6- mavzu: ijtimoiy pedagogika asoslari. Reja


Oila fukarolik jamiyati institutining asosiy bo`g`ini



Yüklə 72,44 Kb.
səhifə4/9
tarix28.12.2022
ölçüsü72,44 Kb.
#97994
1   2   3   4   5   6   7   8   9
6-Mavzu

6.2.Oila fukarolik jamiyati institutining asosiy bo`g`ini. Oila va maxalla - milliy hamda umuminsoniy tarbiyaning muhim instiutlari sifatida. Oila va uning asosiy vazifalari
Oila-jamiyatning tayanchi. Farzandlarimiz ongida elu yurtga, Vatanga muhabbat tuyg'ulari oilada, yashab turgan mahallada shakllanadi. Mamlakatning ertangi kuni, tinch va obod bo'lishi eng oldin mana shu kichik jamiyatda o'sib-unayotgan bolalarimizga bog'liq. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yo'lga qo'yilar ekan, o'sha oila, o'sha mahalla gullab-yashnaydi.Farzand tarbiyasini qachondan boshlamoq kerak?, degan savol ko'pchilikni o'ylantiradi. Ko'pchilik olimlar unga turlicha javob berib kelganlar. Xususan, Ibn Sino bola tarbiyasi bilan uning tug'ilishidan avvalroq, ona qornidan boshlaboq shug'ullanish lozim, deb javob bergan. Oila, odob-axloq va ta'lim-tarbiyaga e'tibor qon-qonimizga singib ketgan burchlarimizdandir. “Bir bolaga yetti qo'shni ota-ona” degan ibratli maqol ham aynan xalqimizga xos. Mana shu maqolning o'zi ham farzand tarbiyasi, oilaparvarlik biz uchun nechog'lik muhim ekanini bildiradi. Mahalla ahli, ayniqsa keksalar ko'chada nobop ish qilayotgan bola oldidan hech qachon beparvo o'tib ketmagan, shu zahotiyoq tanbeh berib to'g'ri yo'lga chaqirgan. Zero, har tomonlama chiroyli, odobli, go'zal xulqli bo'lish, nafsni poklashga buyuruvchi muqaddas dinimiz oilaga katta ahamiyat beradi.Oiladagi muhit ota-ona o'z ma'suliyatlarini his qilishi bilan barqaror bo'ladi. Bolalarning odobli bo'lib ulg'ayishi uchun ota-ona bilan bir qatorda mahalla-kuy ham katta ibrat maktabidir. “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, deb bejiz aytmagan xalqimiz.Farzand tarbiyalayotgan ota-ona har bir harakati, yurish turishi, muomalasi, boshqalar bilan o'zaro munosabatida olijanob fazilatlarni namoyon eta bilishi kerak. Chunki bola tabiatan nihoyatda taqlidchan va ko`zatuvchan bo'ladi. Shuning uchun uning atrofdagilari o'z odatlari bilan ba'zan o'zlari sezmagan holda ularga ta'sir qiladilar. Oiladagi qo'pol munosabatlar, ko'p yolg'on gapirish, yoqimsiz xatti-harakat bola tarbiyasiga salbiy ta'sir qiladigan nosog'lom muhitni keltirib chiqaradi. Farzand tarbiyasida ota-onaning muomalasi muhim o'rin tutadi. Bola ota-ona tomonidan qo'pol, dag'al so'zlar eshitib, kaltak yeb katta bo'lsa, bu uning tabiatiga salbiy ta'sir qiladi. Bu esa o'z navbatida oiladagi nosog'lom muhitda tarbiyalanayotgan boladan “ma'naviy kasal” insonlar shakllanadi. Ular esa jamiyat ma'naviyatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Oilada ota-onalar “ommaviy madaniyat” ta'siriga berilib ketishi oqibatida farzandlarning tarbiyasiga ham salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Istiqlol tufayli xalqimiz chet-el yurtlarini kezib, yangi xalq va urf-odatlarni guvohi bo'lib qaytmoqdalar. Shu jumladan Yevropa davlatlariga sayr qilib kelayotgan fuqarolarimiz bugungi kunda g'arb o'smirlari orasida boshqa mamlakatlar yoshlariga qaraganda uyushgan jinoyatchilik va zo'ravonlikka berilish holati yuqori. Bunga sabab bolalarga keragidan ortiq erkinlik berilgani ekan. Ularni hozirdan aysh-ishratga berilib, turli axloqsiz hatti-harakatlarga ruju qo'yishdan hech kim qaytarmasligini aytib berishmoqda. Inson hayoti davomida biror shaxsni o'ziga o'rnak deb biladi, bundan inson u kabi hayot kechirishni, u erishgan yutuqlar kabi muvaffaqiyatlarga erishishni, yuksak cho'qqilarga chiqishni ko'zlaydi. Bugun jamiyatning yosh a'zolari o'z hayotlari uchun boshqa madaniyat vakillarining fikrlash va hayot tarzini o'rnak qilib olishlari ko'p muammolarni keltirib chiqarmoqda.
XXI asrda turli hayot tarzlari va g'oyalar raqobatga kirishdi. Bunda muvaffaqiyatga erishish uchun har bir davlat o'zligini saqlagan holda diniy va milliy qadriyatlarini boshqalarga anglatishni asos qilgan mafko`raga ega bo'lishi lozim. Aks holda, o'zlikni yo'qotish, bebaho qadriyatlardan voz kechish kishini taraqqiyotdan ajratib, uni tobe, mustaqil fikri yo'q manqurtga aylantirib qo'yadi. Hozirgi kunda g'arazli maqsadlarni amalga oshirish uchun zimdan olib borilayotgan fitnalar ba'zi millatlarning o'zligini yo'qotishga qaratilganini sezish mumkin. Bunda e'tibor xududlarini egallash emas, balki inson ongini egallashga yo'naltirilgan. Albatta bola tarbiyasi o'ta murakkab va ma'suliyatlidir. Bu har bir ota-onadan o'z ustida muntazam ishlashni, bolalar tarbiyasiga oid barcha ma'lumotlardan baxobar bo'lib borishni talab etadi. Farzand tarbiyasi bu shunchaki tajriba, oddiy ko'rsatma va bilimlar jamlanmasi emas, balki o'z ichiga diniy-axloqiy bilimlar, tibbiyot, etika, psixologiya, pedagogika kabi sohalariga oid bilimlarni ham qamrab oladigan murakkab jarayondir. Bugungi kunda oilaviy tarbiyaning qiyinlashuvi shundaki, birinchidan, jamiyat taraqqiy etib borgani sari har tomonlama yetuk insonni shakllantirish talablari ortib boraveradi. Bu esa oilada bolaga estetik, jinsiy tarbiya, axloqiy tarbiya berish sifati va ko'lamini oshirish talabini qo'yadi.
Ta'lim-tarbiya, odob-axloq bolalikdan berilgani ma'qul. Rasululloh (a.s.): “Birontangiz o'z farzandlaringizni tartib-intizomga o'rgatsa, bu har kuni sadaqa bergandan yaxshiroqdir”, deya marhamat qilganlar. Bolalarni intizomga o'rgatish oila mustahkamligiga asos bo'ladi. Islom shu ma'noda ota-onalarni o'z farzandlariga sog'lom tarbiya berishga rag'batlantiradi. Hadisi sharifda “Farzandlaringizni hurmat qiling va ularni yaxshi xulq bilan xulqlantiring” deb ta'kidlangan.
Farzand tarbiyasi jarayonida bola huquqlarining kamsitilmasligi talab etiladi. Oilaviy tarbiya ijtimoiy tarbiyaga nisbatan bolalarning ruhiy olamiga, hissiyoti va tuyg'ulariga chuqur ta'sir ko'rsatadi. Taniqli pedagog A.S.Makarenko besh yoshgacha bo'lgan tarbiya bolaning shaxsiyati shakllanishida o'ta muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib o'tgan. Bu haqda u shunday deb yozgan: “...tarbiyaning bosh asosi besh yoshda nihoyasiga yetadi, demak, siz besh yoshgacha nima qilgan bo'lsangiz, bu tarbiyaviy jarayonning 90 foizini tashkil etadi, keyingi tarbiya esa qayta tarbiyalash negizida davom etadi”. Mana shu jarayonda bola tarbiyasiga o'ta e'tiborli bo'lish lozim. Yoshlarning qalbi va ongida sog'lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg'usini shakllantirishda, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, hayotning asl mazmun-mohiyatini anglab yetishga o'z umri va salohiyatini bag'ishlagan allomalarimizning asarlarida sog'lom avlod tarbiyasi bilan bog'liq masalalarga alohida o'rin berilgan.
Sharq allomalari o'z asarlarida farzandlarga tarbiya va ta'lim berish, uni ma'rifatu madaniyatga yetaklash muammolariga e'tibor berganlar.
Buyuk mutafakkirlar farzand tarbiyasi, go'zal axloqning inson kamolotiga sabab bo'luvchi yuksak fazilat ekanini ta'kidlaganlar. Jumladan, Imom Buxoriyning “al-Adab al-mufrad hadislar to'plami, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g'ofiliyn” asarlarida farzandlarga yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish tarannum etilgan.
Yurtimiz ulamolari o'z asarlarida farzandining chiroyli odobidan umid qilgan ota-ona, uni muntazam ravishda husni xulq asosi bo'lgan muomala odobining quyidagi qirralari bilan tanishtirib borishi muhim ekanini alohida ta'kidlaganlar:
- farzandingiz odamlar bilan muomalada shirinso'z, muloyim, bosiq va kamtar bo'lishiga e'tibor qarating;
- odamlar xursandchiligini baham ko'rish, g'am-anduhidan qayg'urish, mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish husni xulq egalariga xos fazilatlardandir. Shuning uchun farzandingizga ana shu xislatlarni bolalikdan singdirish payida bo'ling;
- farzandingizga o'zgalar bilan muomala chog'ida boshqalarni g'iybat qilish, o'zgalarni mensimaslik, obro'si, boyligi yoki mansabiga qarab munosabat ko'rsatish ham odobsizlik ekanini uqtirib boring;
- yoshi ulug' kishilar, ustozlar bilan muomalada ularning ko'ziga tik boqmay, gaplarini jim tinglash, savollarigagina javob qaytarish, buyruqlarini sidqidildan bajarish ham bolalar qalbiga jo qilishga e'tibor bering.
Ota-bobolarmiz azaldan o'g'il qizlarning go'zal xulqli, odobli bo'lishiga katta ahamiyat berganlar. Binobarin, islom dinida ham axloq imon qatoriga qo'yiladi.
Farzand tarbiya qilganda odatda o'g'il bolalar tarbiyasi bilan ko'proq ota, qiz bola tarbiyasi bilan esa ona shug'ullanadi. Albatta bunda farzandning saviyasini inobatga olish muhim. Bolani biror-bir yutuqqa erishishida, natijani ko'rishga shoshmaslik kerak. Masalan ikki yoshgacha faqat shirin so'z bilan, erkalash orqali tarbiya qilinadi. Besh yoshgacha bola atrofni o'rganadi, asosiy ma'lumotni shu yosh oralig'ida egallaydi. Bu davrda biz ko'proq amaliy jihatdan namuna bo'lishga urinishimiz, sog'lom oilaviy muhitni yaratishimiz zarur bo'ladi.
Oilada otaning bolalariga loqayd bo'lishi oxiri xunuk oqibatlarga sabab bo'ladi. Loqaydlik yomon illat bo'lib, u bola tarbiyasining bo`zilishiga katta yo'l ochadi. Ota sustkashlik qilib, burchini ado etmagani va manfaatli ilm hamda yaxshi amalni o'rgatmagani oqibatida o'z farzandidan zarur ijobiy hislatlarni shakllantira ololmagan. Farzand ham otasining yaxshi tarbiyasidan mahrum bo'lib o'sadi. Keyingi davr esa bir oz talabchanlik va intizomni talab etadi. Bu davr o'smirlik payti bo'lib, bola oq-qorani ayni shu davrda ajratadi. Yaxshilikka mukofot, yomonlikka jazo muqarrarligini shu bosqichdan o'rganadi. Bu davrda farzand to'g'ri yo'lga solinsa, tarbiyali do'stlarga hamroh qilinsa, uning odobli bo'lib, yaxshi inson bo'lishi uchun muhim qadam qo'yiladi.
Odatda onalar o'z bolalarining xato va kamchiliklarini otasidan yashirishga harakat qiladilar. Aytsam urishadi, bolamga qattiq tegadi deb, yo'l qo'ygan xatolari, qo'l urgan yomon ishlarini otaga aytmaydilar. Oqibatda bola o'z vaqtida tanbeh olmaganidan keyin bora-bora kattaroq jinoyatlarni ham qo'rqmasdan qilaverishi mumkin.
Mehr-muhabbat berishda ham me'yorni saqlay bilish kerak. bolaning barcha aytganlarini qilish, barcha to'g'ri-noto'g'ri xatti-harakatlarini ma'qullash yoki xatto indamaslik farzandning umuman tarbiyasiz bo'lib o'sishiga olib keladi. Ortiqcha taltaytirib erkalash bolani har jihatdan sustlashtirib qo'yadi, mehr ko'rsatish esa uni yanada faol bo'lishga undaydi. Erka o'sgan bola faqatgtna shaxsiy manfaatlarini ko'zlaydigan, ma'suliyatsiz bo'lib voyaga yetadi. Shuning uchun farzandning barkamol inson bo'lib yetishida onaning xizmati juda zarur va muhimdir. Bolalik chog'ida farzandning qalbi o'ta yumshoq va ta'sirga beriluvchan bo'ladi. Shu bois diniy ta'limotlarda bolalarni mehr bilan erkalash, farzandning bolalik davrini xursand o'tkazishga alohida e'tibor qaratiladi. Ayniqsa, qiz bolaning ko'ngli nozik bo'lishini hisobga olib, ularga alohida mehr ko'rsatishga chaqiriladi. Diniy ta'limotlarda ota-ona o'z farzandlariga ta'lim-tarbiya berishi ham dolzarb vazifalardan deb qaraladi. Bu haqda Muhammad (alayhissalom):
“Farzandlaringizga ta'lim bering, chunki ular sizniki bo'lmagan vaqt uchun tug'ilganlar”, deb har bir ota-onani bolaning o'z zamonasi ilm-fani, ta'limiga befarq qaramaslikka chaqirganlar.
Tarbiyada eng muhim vosita bu mehr va shirinso'zlik bilan tarbiyalashdir. Bu ikki vosita bir bo'lib, bolani shakllantiradi. Shu jumladan, ta'limni ham g'azab va jazolash bilan amalga oshirmagan ma'qul. Zero, zo'rlab berilgan ta'lim bola xotirasidan tezda o'chib ketadi. Oqibatda uning shu sohaga nisbatan qiziqishi so'nishi mumkin. Bundan ko'rinadiki, ta'limning avvali ham yaxshi tarbiyadan boshlanadi.
Islom ta'limotida yosh avlodning jismonan sog'lom va baquvvat bo'lib ulg'ayishiga jiddiy ahamiyat berilgan. Bu haqda Payg'ambarimiz (s.a.v.): “Farzandlaringizga so`zish va kamon otishni, qizlarga ip yigirishni o'rgatinglar”, deganlar.
Bugungi kunda farzand tarbiyasida ijtimoiy muammolardan; uyali telefonlardagi tajovo`zliklar hamda Ijtimoiy tarmoqlar to'ri tabora avj olmoqda. Ushbu zamonaviy kommunikatsiya vositalari muhim aloqa vositalari bo'lishi bilan birga ba'zi ma'naviyati to'liq shakllanmagan sust yoshlarga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoq ta'siriga tushib qolgan yoshlarga ota-onalar, o'quv muassasalari bilan birgalikda yondoshib aloqa vositalarining asl mohiyatini tushuntirib berishlari lozim.
Tarbiyadan tashqaridan bo'ladigan salbiy ta'sir bu, eng katta xatardir. Chunki farzandga oilada bu boradagi erkinlikka yo'l qo'yilmagach, u o'z qiziqish va rag'batlarini qondiradigan sabablarni tashqaridan izlay boshlaydi. Demak, ota-ona farzandining tashqi hayotiga ham katta e'tibor qaratishi talab etiladi. Ya'ni, ular farzandi maktab yoki kollejdan keyin qaerga borishi, nima bilan shug'ullanishini nazorat qilish lozim.
Farzandga bilim olish uchun sharoit yaratish ham ota-onaning vazifasidir. Payg'ambarimiz (s.a.v.): “Ilm olish har bir musulmon va muslima uchun farzdir”, deb marhamat qilganlarida, o'g'il va qiz farzandlarimizga ilm olish uchun barobar sharoitni ta'minlash kerakligini nazarda tutganlar.
Yosh avlod yetuk va komil shaxs bo'lib voyaga yetishi uchun yana bir muhim omil hayot tarziga aylanishi zarur. U ham bo'lsa “kitobxonlik”. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilingan. Ommaviy, ilmiy kutubxonalar, “Aybuk” tarzidagi kitob-kafe do'konlari va boshqalar so'zimizning yaqqol misolidir.
Ota-ona farzandiga vaqtni unumli o'tkazishni o'rgatishida vosita sifatida foydalanishi mumkin bo'lgan usullardan yana biri-zamonaviy axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanishdir.
Ota-ona bolada estetik tarbiya, go'zal manzaralardan zavq olish hissini shakllantirish uchun uni o'zi bilan birga tabiatdagi manzarali joylarga, mo`zeylarga olib borishi va shu bilan birga uning qalbida go'zallik latofatini singdirishi muhim.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam ma'naviy immunitetli, o'zining fikrlarini ravon ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma'naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar ham kuchayib borayotgan bugungi kunda o'zining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e'tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta'sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo'ladi.
Farzandlarimizga shunday tarbiya berayliki, ular o'z ota-bobolariga, o'z tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va an'nalariga sodiq bo'lib kamol topishsin.

Yüklə 72,44 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə