Dunyoqarashning mohiyati. Ayni shu davrdan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi
shakllangani haqida va umuman to‘plangan bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, o‘zi va o‘zini
qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi to‘g‘risida ishonch bilan so‘z
yuritish mumkin.
Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy yoki empirik dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining qismlarga ajralmagan, tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti, faoliyatida yo‘l ko‘rsatib,
ularning xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi.
To‘liqroq, kengroq ta‘rif beradigan bo‘lsak,
dunyoqarash – insonning o‘zini qurshagan borliqqa va o‘z- o‘ziga bo‘lgan munosabatga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek odamlarning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, e‘tiqodlari, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va mo‘ljallaridir. SHu tariqa ta‘riflanadigan dunyoqarash faqat insonga xos bo‘lib, bu unda shakllangan ong va oqilona faoliyat
mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bunda inson nafaqat tushunchalar yaratish va mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish va
qoidalarni ta‘riflash qobiliyatini kasb etadi, balki tayyor bilimdan yangi bilim olish uchun foydalana boshlaydi.
Insonning bunday faoliyatini, uning ijodiy faolligini tavsiflovchi aql odamzod va jamiyat evolutsiyasini
jadallashtirishning qudratli omiliga aylanadi va pirovardda insonni hayvondan ajratish imkonini beruvchi asosiy
belgi sifatida amal qiladi.