Abdulla Qodiriyning Hayoti va ijodi. Reja



Yüklə 104,58 Kb.
səhifə1/6
tarix03.08.2018
ölçüsü104,58 Kb.
#60624
  1   2   3   4   5   6

Abdulla Qodiriyning

Hayoti va ijodi.
REJA:

1. A.Qodiriyning bolalik va yoshlik yillari.

2. A.Qodiriyning ilk ijodi.

3. A.Qodiriy – jurnalist.

4. A.Qodiriy – tanqidchi.

BAYONI:

Abdulla Qodiriy 1894-yil 10-aprelda bog’bon oilasida dunyoga keldi. “Boshida boy oilada tug’ildimmi yoki kambag’al oiladami, albatta, bilmadim, – deb yozadi A.Qodiriy, – ammo yoshim 7-8ga yetgach, qornim oshga to’ymog’onidan, ustim tuzukroq kiyim ko’rmaganidan aniq bildimki, besh jonning tomog’i faqat 80 yoshli bir chol otamning mehnatidan, 1300 sarjin bog’ning yozda yetishtirib beradigan hosilidan kelar ekan. Agar bahor yomon kelib, bog’ mevalari ofatga uchrab qolsa, biz ham ochliqqa duch kelib, qishi bilan jovrashib chiqar ekanmiz”.

Abdulla bolaligidayoq zehni o’tkir, o’qish-o’rganishga mehr-ishtiyoqi baland bo’lgan. Ammo oiladagi moddiy muhtojlik tufayli bir oz kechikib, 9-10 yoshlarida maktabga boradi. Ikki-uch yil eski maktabda o’qigach, 12 yoshida uni oiladagi nihoyatda qashshoqlik vajidan bir boyga xizmatchilikka beradilar. Xo’jayin savdogar kishi bo’lib, o’rischa yozuv-chizuvni biladigan odamga muhtoj edi. Abdullaning zehnini, o’qishga ishtiyoqini sezgan savdogar uni rus-tuzem maktabiga yuboradi. Ham o’qish, ham o’qishdan keyin xo’jayin qo’lida ishlash Abdulla uchun og’irlik qiladi, maktabga yaxshi bilim ololmaydi. Bu hol ikki davom etadi. So’ng bunga chidolmay, ota-onasiga yolvorib o’z uyiga qaytib keladi, shu yerda turib o’qishga qatnaydi. O’qishdan bo’sh vaqtlarida akasi yoniga kirib toqichilik hunarini o’rganadi. Ikki-uch yil shu toqichilik va bog’ ishlari bilan band bo’ladi. Bolalikda egallagan bu hunarlarni, ayniqsa, bog’dorchilikni u bir umr tark etolmaydi.

Abdulla rus-tuzem maktabini 1912-yil muvaffaqiyat bilan tugatdi. Bu maktabda o’qish, bolaligidanoq rus tilini egallash bo’lg’uvchi yozuvchi ijodiy taqdirida muhim kasb etdi, rus va jahon adabiyoti, madaniyati bilan tanishuvi uchun bevosita yo’l ochib berdi. Ikki yil o’tgach, Abdulla Toshkentdagi Abulqosim madrasasiga o’qishga kirdi. Madrasadagi qisqa ta’lim uning islom ilmi, arab va fors tillarini egallashi, keyinchalik bu sohalarni mustaqil o’zlashtirish uchun zamin hozirladi.

Abdulla 1912-yili Rasulmuhammadboy otliq savdogarga prikazchik bo’lib ishga kirdi. Bu savdogar boy insofli, ochiqko’ngil, mulla, ziyolilarni hurmat qiladigan kishi edi. Bu odam xonadonida yashab, uning savdo do’konida ishlab, Abdulla zamonasining ko’p ilg’or, ziyoli kishilari bilan tanishadi. 1914-yili boyning katta qizi Rahbaroyga uylanadi. Abdullaning bundan keyingi ham totuv, ham sertashvish hayoti, faoliyati umr yo’ldoshi Rahbaroy, u keyinchalik birin-ketin in’om etgan ikki o’g’il, ikki qiz – Nafiza, Habibulla, Adiba, Ma’sudlar bilan kechdi.

Abdulla ijodiy faoliyatining boshlanishi ham o’sha davrga to’g’ri keladi. “Shu miyonalarda, - deb eslaydi A.Qodiriy, - bozor vositasi bilan tatarlarda chiqadig’on gazetalarni o’qib, dunyoda gazeta degan gap borlig’iga imon keltirdim. 1913-yilda o’zbekcha “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand”, “Oina” gazetalari chiqa boshlag’och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg’ondi”. “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil 1-aprel sonida “Yangi masjid va maktab” sarlavhali xabari bosilgan. Bu xabar ostiga Abdulla Qodiriy deb imzo chekilgan. Shu tarzda matbuotda Abdulla Qodiriy nomi paydo bo’ldi. Oradan ko’p o’tmay shu nom ostida “Millatimga”, “Ahvolimiz” she’rlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi chiqdi. Bu asarlar Qodiriyning ijodidagi dastlabki izlanishlar bo’lib, ular o’sha davrning taraqqiyparvar harakati – jadidchilik g’oyalari bilan sug’orilgan, jadid adabiyoti ta’siri ostida yozilgan edi. Bu asarlarda Qodiriy qoloq odatlarni tanqid ostiga oladi, xalqni o’zligini anglashga, yangilikka da’vat etadi.

Yozuvchining “Juvonboz” asari bevosita Behbudiyning “Padarkush” dramasiga taqlidan yozilgan. Hikoyada o’qishni tashlab buzuq, shaltoq yo’llarga kirib ketgan boyvachcha otasining mol-mulkini sovuradi, sindiradi; ota-onani dog’da qoldirib, oxiri jinoyatga qo’l uradi, qamaladi. “Baxtsiz kuyov”da esa muallif qoloq odatlardan biri – hashamatli to’y ortiqcha sarf-xarajatlar va ularning ko’ngilsiz oqibatlari masalasini ko’taradi. Amakisining maslahati bilan Solih ismli yetim yigit katta qarz ko’tarib dabdabali to’y qilib, boy xonadon qiziga uylanadi. Vaqtida qarzini uzolmay garovga qo’yilgan hovli-joyidan ajralish oldida sharmandalikdan o’zini-o’zi o’ldiradi.

Qodiriyning oktabr inqilobidan keyingi faoliyati asosan matbuot bilan bog’langan. 1919-yili “Oziq ishlari” gazetasiga muharrir bo’lib tayinlandi; so’ngra “Ro’sta” gazetasiga muxbir, “Ishtirokiyun” va “Qizil bayroq” gazetalarida xodim, “Inqilob”, “Kommunist yo’ldoshi” majmualarida sarkotib va xodim bo’lib ishlaydi.

Qodiriy ham matbuot xodimi, ham jurnalist-publitsist, hajviy yozuvchi sifatida O’zbekistonda yangi tipdagi sovet matbuotining tug’ilishi va shakllanishida benihoyat katta xizmat qildi. Ayniqsa, “Mushtum” jurnalining tashkil topishida va oyoqqa turishida katta jonbozlik ko’rsatdi.

Qodiriy matbuot, jurnalistika sohasidagi bilimi va malakasini oshirish maqsadida 1924-1925-yillar orasida Moskvadagi oliy jurnalistika institutida ta’lim oladi. Moskvada o’qigan kezlarida ham respublika matbuoti bilan aloqasini uzmaydi.

Qodiriy 1919-1925-yillar orasida matbuotda yuzlab maqola, hajviyalari bilan qatnashadi. Bu asarlarni u har xil – Qodiriy, Julqunboy, Kalvak Mahzum, Toshpo’lat, Ovsar, Dumbul, Shig’oy degan imzo-taxalluslar bilan e’lon qilgan.

Qodiriy publitsistikasining mavzu-mundarijasi, muammolar doirasi keng. Ular orasida hayotdagi muhim tadbirlarni, yangiliklarni olqishlab, qo’llab-quvvatlovchi, targ’ib-tashviq etuvchi (“Matbuot kuni”, “Otam va Bolshevik”, “1918-yil yodgori”, G’irvonlik Mallaboy aka“singari”), hayotdagi xilma-xil illatlarni fosh etuvchi maqolalar hamda bir turkum adabiy-tanqidiy ishlarni uchratamiz. Qodiriyning “Bizda teatr ishining borishi”, “Ravot qasgqirlari”, “O’tgan kunlar” va “O’tgan kunlar tanqidi ustida ba’zi izohlar” maqolalari 20-yillar o’zbek tanqidchiligining eng yaxshi namunalaridandir. Ularda realistik adabiyotning jiddiy masalalari – haqqoniylik, milliylik, badiiy shakl haqida muhim fikrlar ilgari surilgan.

Qodiriy oktabr inqilobi tufayli so’z erkinligi, jasorat oldik, deb quvongan edi. Endi bor ovoz bilan haqiqatni aytish, yozishga chog’lanadi. U inqilobni, yangi hayotni olqishlash, himoya qilish bilan barobar bu hayot yo’lidagi xilma-xil to’siqlarni fosh etishga, sho’ro voqealigiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib ko’rsatishga jazm etdi. U yangi hayot yo’lidagi to’siqlar faqat sinfiy dushmanlar – boy, domla-imom, ruhoniylar qarshiligidan iborat emasligini bilardi. Yangi dunyo quruvchilari ongi, xatti-harakati, o’zi ichki ziddiyatlarga, qarama-qarshiliklarga to’la edi. Qator maqolalarida, hajviyalarida adib mana shu ziddiyat, kamchiliklarni ko’rsatishga harakat qildi. Ammo uning bu intilishlari birin-ketin zarbaga uchray boshladi. 1926-yilda “Mushtum” jurnalida bosilgan “Yig’indi gaplar” hajviyasida hayotdagi kamchiliklar, hukumat kishilari haqidagi beozor kulgi, hazil uchun aksil-inqilobiy harakat qilganlikda ayblanib qamoqqa olinadi. Qodiriy o’ziga qo’yilgan asossiz ayblarni qat’iyan rad etadi. Qamoqxonada nohaqlikka norozilik sifatida ochlik e’lon qiladi. Uzoq davom etgan tergovda, nihoyat, sudda mardona turib tuhmatchi, pastkash kimsalarni ayovsiz fosh etadi, siyosiy ayblar va dag’dag’alardan aslo cho’chimay, hech ikkilanmay faqat haqiqatni aytadi, qat’iy turib o’z sha’nini himoya qiladi. “Men to’g’rilik orqasida bosh ketsa “ix” deydirgan yigit emasman” deydi.

Oily sud




Tayanch iboralar.

Jadidchilik g’oyalari, mustaqillik, siyosiy tuzum, ziddiyat, haqiqat, sho’rolar davri, siyosat, nohaqlik.



Savol va topshiriqlar:

  1. A.Qodiriyning o’zbek adabiyoti, madaniyati taraqqiyotidagi o’rni, xizmati nimadan iborat?

  2. Qodirining bolalik va yoshlik yillari qanday kechgan?

  3. Qodiriyning ilk ijodi, asarlariga xos xususiyatlar nimalardan iborat?

  4. Adabiyotning inqilobiy o’zgarishlar davridagi ijtimoiy faoliyati haqida.

  5. Qodiriy jurnalist sifatida qanday ishlar olib borgan?

  6. Qodiriyni yozuvchi sifatida elga tanitgan qaysi hajviy asarlari bilan tanishsiz?


8-MAVZU: “O’TGAN KUNLAR” VA “MEHROBDAN CHAYON” ROMANLARI

CHO’LPONNING HAYOTI VA IJODI. “OYDIN KECHALARDA” HIKOYASI.
REJA:

1. Cho’lponning hayoti va ijodi.

2. Cho’lponning dastlabki asari.

3. Cho’lpon – publitsist va dramaturg.

4. Cho’lponning nasriy asarlari.

5. “Oydin kechalarda” hikoyasining asosiy g’oyasi.


Abdulhamid Sulaymon o’g’li Cho’lpon 1897-yilda Andijonda tug’ilgan. Uning otasi Sulaymon Muhammad Yunus o’g’li bazzozlik bilan shug’ullangani uchun Andijon aholisi o’rtasida Sulaymon Bazzoz ismi bilan shuhrat topgan. Unda ham adabiyotga havas kuchli bo’lgan va hatto “Rasvo” taxallusi bilan she’rlar yozgan. Ammo Sulaymon Bazzoz, o’zidagi bu adabiy didga qaramay, o’g’lining yozuvchi emas, balki mudarris bo’lishini xohlagan. Cho’lpon esa Andijon va Toshkentdagi madrasalarda tahsil ko’rishi asnosida o’z davrining ilg’or qarashlari bilan tanishib, o’zga yo’ldan borishga qaror qildi.

Cho’lpon bilan yaqin ijodiy aloqada bo’lgan V. Yaning yozishicha, o’zbek shoiri unga o’zining hayot yo’li to’g’risida so’zlab, bunday degan: “Yoshlik chog’imda Farg’onada gazmol bilan savdo qiluvchi otam musulmonchilikka haddan ziyod berilgan bo’lib, mullalar bilan do’st tutingan edi. U meni ham mullovachcha qilib o’stirish niyatida tahsil ko’rish uchun madrasaga bergan. Men u yerda bir kishi bilan tanishdim va bu kishi menga ta’sir ko’rsatdi. U “Qur’on”ni boshdan oyoq yod olgan mullo bo’lgani uchun mudarris degan nufuzli unvonga sazovor bo’lgan. U Istambuldagi Panturkistlar markazidan Panturkistlar va panislomistlar ta’limotini tarqatish uchun Xitoy Turkistoniga yuborilgan va Farg’onada tashviqod uchun to’xtagan bir turk edi. U meni turli-tuman muammolar bilan birinchi marta tanishtirib, menda siyosiy va adabiy ishga qizg’in havas uyg’otgan. Men “Qur’on”ni yodlashdan iborat saboqlardan so’ng hamma narsani unutib,ko’chaga yugurar va yangi gazetalarni sotib olar edim. Ammo mudarrislik qilish o’rniga men milliy o’zbek yozuvchisi bo’lishga ahd qildim. Otamdan ham, mullalardan ham qochib, Toshkentga bordim va u yerda she’rlar, hikoyalar yozib, jurnallarga yubordim”.

Ana shu gazetalar birinchi navbatda Gaspirali Ismoilbekning “Tarjumon” gazetasini entikib mutolaa qilgan Cho’lpon jadidchilik g’oyalari bilan yaqindan tanishdi va shu g’oyalarga xizmat qiluvchi asarlar yoza boshladi. Uning 1914-yili “Sadoyi Turkiston” gazetasida e’lon qilgan dastlabki asarlaridan biri – “Do’xtur Muhammadyor” hikoyasi shu jihatdan, ayniqsa, e’tiborga sazovor.

… Hoji sartarosh oilasida tug’ilgan yagona farzand o’n yoshga yetganida, Ufadagi “Madrasai oliya”ni tugatgan bir muallim kelib qoladi. U gazeta o’qiydigan va “yetmish ikki tilni biladigan” hoji sartaroshning shuhratini eshitib, u bilan tanishishni ixtiyor etdi. Muallim sartaroshxonaga kelganda, Muhammadyor ham otasining qoshida edi. Hoji Ahmad gap orasida o’zining yolg’iz o’g’li haqida so’z ochib, uni o’qitishini muallim afandidan so’raydi. Bir yil mobaynida muallim Muhammadyorga ahkomi islom, tarix va jug’rofiyadan mukammal bilim beradi. Ota-bola muallim afandini poyezdga chiqarib, vokzaldan qaytayotganida, qimorbozlik orqasida bir-birlariga musht ko’targan bezorilarga duch keladilar. Hoji ularga pandu nasihat qilmoqchi bo’lganda qimorbozlardan biri bo’g’ib o’ldiradi. O’layotgan ota o’g’liga vasiyat qiladi.

“Do’xtur Muhammadyor” ana shunday fojiali tugun bilan boshlanadi. Cho’lpon yaxshi kishilar ko’magida ota vasiyatiga amal qilib, dastlab Bakuda, so’ng Peterburgda va Shvetsariya dorilfununlarida o’qib, mashhur doktor, yozuvchi va noshir bo’lib yetishgan Muhammadyor siymosida Hamzaning “Yangi saodat” qissasidagi Olimjon bilan qondosh bo’lgan ideal qahramon obrazini yaratdi. Bu qahramon jaholatga qarshi kurashda ilm-fanni birdan-bir qurol deb biladi, shu qurol yovdam xalqning sihat-salomatligi uchun kurashadi. Hamma uning singari baxtli va jamiyat uchun foydali ishlarni yetkazishga ishonadi.

1917-yil fevral inqilobi ro’y beradi “Oq podshoh”ning taxtidan ag’darilishi jadidchilik harakati namoyondalarida mustaqil o’zbek davlatini barpo qilishga umid uyg’otadi. Lekin bu harakat xalqni uyg’otib ulgurmagan, milliy inqilob uchun qurolli kuchlarni tayyorlay olmagan edi. Shu sababli oktabr to’ntarishiga qadar milliy davlatni barpo etish g’oyasi xom hayolligicha qoladi.

Lekin O’zbekistonga hatto muxtor Respublika huquqini berishni istamagan bolsheviklar 1918-yil fevralida Turkiston muxtor davlatini tor-mor qildirdilar, uning tashabbuskorlari esa quvg’inga uchradi. Cho’lpon o’sha kezlarda ta’qibdan qochib Orenburgga bordi va Boshqirdiston hukumatining raisiga kotib bo’lib ishladi.

O’zbekistondagi alg’ov-dalg’ovlar biroz tinchigach, u Toshkentga qaytib, 1919-yilning kuzida “Yangi sharq” gazetasi tahririyatiga ishga kirdi. Bu gazeta “Farg’ona viloyati milliy ishlar mudirligining organi bo’lib, uning teppasida “Birlashingiz, butun dunyo mehnatkashlari” degan shior bilan birga “Yashasin sharq ozodligi” degan so’zlar ham yozilgan edi. Cho’lpon gazetada shu so’nggi shior ruhi bilan sug’orilgan maqollar e’lon qildi.

1923-yil Cho’lponning boshqa bir maslakdosh do’sti Abdulxay Tojiyev Andijonga “Darxun” gazetasini tashkil etish uchun ishga yuboriladi. Bu davrda boshqa biror joydan moddiy madad olmagan “bosmachilar” o’z saflarini to’ldirish, oziq- ovqat va qurol- yarog’ uchun mablag’ topish niyatida o’qtin-o’qtin Farg’ona vodiysidagi qishloqlarda hujum qilib, aholiga jabr keltirayotgan edilar. “Darxun” ana shu voqealarga aralashib vodiyga tinchlik o’rnatish maqsadini o’z oldiga qo’ydi. A. Tojiyevning taklifi bilan Cho’lpon ham vodiyga borib xizmat qildi.

Cho’lpon “Yangi sharq” gazetasida ishlab yurgan kezlari, 1920-yilda “Yorqinoy” ertak-pyesa yozgan va bu asar 1921-yili Mannon Uyg’ur truppasi tomonidan sahnaga qo’yilgan edi. 1924-yili “Darxun” gazetasi tugatilib, yana Toshkentga ko’chib kelganida milliy o’zbek teatrini tashkil etish bo’yicha jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda edi. U 1924-1926-yillarda Moskvada malakali o’zbek san’atkorlarining shakllanishi va bo’lajak Hamza nomli teatrning tashkil topishida mislsiz rol o’ynadi. Ayrim manbalarga qaraganda, u o’sha yillari Moskvadagi V. Bryusov nomidagi institutda tahsil ko’rdi.

Cho’lpon 20-yillarning o’rtalarida ham she’riy, ham nasriy, ham drammatik ijod bilan faol shug’ullandi. “Buloqlar” (1922), “Uyg’onish” (1923), “Tong sirlari” (1926) she’riy to’plamlarini, “Oydin kechalarda”, “Qor qo’ynida lola”, “Novvoy qiz”, “Oq podshoning in’omi” singari o’nga yaqin hikoyalarini, qator maqolalarini e’lon qildi. Ammo, 30-yillarda avj olgan tanqid va taxhdid sharoitida uning asarlari bosilmay qoldi. Shundan keyin Cho’lpon ko’proq badiiy tarjima bilan shug’ullanishga majbur bo’ldi.

Shekspirning “Hamlet”, Pushkinning “Boris Godunov” va “Dubrovskiy”, Gogolning “Tergovchi”, Frankoning “Feruza”, Gorkiyning “Ona”, Andreyvning “Osilgan yeti kishining hikoyasi” va boshqa ko’plab asarlarni o’zbek tiliga tarjima qilib, zamonaviy o’zbek tarjima maktabiga asos soldi.

Shu bilan birga, u 30- yillarda “Kecha va kunduz” dilogiyasi, “Soz” she’rlar to’plamini chop etdi, “Teatru” gazetasi va “Mushtum” jurmalida qatnashdi.

Buyuk ma’rifatparvar va serqirra faoliyat sohibi Cho’lpon 1937- yilda qamoqqa olinib, boshqa maslakdosh birodarlari bilan birga 1938-yil 4-oktabr kuni otib tashlandi.

Cho’lponning adabiy merosida “Kecha va kunduz” romanidan tashqari, yana bir necha hikoyalari ham borki, ular nafaqat g’oyaviy mazmuni, baliki badiiy fazilatlari bilan ham diqqat-e’tiborga sazovordir. Shunday hikoyalardan biri “Oydin kechalar” deb ataladi. 1922-yilda yozilgan bu hikoyada Cho’lpon ijodining yana bir asosiy mavzularidan biri – xotin-qizlar masalasi ko’tarilgan.

Hikoya shunday tasvir bilan boshlanadi:

“Zaynab kampir bir narsadan cho’chib uyg’ondi. Oppoq oydin, oy kampir yotgan so’richaning qoq o’rtasidan unda-munda bitta-yarimta uchragan oq bulutlarni yorib, shoshib o’tib borar edi.

Kampir u yog’-bu yog’iga yaxshilab qarab, oydinda hech bir qora-mora uchratmagandan keyin yana bolishga boshini qo’ydi…”

Bunday muqaddima so’zlardan keyin kitobxon Zaynab kampirni hikoyaning bosh qahramoni, deb o’ylashi va uning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatishi tabiiy. Yozuvchi ham kitobxonda uyg’onfan ana shu taassurotni xuddi sezgandek, kampirning xayollarini tortgan “pilta savat, ko’rpa qavuq ipdan tortib, bu yil pilladan chiqadigan ipakkacha” – hammasini erinmay tasvirlaydi. So’ng kampirning arang uyquga ketgani va, ko’p o’tmay, uyqu aralash yig’i tovushini eshitganini aytadi.

Xuddi shu yerdan boshlab hikoyaning tuguni boshlanadi.

“Bu kim? Kechalari uxlamasdan yig’lab chiqquchi kim? Hamma tinch va rohat uyquga tolgan bir zamonda qalbini yaralab yig’laguchi qanday baxtsizdir?...”

Kampir yig’layotgan ayolni Xadicha otinning kelini desa, bugun uning dugonalari kelib, “ikki xuftongacha” o’yin-kulgu qilishdi. Balki qo’shnining kelinidir…

“Mana, kampirning o’z kelini, uy-joyi, kiyim-kechagi – hamma narsasi tayyor… Novdadek kuyov yonida…”

Kampir shunday xayollar bilan yig’i kelgan tomonga asta borib, ne ko’zlar bilan ko’rsinki, yig’layotgan ayol o’zining kelini edi.

Cho’lpon shu lahzaga qadar voqeani tabiat manzaralrini tasvirlash va kampirning xayollarini jonlantirish orqali ochayotgan edi. Endi qaynona bilan kelin yuzma-yuz kelganlarida, hikoyaga o’z-o’zidan savol-javob usuli kirib keladi:

“ – …Aylanay, bolam, Qodirjon qani?

– Qodirjonni so’ramang, onajon…Mana, kelin bo’lib kelganimga bir yarim oydan oshgan bo’lsa, shu bir yarim oyning ichida ikki kechagina birga bo’ldik… Boshqa kunlarda har kecha kuta-kuta tong ottirib yuboraman. Shuncha kun chidab kelib-kelib, mana bu kun o’z qadrimga o’zim yig’lab yubordim. Qanday qilay? Men odam emasmi?”

Vaziyatni tushungan kampir nima deyishini ham bilmaydi.

“– Otasi ham shundoq edi, qizim”.

Kampirning qarigan,qurigan ko’zlariga yiroq-yiroq yerlardan ikki tomchu keladi. Butun tanini, butun a’zolarini bosib, ezib, sidirib kelgan shu ikki tomchi yoshini yengi bilan artgandan keyin shunday deydi kampir.

Xo’sh, Qodirjonning otasi nega uyga kech qaytgan? Qodirjonning o’zi-chi? Ular qanday tashvishlar bilan band? Turmushning qaysi yechilmas tugunlari tufayli ular oilalari bag’rida yashamaydilar?.. Bunday savollarga shu payt mast-alast holda uyga kirib kelib, obrezga yiqilgan Qodirjonning holati va “Gde, gde maya Anna, gde maya Annushka?” degan telba-teskari ashulasi javob beradi.

“Qizil shohi ko’ylak, qopqora sochlari yerda sudralgan” iffatning, nafosatning, mehrigiyoning qadrini oyoqosti qilib, otasining iflos odatini davom ettirgan Qodirjon hikoya xotimasida razil va pastkash bir inson sifatida gavdalansa, o’n gulidan bir guli ham ochilmagan kelin go’zallik va ezgulikning xorlangan ma’budasi o’laroq ko’rinadi. Yo’q, u razillik va pastkashlik oldida mag’rur qoya singari qad ko’tarmaydi. Balki razillikdan ozor chekayotgan, razillikka qarshi kurashga tayyor bo’lmagan, shuning uchun ham mehr va madadga, ko’makka muhtoj ayol sifatida e’tiborimizni tortadi.

Cho’lponning bu hikoyasida biz ikki holatni ko’ramiz. Cho’lpon xotin-qizlarga munosabatning kirib kelishi yaxshi bo’lmagani, ular haq-huquqining kamsitilgani uchun jamiyat e’tiborini ayollar taqdiriga qaratmoqchi bo’lgan. Ikkinchidan mustamlakachilik davrining boshlanishi bilan bizga ichkilikbozlik, axloqsizlik singari illatlar natijasida xotin-qizlarni kamsitish yanada avjiga chiqqan.

Cho’lpon “Oydin kechalarda” hikoyasida ana shu illatlarni bartaraf etish, o’zbek xotin-qizlariga xos vafo, iffat, go’zallik va ruhiy boylikning qadriga yetish hamda ularga bo’lgan munosabatni keskin o’zgartirish g’oyasini ilgari suradi. Hikoya hajm nuqtayi nazaridan kichik bo’lishiga qaramay, yozuvchi unda Zaynab kampirning ham, kelinning ham ruhiy holatini katta mahorat bilan ochgan. Badiiy tafsillarning ko’pligi va aniqligi hikoyada hayot haqiqatining yorqin va haqqoniy tasvir etilishiga katta imkoniyat yaratgan. Umuman, muallif bu hikoyasi bilan kelajakda katta epik asar yozish darajasiga yaqinlashib borayotganini namoyish qilgan.


Tayanch iboralar.

Badiiy, ijodiy, shoir, faoliyat, maqola, shakllanish, voqea, o’zbek, asarlar, she’rlar to’plami, hikoya, g’oyaviy mazmun, tasvir,haq-huquq, epik.



Savol va topshiriqlar:

  1. Cho’lponning adabiyot olamiga kelish yo’li haqida nimalarni bilasiz?

  2. Cho’lpon jadid yozuvhisi sifatida qanday asarlar yozgan?

  3. Cho’lpon jadidchilik harakatining qaysi namoyandalari bilan yaqin aloqada bo’lgan?

  4. Cho’lpon she’riyatining Hamza she’riyatidan farqi nimada?

  5. Cho’lponning kuyga solingan qanday she’rlarini bilasiz?

  6. Cho’lponning qanday asarlari asosida teatr spektakllari, kino yoki telefilmlar yaratilgan?

  7. Cho’lponning qanday hikoyalarini bilasiz?

  8. Adibning “Oydin kechalarda” hikoyasini yozishdan maqsadi nima?

  9. Hikoyadagi kelin va kampir obrazlarni o’zaro muqoyasa qiling va bu muqoyasadan ma’lum bir xulosalar chiqarishga urining.



9-MAVZU: CHO’LPONNING “YORQINOY”

DRAMASI.
REJA:

  1. Dramaning yozilish tarixi.

  2. Dramada aks ettirilgan voqealar.

  3. Asarning badiiy xususiyatlari.


BAYONI:

Cho’lponning dramaturgiya sohasidagi ilk asarlari 20-yillar arafasida maydonga kelgan bo’lsa-da, ular shuningdek, 1920-yilda yozilgan “Yorqinoy” dramasi ham kchik sahna asarlari edi. Shuning uchun ham Moskvadagi o’zbek drama studiyasida sahnalashtirish uchun mahalliy mavzudagi asarlarga ehtiyoj tug’ilganidan Cho’lpon mazkur pyesani qayta ishlab uni 1926-yilda kitob holida nashr etdi.

Pyesada Cho’lponning bag’ishlov so’zlari ilova etilgan: “Totli va boy tili bilan ertak aytib berib, shu asarning yozilishiga sabab bo’lgan KAMPIR ONAga hurmat bilan bag’ishlayman”.

Bu so’zlardan ma’lum bo’lishicha, “Yorqinoy” pyesasi zaminida Cho’lponning “kampir onasi”dan eshitgan xalq ertagi yotadi. Ayrim manbalrda esa “Yorqinoy” pyesasida Andijondagi Po’latxon qo’zg’oloni bilan bo’gliq voqealar aks ettirilgan, degan fikr ham mavjud. Bizningcha ham, Cho’lpon yoshligida “kampir onasi”dan Po’latxon qo’zg’oloni haqidagi ertaknamo voqeani eshitgan va mazkur asarni yaratishda shu ertak-voqeadan foydalangan bo’lishi mumkin.

O’lmas Botir ismli sarkardaning qarorgohida bog’bonlik qilgan Po’lat bilan uning Yorqinoy o’rtasida muhabbat shabadasi esa boshlaydi. Po’lat bu uyning oddiy xizmatkori, Yorqinoy esa xonzodalarga mos qayliq bo’lgani uchun bog’bon yigit o’z sevgisining baxtli natija bilan tugashi mumkinligiga ishonmay O’lmas Botir xonadonidan ketmoqchi bo’ladi. Shu payt Po’latni Yorqinoy bilan tanholikda uchratib qolgan Botir uni benomuslikda, ko’rnamaklikda ayblaydi. Yorqinoyni ham or-nomusni unutib, faqir bir xizmatkor bilan uchrashgani uchun o’ldirishga tayyor ekanligini aytadi. Yorqinoy esa haq yo’lida o’limga ham tayyor.

O’lmas Botir va unga o’xshash kimsalar uchun haq ikki xil bo’lgan: o’zlari uchun va o’zgalar uchun. O’zlari uchun mavjud bo’lgan haq uni o’zining yolg’iz qizini jazolashga imkon bermaydi, lekin o’zgalar uchun haq tushunchasi uni shu lahzaning o’zida Po’latni qatl etish uchun yo’l ochadi. Ana shunday e’tiqod bilan yashagan O’lmas Botirning halol inson emas, balki zolim va qonxo’r sarkarda ekanligi ma’lum bo’ladi. U bilan ilk bor to’qnashgan va yuzma-yuz olishishga majbur bo’lgan Po’lat o’zining va otasining kim ekanligini undan so’rab bilmoqchi, o’z ajdodlarining taqdiri to’g’risida xabar topmoqchi bo’ladi. Lekin kutilmaganda bu narsa O’lmas Botirning eng dahshatli siri ekanligi oshkor bo’lib qoladi.

Agar biz Cho’lpon ijodi va ijtimoy faoliyatining negiz-negiziga nazar tashlasak, uning uchun faqat bir sajdagoh bor ekanligini ko’ramiz. Bu xalqdir. Xalq qayerda bo’lsa, haq ham o’sha yerda bo’ladi. Shuning uchun ham Cho’lpon otasi orzu qilgan mudarrislik kasbini tanlamay, o’zini xalq baxt-saodati yo’lida mashaqqat va azoblar bilan to’la kurashga bag’ishlagan edi. Yorqinoyning ham “hunari go’rkovnikidan ham yomon” otasidan voz kechib, Po’lat sarkardasi bo’lgan xalq bag’riga otilishida Cho’lpon tushungan hayot ma’nosi yotadi.

Yorqinoy Po’latga ruhan yaqin bo’lgani, uni nafaqat or-nomusli, irodali yigit, balki haqiqat yo’lida kurashga tayyor bo’lgani uchun ham sevadi. Yorqinoy otasining qonli ishlaridan xabardor bo’lgach, undan voz kechib, Po’lat olib borgan kurashga qo’shiladiki, biz uning vujudida To’marisning qoni jo’sh urib turganiga ishonch hosil qilamiz.

Po’lat o’z do’stlari – qashshoq xalq vakillari bilan birga hamda yoshlikdan jangovarlik an’analari asosida tarbiya ko’rgan Yorqinoy yordamida xon qo’shinlarini yengib, saltanat tepasiga keladi. Ammo Yorqinoy uchun toju taxt emas, uni sevuvchi, unga butun hayotini bag’ishlovchi Po’lat kerak edi. U Po’latning saltanat ishlaridan ortgan daqiqalarinigina huzurida, yana horigan holda o’tkazayotganini ko’rib g’azablanadi, toju taxtdan ham nafratlanib ketadi. Shunda Po’lat Yorqinoyga bunday javob beradi: “Toju taxt… toju taxtning orqasida yurt bor, el bor, xalq bor… uni o’ylash kerak… uning g’amini yeyish kerak…”

Bu alangali so’zlar asarda tasvirlangan voqealardan kelib chiquvchi mantiqiy xulosadir. Ko’ramizki, Cho’lpon ushbu asarida xalq – qahramonlik dostonlari an’analaridan istifoda etgan holda zamonaviy muhim g’oya bilan sug’orilgan asarni yaratgan.



Yüklə 104,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə