Blackcurse



Yüklə 488,58 Kb.
səhifə1/9
tarix11.03.2018
ölçüsü488,58 Kb.
#31122
  1   2   3   4   5   6   7   8   9

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI

NAVOIY DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

TARIX FAKULTETI

Katta o’qituvchi Z.U. Hayitov

UMUMIY TARIX” KAFEDRASI



O’RTA ASRLAR TARIXI

fanidan

MA’RUZA MATNLARI

Navoiy - 2008

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI



NAVOIY DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

TARIX FAKULTETI

Katta o’qituvchi Z.U. Hayitov

UMUMIY TARIX” KAFEDRASI



O’RTA ASRLAR TARIXI

fanidan

M A ’ R U Z A M A T N I

Navoiy - 2008

Ma’ruza matni pedagogika instituti Tarix fakulteti talabalari uchun “O’rta asrlar tarixi” fanini o’rganishda yordamchi ma’ruza matni bo’lib, unda mazkur fanning dolzarb muammolari yoritilgan. Talabalarga “O’rta asrlar tarixi”fanini o’rganishda amaliy yordam berib, konsepsiyasi, nazariya va qarashlari bilan tanishtiradi.

Mazkur ma’ruza matni ni hozirgi zamon talabi asosida xolisona o’rganishda yordam beradi degan umiddamiz.

Ilmiy muharrir : tarix fanlari doktori, professor

G’. Temirov
Taqrizchilar : tarix fanlari nomzodi, dotsentlar

R.N. Tolibov, S. G’iyosov

Mualliflar : katta o’qituvchi Z.U. Hayitov

Ma’ruza matni “Umumiy tarix” kafedrasining 2007 yil 27 avgustdagi majlisida muhokama qilingan va tasdiqlangan.


O'rta asrlar tarixi faniga kirish.

Fanning predmeti va vazifalari
1.O'rta asrlar tarixini davrlashtirish.

2.Feodal ishlab chiqarish usulining mohiyati.

3. Insoniyat tarixida feodal ishlab chiqarish usulining

ahamiyati.


O'rta asrlar davri deyilganda feodal munosabatlar paydo bo'lishidan to yangi davrgacha bo'lgan vaqt tushuniladi. O'rta asrlar davri Yevropada o'n ikki asr, Osiyo qit'asida undan ko'proq vaqt davom etadi. Tarix fanida o'rta asrlar davri va feodalizm davri deyilganda aynan bir vaqt tushuniladi. Ko'plab xalqlar feodal tuzumga quldorlik munosabatlarini chetlab, ya'ni urug'-qabila munosabatlaridan o'tganlar.

«O'rta asrlar» iborasi dastlab XV-XVI asrlarda Italiyada gumanistlar orasida paydo bo'ldi. Ular bu ibora bilan G'arbiy Rim Imperiyasi qulashidan Renessans davrigacha bo'lgan vaqtni ifodalaganlar. Turli xalqlarda feodalizmga o'tish har xil

vaqtda yuz beradi. Quldorlik tuzumi mavjud bo'lgan hududlarda feodalizmga o'tish erta sodir bo'ladi. Shuning uchun feodalizmning xronologik doirasi hamma xalqlar uchun bir xil emas. Yevropa mamlakatlarida feodalizm G'arbiy Rim Imperiyasi qulagan davrdan boshanib (476 yil), XVII asr o'rtalarigacha davom etgan. Angliya burjua inqilobi bilan (1640-1660) feodalizm davrini chegaralaydilar. Feodal munosabatlar davri Xitoy, Hindiston kabi davlatlarda II-III asrlarda boshlansada, XVIII-XIX asrlargacha davom etadi.

O'rta asrlar davri uch asosiy davrga bo'linadi:

1) Ilk feodalizm yoki ilk o'rta asrlar davri – feodalizmning paydo bo'lishi va shakllanish davri, V asr oxiridan XI asr o'rtasigacha;

2) XI asr o'rtasidan XV asr oxirigacha, rivojlangan feodalizm davri;

3) So'nggi o'rta asrlar – XVI asr va XVII asr o'rtasigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Feodal munosabatlar yemirilishi va uning asosida kapitalistik munosabatlar paydo bo'lish davri.

Feodal davlatning shakli turli davrlarda o'zgarib turadi. Masalan, ilk o'rta asrlarda feodal davlat yirik, lekin mustahkam bo'lmagan davlat birlashmalari shaklida bo'lgan. (M. Karl Buyuk imperiyasi), undan keyin X-XIII asrlarda kichik siyosiy birlashmalar – knyazlik, gersoglik, graflik va h.k. Ular to'la mustaqil bo'lib, nomigagina kuchsiz qirolga bo'ysunganlar. (bu davr feodal tarqoqlik davri deb nom olgan). XIII-XV asrlarga kelib ko'plab mamlakatlarda markazlashuv jarayoni boshlanadi va davlat ularda toifaviy monarxiyalar shaklini oladi. Bu vaqtda qirol hokimiyati nisbatan kuchayib, toifa vakillari majlisi bilan birgalikda mamlakatni boshqaradi. Va nihoyat so'nggi o'rta asrlarda feodal davlat o'ta markazlashib, «mutlaq monarxiyalar» ko'rinishini oladi.

Yirik yer egaligining feodallar qo'lida to'planishi va dehqonlarning mayda yakka xo'jaliklarining yirik yer egaligi bilan birga mavjudligi feodal tuzumning asosiy belgisi hisoblanadi. Dehqonlarga bo'lib berilgan yer soliq yoki to'lovlar o'ndirish uchun xizmat qilgan. Dehqon yerning egasi hisoblanmagan, balki biror shart asosida vaqtinchalik egalik qilgan.

Feodalizm so'zining ma'nosi – feod – latinchada katta yer egaligi, asosan harbiy xizmat evaziga vaqtinchalik berilgan. Veodaldan yuqori turgan senor ham ayni vaqtda feodning egasi hisoblangan. Shu tariqa feodal jamiyatida vassallik munosabatlari va feodallar pog'onasi paydo bo'ladi. Dehqonlarni ekspluatasiya qilish feodal votchinasi doirasida amalga oshiriladi. Feodal rentasi asosan uch ko'rinishda undirilgan: 1)ishlab berish – barshchina, 2)mahsulot ko'rinishida – natural obrok, 3) pul to'lash. Feodalizmning turli bosqichlarida ulardan bittasi qo'llanilgan. Ilk o'rta asrlarda feodallar asosan domenial xo'jalik yuritganlari uchun barshchina tarqaladi. Feodalizmning ikkinchi davrida tovar-pul munosabatlar kuchaygani, shaharlar va hunarmandchilik rivojlanganligi uchun pul rentasiga o'tadilar. Uning natijasida barshchina xo'jaligi yemirilib, yerning egasi pul undirish evaziga yerlarini dehqonlarga tarqatib beradi. Natijada dehqon xo'jaliklari mustaqil bo'lib, dehqonlarning yerga egalik huquqi kuchayadi. Buning natijasida esa qishloq xo'jaligi rivojlanadi.

Feodalizmga o'tilishi hamma xalqlar uchun ijobiy ahamiyatga ega bo'ldi. Quldorlik davriga nisbatan ilg'orligi shundaki, mayda dehqon xo'jaliklari mustaqil bo'lib, dehqon o'z xo'jaligi rivojlanishidan manfaatdor edi. Shuning uchun u xo'jaligini rivojlantirish yo'llarini izlagan. Dehqonlar qaramligining eng og'ir ahvoli ham qullarga nisbatan yengil bo'lgan. Feodalizm 2-bosqichi oxirida esa dehqonlar erkin bo'lib olgan edilar. Qulning mustaqil emasligi, o'z mehnatidan manfaatdor emasligi har qanday rivojlanishni inkor etgan.

Ibtidoiy jamoa davridan ilg'orligi shundaki, feodalizm davri yakka xo'jaliklarning rivojlanishini taqozo qiladi.



G’arbiy Evropa feodal munosabatlarning paydo bo’lishi


  1. Rim imperiyasida quldorlik tuzumi inqirozi va feodal munosabatlarning paydo bo’lishi.

  2. Agrar va siyosiy tuzumdagi o’zgarishlar.

  3. Varvar qabilalarining imperiyaga hujumlari.

IV asr oxirida Rim imperiyasi tarkibiga G’arbiy Evropaning deyarli hammasi, Dunayning o’ng sohil viloyatlari, Bolqon yarimoroli, O’rta Yer dengizi orollari, Shimoliy Afrika, Misr, Mesopotamiyaning bir qismi, Suriya ва Falastin kirgan.

G’arbiy Yevropada feodalizm Rim imperiyasining emirilib borayotgan quldorlik imperiyasining va varvarlarning ilk sinfiy jamiyatga o’tayotgan ijtimoiy tuzumining qo’shilishi asosida shakllandi. Yevropaning qator mamlakalarida, масалан, Skandinaviya, Sharqiy slavyan hududlarida feodal munosabatlar faqat ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi asosida, quldorlik tuzumi ta’sirisiz qaror topadi. Shunga ko’ra, feodalizm shakllanishi sekin kechib, kech tugatiladi. Varvarlar tomonidan Rim imperiyasining bosib olingan joylarida nisbatan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy tuzum ta’sirida bu jarayon jadal boradi. III asrda Rim imperiyasi xo’jaligida tushkunlik boshlanadi. Savdo qisqaradi, dehqonchilik darajasi pasayadi. Bozorga mahsulot chiqaruvchi xo’jaliklar soni kamayadi. Davlat aholidan mahsulot solig’i olib, amaldorlarga va armiyaga mahsulot tarzida maosh to’lashga o’tadi. Savdo izdan chiqib, hunarmandchilikda tushkunlik boshlanadi. Viloyatlar o’rtasida iqtisodiy aloqalar kamayadi.

Imperiyaning G’arbiy viloyatlarida kuchli sezilgan iqtisodiy tuskunlik eramizning II asri oxiridayoq boshlangan quldorlik tuzumining inqirozi bilan bog’liq edi. Qul mehnati va quldorlik munosabatiga asoslangan ishlab chiqarishning taraqqiyoti imkoniyati tugaydi. Qulchilik ishlab chiqaruvchi kuchlarning keyingi rivoji uchun to’siq bo’lib qoladi. Qulning o’z mehnati natijasidan manfaatdor emasligi biron-bir texnik rivojlanishga yo’l qo’ymaydi. Yirik yer egaligi o’sib, katta mulklarda qul mehnatini nazorat qilish qiyinlashadi va qul mehnati unumdorligi pasayadi. Quldorlik tuzimini barqaror saqlab turish uchun ichki bozorni tashqaridan keltiriladigan qullar bilan, ya’ni istilo qilingan mamlakatlar aholisini qulga aylantirish orqali ta’minlash mumkin edi. Bu esa Rim harbiy jihatdan atrofdagi davlatlardan ustun bo’lsagina mumkin edi. Qul mehnatiga asoslangan yirik yer egaligining o’sishi rim armiyasining asosiy manbai bo’lgan erkin dehqonlarni xonavayron qildi. Bu Rim davlatining harbiy qudratiga putur yetkazdi va arzon qul manbai barham topadi. Bularning natijasida qulchilikka asoslangan mehnat samarasiz bo’lib qoladi va ishlab chiqaruvchilarni ishlatishni usulini o’zgartirishni taqazo qiladi. Hosilni bir qismini xo’jayinga berish yoki xo’jayin yerida ishlash sharti bilan qullarni yer va ish qurollari bilan ta’minlaydilar. Biroq qul va uning mulki hali xo’jayinga tegishli edi.

So’nggi imperiya davrida qullarni ozodllikka chiqarish kuchayib, davlatning o’zi buni rag’batlantiradi. Ular imperator, cherkov yerlarini shartli olganlar.

So’nggi imperiya davrida kolonlik keng tarqaladi. Yirik va o’rta mulklarda yer olib ishlovchi kolonlar xo’jayinga obrok to’lab, ba’zi majburiyatlarni o’taganlar, lekin to’la huquqli erkin kishi hisoblangan. Xonavayron bo’lgan dehqonlar, asir varvarlar kolonlarga aylanganlar. Kolonlar xo’jalik jihatdan mustaqil bo’lganlar: o’z mahsulotlarini sotganlar, obrok belgilangandan oshmagan. Kolonlar davlat solig’ini to’laganlar, harbiy xizmat o’taganlar, sudyalarga murojaat qilishga huquqli bo’lganlar. Yersiz kolon sotilmagan. Kolonlikdan tashqari yerga egalik qilishning boshqa ko’rinishi – prekariy – yirik yer egalaridan belgilangan muddatga foydalanish uchun yer olgan erkin kishilar ham tarqalgan. Muddat yer egasi tomonidan belgilangan. Xonavayron bo’lgan yoki homiylikka muhtoj mayda mulkdorlar o’z yerlarini yirik yer egalariga sovg’a qilib, foydalanish uchun ma’lum shart asosida qaytarib olganlar va prekariylarga aylanganlar.

Yirik yer egaligining o’sishi natijasida o’rta yer egalari ham kasod bo’lib, yirik yer egalarining, imperetor domenining cherkov yerlarining shartli foydalanuvchilariga aylanadilar. Shunga qaramay imperiya qulashi arafasida mayda va o’rta yer egaliklari butunlay yo’qolib ketmaydi, Shimoli-Sharqiy Galliyada, Britaniyada, Do’naybo’yi viloyatlarida, Shimoliy Afrikada saqlanib qoladi.

G’arbiy viloyatlarda yirik senator yer egaliklari muhim o’rin tutgan; III–V asrlarda uning Strukturasi o’zgaradi. Senatorlar latifandiyasi va imperator fiske yer o’rnini mayda uchastkalarga bo’lingan partsellalar egallaydi.

Partsellalar qullarga, prekariychilarga, kalonlarga berilgan. Qullar mehnatiga asoslangan eski ko’rinishdagi villalar ham saqlangan, lekin ular ham yangi ko’rinishdagi munosabatlarga o’rin bo’shata boradi va feodal jamiyatiga xos bo’lgan xo’jalik shakli va iqtisodiy munosabatlar kirib kela boshlaydi.

So’nggi Rim imperiyasi agrar tuzumida emfitevzis degan yerga egalik shakli ham mavjud bo’lgan. Emfitevtlar har yili mulk egasiga belgilangan to’lovni berib, xo’jalikni yaxshi yuritishi kerak bo’lgan. Emfitevtlar yerni ijaraga berishi, meros qoldirishi va hatto sotishi mumkin bo’lgan. Agar emfitevt uch yil ichida to’lovni to’lamasa, vafot qilsa va merosxo’ri bo’lmasa, yoki muddat tugasa yer egasiga qaytarilgan. Emfitevzis feоdal jamiyatiga xos bo’lgan shartli yer egaligining boshlanishi edi.



Siyosiy tuzumdagi o’zgarishlar
Quldorlik tuzumi inqirozi Rim jamiyatining siyosiy, huquqiy idoraarida o’z aksini topadi. Mamlakat ichidagi sinfiy ziddiyatlar, viloyatlarda separatistik harakatlarning kuchayishi, tashqi hujumlar kuchayishi davlatni yangi sharoitlarga moslashishga majbur qiladi. Mamlakatni boshqarish imperator va u tomonidan tayinlangan amaldorlar qo’lida to’planadi. Senatning ahamiyati yo’qolib, imperator hokimiyati shaharlarning mustaqilligi bekor qilinadi. Yollanma – varvarlardan tuzilgan armiya sari oshadi. Ko’plab amaldorlarni va armiyani ta’minlash uchun davlat soliqlarni oshiradi. Soliqlarni muntazam tushishini ta’minlash uchun hunarmandlar o’z kollegiyalariga biriktiriladi va chiqish man qilinadi. Ular davlat foydasiga natural soliq to’laganlar (293 yilgi Diokletian edikti).

Biroq bu tadbirlar quldorlik davlatining inqirozini to’xtata olmadi. Inqiroz sharoitida imperiya o’z kuchi va yaxlitligini saqlab qola olmadi. Rim viloyatlarining iqtisodiy, siyosiy va madaniy alohidalashuvi 395 yilda imperiyani G’arbiy va Sharqiy qismlarga bo’linishiga olib keldi. Italiya, Galliya, Britaniya, Ispaniya, Do’naybo’yi viloyatlari va Shimoliy Afrika G’arbiy Rim imperiyasi tarkibida qoldi. Sharqiy Rim imperiyasi tarkibiga Bolqon yarimoroli, Kichik Osiyo, Misr va Sharqiy viloyatlar kirgan va keyinchalik Vizantiya deb atala boshlangan.

G’arbiy viloyatlarda quldorlik tuzumi inqirozi keskinlashib, viloyatlarda separatistik harakatlar kuchayadi. Hukumat aholini avvalgi usullar bilan boshqara olmay, mahalliy zodagonlarga yordam uchun murojaat qiladi. Kolonlarning davlat majburiyatlarini o’tashini nazorat qilish yirik yer egalariga yuklatiladi. Yirik yer egalari o’zlarining sud – ma’nuriy idoralarini tuzib, harbiy drujinalarini tuzadilar. Davlat apparatining yemirilishi va magnatlarning shaxsiy hokimiyatlarining shakllanishi shu ko’rinishda sodir bo’ladi. Markaziy hokimiyat kuchsizlanadi. Viloyatlarni boshqarish mahalliy magnatlar qo’liga o’tadi. Harbiy boshliqlar hukumatdan mustaqil bo’la borib, endi yangi boshliqlarga xizmat qila boshlaydilar, ularga sodiqlikka qasamyod qiladilar.

Rimda varvarlar deb lotin tiliga va madaniyatiga begona bo’lgan xalqlarni aytganlar. Rim chegarasiga tutash hududlarda yashagan varvarlarning yirik etnik guruhlari: keltlar, germanlar, slavyanlar kiradi. Keltlar Shimoliy Italiyada, Galliyada, Ispaniyada, Britaniyada va Irlandiyada yashaganlar. Rim istilosidan keyin keltlar rimliklar bilan qo’shilib ketadi.

German qabilalari egamiz boshlarida ga’rbiy chegarasi Reyn va Sharqda Visla daryolari, Janubda Alp, Dunay va Shimolda Shimoliy va Boltiq dengizi bo’lgan hududda yashaganlar. Ular Skandinaviyaning janubida ham yashaganlar. Germanlardan Sharqda slavyan qabilalari yashaganlar. Elbadan Dongacha Boltiqdan O’rta va Quyi Dunaygacha va Qora Dengizgacha Bo’lgan hududlarga yashaganlar. Eramizning I-II asr mualliflari ularni venetlar deb ataydi. Tasit ma’lumotlariga ko’ra eramiz boshlarida slavyanlar o’troq dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Chorvachilik, ov, baliqchilik bilan ham shug’ullanganlar. Temirchilik, kulolchilik, yung va zig’irdan to’qish ularda tarqalgan. Ularda pul bo’lmagan. Ayirboshlov savdo vositasi bo’lgan. Slavyanlar urug’ tuzumida yashaganlar.

IV-V asrlarda slavyanlarning g’arbiy yo’nalishda Elbagacha janubda Bolqon yarim oroligacha ko’chishi kuzatiladi.


IX – XI asrlarda G’arbiy Evropa


  1. IX-XI asrlarda Evropaning siyosiy xaritasi.

  2. Arablar, vengrlar, normannlarning Evropaga bosqinchilik hujumlari.

  3. G’arbiy Evropa mamlakatlarida feodal tuzumning qaror topishi.

IX-XI asrlar mobaynida G’arbiy Evropaning ko’pgina mamlakatlarida feodalizm qaror topdi. Ilk o’rta asrlar so’nggida bir qancha varvar qirolliklari o’rnida ilk feodal davlatlar paydo bo’lib, ular ichida yangi xalqlar shakllanish jarayoni davom etadi. Karolinglar imperiyasi parchalangandan keyin 843 yilgi Verden shartnomasiga ko’ra tashkil topgan uchta davlatdan Frantsiya va Germaniya keyingi asrlarda ham deyarli o’zgarishsiz saqlanib qolgan bo’lsa, na siyosiy, na etnik birlikka ega bo’lgan Lotar davlati taqdiri boshqacha kechadi. 855 yilda Lotar vafot etgach, davlat uch qirollikka bo’linib ketadi: Italiya (Shimoliy va O’rta Italiyani o’z ichiga oladi), Provans (Rona daryosi va O’rta yer dengizi havzalari) va Lotaringiya. 870 yilgi Mersen shartnomasiga ko’ra Frantsiya (G’arbiy Frank qirolligi) va Germaniya (Sharqiy Frank qirolligi) Lotaringiyani bo’lib olishadi. Lekin 959 yili u to’la Germaniya tarkibiga kirib, 959 yili ikki gertsoglikka bo’linadi. Yuqori Lotaringiya, Quyi Lotaringiya. Provans va unga tutash hududlardan IX asr oxirida ikki burgund qirolligi tuziladi. (Quyi va Yuqori Burgundiya) 933 yili esa yagona Burgund qirolligiga birlashadi. 1033 yili Burgundiya qirolligi Germaniya imperiyasi tarkibiga kiradi.

Italiya yagona davlat emas edi. Turli feodal kuchlarning o’zaro kurashi va doimiy tashqi hujumlar davom etib turgan IX-XI asrlarda bu hududda qator feodal davlatlarning shakllanish jarayoni boradi. IX-XI asrlarda Evropaning yangi etnik gruppalar va xalqlar shakllanish jarayoni borayotgan boshqa qismlarida ham davlatlar paydo bo’ladi. VIII asrda Vestgotlar Ispaniyasini arablar istilo qilgandan keyin Pireney yarim orolining shimolida Asturiya mustaqilligini saqlab qoladi va 718 yilda qirollikka aylanadi. Karl Buyuk asos solgan Ispan markasidan IX asrda Navarra qirolligi ajralib chiqadi. Undan Barselona grafligi ham ajralib, Frantsiya qirolligiga kiradi.

Yarim orolning katta qismida VIII asrda paydo bo’lgan arablar davlati Qurdobo amirligi mavjud bo’lib, 929 yilda Qurdoba xalifaligiga aylanadi. Xalifalik XI asrning I yarmida bir qancha mustaqil amirliklarga bo’linib ketadi. Britaniyadagi anglosakson qirolliklari 829 yilda yagona Angliya qirolligiga birlashadi. Britaniyaning shimolida mustaqil Shotland qirolligi, g’arbda Uelsning kelt knyazligi mavjud bo’lgan. Irlandiyada yashayotgan kelt qabilalarida qabilalar birlashuvi va qirol hokimiyati paydo bo’lish jarayoni boshlangan edi.

IX–XI asrlarda Skandinaviya davlatlari-Daniya, Norvegiya, Shvetsiya ham feodalizmga qadam qo’yadi. Bu yerda feodallashish va ilk feodal davlatlarning shakllanish jarayoni G’arbiy Evropaning boshqa davlatlariga qaraganda kechroq boshlanadi. VIII asrda Daniya qirolligi, IX asr oxirida Norvegiya qirolligi, XI asrda Shvetsiya qirolligi paydo bo’ladi.

Sharqiy va Markaziy Evropada bir necha slavyan davlatlari paydo bo’ladi. IX asr oxiri – X asrda qadimgi rus davlati Ladogadan O’rta Dneprgacha bo’lgan hududda yashovchi Sharqiy slavyanlarni birlashtirdi. X asrda Odra, Visla, Varta daryolari bo’yida Polsha davlati, IX asrda Buyuk Moraviya davlati (g’arbiy slavyanlarni birlashtirgan) paydo bo’ladi. IX asr oxirida undan Chexiya knyazligi ajralib chiqadi. Vengrlar nujumlari ostida Buyuk Moraviya parchalanib, X asr boshida Chexiya mustaqil davlat sifatida shakllanadi, slovaklar vengrlar ta’siriga tushib qoladi.

Bolqon yarim orolining sharqiy qismi bu davrda Vizantiya imperiyasiga kirgan, qolgan qismida janubiy slavyanlarning davlatlari shakllanish jarayoni borayotgan edi. VII asrning 70-yillaridayoq Bolgar podsholigi paydo bo’lgan edi. Bu davlatning asosini Quyi Meziyada yashovchi va bu yerga kelib qolib slavyanlashgan turk-bulg’or qabilalari bilan qo’shilib ketgan janubiy slavyan qabilalari tashkil qilgan. Bulg’or podsholigining rivojlangan davri IX asr – X asrning I yarmiga to’g’ri keladi (1018 y. uni Vizantiya bosib oladi). X asr o’rtalarida serb knyazligi paydo bo’ladi. IX asr oxiri – X asr boshlarida xorvat qabilalari birlashuvi tugallanadi va 925 yil Xorvatiya qirolligi paydo bo’ladi.

IX-X asrlarda Evropada davlatlarning shakllanishi IX asrning II yarmidan kuchayib ketgan tashqi hujumlar sharoitida sodir bo’ladi.

O’rta Yer dengizi bo’ylarida joylashgan davlatlar Ispaniya va Shimoliy Afrikadan bo’ladigan arablar hujumi xavfi ostida bo’lganlar. Hozirgi Tunis hududlarida tayanch punktlari barpo etib, arablar IX asr boshidan O’rta yer dengizi orollari va qirg’oqlarida joylashgan shaharlarga hujum qila boshlaganlar. Ular 20-yillarda Krit va Sitsiliyada, 40-yillarda Italiyaning janubida o’rnashib oladilar va hatto Rimgacha etib keladilar. IX asr oxirida Sardiniya va Korsika ham arablar qo’liga o’tib qoladi. Ular Provansning janubiy qismlarini ham egallab, muhim savdo yo’llari o’tgan shaharlarni vayron qiladilar.

Sharqdan Evropaga vengrlar hujumi kuchaya boshlaydi (madyar) Madyarlar ugor tillar guruhiga mansub bo’lib, IX asr boshigacha Ural va Kama oralig’ida ko’chmanchilik qilib yurganlar. So’ngra ular Dnepr va Dunay oralig’iga siljiganlar.

IX asr oxirida pecheneglar tazyiqi ostida Karpatdan oshib o’tib, O’rta Dunay pasttekisligiga kirib boradilar (Eski xunn va avarlar manzilgohlari). Ular G’arbga yurishni davom ettirib, 906 yilda Biyuk Moraviya davlatini vayron qiladilar, Pannoniya, Tissa va Dunay tekisliklarini egallaydilar. Mahalliy slavyan qabilalarini bo’ysundiradilar. Shu yerdan turib vengrlar X asr I yarmi davomida Markaziy, G’arbiy va Janubiy Evropa mamlakatlariga hujum qilib turganlar. Hammadan ko’ra vengrlardan Germaniya ko’proq aziyat ko’radi. Har yil Germaniya talangan, aholisi asirga olingan, qulga aylantirilgan. 955 yili nemis va chexlarning qo’shinlari vengrlarga zarba bergandan keyin vengrlar hujumlari to’xtaydi. X asr o’rtasidan vengrlar dehqonchilikka, o’troq hayot tarziga o’ta boshlaydilar. X asr oxirida ularda ilk feodal davlat shakllanadi. XI asr boshida vengrlarning yurishlari batamom to’xtaydi.

VIII asr oxirlarida boshlanib, XI asr o’rtalarigacha davom etgan normannlar hujumi Evropa uchun eng xavfli hisoblangan. Normannlar deb Skandinaviya va Yutland yarim oroli hamda unga yaqin joylashgan orollarda istiqomad qiluvchi Shimoliy – german qabilalarini ataganlar. (“shimol kishilari ”) Ular uch asosiy tarmoqqa bo’lingan: daniyaliklar, norveglar, shvedlar. O’z ijtimoiy taraqqiyotida normannla boshqa Evropa xalqlaridan orqada qolganlar. Ular asosan chorvachilik bilan shug’ullanganlar, shuningdеk, xo`jaligida baliqchilik, ov, muhim o’rin tutgan. Dehqonchilik uncha rivojlanmagan.

VIII-IX asrlarda normannlarda urug’-qabila munosabatlari emirilishi, urug’ va qabila zodagonlari ajralishi, sinflar paydo bo’lish jarayoni boshlanadi.

Harbiy yulboshchilar – qirollar (Konung) rahbarligida qabilalar ittifoqlari paydo bo’ladi. Unchalik serhosil bo’lmagan va ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi past bo’lgan Skandinaviya sharoitida o’sib borayotgan aholini ta’minlab bo’lmagan, oqibatda normannlar o’lja ilinjida harbiy ekspeditsiyalar uyushtirganlar. Norveglar shimolga va g’arbga qarab yurganlar. Ular Shotlandiya qirg’oqlarini, Irlandiya qirg’oqlarini vayron qilganlar. Islandiya, Grenlandiyada o’z koloniyalarini barpo qilganlar. 1000- yillarda Shimoliy Amerikaga yetib borganlar. Daniyaliklar Angliya, Frantsiya, Germaniya, Asturiya, Arablar Ispaniyasi, Italiya qirg’oqlariga hujum qilganlar. 848 yilda Bordoni yoqib yuborganlar. Parijni to’rt marta qamal qilganlar. (845, 856, 861, 885 yillarda) Normannlar vaqt o’tishi bilan qaroqchilik hujumidan doimiy yashash uchun yer egallashga o’tadilar. IX asr I yarmida Shimoli-Sharqiy Angliyada o’rnasha boshlaydilar.

911 yilda Frantsiya qiroli Karl normann yulboshchisi Rollonga Sena daryosi quyulishidagi hududni vassallik asosida tortiq qiladi. Shu tariqa X asrda Normandiya gertsogligi paydo bo’ladi.

Normandiyaliklar XI asr boshida Gibraltar orqali O’rta yer dengiziga o’tadilar, 1030-1080 yillar orasida Italiyani katta qismini egallaydilar, arablardan Sitsiliyani tortib oladilar. Bu yerda ular tuzgan grafliklar va gertsoglik 1130 yilda Sitsiliya qirolligiga birlashadi. Shvedlar (qadimgi rus va Vizantiya manbalari ularni Varyaglar deb ataydilar.) Fin qo’tig’i orqali rus yerlariga hujum qilganlar. Volga va Kaspiy dengizigacha yetib kelib, arablar bilan savdo qilganlar. Dnepr orqali Qora dengizga va undan Vizantiyaga o’tganlar. G’arbiy Evropaning siyosiy zaif va tarqoq davlatlari normannlar hujumlarini qaytara olmaydi. Hujumlar qishloq xo’jaligi va hunarmandchilikning rivojini sekinlashtiradi, doimiy savdo aloqalari o’rnatilishiga to’siq bo’ladi.

IX-XI asrlarda G’arbiy Evropaning ko’plab davlatlarida feodal munosabatlarning shakllanish jarayoni tugallanadi. Ba’zi davlatlarda, masalan, Italiya, Frantsiyada, feodal tuzum X asrda asosan qaror topadi. Angliya, Germaniyada esa bu hol XI asrda tugallanadi. Skandinaviya davlatlarida feodallashish yanayam sekinroq borgan. XI asrda, umuman, feodal munosabatlar Evropaning ko’plab davlatlarida va Vizantiyada qaror topadi. Har bir davlat rivojlanishining o’ziga xos ko’rinishlari bo’lishiga qaramasdan, ularning hammasida feodal ishlab chiqarish usuliga xos umumiy belgilar yaqqol o’z ifodasini oladi.

Dehqonlarning mayda individual xo’jaligi bilan birga qo’shib olib borilgan votchina (pomeste) ko’rinishidagi feodal yer egaligi hukm suradi. Dehqonlarning asosiy qismi yer egalariga qaram bo’lib, feodal tomonidan ekspluatatsiya qilinadi. Ishlatish noiqtisodiy majburlashning turli vositalari yordamida amalga oshiriladi. Avvalgi erkin hisoblangan qishloq jamoalari endi qaram yoki krepostnoy jamoaga aylanadi, yerga egalik qilishning jamoacha shakllaridan feodallar dehqonlarni ezish uchun foydalanganlar. Feodalizm rivojlanishining dastlabki bosqichida natural xo’jalik hukm surgan, ayirboshlov sust bo’lib savdo aloqalari rivojlanmagan. Hunarmandchilik qishloq xo’jaligidan endigina ayrila boshlagan edi. Asosan, xo’jalik yuritishning barshchina tartibi tarqalgan (ishlab berish rentasi). Mayda dehqon xo’jaliklari feodal tomonidan ekspluatatsiya qilinishiga qaramasdan yirik quldorlik xo’jaliklariga qaraganda, yoki ibtidoiy jamoa tuzumi dehqonlari mehnatidan unumdor bo’lgan.

IX-XI asrlarda Evropada feodal tuzumning qaror topishi iqtisodning yuksalishiga olib keladi: o’rmonlar tozalandi, Rim imperiyasining oxirgi yillarida tashlab qo’yilgan yerlar yana ishlatila boshlandi, so’g’orish ishlari yaxshilandi, uzumzor va zaytun maydonlari kengaydi, uy hayvonlari zotdorligi yaxshilandi. yerga feodal mulkchilik va feodalning siyosiy hokimiyatining bevosita bog’liqligi XI asr o’rtalarida Evropada qaror topgan ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning xarakterli tomoni hisoblanadi. Yirik votchina faqatgina xo’jalik olib boriladigan hudud hisoblanmasdan, balki kichik mustaqil davlat – sen’oriya hisoblangan. O’z hududidagi aholiga nisbatan feodal faqat yer egasi emas, u podshoh ham sen’or bo’lgan. Uning qo’ida sud, harbiy va siyosiy kuch to’plangan. Jamiyatning bunday tashkil qilinishi Evropada siyosiy tarqoqlikni keltirib chiqaradi.

G’arbiy Evropa va Vizantiyada XI asrda jamiyat ikki sinfga ajraladi: yer egalari va qaram dehqonlar. Krepostnoy dehqonlar nisbatan og’ir ahvolda bo’lishgan. Ba’zi davlatlarda (M. Frantsiya) X-XI asrlarda dehqonlarning katta qismini krepostnoylar tashkil qilga. Ular yer egasiga shaxsi orqali ham, sud munosabatlariga ko’ra ham qaram bo’lib, og’ir ekspluatatsiyaga mahkum bo’lishgan. Ular feodalning mulki hisoblangan. Sobiq qullar ham krepostnoylar qatoriga qo’shila borgan.Shaxsan erkin dehqonlarning ahvoli ancha yengil bo’lib, Angliya, Germaniya, G’arbiy Frantsiya, Italiya kabi davlatlarda ular ko’pchilikni tashkil qilgan. Feodallarning turli pog’onasi o’rtasidagi munosabat feodal ierarxiyasi prinsipi asosida tashkil qilingan. Feodal ierarxiyasining tepasida qirol bo’lib, hamma feodallarning oliy sen’ori hisoblangan. Undan keyin qiroldan yer olgan yirik dunyoviy va diniy feodallar turgan. Bular: gertsoglar, graflar, arxiepiskoplar, episkoplar, abbatlar. Ular nomiga qirolga vassal hisoblansada, mustaqil urush olib borganlar, o’zlarining pullarini zarb qilganlar, o’z hududlarida qonunlar joriy qilganlar. Ularning vassallari baronlar atalib, ular ham o’z mulklarida mustaqil bo’lganlar. Feodal ierarxiyasining oxirgi bosqichida ritsarlar turgan va ular vassalga ega bo’lmagan. Ularga yer olgan dehqonlar qaram bo’lgan. Har bir feodal o’zidan yer olgan feodalga sen’or hisoblangan, o’zidan yuqori turgan (ya’ni yer bergan) feodalga vassal hisoblangan. Feodal pog’onasining quyi bosqichida turuvchi feodallar o’zlarining sen’orlarining sen’orlariga bo’ysunmaganlar. G’arbiy Evropaning Angliyadan boshqa davlatlarida feodallar pog’onasi o’rtasidagi munosabat “ vassalimning vassali mening vassalim emas” prinsipiga ko’ra tashkil qilingan. Vassal munosabatlarining asosi feodal yer egaligi – feod bo’lgan. Feod harbiy xizmat evaziga berilib, benifetsiyadan farqli ravishda merosiy yer egaligi hisoblangan (feod – taqdim etilgan yer).

Vassalga feod berish–investitura tantanalari marosim bilan amalga oshirilgan. Vassallikka o’tayotgan feodal o’z sen’origa sodiqlik to’g’risida ommaviy qasamyod qilgan. Harbiy xizmat o’tashdan tashqari (odatda bir yilda 40 kun) vassal o’z sen’origa zarar keltirmasligi, uning mulkini himoya qilishi va boshqa majburiyatlarni o’tashi kerak bo’lgan. IX-XI asrlardagi markazlashgan davlat bo’lmagan va feodal tarqoqlik sharoitida feodal ierarxiyasi dehqonlarni ishlatish va ularning chiqishlarini bostirishga imkon bergan. Qo’zg’olonlar vaqtida feodallar o’zaro nizolarni unutib, birgalikda harakat qilganlar.


IX – XI asrlarda G’arbiy Evropa


  1. IX – XI asrlarda Frantsiya.

  2. IX – XI asrlarda Italiya.

  3. X – XI asrlarda Germaniya.

  4. IX – XI asrlarda Angliya.

Kapolinglar imperiyasi bo’linib ketgandan keyin (843 y) Frantsiyani Germaniya va Italiyadan ajratib turuvchi sharqiy chegarasi 870 yilgi Mersen shartnomasiga ko’ra Maas, Mozel va Rona daryolari bo’ylab o’tgan edi. Oxirgi Karolinglar davrida Frantsiyaga Neystriya va Burgundiya gertsogligi kirgan. Burgundiya qirolligi va Akvitaniya 933 yilda birlashib mustaqil bo’lib oladi. X asrda nemis va frantsuz Karolinglari o’rtasida o’zaro urushlar uzliksiz davom etadi. O’z mulklarini yo’qotgan va kuchsizlashgan Karolinglarga qarshi boy va nufuzli Parij graflari maydonga chiqa boshlaydi. Ular Parij va Orlean shahrini dushmanlariga qarshi kurashda muvaffaqiyatli mudofaa qiladilar, Markaziy va Janubiy Neystriyani saqlab qolishga muvaffaq bo’ladilar. Ammo X asr boshlarida Senaning shimoliy bo’ylarini normannlarga berib qo’yganlar. X asr mobaynida Parij graflari (Robertinlar) va oxirgi Karolinglar o’rtasida toju-taxt uchun kurash boradi va nihoyat, 987 yilda yirik feodallar Robertin Gugo Kapetni qirol etib saylaydilar. Shundan XVIII asr oxirigacha taxt Kapetinglar avlodlarida saqlanib qoladi.

X asrda Frantsuz qirolligida feodal munosabatlarni qaror topishiga olib kelgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar nihoyasiga etadi. Uzoq davom etgan turli etnik elementlarning qo’shilib ketish jarayoni tugaydi. Germanlar bilan gall-rim aholisining qo’shilib ketishi asosida o’z hududi va tiliga ega bolgan yangi feodal xalqlar shakllanadi: shimoliy frantsuz va provansal. Ularning chegarasi Luara daryosi oqimidan janubroqdan o’tgan. Bu xalqlar keyinchalik frantsuz millatining mag’zi bo’lib qolgan.

X asrda mamlakat hozirgi nomini oladi. Galliya yoki G’arbiy-Frank qirolligiga emas, Frantsiya deb ataladigan bo’ldi. (Parij atrofidagi Il – de – Frans viloyati nomidan). Shimoliy frantsuz xalqlari egallagan hududda bir necha yirik feodal yer egaligi paydo bo’ladi. La – Mansh qirg’oqlarining deyarli hammasi Normandiya gersogligiga kirgan. Gersoglikka asos solgan normannlar tezda frantsuz tili va feodal muassasalarini qabul qilishadi. X-XI asrlar mobaynida normand gersoglari o’z hududlarini g’arbda Bretangacha, Sharqda Somma daryosigacha kengaytirishadi.

Luaraning o’rta va quyi oqimi bo’ylab Blua, Turen, Anjua grafliklari, Luaradan janubda Puatu grafligi joylashgan edi. Kapetinglar yerlari Parij va Orlean atrofida ( qirol domeni ) joylashgan edi. Undan sharqda Shampan grafligi, janubi-sharqda Burgund gersogligi o’rin olgan.

Chekka shimoli-g’arbda kelt aholili Bretan, chekka shimoli-sharqda Flandriya gersogligi .mavjud bo’lgan. Bu graflikning janubida shimoliy frantsuz tilida, shimolida german lahjalarida gaplashilgan.

Janubda, Provansal xalqlari egallagan Puatu va G’aronna graflikllari oralig’ida Akvitaniya gersogligi, Garonna va Pireney oraligida G’askon gersogligi, Undan Sharqda Tuluza grafligi joylashgan. Tuluza grafligi va Burgundiya gersogligi oralig’idagi tog’lik Overn grafligiga kirgan. Barselona grafligi ham Frantsuz qirolligiga kirgan.

Gersog va graflar qirolning vassali hisoblansada, amalda mustaqil bo’lganlar. Frantsiyada, yaqin bo’lishiga qaramasdan ikki tilning mavjudligi feodal tarqoqlikni mustahkamlagan. Janubiy hududlar VIII asrgacha nomigagina davlat tarkibiga kirgan. Qirol asosan shimoldagina tan olingan. Qirol domenining Parij va Orlean kabi hosildor va muhim ahamiyatga ega bo’lgan viloyatlar atrofida joylashganligi Frantsiya tarixi uchun katta ahamiyatga ega bo’ldi. Bu hudud mamlakatning ikki yirik daryosi – Sena va Luaraning o’rta oqimini egallagan hamda quruqlikda shimoldan janubga o’tgan savdo yo’llari ustida joylashgan edi.

Kapetinglar xonadonidan bo’lgan dastlabki qirollar yirik feodallardan deyarli farq qilmaganlar. Qirollarning doimiy rezidentsiyalari bo’lmagan, bir pomest’edan boshqasiga ko’chib yurganlar. O’z domenlarida vassallari bilan kurash olib borganlar. XI asrda yer to’plab borganlar, o’z pomest’elaridan, ya’ni qaram va krepostnoy dehqonlarni ishlatib foyda orttirish ular daromadining asosiy manbai bo’lgan.

X-XI asrlarda Frantsiya dehqonlarining katta qismi krepostnoy holatda bo’lgan. Krepostnoy (serv) shaxsiy, yer va huquqiy jihatdan sen’orga, ya’ni o’zi yashayotgan hudud egasiga qaram bo’lgan. Shaxsan qaram kishi sifatida servlar jon solig’i, nikoh puli, merosdan ulushini (chorva) to’lagan. Servdan sen’or har qanday to’lov va majburiyatni talab qila olgan. Krepostnoy yeri hisobiga xo’jayinga barshchina o’tashi (haftada uning dalasida uch kun ishlab berishi), qurilish, transport ishlarida ko’maklashishi, mahsulot obrogi to’lashi kerak edi. Dehqonlarning bir qismi erkin bo’lgan (villanlar), lekin feodalning yeridan foydalangani uchun feodalga qaram hisoblangan.

Feodal munosabatlarning qaror topishi ekspluatatsiyani kuchayishiga olib keladi. Avval dehqon jamoalariga qarashli bo’lgan yaylov, o’rmonlar va suvdan foydalanganliklari uchun yangi to’lovlar qo’shiladi. X asr oxiri – XI asr boshlarida mamlakat shimolida qator dehqonlar qo’zg’olonlari bo’lib o’tadi.
Italiya IX – XI asrlarda
O’rta asrlarda Italiya yagona davlat emas edi. Tarixan bu hudud uch qismga – Shimoliy, O’rta va Janubiy Italiyaga bo’lingan va ularning har biri o’z navbatida alohida feodal davlatlarga bo’linib ketgan edi. Bu qismlar o’rta asrlar davomida o’zining farqli tomonlarini saqlab qoladi. Bu farq Appenin yarim oroli hududlarining iqtisodiy, siyosiy va geografik xususiyatlaridan kelib chiqqan edi. Shimoliy Italiyaning katta qismini Po daryosining hosildor vodiysi – Lombardiya egallaydi. VI – VIII asrlarda langobardlar qo’lida ( nomi shundan ), VIII asrdan Karolinglar imperiyasiga kirgan. O’rta Italiyaning katta qismini Markazi Rim bo’lgan papa viloyati, qolgan qismi Benevent va Spoleto gersogliklari egallab, ular goh Papaga, goh Karolinglarga bo’ysungan. Papa mulklaridan shimolda Toskan gersogligi joylashgan.

Shimoliy va O’rta Italiya 843 yilgi Verden shartnomasidan so’ng mustaqil yagona qirollikka aylanadi. Paviyada qirolga toj kiydirish marosimi o’tkazilgan. Amalda Shimoliy va O’rta Italiyada alohida feodallar hukmronligi mustahkam bo’lgan. Sitsiliya oroli va Janubiy Italiya XI asr oxirigacha feodal mulklarga parchalangan bo’lib, istilochilarga qo’lma-qo’l o’tib turgan. VI asrdan boshlab Apuliya, Kalabriya, Neapol, Sitsiliya Vizantiya viloyatlari hisoblangan. IX asrda arablar bosib olib, markazi Palermo shahri bo’lgan amirlik tuzganlar. O’zaro feodal urushlar, arablar va Vizantiyaliklar o’rtasida kurash Janubiy Italiyani normannlar tomonidan bosib olinishini tezlashtiradi. Normannlar butun Janubiy Italiya va Sitsiliyani bosib olib, XII asr boshida Sitsiliya qirolligiga asos soladilar. Bu qirollik Janubiy Italiyaning hammasini o’z ichiga oladi.

Italiyaning siyosiy jihatdan turli-tumanligi feodal munosabatlarning rivojini qiyinlashtiradi. Shimoliy va O’rta Italiyada VI-VIII asrlarda, Langobardlar davrida feodal munosabatlar shakllanishi jarayoni boradi. Italiya istilo qilgan Langobardlar bosib olingan yerlarda o’z urug’ jamoalari bilan mahalliy aholidan alohida yashashgan. Bo’ysundirilgan rim aholisidankolon va boshqa dehqonlardan hosilning uchdan bir qismini undirishgan. Doimiy urushlar va langobard zodagonlari tomonidan yerlarni egallab olishshlar hamda rim xususiy mulkchilik tartiblari ta’sirida langobardlarda XI asr oxirida haydaladigan yerlar allodga aylana boradi, fara (langobardlarda qon-qarindoshlik jamoalari shunday atalgan) emirilisi tezlashadi. Bu gersoglarning, graflarning, cherkov, monastirlarning yer egaliklarining paydo bo’lishiga olib keladi. IX asr oxirida ilohiy va dunyoviy yirik yer egalaridan feodallar tabaqasi shakllanadi.

Erkin qishloq aholisi o’z yer uchastkalariga egalik huquqidan mahrum bo’lib, yer egalaridan homiylik izlaydilar (patronat, kommendatsiya) va qaram dehqonlarga aylanadilar. Sekinlik bilan sobiq rim qullari, kolonlar, qullar, langobadlardagi yarim erkin aholi va boshqalar kambag’allashgan erkin jamoachilar bilan qo’shilib ketadi. Ular birgalikda qaram dehqonlar sinfini tashkil qiladi. Italiyada langobardlarning alohida yashaganliklari, jamoa tashkilotlari va urug’ munosabatlarining uzoq vaqt saqlanib qolganligi uchun VII-VIII asrlarda ularda feodallashish jarayoni sekin boradi. VIII asr oxirida franklar istilosi erkin aholining xonavayron bo’lishini va qaram dehqonlarga aylanish jarayonini tezlashtirdi. IX-XI asrlarda dehqon yerni shartnoma asosida ijaraga olgan (29 yil). Bu libella atalib, libellyariy (libella olgan kishi) hosilning 1/3 qismini feodalga bergan hamda barshchina o’tagan. Dehqonlar prekariy asosida ham yerga egalik qilganlar, obrok to’lab, barshchina o’taganlar. Ba’zida natural yoki pul obrogi to’lab emfitevzis asosida yerga egalik qilganlar.

IX-X asrlarda libelliyariy va prekariylarning katta qismi krepostnoylarga aylanib qolishgan. Krepostnoy dehqonlar 1 yilda 2 haftadan 12 haftagacha barshchina o’taganlar. Monastir xo’jaliklarida ekish va yig’im-terim pallasida barshchina haftada 3-5 kunni tashkil qilgan. Barshchina bilan bir qatorda mahsulot rentasi ham muhim o’rin tutgan. VIII asrlarda dehqonlarga pul to’lovi ham tarqala boshlaydi.

Bu davrda shaxsan erkin dehqonlar toifasi ham saqlangan bo’lib, ular feodal bilan faqat yer tufayli bog’langan va ba’zi majburiyatlarni o’tagan. Italiya xo’jaligida cherkov yer egaligi muhim o’rin tutgan: VIII-IX asrlarda eng yirik monastir xo’jaliklari tuzilib, ularda juda ko’plab qaram va krepostnoy dehqonlar ishlagan.

Janubiy Italiyada ostgot va langobard istilolari ta’siri bo’lmagan va o’z ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko’ra Shimoliy va O’rta Italiyadan keskin farq qilgan. Italiyaning janubi va Sitsiliya uzoq vaqt quldorlik tartiblarini ushlab turishga intilgan Vizantiya hukmronligi ostida bo’lgan. Bu feodallashuv jarayonining sekin borishini belgilab beradi. IX-XI asrlarda bu yerda feodal pomeste’lari qaror topmagan , asosiy ishchi kuchini krepostnoy dehqonlar emas, kolonlar, qullar va mayda erkin ijarachilar tashkil etgan. Qaram va krepostnoy dehqonlar toifasi shakllanmagan. Feodal munosabatlar tarqalishi va yerga egalik qilishning libellyar shaklining tarqalishi qishloq xo’jaligida ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishining o’sishiga, Shimoliy va O’rta Italiyada tovar – pul munosabatlarining nisbatan erta paydo bo’lishiga va qishloq xo’jaligidan hunarmandchilikni ajralishiga olib keladi. Buning natijasida yangi iqtisodiy markazlar-shahrlar paydo bo’ladi. Shaharlar Italiyada erta, IX-XI asrlarda paydo bo’ladi. Rim davridan qolgan shaharlarning binolari atrofida hunarmandchilik va savdo rivoji tufayli shaharlar o’sib boradi.

Hunarmandchilikning rivojlanishi savdo muomalasining kengayishiga olib keladi. Podaryosi havzasidagi muhim savdo yo’llarida qulay joylashuvi qadimdan qurol ishlab chiqarish va to’qimachiligi bilan mashhur bo’lgan yirik hunarmandchilik markazi Milanning, IX asrda yarmarkalari va to’qimachiligi bilan mashhur bo’lgan P’yachensa va Verona kabi shaharlarning yuksalishini ta’minladi. Yana bir muhim savdo markazi Paviya bo’lib, Alp va Apennin tog’larida o’tgan savdo yo’llari shu shahardan o’tgan.

IX-XI asrlarda Italiyada g’arb va sharq mamlakatlari bilan vositachilik savdosi olib boradigan shaharlarning tez o’sishi kuzatiladi. Adriatika dengizi sohilida joylashgan Venetsiya VIII-IX asrlarda grek shaharlari, Misr va Suriya bilan savdo qilgan. X asrda G’arbiy O’rta Yer dengizi bilan savdo qiladigan Genuya va Pizaning ahamiyati ortadi. Amalfi va Bari singari janubiy shaharlar ham vositachilik savdosida muhim o’rin tutganlar. Italiyada shaharlarning erta paydo bo’lishi ularning feodallardan erta xalos bo’lishiga sharoit yaratadi. X-XI asrlargacha Shimoliy va O’rta Italiya shaharlarida siyosiy hokimiyat gersoglar, graflar, episkoplar qo’lida edi. X asrdan boshlab shaharlarning sen’orlar bilan kurashi natijasida ba’zi shaharlarda o’z-o’zini boshqaradigan shahar jamoalari (kommunalar) paydo bo’lib, XI asr oxirida ularning ko’plari mustaqil shahar respublikalarga aylanadi (Milan, P’yachensa, Verona, Genuya, Piza, Florensiya, Lukka, Siena va b.).

Italiyaning siyosiy tarqoqligi va feodallarning o’zaro urushidan foydalangan german qiroli Otton I 962 yil Rimga bostirib kiradi. Germaniyani va Italiyani katta qismini o’z ichiga kiritgan yangi Rim imperiyasi tuzilganligini va o’zini Rim imperatori deb e’lon qiladi. Iqtisodiy jihatdan bir-biri bilan bog’lanmagan, umumiy etnik birlikka ega bo’lmagan bu quroq davlat Italiya xalqi uchun ko’p asrlar kulfatlarga sabab bo’lgan. German qirollari va imperatorlari o’zlarini italyan yerlari egalari hisoblab, doimo talon-tarojchilik yurishlari tashkil qilganlar.

Otton I yurishidan keyin papalar german imperatorlari nazoratiga tushib qolganlar. Italiyaning markaziga papaning dunyoviy davlati bo’lishi mamlakatning birlashtirilishiga jiddiy to’siq bo’lib qoladi.

Italiya feodallarining tinimsiz urushlari, german qirollari va papalar siyosati Italiyaga Vizantiyaliklar, vengrlar, arablar, normannlar kirib kelishini osonlashtirgan.


X – XI asrlarda Germaniya
X asr boshlarida feodalizm germaniyada ancha muvaffaqiyatlarga erishadi. Jamiyatning asosiy tabaqasi bu vaqtga kelib yirik yer egalari – feodallardan va qaram hamda krepostnoy dehqonlardan iborat edi. Ibtidoiy jamoa tuzumi emirilishida Rim ijtimoiy – iqtisodiy tuzumi ta’siri nihoyatda sezilarsiz bo’lgani uchun Germaniyada feodallashish jarayoni Frantsiyadagidan ko’ra sekinroq boradi. Feodal munosabatlarga tortilmagan erkin jamoachilar qatlami saqlanib qoladi. Qishloq jamoalarida o’rta va yirik allodchilar ajralib chiqib, ular erkin bo’lmagan kishilar mehnatidan foydalanganlar. Xo’jalik yuritishning asosini qaram dehqonlar mehnati tashkil qilmagani uchun bu allodchilar hali feodal mulkdorlar emas edi.

Germaniyada feodallashish jarayonining nihoyasiga yetmagani uning siyosiy tuzumida ham aks etadi: yirik magnatlar hali noiqtisodiy tazyiq o’tkazish apparatiga ega emas edilar. Graf lavozimi va mahalliy boshqaruv tizimi feodallashmagan, ko’pgina viloyatlarda eski, mazmuniga ko’ra qabilaviy sud va harbiy tashkilotlar saqlanib qoladi. Feodal ierarxiyasi ham qaror topmagan.

Germaniyada ilk feodal davlatining sekin shakllanishi X asr boshlarida qabilaviy gersogliklar saqlanib qolganligida ham ko’rinadi: Saksoniya, Tyuringiya, Frankoniya, Shvabiya, Bavariya.

911 yilda Germaniyada Karolinglar sulolasi tugagach, Konrad I Frankoniyalik qirol etib saylanadi. Uning vafotidan keyin qabila gersoglari o’rtasida taxt uchun kurash boshlanib ketadi va 919 yil ikki qirol saylanadi: Genrix Saksoniyalik va Arnulf Bavariyalik. Biroq, Gersoglarning separatistik harakatlariga qaramasdan Germaniyada qirollik hokimiyati kuchayishi uchun ob’ektiv shart-sharoitlar mavjud edi. Bular feodallashish jarayoninig tugallanmaganligidan kelib chiqar edi. Ko’plab mayda va o’rta allodchilar jamoa yerlarini bosib olish va jamoachilarni bo’ysundirish uchun kuchli qirol hokimiyatiga muhtoj edilar. Monastir va episkopliklar ham cherkov yer egaligini kengaytirish uchun kuchli qirol hokimiyatiga ehtiyoj sezganlar. IX asr oxiridan tashqi dushmanlar hujumlari kuchayishi ham Germaniyaning siyosiy birlashuvini zarur qilib qo’yadi. Qirol hokimiyatining kuchayishi uchun sharoitlar Saksoniya sulolasi vakillari Genrix I va Otton I tomonidan foydalaniladi.

Genrix I (919–936)qabila gersoglari tomonidan o’z hokimiyatining tan olinishiga erishadi. Uning davrida qasrlar qurilishi va og’ir qurollangan ritsarlar qo’shinining tuzilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi.Uning davrida ritsarlar tashqi hujumlardan German yerlarini muvaffaqiyatli himoya qiladi.

Qirolning markazlashtiruv siyosatiga qabila gersoglari qarshilik ko’rsatganlar. Gersoglarning qarshiligini sindirish va markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun qirol hokimiyatiga tayanch bo’ladigan va joylarda qirol siyosatini amalga oshiradigan boshqaruv idoralarini tuzish kerak edi. Genrix I ning o’g’li Otton I bu vazifani cherkov bilan ittifoq bo’lib, cherkovni davlat xizmatiga qo’yish orqali bajarishga intiladi. Cherkov muassasalariga hadya etiladigan yerlar bu ittifoqning moddiy asosi bo’lib xizmat qiladi. Yer bilan uning aholisiga nisbatan cherkov siyosiy huquqlarga ega bo’ladi. Cherkov yirik feodal-immunistga aylanadi.

Qaram aholiga nisbatan cherkov oliy yurisdiksiya huquqini oladi va bu yerda boshqa har qanday sud ta’qiqlanadi. Qirol cherkovga keng huquqlar berib, uni davlat ijro muassasasiga aylantiradi. Episkoplik va abbatlik lavozimlariga nomzod tayinlash qirol ixtiyoriga o’tadi. Ruhoniylar bu lavozimlarga nomzod ko’rsatadigan, qirol esa tasdiqlaydigan bo’ladi. Oliy cherkov rahbarlari qirol tomonidan ma’muriy, diplomatik , harbiy xizmatga safarbar qilingan.

Mamlakat ichida barqarorlikka erishib, Otton I 951 y. Italiyani bo’ysundirish uchun yurish qiladi. Siyosiy tarqoq Italiya jiddiy qarshilik ko’rsata olmaydi. Shimoliy Italiyani egallab, Otton I “longobardlar qiroli” unvonini qabul qiladi 10 yildan keyin, papa va feodallar o’rtasida nizolar kuchayganidan foydalangan Otton I 2-marta Italiyaga yurish qiladi. 962 yilda papa Ottonga imperatorlik tojini tuhfa qiladi. Shartnomaga ko’ra Otton I papaning Italiyadagi dunyoviy hokimiiyatini tan oladi, lekin imperator bu yerlarning oliy sen’ori ekanligi tan olinadi. Shu tariqa Muqaddas Rim imperiyasi paydo bo’ladi. German imperatori boshchiligidagi bu imperiyaga Germaniyadan tashqari Shimoliy va O’rta Italiya, ba’zi slavyan yerlari, Janubiy va Janubi-Sharqiy Frantsiyaning bir qismi kiradi. XI asrning I yarmida burgund qirolligi ham imperiyaga qo’shib olinadi. Imperiya Evropada milliy davlatlarning qaror topishiga to’siq edi. Otton I dan boshlab imperatorlar Italiyada uzoq vaqt yashab, papa bilan munosabatni yo’lga qo’yganlar, o’zaro urushlarda qatnashganlar va Italiyani butunlay bo’ysundirishga harakat qilganlar. Bu esa Germaniuaning o’zida separatistik harakatlarning kuchayishiga, feodallar mustaqilligining mustahkamlanishiga qo’l kelgan.

X asr o’rtasidan, nemis feodallari sharqda slavyanlarga qarshi istilochilik yurishlarini boshlab yuborganlar. Bu siyosatning maqsadi yerlarni kengaytirish va qaram kishilar sonini oshirishdan iborat edi. Avval sakslarning qo’shnisibo’lgan nolab, lyutich, obodrit qabilalarini bo’ysundirdilar. Slavyanlar to’lovga tortiladi, lekin o’z odatlari bo’yicha yashaganlar. Otton I davrida Elba va Odra daryoi bo’yi slavyan qabilalari bo’ysundirilib, imperiyaga qo’shib olinadi va majburan xristianlikka o’tkaziladi. X asr oxirida slavyanlarning qo’zg’oloni natijasida nemislar serb – Lujisk viloyatidan boshqa hududlardan mahrum bo’ladi.

X asr oxirida Germaniyada feodallashish jarayonida ilk feodal davlatining ahamiyati katta edi. Genrix I siyosati – qasrlar qurilishi, ritsarlar qo’shinining tuzilishi feodallashuvni tezlashtiradi.

Piyoda xalq qo’shinidan ritsarlar qo’shiniga o’tish erkin jamoachilar orasida toifalanishni tezlashtirdi. Jamoachilarning yuqori qismi ritsarlar qatoriga o’tib, hukmron toifa sinfiga qo’shiladi, kambag’allar qaram dehqonlar safiga o’tadi. Feodallashuv jarayonining tezlashuvida Ottonnining cherkov siyosati ta’siri ham katta bo’ladi. Cherkov yerlarida immunitetning rivojlanishi erkin jamoachilarning feodal ekspluatatsiyaga tortilishiga va krepostnoy holatga o’tishiga olib keladi.

Boshqa mamlakatlarda bo’lganidek, Germaniyada feodalizm g’alabasi ichki ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar natijasi bo’lib, bu ishlab chiqarish kuchlari rivoji mahsuli edi. X asr ilk nemis davlati doirasida german qabilalarining siyosiy birlashuvi sodir bo’ladi. X asrda qabilaviy kelib chiqishidan qat’iy nazar Germaniyaning barcha aholisiga nisbatan “nemis” atamasi ishlatila boshlagan (deutsch). Feodallashuvning rivoji bilan ilk nemis davlatining kuchayishiga olib kelgan ijtimoiy sharoit ahamiyatini yuqota boradi. Jamoa yerlari va allodlarhisobiga cherkov votchinasini mustahkamlash va bu yerlarning sobiq egalarini qaram qilish uchun cherkov kuchli markaziy hokimiyatga zarurat sezgan davrda qirol atrofida jipslashadi. Cherkov votchinasi qaror topib, noiqtisodiy majburlash idoralariga ega bo’lib, cherkov XI asr o’rtalaridan markaziy hokimiyatga muxolifat kuchga aylanadi.

Frankoniya sulolasidan bo’lgan qirollar (1024-1125) Konrad II va Genrix III markaziy hokimiyatning mavqeini saqlab qolishga harakat qiladilar. Shu maqsadda ular kuchayib ketgan feodallarga qarshi kurashda mamlakatda katta ko’pchilikni tashkil qiluvchi mayda feodallarga tayanishga harakat qiladilar.

XI asrning 70-yillarida qirol va papa o’rtasida investitura uchun (sen’or tomonidan vassalga feod berish) kelishmovchilik kelib chiqadi. Ruhoniylarga nisbatan investitura faqat yer olishgina emas, lavozimiga tasdiqlanishni ham anglatar edi. Tasdiqlanish belgisi sifatida uzuk va hassa topshirilgan. Investitura Otton I dan boshlab hokimiyatning tayanchlaridan biri edi. XI asrning II yarmidan boshlab papalar imperatorlarning investituraga huquqini inkor qila boshlaydilar.

Papa bilan bo’lajak kurashda qirol hokimiyatining moddiy qudratini oshirish uchun Genrix IV Saksoniyani qirollik domeniga aylantirishga urinadi. Bu yerda qal’alar quriladi, jamoa yerlari o’rnida votchinalar barpo qilinadi. Qirol ritsarlarning lenlari-mulklari tuziladi. Bu choralar erkin dehqon – allodchilarning krepostnoylikka aylanishiga olib keladi. Avval qirolga tegishli bo’lib, keyin feodallar tomonidan o’zlashtirilgan yerlar qaytarib olinadi. Bu siyosat 1070 yil Saksoniyadagi qo’zg’olonga sabab bo’ladi. Qo’zg’olonda feodallardan tashqari, erkin va qaram dehqonlar ham ishtirok etadi. 1075 yil qo’zg’olon bostiriladi. Qo’zg’olonning mag’lubiyati tufayli erkin dehqonlar qaram va krepostnoylarga aylanib qoladilar.

Investitura uchun kurashda papa Klyuni harakatidan himoya axtaradi. Bu harakat X asrda Frantsiyada paydo bo’lib, (Klyuni monastiri) cherkovni kuchaytirish va uning ma’naviy nufuzini oshirishga qaratilgan edi. Dunyoviy feodallar tomonidan cherkov yerlarini tortib olishiga qarshi cherkovni jipslashtirish, cherkov ustidan nazorat o’rnatish, krepostnoylarning noroziligini bostirish uchun cherkovni kuchaytirish ham bu harakatning asosiy maqsadlaridan hisoblangan. Ular monaxlikni targ’ib qilganlar (selibat), lavozimlarni sotishga qarshi chiqqanlar, cherkovni qirollarga bo’ysunishiga qarshi bo’lganlar. 1059 yil Lateran soborida papa saylashning yangi tartibi qabul qilinadi. Qarorga ko’ra papani Kardinallar saylashi kerak edi. 1073 yili monax Gildebrand Grigoriy VII nomi bilan papa etib saylanadi. Grigoriy VII o’zining cherkovni kuchaytirishga qaratilgan programmasini amalga oshira boshlaydi. 1076 yili qirol Vormsdagi nemis ruhoniylari yig’inida Grigoriy VII ni hokimiyatini bekor deb e’lon qiladi. Bunga javoban papa qirolni cherkovdan begona, ya’ni, murtad deb e’lon qiladi. Fuqarolarini esa unga qasamyodidan ozod qiladi. Nemis feodallari separatistik harakatlar uchun bahona topib, qirolga qarshi qo’zg’olon boshlaydilar.

1077 yili Genrix IV noiloj papaga tovba qilish uchun Italiyaga junaydi. Qirol 3 kun va kecha och, yalong’och Kanossa qasri oldida qabul kutadi va nihoyat papadan kechirim so’rab chiqadi. Germaniyada ahvolini mustahkamlab, qirol yana papa bilan kurash boshlaydi. Bu mojaro 1122 yili “Vorms konkordati” bilan tugaydi. (Genrix va Kalikst II) Konkordat imperiyaning turli qismlarida episkoplar saylashning turli tizimini o’rnatdi. XII asrda Germaniyada markaziy hokimiyat zaiflashib, uzoq davom etgan feodal tarqoqlik davri boshlanadi.


Yüklə 488,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə