I – bob. Antik davr O’rta Osiyo tarixi bo’yicha moddiy va yozma manbalarning o’rganilishi


Antik manbalarda qadimgi xalqlarning siyosiy jarayonlari tarixi haqida ma’lumotlar



Yüklə 112,36 Kb.
səhifə4/6
tarix23.12.2023
ölçüsü112,36 Kb.
#157268
1   2   3   4   5   6
2 5420521080018187433

2.1 Antik manbalarda qadimgi xalqlarning siyosiy jarayonlari tarixi haqida ma’lumotlar
Antik dunyo tarixida makedoniyalik Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr, Makedoniya podshosi Filip II ning o’g’li) olamga dovrug’ taratgan jahongir hukmdorlardandir. Yunoniston, Kichik Osiyo, Arabiston hududlarini qudratli harbiy kuch bilan egallab, o’sha joylarda o’z hukmronligini o’rnatgan Iskandar mil. avv. 331-yil oktyabrida Gavgamela yonida (shimoli-sharqiy Mesopotomiya) bo’lgan jangda Eron qo’shinlarini engadi. Eron podshohi Doro III Iskandardan uzil-kesil yengilib, mamlakat sharqiga, Baqtriyaga qochadi. U yerda esa Baqtriya satrapi Bess tomonidan o’ldiriladi. Tez orada Iskandar qo’shini ortiqcha qarshiliksiz Baqtriya poytaxti - Baqtra (hozirgi Balx) shahrini hamda Aorn, Drapsak singari mustahkam qal’alarni egallaydi. Ko’p o’tmay Bess qo’lga olinib, qatl etiladi1. Mil. avv. 328-yilda Xorazm shohi Farasman Baqtradagi Iskandar qarorgohiga tashrif buyuradi va ittifoqchilik bitimi imzolanadi. Shu boisdan Iskandar Xorazmga yurish qilmaydi. Mil. avv. 329-yilda Oks (Amu) daryosi sohiliga etib kelgan Yunon qo’shinlari daryodan o’tib Navtaka (hozirgi Qashqadaryoning Kesh-Shahrisabz vohasi)ga kirib boradi. Endigi harakat yo’nalishi Sug’diyona paytaxti - Marokanda (Samarqand)ga qaratiladi. Rim olimi Kursiy Rufning ma’lumot berishicha, Iskandar armiyasi Marokandani uncha qiynalmasdan va kam talofat bilan ishg’ol etgan va «shaharda o’zlarining garnizonlarini qoldirib, yaqin atrofdagi qishloqlarni yondirib va vayron etib», so’ngra esa shimoli-sharqqa qarab harakatlanganlar. Biroq Marokandadan so’ng yunon-makedon qo’shinlarining yurishlari nihoyatda qiyin va murakkab kechdi. Chunki ular endilikda mahalliy xalqning qudratli qarshiligiga duch keldi. Iskandar bosqinidan, uning yurtga solayotgan qirg’ini-yu, zulm, asoratidan ko’zi g’aflat uyqusidan ochilgan, erk, ozodlik qadrini har narsadan afzal bilgan ona zamin kishilari bir yoqadan bosh chiqarib, ajnabiy istilochilarga qarshi harakatga keladi.
Mil. avv. 329-yil kuzida Sug’diyonada boshlanib, O’rta Osiyo mintaqasining boshqa hududlarida keng aks sado bergan xalq qo’zg’oloni yurtimiz ozodligi tarixida chinakam yangi sahifa yozgan. Iskandar tajovuzi va zulmiga qarshi ko’tarilgan bu ommaviy harakatga so’g’d xalqining mard o’g’loni Spitamen boshchilik qildi2. So’g’diyona va Baqtriyada mahalliy xalqlarning chuqur ishonchini qozongan, katta harbiy salohiyat sohibi Spitamen xalqdan lashkar tuzib, dastlab Iskandarning Marokandada qoldirib ketgan harbiy garnizoniga hujum qilib uni yanchib tashlaydi. Bu xabar yerli aholiga katta ruhiy quvvat bag’ishlab, uning ajnabiylarga qarshi faol kurashiga turtki beradi. Iskandar o’z qo’shinining bir qismini qo’zg’olonchilarga qarshi Marokandaga yo’llaydi. Bu davrda Iskandarning o’zi Yaksart (Sirdaryo)ning chap sohilidagi shaharlar va aholi turar joylarini bo’ysundirish uchun og’ir janglar olib borayotgan edi. Ajoyib jang taktikasini qo’llagan Spitamen Iskandar lashkari Marokandaga yaqinlashib kelayotganini eshitgach, darhol shaharni tark etib, Politimet (Zarafshon) daryosining quyi oqimi tomon jang qilib chekinadi. So’ngra bu yerdagi dashtli ko’chmanchilarning otliq askarlari bilan qo’shilib kutilmaganda qarshi hujumga o’tadi. Bundan sarosimaga tushgan yunon qo’shini katta talofatga uchrab, qolgan-qutgan jangchilari bilan shaharga chekinadi. Spitamen Marokandani qamal qiladi. Bundan xabar topgan Iskandar Sirdaryo bo’yidagi hujum harakatlarini vaqtincha to’xtatib, o’zi qo’shinga bosh bo’lib Spitamenga qarshi yurish boshlaydi. U Marokandaga etib kelganida Spitamen kuchlari allaqachon bu joyni tark etib, So’g’diyonaning cho’llik qismiga chekingan edi. Iskandar Spitamendan o’ch ololmagach, butun qahri-zahrini Zarafshon aholisiga qaratadi. U Spitamen kuchlarini ta’qib qilib, Marokandadan cho’lli hududlar tomon borar ekan, yo’lyo’lakay 120 mingdan ziyod tinch aholini qirib tashlagani tarixiy manbalarda uchraydi. Biroq u mahalliy xalqlarni o’ziga uzil-kesil bo’ysundira olmaydi. Iskandar Doroning yuz minglab muntazam lashkarlariga qarshi jang olib borishdan ko’ra Spitamen boshchiligidagi qo’zg’olonchilarga qarshi kurashish qiyin ekanligini tushunib yetadi. Negaki, yerli aholi o’zining har bir qarich tuprog’i, daryo-ko’li, qir-adiri, qoyasi uchun dushman bilan jon berib, jon olishib kurashgan. Iskandar armiyasining yengilmasligi to’g’risidagi afsonalar ham bizning yurtimizda barham topdi. Oxiri shunday bo’lib chiqdiki, O’rta Osiyo yerlarini kuch, qurol bilan yenga olmasligiga ko’zi yetgan Iskandar aqlu zakovat, hiyla yo’li bilan ish tutib, mahalliy aholining yuqori tabaqasi, zodagonlari bilan umumiy til topishga, yerli xalqning milliy udumlari, urf-odatlari, marosimlarini qabul qilishga majbur bo’ladi. Shunday yo’l bilan So’g’diyona ulug’laridan Oksiart, Xoriyen degan mahalliy aslzodalar uning tomoniga o’tadi. Iskandarning Oksiartning go’zal qizi Raxshanak (Roksana)ga uylanishi esa qarindoshlik aloqalarining kuchayishiga xizmat qiladi. U xalq qaxramoni Spitamenni qo’lga tushirib, uni jismonan yo’q qilishda ham mahalliy zodagonlar xizmatidan foydalanadi. Spitamenning tez orada o’ldirilib, uning boshi Yunon podshohiga tortiq qilinganligi fakti ham qo’zg’olonchi kuchlar o’rtasida birlikning bo’lmaganligi alomatidir. Shunga qaramay ajnabiy bosqinchilarga qarshi xalq g’alayonlari 327-yil boshlariga qadar davom etdi1. Garchand Spitamen boshchiligidagi keng ommaviy xalq harakati oxir-oqibatda mag’lubiyatga uchragan bo’lsada, u ulug’ ajdodlarimizning mardlik jasoratini, elu-yurt hurligi, ozodligi yo’lidagi fidoyiligini yorqin namoyon etdi. Shunday qilib, muttasil uch yil davom etgan shiddatli janggu jadallardan so’ng Iskandar Baqtriya, Sug’diyona va Usturshonaning faqat bir qisminigina itoat ettirib, bu hududlarga o’z ishonchli odamlarini, o’ziga sodiq sug’dlik Oropiyni Sug’diyona hokimi etib tayinlab, o’zi mil. avv. 327-yilda Hindiston tomon qo’shin tortadi. Yunon-Makedon qo’shinlari O’rta Osiyo yerlarida shu qadar holdan toyib, o’zining jangovorlik qobiliyatini yo’qotdiki, buning oqibatida ular shimoliy Hind yerlariga arang kirib bordilar. Bu holatni tan olgan Iskandar tez orada Hindistondagi urush mavsumini tugatib, ortga, ikki daryo oralig’idagi Bobil shahriga qaytib ketishga buyruq beradi. Antik dunyo olimlarining yakdil ta’kidlashicha, Yunonlar podshosining bu buyrug’i ruhan cho’kkan uning butun qo’shinida katta qoniqish bilan qarshi olingan ekan. Shunday qilib, butun yer yuzini egallab, dunyo hukmdori bo’lishga da’vo qilgan Iskandarning sharqiy yurishlari oxir - oqibatda ko’zlangan yuksak natijalarsiz tugadi. Uning o’zi mil. avv. 323-yilda Bobilda hayotdan ko’z yumadi. Vatanimiz xalqlarining salavkiylarga qarshi ozodlik kurashi muvaffaqiyatli yakun topgach, Baqtriya salavkiylar saltanatidan ajralib chiqadi va mil.avv. 250- yilda uning davlat mustaqilligi qayta tiklanadi. Uning tarkibiga Baqtriya (hozirgi Qashqadaryo, Surxondaryo, Tojikiston janubi), Sug’diyona (Zarafshon vohasi), hozirgi Afg’onistonning shimoliy, Turmanistonning sharqiy yerlari – Marg’iyona ham kirgan. Bu davlatning Yunon-Baqtriya deb atalishining boisi shundaki, uning markazi Baqtriya hududlari edi, hukmdorlari esa asosan yunon aslzodalari bo’lgan. Mustaqil Yunon-Baqtriya davlati unga asos solgan, o’zini shoh deb e’lon qilgan Diodot I, uning o’g’li Diodot II davrlarida bir muncha yuksaladi. Bu jarayon Yevtidem I va u boshlab bergan yevtidemiylar sulolasi boshqaruvi davrida yanada kuchayadi. Baqtriya davlati sarhadi keyinchalik Sharqiy Turkiston, Sharqiy Eron, shimoliy-g’arbiy Hindiston, Sind o’lkasi hududlarigacha kengaygan. Uning xo’jalik, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti ham ancha yuksak darajaga ko’tarilganligidan guvohlik beradi. Shimoliy Afg’onistonning Oyxonim, Tojikistonning Ko’hnaqal’a, Qayqobodshoh, Surxondaryo viloyatining Dalvarzintepa, Zartepa va boshqa joylarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimda bu shahar - qal’alarda to’laqonli hayot tarzi hukm surganligidan, ularda savdo-sotiq, hunarmandchilik va boshqa kasb turlari ravnaq topganligidan dalolat beradi. Shu boisdan ham Yunon olimi Yustin Yunon-Baqtriyani ming shaharli davlat deb bejiz ta’riflamagan. Bu davlatning poytaxti Baqtra nomi bilan atalgan. Bu shahar xalqaro karvon savdosi - Buyuk Ipak yo’lining muhim chorrahasida joylashganligidan, unda savdo-hunarmandchilik sohalari bir muncha rivoj topgan. Mamlakatning Eron, Xitoy, Hindiston, singari o’sha davrning rivojlangan davlatlari bilan olib borgan savdo-tijorat munosbatlari asosan mana shu shahar orqali o’tgan. Bundan tashqari bu mamlakatda turli xil don ekinlari, serunum yerlarida uzumzor bog’lar ko’p bo’lgan, sharbatli mevalar etishtirilgan. Bu hol unda dehqonchilik madaniyati o’sganligidan, sun’iy-sug’orish inshootlari tizimi keng tarmoq otganligidan yaqqol dalolatdir. Garchand Yunon-Baqtriya davlatida quldorlik munosabatlari mavjud bo’lsa-da, biroq unda erkin dehqon jamoalari mehnati salmoqli rol o’ynagan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining nisbatan tez o’sishiga, shaharlar hayotining rivojlanishiga muhim turtki bergan. Miloddan avvalgi II asr o’rtalariga kelib bir qator ichki va tashqi vaziyat taqozosi bilan yuz bergan keskin o’zgarishlar oqibatida Yunon-Baqtriya davlati tushkunlikka yuz tutdi. Buning muhim sabablaridan biri - qo’shni Parfiya davlatining kuchayib ketishi va o’z hududlarini Yunon-Baqtriya hisobiga kengaytirishga intilishi bo’ldi. Bu hol Yunon-Baqtriya davlatini mushkul ahvolga solib qo’ydi. Tez orada Hind yerlari hamda Sug’diyona uning tarkibidan ajralib ketdi. Mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlariga esa sharqdan kelgan ko’p sonli katta yuechji qabilalarining hujumi kuchayib, ular asta-sekin Farg’ona, Surxondaryo hududlari sari siljiy boradi. Buning natijasida 120 yilcha mustaqil davlat sifatida mavjud bo’lgan Yunon-Baqtriya davlati halokatga uchradi. O’rta Osiyoda salavkiylar hukmronligining inqirozi natijasida mil. avv. III asr o’rtalarida vujudga kelgan mustaqil davlatlardan yana biri Parfiyadir. Bu davlatga parn Girkaniya (Kaspiy) dengizining janubiy-sharqida yashagan qabilasining yo’lboshchisi Arshak asos solgan. Arshakiylar sulolasining uzoq hukmronligi uning nomi bilan bog’liq. Bu davlatning ilk poytaxti hozirgi Ashxabod shahri yaqinidagi qadimgi Nisodir. Bu shahar xarobalaridan topilgan juda ko’plab noyob topilmalar, asori atiqalar qadimgi Parfiyaning o’z davrida ancha taraqqiy etgan, moddiy va ma’naviy madaniyati yuksalgan davlatlardan biri bo’lganligidan davlolat beradi. Mohir sarkarda, usta diplomat Arshak Parfiyani dovrug’li davlatga aylantirish bilan birga uning hududlarini kengaytirishga ham salmoqli hissa qo’shgan. Arshak avlodlaridan Mitridat I davrida (mil. avv. 170-138 y) bu davlat salavkiylar va Baqtriyaning katta hududlarini o’ziga qo’shib oladi. 155-yilda Midiya podsholigi bosib olinadi. Mil. avv. 147 yilda esa mashhur Bobil shahri ham egallanadi1. Mitridat II davriga kelib (mil.avv. 123-88) Parfiya davlati qudrati benihoya kuchayib, u Rim imperiyasining Sharqdagi asosiy raqobatchisiga aylanadi. Davlat hududlari g’arbga tomon kengayib borganligidan, uning poytaxti ham Ktezafon shahriga ko’chirilgan. Mil. avv. 40 - yillarda Kichik Osiyo, Suriya va Falastin yerlari ham Parfiya qo’l ostiga o’tgan. Biroq tez orada Rim imperiyasi bu hududlarda o’z ta’sirini qayta tiklashga muvaffaq bo’lgan. Buning sababi Parfiya davlati ichida vujudga kelib kuchaya borgan mahaliy boshboshdoqlik, sulolaviy nizolar, so’ngra ko’chmanchi alanlarning xujumlari - bular pirovard oqibatda uning ichki zaiflashuviga, siyosiy beqarorligining kuchayishiga sabab bo’ldi. Boz ustiga to’xtovsiz davom etgan tashqi va ichki urushlar mamlakatni holdan toydirib, uni halokatga duchor etdi. Milodning 207-222-yillarida Parfiya hukmdori bo’lgan Vologes V davrida saltanat ikkiga, ya’ni Mesopotomiya va Midiya davlatlariga ajraladi2.
Xuddi shu davrda Fors hududlarida yangidan vujudga kelib qudrati oshib borayotgan Eron sosoniylari davlati tez orada Parfiyaga hal qiluvchi zarbalar berib, uning erlarini o’z tarkibiga kiritadi. Bu milodning III asri 20-yillarida sodir bo’ladi. O’rta Osiyo yunon-makedon istilosi va salavkiylar sulolasi hukmronligidan keyin mil. avv. III asr boshida hozirgi Toshkent vohasida va Sirdaryoning o’rta va shimoliy oqimi hududlarida Qang’ davlati vujudga kelgan. Bu davlatning etnik tarkibini turli qabila, elatlar tashkil etgan. Unda yetakchi qang’arlardan tashqari katarlar, kamarlar, toharlar, apasshaklar, asiylar va boshqa qabila, urug’lar ham yonma-yon istiqomat qilganlar. Mil. avv. II-I asrlar Qang’ davlatining eng kuchaygan davri edi. Shu davrlarda Qang’ bir qator viloyatlarni o’z tobeligiga bo’ysundirgan edi. Xitoy solnomalarida bu viloyatlarning 5 ta nomi tilga olinadi. Bular – Susye (Kesh-Shahrisabz), Fumu (Zarafshon vodiysi), Yuni (Toshkent viloyati), Gi (Buxoro vohasi), Yuegyan (Urganch shahri va viloyati). Mil. avv. II-I asrlarda Orol dengizining shimoliy sharqidagi Yantsay (Hozirgi Qizil O’rda) va Yan yerlari ham qang’arlar tobeligida bo’lgan.
Shunday qilib, o’z davrida Qang’ davlati O’rta Osiyoda yirik davlatga aylangan edi. Bu davlatning yirik shaharlari sirasiga Aris daryosi sohilidagi O’tror va hozirgi Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumani hududida joylashgan Qanqa (Qang’iz) shaharlari kiradi. Bu shaharlar o’sha davr shaharsozligining yuksak namunalarini o’zida mujassamlashtirgan. Qang’ davlatini boshqarishda podshohning roli va o’rni katta bo’lgan. Shu bilan birlikda davlat va jamiyat hayotiga oid ko’plab muhim masalalarni hal etishda urug’ va qabila oqsoqollaridan iborat Oliy Maslahat kengashining mavqei ham alohida o’rin tutgan. Binobarin, podshoh o’z ichki va tashqi siyosatini yuritishda kengash bilan maslahatlashgan. Viloyat boshliqlari turkiy maqomda jobu yoki yobg’ular deb atalganlar. Ular o’z hududlarini boshqarishda bir muncha mustaqillikka ega bo’lib, markaziy hokimiyatga boj to’lab turganlar. Qang’ hukmdorlari mintaqadagi siyosiy vaziyatga ham faol aralashib, undagi muvozanatni saqlash bobida izchil siyosat olib borganlar. Shaharlarda savdo-sotiq, hunarmanchilik rivoj topgan.
Mahaliy hunarmandlar tayyorlagan urush qurollari (qilich, xanjar, oybolta, o’tkir uchli nayzalar va b.), xo’jalik asbob-uskunalariga talab - extiyoj katta bo’lgan. Qoramozor, Qurama va Chotqol tog’larida temirchilik, miskarlik hunarini rivojlantirish uchun kerak miqdordagi mis, temir, singari ma’danlar qazib olingan. Toshkent atrofidagi Oqtepa 1, Oqtepa 2, Choshtepa, Qovunchitepa, shuningdek O’tror, Sirdaryo havzasida topilgan ko’plab noyob dalillar Qang’ davlatida yuksak moddiy va madaniy hayot tarzi mavjud bo’lganligidan dalolat beradi. Buni «Qovunchitepa madaniyati» nomi bilan tarixga kirgan qadimgi madaniyat namunalari ham isbot etadi. Qang’aliklar chorvachiligi va yilqichiligi to’g’risida ham alohida fikr aytish mumkin. Xitoyliklarni maftun etgan zotdor, tulpor otlar xuddi mana shu hududda va qo’shni Dovon yaylovlarida boqilgan. Xitoy solnomachilari Qang’da chorva mollarining mo’l-ko’lligini, sut-qatiqlarning g’oyatda mazali va to’yimliligini ta’rif etganlar. Qang’a davlatining xalqaro karvon savdosidagi mavqei ham baland bo’lgan. Bunda Buyuk ipak yo’li alohida o’rin tutgan. III asr o’rtalarida Qang’ davlati zaiflasha boshladi.
Qang’ davlatidan birinchi bo’lib Xorazm ajralib chiqdi. Xorazm davlatining poytaxti dastlab hozirgi Tuproqqal’a shahar harobalarining o’rnida bo’lgan. Xorazmshoh Afrig’ Kat shahrini qayta tiklab, mustahkam qasr va binolar qurdirib, 305-yilda poytaxtni Katga ko’chiradi. Kumush tangalar zarb ettirib, davlatni har jihatdan mustahkam boshqaradi. Dovon nomi bilan mashhur bo’lgan davlat Vatanimiz hududidagi qadimgi davlatlardan sanalsa-da, biroq uning haqqoniy tarixi xususida hozirgacha to’la ma’lumotlar topilmagan. Xitoylik elchi Chjan Tsyan yozma manbalarida Farg’ona vodiysidagi davlatni Dovon (Da-yuan) deb atagan. Vaholanki, Farg’ona vodiysi ham ajdodlarimizning madaniy, o’troq hayoti kechgan, o’z davlatchiligiga ega mustaqil hudud sifatida Yunon-Baqtriya, Qang’a singari qadimgi davlatlar bilan tenglasha olishiga hech bir shubha yo’q. Buni mil. avv. II asr oxirlarida (128-yilda) bu o’lkaga tashrif buyurgan Xitoy elchisi Chjan Syan yozib qoldirgan esdaliklar ham isbot etadi. Manbalarda aytilishicha, bu davrda Farg’onada 300 ming nafar aholi yashagan. Uning 70 dan ziyod katta-kichik shaharlari bo’lib, ularda savdosotiq, hunarmandchilik yuksak darajada rivojlangan. Mamlakat poytaxti Ershi (hozirgi Andijon viloyatning Marhamat tumanida joylashgan) o’z davrining obod, ko’rkam va aholisi gavjum shaharlaridan sanalgan. Qadimgi O’zgan, Koson ham Dovonning eng mashhur shaharlari sirasiga kirgan. Dovon hududida 10 dan ortiq yirik dehqonchilik manzilgohlari mavjud bo’lib, ularda yerli mirishkor aholi sholi, bug’doy va boshqa dehqonchilik ekinlari yetishtirish bilan shug’ullangan. Bularga Aravonsay, Oqbo’ra, Sultonobod, Qo’rg’ontepa, Andijonsoy, Moylisoy, Ulug’nor, Yilg’insoy, Shahrixonsoy kabi dehqonchilik makonlarini nisbat berish mumkin. Xitoy Farg’ona davlatining boy-badavlat turmushiga, uning boyliklariga ko’z olaytirib, unga qarshi bir necha bor katta qo’shin tortib bostirib kelgan. Chunonchi, mil. avv. II asr oxirlarida (104-yilda) va milodiy 1 asrning 80-yillarida xitoyliklar Dovon davlatini o’zlariga bo’ysundirish uchun u bilan shiddatli urushlar olib borganlar. Dovonliklar o’z qo’shnilari Qang’a va Kushonlarning harbiy yordami bilan yurt mustaqilligini saqlab qolishga muvaffaq bo’ladilar. O’rta Osiyo hududlarini kuch bilan egallash mumkin emasligini tushungan Xitoy tomoni shundan so’ng Dovon davlati bilan shartnoma tuzadi. Bunga ko’ra ikkala davlat o’rtasida diplomatik va savdo-sotiq munosabatlarini yo’lga qo’yish, jumladan, Farg’onaning uchqur arg’umoqlarini Xitoyga sotishga kelishib olinadi. Farg’ona hududi O’rta Osiyo ijtimoiy siyosiy hayotida sodir etilgan keyingi muhim o’zgarishlar jarayonida ham o’zining nisbiy mustaqilligini bir muncha saqlab qolishga muvaffaq bo’lgan. Mil.av. II asrning ikkinchi yarmida, xitoy manbalarida ta’kidlanishicha, Sharqiy Turkiston hududlarida yashovchi yuechji qabilalari o’z qo’shnisi – xunnlar tazyiqiga uchrab, ularning siquviga bardosh berolmay g’arbga tomon siljiydilar. Yuechjilar Issiqko’l atrofida sak qabilalari bilan to’qnashib ularni janubiy-g’arb tomonga suradilar. Biroq yuechjilar usun qabilalari zarbasiga uchrab janubga siljib mil. avv. 130-yillarda Sug’diyona hududiga kirib keladilar.
Yuechjilar, Xitoy tarixchisi Chjan Syan ta’kidlashicha, Sug’diyonadan Baqtriyaga yuradilar va Baqtriyadagi yunonlar hukmronligini ag’daradilar. Xitoy manbalarida ta’kidlanganidek, yuechjilar beshta siyosiy xonadonga mansub edilar: Guyshuan (Kushon), Xyumi, Shuanmi, Xise, Dumi. Ularning har biri qariyb 100 yilcha alohida-alohida siyosiy kuch, hokimlik bo’lib, yagona hukmdorga bo’ysunmagan holda faoliyat yuritadilar. Yunon manbalarida esa bu qabilalar toxarlar deb qayd etiladi. Milodning I asrida Kushonlar xonadoni boshlig’i Kudzula Kadfiz (Kiotszyukyu) barcha yuechji (toxar) qabilalarini birlashtiradi va kushon podsholigi (Toxariston) ga asos soladi. Kudzula Kadfiz qo’shni hududlarga yurish uyushtirib Sug’diyona, Marg’iyona, Hindistonning shimoli-g’arbiy qismini zabt etadi. Shu tariqa, yirik davlat - Kushonlar saltanati tashkil topadi.
Kudzula Kadfiz keyinchalik Qobul va Qandahor hududlarini egallaydi. Bu davrda mamlakat poytaxti Dalvarzintepa (Surxondaryoning Sho’rchi tumanida) shahri bo’lgan. Kadfiz 1 davrida zarb etilgan tangalarda «Kudzula Kadfiz Yabg’u» degan yozuvlar uchraydi1. Uning o’g’li Vima Kadfiz podsholigi davri ham muhim o’zgarishlar bilan bog’liq. Bu davrga kelib shimoliy Hindistoning bir qator muhim hududlari egallanadi. Vima Kadfiz mamlakatda pul islohoti o’tkazib, vazni 8 gr og’irlikdagi oltin tangalarni zarb qildirib muomalaga chiqartiradi. Bu esa xalqaro savdoda Kushonlar davlati obro’sining ko’tarilishiga sabab bo’ladi. Xuddi shu vaqtda Rim imperiyasi bilan savdo-sotiq aloqalari kuchayadi. Kushonlar saltanatining eng kuchayishi Kanishka (78-123) davriga to’g’ri keladi. Bu paytga kelib Hindistonning Peshovar, Panjob, Kashmir va boshqa markaziy hududlari, shuningdek, Farg’ona, Sharqiy Turkistonning ancha qismi uning davlati tarkibiga kirgan edi. Bu davrda mamlakat poytaxti ham Peshovarga ko’chirilgan. Kanishka mamlakat ichki hayotida muhim ijtimoiysiyosiy va ma’naviy o’zgarishlarni amalga oshirish barobarida tashqi siyosatda ham g’oyatda uddaburonlik bilan faoliyat yuritadi. Uning din sohasida o’tkazgan islohoti muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Uning davrida diniy tenglik va bag’rikenglikka alohida e’tibor berilgan. Garchand bu vaqtda ma’budalar ichida xudo Nana alohida ulug’lansa-da, biroq mamlakatning turli hududlarida mahalliy aholi oldindan e’tiqod qilib kelgan boshqa dinlar erkinligi va dahlsizligi saqlanib qoldi. Hatto zarb etilgan oltin va kumush tanga pullarda Budda xudosi bilan bir qatorda mahalliy xalqlar e’tiqod qo’yib kelgan xudolar - Anaxita, Mitra, Veretragna, Vaxsh va boshqalarning ham tasvirlari tushirilganligi bunga yorqin dalildir. Bu davrda zarb etilgan tangalar avvalgidek yunon tilida emas, balki mahalliy kushon - baqtriy tilida chiqarilganli alohida e’tiborga loyiqdir. Bunday uzoqni ko’zlab oqilona yuritilgan siyosat Kushonlar davlatida turli aholi qavmlari, ijtimoiy guruhlari o’rtasida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilgan. Biroq Kanishkadan so’ng hokimiyatga kelgan Vasishka, Xuvishka, Vasudevalar davriga kelib Kushonlar davlati bir qator ob’ektiv va sub’ektiv sabablar orqasida asta-sekin inqirozga uchray boshlagan. Ayniqsa III asr o’rtalariga kelib qo’shni davlat - Parfiya o’rnida yangidan vujudga kelib, tobora kuchaya borgan Eron sosoniylari hukmdorlarining to’xtovsiz olib borgan urush harakatlari natijasida Kushon davlati ziflashib, hududlari kichrayib bordi. Ayni paytda, 353-yilda Sug’diyonaga Yettisuv va Sharqiy Turkistondan o’z hukmdori Grumbat boshchiligida xioniylar nomli ko’chmanchi qabilalar bostirib kiradilar. Xioniylar Kushonlarga zarba berib, Sirdaryodan to Amudaryo havzasigacha bo’lgan hududlarda o’z hukmronligini o’rnatadilar. Shu tariqa, janubiy-g’arbdan sosoniylar, shimoliy-sharqdan xioniylar zarbasiga uchragan Kushonlar saltanati oxir-oqibatda halokatga uchradi. Kushonlar sulolasi hukmronligi davri ko’hna tariximizda katta iz koldirgan ekan, buni uning tarkibiga kirgan har bir hudud yoxud elatlar hayoti misolida yaqqol ko’rsa bo’ladi. Uning dastlabki poytaxti Dalvarzintepa (Surxondaryo), unga tutash Xalchayon (Denov), Zartepa, Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom (Termiz atroflari) va boshqalar Kushonlarning eng rivoj topgan savdo sotiq, hunarmandchilik sohalari o’sgan gavjum shaharlari hisoblangan. O’lkamizda sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik madaniyati nihoyatda taraqqiy etgan, ko’plab sug’orish inshootlari barpo etilgan. Surxondaryo vohasida Eski Angor, Zang, So’g’ddagi Darg’om kanallari shular jumlasidandir. Vatanimiz hududida shaharsozlik, me’morchilik, haykaltoroshlik, kulolchilik singari hunarmandchilik turlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Buni ko’hna Tuproqqal’a, Ayritom, Termiz, Axsikent shaharlari o’rnida olib borilgan tarixiy tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Ayni chog’da Kushonlar davrida moddiy va ma’naviy madaniyat yonma-yon tarzda rivojlanib borgan, deb xulosa chiqarishga to’la asoslar bor. Mil. av. II asr boshlarida Dovon va Qang’ davlatlariga tashrif buyurgan Xitoy elchisi va sayyohi Chjan Syan safaridan so’ng Xitoy bilan O’rta Osiyo davlatlari o’rtasidagi diplomatik va savdo-sotiq aloqalari yangi bosqichga ko’tariladi. Elchining bu yurtda ko’rgan-kechirganlari, ayniqsa uzumchilik, vino tayyorlash, rangli shishalar ishlab chiqarish, zargarlik, zotdor, uchqur otlar Xitoy hukmdorlarini qiziqtirgan. Bu esa ikki o’rtadagi aloqalarga keng yo’l ochgan.



Yüklə 112,36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə