2-Mavzu: Sotsial psixologik g’oyalar shakllanishi tarixi. Mavzu rejasi



Yüklə 20,14 Kb.
tarix17.02.2023
ölçüsü20,14 Kb.
#100993
2 mavzu sotsial prakt (2)


2-Mavzu: Sotsial psixologik g’oyalar shakllanishi tarixi.
Mavzu rejasi:

  1. Sotsial falsafiy va sotsiologik ta’limotlarda sotsial-psixologik g’oyalarni rivojlantirishi.

  2. Sotsial psixologik praktikum fanining mustaqil fan bo’lib ajralib chiqishida sotsial, ilmiy va ideologik nazariyalarni yaratish bo’yicha birinchi harakatlar.

  3. “Xalqlar psixologiyasi” uning tarixiy sabablari va vazifalari. Omma va olomon psixologiyasi.

  4. “Sotsial xatti-harakat instinkti” nazariyasi.



Tayanch tushunchalar: shaxs, jamiyat, xalqlar psixologiyasi, omma psixologiyasi, sotsial xulq-atvor instinktlari, taqlid, refleksiv yoy, muhit, oila, sotsial tasavvurlar
Sotsial psixologiyaning fan sifatida rivojlanish tarixiga nazar tashlar ekanmiz, uning jamiyatning tarixiy rivojlanishi bilan bog‘liq tarzda rivojlanganligining, ilmiy jihatdan esa, falsafiy qarashlar ta’sirida bo‘lib, sof sotsial psixologik nazariyalarning juda oz sonli bo‘lganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Insoniyat tarixini o‘rganar ekanmiz mutafakkirlar, olimlar, allomalar sotsial psixologik hodisalar bilan juda qiziqqanliklarining guvohi bo‘lamiz. Lekin ular bu hodisalarni o‘z davri ruhida, o‘z nazariy va sotsial qarashlari, hattoki, turli oqimlar orasida tushunishga uringanlar. Shuning uchun ham sotsial psixologiyaning fan sifatida taraqqiyotini o‘rganish uchun sotsial psixologik muammolar yoritilgan asar yoki olimning yashagan davri, uning siyosiy qarashlari, jamiyatning taraqqiyot xususiyatlarini ham o‘rganish lozim. Ilmiy manbalar sotsial psixologiyaning davlat va huquq nazariyasi, siyosiy iqtisod, etika, falsafa fanlarining rivojlanishi bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, fan taraqqiyotiga falsafa fani o‘zining sezilarli ulushini qo‘shgan. Shuning uchun ham amerikalik olim Gordon Uillard Ollport (1897-1967) sotsial psixologik g‘oyalarning yaratilishi va rivojlanishi falsafa bilan, uning ko‘zga ko‘ringan arboblaridan hisoblangan Platon nomi bilan bog‘liq, deb yozgan edi. Platon o‘zining «Davlat» va «Qonunlar» deb atalgan dialoglarida shaxsning jamiyat bilan aloqalari masalasiga to‘xtalib, jamiyat individga nisbatan o‘zgarmas bir birlikki, uning taraqqiyoti jamiyat rivojlanishi qonunlarga buysunadi, degan fikrni himoya qilgan. Unga qarama-qarshi fikrni Aristotel bayon etib, individni barcha sotsial o‘zgarishlarning sababchisi, chunki unda bunga imkon beruvchi psixologik tizimlar bor, deb yozadi. Ya’ni, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabat masalasi Platonda jamiyat foydasiga hal bo‘lgan bo‘lsa, Aristotelda bu narsa shaxs foydasiga yechilgan. Ulardan keyingi yangi davr faylasuflari Tomas Gobbs, Klod Adrian Galvetsiy, Jon Lokk, Jan Jak Russo, Vilgelm Gegel, Nikollo Makiavelli, Sharq 13 faylasuflaridan Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiylar ham barcha asarlarida shaxs va jamiyat qarama-qarshiliklarini ilmiy asosda sharhlashga urindilar, lekin hech qaysisi bu muammoni sotsial psixologik muammo darajasiga ko‘tara olmadi. XIX asrning o‘rtalariga kelib, kapitalistik munosabatlarning keskinlashuvi, turli davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarning tobora o‘sib borishi, turli xalqlarning bir mamlakatdan ikkinchisiga ko‘chishi, ya’ni migratsiya munosabati bilan qator sotsial fanlar rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, tilshunoslik, antropologiya, etnografiya, arxeologiya, huquqshunoslik va boshqa fanlar shakllanib, rivojlandi. Masalan, ingliz olimi etnolog Edvard Teylor (1832-1917) ibtidoiy jamoa tuzumidagi madaniyatni to‘liq o‘rganib chiqdi, amerikalik etnogrof Lyuis Genri Morgan (1818-1881) hindular turmush tarzini tahlil qilib chiqdi, fransuz olimi Lyusyen Levi-Bryul’ esa ibtidoiy odam tafakkuri xususiyatlarini o‘rganar ekanlar, ular u yoki bu etnik, milliy guruhning psixologiyasini, ularga madaniy maishiy muhitning ta’sirini o‘rganishga majbur bo‘lishdi. Ya’ni ular alohida individ u yoki bu yillar vakili psixologiyasi sotsial jarayonlar bilan nechog‘li bog‘liq ekanligini nazariy jihatdan isbot qildilar. Ayni shu davrda psixologiya fani ham ancha oyoqqa turgan mustaqil fanga aylandi. Lekin u atomistik, ya’ni alohida individ psixologiyasinigina o‘rganadigan fan bo‘lib, u odamlarni o‘zaro muloqoti jarayonida ularda ro‘y beradigan sirli o‘zgarishlarga e’tiborini endi-endi qaratayotgan edi. Ayniqsa, patopsixologiya, pedagogik psixologiya sohalariga individ bilan boshqa individlar munosabati masalasini chetlab o‘tish mumkin bo‘lmay qoldi. Lekin sotsial psixologiyani ilmiy manbalari sohasida sotsiologiya fanining xizmatini ko‘rsatib o‘tmay bo‘lmaydi. Sotsiologiyaning asoschilari hisoblangan Ogyust Kont, Gerbert Spenser va boshqalar, jamiyatdagi sotsial hodisalarni o‘rganish uchun albatta, o‘ziga xos, ayrim psixologik holatlarni o‘rganmoq lozim, degan fikrni qat’iy turib isbot qildilar. Ular har bir sotsial voqeada ruhiy hodisalar borligini isbot qilishga urindilar. Masalan, fransuz sotsiologi Gabriel Tard har bir individda «Sotsial fakt» boriligini, bu narsa uning miya doirasidagina emas, balki bir qancha miyalar aloqasi tufayli mavjuddir, deb hisoblaydi. Sotsial xulq-atvor modeli, uning fikricha 14 doimo individlararo munosabatni o‘z ichiga olib, bunda bir individ boshqa individga doimo taqlid qiladi, shuning uchun ham shaxsni o‘rganish boshqa shaxslarni inkor qilmasligini talab qiladi. Shunday qilib, sotsiologiyada psixologik yo‘nalish paydo bo‘ldi. Tarddan keyin Lester Frenk Uord, Franklin Genri Giddings va boshqalar sotsiallik qonunlarini jamoa ruhiy holati bilan uzviy ravishda o‘rgana boshladilar. Ularning fikricha, sotsial fakt bu sotsial aql, tafakkur bo‘lib, u «Jamiyat psixologiyasi» yoki sotsiologiyaning bahs mavzusidir. Shunday qilib, yuqorida qayd qilingan ilmiy, falsafiy, sotsial manbalar, shartsharoitlar tufayli sotsial psixologik g‘oyalar shakllanib bordi. Bu qarashlar sof psixologiyaga ham o‘xshamagan, sotsiologiya doirasidan chiqib ketadigan alohida fan sotsial psixologiyaning paydo bo‘lishi uchun katta rolini uynaydi. II.2. Sotsial psixologiyaning uch nazariy manbai XIX asrning oxiri XX asr boshlarida fanda uch nazariya paydo bo‘ldiki, ular xaqli ravishda sotsial psixologiyani mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida shakllanishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar. Bu uch nazariyani birlashtirib turgan shu narsa ediki, ularning har biri mustaqil tarzda shaxs bilan jamiyat munosabatini tushuntirishga harakat qilgan. Bular: xalqlar psixologiyasi, omma psixologiyasi, sotsial xulq-atvorning instinktlari nazariyalaridir. Xalqlar psixologiyasi sotsial psixologik nazariya sifatida XIX asrning o‘rtalarida Germaniyada shakllandi. Undagi asosiy nazariy fikr shundan iborat ediki, ayrim individlardan yuqori turadigan ruh mavjud bo‘lib, bu ruh o‘zidan ham yuqori turadigan ilohiy yaxlitlikka bo‘ysunadi. Bu ilohiy yaxlitlik xalq yoki millatdir. Ayrim individlar ana shu yaxlitliklarning bo‘laklari bo‘lib, ular shu ruhga bo‘ysunadilar. Ya’ni, shaxs bilan jamiyat o‘rtasidagi qarama-qarshilik muammosi jamiyat foydasiga hal qilinadi. Xalqlar psixologiyasining tarixiy-mafkuraviy asosi bo‘lib Gegel falsafasi va nemis romantizmi xizmat qilgan, deyish mumkin. Chunki Gegeldagi «individdan yuqori turuvchi ruh» g‘oyasi xalqlar psixologiyasi jonkuyarlari tomonidan to‘laligicha qabul qilindi. 15 «Xalqlar psixologiyasi» iborasi birinchi marta faylasuf Morits Latsarus (1824- 1903) hamda tilshunos Xeyman Shteyntal (1823-1899) asarlarida ishlatildi. Ular birgalikda chop etgan «Xalqlar psixologiyasi to‘g‘risida kirish so‘zi» kitobida shunday fikrlarni ilgari suradilar: «Tarixni yurgizuvchi asosiy kuch bu xalq yoki shu «yaxlitlikning ruhi» bo‘lib, bu ruh san’atda, dinda, tilda, afsonalarda, an’analarda o‘z aksini topadi. Individning ongi ushbu yaxlitlikning mahsuli bo‘lib, ularning yig‘indisi o‘z navbatida xalq ongini tashkil etadi. Xalqlar psixologiyasining vazifasi xalq ruhi mohiyatini o‘rganish, xalq ruhiyati qonunlarini ochish, xalq psixologiyasiga oid bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlarning paydo bo‘lishi va yo‘qotishini tushuntirib berishdir». O‘sha kitobda mualliflar shaxs bilan jamiyat munosabati xususida quyidagi mulohazalarni bayon etadilar: «odam o‘z mohiyati jihatidan sotsial mavjudot bo‘lib, u jamiyat hayoti bilan uzviy bog‘liq, chunki u o‘ziga o‘xshashlarga qarab rivojlanadi, boshqalarga taqlid qilib harakat qiladi va ular ta’qibidan qochadi...». Xalqlar psixologiyasining asoschilari faqat nazariy mulohazalar yuritish bilan cheklanadilar, chunki ularda o‘z fikrlarini isbot qilish uchun tadqiqot ishlari yo‘q edi. «Psixologiyaning otasi» hisoblangan Vilgelm Maksimilian Vundt (1832-1920) esa xuddi ana shu tadqiqotga asoslangan ma’lumotlar to‘plashga o‘z diqqatini qaratdi. U o‘zining 1863-yilda bosmadan chiqqan «Inson va hayvon ruhi haqida lektsiyalar» va 1900-1920 yillar oralig‘ida yozgan o‘n tomli «Xalqlar psixologiyasi» asarlarida asosan o‘zi to‘plagan empirik ma’lumotlar asosida xalqlar psixologiyasiga bag‘ishlagan fikrlari tizimini bayon etdi. Uning fan oldidagi xizmati shundan iborat ediki, empirik ma’lumotlar to‘plash usullari, to‘plangan manbalarni sharhlash borasida bebaho bilimlar to‘pladi. Uning fikricha, psixologiya fani ikki qismdan iborat: fiziologik psixologiya va xalqlar psixologiyasi. Fiziologik psixologiya inson ruhiyatini o‘rganuvchi eksperimental fan bo‘lib, oliy psixik jarayonlar tafakkur va nutqdan tashqari barcha narsalar eksperiment usulda tadqiq etish mumkin. Eksperiment usulida o‘rganib bo‘lmaydigan barcha oliy ruh holatlarini xalqlar psixologiyasi o‘rganadi, chunki undagi o‘rganish usullari o‘ziga xosdir u madaniy 16 mahsullar hisoblangan til, afsonalar, odatlar, san’at asarlari, inson tafakkurining murakkab tomonlarini ochib beradi. To‘g‘ri, Vundtning psixologiya fani oldidagi xizmatlari, uning xalqlar psixologiyasiga oid ma’lumotlari hozirgi kungacha ham o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Lekin, uning yagona kamchiligi shu ediki, uning qarashlari idealistik asosda bo‘lgan, ya’ni u individ bilan jamiyat o‘rtasidagi murakkab dialektik munosabatini idealistik asosda turib hal qilgan va jamiyatning rolini absolyut tushunib, shaxsning tarixini yaratishdagi, sotsial jarayonlardagi faol o‘rnini ko‘ra bilmagan. Uning izdoshlari rossiyalik Aleksandr Afanasyevich Potebnya, nemis olimi Teodor Geyger va boshqalar ham u yo‘l qo‘ygan mafkuraviy kamchiliklar oldini ola olmadilar, lekin ular bir fikrda yakdil edilarki, xalqlar psixologiyasi individual psixologiyadan farq qiladi, shuning uchun ham maxsus fan kerakki, u o‘ziga xos usullar yordamida shaxs va jamiyat munosabatlari qonunlarini ochib berishi lozim. Xuddi ana shu xulosalar sotsial psixologiyaning fan sifatida shakllanishiga ilmiy asos bo‘ldi. Omma psixologiyasi paydo bo‘lishiga tarixiy asos ishchilar sinfining paydo bo‘lishi va Yevropada ishchilar harakatining ommaviy tus olishi bo‘ldi. Ya’ni, XIX asrning ikkinchi yarmida ishchilar harakati shunday keng tus oldiki, tartibsiz harakatlar darajasiga ko‘tarildi. Shuning uchun ham shu harakatlarning qonunlarini bilish, ularni boshqarish usullarini o‘ylab topish zarur edi. Ommaviy hodisalarni o‘rganish natijasida 1890-yilda Gabriel Tardning «Taqlid qilish qonunlari» deb atalgan birinchi kitobi chiqdi. Tard Frantsiyada ro‘y berayotgan ommaviy hodisalarni shu hodisalarda ishtirok etayotganlarning xulqatvorlarini taqlid qilish orqali tushuntiradi. Bu harakatlar irratsional (ya’ni aqlning ishtirokisiz) tabiatga ega bo‘lib, har bir individ ommaga qo‘shilgan zahoti unga taqlid qilishga tayyorlik instinkti ustun bo‘lib qoladi. Italiyalik huquqshunos Stsipion Sigele va fransuz olimi Gyustav Lebon ham Tard ishlarini ma’qullab uning nazariyasini faktik materiallar bilan boyitdilar. 1895-yilda bosilib chiqqan Sigelening «Omma psixologiyasi» kitoblarida asosiy g‘oya shundan iborat ediki, ommaviy harakatlarda shaxsning o‘z xulqatvorlarini ongli va aql bilan boshqarish qobiliyati yo‘qoladi. Bunday hollarda 17 hissiyotlar ustun keladi, ayniqsa, affekt holatlari, odam o‘zi nima qilayotganligini, olomonga nega qo‘shilib qolganligini bilmaydi, shuning uchun ham affekt holatida ro‘y berayotgan jinoyatga aybni yumshatuvchi holat sabab bo‘lgan, deb qarash odatli bo‘ladi. Bu qarashlari tufayli Sigele Italiyaning qonuniga maxsus modda kiritishga ham erishdi. Sotsiolog Gyustav Lebon esa asosan o‘z diqqatini ommani elitaga, jamiyatdan yuqori turuvchi tanlangan guruhlarga qarshi qo‘yishga qaratadi. U ommaning ayrim hollarida, ayniqsa biror hodisa ro‘y berganda «qiziqqonlik» xususiyati ustun turishi haqida yozadi. Uning fikricha, bir qancha odamlarning bir yerda to‘planishi ommani hosil qiladi va bu odamlar kim bo‘lishidan qat’iy nazar olimmi yoki oddiy insonmi, shu zahotiyoq kuzatuvchanlik va ziyraklikni yo‘qotadi. Chunki bu holatda ular holatini instinktlar va hissiyotlar boshqaradi. Lebon shaxsning omma holatidagi belgilariga to‘xtalib quyidagilarni ajratadi: 1. Shaxsiy sifatlarning yo‘qolishi. Boshqa odamlar ta’sirida individ o‘ziga xos sifatlarni yo‘qotishi, buning o‘rniga impulsiv instinktiv harakatlarni amalga oshirishi mumkin. 2. Hissiyotlarga o‘ta beriluvchanlik. Ommada aql, tafakkur, hissiyot, instinktlarga o‘z o‘rnini bo‘shatadi. Shuning uchun ham ommaning ta’sirchanligi o‘ta oshib ketadi. 3. Aqliy sifatlarning yo‘qolishi. Ommaning «aqli» uni tashkil etuvchilar aqlidan ancha past bo‘ladi. Shuning uchun ham ommaning tazyiqiga uchramaslik uchun har bir kishi aqlan mulohaza yuritishdan bosh tortishi, munozaradan qochishi lozim. 4. Shaxsiy mas’uliyatning yo‘qolishi. Ommaga qo‘shilib qolgan shaxs shunchalik hissiyotlarga berilib ketishi mumkinki, u o‘z harakatlarini nazorat qilish, o‘z ishiga mas’uliyatni esidan chiqaradi. Yakka holda sodir qila olmaydigan ishini, u ommaga qo‘shilib qilib qo‘yishi mumkin.
Yüklə 20,14 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə