Falsafaning asosiy muammolari, yo‘nalishlari va usullari reja



Yüklə 44,76 Kb.
tarix03.10.2017
ölçüsü44,76 Kb.
#3059

FALSAFANING ASOSIY MUAMMOLARI, YO‘NALIShLARI VA USULLARI
Reja:

  1. Asosiy falsafiy muammolar va ularning o‘ziga xosligi

  2. Asosiy falsafiy yo‘nalishlar

  3. Falsafiy bilish metodlari


1. Asosiy falsafiy muammolar va ularning o‘ziga xosligi

Asosiy falsafiy yo‘nalishlar
Falsafiy muammolarning o‘ziga xosligi

Falsafiy muammolarning o‘ziga xos xususiyati, uning ikki tomonlama tabiatga egaligidadir. Bir tomondan, har bir tarixiy vaqt oralig‘ida ular mazkur davrning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda muayyan - tarixiy shaklga ega bo‘ladi. Masalan, G‘arbiy yevropa o‘rta asr madaniyatida hukmronlik qilgan din va diniy institutlar ilohiyotga doir muammolarga bo‘ysunadigan falsafiy muammolarni belgiladi. XVII-XVIII asrlarda yevropa fanida mexanikaning birinchi o‘ringa chikishi falsafiy muammolarga mexanik nuqtai nazardan qarashni keltirib chiqarib, o‘sha davr falsafasining shunga mos tarzda shakllanishiga sabab bo‘lgan edi. Yoki ilk islom falsafasidagi (masalan, iroda erkinligi haqidagi jabariylar va qadariylar o‘rtasidagi) bahs haqida gapirish mumkinki, bu xalifalar hokimiyatining qo‘llab-quvvatlash yoki unga qarama-qarshi turish kabi siyosiy jarayonlarga borib taqalar edi.

Boshqa tomondan, falsafiy muammolar borliqning asosiy masalalariga taalluqli bo‘lganligidan ular «abadiy» muammolar deb ataladigan tub masalalariga mansubdir. Falsafiy muammolarning «abadiy»ligi, ularni hal qilib bo‘lmasligi va ularni hal qilish befoydaligini anglatmaydi. U barcha davr va barcha avlodlar uchun muammoni uzil-kesil hal qilib bo‘lmasligini bildiradi. Har bir tarixiy davr, insonlarning har bir yangi avlodi uchun bu muammolar qaytadan tug‘iladi. Masalan, haqiqiy bilimga erishish muammosi yoki qadriyatlar muammosini olaylik. Ular turli tarixiy davrlarda mazkur davrning o‘ziga xos ijtimoiy jarayonlariga bog‘liq holda har xil mazmun bilan to‘ldirilgan. Ular insonning dunyoga bo‘lgan asosiy (bilishga va qadriyatlarga doir) munosabatlariga taalluqli bo‘lib, hamisha zaruriy ravishda bashariyat oldida yangi ko‘rinishda albatta paydo bo‘ladi. Bilish va taraqqiyot tabiatining cheksizligi tufayli insoniyat hamisha haqiqatga erishishga oshiqadi, yangi orzularni ro‘yobga chiqarish va qidirish yo‘llarini takomillashtirishga intiladi, hamisha eski va yangi qadriyatlar to‘g‘risidagi savollarga duch keladi. Agar XIX asr nemis faylasufi ye.Dyuring aytganidek, shunday lahza yetib kelsaki, unda bashariyat o‘zini hamma narsani biladigan va endi bilmaydigan narsasi qolmagan hamda «oxirgi mutlaq haqiqat» erishdim deb hisoblasa, unda u ma'naviy mukammallikka intilmay qo‘yadi va yangi orzularni qidirishni behuda mashg‘ulot deb biladi va ehtimolki, bu bilan bashariyatning ma'naviy o‘limi yaqinlashgadi.

Asosiy falsafiy muammolar

Qaysi falsafiy muammo - bosh, yetakchi muammo ekanligi faylasuflarni hamisha qiziqtirib kelgan. Ayrim faylasuflar buni Xudoni bilish, boshqalari - insonni bilish, uchinchilari - dastlabki borliqni aniqlash, to‘rtinchilari - dunyoning qadriyatli o‘lchovi va hokazolarni bilishda deb bilganlar. Falsafaning asosiy muammolari mavjudmi, agar mavjud bo‘lsa, ular nimalardan iborat?

Barcha falsafiy muammolarni uchta asosiy guruhga taqsimlash va quyidagi savollar bilan ifodalash mumkin:


  1. Dunyo nima?

  1. Inson nima?

  2. Dunyo bilan inson o‘rtasidagi munosabatlar nimadan iborat?

Agar biz har qanday falsafiy muammoni oladigan bo‘lsak, u albatta mana shu uchta falsafiy masaladan bittasiga dahldordir.

Shunday qilib, falsafaning markaziy masalasi bo‘lgan insonning dunyoga munosabati uning mavzusi hamda inson tabiatida mavjud bo‘lgan dunyoqarashidan kelib chiqadi. Bu yerda, «dunyo-inson» tizimi to‘g‘risida gapirganda, «dunyo» va «inson»ni ularaning o‘zaro qarama-qarshi tomonlarini qayd etuvchi juda keng falsafiy tushuncha ekanligini nazarda tutish kerak. Shu bois mazkur kontekstda ular «Men» va «Men – emas», «sub'ekt» va «ob'ekt», «makrokosmos» va «mikrokosmos», «ichki dunyo» va «tashqi dunyo», «ruh» va «tabiat», «ong» va «materiya», «tafakkur» va «borliq», «g‘oyaviy» va «moddiy» kabi turli davr hamda har xil falsafiy tizimlarda insonning dunyoga nisbatan qarashlari aks ettirilgan bo‘lib, ular binar oppozitsiyalarga tengdir.

«Dunyo» – inson» muammosining mazmuni markaziy falsafiy muammo sifatida u yoki bu tarixiy davrning yetakchi yo‘nalishlari (tendensiyalari) mazmuni bilan bog‘liqdir. Jamiyatda ustuvor muammolar o‘zgarganida mazkur muammo mazmuniga nisbatan urg‘u, ta'kid ham o‘zgaradi. Bu urg‘ular u yoki bu tarixiy davr faylasuflarining diqqat markazi nimaga qaratilganligining ifodasi hisoblanadi. Boshqacha aytganda, «dunyo-inson» muammosi u yoki bu davr falsafiy tafakkuri yo‘nalishini (paradigma) ifodalaydigan o‘z tarixiy shakllariga ega.

Mana shu tarixiy shakllarni yevropa falsafasi misolida ko‘rib chiqamiz.



Ontologik shakl. Mifologiyadan farqi o‘laroq, falsafa sub'ekt va ob'ektni farqlashdan boshlanadi. Shuning uchun dastlabki faylasuflarning dunyoga munosabati «Men emas», «U»ga bo‘lib, inson dunyosiga qarama-qarshi turuvchi tashqi, shaxsdan tashqari dunyo (koinot, tabiat)ga nisbatan munosabatdir. Falsafa o‘zining ilk shakllanish bosqichidayoq o‘z mavzusining eng muhim nuqtasi: «dunyo» va «inson» ni ajratgan va shu bilan avval boshdan falsafaning markaziy vazifasini ifodalagan.

Antik falsafada mazkur vazifa butun mavjudot bosh asosini qidirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Fales suvi, Anaksimen havosi, Geraklit olovi, Aflotun g‘oyasi, Demokrit atomi - ana o‘sha bosh asoslar xillaridir. Garchand yunon faylasuflari gnoseologik, axloq va boshqa falsafiy muammolar to‘g‘risida o‘z fikrlarini aytgan bo‘lsalar-da, ontologik muammo, eng avvalo «Dunyo nimadan iborat» yoki «Dunyo nimaga asoslangan?» kabi savollar ular uchun bosh, asosiy muammo bo‘lgan deb, ikkilanmay aytish mumkin.

Shunday qilib, qadimda falsafaning asosiy masalasi ontologik tusga ega bo‘lib, «dunyo-inson» tizimida borliq munosabatlariga taalluqli bo‘lgan.

O‘rta asr yevropa falsafasida «dunyo-inson» muammosida ontologik masala markaziy o‘rinda saqlangan. Biroq o‘rta asr sharoitida mazkur muammo falsafaning ilohiyotga bo‘ysunishdan kelib chiqadigan o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Tashqaridan «dunyo-inson» oppozitsiyasi (tabiat va ruh, modda va ong) «dunyo-xudo» oppozitsiyasi bilan almashinadi. Biroq mohiyatiga ko‘ra, o‘sha dilemma hal qilinadi, chunki xudo (ruhiy ibtido) insondan mavhumlashtirilgan va «ong», «ruh» va «tafakkur»ning mutlaqlashtirilgan shaklidadir. Shunday qilib antik davrda va o‘rta asrda falsafa eng avvalo: «Dunyo nimadan iborat?», «Dunyo nimaga asoslangan?» kabi savollarga asosiy omil «moddiy substansiya yoki ruhiy ibtido, tabiiy yoki ilohiy» deb javob bergan.



Gnoseologik shakl. Yangi davrda olam mukammal ishlab chiqilgan nazariyalar orqali tushuntirildi, ya'ni atomizm va mexanika ustuvorlikka ega bo‘ldi. Ko‘pchilikka dunyoning tugal manzarasini yaratish uchun u yoki bu narsanigina aniqlashtirish qolgandek tuyuldi. Ontologik masalalar orqaga surilib, gnoseologik va metodologik masalalar markaziy masalaga aylandi.

Yangi davrda gnoseologik muammoning ustuvor markaziy masalaga aylantirgan sanoat hamda tabiatshunoslikning gurkirab rivojlanishi sabab bo‘ldi. yer va osmon jismlari mexanikasi, tahliliy geometriya, differensial va integral hisoblarning yaratilishi, kimyo, geografiya, geologiya, botanika, zoologiya va boshqalardagi kashfiyotlarning mazkur davr yutuqlari sifatida ko‘rsatishning o‘zi yetarlidir. Fan imkoniyatlarini oshirgan yangi texnik vositalar: mikroskop, teleskop, termometr, simobli barometr kabilar yaratildi. O‘rta asrlarda hukmronlik qilgan dunyoning ilohiy manzarasi o‘rnini universum (dunyo)ni tabiiy-ilmiy yondoshib tushuntirish ola boshladi.

Falsafada mantiq, metodologiya va bilish nazariyasi muammolari birinchi o‘ringa chiqadi. Yangi davr falsafasi uning asoschilari bo‘lgan F.Bekon va R.Dekart nomidan o‘zining asosiy paradigmalarini gnoseologik-metodologik asosda: empirizm (Bekon) va ratsionalizm (Dekart), induktivizm (Bekon) va deduktivizm (Dekart) ko‘rinishida ifodalagani tasodif emas. Aynan Bekon va Dekart Yangi davr falsafasi muammo maydoni asosiy nazariy paradigmalarini ifodalagan. Yangi davrda insonning dunyoga munosabati to‘g‘risidagi falsafiy masala gnoseologik tusga ega bo‘ladi («Dunyoni bilish mumkinmi va qanday qilib?»). Nazariy falsafaning bosh masalasi - "Men nimani bilishim mumkin?» deb qayd etgan Kant falsafasida u tugal va uzil-kesil shaklga ega bo‘ldi.

Aksiologik va praksiologik shakl. Jamiyatning keyingi taraqqiyoti ilmiy bilishni shu darajada rivojlantirdiki, natijada ontologik va gnoseologik masalalar antik falsafa va Yangi davr falsafasidagi ustuvorlik mavqyeini saqlab qola olmadi. Bu ularning kun tartibidan olib tashlanganligini bildirmaydi. Gap bashariyat o‘z rivojining shunday nuqtasiga yetib kelganida-ki, bunda kun tartibiga odamzot hayotining asoslari va bashariyatning o‘zini rivojlanish istiqbollari to‘g‘risidagi masalani markaziy masala sifatida qo‘yilishidadir. XX asrda esa bu masala taqdiriy ahamiyat kasb etdi.

XIX-XXI asrlarda «Mavjud dunyo mukammalmi?» (insonning dunyoga bo‘lgan munosabatini aksiologik tomoni), «Dunyoni amaliy o‘zgartirish mumkinmi va qanday qilib?» (insonning dunyoga munosabatini praksiologik tomoni) kabi savollar dolzarb muammo bo‘lib qoldi. Mana shular «dunyo-isnon» muammosining Yangi va Eng yangi davrlar vujudga keltirgan yangi tomonlaridir. Bu savollar ilgari ham faylasuflar nazarida bo‘lgan.

«Mavjud dunyo mukammalmi?» degan savolga (asosiy falsafiy masalaning aksiologik tomoni) hozirgi zamon odami hyech ikkilanmasdan salbiy javob beradi. Bunday javob ilgari ham berilgan, biroq u, birinchidan, lokal-mintaqaviy tusda bo‘lib, ikkinchidan, aholining turli qatlamlari uchun universal emas edi. Bugungi kunda dunyoning mukammal emasligi to‘g‘risida gapirganimizda, barcha dunyoning bir butunligini nazarda tutamiz. Gap davlat va mintaqalarning o‘zaro munosabati, insonlarning tabiat bilan munosabati, o‘zaro munosabatlari, zamonaviy qadriyatlar, ta'lim va tarbiya, madaniyat taqdiri va boshqalar to‘g‘risida ketayapti.

Tarixiy davrlarning almashuvi bugungi kunda butun insoniyat (sotsium)ni qamraganidek, undagi alohida shakl va sohalarni ham qamragan inqirozning qonuniy natijasidir. Shuning uchun bu inqirozning inson hayoti va zamonaviy sivilizatsiya asoslariga daxldor global tarzdaligi ta'kidlanadi. Bu xaqda F.Nitsshe, O.Shpengler, Y.Xeyzinga, K.Yaspers, D.Dyui, E.Fromm, A.Pechchei va boshqalar yozgan.

«Dunyo-inson» muammosining praksiologik tomoni quyidagicha ifodalanadi: «Dunyoni o‘zgartirish mumkinmi va qanday qilib?» Bu savol ilgari ham qo‘yilgan, biroq uning yechimi dunyoning diniy va utopik tuzilishi, monarxik institutlarning o‘zboshimcha xulosalari doirasida cheklangan edi.

Yangi va ayniqsa hozirgi keyingi davr chuqur ijtimoiy sifat o‘zgarishlarini jamiyatning tabiiy-tarixiy rivojining ajralmas qismi ekanligini namoyon qildi. Agar XIX asr oxiri va XX asrning birinchi yarmi avvalgi dunyoni keskin inkor qilish (jumladan zo‘rlik asosiy komponent sifatida) tarzida o‘tgan bo‘lsa, hozirgi davr ijtimoiy o‘zgarishlarining bosh usuli bo‘lib, islohotlar e'tirof etilmoqda. To‘g‘ri, hozircha zo‘rlik ishlatish real hayotning dalili sifatida hali bekor qilinmagan.

Shunday qilib, «dunyo-inson» muammosi markaziy falsafiy muammo sifatida o‘zgarmoqda. Uning ontologik, gnoseologik, aksiologik, praksiologik tomonlari to‘g‘risida gapirishimiz mumkin. Shuning bilan birga turli tarixiy davrlar uning u yoki bu «tomonlarini» davrning asosiy jarayonlarida birinchi o‘ringa chiqaradi.
2. Asosiy falsafiy yo‘nalishlar
Turli falsafiy yo‘nalishlarni har xil asoslar: yetakchi falsafiy muammolar (ibtido muammosi, dunyoni bilish muammosi va boshqalar)ga munosabat, usul, mavzu asosi, klassik meros va bashqalarga munosabat bo‘yicha guruhlashtirish mumkin.

Falsafiy yo‘nalishlar dunyo ibtidosining tabiati to‘g‘risidagi masalada u moddiy yoki g‘oyaviy yagona substansiya – monizm, teng huquqli mustaqil (moddiy va ruhiy) – dualizm, ko‘pchilik substansiyalardan iborat plyuralizm deb e'tirof etiladiganlarga bo‘linadi. Falsafa tarixida dualizmning eng mashhur vakili fransuz faylasufi R.Dekart (1596-1650), plyuralizmniki nemis faylasufi G. Leybnits (1646-1716) bo‘lgan.

Monizm falsafa tarixida ikki: materialistik va idealistik shaklda mavjud. Materializm ruhiy ibtidoga qadar ham va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan tabiat, moddiy substansiya birlamchiligidan kelib chiqadi. Materializmning o‘zi turli xususiy tarixiy shakl va oqimlarga bo‘linadi: qadimgi, hamma narsa tabiiy «unsurlar»dan biri, ya'ni suv (Fales), havo (Anaksimen), olov (Geraklit) yoxud ularning qatori suv, havo, olov va tuproq (chorvaklarning qadimgi hind maktabi, Empedokl), suv, havo, olov, tuproq va metallga (qadimgi xitoy falsafasida) asoslangan deb tushunuvchi oddiy materializm; Yangi davr metafizik materializmi (Gobbs, Lokk); antropologik materializm (L. Feyerbax, N. Chernishevskiy); dialektik materializm (K. Marks, F. Engels); ilmiy materializm (G. Feygl, J. Smart); emerjentistik materializm (J. Margolis, M.Bunge) va hokazolar. Izchil materializm (materialistik monizm), materializmning u yoki bu shaklda ilohiy turtki – deizm yoki tabiat bilan olloh aynan bir – panteizm degan g‘oyani ilgari suruvchi shakllar to‘g‘risida ham gapirish mumkin.

Idealizm ruh va ong birlamchiligidan, shaxsiy ong (sub'ektiv idealizm) yoki shaxsdan tashqari ruhning mutlaq g‘oyaligi (ob'ektiv idealizm)dan kelib chiqadi. Xitoy faylasufi Van Yan-Min (1472-1528), ingliz yepiskopi D. Berkli (1685-1753), «esse-percipl» (lat.mavjud bo‘lmoq - demak idrok qilinadi) prinsipini ilgari surgan nemis faylasufi I.Fixte (1762-1814) sub'ektiv idealizmning yirik namoyandalari edilar. Empiriokrititsizm, neopozitivizm, neokantchilik va boshqa qator falsafiy maktablar sub'ektiv idealizm prinsiplariga asoslangan. Qadimgi hind falsafasidagi braxmanizm va vedantizm, yunon faylasufi Aflotun (er.av.427-347 yillar), xitoy faylasufi Chju Si (1130-1200), nemis faylasuflari Shelling (1775-1854), Xegel (1770-1831), neotomizm kabilarning falsafiy tizimlari ob'ektiv idealizmga mansubdir.

Agar dunyoni bilish mumkinligi to‘g‘risidagi masalani oladigan bo‘lsak, undagi faylasuflar haqiqiy bilimga erishish mumkinligini e'tirof etuvchi va uni inkor qiluvchilarga bo‘linadi. Uni inkor qiluvchilar yo‘nalishi agnostitsizm degan nom oldi va D.Yum (1711-1776) hamda I.Kant(1724-1804) bu yo‘nalishning taniqli vakillaridir. Agnostitsizm elementlari hozirgi tizimlar (neopozitivizm, kritik realizm)da ham uchraydi. Haqiqatga erishish mumkinligini e'tirof etuvchilar orasida bilish (sensualizm), idrok (ratsionalizm), diniy vahiy yoki so‘fiy his qilish (irratsionalizm) kabi yo‘nalishlarni ham ajratish mumkin. Sensualizm va ratsionalizmning ham materialistik, ham idealistik shakllari mavjud.

Falsafiy yo‘nalishlarni bilish usullariga ko‘ra, empirizm, ratsionalizm va irratsionalizmga bo‘lish mumkin.

Dialektika (tafakkur metodini narsa va hodisalarni o‘zaro bog‘liqlikda va rivojlanishda deb qarovchi)yoki metafizika (tafakkur metodini narsa va hodisalar umumiy bog‘liqlikdan tashqarida, o‘z-o‘zidan sifat jihatidan rivojlanmaydi deb qarovchi) mavqyeiga ega faylasuflar ham farqlanadi.

Falsafiy yo‘nalishlar asosiy mavzusi bo‘yicha nisbatan tor ixtisoslashishga, masalan, gnoseologiya, antropologiya, aksiologiya, ontologiya muammolari kabilarga mo‘ljallangan oqim va maktablarga bo‘linadi. Masalan, «lingvistik falsafa» tabiiy tilni tahlil qilishga (J.Ostin, J.Uizdom, P.Stroson), «texnika falsafasi» hozirgi dunyodagi texnika fenomeniga (A.Xuning, F.Rapp), «istorisizm» maktabi esa (V. Diltey, R. Kollingvud) tarixiy bilim muammolariga yo‘naltirilgan va hokazolar.

Falsafiy yo‘nalishlar klassik merosga munosabat bo‘yicha ilgarigi klassik tizim g‘oyalarini tiklab, rivojlantirishga yo‘naltirilgan neoklassik oqim (neokantchilik, neotomizm, neoxegelchilik va boshqalar), ularni to‘liq qaytadan ko‘rib chiqish va ularni rad etishga asoslangan antiklassik oqim (pozitivizm, nitssheanchilik, tasavvuf) va tanqidni sintezlash va klassik meros an'analarini davom ettirishga yo‘naltirilgan neoklassik oqim (marksizm, ekzistensializm va boshqalar)ga bo‘linadi.


3. Falsafiy bilish metodlari
Falsafaning asosiy metodi (vositasi) nazariy tafakkur hisoblanadi. Falsafa na kimyoviy reaktivlarga, na mikroskop, na teleskop, na boshqa biror bir texnikaga ega emas; uning asosiy quroli - abstraksiya kuchidir. Falsafiy bilishda qo‘llanadigan vositalarning o‘ziga xosligi ham shu holat bilan bog‘liq.

Falsafa Yangi davrga qadar o‘zining asosiy maqsadi hisoblangan keng nazariy xulosalari, umumlashtirishlari uchun yetarlicha faktologik va eksperimental bazaga1 ega emas edi. Shu bois falsafada naqd tajriba ma'lumotlarisiz tafakkurlashga imkon beruvchi nazariy fikr yuritishning asosiy usuli mushohada bo‘lib qolgan edi. Empirik bazasining sayozligi tufayli falsafiy mushohida ko‘pincha kuzatish va eksperimentning ilmiy aniqlangan dalillari bilan bog‘liq bo‘lmagan mantiqiy tuzilishga asoslangan. Falsafiy mushohida doirasida fikriy eksperiment, ekstrapolyasiya, idealizatsiya kabi usullar rivojlandi. Mushohada vositasida moddaning atom va molekulyar tuzilishi va uning o‘zidan o‘zi rivojlanishi to‘g‘risida muhim farazlar shakllandi.

Falsafiy bilishning boshqa vositasi - intuitsiyadir. Uning bilishdagi ahamiyatini xitoy mutafakkiri Van Yanmin, fransuz faylasufi A.Bergson va boshqalar ta'kidlagan. Mantiqiy tuzilish hali o‘z-o‘zidan kashfiyotni ta'minlamaydi. Shunga bog‘lab, taniqli kanadalik faylasuf M.Bunge yozgan edi: «Faqat bitta grammatikaning o‘zi hyech kimni poema, garmonika nazariyasi esa - simfoniya yaratishga ilhomlantirmaganidek, mantiqning o‘zigina hyech kimni yangi g‘oyaga olib kela olmaydi. Mantiq, grammatika va musiqa nazariyasi bizga formal xatoliklar va muvofiq fikrlarni topish imkonini beradi, biroq ular bizni «tub mohiyat» («substansiya») - porloq g‘oyalar, yangi nuqtai nazar bilan ta'minlamaydi».2 Bunday g‘oya va nuqtai nazarlarni intuitsiya orqali hosil qilish mumkin.

Falsafiy bilishning muhim vositasi bo‘lib, interpretatsiya (talqin, sharhlash) hisoblanadi. Falsafa muayaya fanlardan farq qilib, u bevosita narsalar, tuproq, o‘simlik, inson organizmi yoki yulduzlar bilan bog‘liq emas. U narsalar va narsalar to‘g‘risidagi bilim, talqin qilinadigan bilim bilan ish ko‘radi. Aynan interpretatsiya – matnni boshqacha o‘qish, ma'noni boshqacha tasavvur qilish, boshqacha so‘roqlash - falsafiy g‘oya va kashfiyotlarning asosi hisoblanadi.



1 Биринчи ривожланган табиий илмий фан (механика) факатгина XVII асрда вужудга келган. Бошка табиий ва ижтимоий фанларнинг шаклланиши XVIII-XIX асрларга тугри келади.

2 Бунге М. Интуиция и наука. М., 1967. С. 109. Пер. с англ.

Yüklə 44,76 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə