Eshchanova xusnibonuning zoologiya fanidan yozgan


II.3. Hasharotlar (Insecta) sinfi



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə8/10
tarix25.05.2022
ölçüsü0,58 Mb.
#87928
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
ESHCHANOVA

II.3. Hasharotlar (Insecta) sinfi
Bosh tuzilishi. Hasharotlarning tanasi bosh, ko`krak va qorindan iborat uch bo`limga bo`linadi. Bosh bo`limi bir-biri bilan qo`shilib ketgan beshta bo`g`imdan hosil bo`lgan va umumiy xitin g`ilof bilan qoplangan. Hasharotlarning bosh bo`limida bir juft mo`ylovi, bir juft yirik fasetkali murakkab ko`zi va bir nechta mayda oddiy ko`zchasi joylashgan. Mo`ylovlari har xil tuzilgan bo`lib, ularning uzun-kaltaligi va shakli xilma-xil bo`ladi. Ular ipsimon, to`g`nag`ichsimon, arrasimon, taroqsimon, yelpig`ichsimon, tizzasimon, plastinkasimon va boshqacha shakllarda bo`lishi mumkin. Mo`ylovlarining tuzilishiga qarab hasharotlarning sistematik guruhlari (turkum, oila va turlari) aniqlanadi. Boshining ostki og`iz teshigi atrofida og`iz organlari joylashgan. Og`iz organlarining tuzilishi hasharotlarning oziqlanish xususiyatiga chambarchas bog`liq, qattiq oziq bilan oziqlanadigan hasharotlar (suvaraklar, termitlar, chigirtkalar, qo`ng`izlar va boshqalar)ning og`iz organlari chaynovchi tipda tuzilgan. Ular shirasi va boshqa suyuq oziq bilan oziqlanadigan hasharotlar (pardaqanotlilar)ning og`iz organlari chaynovchi-so`ruvchi tipda tuzilgan bo`ladi. O`simliklar shirasi bilan oziqlanadigan va qon so`ruvchi hasharotlar (qandala, iskabtopar, chivin, shira va boshqalar)ning og`iz organlari suruvchi xartum tipida tuzilgan. Pashshalar xartumining uchi kengayib, yalovchi xartumni hosil qiladi.
Ko`krak bo`limining tuzilishi. Hasharotlarning ko`krak bo`limi bir-biridan aniq ajralib turadigan 3 bo`g`imdan iborat. Har bir ko`krak bo`g`imda bir juftdan oyoqlari, o`rta va orqa ko`krak bo`g`imlarida esa bir juftdan qanotlari joylashgan. Oyoqlarining tuzilishi hasharotlarning yashash muhiti bilan bog`liq. Quruqlikda yashaydigan hasharotlarning oyog`i yuguruvchi, sakrab harakatlanuvchi hasharotlarniki sakrovchi, suv hasharotlariniki yassi kuraksimon, yirtqich beshiktervatlarniki tutuvchi, gul changini yig`uvchi asalariniki yig`uvchi, tuproqda yashaydigan hasharotlarniki qazuvchi tipda bo`ladi. Hasharotlarning qanoti ham har xil tuzilgan. Qandalalar ustki qanotining asosi qalinlashgan. Qo`ng`izlarning ustki qanoti qattiq, qalin. Kapalaklarning qanoti tangachalar bilan qoplangan. Pashsha va chivinlarning faqat birinchi juft qanoti saqlanib qolgan, ikkinchi jufti yo`qolib ketgan. Bit, burga va ishchi chumolilarning qanoti butunlay rivojlanmagan. Qanotining tomirlari qanot plastinkasi uchun tayanch bo`lishi bilan birga oziq moddalar va kislorodni qanot to`qimalariga o`tkazish vazifasini ham bajaradi. Tomirlarning tuzilishi hasharotlar sistematikasida muhim ahamiyatga ega. Qorin bo`limi 9-11 bo`g`imdan iborat. Chigirtka, chirildoq, temirchak va yaydoqchilar urg`ochisining oxirgi qorin segmentida tuxum qo`yuvchi o`simtasi bo`ladi.
Ichki tuzilishi. Hasharotlarning ovqat hazm qilish sistemasi ancha murakkab tuzilgan. Og`iz bo`shlig`iga 1-,3-juft so`lak bezlarining yo`li ochiladi. Ayirish sistemasi vazifasini o`rta ichak bilan orqa ichak chegarasida joylashgan juda ko`p (4-100 tagacha) malpigi naychalari bajaradi. Bu naychalarni birinchi marta XVII asr boshida italiyalik olim Malpigi kashf etgan.
Hasharotlar traxeyasi orqali nafas oladi. Qon aylanish sistemasi ochiq bo`lib, uzun naysimon yuragi qorin bo`limining ustida joylashgan.
Nerv sistemasi va sezgi organlari. Hasharotlarning nerv sistemasi umurtqasiz hayvonlar orasida eng yuqori darajada tuzilgan. Oliy darajada rivojlangan hasharotlarning bosh miyasi oldingi, o`rta va orqa bo`limlarga ajratiladi. Sezgi organlari yaxshi rivojlangan. Ko`rish organlari bir necha oddiy ko`zchalar va bir juft fasetkali murakkab ko`zdan iborat. Oddiy ko`zchalari yorug`likni sezadi, lekin narsalarning tasvirini aniqlay olmaydi. Fasetkali ko`zlari 25 mingtagacha ommatidlardan iborat bo`lib, mozaik ko`rish xususiyatiga ega. Hasharotlar rangni ajrata oladi. Yuksak darajada rivojlangan hasharotlar inson ko`zi farqlay olmaydigan ultrabinafsha nurlarni sezadi. Hasharotlarning ta'm bilish va hid bilish organlari ham juda yaxshi rivojlangan. Ta'm bilish organi jag`larida yoki oyoq panjalarining ostida joylashgan. Ko`pchilik hasharotlarda atrof-muhit harorati va namligining o`zgarishini sezuvchi organlar ham bor. Hasharotlarda hid bilish organlari mo`ylovlarida, ayrimlarida esa tanasining yuzasidagi tukchalarda joylashgan. Ularning hid bilish qobiliyati odamnikiga nisbatan 40 baravar ortiq bo`ladi. Ayrim tunlam kapalaklarining erkagi urg`ochisining hidini 11 km dan ham sezadi. Ba'zi hasharotlarda maxsus ovoz chiqarish va eshitish organlari ham bo`ladi. Ovoz chiqarish organlari xilma-xil bo`lib, qanotlari, orqa oyoqlari yoki ko`krak qismida joylashgan. Eshitish organlari timpanal organlar deyiladi. Ular juda yupqa kutikula membrana va u bilan bog`langan sezgir tukchalardan iborat. Hasharotlarning xilma-xilligi va yer yuzida tarqalishi. Hasharotlar xilma-xil tuzilgan va har xil muhitda yashashga moslashgan. Shuningdek, ular orasida tuproqda, chuchuk suvlarda, odam va hayvonlar organizmida yashashga moslashgan turlari ham juda ko`p. Faqat dengizlarda hasharotlar deyarli uchramaydi. Hasharotlar sinfiga 1 mln dan ortiq tur kiradi va ular 40 ga yaqin turkumga bo`linadi.
Jinsiy sistemasi. Hasharotlar ayrim jinsli, erkagi bilan urg`ochisi o`rtasidagi farq yaxshi ko`rinib turadi. Erkak hasharotlar qanotlarining kuchliroq rivojlanganligi, ancha rangdorligi, tanasi yuzasida turli o`simtalar bo`lishi, ayrim hollarda sayroqiligi bilan urg`ochisidan ajralib turadi. Bu hodisa jinsiy dimorfizm (di - ikki, morf - shakl yoki ko`rinish) deyiladi. Ayrim qo`ng`izlarning erkagi shoxli bo`lishi, mo`ylovlari uzunligi bilan urg`ochisidan farq qiladi. Shu bilan birga koloniya bo`lib yashaydigan hasharotlar oilasida turli vazifani bajaruvchi individlar tashqi qiyofasi bilan bir-biridan keskin farq qiladi. Bu hodisa polimorfizm (poli - ko`p, morfo - shakl, ko`rinish) deb ataladi.
Ko`payishi. Ko`pchilik hasharotlar urug`langan tuxum qo`yadi. Tuxum urg`ochisining tanasida urug`langach, tashqariga chiqariladi. Hasharotlar orasida urug`lanmagan tuxum qo`yish, ya'ni partenogenez (partenos bokiralik, qizlik, genezis ko`payish) yo`li bilan ko`payadigan turlari ham bor. Partenogenez ko`payishida urug`lanmagan tuxumdan nuqul urg`ochilari (o`simlik shira bitlari) yoki erkaklari (asalarilar) rivojlanadi. Ko`pincha partenogenez va urug`lanib ko`payish muhit sharoitiga bog`liq bo`lib, mavsumiy xarakterga ega.
Rivojlanishi. Hasharotlarning embrional rivojlanishi halqali chuvalchanglarnikiga o`xshab ketadi. Rivojlanish davrida embrion juda ko`p halqalardan iborat davrni o`tadi. Hasharotlar lichinkasining postembrional (tuxumdan chiqqandan keyingi) rivojlanishi turlicha bo`ladi. Postembrional rivojlanishning borishiga qarab hasharotlarni uchta katta guruhga ajratish mumkin. Birmuncha sodda tuzilgan birlamchi qanotsiz hasharotlarning tuxumdan chiqqan lichinkasi voyaga yetgan shakllariga juda o`xshash bo`ladi. Uning rivojlanishi hech qanday o`zgarishsiz boradi. Bunday rivojlanishga anamorfoz yoki bevosita rivojlanish deyiladi.
Chala o`zgarish bilan rivojlanish. Qanotli hasharotlarning bir qismi (chigirtkalar, qandalalar, beshiktervatarlar, shira bitlar, bitlar, jizildoqlar, ninachalar va boshqalar) chala o`zgarish bilan rivojlanadi. Ularning tuxumdan chiqqan lichinkasining tuzilishi voyaga yetgan individnikiga birmuncha o`xshash bo`lsa-da, qanotlarining rivojlanmaganligi bilan farq qiladi. Lichinkalari bir necha marta tullagandan so`ng voyaga yetgan hasharotga o`xshash bo`lib qoladi.
To`liq o`zgarish bilan rivojlanish. Ko`pchilik hasharotlar (qo`ng`izlar, kapalaklar, burgalar, pashshalar, chivinlar, arilar, chumolilar)ning tuxumdan chiqqan lichinkasi voyaga yetgan davriga o`xshamaydi va butunlay boshqacha hayot kechiradi. Bunday lichinkalar chuvalchangsimon shaklda bo`lib, qurt deb ataladi. Hasharotlar qurtining tanasi chuvalchanglarga o`xshash halqalardan iborat, oyoqlari kalta, og`iz organlari ko`pincha kemiruvchi tipda tuzilgan, oddiy ko`zlari faqat yorug`ni farqlash uchun xizmat qiladi. Rivojlanish davrida qurt faol harakat qiladi va oziqlanadi, bir necha marta po`st tashlash (tullash)dan keyin u g`umbakka aylanadi. G`umbak hasharotning tinim davri hisoblanadi. Bu davrda qurtning organlari butunlay qayta tuziladi. Odatda, g`umbak harakatsiz bo`lib, oziqlanmaydi. Kapalaklarning g`umbagi pilla ichida bo`ladi. G`umbakning qayta tuzilishi tamom bo`lgandan so`ng qobig`i yorilib, undan voyaga yetgan hasharot chiqadi. Bunday rivojlanish to`liq o`zgarish bilan rivojlanish, ya'ni metamorfoz deyiladi. To`liq o`zgarish bilan rivojlanadigan hasharotlarning lichinkasi 4 xil tipda tuzilgan bo`ladi. Birinchi tipdagi lichinkalarning boshi yaxshi rivojlangan, ko`kragida 3 juft oyoqlari bo`ladi (masalan, qo`ng`izlar lichinkasi). Ikkinchi tipdagi lichinkalarning ham boshi yaxshi rivojlangan, qorin qismida oyoqlari bo`ladi (masalan, kapalaklarning lichinkasi). Uchinchi tipdagi lichinkalarning boshi rivojlangan, lekin oyoqlari bo`lmaydi (masalan, arilarning lichinkasi). To`rtinchi tipdagi lichinkalarning boshi va oyoqlari bo`lmaydi (pashshalar, so`nalarning lichinkasi).
G`umbakning xillari. Hasharotlarning g`umbagi uch xil, ba'zilarining g`umbagi esa harakatchan, erkin (ochiq) tipda bo`ladi (arilar, qo`ng`izlar). Bunday g`umbaklarning tanasida halqalar, boshlang`ich mo`ylovlar, og`iz organlar, oyoqlar, qanotlar, ko`zlar va voyaga etgan hasharotlarga xos boshqa belgilar ko`zga yaxshi tashlanib turadi. Yopiq tipdagi g`umbaklarda esa faqat bir-biriga zich tegib turadigan boshlang`ich oyoqlar va qanotlargina ko`rinib turadi (kapalaklar). Ko`pchilik kapalaklarning yopiq g`umbagi pilla ichida bo`lganidan ularda voyaga yetgan hasharotlarga xos belgilar umuman sezilmaydi. Uchinchi tipga bochkasimon g`umbaklar kiradi. Ularda oxirgi lichinkalik bosqichining terisi saqlanib qolganligi uchun bochkaga o`xshaydi.
Hasharotlarning rivojlanish muddati har xil bo`ladi. Ko`pchilik hasharotlar juda tez rivojlanadi. Ular tuxumdan chiqqach, voyaga yetib tuxum qo`ya boshlaguniga qadar bo`lgan hayoti generasiya deyiladi. Genratsiya bir necha kundan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Masalan, uy pashshasining bitta generatsiyasi 14-33 kun, drozofila (meva pashshasi)niki 8-12 kun, may qo`ng`iziniki 4-5 yil davom etadi. Generatsiyasi uzoq davom etadigan may qo`ng`izi voyaga yetgan davrida atigi bir oy yashaydi. Hasharotlar juda serpusht bo`ladi. Kapalaklar 100-2500, qo`ng`izlar 50-6000, ona asalari 1,5 mln gacha, ona termit yil davomida 30000 dan bir necha mln gacha tuxum qo`yadi.
Hasharotlar sinfi sistematikasi
Ninachilar (Odonata) eng qadimgi hasharotlar turkumiga kiradi. Ixcham tanasi bosh, ko`krak va uzun ninasimon qorin qismlardan iborat. Qorinchasi tufayli ularga ninachi nomi berilgan. Bosh qismida kalta mo`ylovlari, juda yirik murakkab ko`zlari joylashgan. Og`iz organlari chaynovchi tipda tuzilgan. Ikki juft qanotlari bo`lib, ular qalin-tomirlangan. Oldingi va keyingi qanotlari bir-biriga o`xshaydi. Ko`pchilik ninachilarning qanoti tanasining ikki yon tomoniga keng yoyilib turadi. Shu sababli ular kunliklar deb ataluvchi boshqa turkum vakillari bilan birga qadimgi qanotlilar guruhiga kiritiladi. Ninachilar yirtqich hayvon. Ular turli mayda, asosan zararkunanda hasharotlar (chivin, pashsha, oqqanot va boshqalar)ni tutib yeydi. O`ljasini havoda oldingi oyoqlari bilan panjalari orasidagi to`rga tushirib oladi.
Chala qattiqqanotlilar (Hemiptera) turkumi. Ustki qanotlarining asosi (ko`krakka yondashgan qismi) xitinlashganligi va uchki qismi yupqa pardasimon bo`lganligi sababli chala qattiqqanotlilar nomini olgan. Og`iz organlari sanchib-so`ruvchi tipda bo`ladi. Ayrim turlari (masalan, to`shak qandalasi)da qanotlar yo`qolib ketgan.
Ko`pchilik qandalalar o`simliklar shirasi bilan oziqlanib, ularga katta zarar keltiradi. Hasva qandalasi esa donli ekinlar shirasini so`rib, ularga ziyon yetkazadi. Qandalaning lichinkasi pishib yetilmagan donni so`radi. Hasva tushgan don unib chiqmaydi.
Teng qanotlilar (Isoptera) turkumiga ikki juft qanotlari bir xil tuzilgan juda xilma-xil hasharotlar kiradi. Ularning og`iz organlari sanchib-so`ruvchi tipda tuzilgan bo`lib, o`simlik shirasini so`rib oziqlanadi. Hamma teng qanotlilar o`simliklar zararkunandasi hisoblanadi.
Teng qanotlilarning ko`p turlari ancha mayda: 1-2 mm, ba'zi turlari 18-20 sm ga yetishi mumkin. Bir qancha turlari partenogenez (urug`lanmagan tuxum qo`yish) yo`li bilan ko`payish xususiyatiga ega. Bu turkumga turli jizildoqlar (saratonlar), shira bitlari, qalqondorlar, barg burgachalari va tripslar kiradi.
To`g`ri qanotlilar (Orthoptera) yirik hasharotlar bo`lib, uzunligi bir necha sm ga yetadi. Tanasi cho`ziq, bosh qismida yirik murakkab ko`zchalari va uzun mo`ylovlari bor. Og`iz organlari kemiruvchi tipda. Qanotlari ikki juft, ustki qanoti ingichkaroq va uzun, dag`alroq, ostki qanoti keng va yumshoq bo`lib, tinch holatda ustki qanot ostida taxlanib turadi. Ko`pchilik to`g`ri qanotlilarning keyingi oyoqlari sakrovchi tipda tuzilgan. Urg`ochilarining tuxum qo`yuvchi organi rivojlangan. Ko`pchilik turlarida ovoz chiqarish va eshitish organlari bo`ladi.
To`g`ri qanotlilar juda keng tarqalgan bo`lib, 20000 dan ortiq turni o`z ichiga oladi. Ko`pchilik turlari o`simliklar bilan oziqlanadi. Ular orasida ekinlarning xavfli zararkunandalari va yirtqich turlari ham bor. Ularga chigirtkalar, temirchaklar, chirildoqlar, yerqazarlar kiradi.
Beshiktervatarlar (Mantoptera) turkumiga ancha yirik hasharotlar kiradi. Kattaligi 11 sm gacha yetadi. Bosh qismi uchburchak shaklda, juda harakatchan bo`lib, uzun bo`yin orqali tanasiga qo`shilgan. Boshining ikki yon tomonida fasetkali yirik murakkab ko`zlari joylashgan. Og`iz organlari kemiruvchi tipda tuzilgan. Ko`kragining birinchi bo`limi juda uzun bo`lib, bo`yinga aylanib ketgan. Qanotlari ikki juft, ayrim turlarida qanotlar juda kalta bo`ladi. Beshiktervatarlarning qanotlari kuchsiz rivojlanganidan ular ucha olmaydi. Ularning birinchi juft ko`krak oyoqlari tutuvchi organga aylangan. Bu oyoqlarning boldir qismi yon tomonidan yassilangan, o`tkir qirrasi esa mayda "tishchalar" bilan qoplangan. Boldirning ana shunday tishchali qirrasi son qismida maxsus chuqurchaga xuddi qalamtarosh tig`iga o`xshash kirib turadi. Beshiktervatarlar yirtqich hayvon bo`lib, o`ljasini poylab, tutib oladi. Biron xavf tug`ilganida ular oldingi oyoqlarini ko`tarib, gavdasini sekin-asta ikki yon tomonga qimirlata boshlagani uchun "beshiktervatar" deyiladi.
Qo`ng`izlar, ya'ni qattiq qanotlilar (Coleoptera) turkumi. Qo`ng`izlar Yer yuzida nihoyatda keng tarqalgan, ko`p sonli hasharotlar hisoblanadi. Ularning 350 mingga yaqin turi ma'lum. Qo`ng`izlarning oldingi qanotlari qattiq xitinlashgan bo`lib, qalin ustqanotni hosil qilgan Ostqanotlari yupqa pardasimon bo`lib, ustqanot ostida taxlanib turadi. Ular uchganda ostki qanotlari samolyot parragiga o`xshab harakatlanadi. Ustqanotlari esa ikki yon tomonga yoyilib turadi va samolyot qanoti singari ko`tarish yuzasini hosil qiladi. Qo`ng`izlarning tanasi mustahkam xitin sovutga o`ralgan. Bosh qismida ko`zlari, mo`ylovlari va kemiruvchi og`iz organlari yaxshi rivojlangan. Mo`ylovlarining tuzilishi sistematik xarakterga ega. Ko`pchilik qo`ng`izlarning oyoqlari yuguruvchi tipda tuzilgan. Suvda yashaydigan turlarining keyingi oyoqlari suzuvchi eshkakni hosil qiladi. Ularning asosiy sistematik guruhlari: suluv qo`ng`izlar, suvsar qo`ng`izlar, tugmacha qo`ng`izlar yirtqich holda yashaydi, mo`ylovdor qo`ng`izlar, po`stloqxo`rlar, xartumli va bargxo`rlar ekinlarga ziyon keltiradi.
Tangacha qanotlilar, ya'ni kapalaklar (Lepidoptera) turkumi. Kapalaklar Yer yuzida keng tarqalgan xilma-xil hasharotlardir. Qanotlari mayda va rangli tangachalar bilan qoplangan. Og`iz organlari so`ruvchi spiral xartumdan iborat. Qurtlarida ko`krak oyoqlaridan tashqari 3-5 juft soxta qorin oyoqlari ham bo`ladi. Soxta qorin oyoqlari bo`g`imlari bo`lmasligi bilan haqiqiy ko`krak oyoqlaridan farq qiladi.
Kapalaklarning bosh qismida har xil shakldagi bir juft mo`ylovi va murakkab ko`zlari bor. Uzun xartumi boshining ostida spiral shaklida taxlanib turadi.
Kapalaklarning ko`pchilik turlari, ayniqsa, tropik mamlakatlardagi kapalaklar juda chiroyli bo`ladi. Qanotlarining rangi tangachalardagi pigmentlar bilan bog`liq bo`ladi.
Voyaga yetgan kapalaklarning ko`pchiligi gullar sharbati bilan oziqlanadi. Ayrim turlari o`simliklar tanasi ajratadigan shira bilan ham oziqlanadi. Gulga qo`ngan kapalak xartumini yoyib, gulning ichiga botiradi va nektar so`ra boshlaydi. Ayrim kapalaklarning xartumi bo`lmaganidan oziqlanmaydi.
Kapalaklar qurtining og`iz organlari kavshovchi tipda tuzilgan bo`lib , qattiq oziq bilan oziqlanishga moslashgan. Tanasi har xil uzun tuklar bilan qoplangan. Tuklari dushmandan himoyalash vazifasini bajaradi. Kapalak qurtlarining deyarli hammasi o`simliklar to`qimasi bilan oziqlanadi.
Kapalaklar kunduzgi va tungi kapalaklarga bo`linadi. Kunduzgi kapalaklarning uchishi, oziqlanishi, ko`payishi sutkaning yorug` davriga to`g`ri keladi. Kech kirishi bilan ular pana joy topib, yashirinib oladi. Tungi kapalaklar, aksincha, kunduz kunlari pana joyda yashirinib yotib, kechqurunlari va tunda faol harakat qiladi.
Ko`pchilik kapalak turlari iqtisodiy ahamiyatga ega emas. Ular tabiatda insonlarga estetik zavq beruvchi hayvonlar sifatida himoya qilinadi. Ayrim kapalaklar lichinkasi (tut ipak qurti) sanoat uchun qimmatli xomashyo ipak beradi. Karam kapalagi, kuzgi tunlam, olma qurti, tengsiz ipak qurti, g`o`za tunlami, karadrina asosiy zararkunanda turlaridan hisoblanadi. Tut ipak qurti xonakilashtirilgan hasharot hisoblanadi.



Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə