7 – Mavzu: Axloqiy qadriyatlar falsafasi (Etika). Ma’ruza rejasi



Yüklə 50,02 Kb.
səhifə1/7
tarix28.04.2023
ölçüsü50,02 Kb.
#107540
  1   2   3   4   5   6   7
7 – Mavzu Axloqiy qadriyatlar falsafasi (Etika). Ma’ruza rejasi


7 – Mavzu: Axloqiy qadriyatlar falsafasi (Etika).
Ma’ruza rejasi:

  1. Etikaning mohiyati va ahamiyati. Axloq, uning tarkibi va funksiyalari. Axloqiy qadriyatlar ierarxiyasi.

  2. Etikaning kategoriyalari (muhabbat va nafrat, baxt va baxtsizlik kabi), axloqiy tamoyillar va me’yorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘lishi.

  3. Nikoh va oilaning axloqiy qadriyatga doir jihatlari. Milliy ma’naviyatimizda nikoh va oilaga doir axloqiy qadriyatlar. Jamiyatda inson devalvatsiyasi (qadrlanish va qadrsizlanishi).


Tayanch tushuncha va iboralar:
«Etika», «axloq», “odob”, “xulq”, etikaning ob’ekti, etikaning predmeti, etikaning turli aspektlari (sohalari), axloq va ma’naviyat, etika kategoriyalari, axloqiy qadriyatlar, yevgenika, bioetika, nikoh, oila, muhabbat va nafrat, baxt va baxtsizlik axloqiy tamoyillar, axloqiy me’yorlar, axloqiy madaniyat, devalvatsiya.


1-savol bayoni: «Etika» so‘zi yunoncha ethos – odob, urf-odat ma’nosini anglatadi. Bu atama maxsus fan nomi sifatida ilk bor Aristotel (er. avv. 384-322 y.y.) tomonidan fanga kiritilgan edi, keyinchalik uni qat’iy ma’noda stoiklar ishlatgan edilar.
Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy fan. U bizda “Ilmi ravish”, “Ilmi axloq”, “Axloq ilmi”, “Odobnoma” singari nomlar bilan atab kelingan. Ovro‘poda esa «Etika» nomi bilan mashhur, biz ham yaqin-yaqingacha shu atamani qo‘llar edik. Uni birinchi bo‘lib yunon faylasufi Arastu muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasnif qilarkan, ularni uch guruhga bo‘ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga u falsafa, matematika va fizikani; ikkinchi guruhga – etika va siyosatni; uchinchi guruhga esa – san’at, hunurmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta’limotni fan darajasiga ko‘targanlar va «Etika» ( ethika) deb ataganlar.
Biroq, bizda milliy-mintaqaviy axloqiy qadriyatlarimizning, dastlabki axloqiy g‘oyalarning vujudga kelishi qadimgi yunonlar yashagan davrdan o‘nlab asrlar avval ro‘y bergan. Ajdodlarimizning eng ko‘hna e’tiqodiy-axloqiy kitobi - «Avesto» buning yorqin dalilidir. Shu sababli endilikda bu fanni ham ilmiy-tarixiy, ham zamonaviy-hayotiy talablar nuqtai nazaridan «Axloq falsafasi» deb atashni maqsadga muvofiq deb bildik.
Axloqshunoslik qadimda fizika va metafizika bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) alohida falsafiy yo‘nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni xaqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning tadqiqot ob’ektini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafasi deb atash mumkin.
Hozir u falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etar ekan, u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va rasmona-me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. Yani, axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, sitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta’limotlar bilan birgalikda «Patanjali», «Qobusnoma», Sa’diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning « Mahbub ul - qulub», Montenning «Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa bag‘ishlangan asarlar ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning omuxtaligidadir.
Demak, «etika», «axloq» «xulq-atvor» tushunchalari bir-biriga yaqin, lekin ayni bir xil tushunchalar emas. Etika axloq va xulq-atvor to‘g‘risidagi fandir, axloq-odob, xulq-atvor esa u o‘rganadigan ijtimoiy hodisalardir.
Etika fanining o‘rganish ob’ekti axloqdir. Axloq – ijtimoiy ongning maxsus shakli, jamiyat ma’naviy hayotining muhim sohasi.
Etikaning predmeti axloq vujudga kelishi va taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari, uning mohiyati, tarkibi, tamoyillari va me’yorlaridir.
Etika axloq vujudga kelishi va taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini o‘rganganligi sababli falsafiy fan bo‘lib hisoblanadi. Uni qadimdan «amaliy falsafa» deb atab kelganlar. Chunki falsafaning ontologiya, gnoseologiya, sotsiologiya, estetika, mantiq kabi boshqa sohalaridan farqli ravishda etika odamlarning o‘zlarini turli sharoitlarda qanday tutishlari, qanday qilib axloqiy bo‘lib borishi qonun-qoidalarini o‘rgatadi, ularning axloqiy munosabatlarini shakllantiradi.
Etika axloqning kelib chiqishi va mohiyatini, kishining jamiyatdagi axloqiy munosabatlarini o‘rganadi. «Axloq« so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, insonning muomala va ruhiy xususiyatlari majmuini, fe’lini, tabiatini anglatadigan «xulq» so‘zining ko‘plik shaklidir. «Axloq« iborasi ikki xil ma’noga ega: umumiy tushuncha sifatida u fanning tadqiqot ob’ektini anglatsa, muayyan tushuncha sifatida inson fe’l-atvori va xatti-harakatining eng qamrovli qismini bildiradi. Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo‘lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini - xulq, eng qamrovli qismini axloq egallaydi.
Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko‘y miqyosida ahamiyatli bo‘lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti-harakatlarning majmui.

Yüklə 50,02 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə