Daryolar suv rejimining elementlari



Yüklə 24,96 Kb.
tarix04.02.2018
ölçüsü24,96 Kb.

Daryolar suv rejimining elementlari

Daryoda oqayotgan suv miqdori, ya’ni suv sarfi, suv yuzasi sathining holati, uning oqish tezligi, harorati, erigan moddalar oqimi miqdori va boshqalar ma’lum omillar ta’sirida vaqt bo’yicha o’zgarib turadi. Daryoda mana shu qayd etilgan elementlarning bir­biriga bog’liq holda o’zgarishi uning suv rejimini ifodalaydi.



Suv sarfi (Q) deb, daryoning ko’ndalang qirqimidan vaqt birligi ichida oqib o’tadigan suv miqdoriga aytiladi. U m3/s yoki lҒs larda ifodalanadi.

Suv sathi (N)-ma’lum bir o’zgarmas, gorizontal holatdagi doimiy ”0” tekislikka nisbatan o’lchanadigan suv yuzasi balandligidir. U sm larda ifodalanadi.

Suvning oqish tezligi () mҒs larda ifodalanib, uning qiymatini ko’ndalang qirqimning ayrim nuqtalarida, alohida vertikal (tiklik) lar yoki butun jonli kesma bo’yicha aniqlash mumkin. Demak, jonli kesmaning ayrim nuqtasida o’lchangan tezlik vertikallar yoki butun jonli kesma uchun aniqlangan o’rtacha tezliklardan qiymati jihatidan farq qiladi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda daryo suvining harorat rejimi, gidroximiyaviy rejimini o’rganish ham muhim ahamiyatga ega. Shularni e’tiborga olib, quyida daryolar suv rejimining barcha elementlari alohida mavzularda yoritiladi.

Suv sathi, uni kuzatish va qayta ishlash usullari

Daryoda suvning oz yoki ko’p bo’lishiga bog’liq holda va boshqa sabablar ta’sirida suv sathi o’zgarib turadi. Uni kuzatish ishlari maxsus suv o’lchash joylari­postlarda amalga oshiriladi(14­rasm). Bu ish suv yuzasi sathining "nol" tekislik deb qabul qilinadigan doimiy gorizontal faraziy tekislikka nisbatan balandligini aniqlashdan iborat. Bunday faraziy tekislik uchun odatda suvning tarixiy eng past yuzasi balandligidan 0,5-1,0 m pastroqda joylashgan tekislik qabul qilinadi. Shu tekislikning mutlaq yoki nisbiy balandligi "nol" grafigi deb ataladi. Suv sathi shu "nol" grafikka nisbatan suv o’lchash taxtacha (reyka)lari yordamida 1 sm aniqlikda o’lchanadi.



Suv o’lchash taxtachalari ikki turda­doimiy va ko’chma bo’ladi. Doimiy suv o’lchash taxtachalari ko’priklar ustuniga yoki maxsus qoziqlarga o’rnatiladi. Katta qiyalikdagi qirg’oqlarda yoki suv sathi tebranishi katta amplitudaga ega bo’lgan hollarda, kuzatishlar ko’chma suv o’lchash taxtachalari yordamida olib boriladi. Buning uchun daryo o’zani va qayirida oqimga ko’ndalang yo’nalishda qator qoziqlar qoqiladi. Ularning har birining balandligi suv o’lchash posti reperiga nisbatan nivelir yordamida aniqlanadi. Reper­ daryoning suv bosmaydigan qirg’og’iga mustahkam o’rnatilib, mutlaq yoki nisbiy balandligi aniqlangan qoziqdir.

Daryolarning suv sathi rejimi

Daryolarda suv sathining o’zgarishi avvalo daryodagi suv miqdori, ya’ni suv sarfining o’zgarishi bilan bog’liqdir. Suv sarfi qanday omillar ta’sirida o’zgarsa, suv sathi ham ana shu omillar va ularga qo’shimcha ravishda o’zan ko’ndalang qirqimining shakliga, o’zanda kuzatiladigan muzlash hodisalariga bog’liq holda o’zgaradi. Suv sathi va sarfi o’zgarishlarining o’xshashligi ularning davriy tebranishlari chizmalari bir­biriga solishtirilganda yaqqol namoyon bo’ladi.

Daryoning ayrim qismlarida suv sathi rejimi o’zan va qayirlarning tuzilishiga bog’liq holda suv sarfiga nisbatan oz yoki ko’p o’zgarishi mumkin. Masalan, daryoning keng va shu bilan birga sayoz qismida suv sathi suv sarfiga nisbatan juda sekin o’zgarsa, chuqur va tor o’zanda buning teskarisi bo’ladi. Bunga sabab, katta qayirda suv massalari to’planishi (akkumulyatsiyasi) natijasida suv sathi amplitudasi kamayadi.

Daryolarning suv sathi rejimi quyidagi omillar ta’sirida o’zgarib turishi mumkin:

a) agar bosh daryoga quyiladigan irmoqda to’linsuv davri oldin boshlansa, u holda irmoqning quyilish joyidan yuqorida­bosh daryoda, dimlanish hisobiga, suv sathining ko’tarilishi kuzatiladi;

b) agar to’linsuv davri bosh daryoda oldin boshlansa, u holda irmoqning suv sathi ko’tariladi;

v) o’zan suv o’simliklari bilan qoplanganda suv sathi o’simlik yo’q vaqtdagiga nisbatan yuqori bo’ladi;

g) o’zanning yuvilishi suv sathini kamaytirsa, oqiziqlarning o’zanda to’planishi (akkumulyatsiyasi) esa suv sathining ko’tarilishiga sabab bo’ladi;

d) qish oylarida, suv sarfi o’zgarmagan holda, muzlash hodisalari sababli, suv sathi keskin o’zgarishi mumkin;

ye) daryolarning okean va dengizga quyilish qismida suv sathi rejimi ancha murakkab xarakterga ega bo’ladi. Chunki bunda Yer bilan Oyning o’zaro tortishish kuchi yoki shamol ta’sirida vujudga keladigan suvning ko’tarilishi va pasayishi (qaytishi) hodisalari faol ta’sir ko’rsatadi. Bunday hodisalar Volga, Neva, Don kabi daryolarda kuzatiladi;

j) inson xo’jalik faoliyati (yog’och oqizish ishlari, to’g’onlar qurilishi kabilar) ham suv sathining o’zgarishiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi.

Suv sathini kuzatish ma’lumotlaridan amalda foydalanish

Biror daryoning irmoqlar kelib qo’shilmaydigan qismida kuzatishlar olib boradigan va bir­biridan ma’lum masofada joylashgan ikki kuzatish joyi(posti)dagi suv sathlari o’zgarishi chizmalarini o’zaro solishtirsak, ular o’rtasida katta o’xshashlik borligini ko’ramiz. Har ikki postdagi suv rejimining bir xil fazalarida kuzatiluvchi suv sathlariga moslashgan suv sathlari deyiladi.

Moslashgan suv sathlarini aniqlash uchun har ikki kuzatish postiga tegishli kundalik suv sathlarining yillik jadvallaridan foydalanib, ularning yillik tebranishi chizmalari ustma­ust holda bitta qog’ozga chiziladi. Chizmadan foydalanib, har ikki post uchun xarakterli nuqtalarni (ko’tarilish va pasayish aniq ko’ringan) belgilab olish zarur. Chizmadagi moslashgan suv sathlarini ifodalovchi maksimum va minimumlar quyi postda yuqori postdagiga nisbatan kechroq kuzatiladi. Kechikish muddati daryo o’zanidagi suvning yuqori postdan quyi postga yetib kelishi uchun ketgan vaqt bilan aniqlanadi.

Gidrologik yilnomalarni tuzishda suv sathi kuzatishlari haqidagi ma’lumotlarning ahamiyati beqiyosdir.



Daryolar suv rejimining davrlari

Daryolar suv rejimining yillik o’zgarishini bir necha xarakterli qismlarga­ko’p suvli, ya’ni to’linsuv, kam suvli va toshqin davrlariga ajratish mumkin. Ular umumiy nom bilan suv rejimi davrlari deb ataladi. Bu davrlarning har birining o’ziga xos xususiyatlari, jumladan davom etish vaqti, daryolarning to’yinish manbalari hamda ularning daryo oqimiga qo’shadigan ulushlarining yil davomida o’zgarishi bilan aniqlanadi. O’z navbatida bu omillar daryo havzasining iqlim sharoitiga bog’liqdir.

Davrlar soni turli tabiiy­geografik zonalarda joylashgan daryolar uchun turlicha­ikkitadan to to’rttagacha bo’lishi mumkin. Masalan, tekislik hududlarida quyidagi to’rt davr kuzatiladi: bahorgi to’linsuv davri (polovode), yozgi kam suvli davr (mejen), kuzgi toshqin davri (pavodok), qishki kam suvli davr (mejen). Ba’zi tekislik daryolarida kuzgi toshqin davri kuzatilmasligi mumkin, yozgi to’linsuv davri uzoq muddatga cho’ziladigan daryolarda esa yozgi kam suvli davr (mejen) kuzatilmaydi.

O’rta Osiyoning nisbatan yirik daryolarida esa asosan ikkita davr, bahorgi­yozgi to’linsuv davri va kuzgi­qishki kam suvli davr (mejen) kuzatiladi.



Тo’linsuv davri deb, daryoda suvning ko’payishi har yili deyarli bir xil mavsumda takrorlanadigan va uzoq vaqt (2­6 oy) davom etadigan davrga aytiladi. Bu davrda daryo qayirlari suv ostida qoladi. Suv sathining keskin ko’tarilishi esa ayrim hollarda ko’ngilsiz hodisalarga sabab bo’ladi.

Тoshqin (pavodok) davri deganda, daryo havzasiga yoqqan jala yomg’irlar natijasida daryodagi suv sathi va sarfining juda tez ortishi va shunday keskin kamayishi tushuniladi. Тoshqin davri o’zining qisqa muddatliligi, oqim hajmining nisbatan kichikligi hamda ayni bir daryoda butun yil davomida turli davrlarda kuzatilishi bilan to’linsuv davridan farq qiladi. Ba’zi daryolarda toshqin davri kuzda kuzatilsa (Rus tekisligi, Ғarbiy Sibir tekisligi daryolari), Qrim va Italiyaning janubiy va o’rta qismi daryolarida qish va bahor oylarida bo’ladi. Тog’li hududlarda, jumladan O’rta Osiyo daryolarida havo haroratining keskin ko’tarilishi natijasida qor yoki muzliklarning jadal erishi hisobiga ham toshqinlar kuzatilishi mumkin.

Kam suvli davr (mejen)-daryolar suv rejimining to’linsuv va toshqin davrlariga nisbatan kam suvliligi bilan farq qiladigan davridir. Kam suvlilikning asosiy sababi suv to’plash havzasidan daryoga kelib tushadigan suv miqdorining keskin kamayishidir. Yuqorida aytilganidek daryolarda yozgi va qishki kam suvli davr (mejen)lar kuzatiladi. Daryolar kam suvli davrda asosan yer osti suvlari hisobiga to’yinadi.

Suv rejimining turlariga ko’ra daryolarni oddiy va murakkab rejimli daryolarga ajratish mumkin. O’z suvini har xil geografik zonalardan yig’adigan katta daryolar uchun (Nil, Amur, Yenisey, Pechora, Dunay va boshqalar) murakkab rejim xosdir. Bir xil geografik zonada joylashgan o’rta va kichik daryolar (shartli ravishda suv to’plash havzasi maydoni 50 ming km2 gacha) oddiy rejimga ega bo’ladi.



Daryolarni suv rejimi davrlariga ko’ra tasniflash

Daryolarni suv rejimi davrlariga ko’ra guruhlarga ajratish, ya’ni tasniflash muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Sobiq ittifoq daryolari suv rejimi xususiyatlarini o’rganish asosida B.D.Zaykov shu hududdagi daryolarning tasnifini ishlab chiqdi. U o’rganilayotgan hududdagi barcha daryolarni, tabiiy yoki sun’iy ravishda boshqarilgan daryolarni hisobga olmagan holda, quyidagi 3 ta asosiy guruhga bo’ldi:

a) to’linsuv davri bahorda kuzatiladigan daryolar;

b) to’linsuv davri yozda kuzatiladigan daryolar;

v) toshqinli suv rejimiga ega bo’lgan daryolar.

O’rganilayotgan hududda to’linsuv davri bahorda kuzatiladigan daryolar ko’pchilikni tashkil etadi. Тo’linsuv davrining xususiyatlariga va suv sarfi hamda suv sathi rejimlarining boshqa davrlardagi o’zgarishlariga bog’liq holda bu guruhdagi daryolar beshta turga bo’linadi: Qozog’iston, Sharqiy Yevropa, Ғarbiy Sibir, Sharqiy Sibir va Oltoy turlari.



Sinov savollari:

1. Daryolar suv rejimining elementlarini aytib bering.

2. Daryolarda suv sathini o’lchash ishlari qanday amalga oshiriladi?

3. Daryolarning suv sathi rejimiga qanday omillar ta’sir etadi?

4. Suv sathini kuzatish ma’lumotlarining amaliy ahamiyatini yoritib bering.

5. Daryolar suv rejimining yillik o’zgarishini qanday davrlarga ajratish mumkin?

6. Тo’linsuv davriga ta’rif bering.

7. Daryolarning, suv rejimi davrlariga ko’ra, qanday tasniflarini bilasiz?


Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə