

Ikki turdagi hurmat strategiyalarini faollashtiruvchi lisoniy vositalar tuzilishi jihatidan o‘zaro farq qiladilar. Masalan, salbiy hurmat strategiyasini (negative politeness strategy) faollashtiruvchi nutqiy tuzilmalar struktura jihatidan mukammalroq ko‘rinishga ega bo‘lib, ular ko‘pincha bilvosita nutqiy aktlarni ifodalovchi tuzilmalar (so‘roq gap, shart mayli va hokazo) vositasida hosil bo‘ladi. Bilvosita ifodalanayotgan, mazmunan unchalik aniq bo‘lmagan, odatda shakliy jihatdan uzun nutqiy tuzilmalarning qo‘llanishi so‘zlovchi hurmat va qadriyatni saqlashga urinayotganidan darak beradi.

Zamonaviy tilshunoslikda deyksis hodisasi keng ma'noda talqin qilinib, uning nutqiy faoliyatning barcha turlariga oidligi e'tirof etilmoqda. Deyktik mazmun kommunikativ harakatning «zamon-makon-ijtimoiy tuguni qo‘shimchasi» (Kravchenko 1992: 88) sifatida hosil bo‘ladi hamda turli shakl, ko‘rinishda namoyon bo‘lish imkoniyatiga ega. His-tuyg‘uning nutqiy faoliyat kechishidagi ta'siri emotsiya deyksisining turli ko‘rinishlarini namoyon qiladi. V.I. Shaxovskiy va uning shogirdlarining fikricha, emotsional nutqiy faoliyatning kechishi to‘rt asosiy xususiyatning o‘zaro munosabati natijasidir. Bunday ko‘rsatkichlar quyidagilardir: 1) so‘zlovchining emotiv maqsadi (intensiyasi); 2) uning hissiyotining modalligi; 3) emotsionallik darajasi; 4) emotsiyaning yo‘naltirilishi, ya'ni mo‘ljali (Shaxovskiy, Jura 2002: 47).

Ye.M.Volf emotsional nutqiy birliklarning ikki xil intensiyaga (maqsadga) ega bo‘lishini ta'kidlamoqchi bo‘lgan edi. Birinchi turida tinglovchida ma'lum bir his-tuyg‘u tug‘dirish maqsadi ko‘zlansa, ikkinchisida esa so‘zlovchi o‘z hissiyotlarini ma'lum qilishga harakat qiladi (Volf 1985: 166). Biroq bu ikki turdagi maqsadni bir-biridan ajratish qiyin, har ikkala holatda ham kommunikativ vazifa bir xilda namoyon bo‘ladi va nutqiy harakatdan kutiladigan samara ham yagonadir. Chunki har qanday holatda ham nutq sub'ekti bayon qilinayotgan hodisa va nutq vaziyatiga emotsional baho beradi hamda tinglovchining xatti-harakatiga ta'sir o‘tkazadi.



Hozirgi zamon xorijiy tilshunoslikda 1972 yilgacha matn lingvistikasi pragmatikaga oid umumlashtirilgan qo‘lga kiritilgan ishlar V.Dresslerning “Matn nazariyasi muammosi” nomli ishida o‘z aksini topgan. U D.Vunderlix, V.Kummer, G.Klaus fikrlariga qo‘shilgan holda suhbat ishtirokchilarining til belgilariga munosabati pragmatika asosi hisoblanadi deydi.1 Shu bilan birga u o‘rganilayotgan holatning funksional xususiyatiga ham diqqat qaratadi. Ya'ni til belgilarining kommunikatsiya aktlaridagi qator ekstralingvistik elementlarga bog‘liqligini aytadi. Bundan tashqari, V.Dresler matn pragmatikasi ekstralingvistik statusga ega (“pragmatika lingvistikaga umuman tegishli emas”) deb e'lon qiladi.2 Aytgancha, “Matn pragmatikasi” deb nomlanuvchi tilshunoslikning matn tahlili bo‘limida muallif lingvistik elementlarni pragmatik ma'no sifatida qayd etganidek, lingvistik belgilar va ekstrolingvistik sharoitlar bog‘liqligini aytadi. Aniqroq qilib aytganda, u pragmatik relevant dolzarb bo‘linishi, so‘zlarning pragmatik roli jihatidan tartibi, semantik aloqaning pragmatik asoslanganligi va shu kabilar haqida gapiradi. Muallif tomonidan tildagi ziddiyatlarni yechishda pragmatikaning o‘rni; matnning pragmatik shartlari kabi mavzuni lingvistik jihatdan amalga oshirilishi; matnning pragmatik jihatdan tobe bosh va oxirgi qismlarini lingvistik bezash kabi masalalar ko‘rib chiqiladi. Tahlil natijalari V.Dresslerni matndagi lingvistik elementlarda pragmatik holatlar ham bor degan fikrga keltiradi. Shuning uchun bizda pragmatika va lingvistika bir-biriga qiyoslanmaydigan holat, ularni bir-biriga qarshi qo‘yish mumkin emas, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Bizningcha, pragmatikani matndagi bir aspekt sifatida semantika bilan bir qatorda qarab chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qizig‘i shundaki, V.Dressler tez-tez matn pragmatikasiga matn tuzilishi darajasidagi kabi izohlar bergan.3 V.Dressler o‘z ishlarida bevosita matn pragmatikasi masalalariga juda kam e'tibor qaratgan. V.Dressler muallif maqsadi, jo‘natuvchi va qabul qiluvchining layoqati va bilimdagi shart-sharoitlari, oluvchining joyi va qabul qilish kengligi, sotsial munosabatlarda jo‘natuvchi va oluvchi o‘rtasidagi shart-sharoitlar, jo‘natuvchining intensiyasi kabi masalalarni pragmatik deb hisoblaydi. Shuningdek, kommunikativ tasniflash1, performativli predikatlar – qaysikim xabar berish vazifasini bajaruvchi (Darstellungsfunktion), matn yordamida xabar qabul qiluvchi, istak hosil qilish vazifasini bajaruvchi (Auflosungsfunktion), baholash vazifasini bajaruvchi (Bewertungfunktion) – jo‘natuvchi bahosi, murojaat vazifasini bajaruvchi (Kundgabefunktion) kabi muammolar ham shu yerga kiritiladi. Ana shulardan kommunikativ predikatlarga munosabat paydo bo‘ladi. Yuqorida bayon qilinganlardan shu narsa anglashiladiki, sanab o‘tilgan funksiyalarning hammasi yagona maqsadga – qabul qiluvchining ta'sir doirasiga qaratilgan va ular ta'sir doirasining turli yo‘llarini hosil qilishi mumkin. Ya'ni-to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qilish (funksiya pobujdeniya) va noto‘g‘ri yo‘l bilan ta'sir qilish (funksiya soobsheniya, funksiya obrasheniya, otsenochnaya funksiya). Matn pragmatikasi mavzusining munozarali masalalariga V.Dressler pragmatika mazmunini kiritadi1 Bu muammo bo‘yicha bir qator fikrlarni bayon etadi. Shulardan biri matn pragmatikasi gap pragmatikasi qiymati sifatida o‘rganilishidir. Z.Shmidt, Ya.Petefi, Van Deykning fikrlaricha, matn butun holicha o‘z muallifiga va qabul qiluvchisiga tegishli bo‘lib, butun boshli matn orqali ma'lum bir maqsadga erishiladi. Aniqroq qilib aytganda matnni jo‘natish – ma'lum bir maqsad yo‘lidagi kommunikativ holatdir.2 Bizning fikrimizcha , har ikkala fikr ham to‘g‘ri. Chunki ular bir-biriga qarama-qarshi ma'no anglatmasdan, aksincha bir-birini to‘ldiradi. Bu matn tahlilida katta yordam beradi.
Nutqiy ta’sir:

1. Maqsadga qaratilgan.

2. Suhbatdoshga qaratilgan.






1 1 Dressler.V.Problema teorii teksta. –M.: MGU, 1978. –S.92. 2 Dressler.V.Problema teorii teksta. –M.: MGU, 1978. –S.67. 3 Dressler.V.Problema teorii teksta. –M.: MGU, 1978. –S.73.

“Ta'lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasida intellektual salohiyatli yoshlar mamalakat taraqqiyotining muhim omili” konferensiya materiallari.



Yüklə 121,73 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə