Ekologiya fani, uning predmeti va vazifalari Ekologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi Ekologiyaning bo`lim va tarmoqlari



Yüklə 33.58 Kb.
tarix30.04.2018
ölçüsü33.58 Kb.
: attachments -> article
article -> Reja: Hissiyot haqida tushuncha
article -> Xis-tuyg'ular va ularning kasallik munosabati bilan o'zgarishi
article -> Havoni zaqarli chiqindilardan himoyalash Rеja: Atrof muhitning qolati va inson salomatligi
article -> "Ёш даврлари ва педагогика психология"
article -> Matematik modellashtirish Reja
article -> Reja: Guruh va jamoa haqida tushuncha
article -> Xarakter Plan

Aim.uz

Ekologiya faniga kirish
Reja:

  1. Ekologiya fani, uning predmeti va vazifalari

  2. Ekologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi

  3. Ekologiyaning bo`lim va tarmoqlari

  4. Fan-texnika rivojlangan hozirgi zamonning muhim ekologik vazifalari.


Darsning maqsadi: Ekologiya fani, uning hayotga kirib kelishi, talabalarda, ularning qaysi mutaxassislikni egallashlaridan qat'iy nazar ekologik malakaning zarurligi va bu malakaning kundalik hayotga tatbiq etish zaruriyati to`g`risida tushuncha berish ekologiyaning bo`limlari va tarmoqlanishi to`g`risida tushuncha berishi, ma'lumot berish.
Ekologiya fani, uning predmeti va vazifalari

Ma'lumki, keyingi paytlarda kundalik turmushimizda «ekologiya» so`zi tez-tez uchraydi. Buning sababi atrof-muhit holatining o`zimiz ya'ni insonlar tomonidan noqulay holatga keltirilganligida. Shuning uchun ham bu atama ko`pincha «Jamiyat», «Inson», «Atrof-muhit», «Salomatlik» kabi so`zlar orasida tez-tez qo`llaniladi. Zeroki «Tabiat» va «Jamiyat» o`zaro dialektik birlikda bo`lib, ular doimo bir-biriga ta'sir o`tkazib keladi. Bizni o`rab turgan barcha tabiiy ne'matlar – qumligu-mo`zliklar, o`rmonu-dashtlar, tog`u-toshlar, havoyu-suvlar, xullas, barchasi o`zaro o`zviy bog`lik bo`lib, bir-birini muvozanatda saqlaydi. Tabiatning biror bir yerida, biror-bir jabhasida sodir bo`ladigan o`zgarishlar tabiiy muvozanatga ta'sir etmay qolmaydi. Bunday muvozanatni saqlab turish hayotning ekologik qonun-qoidalarini o`rganishni talab qiladi.

Sirasini aytganda ekologik tushunchaning ildizi tarixan chuqur ketgan bo`lib, antik davrga borib taqaladi. Hayvon va o`simliklarining Yer yuzida tarqalishi va ular hayotining tashqi muhit bilan bog`lanishlari to`g`risidagi ekologik ma'lumotlar eramizdan avval yashab o`tgan grek faylasuflari Gerakmit, Aristotel va Teofrastlar tomonidan to`plangan. Ammo «ekologiya» atamasi fanga kechroq kirib keldi. Uni birinchi marta nemis olimi E. Gekkel 1866 yilda o`zining «Organizmlarning umumiy morfologiyasi» asarida qo`llab, u ekologiyani tirik organizmlar bilan ular yashaydigan muhit o`rtasidagi munosabatlarni o`rganuvchi fan deb qabul qildi.

Ekologiya so`zi grekcha bo`lib, «oykos» - uy, yashash joyi, «logos» - fan demakdir. Bu so`zlarni keng ma'noda tushunish zarur. Atamaning fanga kiritilishidan hozirgacha o`tgan davr mobaynida uni turli mutaxassislar turlicha izohlab kelmoqdalar. Rus olimi akademik S. Shvarts: men ekologiya fani to`g`risida yuz xil fikr aytishim mumkin va ularning barchasi ozmi-ko`pmi to`g`ri bo`lib chiqadi, degan edi.

Darhaqiqat bu tushunchani kengaytirishda, ekologiya fanining shakllanishi va rivojlanishida ko`pgina olimlar hissa qo`shdilar. Ingliz olimlaridan CH. Elton populyatsion ekologiya nazariyasini yaratgan bo`lsa, rus olimi V.N. Sukachev biogeotsenozlar tushunchasini asosladi. Shuningdek rus olimlaridan K.F. Rulye zoobiologiya faniga, A.N. Beketov esa fitogeografiya faniga asos soldi. Ekologiya fani tarixida ayniqsa CH. Darvinning evolyutsion ta'limoti hamda akademik V. I. Vernadskiyning biosfera to`g`risidagi ta'limoti tub burilish yasadi.

Shunday qilib, ekologiya fani to`g`risidagi tasavvurlar tobora kengayib bordi. Xulosa qilib aytganda ekologiya biologiya fanlarining rivojlanishidan kelib chiqqan yangi tarmoq bo`lib, u biologik makrotizimlar ya'ni populyatsiyalar va biotsenozlar darajasidagi organizmlarning bir-birilari bilan va atrof muhit bilan bog`lanishlari to`g`risidagi fandir. Uning predmeti–bunday bog`lanishlarning zamon va makonga qarab o`zgarib borishni o`rganish ya'ni atrof muhitdagi tabiiy muvozanatni monitoring qilishdan iboratdir.

Ekologiya fanining vazifalari uning ma'nosi singari keng bo`lib, Yer yuzidagi tiriklik jarayonlarining qanday kechayotganligini o`rganib borish, fan va texnika rivojlangan hozirgi sharoitda industrial jamiyat kishisining tabiatga ta'sirini o`rganish va uni boshqarishdan iborat. Bu vazifani bajarish uchun ekologik meyorlashtirish tizimini yaratish zarur. Ekologik meyorlashtirish-bu atrof muhitga antropogen ta'sirning yo`l qo`yilishi mumkin bo`lib meyorini belgilashdir. Mazkur nazariyani rus olimi S. Shvarts ishlab chiqib, qo`llash uchun taklif qilgan. Ekologik meyorlashtirilishning yo`lga qo`yilishi yashash muhitidagi tabiiy muvozanatni saqlab qolib, inson uchun noqulay ekologik vaziyat vujudga kelishining oldini oladi.

Ma'lumki, kishilik jamiyatining rivojlanishi bilan atrof muhitga antropogen omillarining ta'siri kuchayib ketdi. Ayniqsa keyingi yillarda bunday ta'sir biosfera chegarasidan chiqib, koinotgacha yetib bordi va muhitning ekologik tozaligini saqlash dunyo miqyosidagi global masalaga aylandi. Shunga ko`ra ekologiya fani vazifalarining doirasi ham yanada kengaydi. Buni ekologiyaning boshqa fanlar bilan bog`likligida ham ko`rsa bo`ladi.



Ekologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi


Ekologiya garchi biologiya fanidan kelib chiqqan bo`lsada, u nafaqat biologik fanlar bilan balkim juda ko`p nobiologik fanlar bilan ham uzviy bog`liq. Bunday fanlar qatoriga falsafa, tibbiyot, matematika, tarix, fizika, iqtisodiyot, geografiya, iqlimshunoslik, kimyo, xuquqshunoslik, konchilik va hokazolarni kiritish mumkin.

Buni quyidagi bir necha aniq misollarda ko`rish mumkin:



  1. falsafa fanlari bilan aloqasi – tabiatdagi barcha borliqning o`zaro dialektik bog`liqligi, bir-biriga ta'siri asosida tabiiy muvozanatning saqlanishini o`rganish;

  2. matematika bilan aloqasi – ekologiyani matematik modellashtirish asosida «yirtqich-o`lja» hamda «parazit-xo`jayin» munosabatlarini o`rganish;

  3. fizika bilan aloqasi – quyosh energiyasi, elektromagnit va tovush to`lqinlari, radioaktiv nurlanish, issiqlik rejimi va boshqalarning organizmlarga ta'sirini o`rganish;

  4. iqtisodiyot bilan aloqasi – tabiiy resurslardan va unumli foydalanish asosida iktisodiy foyda ko`rish va ayni vaqtda muhitning ekologik vaziyatini qulay holda saqlashni o`rganish;

  5. kimyo fani bilan aloqasi – organiq va mineral moddalarning tabiatda aylanishini o`rganish;

  6. huquqshunoslik bilan aloqasi – tabiiy resurslardan foydalanishda huquqiy meyorni belgilash;

  7. konchilik fanlari bilan aloqasi – kon qidiruv ishlarida va konlardan foydalanishda muhitning ekologik muvozanatini saqlab qolish yo`llarini o`rganish.

Shunday qilib, ekologiya fanining qamrovi keng hisoblanadi. Ayniqsa o`tgan asrning ikkinchi yarmida u ko`pchilik fanlar ichiga kirib bordi. Buning sababi ekologik bilimlar ahamiyatining kattaligidir. Bu bilimlar nafaqat inson faoliyatining tabiatga zarar yetkazishi, balki bu bilan insonning o`z yashash sharoitlarini o`zgartirib yuborib, hatto uning hayoti uchun xavf tug`dirishi mumkinligini ham o`rgatadi.

Tabiat biz tasavvur etgandan ko`ra ancha murakkabdir. Shunga ko`ra ekologiyaning birinchi qonunini quyidagicha ifodalash mumkin: «Tabiatda inson nimaiki ish qilmasin, ularning barchasi unda ko`pincha oldinda bilib bo`lmaydigan u yoki bu oqibatlarni keltirib chiqaradi». Kelib chiqadigan oqibatlar zararli bo`lmasligi uchun u o`z faoliyatini ekologik tahlil qila olishi zarur. Buning uchun esa turli fanlar bilimidan foydalanishi zarur bo`ladi. Shunday qilib, ekologiyani tabiiy resurslardan foydalanishning nazariy asosi deyish mumkin.



Ekologiyaning bo`lim va tarmoqlari


Ekologiya ko`p tarmoqli fan. Hozirgi kunda u o`rganadigan sohalar ko`payib, yangi-yangi yo`nalishlar paydo bo`lmokda.

Ekologiya fani 4 bo`limdan iborat. Ular – umumiy ekologiya, global ekologiya, regional ekologiya va evolyutsion ekologiya.



Umumiy ekologiya o`z navbatida ko`yidagi tarmoqlarga bo`linadi: faktoral ekologiya (autekologiya), populyatsion ekologiya (sinekologiya) va biogeotsenologiya.

1.Faktoral ekologiya organizmni o`rab turgan muhit faktorlarining organizmga ko`rsatadigan ta'sirini o`rganadi. Bu faktorlarga ekologik omillar deyiladi. Ekologik omillar 2 guruhga bo`linadi:



  1. abiotik omillar – bularga jonsiz tabiat omillari kiradi. Masalan, namlik, yorug`lik, harorat, havo va havo to`lqinlari, edafik, gidrofizik va gidrokimyoviy omillar.

  2. biotik omillar - bularga tirik tabiatning omillari, ya'ni o`zaro ta'sirda bo`ladigan organizmlar kiradi.

Abiotik omillar orasida organizmga tez va jiddiy ta'sir ko`rsatadiganlari namlik, yorug`lik va haroratdir. Organizmlar muhitning bu omillariga minglab yillik evolyutsiya davomida moslashib olgan. Shuning uchun ham, masalan tropikadagi organizmlar shimoliy kengliklarda yashayolmadi va aksincha. Chunki bu kengliklarda namlik, yorug`lik va harorat bir-birdan keskin farq qiladi.

Omillar ichida ayniqsa namlikning ta'siri katta. Namlik uch xil ko`rsatgichda bo`ladi: mutloq namlik, eng yuqori namlik va nisbiy namlik. Mutloq namlik – bu 1m3 havo tarkibidagi o`rtacha namlik. Eng yuqori namlik – bu 1m3 havoni to`yintirish uchun sarflanadigan namlik hisoblanadi. Amalda ko`prok nisbiy namlik tushunchasi qo`llaniladi. Bu – mutloq namlikning eng yuqori namlikka nisbatan foiz hisobida olingan miqdoridir. Boshqacha aytganda nisbiy namlik havoning suv bug`lari bilan to`yinganlik darajasini belgilovchi foizli ko`rsatkich hisoblanadi.

Tabiatdagi turli tirik organizmlarning suvga nisbatan ehtiyoji turlicha bo`ladi, chunki ular turli namlik sharoitida yashashga moslashganlar. Bu jihatdan organizmlarni bir qancha ekologik guruhlarga ajratish mumkin. Masalan, gidrofillar - faqat suvda yashay oladilar; gigrofillar – namligi juda yuqori bo`lib quruqlik sharoitida yashaydilar; mezofillar – namligi mu'tadil ya'ni o`rtacha bo`lib sharoitni yoktiradilar; kserofillar – namligi kam yoki juda kam bo`lib quruq sharoitda yashaydilar.

Organizmlarning yashashi, rivojlanishi va Yer yuzida tarqalishini belgilovchi omillardan biri haroratdir. Chunki organizmdagi modda almashinuv jarayoni undagi atom va molekulalarni harakatga keltiruvchi harorat tufayli amalga oshadi. Turli organizm turlicha haroratli sharoitga moslashgan. Bu jihatdan organizmlarni ikkita ekologik guruhga bo`lishimiz mumkin: termofillar – issiqni xohlovchi organizmlar bo`lib, bularga ko`pchilik mikroorganizmlar, hasharotlar va ularning lichinkalari kiradi; kriofillar – sovuqsevar organizmlar bo`lib, ular – 80 – 100 S da ham o`zlarining aktiv faoliyatini davom ettiradilar. Bularga qutblarda va baland tog`larda yashovchi bakteriyalar, zamburuglar, mox va lishayniklar misol bo`ladi. Termofillik va kriofillik orasida bir qancha oraliq formalar ham mavjud.

Muhim ekologik omillardan yana biri yorug`lik, ya'ni quyosh radiatsiyasi bo`lib, bu omil barcha tirik mavjudotlar uchun yagona energiya manbai hisoblanadi. Tekshirishlar ko`rsatilishicha quyosh sirtidagi harorat 50000S bo`lib, undan har gektar maydonga yilida o`rtacha 9 mlrd. kaloriya energiya yetib keladi. Uning qariyb yarmi ko`zga ko`rinadigan (to`lqin uzunligi 0,40-0,076 mkm) nur bo`lib, qolgani ko`zga ko`rinmaydigan infraqizil (50%), ultrabinafsha (1%) va radioaktiv nurlardir. Bu nurlar organizmga turlicha ta'sir ko`rsatadi. Masalan, ultrabinafsha nurlarining 0,25-0,30 mkm uzunlikdagi to`lqinlari organizmda «D» vitaminining hosil bo`lishiga yordamlashadi, uning 0,20-0,30 mkm uzunlikdagi to`lqinlari mikroorganizmlarni o`ldiradi (jarrohlikda qo`llaniladigan kvarts lampalari shunday nur beradi), 0,38-0,40 mkm o`zunlikdagi to`lqinlari esa fotosintez jarayoniga qatnashadi.

Fotosintez – murakkab fotokimyoviy jarayon bo`lib, u tiriklikning poydevori hisoblanadi. Chunki bu jarayon butun tirik tabiatni ham kislorod va ham ozuqa bilan ta'minlaydi. Fotosintez jarayonining sodda ifodasi quyidagicha:

Fotosintez jarayonida o`simliklar quyoshdan yetib keladigan energiyaning faqat 0,1-0,3% dan foydalanadilar. Bu bir qarashda kichiq raqam. Ammo ular ana shu kichiq miqdordagi energiya yordamida har yili Yer yuzida 177 mlrd tonna organik moddalar hosil qiladilar.

Shuni aytish kerakki, organizmlarni yorug`likka talabi boshqa omillarga bo`lib talabi singari, turlicha bo`ladi. Shunga ko`ra organizmlarni fotofillar ya'ni yorug`liksevarlar hamda fotofoblar ya'ni yorug`likni yoqtirmaydigan ekologik guruhlarga bo`lish mumkin.

Organizmga ta'sir ko`rsatadigan edafik omillarga tuproqning fizik va kimyoviy xususiyatlari kiradi. Tuproqning zichligi, kimyoviy tarkibi, unda harakatlanib yuruvchi gaz, suv, organik va mineral moddalar tuproqda doimiy yoki vaqtincha yashovchi organizmlarga ta'sir ko`rsatib, ularning faoliyatini belgilaydi.

Muhitning gidrofizik va gidrokimyoviy omillari esa suv bilan bevosita bog`lik bo`lib, suv ekologik jihatdan ko`pgina organizmlar uchun hayot muhiti va makoni bo`lib hisoblanadi. Suv muhitida doimiy yashovchi organizmlar gidrobiontlar deb nomlangan bo`lib, ular turli ekologik guruhlardan iboratdirlar. Masalan, planktonlar (suvda qalqib harakatlanuvchilar), nektonlar (suvda aktiv harakatlanuvchilar), pelagial organizmlar (suvning yuza qatlamlaridan makon topganlar), bental organizmlar (suv tubida yashovchilar) va hokazolar. Gidrobiontlar shuningdek suvning sho`rligiga chidamliligi jihatdan stenogalin va evrigalin guruhlariga, bosimiga chidamliligi jihatdan stenobat va evribat ekologik guruhlariga bo`linadilar. Shunday qilib, faktoral ekologiya tashqi muhit omillarining barchasini o`rganuvchi keng qamrovli fan tarmog`i hisoblanadi.



2.Populyatsion ekologiya bir turga mansub bo`lib, ma'lum bir maydoni egallagan o`zaro ta'sirdagi organizmlar tabiiy tuzilmalarining ya'ni polpulyatsiyalarning shakllanishi va dinamikasini o`rganadi. Populyatsiyalar hayotini o`rganish insonga tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo`llarini o`rganish imkonini beradi. Populyatsiyalar dinamikasidagi qonuniyatlarni o`rganish asosida inson ularning biologik mahsuldorligini oshirish sirlarini bilib oladi.

3.Biogeotsenologiya fani populyatsion ekologiyadan kelib chiqqan bo`lib, populyatsiyasidagi ta'limot asosida tabiatdagi ko`pgina murakkab jarayonlarni ya'ni biogeotsenozlarni o`rganadi. Bu fanga ilk bor rus olimi V.N. Sukachev 1940 y. asos solgan. Biogeotsenoz biosferaning kichik bir qismi bo`lib, u o`zining joylashgan o`rni, iqlimi, gidrologiyasi va biotik sharoitiga ko`ra bir xil bo`ladi. Oddiyroq qilib aytganda biogeotsenoz tabiatning ma'lum bir joyida muayyan bir xil sharoitda yashovchi tirik organizmlar majmuasi bo`lib, ular doimo bir-birlarining ta'sirida yashaydilar va tashqi muhit omillarning ta'sirida bo`ladilar. Biogeotsenozlarda jonli va jonsiz tabiat orasida mu'tasil modda va energiya aylanib yurishi tiriklikni davom ettirishga asos soladi. Biogeotsenozlarning jonli tabiati o`simlik (fitotsenoz), hayvon (zootsenoz) va mikroorganizmlardan tashkil topgan. Biogeotsenozlar turli xil bo`lib, muayyan sharoitning tarixi va tabiiy sharoitlariga ko`ra vujudga kelgan bo`ladi. Masalan, tropik mintaqalarga xos o`rmonlarning biogeotsenozlari sovuq tundra biogeotsenozlariga nisbatan boy va mahsuldor bo`ladi. Tabiatda biogeotsenozning turli tirik komponentlari birlashib biologik birlikni ya'ni biotsenozni hosil qiladi. Demak biotsenoz – muayyan bir maydonda yashovchi o`simlik, hayvon va mikroorganizmlar majmuasidir. Ular doimo bir birlari bilan o`zaro aloqada bo`ladilar. Biotsenoz rivojlanadi, uning rivojlanish sirlarini o`rganish asosida inson o`z faoliyati bilan uni o`ziga ma'qul bo`lib tarafga o`zgartirishi mumkin. Biogeotsenoz biosferaning muayyan bir bo`lagi hisoblanadi. Biosfera – tarkibi va energetikasi tirik organizmlar faoliyati bilan bog`liq Yer qobig`i bo`lib, u atmosferaning pastki qatlami – troposfera, barcha suvliklar – gidrosfera, hamda litosferaning yuqori qismini qamrab oladi. Undagi barcha jarayonlar o`zaro chambarchas bog`liq bo`ladi. Bu mavzuga keyinroq qaytamiz.

Global ekologiya biosferani yaxlitligicha o`rganuvchi fan hisoblanadi. Uning bosh vazifasi antropogen ta'sir natijasida Yer yuzida sodir bo`layotgan o`zgarishlarni o`rganib borishdan iborat.

Regional ekologiya Yer yuzining ma'lum joylaridagi ekologik vaziyatni o`rganuvchi fan. Regional ekologiya quyidagi tarmoqlarga bo`linadi: shahar ekologiyasi, qishloq xo`jalik ekologiyasi va sanoat ekologiyasi.


Keyingi yillarda sanoat ekologiyasidan alohida tarmoq sifatida muxandislik ekologiyasi ajralib chiqadi. Muhandislik ekologiyasi ishlab chiqarish jarayonida jamiyatning tabiiy muhitga ta'sirini o`rganadi. Uning predmeti «sanoat-tabiat» tizimi (STT) hisoblanadi.

Evolyutsion ekologiya ekologik muhit va unda yashovchi organizmlarning evolyutsion taraqqiyot davomida bir-biriga ta'siri asosida asta-sekin o`zgarib borishi va organizmlarning muhit o`zgarishlariga moslashaborishini o`rganuvchi fan.

Fan-texnika rivojlangan hozirgi zamonning

muhim ekologik vazifalari

Insoniyat o`z tarixi davomida yashash va hayotini yaxshilash uchun kurashib kelmoqda. Bu kurash uning xo`jalik yurgizishidan iborat bo`lib, bu jarayonda u tabiatdan foydalanib, unga ta'sir ko`rsatib kelayotganligidir. Ishlab chiqarishning benihoya yuksalishi shuni keltirib chiqardiki, jamiyatning ilmiy-texnik va ekologik rivojlanishida ziddiyatlar paydo bo`ldi. Bir tomondan u fan-texnikani yuksaltirsa, ikkinchi tomondan esa atrof muhitni ifloslab ekologik muammolarni keltirib chiqardi.

Bunday muammolarni bartaraf qilish insoniyat oldidagi muhim vazifaga aylandi. Ba'zi mutaxassislar muammolarni bartaraf qilish uchun Yer yuzida aholi sonining o`sishni to`xtatish, sanoat ishlab chiqarish hajmini ko`paytirmaslik, atrof muhit muhofazasiga ko`proq mablag`ni yo`naltirish va shu singari g`oyalarni ilgari surdilar. Ammo bu g`oyalarning barchasi ham haqiqatga kelavermaydi.

Fan-texnika rivojlangan hozirgi kunda ekologik vaziyatni sog`lom tutish, tabiatda vujudga kelgan muammolarni bartaraf qilish uchun quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi zarur:

1)matematikaning sonlar modelidan foydalanib joylardagi atrof muhitning o`zgarishi mumkinligi darajasini oldindan hisob-kitob qilish va korxonalarni shunga qarab joylashtirish.

2)hayot qonuniyatlarini o`rganishda ekologik tizimlarga ko`rsatiladigan antropogen ta'sirni hisobga olish;

3)inson ta'sirida muhitning o`zgarishini oldindan ko`rabilish, muhitning buzilishini bioindikatsiya va monitoring yo`li bilan aniqlab berish;

4)buzilgan ekotizimlarni qayta tiklash;

5)hali buzilmagan uchastkalarni etalon sifatida saqlab qolish;

6)texnologik, muxandislik va loyihasozlik ishlarida atrof muhitning ifloslanmasligini nazarda tutish. Bu tadbirlar quyidagi ishlarni o`z ichiga oladi: kamchiqit texnologiyani joriy qilish, xomashyo va chiqindilarni to`liq zararsizlantirish, sanoatdan chiqariladigan shuningdek yonilg`i yoqilishidan ajraladigan tutun va gazlarni tutib qolishni joriy qilish, yonish jarayonlari uchun ekologik toza bo`lib yoqilg`idan foydalanish va boshqalar.



Mavzuni mustahkamlashga doir savollar


  1. Ekologiya fani nimani o`rganadi, uning shakllanishi va vazifasi to`g`risida nima bilasiz?

  2. Ekologiyaning qanaqa bo`lim va tarmoqlari mavjud?

  3. Tashqi muhit omillari qanday guruhlanadi?

  4. Tirik organizmlarning qanaqa hayotiy shakllarini bilasiz?

  5. Fan-texnika rivojlangan hozirgi davrda ekologik muvozanatni saqlash uchun insoniyat oldida qanaqa vazifalar turibdi?



Mavzuga doir tayanch iboralar

atrof-muhit, salomatlik, tabiat, jamiyat, E.Gekkel 1866 y., «oykos», biologik makrotizimlar, populyatsiya, biotsenoz, biogeotsenoz, ekologik meyorlashtirish, faktoral, abiotik va biotik omillar, global ekologiya, regional ekologiya, muxandislik ekologiyasi.



Aim.uz



Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə