Ilk o'rta asrlar davri arxeologiyasi



Yüklə 48,3 Kb.
tarix15.03.2018
ölçüsü48,3 Kb.

Aim.uz

Ilk o'rta asrlar davri arxeologiyasi

Reja:


1. Ilk o'rta asrlarda ijtimoiy-siyosiy va madaniy taraqqiyot.

2. Ibodatxonalar, saroy va uy-joy me'morchiligi.

3. San'atning yuksalishi.yuksalishi.
Adabiyotlar:

1. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T., 2008.

2. Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. – T., 1998.

3. Annayev T., Tilovov B., Xudoyberdiyev Sh. Boysun arxeologik yodgorliklari. – T., 1999.

4. Annayev Т., Shaydullayev Sh. Surxondaryo tarixidan lavhalar. – Т., 1997.

5. Buryakov Yu.F. Toshkent vohasining qadimgi karvon yo’llari. – T., Fan, 1978.

6. Isomiddinov M.H. Sopolga bitilgan tarix. – T., 1993.

7. Альбаум Л.И. Живопись Афрасиаба. – Т., 1975.

8. Аннаев Т.Д. Раннесреневековые поселения Северного Тохаристана. – Т., Фан, 1988.

9. Беленицкий A.M., Бентович И.Б., Большаков О.Б. Средневековый город Средней Азии. – Л., 1973.

10. Живопись древнего Панджикента / Отв. ред. А.Ю. Якубов-ский и М.М. Дьяконов. – М., 1954.

11. Кабанов С.К. Культура сельских поселений Южного Согда III-VI вв. – Т., 1981.

12. Кабанов С.К. В оазисах и степях Кеша и Нахшеба. – Т., Узбекистан, 1988.

13. Пугаченкова Г.А., Ремпель Л.И. Очерки искусства Средней Азии. – Т. 1989.

14. Пугаченкова Г.А. Шедевры Средней Азии. – М., 1989.

15. Фрейман А.А. Описание публикации и исследование документов с горы Муг. – М., 1962.



Tayanch tushunchalar

O’rta asr, yer egaligi, Afrosiyob, Panjikent, Shosh, Quva, qasr-qo’rg’on


Tarix faniga o’rta asr tushunchasi uyg’onish davri mutafakkirlari tomonidan kiritilgan bo’lib, madaniyat yuksak taraqqiy etgan antik davr bilan uyg’onish davr o’rtasidagi davrga nisbatan ishlatilgan. O’rta asrlar feodal yer egaligi munosabatlari davri bo’lib uch bosqichdan iborat: 1) ilk o’rta asrlar (V - ІX asrlar); 2) rivojlangan o’rta asrlar (ІX - XVasrlar); 3) so’nggi o’rta asrlar (XVІ - XVІІ asrning o’rtalari) ni o’z ichiga oladi.

O’rta Osiyoda o’rta asrlar davrining dastlabki bosqichi yirik davlatlar – Kushonlar saltanati va Qang’ davlati konfederatsiyasining inqirozi va ular ustiga xionitlar, kidaritlar va eftalitlar kabi ko’chmanchi qabilalarning ommaviy ravishda bostirib kirishi bilan boshlandi. Bu ikki davlatning tanazzuli O’rta Osiyo hududlariga Eron sosoniylarining istilochilik harakatini faollashtirdi. Ammo ko’chmanchi qabilalar, ayniqsa eftalitlar bunga yo’l qo’ymadi. VI asrning ikkinchi yarmida sosoniylar O’rta Osiyoda Turk xoqonligi bilan to’qnashishga to’g’ri keldi. Hokimiyatni o’z qo’liga olgan G’arbiy Turk xoqonligi 100 yil davomida butun O’rta Osiyo ustidan nazoratini o’rnata oldi.

VII asrda O’rta Osiyo ijtimoiy va siyosiy hayotida yuz bergan feodallashish jarayonining rivojlanishi xoqonlikda ichki qarama-qarshiliklarning chuqurlashishiga olib keldi. Natijada, nomigagina hoqonlik hukmronligini tan olgan mahalliy sulolalar boshchiligidagi katta va kichik yer egaligi jadal rivojlandi. Jamiyatning ijtimoiy tarkibida o’zgarishlar, katta yer egalari bo’lgan dehqonlar, badavlat savdogar va hunarmandlar tabaqasi paydo bo’ldi. Ular o’z navbatida shaharlarning vujudga kelishiga, ko’p tarmoqli hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishiga ta’sir o’tkazdi.

Ma’lumki, G’arb bilan, Sharqni bog’lovchi muhim savdo yo’li bilan Buyuk Ipak yo’li («G’arbiy meridianal yo’l») ning qadimgi Farg’onadan o’tgan yo’nalishi ilk o’rta asrlarga kelib, O’rta Osiyo shimoliy hududlarining ichki rayonlariga kirib bordi. Natijada O’rta Osiyoning chorvador qabilalari va o’troq aholisi o’rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar kuchaydi.

Savdo-sotiqni pul asosida rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratildi, tanga – pul zarb qilishga bo’lgan ehtiyoj kuchayib, pul zarbxonalarining yangi markazlari paydo bo’ldi. O’rta Osiyo bozorlarida Tohariston, So’g’d, Ustrushona va Shosh tangalari keng muomalada bo’ldi.

Ilk o’rta asrlarda O’rta Osiyoda shahar hunarmandchiligi keng tarmoq otib rivojlanishda davom etdi. Samarqand, Buxoro, Poykent va boshqa shaharlar yirik savdo-sotiq markazlari sifatidagi o’rnini saqlab qoldi. Hatto Shosh-Iloq vohasidagi shaharlar juda jadal rivojlanish yo’liga tushib oldi. Bu shaharlarda hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik, metallurgiya, to’qimachilik sohalari yuksak professional darajada rivojlanib ular ko’p hollarda tashqi savdo uchun mahsulot chiqarar edilar.

Ilk o’rta asrlarda to’qimachilik O’rta Osiyo hunarmandchiligining ustivor yo’nalishiga aylandi. Ayniqsa ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish keng yo’lga qo’yilgan. Arxeologik materiallarning guvohlik berishicha ipak qurtini boqish Qadimgi Baqtriyada bronza davridan ma’lum bo’lgan. Antik davri va ilk o’rta asrlarga kelib, ipakchilik bilan shug’ullanish So’g’diyona va Farg’ona vodiysiga ham keng yoyildi. Ipakchilikning jahonga mashhur markazlari paydo bo’ldi. Masalan, VI-VII asrlarda shakllangan Buxoroning «zandanachi» ipak mahsulotlariga bo’lgan talab hatto ipakchilikning ilk vatani Xitoyda ham katta edi. Zandanachi ipak mahsulotlarining namunalari hatto Afrosiyob devoriy su’ratlarida yaxshi saqlangan.

Ilk o’rta asrlar davrida O’rta Osiyo tarixida muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bo’lib o’tdi va keyingi tarixiy taraqqiyotga ijobiy ta‘sir ko’rsatdi. Albatta feodal yer egaligi munosabatlari dunyoning turli xalqlari va mamlakatlarida bir vaqtda sodir bo’lmagan. Ilk o’rta asrlar O’rta Osiyo tarixida V-ІX asrlarni o’z ichiga olib, muhim tarixiy voqealarga boyligi bilan ajralib turadi.

Milodiy ІІІ - ІV asrlarda yirik imperiya - Kushon davlati inqirozga yuz tutdi va parchalanib ketdi. ІV asrda O’rta Osiyo hududiga xioniylar kirib keldilar. Xioniylar etnik jihatdan kelib chiqishi kushonlarning avlodlari hisoblanib, ayrim tarixiy manbalarda toxarlar deb ham yuritiladi. Mazkur xalq O’rta Osiyoda 120 yilga yaqin hukmronlik qildi. Xioniylar birinchi marta Ammian Martsellinning 356 yilgi hikoyasida ularning podshosi Grumbat va o’g’lining Amida (Suriya) shahrini qamal qilganligi yoziladi. Xioniylar Amudaryo havzasini egallab olgach, g’arbga yurish qiladilar.

V asr boshlarida tarix sahnasiga kidariylar chiqdi. Ularning poytaxti Balx bo’lib, podshosi Kidar nomi bilan bog’lik tangalar Amudaryoning janubidagi yerlardan topilgan.

V asr o’rtalarida O’rta Osiyo tarixida yangi siyosiy kuch - eftalitlar paydo bo’ldi. Eftalitlar etnik jihatdan S.P. Tolstov fikricha massagetlar avlodidir. Eftalitlar tarixiga oid yozma manbalar - xitoy, arman, Vizantiya, arab manbalaridir. Mazkur davlat O’rta Osiyoda V asr o’rtalaridan VI asr 60-yillargacha hukmronlik qildi. U hududiy jihatdan Kushon imperiyasidan 2 barobar katta bo’lib, hokimi mutlaq boshqargan. Ushbu davlat o’zlarigacha mavjud bo’lgan jtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni o’zgartirmadilar.

Eftalitlar davrida hozirgi O’zbekiston hududida dehqonlarning qasr-qo’rg’onlaridan bir qancha shaharlar paydo bo’ladi. Bunday shaharlar jumlasiga Bolaliktepa, Varaxsha kabilarni kiritish mumkin. Ilk o’rta asrlarga oid yirik shaharlar jumlasiga qadimdan mavjud bo’lgan Afrosiyob, Buxoro, Poykand, Toshkent, Termiz va boshqlarni kiritish mumkin.

Shuningdek, mazkur davrga oid devoriy suratlar Bolaliktepa, Varaxsha, Toshkentdan topib o’rganilgan. Eron sosoniylariga mansub ko’plab tangalar topilgan.

O’zbekiston hududidagi ilk o’rta asrlarga mansub shaharlarning maydoni uncha katta bo’lmaganligini ta‘kidlash lozim. Bu vaqtda Samarqandning aylanasi 3,5 km, Poykandniki 1,8 km, Farg’onadagi Koson shahriniki 2 km ni tashkil etgan. Mazkur davrga oid arxeologik topilmalarni hududlar bo’yicha ko’rilganda quyidagi manzara hosil bo’ladi.

Ilk o’rta asr So’g’d yodgorliklari jumlasiga Afrosiyob, Varaxsha, Poykand, Panjikent, Tallu Barzu, Tohariston yodgorliklariga Bolaliktepa, Kofirqal‘a, Fargona yodgorliklariga Quva, Axsikat, Koson, Toshkent vohasida Binkat, Yunusobod, Mingo’rik, Xorazm hududida Fir qal‘asi, Baraktom, Kuyukqal‘a, Teshikqal‘a va boshqalar mavjud bo’lgan. Mazkur davrda aholining o’rtoqlashuvi natijasida sun‘iy sug’orish inshootlari quriladi. Bular jumlasiga Bo’zsuv, Zog’ariq, Darg’om kanallarini kiritish mumkin.

1948 yilda arxeolog A.Terenojkin Afrosiyobning ilk o’rta asrlarga oid qatlamlarini tekshiradi. 1958 yildan buyon Afrosiyobni o’rganilish davom etmoqda va hozirgacha turli davrlarga oid bir qancha boshqa yodgorliklar ham o’rganildi. VІ asrga mansub Tallu Barzu yodgorligidagi qazuv ishlari jarayonida VІІІ asrga oid sopol idishlar majmui, sosoniylar tangalari, quyi qatlamidan esa antik va Kushon davriga oid temirchilik charxi, sopol idishlar, haykalcha topildi. 1956-57 yillarda Kofirqal‘a o’rganila boshlanadi.

Olib borilgan qazuv ishlari natijasida ІV-V asrlarda Samarqand tushkunlikka uchraganligi aniqlandi. Uning rivojlanishidagi yangi davr VІ asrdan boshlanadi. Ark yangi devor bilan o’rab olinadi VІ asrda uzunligi 1,5 km to’rtinchi devor quriladi. Shahar janubga qarab kengayib boradi va uzunligi 3 km ichki devor quriladi. ІІІ-ІV asrlarga oid kulollar va miskarlar mahallalari topilgan.

VІІ asrlarda Afrosiyobda maxsus saroy devori quriladi va shaharning to’rtinchi tashqi devori butunlay qayta quriladi. Saroy devorining ichida yirik inshootlar alohida binolar qurilgan.

Ilk o’rta asrlarga xos Samarqandning quyidagi binolari mavjud bo’lganligi aniqlangan:

A) o’rtahol shaharliklarning turar joylari devorlari qalinligi 1,1 m, uy maydoni 11,8x 6,45 m, ko’pchilik hollarda 2,6 x 2,5 m bo’lgan.

B) Shahar kiborlari turar joylari devorlariga rasmlar ishlangan.

V) Jamoat binolari.

G) Ibodatxona.

D) Saroy bir necha xonalardan iborat bo’lgan.

Shahar aholisi kasb-korlari bo’yicha mahallalarga bo’lingan. Shunday qilib VІ-VІІ asrlarda So’g’d poytaxti bo’lgan Samarqand ko’p asrlik tarixida o’z taraqqiyotining yuqori darajasiga ko’tarildi.

Varaxsha shahar xarobasida o’tkazilgan arxeologik qazishlar tufayli eftalitlar davrida shaharni tubdan qayta qurilish ishlari olib borilganligi aniqlandi. Varaxsha Buxoro hukmdorlari (buxorxudotlar) ning qarorgohi bo’lib, bu yerdan saroy qoldiqlari bilan bir qatorda devorga ishlangan rasmlar ham topildi.

Mazkur yodgorlik 1938-1953 yillarda tekshirildi. Varaxsha devorlariga loy suvoqdan so’ng yelimli rang bilan suratlar solingan. Ularda podsho saroyi hayoti tasvirlangan. Shuningdek Varaxshadan ganchdan ishlangan haykallar ham topilgan.



Qashqadaryo vohasida ham ilk o’rta asrlarga oid yodgorliklar ro’yxatga olingan. Ayniqsa S.K. Kabanov tomonida Qarshi vohasida joylshgan 300 dan ortiq tepaliklar ro’yxatga olinib xaritasi tuziladi. 1946 yildan boshlab ilk o’rta asrlarga oid yodgorliklari tadqiq etila boshlandi va bu borada katta yutuqlarga erishildi. 70-yillardan boshlab G’uzor va Dehqonobod tumanlaridagi, shuningdek Yuqori Qashqadaryo vohasidagi ilk o’rta asrlarga oid yodgorliklar KATE a’zolari tomonidan o’rganildi.

Panjikent xarobasini tekshirish 1946 yildan buyon olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida V, VІ, VІІ asrlarga oid bo’lgan turar joylar tekshirildi. Turar joylar jumlasiga Divashtich saroyi, boy va oddiy shahar aholisi uylari kiradi. Boy xonadon uylari murakkab reja asosida qurilgan. Bu yerda ham ijtimoiy uylar 2 ta ibodatxona ochib o’rganildi. Saroy va yirik binolarning devorlariga hayotiy va diniy mavzudagi rasmlar solingan. Samarqand, Varaxsha, Panjikent rasmlari ilk o’rta asrlarda O’rta Osiyoda tasviriy san‘at yuqori darajada bo’lganligini ko’rsatadi.

1953-1954 yillarda Surxondaryoda qazib o’rganilgan Bolaliktepa qal‘asi eftalitlar davrining diqqatga sazovor yodgorliklaridan biridir. Bolaliktepa baland poydevor ustiga qurilgan bino bo’lib, uning ichki devorlariga turli rasmlar ishlangan.

Farg’onadan topilgan Quva budda ibodatxonasi ikki binodan iborat bo’lib, ularning eshiklari alohida bo’lgan. Ayvonga kiraverishda otlarning, soqolli ma‘budning katta haykali bo’lib, uning peshonasida odamning bosh suyagi tasvirlangan. Bu yerdan turli haykalchalar ham topilgan.

Xitoy manbalarida Ishtixon shahri ibodatxonalarida Buddaning oltindan yasalgan katta haykali bo’lganligi haqida ma‘lumot beriladi.

Toshkent vohasidan ilk o’rta asrlarga mansub Mingo’rik, Yunusobod Oqtepasi yodgorliklari topilgan. V-VІІ asrlarda Toshkent vohasida shahar markazi sifatida Mingo’rik muhim ahamiyat kasb etgan. Ko’chmanchi aholi bilan munosabatlar bu yerning hayotiga o’z ta’sirini ko’rsatgan. Turar joylar katta-kichikligiga qarab farqlanadi.

Feodallarning turar joylaridan hokim qarorgohlaridan kichikroq Oqtepadagi uylar qurilishi jihatdan boshqa yerlardagi uylarga o’xshash. Mingo’rik arki va shahristoni 18 ga egallaydi. 200 m kv maydondan VІІ-VІІІ asrlariga oid saroy va ibodatxona qoldiqlari topilgan. Devorlar paxsa va xom g’ishtdan qurilgan. Shosh O’rta Osiyoning boshqa yerlari bilan savdo aloqalarini olib borgan.

Milodiy V-VІІІ asrlarda Shosh vohasida Yunusobod ham muhim rol o’ynagan. Maydoni 100 ga bo’lgan mazkur yodgorlik ko’rilayotgan davrida Shosh vohasining eng muhim markazlaridan biri bo’lgan.

Xorazm hududidan ilk o’rta asrlar davriga oid shahar va mustaxkamlangan qo’rg’oncha qoldiqlari topib o’rganilgan. Fir saroyi, Burgutqal‘a, Teshikqal‘a, Kuyukqal‘a, Mizdakhon va boshqalar o’rganilgan.

Burgutqal‘a, Teshikqal‘a qasr-istexkomlari VІ-VІІІ asrlarga mansubdir. Mazkur davrda qal‘alar balandligi 4-8 m bo’lgan mustahkam tagkursi (platforma) ustiga qurilgan. Teshikqal‘a maydoni 1 ga egallaydi. Qal‘a mudofaa inshootlariga ega bo’lgan, unga faqat ko’tarma yo’l orqali kirilgan. Bu yerdan devorlarga ishlangan rasmlar, gilam parchalari, tangalar topilgan. Qal‘a VІІ-VІІІ asrlarda qurilgan.

V-VІ asrlarda kurilgan Kuyukqal‘a 41 ga maydonni egallagan. Uning ichki qismida ikkita qasr bo’lganligi aniqlandi. Ilk o’rta asrlar devorida Xorazmda ham xo’jalik va madaniy hayot yuksak bo’lganligini moddiy ashyolar tasdiqlaydi. Bu yerning yodgorliklari arablar istilosi arafasida tushkunlik bo’lganini ko’rsatadi.

VІ-VІІ asrlarda yangi ko’rinishdagi qishloqlar katta-katta oilalar yashaydigan mustahkamlangan qasr-qo’rg’onlar paydo bo’la boshladi. Bunday qasr-qo’rg’onlar Xorazmda yaxshi o’rganilgan.

Dehqonchilik bilan shug’ullangan erkin aholi mustahkamlangan mayda qo’rg’onchalarda yashaganlar. Xorazmda ana shunday qo’rg’onlarning 200 dan ortig’i topildi. Ular bir-biridan 200 m masofada joylashgan va 34 km kv maydonni egallagan. Har bir qo’rg’onning atrofi devor bilan o’rab olingan. Arab tarixchisi Al-Makdisiyning ma‘lumotiga ko’ra Mizdakhon atrofida X asrda 12 mingta qo’rg’onlar bo’lgan.

Ilk o’rta asrlarda haykaltaroshlik san’ati keng qo’llanilgan. U dumaloq va bo’rtma tasvir shaklida me’morchilik komplekslarida ishlatilgan. Bu haykallarda diniy va afsonaviy obrazlar bilan bir qatorda real hayotni aks ettiruvchi obrazlar ham uchraydiy. Haykallar maxsus tayyorlangan loydan, yog’och, albaster va toshdan ishlangan.

Amaliy xaykaltaroshlik san’atining yorqin namunalari IV-V asrlarga oid Toharistonning Kuyovqo’rg’on qal’aqo’rg’onidan topiladi. Kuyovqo’rg’on haykallari ziynatli bezaklarga boy yengil kiyimlardagi erkak va ayol personajlaridan iborat bo’lgan.

Ma’lumki, ilk o’rta asrlarda ijtimoiy munosabatlarning o’zgarishi ya’ni feodallashish jarayonining rivojlanishi me’morchilikning xarakteri va mazmuniga ta’sir etadi. Bu hol dastlab qo’rg’on-qasrlar, ko’shklar qurilishida ko’zga tashlanadi. Keyinchalik podsholarning saroylari, shaharlardan tashqaridagi hashamatli va ulug’vor qarorgohlari keng tarqaladi. Bu binolar ko’p hollarda sun’iy tepaliklar ustiga qurilib, ularning me’moriy echimlari mahobatli bo’lishiga katta e’tibor beradi. Binolar ham g’ishtdan va paxsadan qurilgan. Devorlari ganch bilan pardozlangan, xona devorlari devoriy surat va naqshlar bilan bezatilgan.

Ilk o’rta asrlar davri monumental memorchiligida noyob ganch naqshinkorligi keng qo’llanilgan. Darhaqiqat, ilk o’rta asrlarda ganch o’ymakorlik san’ati o’zining yuqori darajasiga ko’tarilgan edi. Uning hatto dastlabki namunalarida o’z zamonasiga xos yangi uslubiy yo’nalish shakllangan edi. Buni Afrasiyob, Varaxsha va Dumaloqtepa qasr bezaklarida uchratish mumkin.

Ilk o’rta asrlarda amaliy san’atning barcha yo’nalishlari rivojlanadi. Ular shaharlarning o’sishi va shahar hunarmandchiligining taraqqiyoti bilan uzviy bog’langan edi. Oltin va kumushdan har xil idishlar yasash ko’lami kengayadi. Ayniqsa, bu masalada Xorazm va So’g’dda katta yutuqlarga erishiladi.

O’rta Osiyoda ilk o’rta asrlar davrida yagona din bo’lmagan. Arablar istilosi bilan bog’liq holda islom dini keng tarqalgani ma’lum. Farg’ona vodiysida ya’ni Quvadan topilgan ibodatxona xarobasi buddaviylik dini bilan bog’liq bo’lib, u 2 xonali, old xonasi ayvon shaklida qurilgan. Xorazmda ham ko’mish marosimlari bilan bog’liq bo’lgan ossuariylar yoki ostadon deb nomlangan to’rtburchak shaklidagi tobutchalar otashparastlik e’tiqodi bilan bog’liq bo’lgan. Ostadonlar So’g’d, Shosh hududlaridan ham topilgan. Zardushtiylik dini bilan bog’liq bo’lgan ibodatxonalar tepalikka qurilib, old tomoni esa quyosh chiqish tomonga qaratilgan.

Ilk o’rta asrlarda O’rta Osiyoda so’g’d, xorazm, eftalit, turk bitiklari paydo bo’ldi. Mazkur yozuvlar tarixiy manba bo’lishi bilan birga noyob ilmiy manba hisoblanadi.



Aholining diniy e‘tiqodi turlicha bo’lgan: Tohariston va Sharqiy Turkiston aholisi buddizm, So’g’d va Xorazm aholisi otashparastlik diniga e‘tiqod qilganlar. Shu davrla O’rta Osiyoga moniylik va nestarian-xristian dini ham tarqala boshlagan. Urgut yaqinida topilgan xristian dini ibodatxonasi shu o’tmishni tasdiqlaydi.


Aim.uz




Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə