Bular nima?



Yüklə 23,5 Kb.
tarix15.06.2022
ölçüsü23,5 Kb.
#89511
Bir qushcha o‘t


Bir qushcha o‘tloqqa uchib bordi. U yerda esa ovchi tuzoq qo‘ygan, tuzoqqa bir siqim bug‘doy sepgan, o‘zi chekkada, o‘tlar orasida yashirinib yotardi.
Qushcha kelib, uning atrofida aylanib ucha boshladi. Odamning bunday xas-xashakka o‘ranib olishi unga g‘alati tuyuldi:
- Sen kimsan? Nega yashirinib yotibsan, bunday ovloq joyda nimani kutyapsan? Yirtqich hayvonlardan ko‘rqmaysanmi? - deb so‘radi.
- Men bir zohidman. Dunyoga etak silkidim. Shu chekka joyda o‘t-o‘lanlar bilan oziqlanib, shunga qanoat qilib yashayman, - dedi odam.
Qushcha odamdan yana bir necha savol so‘radi, odam javob berdi. Nihoyat, qush bug‘doy donalarini ko‘rib qoldi.
- Bular nima?
- Bular menga hech kimi yo‘q bir yetimning omonati.
- Juda ochman, ruxsat bersang, bulardan yeb, qornimni to‘ydirsam, chunki shundan mening zaruratim bor. Zaruriy hollarda hatto losh (o‘laksa) yeyish ham mubohdir.
- Bu bug‘doylarni menga ishonishgani uchun omonat qoldirishdi, yetim haqini yeyish gunoh.
Biroq qush nihoyatda och edi, qattiq turib oldi:
- Ey zohid kishi, ruxsat beraqol - shu bug‘doydan yeb, qornimni to‘ydirayin, - dedi.
- Zarurat haqida o‘zingga bir fatvo o‘ylab topding. Agar haqiqatda bunday bo‘lmasa, gunohkor bo‘lasan. Hatto zarurating bo‘lsa-da, ehtiyot bo‘lishing, haromdan saqlanishing yaxshidir.
Qushning ortiq chidashga toqati qolmadi, katta ishtaha bilan bug‘doyga otildi va yeya boshladi. Bir-ikki don yemay turib, tuzoqqa ilindi. Qutulish uchun jon talvasasida tipirchilar ekan, o‘z-o‘ziga:
- Soxtachi-yolg‘onchilarning afsunlariga aldangan kishining holi xarob bo‘ladi, - der edi.
Bu so‘zlarni eshitgan odam unga:
- Yetim molini nohaq yegan, ko‘zlarini hirs qoplaganlarga ham loyiq jazo mana shu, - dedi (“Masnaviyi ma’naviy”, VI jild, 435-b.).

Sharh


Bu hikoyaning bir qarashda ta’siri kuchsizroq ko‘rinadi. Ko‘z oldimizda qushlarga tuzoq qo‘ygan va yolgon gapirgan odam gavdalanadi. Ammo Mavlono Rumiy voqea bayoni orasida aytmoqchi bo‘lgan muhim gaplarini qistirib o‘tadi. O‘zini “zohid” deya tanishtirgan ovchi tilidan dunyo hayotiga bir o‘xshatish ila ta’rif beradi:
“Bolalar o‘yindan zavqlanadilar, ammo kechqurun ularni qo‘llaridan sudrab, uylariga olib ketishadi. Yosh bola o‘yinga qiziqib ketganidan ko‘ylagi, qalpog‘i, oyoq kiyimini yechib otadi. O‘g‘ri esa kelib, ularni ilib ketadi. Bola o‘yinga shu qadar berilib ketadiki, kiyimlari hatto esiga ham tushmaydi. Kech kirib qolsa ham, o‘yinni tark etmaydi, uyiga qaytishni xayoliga keltirmaydi”. Mavlono shu o‘rinda, Qur’oni karim oyatlari mazmunini eslatadi: “Dunyo hayoti faqat bir o‘yindan iborat” (An’om, 32; Ankabut, 29; Muhammad, 36)
“Sen bo‘lsang, o‘yinga berilding, kiyimingni yelga otding, endi qo‘rquvga tushding. Qorong‘u tushmasidan kiyimingni qidir, vaqtingni mish-mish (bekorchi gaplar) bilan zoe ketkazma”. Ayni o‘rinda Rumiy tavbaning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatadi:

Qosh qoraymasdin darakla, to‘nni top, 


Kunduzingni behuda etma xarob... 
Tavbani jabduqla, ot sol to‘g‘ridin, 
Yet quvib, to‘ningni olgin o‘g‘ridin.
Tavba tulpori ajab tulpor erur, 
Lahzada avji falakka yuksalur.
Asra tulporingni, o‘g‘ri nogahon 
Chalmasin, to‘ningni olgandek nihon. 

Qush tilidan butalar orasiga bekinib, zohidlik da’vo qilgan odamga bunday qilishi yaxshi emasligini eslatadi: 

Qush dedi: xilvat aro o‘ltirma, bas, 
Dini Ahmadda tarahhub xush emas.
Chun tarahhubni yasoq etdi Rasul, 
Sen bu yanglig‘ bid’at etma, ey fuzul.

Ushbu baytlarda Hazrati Payg‘ambarimizning (alayhissalom) “Musulmonchilikda rohiblik yo‘qdir” (Ahmad ibn Hanbal. “Musnad”, IV, 226) hadislaridan iqtibos keltirilgan. Chindan ham, Islom dinida hech qachon qadimgi davrlarda bo‘lgani kabi tarkidunyochilik, rohiblikka aslo o‘rin berilmagan. Zohidlik tog‘u toshlarga chiqib, xalqdan ajralish, xilvatga chekinish emas. Haqiqiy zohidlik xalq ichida yurib, haq-la bo‘lishdir. Kishining oilasi va farzandlarini qarovsiz tashlab qo‘yishi, tirikchilik zahmatini tark etishi zuhd emas. Zuhd nafsni tarbiyalash, uning istaklarini kamaytirish, uni jilovlab olishdir.


Ammo chiroyli nasihatlar bergan qushning borlig‘ida moddiy tomon tosh bosadi. Uning qorni och, sepilgan bug‘doy donalarini terib yemoqchi... Bu gal odam yolg‘on gapiradi: “bular yetimning moli, menga omonat berilgan”, deydi. Qush esa juda ochqaganidan, o‘lmaslik uchun harom narsalarni yeyish ham mumkinligini aytadi: “Men juda ochman, shu onda menga hatto losh (o‘laksa) ham halol”.
Unga odam: “Zarurat borasida fatvo chiqarib olgansan. Unutmagin, zaruriy ehtiyojing bo‘lmasa, gunohga qolasan. Hatgo ehtiyojing bo‘lganida ham zulmdan saqdanishing juda yaxshidir”, deydi.
Jaloliddin Rumiy bu o‘rinda majbur bo‘lganida taqiqlangan narsalarni yeyish haqidagi masalaga e’tiborni tortadi. Biroq bu majburlik va zaruratning haqiqatini va darajasini belgilaydigan kishining insof-ixlosidir. Ruxsat bilan azimat orasida tanlash ixtiyori insonning o‘zida.
Umar Foruq Saydo al-Jazariy aytadi: “Fiqhda ruxsat va azimat degan ikki tushuncha bor. Ruxsatlar qulayliklardir. Aytaylik, inson bir mushkul holatga tushsa, undan qutulishning oson chorasini izlab topadi va yana yo‘lida davom etaveradi. Azimat esa qiyin, ammo ishonchli yo‘l. Darrov osoniga chopavergan aldanib qolishi mumkin. Imon-e’tiqodi mustahkam inson yo‘lida sobit turadi, qiyinchilikdan og‘rinmaydi”.
Inson nafsining ofatlaridan biri — haqiqatni tan olmaslik, nasihatga quloq solmaslik, faqat o‘z fikrida qaysarlik bilan oyoq tirab turib olishidir. Mavlono Rumiy ushbu hikoya bilan ana shunday — hali nafsi tarbiyaga muhtoj odamlarga oyna misol aybu kamchiliklarini ko‘rsatmoqda.

Abdulloh Murod tayyorladi.


“Hidoyat” jurnalining 2010 yil, 8-sonidan olindi.

0
Yüklə 23,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə