Buxoro aholisining qadimgi urf-odat va an’analari (aminjon po‘latov esdaliklari qo‘lyozmasi asosida) Raxmanov Umidjon Shokirjonovich



Yüklə 33,83 Kb.
tarix05.09.2023
ölçüsü33,83 Kb.
#121321
Buxoro Aholisining eski urf odatlari va an\'analari


BUXORO AHOLISINING QADIMGI URF-ODAT VA AN’ANALARI (AMINJON PO‘LATOV ESDALIKLARI QO‘LYOZMASI ASOSIDA)
Raxmanov Umidjon Shokirjonovich
O‘z R FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, kichik ilmiy xodimi
Kalit so‘zlar: “Guzar” “Tahvorabandon” “Chilla buroyon” “Noxungiron” “Muysargiron” “Sol daroyon “ “Alas” “Bibi xalifa” (Otinbibi), “Isqot”.
Turfa hodisalar, xatti-harakatlar tarixda qayta-qayta takrorlanganidan odamlar ruhiyatiga turg‘un shaklda singib ketadi. Xalq xotirasi ana shu yo‘l bilan hosil qilingan bilim-tajribaga shu qadar boyki, zarur hollarda u har qanday muammoni yashirin mo‘jizakor kuchga tayanib yecha oladi. Biz “urf-odat”, “udum” va “an’ana” deb ataydigan bu ko‘nikmalar jamiyat hayotida katta o‘rin tutadi. Ularning kuchi, avvalo, shundaki, odamlarning, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, mutanosib holatlarda o‘ylab o‘tirmay bir xil harakat qilishiga sharoit yaratadi. Kezi kelganda, shunga majburlaydi. Biz quyidagi maqolada Aminjon Po‘latov esdaliklarida keltirilgan Buxoro aholisining urf-odat va eski an’analarini ko‘rib chiqamiz.
Xotinlar tuqqanda-Ayniqsa kelinlar birinchi marotaba tuqqanda xoh o‘g‘il xoh qiz bo‘lsin, u oilasiga katta xursandchilik va shodlik paydo qiladi. Xotin tug‘moqchi bo‘lgandan oldin bir-ikki kun ilgari uning oldiga onasi, agar onasi bo‘lmaganda opa-ukasi va yaqin qarindoshlaridan bir-ikkitasi kelib xabar olib, qarashib turadi. Ikkinchi tomondan agar qaynonasi bo‘lsa u ham har vaqt yordamlashib turadi. Xotinlar ilgari zamonlarda qorinlarida bola bo‘ldi degancha (Guzar) mahallalaridagi keksa, tajribali bir kampir xotinni o‘zlariga “Ona” qilib belgilab qo‘yadilar1.U kampir tez-tez kelib xomilador xotinni ko‘rib, tekshirib nima qilishni o‘rgatib, dori-darmon qilib yuradi. Tug‘ish kuni vaqti-soati yaqinlashganda mazkur xonadonga kampirni chaqirib olib keladilar. U toki bola tug‘ilgancha qo‘lidan kelganinini qilib bilganini ko‘rsatib yordamlashib turadi. Bola tug‘ilgandan keyin uni hamrosini - kindigini qoida bo‘yicha kesib, bolani darhol yuvintirib, matoga o‘rab, bolaga ham onaga ham qarab turar edi. Hozirda unday kishilarga hojat qolmagan bo‘lsada unda-munda uchrab turibdi. Ko‘pchilik tug‘adigan xotinlar tug‘ruqxonaga borib tug‘adilarkim bu zamonaviy usuldir. Xotinlar tuqqan kunidan boshlab ko‘chalarda izlab yurgan qo‘li bo‘sh (Ishsiz) nog‘orali surnaychilar, bola tug‘ilgan uylarni ko‘cha bolalaridan bilib, pul, non, ro‘mol so‘rab uy egasini joniga tegadilar.
Bolaga ot qo‘yish marosimi-Bu marosim oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas mahallani imom sufi, oqsoqollardan va keksalardan uch- to‘rt kishini chaqirib, xayr-xudoyi qilib ziyofatdan keyin imomdan bolaga bir ot qo‘yishni so‘raydilar. Imom bo‘lsa xursand bo‘lib darhol Qur’onni (Kalomulloh) qo‘liga olib, o‘pib ko‘zini yumib, taxminan Qur’onni o‘rtalaridan bir betini ochib “Bismillah” deb ochilgan betning boshidan ikki- uch satr o‘qiydi. Shunda qanday ism ( Ot) ga duch kelsa bolaning oti shu bo‘lsin deb fotiha o‘qiydi. Masalan Rahmon yoki Rahim, Ahmad shulardan bittasi chiqsa bo‘ldi. Agar o‘g‘il bola bo‘lsa Abdurahim agar qiz bola bo‘lsa Rahima deb nomlanadi. Shu bilan imomga bir narsa ham beradilar ya’ni non, holva, mayiz va boshqa narsalar2. Berilgan narsalardan olib, fotiha o‘qib muborakbod qilib olib chiqib ketardilar.
Tahvorabandon (Beshik to‘y) -Bu marosim o‘ziga kichik bir tuy shaklini olgandir. Ayniqsa birinchi marta xotinlar tuqqanida har kim o‘z holiga yarasha bu to‘g‘rida ish ko‘radi. Qoida bo‘yicha bola chillasidan chiqqanidan so‘ng ( 40 kundan keyin) bolani beshikka bog‘laydilar. Ilgaridan tayyorlab qo‘yilgan beshikka to‘shakchalar, chabvropush ( Beshikni o‘raydigan) bolani beshikka bog‘laydigan tuvak, sumak, latta va har xil narsalar bor bo‘lsada, kelinni onasi qarindoshlari tuqqan xotinga sovg‘alar bolaga yasatilgan beshikni tamomi asboblari bilan birga olib keladilar3. Bu kunda ham qo‘y so‘yib osh damlab, sozandalarni chaqirib bazm qilib xursandchilik qilib bolani beshikka bog‘lab chiqib ketadilarki bunga “Gahvorabandon” deydilar.
Chilla buroyon ( Chillachilik)-Tuqqan xotinni 40 kundan keyin hammomga olib boradilar. Bu marosim ham albatta chiqimsiz bo‘lmaydi4.
Noxungiron (Tirnoq olish)-Tug‘ilgan bolani birinchi marta tirnog‘ini olish marosimi o‘tkazishda ham bir muncha chiqim -xarajatlar qilinadi.
Muysargiron (Soch olish)-Bu marosim ham eski odatlardandir. Bolani sochini birinchi marta olishlarida ham qavmi- qarindoshlari kelib ob-osh qilib uzatadilar.
Sol daroyon (Yil to‘lishi)-Mazkur marosim bola bir yoshga to‘lganda o‘tkaziladi.
Xatna to‘y-O‘g’il bola yetti yosh, uzog‘i bilan 8 yoki 9 ga to‘lganda qadar sunnat to‘yini o‘tkazadilar. Bu to‘y katta to‘y hisoblanadi.
Muljar (Muljar yoki Mulchar)-Bu marosim Mulchar to‘yi bola 13 yoshga qadam qo‘yganda qilinadi. Xoh qiz xoh o‘g‘il bola bo‘lsin, bu tuyda bolaga oq kiyimlar tikib kiydiradilar5.
Tuy kalon ( Katta tuy)-Bu uylanish ya’ni xotin olish tuyi hisoblanadi.
Nikoh tuyi-Qizlarning turmushga chiqishdagi marosim tuyi. Bu urf-odatlardan boshqa xotinlarning Peshona bandan, Kaltacha tushon, Lachak bandon yoki Salla bandon degan marosimlari bordirkim, ya’ni qisqachasi shuki, Peshona bandon-erga chiqqandan keyin o‘tkaziladi, Kaltacha tushon- 30 yoshlarda qilinadi. Lachak bandon yoki Salla bandon- qirqdan oshgandan keyin ijro qilinadi. Bu marosimlardan quy suyilib osh damlab katta ziyofat beriladi.
Osh bibi yon-Bu marosim Buxoroda har bir uyda ijro qilinadi. Har kim har bir guzarda xotinlar istalgan vaqtlarda ziyofat tariqasida guzarlaridagi keksa, o‘rta yoshli xotinlardan bo‘lak qavmi-qarindoshlarni ham chaqirib diniy o‘tirish ham o‘tkazadilar. Bu o‘tirish va ziyofatga “Bibi xalifa” (Otinbibi) lardan bittasi albatta bo‘lishi kerak. U kishi kelib vaz-nasihat, kitoblardan, avliyo, anbiyo qissalardan o‘qib berib, duoyi-fotiha qilib qachonki o‘tirish tamom bo‘lsa, boshqalar qatorida ketadi. Lekin uni xursand qilib jo‘natadilar.
Bibi mushkul kusho-Bu ham xurofiy marosimlarning biridir. Bu marosimlarni o‘tkazadigan xotinlarni boshiga biron bir mushkullik tushsa yoki erini yoki o‘g‘lini yoki qizini boshiga mushkillik tushganda, pullar sarf qilib xotinlarni chaqirib, “Bibi mushkulkusho” qilib xotinlarni chaqirib o‘tkazadilar6.
Mavlud marosimi-Mavlud marosimi erkaklarda bo‘lgani kabi xotinlar ham har yili mavlud marosimini o‘tkazadilar, navbati bilan. Mavluddan maqsad Muhammad Alayhissalom Payg‘ambarimizning tug‘ilishlari va dunyoga kelishlari munosabati bilan o‘tkaziladi. Muharram oyida mavlud kunida ham har kim o‘z holiga yarasha kamida 20-30 ta kishini mehmonga chaqirib, qorilar ( Qur’onni yoddan biluvchilar) imom, sufi, oqsoqol, guzar keksalari kelishib mavlud o‘qib, Qur’on o‘qib, duoyi- fotiha qilib chiqib ketadilar. Munga ham anchagina pul sarf bo‘ladi7.
Ko‘chirma-Xotinlardan qizlarni, kelinchaklarni, o‘rta yoshlilarni, asabiylashib qo‘zg‘olganda “Unga ko‘z tegibdi” yoki “Ziyon zahmat jin ta’sir qilibdi” deb kampirlar, otin bibilar, u bechorani ko‘chirma qilishga da’vat etib, kechasi maxsus ko‘chirmachi folbin xotinni chaqirib, shamlar yoqib, Pustak (Supura) atrofida shamlarni yondirib, xotinlar qator o‘tirishib, ko‘chirmachi chirmanda chalib, devu-jinlarga qarshi baytu-g‘azallarni o‘qirdi8.Mazkur kasalmand xotinni o‘rtaga tushib o‘ynashga dalolat qiladilar. Shu xilda bir soat, yarim soat chalgandan keyin, kasal ham charchab o‘zini bir tomonga otadi. Ko‘chirmachi uning yuziga sovuq suv sepib, quloqlarini tortib, orqalarini o‘qalab, kuf-suf qilib tuzaldiga chiqarardi. Ko‘chirmadan hech bo‘lmaganda folbinni ( Ko‘chirmachini so‘ziga binoan) bitta tovuqni qon qiladilar (Ya’ni soyib, qon chiqarib, o‘sha tovuq bilan kasalni boshini, yelkalarini qoqadilar). Shu bilan irimlari tamom bo‘lib, kasal tuzalib unga ziyon-zahmat tutmaydigan bo‘lur emish. Ko‘chirmachiga pul va boshqa narsalar, ham suyilgan tovuqni berib, rozi qilib jo‘natardilar. Bu narsalarga ko‘chirma derdilar.
Alas-Alas ham xotinlar orasida ko‘pdan beri davom etib kelayotgan eski xurofiy odat va an’analardan biri hisoblanadi. Qaysi bir xotin, qiz yoki uning bolasi kasal bo‘lsa, hakim, tabib yoki doktorga olib bormasdan, folbin yoki duoxonga olib borib, duo o‘qitardilar yoki fol ochtirardilar. Folbinlar fol ko‘rgandan keyin qon qilish kerak (Bir narsani so‘yish lozim) malla, sariq yoki qizil tovuqni qoninini chiqarib (suyib) alas qilishingiz kerak, shundan bolangiz kasaldan qutuladi der edilar. Ya’ni bolangizga yoki o‘zingizga asar tekkan (Ya’ni jin, dev yoki parilar ko‘z tashlagan) deb bechorani qo‘rqitishardilar. Uyga kelgandan keyin darhol bozordan bir tovuq olib kelib, uni so‘yib, alaschini chaqirib alas qildirardilar. Alas tariqasi shundayki, Alaschi xotin bir uzun cho‘pni uchiga moylik bir qancha latta-puttalarni o‘rab, kasalni xovli o‘rtasiga taburetka yoki sandal ustiga o‘tqazib, mazkur lattaga o‘t qo‘yib, kasalni yuzini yopib qo‘yib, uning atrofida qo‘lidagi olov bilan aylanardi, toki latta yonib bitgunicha ashula aytib kasal yonida aylanaverardi.
“Alas alas, alas, alas.
Kulli balolardan xalos
Cho‘llarga bor, ko‘llarga bor.
Undan so‘ng chopni bir tomonga tashlab, bemorni boshini o‘qalab, quloqlarini cho‘zib, yelkalariga va orqalariga qoqib “Tur o‘rningdan” deb jazava bilan qichqirardi va shu bilan ish bitgan hisoblanardi. Alaschi esa o‘z haqini va so‘yilgan tovuqni olib ketardi. Bemorni ahvoli esa yengillashgan hisoblanardi9.
A’zadorlik (O‘likka motam tutish)-Xoh yosh, xoh qari, xoh erkak yoki ayol ya’ni biron kimsa o‘lganda, agar xotin kishi o‘lsa, guzar kayvoniysi bu yerda hozir bo‘lib, makzur o‘likni dahanini bir latta bilan bog‘laydi (O‘likni og‘zi ochilmasin, jag‘i tushmasin deb) keyin ikki oyog‘ini bosh barmoqlaridan doka (marli) bilan juftlashtirib bog‘laganlaridan keyin, o‘likni alohida bir uyga kirgizib qo‘yadilar (Agar kechasi o’lsa). Shundan keyin qavmu-qarindoshlariga xabar beradilar va guzar mahalla ahli ham bilib qoladi. Bomdod namozini masjidda o‘qigandan keyin, guzar xalqi o‘likni eshiki oldiga kelib, qo‘l kotarib fotiha o‘qib tarqalardilar. Istagan kishi to‘xtaydi. Ko‘chada ko‘cha eshiki oldida darhol joy qilinib, o‘tirish uchun kursi, taxtalardan skameykalar yasab, ustiga ko‘rpachalar solib qo‘yadilar. Fotihaga kelib ketadigan kishilar o‘tirishlari uchun. O‘likni qavmu-qarindoshlari bo‘lsa hammasi kelib tunlari ustiga bellarini bog‘lab, oyoqda turib kelgan-ketganlarni kuzatardilar. Ichkari xovlida esa xotinlar turgan hovlida, sahardan boshlab tamomi xotinlar bir ovozdan yig‘lab turardilar. Xotinlardan kimki eshitib kirib kelsa, hammalari birdan baland tovush bilan, yig‘lab kelganni quchog‘lab, bo‘yniga osilib qattiqroq yig‘i-sig‘i qilib qayg‘ularini izhor etardilar10.
Isqot-O‘lik chiqarilmasdan burun ko‘chada erkaklar, imom, sufi o‘lik egasidan o‘likni yoshini so‘rab isqot bog‘laydilar, ya’ni yoshini bir rejaga keltirib, buncha yoshda ekan deb qatt’iy qaror beradilar. O‘likni tobutga qo‘ygandan keyin, sufi baland ovoz bilan “Saloti janoza” deb hammani ogohlantiradi. Ya’ni “Jannoza nomozi” degan so‘z bilan hammaga bildirib ketadi. Shunda hamma ko‘maklashib tobutni ko‘taradilar. 4 kishi yoki og‘irroq bo‘lsa 8 kishi yelkasiga qo‘ygandan keyin, yo‘lga tushib masjidga olib borardilar. Agar yo‘l uzoq bo‘lsa ko‘taruvchilar tez-tez almashinib ko‘tarib olib borardilar. Tobutni ko‘tarib kamida 7 qadam yurish savobli ish deb hisoblanardi. Shuning uchun tobutni ko‘tarib keluvchilardan tashqari ko‘chalarda uchragan odamlar mazkur savobdan quruq qolib ketmaslik uchun tobutni ko‘tarib 7 qadam yurishardi. Shu zayilda qabristonga va masjidga yetib kelishar edi11.
Janozo marosimi-Guzar ahlidan bo‘lak masjidga yig‘ilgan kishilar, ya’ni o‘likni qavmu-qarindoshlari, yoru-birodarlari qatnashardilar. Tobutni masjidga olib borib qibla tomonga qo‘yardilar. Peshin nomozini o‘qib chiqqandan so‘ng masjid sufisi baland ovoz bilan, “Saloti janoza” (Janoza namozi) deb xalqni dav’at qilardi. Shundan so‘ng masjidni imomi janoza namoziga ham imomlik qilib, sufi baland ovoz bilan takbir aytib, janozaga sajda qilmasdan tik turib, janoza namozini ado qilardilar.
Go‘r va go‘rkov-Buxoroda aksariyat bilan o‘likni sag‘analarga qo‘yar edilar. Lahad qazib o‘tirmas edilar. Har kimni ilgaridan tayyorlab qo‘yilgan go‘ri (Sag‘anasi) bo‘lar edi. Kuchi yetmaganlarni “Xayrot” sag‘analarga dafn qilar edilar ya’ni savob bo‘lishi uchun. O‘likni olib kelganda agar o‘lik xotin kishi bo‘lsa, uni eri, o‘g‘li yoki qarindoshlaridan biri go‘rkovni yordami bilan sag‘ana ichiga kirgizib qo‘yib, o‘likni yuzini kafandan ochib qo‘yib chiqarardi. Chiqqandan keyin go‘rkov ilgari hozirlab qo‘ygan suv, loy, g‘isht bilan sag‘anani og‘zini berkitardi. Berkitmasdan burun har kim bir hovuch tuproq olib, unga dam solib kuf-suf deb keyin tuproqni o‘likni ustiga solardilar12.
Yirtish-O‘likni ko‘mgandan keyin qabr oldida oq surpli, lattali, chitli nimaiki bo‘lmasin bir -ikki tup olib borib yertib, har kimga berar edilarkim, bunga “Yirtish” der edilar.
Duoyi fotiha-O‘lgan kishini uyida uch kun duoyi- fotiha o‘tkazilar edi. Kimki fotihaga kelsa Qur’on o‘qib savobini bag‘ishlab chiqib ketardi. Agar kelgan kishi qur’on o‘qishni bilmasa, marhumning uyida kamida 1 yoki 2 ta qur’on o‘quvchi kishi bolardi. Fotihaga ertalab, ham asr namozidan keyin mahalla ahli to‘planib kelar edilar13.
Motam kunlari-O‘lik o’lgan kunda kamida 3 kun ovqat pishirmaydilar va uchoq boshiga borib olov yoqmaydilar. Shuning uchun qo‘ni-qo‘shni va qarindoshlar osh- ovqat pishirib qozon bilan birga olib kelar va topshirib ketar edilar.
O‘likni yettisi-Yettinchi kunda o’‘ikka birinchi marotaba xatmi-qur’on qilib osh pishirib duoyi fotiha qiladilar. O‘lik yuvilgan uyda va yotgan uyda shungacha har kecha sham yoki piliq chiroq yoqib quyadilar. Hatto yo‘laklarga va qorong‘u joylarga ham.
O‘likni yigirmasi-Bu ham yigirma kun o‘tar-o‘tmas bist (yigirma) marosimini o‘tkazadilar. Bunda xotinlar kelib yana yig‘i-sig‘i qilib, duoyi-fotiha qilib, ovqat qilib so‘ng tarqaladilar.
O‘likni qirqi-Qirq kun deganda bu marosim o‘tkaziladi. Yana osh-ovqat qilib xotinlarni va otinlarni chaqirib, xatmi-qur’on qilib, duoyi-fotiha qiladilar. O‘likni xotirlab yig‘i-sig‘i qilib, so‘ng ob-ovqat yeb chiqib ketadilar.
Azobaroyon (Yil oshi)-Bir yil bo‘lgach katta to‘y qilib, ob-osh qildirib, yuzga yaqin xotinlar kelib, yana duoyi- fotiha qilib, keyin qora-oq kiyimlarini (motam kiyimlarini tashlab) har qaysisi o‘zi istagan kiyimlarini kiyib yuradigan bo‘ladi.
Qabriston ziyorati-Yangi o‘lgan kishi bir necha vaqt haftada bir marotaba, keyin oyda bir marotaba va hayitlarda ham har-kim o‘z qavmu-qarindoshlari qabri ustiga borib, yig‘lab, o‘zini urib, holdan ketgandan keyin duoyi-fotiha qilib, qabrini boshiga sham yoqib bo‘y (Bo‘g‘irsoq) holvaytar olib borib atrofdagilarga berib qaytib keladilar14.



1 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-523.

2 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-524.

3 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-525.



4 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-525.

5 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-526.



6 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-528.

7 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-528.

8 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-529.



9 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-532.

10 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-538.

11 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-541.



12 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-543.

13 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-544.



14 Aminjon Po'latov esdaliklari. Qo'lyozma inventar raqami No.12898 bet-546.

Yüklə 33,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə