Adabiy tanqidiy janrlar



Yüklə 20,33 Kb.
tarix21.12.2022
ölçüsü20,33 Kb.
#97422
ADABIY TANQIDIY JANRLAR


ADABIY TANQIDIY JANRLAR
XX asr tanqidchiligida oʻzbek romani, qissachiligi, dramaturgiya, poema va hikoyachiligi kabi adabiy tur va janrlarning tarkib topishi hamda taraqqiyot bosqichlarini ham keng tahlil kiluvchi tanqidiy biografik tadqiqotlar amalga oshirilishi va ularning dunyoga kelishida jahon adabiy tanqidchiligining bu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlarining taʼsiri sezilarli boʻldi.
Adabiy tanqid rivojiga jurnallar va gazetalar sahifalarida badiiy adabiyot va adabiy tanqidchilikning muhim masalalariga bagʻishlangan yozuvchi va tanqidchi bahs-munozaralari ham salmoqli taʼsir oʻtkazdi. Bunday tadbirlar adabiy tanqidchilik yutuq va kamchiliklarini oʻz vaqtida aniqlashda muhim ahamiyat kasb eta bordi. Ayni paytda, tanqid nazariyasiga oid ilmiy-nazariy fikrlar ham rivojlandi. Oʻzbek mumtoz va XX asr boshidagi jadid adabiyotining atoqli namoyandalari ijodi yangicha talqinlarini yaratish borasida bir qator ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi, qolaversa, jadidlar hayoti va ijodini oʻrganish bobida dastlabki qadamlar tashlandi. Bugungi kunda XX asr adabiy tanqidchiligi qoʻlga kiritgan yutuq va kamchiliklar haqida bahs ochish, ularni ilmiy tadqiq etish hozirgi davr oʻzbek adabiyoti va tanqidchiligining tayanch nuqtalarini yanada kengroq idrok qilish, mustaqillik sharofati asosida oʻzligimizni anglashdagi vazifalarimizni yanada chuqurroq tushunishimizga yordam beradi.
Ayni paytda, oʻzbek adabiy tanqidchiligida yutuqlar bilan birga, Gʻarb tanqidchiligidagi shablon va sxemalar toʻgʻridan-toʻgʻri olib kirilganligi, uning oʻziga xos milliylik qiyofasiga maʼlum darajada putur yetishiga sababchi boʻlgan. Bu holatlarning tub mohiyatini, endilikda, jiddiy oʻrganish zaruriyati va imkoniyati yetilganligi ham sezilmoqda. Qolaversa, adabiy tanqidchilik bosib oʻtgan yoʻlni bugungi istiqlol va mustaqillik tafakkuri va mafkurasi nuqtai nazaridan turib tadqiq qilish adabiy tanqid tarixi haqidagi yangicha tafakkur yoʻlini kengaytiradi.
Adabiy tanqid birinchi navbatda, badiiy asarning yutuq va kamchiliklari, mahorat sirlari, hayot bilan adabiyotning chambarchas aloqasi haqida fikr yuritadi. Demak, u, ayni zamonda, maʼlum ijtimoiy tuzum, maʼlum muhitda faoliyat koʻrsatgan ilgʻor ziyolilarning falsafiy, huquqiy, axloqiy qarashlarini ham oʻzida mujassam etadi. Adabiy tanqidda sanʼat turlari va estetikaning uygʻunligini tabiiy hol deb qaramoq lozim. Bu uygʻunlik adabiyot va sanʼatning obrazlilik asosidagi fikrlash doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi va adabiy tanqidning baʼzida sanʼat darajasiga koʻtarilishiga ham olib keladi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tanqidchi faylasuf, huquqshunos, siyosatshunos sifatida faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, sanʼatkor, yozuvchi yoki huquqshunosdan koʻp hollarda adabiy tanqidchi erishgan fazilatlarga ega boʻlish ham talab etilgan. Fransuz maʼrifatparvarlarining faoliyatida bunday uygʻunlik, mushtaraklik, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. Shuningdek, adabiy tanqidchi yoki huquqshunosning yozuvchilik faoliyati bilan shugʻullanishi koʻp hollarda amaliy muvaffaqqiyatlarga sabab boʻlishi azaldan maʼlum. Shu bois, shaxsning oʻz haq-huquqlari uchun kurash, sinfiy, siyosiy, iqtisodiy tengsizliklarning barcha koʻrinishlariga barham berish gʻoyalari ifodalangan badiiy detektiv asarlar va filmlarning mualliflari koʻproq huquqshunos-yozuvchilar ekanligi ham tabiiy holdir.
Shu narsani alohida qayd etish kerakki, Qodiriy, Oybek, Ayniy, Choʻlpon, Fitrat kabi mashhur yozuvchilarimiz ham badiiy asar yozishga kirishishdan oldin, eng avvalo, mavzu taqozosiga koʻra, qalamga olinayotgan maʼlum tarixiy davrni chuqur ilmiy va huquqiy asoslarida oʻrganib chiqqanlar. Masalan, Choʻlpon oʻzining “Kecha va kunduz” romanini yozishdan oldin chor Rossiyasi mustamlakasi boʻlgan tuzumdagi oddiy mehnatkashlarning ogʻir ahvoli va ularning huquqiy jihatdan nihoyatda himoyasiz ekanligini chuqur his etgan va tahlil qilgan. Yozuvchi asarida chor Rossiya idora usuli va davlat boshqaruvidagi maʼmuriy tartib-qoidalar faqat hukmron doira uchun xizmat qilib, mahalliy xalqni qullik kishanida ushlab turishga qaratilganligini sanʼatkorona aks ettirolgan. Romanda Akbarali mingboshining zaharlab oʻldirilishi bilan bogʻliq sahna vositasida uning kichik xotini Zebining mazkur jinoyatda ayblanishi va sud qilinishi jarayoni tasviri bu borada ahamiyatlidir. Sud hayʼati begunohligi shundoqqina koʻrinib turgan, aybsiz aybdor Zebi ustidan nohaq hukm chiqaradi. Hakamlar sud hukmi bilan begunoh bir ayolning hayotiga zomin boʻlayotganliklarini ich-ichidan tan oladilar hamda yerli xalqning qanchalar himoyasiz va huquqsiz ekanligidan rohatlanib, kinoyali kulib qoʻyadilar. Koʻramizki, Choʻlpon ijodkor sifatida mazkur parchaga chuqur hayotiy mazmun bagʻishlagan, uni oʻsha tuzumni fosh etuvchi qurolga aylantira olgan.
Umuman, oʻzbek yozuvchilari ijtimoiy-huquqiy mavzularda muntazam qalam tebratib, jamiyatdagi adolatsizliklarni fosh etganligi haqida yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Mirmuhsin, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev asarlarini tahlil qilar ekanmiz, ularni hayot muammolaridan, xususan, dolzarb ijtimoiy-huquqiy masalalardan xoli holda oʻrganib boʻlmaydi. Ularning ijodida zamondoshlarimiz hayotining turli qatlamlari jiddiy toʻqnashuvlar, keskin ziddiyatlar, qarama-qarshi kuchlar kurashi vositasida yorqin obrazlarda jonlantirildi. Adolat, haqiqat uchun faol kurashuvchi qahramonlar taqdiri koʻplab kishilarga maʼnaviy saboq berdi, dunyoqarash, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim omil boʻldi. Xullas, adabiy tanqid atrofidagi munozaralar, ilmiy bahslar, bir-birini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi turli xil qarashlarning yuz berishi tabiiy hol boʻlib, ular sogʻlom adabiy muhit shakllanishida asosiy tamoyil sifatida xizmat qiladi.
Yüklə 20,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə