Hokimiyatning legitimligi



Yüklə 14,52 Kb.
tarix01.11.2017
ölçüsü14,52 Kb.

Aim.uz

Hokimiyatning legitimligi

Fransuz politologi J.L.Kermonn legitimlikni biror mamlakat siyosiy hokimiyatining shu mamlakat qadriyatlariga muvofiqligi, deb ta’riflaydi. M.Dyuverje yana bir qo'shimcha qiladi: xalq birdam bo'lgan har qanday tartib — legitimdir.

Aslida legitimlik tushunchasi tahlili nima uchun odamlar hukmronlikka da’vo qiluvchilarga itoat etadilar; hukmronlikni oqlovchi ichki asoslar qaysi va qanday tashqi vositalar unga tayanch bo'lib xizmat qiladi? degan savollarga javob berishi kerak. M.Veber mana shunday ichki oqlash, ya’ni legitimlik asoslarining uch turini ko'rsatgan. "Birinchidan, — deb yozadi u, bu "doimo o'tmishdagi" ning: azaliy, mazmun va unga rioya etish odati bilan ilohiylashtirilgan fe’l-atvorlar avtoriteti uni patriarx yoki eski ko'rinishdagi patriamonial knyaz amalga oshirgan tarzdagi "an’anaviy hukmronlikdir", so'ngra ilohiy shaxsiy qobiliyat (xarizma) avtoriteti, biror insonda daho, yetakchilik sifatlari: mo’jiza, qahramonlik v.b.larning mavjudligi tufayli kelib chiqadigan turli shaxsiy sadoqat va shaxsiy ishonch, uni payg'ambar yoki siyosat sohasida, buyuk knyaz — lashkarboshi, plebissitar hukmdor yoxud buyuk notiq yohud siyosiy partiya rahnamosi amalga oshirgan tarzida xarizmatik hukmronlik; va nihoyat, belgilangan qoidalarni itoat bilan bajarishga qaratilgan hukmronlik, uni zamonaviy "davlat xizmatchisi" va unga o'xshash qobiliyat egalari amalga oshirgan tarzda- qonuniylik tufayli hukmronlikdir."

An’anaviy legitimlikni an’analarga sodiqlik tarzida baholash mumkin. Asli tushunchasining kelib chiqishi ham (fr. — legitim "qonuniy") —"monarxistik", Hali ham Fransiyada taxt qonuniy vorislari, tarafdorlarini legitimistlar, deb atashadi. Bu turdagi legitimlik barcha jamiyatlarda uchraydi. Xususan, Amir Temurning xonlik mavqeini egallashi tarixi — buning yorqin dalilidir.

Xarizmatik legitimlik-yetakchi shaxsgagina ishonch, sadoqat tufayli uning hokimiyatini tan olishdan iborat. M.Veberning o'zi bu holda — tarixiy vaziyat taqozosi bilan yangi sulola, tartib o'rnatishi lozim bo'lgan g'olib — yetakchini nazarda tutgan. Amerikaning birinchi prezidenti J.Vashington, Fransiya -Prezidenti — general Sh. de Goll, mamlakatimiz prezidenti —I.Karimov — xarizmatik yetakchilardir.

Ratsional — qonuniy legitimlik an’ana yoki shaxsiy sifatlarga emas, siyosiy hokimiyat kelib chiqishi va faoliyati demokratik huquqiy tartib — talablarga mos kelishiga asoslanadi. 2000-yilda AQSH Prezidentligiga o'tkazilgan saylovlar jarayoni ratsional — qonuniy legitimlikning yorqin misoli bo'la oladi: qonunda ko'zda tutilgan tadbirlar asosida g'olib aniqlanadi va tomonlar ushbu qarorga bo'ysunadilar.

Legitimlikning boshqa turlari ham mavjud. Demokratik davlatlarda ratsional — huquqiy legitimlik, asosan, tarkibiy yoki institutsional legitimlik shaklida namoyon bo'ladi. U fuqarolarning ayrim shaxslarga emas (shaxsiy legitimlik) davlat tuzilishiga bo'lgan ishonchiga asoslanadi.

Mafkuraviy legitimlik mohiyati hokimiyatni mafkura yordamida oqlashdan iborat. Mafkura hokimiyatning xalq, millat yoki sinf manfaatlariga muvofiqligini, boshqarish huquqini asoslaydi. Mafkura kimga yo'naltirilganligiga va qanday g'oyalardan foydalanishga ko'ra mafkuraviy legitimlik sinfiy yoki etnik legitimlik tabiatiga ega bo'lishi mumkin, ya’ni jamiyatni boshqarish huquqiga muayyan sinf (millat) gina egaligi asoslanadi.

Sobiq sotsializm mamlakatlarida sinfiy legitimlik, tarqalgan edi. XX asrning ikkinchi yarmida juda ko'p yosh davlatlar aholi e'tirofi va madadiga ega bo'lish uchun o'z hokimiyatlarini millatchilik g'oyalari (etnik legitimlik) asosida legitimlashga urinadilar va etnokratik rejimlar o'rnatadilar.

Shunday qilib, legitimlik — hokimiyat va jamiyat munosabatlarining shunday sifatiki, unda itoat etuvchilar hokimiyatini eng oliy qadriyat sifatida tan olib, uning boshqarish huquqini ixtiyoriy ravishda e’tirof etadilar. Legitimlik — hokimiyatning odamlarda mavjud siyosiy - institutlarning samaradorligiga bo'lgan ishonchini shakllantirish va tutib turish qobiliyatiga asoslanadi.

Legitimlik va legallik (qonuniylik) tushunchalarini bir — biridan farqlash kerak. Legallik — hokimiyatning huquqiy asosini, uning huquqiy me’yorlarga muvofiqligini anglatsa, legitimlik — hokimiyatga ishonch va uni xalq tomonidan qabul qilinishini anglatadi. Ko'ryapsizki, ikkinchi holda biz ma’naviiy sifat bilan to'qnash kelyapmiz. Qonun chiqaruvchi va uning bajarilishini ta’minlovchi har qanday hokimiyat — legal, ya’ni qonuniydir. Ayni vaqtda, u xalq tomonidan e’tirof etilmasligi va nolegitim bo'lishi mumkin. Yorqin misol: Hindiston Milliy — ozodlik harakatining oxirgi bosqichida ingliz (legal) hokimiyati qarorlarining aholi tomonidan bajarilmay qo'yilganligi — inglizlarning Hindiston mustaqilligini tan olishiga majbur qilgan kuchli omil bo'lgan.

Hozirgi vaqtda legitimlik bilan bog'liq jarayonlar, asosan, ratsional — qonuniy tarzda tartibga solinadi. Shu o'rinda zamonaviy siyosiy tashkilotlar faoliyatini belgilovchi qoidalar o'zgarmas doimiy (konstitutsion) va o'zgaruvchan bo'lishini ham aytib o'tish lozim. Konstitutsiya va konstitutsion tartibga ligitimlmk dahldor emas, chunki ular o'zgarmasdir (xalqning, jamiyatning pirovard maqsadlari bilan bog'liq). Amaldagi hokimiyat esa, aksincha, o'z legitimligini tasdiqlatib borishi lozim. Masalan, zamonaviy saylovlar instituti ayrim tadqiqotchilar tomonidan legitimlikning o'ziga xos sun'iy inqirozi, deb ataldi. Konstitutsion tamoyillar va umumiy qoidalar asosida o'tadigan raqobatli saylovlar davomida siyosiy hokimiyat o'z legitimligini har gal yangidan tasdiqlab oladi. Shuning uchun, masalan, Prezident va parlament xalq nomidan so'z yuritish huquqiga ega yagona siyosiy tashkilot deb hisoblanadi. Har bir tarixiy davrda siyosiy hokimiyat o'z rivojlanishida o'ziga xos tendensiyalariga ega bo'ladi.

Bundan hozirgi davrdagi siyosiy hokimiyatning rivojlanishi ham mustasno emas. Hozirgi davrda siyosiy hokimiyatning rivojlanishida quyidagi tendensiyalarni ajratib ko'rsatish mumkin.

Dunyodagi ko'p mamlakatlarda totalitar va avtolitar tartibot shakllaridan voz kechish huquqiy demokratik, huquqiy davlatni qurishga intilish hozirgi davrda siyosiy hokimiyat taraqqiyotining asosiy tendensiyasi hisoblanadi. Bu yo'l ko'p mamlakatlarning Konstitutsiyalarida, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham o'z ifodasini topgan.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatni demokratik yo'ldan rivojlantirishning siyosiy dasturidir. Unda Respublika ijtimoiy hayotini demokratlashtirishning asosiy tamoyillari asoslab berilgandir.

Hozirgi sharoitda siyosiy hokimiyatning rivojlanishida demokratik tendensiyalarning kuchayishini nafaqat Konstitutsiyalarda, balki real hayotda ham kuzatish mumkin. Bu ijtimoity-siyosiy harakatlar va nodavlat birlashmalarning hokimiyatga ta’sirining ortib borishida, fuqarolik jamiyatining qaror topishi va rivojlanishida ko'rinadi.

Hokimiyat bo'linishining chuqurlashuvi – hozirgi davrda siyosiy hokimiyat rivojlanishining eng muhim tendensiyasi hisoblanadi. Bu hokimiyat shahobchalari vakolatlarining qayta taqsimlanishida, ya’ni ijro etuvchi hokimiyat vakolatlarining qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati foydasiga qayta taqsimlanishida ko'rinadi.

Hokimiyatning nomarkazlashuvi – hozirgi davrda siyosiy hokimiyat rivojlanishining yana bir muhim tendensiyasi hisoblanadi. Bu markaziy davlat tuzilmalari vakolatlarining mahalliy tuzilmalar foydasiga qayta taqsimlanishida, ya’ni o'z-o'zini boshqarishning rivojlanishida kuzatiladi. Hozirgi davrda siyosiy hokimiyat rivojlanishining yana bir muhim tendensiyasi – hokimiyatning ixchamlashuvi bilan bog'liqdir. Bu tendensiya byurokratik boshqaruv apparatining qisqarishi va uni saqlashga ketadigan xarajatlarning kamayishida ko'rinadi. Davlat xizmatchilari byurokratlar jamiyat manfaatlariga mos kelmaydigan egoistik manfaatlarga moyildirlar. Shuning uchun ham, ularning qisqarishi hokimiyat tuzilmalarini mustahkamlashga imkon beradi.

Hozirgi davrda siyosiy hokimiyatning rivojlanishidagi asosiy tendensiyalardan yana biri – hokimiyat shahobchalarit faoliyatining baynalminallashuvidir. Bu tendensiya xalqaro miqyosdagi globallashuv natijasi bo'lib, alohida olingan mamlakat siyosiy hokimiyatiga xalqaro muammolar ta’sirining ortib borishida parlamentlararo, hukumatlararo aloqalarning kuchayishida ko'rinadi. Bugungi dunyoda har bir milliy davlat hokimiyati umumbashariy muammolarning ta’siri kuchayib borayotganligini inkor eta olmaydi. U ushbu muammolarning yechimini topish uchun birgalikda harakat qilishi majbur. Shu boisdan ham, har bir milliy davlat hokimiyatning olib borayotgan ichki siyosati xalqaro siyosat va xalqaro munosabatlarning tarkibiy qismiga aylanmoqda.
SAVOLLAR
1.Hokimiyatning manbai nima ?

2. Jamiyatda tartib — intizomni saqlab turish uchun hokimiyat nima uchun majburlash resurslaridan foydalanadi? Xokimiyatning zo’rlikdan foydalanishi uning legitimligi bilan qanday kelisha oladi?




Aim.uz




Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2019
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə