Eng qadimgi davrlardan milodiy VII-VIII asrlargacha) 5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo‘nalishi bakalavr iibosqich talabalari uchun



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə3/12
tarix15.03.2018
ölçüsü0,82 Mb.
#31906
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12

Tayanch tushunchalar: Eneolit, Sarazm, Lavlakon, Beshbuloq, Anov, Nomozgohtepa, metallurgiya, xumdon, sug‘orma dehqonchilik, ko‘p xonali uylar, misgarlik, degrezlik, kulba, xilxona, terrakota.

Savol va topshiriqlar:

  1. Eneolit davrida yashagan qabilalar mashg‘ulotlari haqida gapirib bering.

  2. Insonlar metalldan qanday foydalanishgan?

  3. Eneolit davri madaniyati deganda nimani tushunasiz?




1.5. Markaziy Osiyoda bronza davri va ilk shaharsozlik

O’quv maqsadi:Markaziy Osiyoda bronza davrining boshlanishi, shahar tipidagi aholi punklarini tashkil topishini ijtimoiy-iqtisodiy asos­lari, dehqonchilikning keng yoyilishi, dastlabki mehnat taqsimoti, ortiqcha mahsulotning paydo bo’lishi, urug’ jamoasidan qo’shni jamoasiga o’tish­ning boshlanishi to’g’risida talabalarga atroflicha ma’lumot berish, sivilizatsiya jarayonlari haqida to’iq tasavvurga ega bo’lish.

Markaziy Osiyoda bronza asri o‘ziga xos alohida bir davrni tashkil qilib, aholining deyarli bir yarim ming yillik turmush tarzini o‘zida ifoda etadi (miloddan avvalgi III ming yillik o‘rtalaridan to I ming yillikning boshlariga qadar). Bronza asri tosh asriga nisbatan juda qisqa davrni o‘z ichiga oladi. Birinchi marta bronza mil. avv. III minginchi yillikda Old Osiyo va Hindistonda kashf etilgan. Arxeolog olimlarimizning Markaziy Osiyo hududida olib borgan ilmiy ishlari shuni ko‘rsatdiki, bronza davrida ovchilik va termachilik ijtimoiy va iqtisodiy hayotda o‘zining dastlabki rolini asta-sekin yo‘qotib borgan. Aholining asosiy yashash manbai deh­qonchilik va chorvachilik bo‘lib qoldi va bu esa metallga bo‘lgan talabni yanada oshirdi. Qadimgi "metallurglar" ma’lum davrdan so‘ng qalayni misga qorishtirib bronza (jez) olishni kashf etganlar. Bronza egiluvchan metall bo‘lsada, ammo misga nisbatan ancha mustahkam metall. Bron­za­dan keskir, ya’ni o‘tkir tig‘ beradigan qurollar yasash mumkin bo‘lgan. Aynan bronzaning shu xususiyatlari qadimgi "metallurglar" diqqatini jalb etgan. Natijada bronza ibtidoiy xo‘jaliklarning hamma sohalariga kirib kela boshlagan. Insonlar hayotida tub ijtimoiy, iqtisodiy o‘zgarishlar, rivoj­la­nishlar sodir bo‘lgan. Bronza davriga xos ana shunday rivojlanishning belgilaridan biri sifatida - agrar xo‘jalik va hunarmandchilik sohasidagi yangiliklarni ko‘rsatish mumkin. Sug‘orma dehqonchilik o‘troq aholining uzviy turmush tarziga aylandi. An’anaviy dehqonchilik hududlarida bronza davri ikki bosqichni tashkil etadi.

Markaziy Osiyoning janubi-g‘arbidagi ilk dehqonchilik jamoalari tari­xining birinchi bosqichi - Nomozgoh VI va V bosqichlariga to‘g‘ri kelsa, ikkinchi bosqichi Nomozgoh IV bosqichiga mos tushadi. Ilk bronza davri Nomozgohning ikkinchi bosqichiga to‘g‘ri keladi. Rivojlangan bronza davri esa Nomozgoh III bosqichiga to‘g‘ri keladi.Bu davr sopol buyumlari odatda hech bir naqshsiz, kulolchilik dastgohida ishlangan. Kulolchilik charxi esa sopol ishlab chiqarishda Nomozgoh IV bosqichining so‘nggi fazasida qo‘llana boshlangan. Umuman, bu davr uchun muhtasham ibodat­xona va saroy tipidagi monumental inshootlar qurilishi xarakterlidir.

O‘zbekiston hududida ham bronza davriga oid juda ko‘plab manzil­goh­lar aniqlangan. Ayniqsa, qadimiy So‘g‘diyona mintaqasida ilk shahar mada­niyatining ildizlarini o‘zida aks ettirgan yodgorliklar arxeologlar tomonidan keng o‘rganilgan. Shuni qayd qilish kerakki, qadimgi So‘g‘diyona haqida gap ketganda ko‘z o‘ngimizda vatanimizning to‘rt viloyati -Samarqand, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo gavdalanadi. So‘g‘diyonaning o‘ziga xos tarixiy madaniy o‘lka sifatida tarkib topishi,rivojlanishi va gullashida Zarafshon daryosining ahamiyati beqiyosdir. Zarafshon daryosi tufayli So‘g‘dlik bobo­dehqonlar bronza davridayoq o‘troq manzilgohlari, ya’ni qishloqlarga asos solishgan. Mazkur qishloqlarning qoldiqlari endilikda Zamonbobo va Sarazm madaniyatlari nomi bilan fanga kirtilgan.

Yaqin kunlargacha So‘g‘dning bosh shaharlari bo‘lgan Samarqand va Buxoroning XXV asrlik tarixining ildizlari qaysi davrga borib taqalishini bilmas edik. Shuning uchun ham chet ellik ayrim tarixchilar o‘rtasida Sa­mar­qand va Buxoroga shahar madaniyati Eron ahamoniylari yoki yuno­nistonlik ellinlar tomonidan keltirilgan degan tasavvur paydo bo‘ldi. Zamon­bobo va Sarazm yodgorliklarining topilishi ana shu g‘ayriilmiy fikrlarga nuqta qo‘ydi va So‘g‘dning shahar madaniyati aynan shu o‘l­kaning eneolit va bronza davri yodgorliklari - Sarazm va Zamonbobo madaniyatlari asosida kelib chiqqanligini isbotladi.

Zamonbobo Zarafshonning quyi oqimi havzasida, uning qurib bora­yotgan o‘zanlaridanbirining yoqasida hosil bo‘lgan ko‘lning nomidir. 1950 yilda akademik Ya.G‘.G‘ulomov ana shu ko‘lning shimoliy sohilida qadimgi qabristonga duch kelgan. Shuningdek, u ko‘l yoqasida, cho‘l shamoli uchirib ketgan taqirlikda, usti ochilib qolgan bir necha qabrlarni uchratadi. Eneolit va ilk bronza davriga oid bo‘lganbu yodgorliklarda avval Ya.G‘.G‘ulomov, so‘ngra A.Asqarov qazishmalar olib bordi. Za­mon­boboda o‘tkazilgan qazishmalar davrida 45 ta qadimgi mozor qoldiq­lari topib o‘rganildi. Qabrlar hozirgidek lahad shaklida bo‘lib, skeletlar o‘ng va chap yoni bilan huddi ona qornida yotgan chaqaloq singari g‘ujanak bo‘lib yotganligi aniqlandi.

So‘g‘diyonada ilk dehqonchilik madaniyatiningboshqa bir buyuk yodgorligi qadimgi Sarazm qishlog‘i hisoblanadi. Hozirgi Sarazm qishlog‘i Samarqandning Tojikiston bilan chegaradosh tumanida joylashgan. Sarazmda qadimdan o‘zbeklari yashab kelgan. Shu qishloqning Avazali uchastkasida istiqomat qiluvchi Ashurali Toyloqov 1976 yilning kuzida o‘z tomorqasi va qo‘shnilari hovlisidan topilgan sopol siniqlari, bronza bolta va pichoqlaridan iborat ashyoviy dalillar bilan Panjikent muzeyiga murojaat qilgan. Bu yodgolikda 1977 yildan buyon panjikentlik arxeolog Abdullo Isaqov arxeologik qazishmalar olib bormoqda.

Kulbalar va xilxonalarni qazish vaqtida arxeologlar sirtiga rangli bezak solingan sopol parchalari, mis oyna, oltin va kumushdan yasalgan taqinchoqlar, qimmatbaho toshlar bronza, lazurit va serdalikdan yasalgan munchoqlar topganlar. Sarazmning birinchi bosqichga oid materiallar ko‘p jihatdan Janubiy Turkmanistonda topilgan va eneolit davriga oid yod­gor­liklarga aynan o‘xshab ketadi. Sarazmning ikkinchi boskichidan boshlab uy-joy qurulishida alohida xonalar o‘rtasida doira va to‘rtburchak shaklida ishlangan muqaddas otashkadalar (altarlar)ning paydo bo‘lishi qadimgi sarazmliklarning olovga sig‘inishidan darak beradi. Keyinchalik bu yerda ibodatxonalar qurila boshlagan.

Bronza davrida dehqonchilik vohalarida alohida-alohida aholining joylashish tuzumi shakllandi. Aynan shu narsa shahar tipidagi aholi punkt­larining shakllanishiga shart-sharoitlarni yaratdi. Shahar tipidagi aholi punktlari yuzaga kelish omillarini bilish ham muhim ahamiyatga egadir.

Birinchi omil - aholi zichligi va konsentratsiyalashuviga olib kelgan oziq-ovqat yetishtirish usulidir.Dehqonchilik vohalarida aholi zichligi ovchilik va termachilik davriga karaganda deyarli 100 barobar zichroq bo‘lgan. Shu sababli dehqonchilik jamiyatlarining ilk bosqichliridagiga nisbatan yirik aholi markazlari paydo bo‘ladi. Masalan, Turkmaniston miloddan avvalgi 4-3ming yillardayoq aholisi 2000 yoki undan ortiq dehqonchilik qishloqlari mavjud bo‘lgan .

Ikkinchi omil - hunarmandchilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishi. Ikkinchi ijtimoiy mehnat taqsimoti natijasida ayrim aholi punktlari asosan maxsus ishlab chikarish, ya’ni hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan aholi to‘plana boshladi. Hunarmandchilikning ajralishi jarayoni bilan shaharlarning paydo bo‘lishi jarayoni bir vaqtda borgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, dastlabki shahar tipidagi aholi punktlarida aholi hunarmandchilikdan ko‘ra ko‘proq dehqonchilik bilan shug‘ulanganlar. Shaharlarning asta sekin rivojlanib borishi bilan hunarmanchilik shahar hayotida toboro muhim mavqe’ uynay boshlagan. Hunarmanchilikning yangi sohalar paydo bo‘la boshlagan. Umuman shahar va hunarmandchilik bir birlarining yuksalishiga sharoit yaratgan.

Uchinchi omil - jamiyatdagi ijtimoiy tabaqalanish va shakllanib borgan boshqaruv organlaridir.

To‘rtinchi omil - o‘zaro aloqalarning rivojlanishidir.

Beshinchi omil - esa diniy tushunchadir. Sababi turli ilohlarga atab qurilgan ibodatxonalar hamma aholi punktlari uchun markaz bo‘lgan shaharlarda qad ko‘targan.

Miloddan avvalgi IV – III ming yilliklarda janubiy Turkmanistonda birinchi loydan ishlangan g‘ildiraklar paydo bo‘lgan. Transportning rivoj­lanishi shaharlarga qishloq xo‘jaligi tumanining markazi, qo‘shimcha mahsulot to‘planadigan va taqsimlanadigan markaz vazifasini o‘tash imkonini ham yaratdi.

Shaharlarning tashkil topishi va rivojlanishi sivilizatsiyaning tarkibiy qismidir. Ma’lumki, sivilizatsiya kishilik jamiyati rivojining ma’lum davrida paydo bo‘ladi. Sivilizatsiyaning yuzaga kelishida va rivojlanishida shahar yetakchi rol o‘ynaydi. Sababi, shaharlar sivilizatsiya paydo bo‘lishi va rivojlanishini ta’minlagan barcha jarayonlar kechgan markaz rolini bajargan. Shu sababli sivilizatsiya iqtisodiy, madaniy asoslarining va ilk tabaqaviy jamiyatlarning tashkil topishi shahar tipidagi aholi punktlarining tashkil topishi va rivojlanish bilan birga bog‘liq jarayon sifatida qaraladi. Bu jarayon fanda «shahar inqilobi» deb ataladi.

Hunarmandchilikning ajralish jarayoni bilan shaharlarning paydo bo‘lishi jarayoni bir vaqtda borgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, dastlab shahar tipidagi aholi punktlarida aholi hunarmandchilikdan ko‘ra ko‘proq dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Shaharlarning asta-sekin rivojlanib bo­rishi bilan hunarmandchilik shahar hayotida tobora muhim mavke’ o‘ynay boshlagan. Hunarmandchilikning yangi sohalari paydo bo‘lgan. Umu­man, sha­har va hunarmandchilik bir-birlarining yuksalishiga sharoit yaratgan. Markaziy Osiyoda qadimgi shahar tipidagi aholi punktlarida hunar­mand­chilikning metalurgiya va kulolchilik kabi tarmoqlari rivojlangan.

Bronza davriga oid manzilgohlar hozirgi Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlaridan ham topilib o‘rganilgan. Amudaryo etaklaridagi Toza­bog‘­yob ka­nali yaqinidan topilgan Tozabog‘yob madaniyati, Amirobod kanali etakla­ridan topilib o‘rganilgan Amirobod madaniyati shular jumlasiga kira­di. Bu manzilgohda yashagan odamlar o‘troq holda urug‘ jamoa bo‘lib yashaganligi sug‘orma dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullan­ganligi aniqlandi.

Mamlakatimizning shimolidagi cho‘l va dasht joylarida chorvador urug‘ jamoalari va qabilalar yashagan. Ularda chorvachilik xo‘jalikning asosiy tarmog‘i bo‘lgan. Otliqlar-cho‘ponlar qoramol, ko‘y, echkilardan iborat podalarii uzoq joydagi yavlovlarga haydab borganlar.

Bronza davri oxirlarida chorvador qabilalarning o‘z podalarini haydab o‘troq dehqon jamoalari yashaydigan vohalarga tinch yoki zo‘rlik bilan kirib borganligi ham kuzatiladi. Natijada etnik jarayonlar kuchayib shimol va janub qabillarining dastlabki aralashuvi yuz berib, hozirgi zamon o‘zbek va tojiklarining dastlabki etnik qatlami shakllana boshlagan.



Tayanch tushunchalar: Bronza, patriarxat, omoch dehqonchiligi, mehnatning daslabki ijtimoiy taqsimoti, urbanizatsiya, sivilizatsiya, shahar tipidagi aholi punktlari, shaharsozlik.

Savol va topshiriqlar:

  1. Bronza davridagi insonlarni turmushi haqida nimalarni bilasiz?

  2. Bronza davriga kelib insonlar qanday kashfiyotlarni amalga oshirishdi?

  3. Shaharlar vujudga kelishining ijtimoiy, iqtisodiy asoslarini tushuntirib bering.

  4. Shahar inqilobi” atamasi qanday ma’noni bildiradi?


1.6. Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Mo‘g‘iliston
hududlarida bronza davri

O’quv maqsadi: O’rganilayotgan hududlarda, ya’ni Markzaiy Osiyo­ning tog’ va tog’ oldi hududlarida bronza davrida kechgan ijtimoiy-iqti­sodiy va etnik jarayonlar, moddiy va ma’naviy hayot haqida to’liq ma’lu­mot berish va bu jarayonlarni Markzaiy Osiyoning janubiy hududlari bilan qiyosiy o’rganish.

Oldingi mavzuda ta’kidlab o‘tganimizdek, Markaziy Osiyoda bronza davri miloddan avvalgi 3 ming yillikdan to I mingyillikkacha davom etgan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo hududida bronza miloddan avvalgi 3 mingyillik oxiri va 2 mingyillik boshlaridan ishlatila boshlangan. Mar­kaziy Osiyoning tarkibiy qismi bo‘lgan Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Mo‘g‘iliston hududlarida bronza davrida taraqqiyot qay darajada bo‘lganligini ko‘rib chiqish mavzumizning asosiy vazifasidir.

Bronza davrida Oltoy hududi bronza davrini o‘rganishda olimlar asosan ikki qismga bo‘lishni taklif qilishgan: Birinchisi, Tog‘li-Oltoy hududi bo‘lib, unga asosan Obdaryosining janubi-sharqiy irmoqlari atro­fidagi hududlar kiradi. Ikkinchisi, Oltoy vodiysi bo‘lib, bunga Oltoy vodiysi, Shimoli-sharkiy Qozog‘iston kiradi. Tog‘li Oltoy hududida “Afa­nasev madaniyati” keng tarqalgan. Afanasev madaniyatning o‘ziga xos jihati bu hududlarda bronzaga qaraganda tosh buyumlari keng tarqalgan. Oltoy vodiysida esa ko‘proq “Andronova madaniyati” ta’siri sezilib turadi. Bu yerlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha bron­zadan yasalgan buyumlar ko‘plab topilgan. Shu bilan birgalikda ko‘pdan ko‘p qabrlar ham uchraydi.

Sharqiy Turkistonda bronza davrini o‘rganish bo‘yicha olimlar keng ko‘lamli izlanishlar olibborganlar. Natijada mintaqaning madaniyat va xo‘ja­lik shakllarini chuqur o‘rganishdi. 1947 yili mazkur hududda arxeologik tad­qiqotlar olib borgan olim A.N.Berneshtam shunday yozgan edi: “Bu hudud­dagi qadimgi madaniyat o‘zining keramik buyumlarga boyligi bilan alohida xarakterga ega. Sharqiy Turkiston chegaralari shimolda Oltoy hududi va Irtish daryosi, janub va sharqda Xitoy hududi, G‘arbda Ili daryosining sharqiy irmoqlarigacha cho‘zilgan. Sharqiy Turkistonda bronza davrida “Andronova madaniyati” keng tarqalgan. Miloddan avvalgi II ming yillik oxiri va I ming yillikning boshlariga oid manzilgohlardan topilgan keramik buyumlar Qo­zog‘iston va Farg‘ona vodiysigacha bo‘lgan hududlarda Andronova ma­daniyati rivojlanganligini ko‘rsatadi”. Bundan tashqari Markaziy Osiyoning sharqiy qismlari, shimoliy Pomir, Markaziy Tyan-Shan hududlarida ham mazkur madaniyat izlarining mavjud bo‘lganligini ko‘ramiz. Mo‘g‘ilistonda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida bu hududda “Karasuk mada­niyati” tipi mavjud bo‘lganligi aniqlandi. Karasuk madaniyati Markaziy Osiyoda sak qabilalaridan oldingi davrda milloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalarida shakllangan madaniyat shakli hisoblangan. Bu madaniyag Markaziy Osiyoning Sharqiy Turkiston, Tuva, Baykalgacha bo‘lgan yerlarda va yuqori, quyi Mo‘g‘iliston hududlarida keng tarqalgan. Janubiy Sibir, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoda ilmiy izlanishlar olib borgan olim M.P.Gryaznov fikricha, Karasuk madaniyati Andronova madaniyatidan oldin Janubiy Sibir hududlaridan kirib kelgan. S.V.Kiselyov birinchi bo‘lib Mo‘g‘i­liston muzeyidagi bronza qurollarini turlarga bo‘lgan va Shimoliy Xitoy hududidan topilgan bronza buyumlarini o‘rgangan. Sibir hududida vujudga kelgan Karasuk madaniyatini Mo‘g‘ilistonning janubiy-sharqiy hududi bilan aloqadorligini aniqlagan.

Sharqiy Turkiston hududidan bronza davriga oid juda ko‘p manzil­gohlar topilgan bo‘lib, ular asosan, uch guruhga bo‘linadi:


  1. Mikrolit qurollar topilgan manzilgohlar: Nishan, Urumchi, Aksu, Turfan., Muney va boshqalar.

  2. Keramik buyumlar topilgan manzilgohlar: Kucha Ikin, Titay, Barkul, Hami va boshqalar.

  3. Bronza davriga oid qurollar topilgan manzilgohlar: Shufu, Tarip daryosining o‘rta oqimdagi yerlar.

Yettisuv hududida asosan Andronova madaniyati keng tarqalgan. Yettisuv hududi sharqda Sharqiy Turkiston, janubda Chu daryosi etaklar, g‘arbda Qozog‘iston cho‘llari, shimolda Irtish daryosi bilan chegaralanadi. Bu hududdan asosan qabrlar topilgan. Qabrlarni o‘rganish chog‘ida olimlar Andronova madaniyatiga xos bo‘lgan elementlarga guvoh bo‘lishgan. Tadqiqotlar katta mintaqada yashagan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro mustahkam aloqalar bo‘lganligini isbotlaydi. Yettisuvdan topilgan ko‘za siniqlari o‘zining yasalish usullari bilan farqqiladi. Bu hududdan topilgan ko‘zalar ikki quloqli ko‘rinishga ega. Mehnat qurollari esa Oltoy hududlaridan topilgan mehnat qurollaridan keskin farqqiladi. Bu hududdan topilgan ketmonchalarning uchlari keng ko‘rinishga ega bo‘lgan xolda, Oltoy hududidan topilgan ketmonchalarning uchlari uchqur ko‘rinishga ega. Chu daryosi bo‘yida 20 ga yaqin qabrlar topilgan bo‘lib, murdalar kuydirilgan xolda dafn qilinganini kuzatishimiz mumkin. Mozor atrofidai turli taqinchoq va hayvon suyaklari topilgan.

Bronza davrida migratsiya to‘lqini Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari, Yenisey daryosining shimoliy-g‘arbiy qismi va Mo‘g‘ilistoningg‘arbiy hududlarida yashagan aholilarning o‘zaro etnik aloqadorligini ko‘satadi.

Mo‘g‘iliston hududida bronza davriga oid manzilgohlarga kam uchraydi. 1971 yil Uburxangay viloyatining janubida Tevsh-ull tog‘ida toshga o‘yib ishlangan ko‘plab rasmlarni topishga muvaffaq bo‘lishdi. Bundantashqari miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmi va I ming yillikning oxiriga oid qabrlar ham topilgan bo‘lib, ular Karasuk madaniyati davriga to‘g‘ri keladi. Qabrlarni o‘rganish vaqtida 500 ga yaqin marjonlar, 200 ta yarim oy shaklidagi bronza buyumlari topilgan.

Arxeolog Ye.V.Kiselyov Mo‘g‘ilistondan Karasuk madaniyatiga xos bo‘lgan topilgan pichoqlarni klassifikatsiya qilib chiqqan va ularni ikki guruhga bo‘lgan:

Birinchi guruhga kiruvchi pichoqlarning uchlari qo‘ziqorin ko‘ri­nishida bo‘lib, asosan Mo‘g‘ilistonning janubi va Shimoliy Xitoydan topil­gan. Ikkinchi guruhga kiruvchi pichoqlar o‘zining kattaligi bilan ajralib turadi. Ularning uzunligi 15-16 va 20-25 santimetrgacha yetadi. Bundan tashqari xanjarlar ham topilgan bo‘lib, ular asosan Shimoliy Xitoy va G‘arbiy Mo‘g‘ilistondan topilgan.

Oltoy hududidagi ham bronza davriga oid ko‘plab manzilgohlar topilgan. 1985 yil bahorida Oltoy hududida Kureyka ko‘prigi qurulishi paytida bronza davriga oid manzilgoh topilgan. Bu manzilgoh Kureyka-3 deb nomlangan. U yerdan so‘nggi bronza davriga oid ko‘za siniqlari, bronzadan yasalgan nayza uchlari va ilk bronza davriga oid katta bo‘lmagan tosh qurollari qoldirlari topilgan. Ko‘za siniqlari asosan 3 ga bo‘lingan: Birinchi tipga oid ko‘za siniqlari o‘zining kattaligi va bezak­larining qo‘polligi bilan ajralib turadi. Ikkinchi tipga oid ko‘za siniqlari birinchi tipga qaraganda kichikroq va bezaklari nafisroq ko‘rinishga ega. Uchinchi tipga oid ko‘za siniqlari ancha mukammalroq bezaklari ham nafis ishlangan. Shuningdek, topilgan nayza uchlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uzunligi - 25.2 sm, eni - 5,5 sm ni tashkil yetgan. Nayza uchlari yaxshi saqlangan. Bundan tashqari Tog‘li Oltoy hududidan 1980 yili bronza davriga oid qabr topilgan. Qabr Baljtiob daryosining chap qirg‘og‘ida topilgan bo‘lib, 80 metr kvadrat maydonni egallaydi. Qabr yonidan ko‘za siniqlari va hayvon suyaklari topilgan. Bu yerdan topilgan ko‘za siniqlari qizil yoki qizg‘ish ranga bo‘yalganini ko‘ramiz.

Manzilgohlarni o‘rganish maqsadida bir qancha ekspedisiyalar uyushtirildi. F.Bergaman boshchiligidagi ekspedisiya Hami tumanidan 85 km janubiy sharqda 100 metrlik maydondan keramik buyumlarni topdi. Keramik buyumlarning qalinligi 3-13 millimetrni tashkil etgan bo‘lib, qizil va qizil-sarg‘ish ranglarga ega. Bezaklariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ingichka va qizil chiziqlar chizilgan. Keyin esa shved olimlari tomonidan ikkinchi ekspedisiya uyushtirildi. Shved olimlari Turfandan 33 km. sharqda Sengim Aguzey manzilgohini o‘rganishdi. Bu yerdan ham asosan keramik buyum­lar topilgan bo‘lib, ular ham qizil rangga ega edi. Bundan tashqari oddiy keramik buyumlar ham mavjud bo‘lib, bular faqat qora chiziqlardan iborat edi. Bu keramik buyumlar miloddan avvalgi birinchi ming yilikning birinchi yarmiga oid ekanligi aniqlandi.

Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Mo‘g‘iliston hududida bronza davrida aholi qanday turmush kechirgan, nima bilan mashg‘ul bo‘lganligi barchada qiziqish uyg‘otsa ajab emas.

Mo‘g‘iliston hududida aholi mashg‘uloti faqat ovchilik bo‘lmasdan, chorvachilik bilan shug‘ullanishgan. Manzilgohlardan topilgan yovvoyi va xonaki hayvonlarning suyaklari fikrimizga yaqqol dalili bo‘la oladi. Aholi asosan go‘sht, sut va baliq mahsulotlarini iste’mol qilishgan. Qiziqarli ji­hati shundaki, mazkur hududda yashagan qabilalar oziq-ovqat mahsu­lot­lariniuzoq muddat saqlash sirlarini yaxshi bilishgan. Aholining diniy e’ti­qodi asosan tatimistik qarashlarga asoslangan.

Yettisuv va Sharqiy Turkiston hududida asosan aholi chorvachilik bilan shug‘ullangan. Shuningdek, hunarmandchilik asosiy xo‘jalik turi sifatida keng tarqalgan. Qabrlardan topilgan ko‘plab ko‘za siniqlari fikrimizni tasdiqlaydi.

Oltoy hududidan topilgan mehnat va ov qurolari yaxshi saqlanib qolgan. Tog‘li Oltoydan topilgan ketmonchaga o‘xshash mehnat qurollari aholining dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari qabilalar chorvachilik, hunarmandchilik, ovchilik bilan ham shug‘ullangan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Tur­kiston va Mo‘g‘iliston hududlarida bronza davri o‘ziga xos rivojlanish bosqichi bo‘lgan.



Tayanch tushunchalar: Bronza davri, Oltoy Kureyka 3, ko‘za siniqlari, nayza uchlari,tog‘li - Oltoy , Baliktiyul, Andronova madaniyati, Yettisuv, Karasuk madaniyati, Mo‘g‘iliston, Sharqiy Turkiston.

Savol va topshiriqlar:

  1. Bronza davrining o‘ziga xos xususiyatlarini gapirib bering?

  2. Bronza davriga oid Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Mo‘g‘iliston hududlaridagi manzilgohlar haqida ma’lumot bering?

  3. Aholining turmush tarzi va mashg‘ulotlari qanday bo‘lgan?

II - bo’lim: Markaziy Osiyo qadimgi davrda

(eramizdan avvalgi I-mingyillik, milodiy IV asrlar)

2.1.Markaziy Osiyoda ilk davlat uyushmalari: Katta Xorazm
vaQadimgi Baqtriya


O’quv maqsadi: Ilk davlat uyushmalarini shakllanishining ijtimoiy-iqtisodiy asoslari, “Katta Xorazm” masalasi, qadimgi Xorazm davlati, qa­dim­gi Baqtriyada shaharlar va shahar madaniyati, So’g’diyona, Sug’diyo­naning hududlari, aholisi, etnik tarkibi, din va madaniyat, qadimgi Mar­g’iyona va uning ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari, Murg’ob vohasi, aho­lisi, hududi haqida batafsil ma’lumot berish, mavzuda keltirilgan tarixiy, ma­daniy o’lkalar, davlatlar, xalqlar to’g’risida atroflicha ma’lumot berish.

Miloddan avvalgi I ming yillikda Markaziy Osiyo hududlarida temir­ning ishlatilishi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Natijada ishlab chiqarishning yuksalishi, mehnat unumdorligining oshishi, ortiqcha mahsulotning ko‘payishiga, aholi o‘rtasidagi mulkiy tabaqala­nish­ning vujudga kelishiga zamin yaratdi. Bu esa o‘z navbatida Markaziy Osiyo hududlarida qabila va xalqlarning ijtimoiy-siyosiy birlashmasi sifa­tida qadimgi davlat uyushmalarining shakllanishiga asos bo‘ldi. Baqtriya, Marg‘iyona va Katta Xorazm Markaziy Osiyodagi ilk davlat uyushmalari sifatida e’tirof etiladi. Yirik davlat uyushmalarining tashkil topishida ichki ijtimoiy-iqtisodiy omillardan tashqari, tashqi sub’ektiv omillar ham muay­yan rol o‘ynaganligini ko‘ramiz.

Zardushtiylarning diniy kitobi bo‘lgan “Avesto”da Markaziy Osiyo va Sharqiy Eron hududlarida Ahamoniylar imperiyasi tashkil topgan vaqtga qadar qandaydir davlat tizimi bo‘lganligi haqida dastlabki ma’lumotlar uchraydi. Ular harbiy-demokratiya tipidagi qabilalar ittifoqidan o‘sib chiqqan dastlabki davlatlar edi.

Yunon mualliflari (Gerodot, Gekatey)ning xabariga ko‘ra, bu zaminda qabilalar konfederatsiyasi asosida tarkib topgan dastlabki davlatlar mavjud bo‘lgan. «Katta Xorazm» va «Baqtriya podsholigi» harbiy demokratik prin­­siplar asosida tarkib topgan. Afsuski, yozma manbalarda ular haqida uzun-yuluq va juda qisqa ma’lumotlar uchraydi. Ularning ba’zilari esa afsonaviy xarakterda, zardushtiylik dinining bosh islohotchisi Zaratushtra nomi bilan bog‘liq xolda eslatiladi.

«Avesto» berilgan ma’lumotlarni mashhur xorazmshunos olim S.P.To­l­stov, Yevropa olimlaridan V.Xenning hamda I.Gershovichlar arxeologik izlanishlar va tarixiy-geografik ma’lumotlarni solishtirib, «Katta Xorazm» davlati haqidagi o‘z qarashlarini bayon etganlar. Masalan, S.P.Tolstov fikricha, «Avesto»da Zaratushtraning vatani Aranem Vayjo mamlakati bo‘ylab oqib o‘tgan Daitya daryosi – hozirgi Amudaryodir. Natijada qadimgi Xorazm Amudaryo xavzasida joylashgan viloyat ekan, Zaratushtra o‘z ta’limotini shu zamindan chiqib boshqa viloyatlarga tarqatgan, degan xulosaga keladi. Biroq I.I.Xlopin «Katta Xorazm»ning yirik siyosiy birlashma sifatida ahamoniylardan oldingi davrda mavjud bo‘lganligi va Oksning Tajan-Xerirud daryosi bilan bir ekanligi haqidagi fikrni asossiz deb hisoblanishni shubha ostiga olgan. Oksni Atrek daryo­siga to‘g‘ri keladi deb hisoblagan. Uning fikricha, «Ahamoniylardan oldin­gi davrda Markaziy Osiyo hududida xalqlarning xorazmiylar boshchiligida hech qanday ilk davlat birlashmalari yo‘q edi». Shu bilan bir qatorda u ahamoniylardan oldingi davrda Markaziy Osiyoning janubida «bir nechta uncha katta bo‘lmagan markazlar», shu jumladan, Baqtriya mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Ammo «Katta Xorazm» Markaziy Osiyo­ning bapoyon kengliklarini, ya’ni Oroldan Tajan (Xerirud) daryosining quyi oqimlarigacha bo‘lgan hududlarni qamrab olgan, Markaziy Osiyodagi ilk davlatlardan biri, siyosiy birlashma bo‘lganligiga hech qanday shudha bo‘lishi mumkin emas.

Masalan, «Avesto»da «Katta Xorazm»ga tegishli viloyatlar sanab o‘tiladi. Bunga ko‘ra,Markaziy Osiyoning deyarli katta qismi «Katta Xorazm» tarkibiga kirganligini ko‘rishimiz mumkin.

Mazkur ma’lumotni yunon mualliflari tomonidan ham tasdiqlanadi. Gerodot «Katta Xorazm» davlatining ekin maydonlarini sug‘orish uchun Oks daryosiga to‘g‘on qurilganini bayon qilib o‘tgan.

Olimlar OksniTejen daryosi bilansolishtirib, Hirot va Marv viloyat­lari «Katta Xorazm» davlati tarkibida bo‘lgan, degan g‘oyani olg‘a suradilar. Demak, yunon tarixchisi Gerodotning ma’lumotiga ko‘ra, milod­dan avvalgi XIII-XII asrlarda Oks-Tejan vohasi hozirgi Turkmaniston - qadimgi xorazmliklarga qaragan.

Manbalardan birida yuqorida aytib o‘tilgan ma’lumotlarga o‘xshash fikrlar uchraydi. Markaziy Osiyoda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoning nisbatan rivojlangan viloyatlarida ilk davlat uyushmalari shakllana boshlagan. Aynan shu davlat uyushmalari "Avesto"da «daxyusasti» deb nomlanadi.

Gerodot «Osiyoda shunday tekislik bo‘lib, u har tomondan tepalik bilan tutashgan, tepalikda esa beshta dara mavjud. Qachonlardir bu yerlar xorasmiylarga tegishli bo‘lgan va ayni xorasmiylarning girkanlarning, parfiyaliklarning, saranglarning va tamanlar yerlarining chegaralarida yotar­di. Tekislikning tepalik bilan tutashgan yeridan katta Akes daryosi oqib o‘tardi. Dastlab daryo besh tarmoqqa bo‘lingan va u shu yerda yashovchi "xalq"larning yerlarini ko‘kartirardi» degan.

Gerodotning Osiyo haqidagi bunday ta’rifini Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasini o‘rgangan tarixchi olim, geograf V.V Bartold inkor etgan va bu malumotni tahlil qilishdan voz kechgan (Bartold.V.V., 1965a, str.25-26. 100-101.).

Aksariyat tadqiqotchilar bu ma’lumotga ijobiy yondashadilar. Gerodot aytib o‘tgan Oks daryosini barcha tadqiqotchilar Tejen bilan tenglash­tira­dilar. Bu haqida Gerodotdan ham avvalroq yozib qoldirgan yunon muallifi Gekatey (er.avv. taxminan 500y.) xorazmiylarni qisman tekislikda, qisman tog‘liklarda, parfiyaliklardan sharqda yashagan deydi. Bu zamonaviy Xorazm emas, balki Marvning bir rayoni bo‘lganligi aniq.

I.Markvart yuqoridagi aytib o‘tilgan «Avesto»dagi Aranem-Vayjoni «Eron (oriy) yalangligi» degan ma’noni anglatib, «Katta Xorazm» bilan aynan o‘xshash degan nazariyani olg‘a suradi. Uning aytishicha, «Katta Xorazm» Datya daryosi(Amudaryo) bo‘yida joylagan va u yerda qish 10 oyga cho‘ziladi, ya’ni qish kattiq keladi degan edi. Biroq «Katta Xorazm» davlatining qachon inqirozga yuz tutganligi haqida biror fikr bildirish qiyin. Ammo shunisi aniqki, «Katta Xorazm»ga tegishli qator Janubiy viloyatlar Midiya davlati davridayok undan ajralib ketgan va keyinchalik Ahamoniylar davlati tomonidan bosib olingan. Miloddan avvalgi IV asrga kelib «Katta Xorazm»ning shimoliy qismida, Amudaryosining quyi xavzasidagi hududlarda Qadimgi Xorazm davlati tashkil topgan.

Markaziy Osiyo hududida Ahamoniylarga qadar tashkil topgan ikkin­chi davlatbu Baqtriya podsholigidir. Bu davlat haqidagi dastlabki ma’lu­motlar yunonistonlik Ktesiyda uchraydi. Boshqa bir yunon solnomachisi Diodor esa, Ktesiy hikoyalariga asoslangan holda Ossuriya podsxosi Nin­ning Baqtriyaga qilgan harbiy yurishlari haqida xabar beradi. Ktesiyning hikoyalarida tarixiy haqiqat bor. Uning ma’lumotlari miloddan avvalgi XIII–VI asrlarga oid bo‘lib, ularda Baqtriyaning qudrati, shon-shuhrati, ming minglab shahar va qishloqlari, serunum yerlari va ko‘p sonli chor­valari haqida hikoya qilinadi.

Keyingi yillarda qadimgi Baqtriya hududida olib borilgan arxeologik tadqiqot ishlari yunon mualliflarining «Qadimgi Baqtriya podsholigi» haqidagi hikoyalari zaminida tarixiy haqiqat borligiga ishora qiladi. Bunga misol qilib Janubiy Baqriyada Oltin-1 va Oltin-10 hamda Baqtra shahri vayronalarini, Shimoliy Baqtriyada esa Kuchuktepa, Qiziltepa, Tallashkan­tepa, Bandixon-2 kabi yodgorliklarni ko‘rsatish mumkin. Ularning har birida mahalliy hokimliklarning o‘rdasi bo‘lgan. Qadimgi Baktriya pod­sho­ligi esa ana shu tuman va viloyatlarni birlashtiruvchi harbiy-demokratik tipdagi konfederatsiya edi.
Miloddan avvalgiVIII-VII asrlarda bir butun yirik madaniyat markazi sifatida shakllangan yurtlardan biri Baqtriyadir. Uning hududini O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati, Janubiy- G‘arbiy Tojikiston yerlari, Shimoliy Afg‘oniston tashkil etadi. Bu yurt o‘z vaqtida Eron ahamoniylar davlatiga tobe sifatida katta jarima to‘lardi.

Shunday davlat uyushmalaridan yana biri Qadimgi Baqtriya saltanati bo‘lgan. «Avesto»da Baqtriya «go‘zal, tog‘lari yuksak ko‘tarilgan» deb tas­virlanadi. Baqtriya haqidaeng qadimgi ma’lumotlar ahamoniylar bitik­larida, xususan, dunyoga mashhur Naqshi Rustam maqbarisi va Bexus­tun qoyasida uchraydi.

Persepolda saroyidagi ganchkor rasmlarda baqtriyaliklar o‘n beshinchi qatorda idish ko‘targan holda va ikki o‘rkachli Baqtriya tuyalari bilan tasvirlangan. Baqtriya mustaqil satraplik sifatida Ahamoniylar imperiya­sining iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynagan. U haqidagi xilma xil malumotlar qadimgi yunon tarixchilari – Gerodot, Ktesiy, Stra­bon, Diador, Arrian, Kursiy Ruf, Gekatey, Skilak va boshqalarning asarlarida mavjuddir. Mualliflarning ta’kidlashicha, mazkur mamlakatning qadimiy bo‘lib, mada­niyati yuksak darajada rivojlangan. Masalan, Ktesiy Ossuriya podsxosi Nin­ning Baqtriyaga qilgan yurishi, Baqtriya podsxosi Oksiart va uning xazinasi haqida xabar beradi. Ktesiy tomonidan tasvirlangan xalqlar orasida baqtriya­liklar birinchilardan bo‘lib tilga olingan. Baqtriyaning o‘zini esa u sharqqa joylashtiradi, g‘arb tomonidan Baqtriya «tekisligiga» boradigan yo‘lni «tog‘lar» to‘sib turishi, ulardan faqat «dovonlar» orqali o‘tib borilishi haqida yozib qoldirgan. Baqtriya Tanaisdan Xind daryosigacha cho‘zilgan. Tanais uni Yevropadan ajratib turadi. Bundan tashqari «Baqtriya» nomi Esxilning miloddan avvalgi 472 yilda sahnaga qo‘yilgan «Forslar» tragediyasida, shuningdek Gekatey, Skilak asarlarida ham uchraydi.

Tadqiqotlarning chuqur tahlili qadimgi Baqtriya saltanatning hududlari Baqtriya o‘lkasi hududlaridan katta ekanligini ko‘rsatadi. Uning tarkibiga Marg‘iyona va So‘g‘d ham kirgan degan fikrni tasdiqlaydi. Shunisi e’tiborliki, Baqtriya tabiiy boyliklari mamlakatning tashqarisiga, hatto Old Osiyogacha ma’lum bo‘lgan. Ayniqsa, Badaxshon la’li barcha Sharq hukmdorlari orasida yuksak qadrlangan.

Shunday qilib, arxeologik va yozma manbalarning tahlili miloddan av­valgi birinchi ming yillikning boshlarida, Ahamoniylarning bosqinchilik­laridan ancha oldin qudratli harbiy-siyosiy uyushmalar, ilk davlatlar bo‘lgan­ligini ko‘rsatadi. Mintaqadagi o‘troq va ko‘chmanchi xalqlarni birlashtirgan mazkur siyosiy uyushmalar ichki taraqqiyot natijasida va shuningdek g‘arbdan eramizdan 9-7 asrlarda mavjud bo‘lgan qudratli Ossuriya va Midiya davlatlarining bosqiniga qarshi ittifoq sifatida tashkil topgan degan xulosaga kelish mumkin. Keyingi yillarda mamlakatimizda va xalqaro jamoatchilikda “Avesto” yaratilganligining 2700 yilligi Qarshi shahri tashkil topganligining 2700 yilligi, Samarqand shahrining 2700 yilligi keng nishonlanganligi hududimizda sivilizatsiya asoslari bundan uch ming yillar oldin shakllan­ganligini aniq isbotlaydi.


Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə