Eshchanova xusnibonuning zoologiya fanidan yozgan


II.2. Órgimchaksimonlar (Arachnoidea) sinfi



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə7/10
tarix25.05.2022
ölçüsü0,58 Mb.
#87928
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
ESHCHANOVA

II.2. Órgimchaksimonlar (Arachnoidea) sinfi
O`rgimchaksimonlar o`rgimchaklar, solpugalar, chayonlar, soxta chayonlar, pichano`rarlar, qiloyoqlilar, kanalar turkumlariga bo`linadi. Ularning tipik vakili butli o`rgimchak hisoblanadi. O`rgimchaksimonlar keng tarqalgan va har xil muhitda yashashga moslashgan bo`g`imoyoqlilar bo`lib, hozirgi vaqtda ularning 60000 dan ortiq turi bor. Ko`pchilik o`rgimchaklarning tanasi bosh-ko`krak va qorindan iborat ikki bo`limga bo`linadi. Lekin bular orasida tanasi yaxlit bo`lgan kanalar ham bor. O`rgimchaklar o`pkasi yoki havo o`tkazuvchi maxsus naychalar traxeyalari yordamida nafas oladi. Yurish oyoqlari 4 juft bo`ladi. Bosh qismidagi oyoq paypaslagichlari sezish vazifasini bajaradi. Ularning mo`ylovlari va murakkab fasetkali ko`zlari bo`lmaydi. Ko`rish organi bir necha juft oddiy ko`zchalardan iborat. Butli o`rgimchak (Araneus diadematus) ning qorin bo`limi yumaloq va silliq bo`ladi, uning orqa tomonida oqish rangli butsimon chizig`i bor. Qornining keyingi uchida to`r hosil qiladigan uch juft so`gallari bor. So`gallarga to`r bezlarining uchi ochiladi. Ulardan chiqadigan suyuqlik havoda tez qotib, to`r hosil qiladi. O`rgimchak orqa oyoqlari yordamida bu iplarning hammasini bir-biriga qo`shib, bitta umumiy ipga aylantiradi. To`rni urg`ochi o`rgimchaklar to`qiydi. Buning uchun u dastlab bir joydan nursimon ravishda chiqadigan yo`g`on iplar tortadi; keyin ularning har birini ingichka ip bilan halqa shaklida aylantirib o`rab chiqadi. Butli o`rgimchakning to`ri butalar, daraxt shoxlari orasida ko`p uchraydi. To`rning shakli yer yuzasiga nisbatan tik joylashgan g`ildirakka o`xshaydi. O`rgimchak to`rning bir chetida o`ljasini poylab turadi. O`lja to`rga tushganida maxsus signal iplari bu to`g`rida xabar beradi. Buni sezgan o`rgimchak o`ljasiga tashlanadi va uni ip bilan o`rab oladi. Keyin o`ljasining tanasiga o`tkir xeliseralarini sanchib, u orqali so`lagini yuboradi, uning tarkibidagi zahar hasharotni nobud qiladi va ichki organlarini eritib, suyuq holga keltiradi. Bir necha muddat o`tgach o`rgimchak o`ljasining tanasini so`rib ola boshlaydi. Ko`p o`tmay o`ljadan po`st qoladi.
Nafas olishi. Butli o`rgimchak havo kislorodi bilan o`pka orqali nafas oladi. Qorin qismining ostida bir juft nafas teshiklari bor. Teshiklar maxsus qopqoqchalar bilan yopilgan. O`pkasi bir juft xaltachaga o`xshash bo`lib, unda bargsimon mayda o`simtalar bor. Bu o`simtalarning yupqa devori orqali gazlar almashinuvi sodir bo`ladi. O`pkalardan tashqari, qorin qismidagi havo tashuvchi tarmoqlangan naychalar, ya'ni traxeyalar ham nafas olish organi vazifasini bajaradi. Bu naychalarning havo kiradigan teshikchalari (stigmalar) bo`ladi. Ular o`rgimchak qorin qismining ostki tomoniga yaqin joylashgan.
Urchishi va rivojlanishi. O`rgimchaklar ayrim jinsli, urg`ochisi erkagidan kattaroq bo`ladi. Erkagi oyoq paypaslagichlarining uchi to`g`nag`ichsimon-yumaloq shaklda, urg`ochilarida esa ipsimon bo`ladi. O`rgimchaklar yozning oxirida juftlashadi. Urug`langan urg`ochi o`rgimchaklar kuz kirishi bilan pilla ichiga tuxum qo`ya boshlaydi. Bahorda shu tuxumlardan yosh o`rgimchaklar chiqadi. Bir qancha vaqt o`tgandan keyin ular o`rgimchak iplarida shamol yordamida tevarak-atrofga tarqaladi va mustaqil hayot kechira boshlaydi.
Qoraqurt (Latrodectus tredecimguttatus) zaharining odam va hayvonlar uchun xavfliligi jihatdan boshqa o`rgimchaklardan farq qiladi. U issiq va birmuncha quruq iqlimli cho`l mintaqalarida keng tarqalgan.
Kanalar (Acari) turkumi. Kanalar asosan quruqlikda, ayrim vakillari suvda yashaydi. Ular orasida odam va hayvonlar tanasida parazitlik qilib hayot kechiradigan turlari ham ko`p bo`ladi. Kanalarning tanasi yaxlit bo`lib, bo`g`imlarga bo`linmagan. Yurish oyoqlari 4 juft, og`iz organlari sanchib so`rishga moslashgan bo`ladi. Kanalar to`liq o`zgarish bilan rivojlanadi. Ularning lichinkasida 3 juft oyoqlari bo`ladi, bir marta po`st tashlagandan keyin oraliq bosqich nimfaga aylanadi. Nimfaning oyoqlari 4 juft, u tullab, voyaga yetgan kanaga aylanadi. O`rgimchakkana mamlakatimizning janubiy viloyatlaridagi dala ekinlariga, shimoliy viloyatlarida esa issiqxonalardagi bodring va boshqa o`simliklarga zarar yetkazadi. O`zbekistonda o`rgimchakkana g`o`za yoki boshqa ekinlar bargining orqa tomonida to`da bo`lib yashab, uning shirasini so`rib oziqlanadi. Natijada barglari quriy boshlaydi. Zararlangan g`o`za barglari uzoqdan qizarib ko`rinadi.
O`rgimchakkananing urg`ochisi 2-3 hafta davomida 100 dan ortiq tuxum qo`yadi va undan chiqqan lichinkalar ham 2-3 hafta ichida voyaga yetadi. Bir mavsum davomida kanalarning bir necha avlodi rivojlanadi. Urug`langan urg`ochilari qishlab qoladi. Qishga tayyorgarlik yozning ikkinchi yarmidan boshlanadi. Bu vaqtda urg`ochilari oziqlanmaydi, tanasi qizg`ish rangli bo`ladi va o`simlikdan tuproqqa tushib, o`simliklar qoldig`i orasida qishlaydi. O`rgimchakkana respublikamizda g`o`zaga katta zarar yetkazib, uning hosilini 30-50 foizga kamaytirib yuborishi mumkin. Unga qarshi zaharli kimyoviy moddalar ishlatiladi. O`rgimchakkanalar zaharlangan barglarni so`rganidan keyin albatta nobud bo`ladi.
Odamlar va turli hayvonlarning qonini so`rib, parazit hayot kechiradigan kanalarga yaylov kanalari (Hyalomma), tayga kanasi (Ixodes) va qo`tir kanalarni misol qilib keltirish mumkin. Yaylov kanalari nisbatan yirikroq bo`ladi. Qon so`rishdan oldin 2-3 mm, qon so`rganidan keyin esa bir necha sm kattalikda bo`ladi. Og`iz organlari qon so`rishga moslashgan xartumga o`xshaydi. Uning yordamida kanalar xo`jayinni terisini teshib, tanasiga mahkam yopishib oladi. Shuning uchun ham ularni qon so`rayotgan vaqtda tortib uzib olmaslik kerak, aks holda xartumchasi terida uzilib qoladi va tanada yara hosil qilishi mumkin. Yaylov kanalari qoramollarda piroplazmoz kasalligini tarqatadi. Kasallangan mollarning siydigi qizil rangda, o`zi esa juda ozg`in bo`ladi. Bu kanalarga qarshi kurashda yaylovdagi mollar kanalar bo`lmagan joylarga o`tkazilishi kerak. Agar mollar tanasida kanalar juda ko`p bo`lsa, ularni margimush eritmasida cho`miltirish kerak.
Qo`tir kanalari (Sarcoptes) odamga bevosita zarar yetkazadigan qo`tir kasalligini qo`zg`atadi. Ular mayda (0,2-0,5 mm uzunlikda) bo`ladi. Urg`ochilari terini yemirib oziqlanadi va teri ostida 10-15 mm uzunlikda yo`l hosil qiladi. Bunday yo`llarni terining nozik joylarida, barmoqlar orasida, bilak bilan tirsak o`rtasida, qo`ltiq ostida va boshqa joylarda ko`rish mumkin. Urg`ochi kana shu joylarga tuxum qo`yadi. Tuxumdan chiqqan mayda kanalar teri ustiga chiqib, o`ziga yangi yo`l ochadi. Kana yuqqan joyning terisi qattiq qichib, qashlayverish natijasida qo`tir bo`lib qoladi. Qo`tir kanalari mollarda ham uchraydi. Ular it, qo`y, echki, ot va cho`chqalardan odamga yuqishi mumkin. Kana sog`lom odamga zararlangan odamning qo`llari orqali ham yuqadi. Kasallikning oldini olish uchun qo`lni toza saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish zarur.
Chayonlar (Scorpiones) turkumi. Chipor chayon (Buthus eupeus) ning tanasi 10 sm uzunlikda bo`lib, qo`ng`ir rangda bo`ladi. Lekin Ustyurt cho`llarida va Orol dengizi atrofida qora rangli chayon ham uchraydi. Bo`g`imli oyoqlardan iborat tanasi bosh-ko`krak va qorin qismlarga bo`linadi. Qorin qismining o`zi ham ancha keng bo`g`imlardan tuzilgan oldingi va ensiz bo`g`imlardan iborat keyingi qismlarga ajraladi. Keyingi qorinning eng oxirgi bo`g`imida zahar ishlab chiqaradigan bir juft bezi va nishtari joylashgan. Chayonlar hasharotlarni va o`rgimchaklarni tutib yeydi. Oziqlanish uchun kechalari ovga chiqadi, kunduzlari esa toshlar ostida, devorlar kovagida yashirinib yotadi. O`ljasini ushlash uchun oyoq paypaslagichlarining uchidagi qisqichlaridan foydalanadi. Qisqichlari yordamida tutgan o`ljasini tepaga ko`tarib turib, nishtarini sanchib zahar yuboradi. So`ngra o`ldirilgan o`ljasining tanasini so`rib oziqlanadi. Chayonlar o`z nishtaridan faqat o`zini himoya qilish va oziqlanish uchun foydalanadi. Ular bezovta qilingandagina odamni chaqadi. Urg`ochi chayonlar tirik bola tug`adi. Tug`ilgan bolalarini juda avaylab yelkasida olib yuradi. Keyinchalik ular o`sib-ulg`aygandan so`ng onasining yelkasini tark etadi. Chayonning zahari odamga ham kuchli ta'sir qilib, nerv sistemasining faoliyatini buzadi; nafas olish og`irlashadi, ko`ngil aynishi, qayt qilish va tanadan sovuq ter chiqishi kabi hodisalar kuzatiladi.
Falangalar (Solifugae). Ular issiq mamlakatlarda keng tarqalgan. O`rta Osiyo, Qrim va Kavkazda ko`proq uchraydi. Tanasi ancha yirik (5-7 sm ga yetadi). Bosh-ko`krak bilan qorin qismi o`rtasida 2 ta erkin bo`g`imi bor. Qorin qismi 10 ta bo`g`imdan iborat. Gavdasi qo`ng`ir rangda bo`lib, usti o`siq tukchalar bilan qoplangan. Falangalar yirtqich hasharotlar bilan oziqlanadi, ba'zan kichik kaltakesaklarga ham hujum qilishi mumkin. Ularning zahar bezlari bo`lmaydi. Lekin juda yaxshi rivojlangan va xitindan iborat tishchalarga ega bo`lgan jag`lari xeliserlarida qolib ketgan oqsil (go`sht) qoldiqlari chirib, o`limtik zaharga aylanishi mumkin. Agar falanga odamlarning terisini jag`lari yordamida tishlasa, bu zahar qonga o`tib, organizmni zaharlashi mumkin.

Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə