Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi Pardayeva Shohida suyunovna



Yüklə 27,27 Kb.
tarix19.02.2023
ölçüsü27,27 Kb.
#101121
Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi


Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi
Pardayeva Shohida suyunovna
Xalqaro Nordik Universiteti
3-MMT-22 guruh 1-kurs talabasi
Email pochta:pardayevashohida@gmail.com
Telefon raqami:
Annotatsiya: . Abdulla Qodiriy ijodining milliy adabiyotlarga taʼsirini tojik, turkman, qozoq va qirgʻiz adabiyotining Sadriddin Ayniy, M. Avezov, X. Deryayev, Chingiz Aytmatov singari yirik vakillari ham qayta-qayta qayd etishgan. Nemis adabiyotshunoslari N.Tun, I. Baddauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, Xristofor Murfi, asli eronlik amerika olimi Eden Nabi Abdulla Qodiriy ijodi boʻyicha jiddiy ishlar qilganlar
Kalit so’zlar: Julqunboy, Sadoi Turkiston, O’tkan kunlar,Mehrobdan chayon,Obid ketmon
Abdulla Qodiriy (asosiy taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (1894.4.10-Toshkent-1938.10.4) – XX a. yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi; 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Bogʻbon oilasida tugʻilgan. Otasi Qodirbobo (1820–1924) xon, beklar qoʻlida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida (1865) Toshkent mudofaasida qatnashgan. Otasi boshidan oʻtgan sarguzashtlar Abdulla Qodiriyning qator asarlari, xususan tarixiy romanlarining yuzaga kelishida muhim rol oʻynagan. Abdulla Qodiriy musulmon maktabida (1904–06), rus-tuzem maktabida (1908–12), Abulqosim shayx madrasasida (1916–17) taʼlim oldi; Moskvadagi adabiyot kursida (1925–26) oʻqidi. Yoshligidanoq qadimgi Sharq madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topgan; arab, fors va rus tillarini oʻrgangan. Jahon adabiyotini ixlos bilan mutolaa qilgan.Abdulla Qodiriyning ulkan merosi haligacha kitobxonlar qalbidan joy olmoqda.Oilasi kambagʻallashganligi sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qildi (1907–15). 1917-yil Oktabr davlat toʻntarishidan soʻng Eski shahar ozuqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), „Oziq ishlari“ gazetasining muharriri (1919), Kasabalar shoʻrosining sarkotibi (1920), „Mushtum“ jurnalining tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi (1923–26).Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910-yillarning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. „Sadoi Turkiston“ gazetasining 1914-yil 1-aprel sonida Abdulla Qodiriy imzosi bilan „Yangi masjid va maktab“ sarlavhali xabar bosiladi. Bu boʻlajak adibning matbuotdagi dastlabki chiqishi edi. Oradan koʻp oʻtmay, uning „Toʻy“, „Ahvolimiz“, „Millatimga“, „Fikr aylagil“ kabi sheʼrlari, „Baxtsiz kuyov“ dramasi, „Juvonboz“ hikoyasi chop etiladi (1914–1915). Abdulla Qodiriy ijodining dastlabki namunalari boʻlgan bu asarlar millatparvarlik, maʼrifatparvarlik ruhida yozilgan boʻlib, jadidchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgandir. Muallif unda xalqning zabun holatidan kuyib soʻzlaydi, millatni uygʻonishga daʼvat etadi, fikrlashga chorlaydi. Abdulla Qodiriyning „Uloqda“ hikoyasi (1916) avvalgi asarlari bilan tenglashtirib boʻlmaydigan darajada yuqori boʻlib, XX tongidagi oʻzbek realistik adabiyotining choʻqqisi, realistik hikoyaning eng yaxshi namunasi hisoblanadi.Abdulla Qodiriyning 1917-yil Oktabr toʻntarishidan keyingi faoliyati asosan matbuot bilan bogʻlangan. Uning 1919–1925-yillar oraligʻida yozgan maqolalari soni 300 atrofida. Abdulla Qodiriyning publitsistik chiqishlari avvalo oʻsha davrning tarixiy hujjati, zamonasining solnomasi. 20-yillar oʻrtalarida yozilgan „Kalvak Mahzumning xotira daftaridan“, „Toshpoʻlat tajang nima deydir?“ satirik hikoyalar turkumida yozuvchi kulgusi „xarakter kulgusi“ darajasiga koʻtarildi. Muallif bunda hayotdagi, odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodisalarni sof mafkuraviy nuqtai nazardan turib, nuqul biryoqlama qoralash, fosh etish yoʻlidan bormay, xarakter va hodisalarni xolis turib, murakkabligi, ziddiyatlari bilan koʻrsatishga jazm etadi.Abdulla Qodiriy shoʻro hokimiyatining dastlabki yillarida qizgʻin jurnalistik faoliyati bilan barobar oʻzbek adabiyotidagi birinchi roman – „Oʻtkan kunlar“ni yaratdi (1919–1920). Romandan boblar 1922-yil „Inqilob“ jurnalida eʼlon etildi. 1924–1926-yillari har bir boʻlimi alohida-alohida kitob holida bosildi. „ Keyinroq oʻzbek adabiyotining atoqli vakillari qatoriga koʻtarilgan Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor Abdulla Qodiriy ijodining katta taʼsiri ostida yetuk yozuvchi boʻlib yetishdilar. Abdulla Qodiriy ijodidagi chuqur mazmunni jozibador va ravshan shaklda ifoda eta olish, hayotdan yirik va salmoqli voqealarni tasvir uchun tanlay olish, hayotdagi dramatik vaziyatlarga eʼtibor, shaklning ixchamligi va katta prozada ortiqchaliklardan xoli ifodaning ustunligi, soʻzning maʼnoga mosligi va yorqinligi, hammadan ham muhimi – kishilar harakteridagi muhim xususiyatlarni koʻra olish va tasvir eta bilish yosh avlod uchun doimo ibrat namunasi boʻlib kelmoqda. Oybek aytganidek, „Oʻtkan kunlar“ romanida yozuvchi til ustida katta mahorat koʻrsatadi. Romanning tili haqiqatan boy, boʻyoqli, sodda, ifoda kuchi zoʻr, ommaga anglashilarlik bir tildir. Oʻzbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz, katta. Abdulla Qodiriy yosh adabiy avlodni doimo jahon realistik adabiyotidan oʻrganishga chaqirar, oʻzi ham jahon klassiklarini mutolaa etish va ularning asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilish jarayonida realizm ustalaridan oʻqib-oʻrganib borar edi. Adib oʻz kasbi haqida toʻxtalib shunday degan edi: „Yozuvchilikda bir qonun bor: hammadan ilgari maʼno, undan soʻng shu maʼnoni ifoda qilish uchun soʻz qurish, soʻzgina emas, sanʼatkorona, yaʼni shundogʻ soʻzki, aytmoqchi boʻlgan fikringizning ifodasi uchungina maxsus yaratilgan boʻlib, yasama boʻlmasin. Mana shu shartni bajarib, bu jihatdan taʼmin etilgach, boshqa masalalarga oʻtishga haq olgan boʻlasan…“.Abdulla Qodiriy asarlari, ayniqsa romanlari, jahon miqyosida tez tarqaldi. „Oʻtkan kunlar“ ozarbayjon tilida 1928-yilda, „Mehrobdan chayon“ tojik tilida 1935-yilda, „Obid ketmon“ rus tilida 1935-yilda nashr etildi. Shundan buyon bu asarlar rus, qozoq, uygʻur, tatar, arab, italyan, ingliz, nemis va boshqa tillarda qayta-qayta nashr etilib kelayotir.Abdulla Qodiriyning 44 yillik umri, 20 yillik ijtimoiy va ijodiy faoliyat davri keskin kurashlar, taʼqibu tahdidlar ichida oʻtdi. Rostgoʻy adib shoʻro davri haqidagi badiiy asarlarida, publitsistikasida shoʻro voqeligiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib koʻrsatishga jazm etdi. Ammo uning bu urinishlari birin-ketin zarbaga uchray boshladi. 1926-yil „Mushtum“da bosilgan „Yigʻindi gaplar“ hajviyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun „aksilinqilobiy harakat qilganlik“da ayblanib qamoqqa olinadi, turli boʻxtonlar bilan sudlanadi. Sudda u mardona turib oʻz shaʼnini himoya qiladi. „Obid ketmon“ qissasi ham shoʻro mafkurachilariga maʼqul kelmaydi, keskin tanqidga uchraydi; „ideologik buzuqliklar va xatolar“ga toʻla, „siyosiy tutruqsiz“ asar sifatida baholanadi. Yozuvchining tarixiy romanlarining esa asosiy mavzusi – millat taqdiri, birligi, el-yurt qaygʻusi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi tufayli ham hukmron mafkuraga zid asarlar boʻlib chiqdi. Millat ruhini yorqin aks ettirgan, xalqning, oʻzga millat kitobxonlarining sevimli asarlariga aylangan bu romanlar shoʻro davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida bot-bot qoralandi. 30-yillar oʻrtalariga kelib, bu mashʼum kampaniya avjiga chiqdi. Gʻofir Gʻulom, Abdulla Qahhor, Uygʻun kabi shogirdlarining "donos"lari ortidan Abdulla Qodiriy 1937-yil 31-dekabr kuni xibsga olindi. 9 oylik qamoqdagi soʻroq-tergov, qiynoq, xoʻrlikdan soʻng Choʻlpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etildi. Qodiriy xibsga olingach, asarlari „zararli“ sanalib oʻtda yoqildi, kutubxonalardan yoʻqotildi, ularni oʻqish taʼqiqlandi.
Xulosa:Abdulla Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), „Mustaqillik“ ordeni bilan taqdirlandi (1994). Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Toshkent Davlat Madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bogʻiga, respublikaning turli shaharlari koʻchalariga, respublikamizdagi koʻplab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. „Oʻtkan kunlar“ va „Mehrobdan chayon“ romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1996, 1973) va koʻp seriyali telefilmlar yaratilgan. Oilalarda farzand tugʻilsa, Abdulla Qodiriy romanlari qahramonlari nomlarini qoʻyish rasm boʻlgan. Eng muhimi, Abdulla Qodiriy, uning hayoti, ijodi haqidagi bor haqiqatni aytish, yozish, asarlarini asl holida „tahrirsiz“ chop etish uchun yoʻl ochilgan.
Yüklə 27,27 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə