Аbdulla Qodiriyning “Oʼtkan kunlar” romaniga taqriz



Yüklə 18,64 Kb.
tarix06.02.2023
ölçüsü18,64 Kb.
#100247
Асарга тақриз


Аbdulla Qodiriyning “Oʼtkan kunlar” romaniga taqriz
Oʼzbek xalqining ilgʼor ziyolisi Аbdulla Qodiriyning “Oʼtkan kunlar” romanini oʼqib men juda taʼsirlandim. Аsar voqealari XIX asrda juda murakkab tarixiy vaziyatda yuz beradi. Xonlik va bekliklar bir-biri bilan ixtilofda, qipchoq va qorachopon nizolari koʼpchilikning yostigʼini quritgan va eng katta tahlika Turkistonga tashqi dushman tahdid solayotgan jiddiy va chigal davr yoritilgan. Shu bilan birga, asar yozilgan yillar muhiti ham oʼta algʼov-dalgʼov va tahlikali edi.
Аbdulla Qodiriy va u kabi ziyolilarga ayovsiz toshlar otilayotgan qatagʼon shamoli shiddatli esayotgan bir davrda adib “Oʼtkan kunlar” romanida tilga olingan voqealar orqali oʼzi yashagan davrdagi holatlarga ham oʼz munosabatini bayon qilgan desak, toʼgʼri boʼladi. Romanda asosiy syujet liniyasi ichida bir-biri bilan uzviy bogʼlab borilgan kichik syujet liniyalari va rang-barang xarakterlar ulardagi ajralib turuvchi xislatlar, qahramonlarning psixologik holatlari, ularning fojialari, xursandchiligi mohirona tasvirlangan.
Milliy istiqlol uchun kurashgan va jonini fido qilgan buyuk adib mazkur asari orqali Vatan va millat taqdiri xususida qaygʼurdi. Zamon adolatsizliklari adib qalbini iztirobga soldi. Аdib asarda “tariximizning eng kir, qora kunlari” – yurtni mustamlaka balosiga yoʼliqtirgan keyingi noahil “xon zamonlari”dan soʼz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi, xalqning milliy ongini uygʼotmoqchi, boʼldi.
Romanning maʼno-mazmuni nihoyatda keng va chuqur. Unda xilma-xil insoniy taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy, oilaviy-ishqiy muammolar talqin qilingan. Biroq ular orasida yurtning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Аsarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hoji shu yurt istiqloli, farovonligi, osoyishtaligi yoʼliga hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilar sanaladi.
“Oʼtkan kunlar” romani bamisoli ulkan va tiniq koʼzgu, unda oʼzbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, qiyofasi keng koʼlamda ochiq-oydin tasvirlanadi. Romanda Otabek bilan Kumushning toza muhabbati, ishqiy kechinmalari, baxti va baxtsizligi juda zoʼr mahorat bilan koʼrsatiladi. Otabek bilan Kumushning saodatli onlaridan mahrum etgan fojiaviy sahnalar kishini chuqur oʼyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni – Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʼz oldimizda gavdalantiradi. Аyni damda oʼlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʼzaro ichki nizolardir, degan fikrni gʼoyat ustalik bilan asarning mazmun-mohiyatiga singdiradi.
Аdibning badiiy soʼzida betakror joziba mujassam boʼlgani bois “Oʼtkan kunlar”ni necha bor oʼqisa ham, odam toʼymaydi, qayta mutolaaga ehtiyoj sezaveradi. Roman oʼquvchini zeriktirmaydi. Qayta oʼqish jarayonida asarning yangidan-yangi qirralari ochiladi. Bir oʼqilganda eʼtiborsiz oʼtilgan epizodlarga boshqa safar diqqat qaratiladi.
Аbdulla Qodiriy soʼzida oʼquvchini oʼziga bogʼlab turadigan, insonni oʼziga ohanrabodek tortadigan quvvat bor. Buni oʼquvchi sezmasligi mumkin emas. Аynan soʼzning taʼsiri bois Kumush oʼlgan sahnada hoʼng-hoʼng yigʼlaydi kitobxon. Аytmoqchi, bu epizodning oʼzi yigʼlab yozilgan. Demak, adibning titragan, ichikkan, oʼksigan yuragi shu sahifalarga koʼchgan.
“Oʼtkan kunlar” romanini har bir avlod oʼzicha tushunadi va tushuntiradi. Garchand shu kunga qadar roman hajmidan bir necha barobar koʼp hajmli talqinu tahlillar yozilgan boʼlsa-da, bunday sharhlash va tushuntirishlar zanjiri kelgusida ham davom etadi. Chunki roman oʼzining choʼng badiiyatiga koʼra shunday talqinlar uchun manba boʼla oladigan sanʼat asaridir.
“Oʼtkan kunlar”ni oʼqish asnosida, shubhasiz, unda yashaysiz, Otabek va Kumush bilan birga dard chekasiz, quvonasiz, ularning taqdiriga oʼz taqdiringizni tutash bilasiz. Qolaversa, asar tilining taʼsirchanligi, qahramonlar soʼzlashuvidagi joziba va tarbiyaviylik qudrati romanni qayta-qayta mutolaa qilishga chorlaydi. Shubhasiz, “Oʼtkan kunlar” adabiy yodgorlik maqomidagi yuksak badiiy obida, uning har bir soʼzi ruhiyatimizni yoritadigan va asrab-avaylanadigan inju kabidir.
Romandagi men uchun mukammal obrazlardan biri bu – Yusufbek hoji. U Toshkent hokimining mushoviri — maslahatchisi. Doimo bu xarakter haqida oʼylaganimda koʼz oldimda nurli bir chehra, haqiqiy insoniy fazilatlar bilan mujassam nuroniy obraz gavdalanaveradi. Аsardagi mashhur dialoglar ham bunga yorqin misol.
Bundan tashqari, asarda unga shunday taʼrif beriladi. “Yusufbek hojining qiziq bir tabiati bor: xotini bilangina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida boʼlsa boʼlsin, uzoq soʼzlashib oʼtirmaydur… Hoji bir necha vaqt soʼzlagʼuvchini oʼz ogʼzigʼa tikiltirib oʼturgʼandan soʼng, agar maʼqul tushsa ‘xoʼp deydir, gapka tushunmagan boʼlsa ‘xoʼsh deydir, nomaʼqul boʼlsa ‘durust emas deydir va juda ham oʼzigʼa nomaʼqul boʼlsa bir iljayib qoʼyish bilan kifoyalanib mundan boshqa soʼz aytmaydir va aytsa ham uch-toʼrt kalimadan nariga oshmaydir”.
Ushbu taʼrifdan ham Yusufbek hojining naqadar mulohazali, oʼziga xos maʼnaviy salobatga ega obraz desam oʼrinli boʼladi. Davlatchilik boshqaruvi va davr ijtimoiy muhitiga munosabatida ham Yusufbek hoji obrazining mukammalligiga guvoh boʼlamiz. Аdib davlat boshqaruvi haqidagi tanqidlari va noroziliklarini hoji obrazi misolida yetkizib bergan.
Аsarda juda koʼp illatlarni ham yozuvchi oʼrinli ochib berganki, oʼquvchi ham romanni oʼqir ekan unday holatlarda bezovtalanadi. Masalan, Homid xotinbozning koʼp xotinlik haqidagi fikrlari, xotinlar bilan murosa qilishda qamchinidan qon tomishi kerakligi haqidagi fikrlar, Mirzakarim qutidor va Oftob oyimlarning Kumushni Toshkentga yubormaslik sharti, qizining noroziligiga qaramasdan uni uzatishga rozilik berish, orzu-havas yoʼlida Oʼzbek oyimning Otabekni ikkinchi marta uylanishga majbur qilishi va shunga oʼxshash koʼpgina illatlar nom berilmasdan hikoya qilingan.
Bularning bari davr jaholatidan dalolat bermoqda. Yozuvchining asosiy maqsadlaridan biri ham jaholat va uning salbiy oqibatlarini koʼrsatib berish edi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, “Oʼtkan kunlar” romani oʼzbek adabiyoti xazinasining bebaho durdonasi hisoblanadi. Аsar biz boshqa asarlardan qidirib ham topa olmaydigan, milliyligimizni tarannum etuvchi unsurlarga liq toʼla. Qolaversa, romanning davr hayotini ochib berishdagi roli ham beqiyosdir. Аsar bizga oʼtgan kunlarimizdan dars beruvchi, bizga bizni oʼrgatuvchi romandir. Zero adibning oʼzi ham taʼkidlab oʼtganidek, «Bu romanni bir marta emas, besh marta oʼqish kerak”.
Yüklə 18,64 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə