19-amaliy mashg‘ulot Mavzu



Yüklə 19,88 Kb.
tarix11.05.2022
ölçüsü19,88 Kb.
#86737
19-amaliy mashg'ulot


19-amaliy mashg‘ulot

Mavzu: Badiiy matnlarni trop va figuralar asosida tahlil qilish, bu vositalarning uslubiy vazifasini aniqlash

Darsning maqsasdi: Talabalarga mavzu bo’yicha nazariy ma’lumotlar berish va berilgan matnlar asosida talabalar tomonidan o’zlashtirilgan bilimlarni aniqlash.



Topshiriq: Berilgan matnni trop va figuralar asosida tahlil qilish, bu vositalarning uslubiy vazifasini aniqlash

Sovuqni yomon ko‘rardilar

(“tushda kechgan umrlar” asardan parcha)

Shahnoza melisaxonaning fayzsiz yo‘laklaridan o‘tib borarkan, hech kimni ko‘rmas, hech nimani eshitmas edi. Guvoh sifatida «povuska» olganidan beri ayasi nuqul qulog‘iga quyadi: «Gapingni bilib gapir, jon bolam, tag‘in seniyam oyog‘ingdan tortib yurmasin!» Dadasi xavotirda. Kecha «nachalnik»ka qo‘ng‘iroq qilmoqchi edi, ayasi bobillab berdi: «Nima qilasiz podadan oldin chang ko‘tarib! Melisa «gunohi bo‘ynida ekanki, tipirchilab qopti», demaydimi! Nima, Shahnoza erini bo‘g‘ib o‘ldiribdimi?!» Shahnoza zinalardan tushib borarkan, vujudida allaqanday loqaydlik, karaxtlik sezdi. Dunyolaringga o‘t tushib ketmaydimi Rustam aka bo‘lmaganidan keyin! Eshik oldida turgan melisaga ruxsat qog‘ozini topshirib, tashqariga chiqdi-yu, bir lahza turib qoldi.

Qor yog‘yapti. Birinchi qor... Ertalabdan beri ezib yoqqan yomg‘ir oxiri qorga aylanibdi. Yeru ko‘kni kafanga o‘rab tashlashga qasd qilgandek, shunaqangi shiddat bilan yog‘yaptiki, ko‘cha chetidagi daraxtlar tabiatning muqarrar hukmi oldida nochor ta’zim bajo qilgandek enkayib qolibdi. Yupun kiyingan odamlar sirpana-sirpana jonsarak yugurgilaydi. Mashinalar g‘ildiragi ostidan loy aralash qor sachraydi... Rustam akasi qorni yomon ko‘rardi. Devdek gavdali, Alpomishdek baquvvat odam sovuq tushar-tushmas bo‘yniga sharf o‘rab olar, Shahnoza: «Voy-bo‘, qorbobo bo‘p keting-e!» — desa, «Hayronman, Shahnoz, shu qor degan narsa yog‘masa kimning ko‘ngli qolarkin?» — deb gapni hazilga burardi. «Mozori ustini bir qarich qor bosgandir? Qandoq yotganiykin Rustam akam? Bechora Rustam akam! Nega ketdim? Nega ketdim o‘sha kuni!» Shahnoza toyg‘ona-toyg‘ona shoshqin yurib ketdi. Unsiz yig‘lab borar, oyog‘idan zax o‘tib ketganini, muzdek qamchisi bilan ayovsiz savalayotgan qor orasidan lablariga sho‘rtang ko‘z yoshi sizib kirayotganini his etib turar, biroq hech nimani o‘ylagisi kelmas, xayolida qatiy bir ahd qasamdek charx urardi. Boradi! Piyoda boradi Qozirobod mozoriga! Rustam akasining boshiga yoqqan qorni sidirib tashlaydi. Mana shu qo‘llari bilan! Bu dunyoda rohat ko‘rmadi, aqalli u yoqda tinch yotsin sho‘rlik! O‘shanda, birinchi kursda o‘zining boshiga qor yoqqanida kurab tashlagan, jonini asrab qolgan Rustam akasi edi-ku!

* * *


Shahnoza shahar maktabida o‘qigani uchun umrida paxtaga bormagan edi. Institutda «Ertaga paxtaga ketiladi», degan e’lonni eshitib, shoshib qoldi. Barvaqt bormasa, qolib ketadigandek, kechasi bilan ivir-g‘avir bo‘lib chiqdi. Talabalarning paxta hasharidagi romantik sarguzashtlarini ko‘p o‘qigan, televizorda muntazam ko‘rsatiladigan manzaralar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lar, tezroq dalaga borgisi, paxta tergisi kelardi. Ayasi bo‘g‘irsoq, pechene pishirdi, xuddi Shahnoza och qoladiganday kattakon sumkaga quyultirilgan sut, konservalar tiqishtirdi. Ko‘rpa-to‘shagini buklama karavot orqasiga tiqib adasining mashinasida institut oldiga kelishsa, hali odam to‘planmagan ekan. Hatto ikki qadam naridagi yotoqda turadigan talabalar ham tushmabdi. Shahnoza ko‘cha chetidagi chinor tagida turgan Dilya - Dilfuzani ko‘rib, yugurib bordi. Mittigina gavdali Dilfuza ham shaharlik edi. U ham birinchi marta paxtaga borayotgani uchunmi, saharlab kelib olibdi... Avtobuslar karvoni tushga yaqin yo‘lga tushdi. Imillab, uzoq yurdilar. Raqam bilan nomlanadigan sovxozlardan birining markazida taqsimot bo‘ldi. Shahnozalarning avtobusi yana ancha yurdi. Nihoyat cho‘l-biyobonning qoq o‘rtasida, bostirmaga uxshagan allaqanday pastak, uzun bino oldida to‘xtashdi. Binoning beton devorlari sho‘rlab ketgan, derazalarning oinasi singan edi. Sal narirokda atrofi qora qog‘oz bilan o‘ralgan hojatxona qo‘nqayib turardi. Yuz qadamcha olisda esa oppoq popiltiriqlari shamolda silkinayotgan qamishzor shovullar edi. Yuklarni tushirishdi. Shahnoza qo‘rqa-pisa ichkariga bosh suqdi-yu, darrov qaytib chiqdi. Bostirmaning qorayib ketgan pastak shiftida olmadekkina lampochka osilib turardi. Bor-yo‘q jihoz shu. Yuzlari oftobda qoraygan, norg‘ul gavdali, qoshlari qalin Rustam aka (kursdagilar yoshi kattaroq bo‘lgani uchunmi uni shunday deb chaqirishardi) darrov bolalarni ishga soldi.

— Bor, burgan yulib kel! – dedi yigitlardan biriga.

– Qizlar, barakni supurib chiqasizlar! Birpasda ish qizib ketdi. Dilya barakni supurdi. Shahnoza paqir ko‘tarib, suvga ketayotgan edi, Rustam yigitlardan biriga buyurdi: — Suvga sen bor! Ehtiyot bo‘l, quduqqa engashma...

– Quduq degani semon quvurni tik qilib yerga ko‘milgan narsa ekan. Mashinada suv olib kelib, xlor aralashtirib, shu «quduq»qa quyisharkan. Rustam, ehtiyot bo‘l, deb bejiz aytmagan ekan. Bultur qaysidir sovxozda talabalardan biri sirg‘anib, quduqqa tushib ketibdi. O‘rtoklari tortib olguncha tamom bo‘pti... Barakning o‘rtasiga brezent parda osib, ikkiga bo‘ldilar. Bir tomonga bolalar joylashdi, bir tomonga qizlar. O‘sha oqshom non-choy qilib yotib qolishdi. Kechqurun Shahnoza Dilya bilan tashqariga chiqqan edi, qamishzor tomondan chaqaloq yig‘isi eshitildi.

— Nima bu, Dilya? – dedi qo‘rqib.

— Chaqaloq yig‘layapti, shekilli...

– Ikkovlari barakka yugurib kirdilar.

— Qizlar, anavi qamishzor ichida chaqaloq yig‘layapti! – dedi Dilya ovozi titrab. Parda to‘siqning narigi tomonidan Rustamning ovozi keldi.

— Chaqaloqmas, shoqol! – dedi vazminlik bilan.

– Chiyabo‘ri... Qo‘rqmanglar.

– Birpas jim turdi-da, qo‘shib qo‘ydi:

– Tashqariga yolg‘iz chiqmanglar... Shahnoza anchagacha uxlolmay yotdi. Pardaning narigi tomonida chiroq yoniq turar, bolalar, chamasi, qarta o‘ynar edi... Bir mahal qo‘zi ilingan ekan, bo‘ynidan allaqanday sovuq, yumshoq narsa o‘rmalab o‘tayotganini his qildi. Jonholatda chinqirib yubordi. Qo‘li bilan siltab tashlagan edi, boyagi narsa yerga tushganini idrok etdi. Qizlar uyg‘onib, hammayoq qiy-chuv bo‘lib ketdi. Kimdir chiroqni yoqdi. Shahnoza qo‘rquvdan ko‘zlari olaygancha yig‘ma karavotda o‘tirar, nuqul bir gapni takrorlar edi:

— Annaqa... yumshoq narsa... Narigi tomondan Rustam chiqib keldi. Egnida eski jinsi shim, ko‘ylakchan.

— Sichqon-ku! – dedi kulib. (Kulganda chehrasida nur porlab ketgandek bo‘ldi.)

— Qo‘rqmang. Hademay o‘rganib ketasiz... To‘g‘ri aytgan ekan. Bir hafta-o‘n kun o‘tib, qizlar to‘shagi ustida o‘rmalab yurgan sichqonni ko‘rsa qo‘rqmaydigan bo‘lishdi. ... Uchinchi kuni kulliyot komsomoli rahbari — oppoq, dumaloq yuzli, mo‘ylovi o‘ziga yarashgan Sanjar aka majlis qildi. Aytishiga qaraganda, norma qat’iy ekan. Paxta - yetmish kilo, podbor - yuz ellik kilo. Kim normani bajarmasa – o‘qishdan haydaladi! «Sanjar aka» gapiryapti-yu, Dilya nuqul tirsagi bilan Shahnozaning biqiniga turtadi. «Ha?» — deb jerkib bergan edi, Dilya kulimsiradi. «Chiroyli yigit-a?» Shahnoza ensasi qotib, yuzini o‘girdi. Chiroylimi, balomi, yetmish kilo paxtani qanday teradi? Kun bo‘yi beli singudek bo‘lib zo‘rg‘a o‘ttiz kiloga olib boryapti-ku! Viloyatlardan kelgan qizlar-ku normani bemalol bajaradi. Avval ham qilib yurgan ishi. Shahnoza bilan Dilyaga qiyin. Bir etakni to‘ldirguncha peshin bo‘ladi. Yo‘q! G‘ayrat qilmasa bo‘lmaydi... Bir kuni jon-jahdi bilan ishlashga qasd qildi. Birinchi etak ancha tez to‘ldi. Ikkinchisiga kelganda beli qaqshab og‘riy boshladi. Teradi. Baribir teradi! Nima, boshqalardan kam joyi bormi? Tushga yaqin ikkinchi etak ham to‘ldi. Yuk og‘irlik qilganidan ikki buklanib qoldi. Etakni bo‘ynidan tushirib, birpas dam oldi. Osmonda qat-qat bulutlar ohista suzib borar, baland-balanddan turnalarning horg‘in nolasi eshitilar, ammo o‘zi ko‘rinmasdi. Orqa tomondan gursillagan qadam tovushi eshitildi. Shibbalab paxta bosilgan etakni orqalagancha egat oralab Rustam kelar edi. Ko‘ylakchan bo‘lib, yengini shimarib olgan, oyog‘ida etik...

— Hormang! — dedi kulimsirab. Shahnoza horg‘in javob qildi:

— Salomat... — Bering, paxtangizni topshirib kelaman. Shahnoza ikkilanib qoldi. Nima qiladi birovni koyitib. O’zi kamida ellik kilocha yuk orqalab ketyapti-ku...

— Beravering, – Rustam Shahnozaning paxta to‘la etagiga qo‘l cho‘zdi.

– Birpas damingizni oling.

— Anavi yoqda yana bor, – dedi Shahnoza iymanib. Rustam yelkasidagi etakni yerga qo‘ydi. Ikkovlari Shahnoza terib, marzaga to‘kib qo‘ygan paxta uyumi tepasiga borishdi. Rustam chaqqon harakatlar bilan paxtani Shahnozaning etagiga zichlab joyladi. Qaytib kelib o‘zining paxtasini hamengilgina ko‘tardi-da, yo‘l chetida turgan telejka tomon tez-tez yurib ketdi.

— Zo‘rsiz-ku! – dedi qaytib kelib. – Ellik ikki kilo chiqdi. Shahnoza tergan paxtasi qanday qilib «ellik ikki» kilo chiqqanini tushundi. Rustam o‘zinikidan qo‘shgan... ...Bir oyga deb olib kelishgan edi. Ikki oy o‘tdi. Shahnozaning dadasi bilan ayasi to‘rt marta kelib ketishdi. Issiq to‘rkuylak, kirza etik olib kelishdi. Odamni qon qilib yuboradigan kuz yomg‘irlari boshlandi. Barakning shifer tomidan chakka o‘tib, hammayoq zaxlab ketdi. Paxta tugul podbor ham qolmagan, ammo yomg‘ir tinishi bilan ularni dalaga haydashar, talabalar biydek paxtazorda tentirab yurishar, har qadamda etikka botmon-botmon loy yopishib, marzalarning u yer- bu yerida to‘kilib qolgan ko‘rak aralash kir paxtani loydan ajratib etakka tiqishar edi. Allaqaerdan cho‘yan pechka, zanglab ketgan tunuka karnaylar topib kelishdi. Rustam pechkani qizlarning «bo‘lma»siga o‘rnatdi. Ko‘mir yo‘qligi uchun o‘tin yoqishar, yomg‘irda qolgan o‘tin to yonguncha barakni achchiq tutunga to‘ldirib yuborardi. Domlalar ikki haftada almashib turar edi. Eng keyin kelgan Muhtabar opa degan yosh domla talabalarning ahvolini ko‘rib, yig‘lamoqdan beri bo‘lar, qaytishga ruxsat yo‘q edi. Jumhuriyat olti million tonnali rejani bajarmaguncha paxtazor front maydoni deb e’lon qilinibdi. ... Qor yog‘di. Shahnoza birinchi qorning shu qadar shiddat bilan yog‘ishini endi ko‘rishi edi. Qandaydir biron soat ichida barak tomini bir qarich qor bosdi. Hamma mung‘ayib qoldi. Paxtazor ham, barak ham, talabalar ham... O‘sha kecha bolalar yotgan tomonda allakim tuni bilan quv-quv yo‘talib chiqdi. Shahnoza ertalab qarasa, Rustam bo‘yniga qalin sharf o‘rab olibdi. Nuqul yo‘taladi. Yuzlari bo‘g‘riqib ketgan.

— Shu... qor degan narsani kim o‘ylab topganiykin? – dedi hazilga olib.

– Sovuqni yomon ko‘raman, Shahnoza... Shahnoza ayasi olib kelgan bir banka quyultirilgan sutni berdi.

— Issiq choyga qo‘shib ichsangiz o‘tib ketadi. Shunaqa dedi-yu, o‘zining ham oyoq-qo‘llari qaqshab og‘riyotganini, boshi g‘uvullab borayotganini sezib turardi... Kechga borib isitmasi ko‘tarilib ketdi. Dilya olib kelgan makaron sho‘rvani ko‘rib ko‘ngli ag‘darildi. Kechasi bilan alahlab chiqdi. Xuddi osmonda uchib yurganga o‘xshar, to‘satdan chuqurga tushib ketayotgandek bo‘lar, cho‘chib uyg‘onar, «Aya, ayajon!» — deb ingrar edi. Bir mahal ko‘zini ochsa, tepasida Muhtabar opa, Dilya, Rustam turishibdi.

— Ma, ichgin, asal choy! – dedi Dilya uning boshiga egilib. Shahnoza ko‘zlarini horg‘in yumib yuzini o‘girdi. Quruq yo‘tal tutdi. Entikib nafas ola boshladi. Tashqarida traktor tarilladi. Shahnozaning qulog‘i shang‘illar, birov uning miyasiga kirib olib, muttasil to‘qmoq bilan urayotganga o‘xshar edi. O‘sha tomondan shovqin-suron eshitildi.

— Tush! – dedi kimdir baqirib.

– Tush bu yoqqa! Birpasdan keyin Muhtabar opa barakka qaytib kirdi:

— Rustam traktor minib sovxoz markaziga ketdi, – dedi o‘ylanib.

– Qaysar yigit ekan, bir baloni boshlamasa go‘rgaydi. ... Shahnoza kimningdir muzdek kafti peshonasiga tekkanini sezib seskanib ko‘zini ochdi. Shiftdagi lampochka o‘limtik nur sochar, yonida oq xalat kiygan semiz xotin o‘tirar, oyoq tomonida Muhtabar opa, qizlar to‘dalashib turishar, yalangbosh sochi, yelkalariga qor qo‘ngan Rustam eshikka yaqinroq joyda turgancha Shahnozadan ko‘z uzmas edi. Do‘xtir Shahnozaning o‘pkasini eshitayotganda Rustam chiqib ketdi. Keyin tag‘in qaytib kirdi.

— Pnevmoniya! – dedi do‘xtir negadir Rustamga yuzlanib.

– O‘ng o‘pkasi shamollagan. Kasalxonaga olib borish kerak. – Shunday deb o‘rnidan turayotgan edi, Rustam qatiy bosh chayqadi:

— Yo‘q, opa! Siz ketmaysiz!

— Qiziq yigit ekan-ku, bu!

– Do‘xtir najot kutgandek atrofiga alangladi. - Yarim kecha bo‘ldi. O‘n besh chaqirimga traktorga bosib opkelgani yetmagandek... Bu nimasi? Men ham bolachaqali odamman!

— Ketmaysiz! – dedi Rustam ko‘zlari yonib.

– Mashina topib kelaman. Shahnozani kasalxonaga o‘zingiz olib borasiz... Do‘xtir javob qilib ulgurmasdan shitob bilan chiqib ketdi. Tashqarida traktor gurilladi Shahnozani «Niva»ga o‘tqazishayotganida tong yorishib Qolgan edi. Bir yoniga do‘xtir o‘tirdi, bir yoniga Rustam... Isitmasi sakkiz kundan keyin tushdi... Shu orada Dilya, Rustam tuman kasalxonasiga ikki marta kelib-ketishdi. Shahnoza Rustamning soqoli o‘sib ketganini, ko‘zlari kirtayib, rangi bir holatga tushib qolganini ko‘rdi. O‘sha voqeadan keyin barakda majlis bo‘lganini, Rustamni o‘qishdan haydashlariga bir bahya qolganini Dilyadan eshitdi. Rustam uchinchi marta ko‘rgani borganida qo‘lini ancha vaqt ushlab turdi-da, pichirladi:



— Rahmat, Rustam aka...
Yüklə 19,88 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə