Iqtisodiy ta'limotlar


Merkantilizm iqtisodiy ta'limotining tarixiy taqdiri



Yüklə 2,19 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə30/152
tarix21.10.2023
ölçüsü2,19 Mb.
#130090
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   152
48 Iqtisodiy talimotlar tarixi 2005 Oquv qollanma A Razzoqov Sh

5.3. Merkantilizm iqtisodiy ta'limotining tarixiy taqdiri 
XVIII asrning oxirida merkantilizm iqtisodiy ta'limot yo`nalishi 
sifatida tarix sahnasidan tushdi. Sanoat inqilobi (to`ntarishi) sharoitida bu 
ta'limot va unga asoslangan siyosat hayot talabiga javob bermay qo`ydi. 
Xo`sh, bu ta'limot nega tarix sinovidan o`ta olmadi, uning "bo`sh joylari" 
nimalardan iborat? 
Bu ta'limotning xatolarini klassik maktab vakillari, hatto ayrim 
merkantilistlar ham tan olgan. A.Smitning fikricha, bu "bizning savdogar 
va sanoatchilar tomonidan sotqin parlamentga o`tkazilgan proteksionistik 
anglashilmovchilikning qorishmasidan iborat va boylik bu pulga egalik 
bilan bog`liq eng oddiy tushunchadan iborat. Agar o`z boyligini oshiraman 
desa, har bir individ kabi davlat ham olayotganidan kam sarflashi kerak. 
Iste'mol etilganidan tashqari qaysi moddiy shaklda bo`ladi? Oddiyroq 
aytganda, daromad va buromadning farqi nimada ifodalanadi? 
Merkantilistlar uni mustahkam pul yoki oltin, zeb-ziynatlardan iborat deb 
bilganlar. Pul va kapital o`rtasida tenglik qo`yilishi xato edi. Shuningdek, 
savdo balansining aktiv saldosi bilan yillik foydaning iste'moldan 
ortiqchasi ham tenglashtirilgan. A.Smit va uning izdoshlari bu ta'limotning 
xatolarini shunday izohlaydilar. 
O`sha davrdagi (va hozirgi) olimlarning fikricha, mamlakat boyligi 
oltin va kumush zahiralaridangina iborat bo`lmay, yer, qurilish va boshqa 
ko`plab iste'mol mollaridan iboratdir. Masalan, V.Petti Angliyaning XVIII 
asr oxiridagi pul miqdoriga baho berib, bu pullar barcha mulkning 3 
foizidan kamroq ekanligini isbotlab berdi. 
Aktiv savdo balansi faqat vaqtincha samara beradi. 1630 yilda 
T.Manni o`zi ham mamlakatga qimmatbaho metallarning oqib kelishi ichki 
baholar ko`tarilishiga olib kelishini va "qimmatroq sotish, arzonroq olish" 
doktrinasi mamlakatning o`ziga qarshi ekanligini tushundi. 
Taniqli ingliz iqtisodchi R.Kantilyon (1680-1734) va D.Yum 
(1711-1776)lar ham merkantilistlar g`oyasining noto`g`ri ekanligini 
isbotlab berdilar. Sof avtomatik mexanizmlar savdo qilayotgan davlatlar 
o`rtasidagi "pul metallarining tabiiy taqsimlanishi"ga va ichki baholar 
darajasining shunday o`rnatilishiga olib keladiki, har bir mamlakat eksporti 
uning importiga teng bo`ladi. Alohida mamlakatda har bir qo`shimcha oltin 
qazib olish hajmlari boshqa mamlakatlarga nisbatan ichki baholar 
darajasini oshiradi. Importning eksportdan ortiqligi oqibatida oltinning 
oqib ketishi bilan qoplanishi kerak. Bu jarayon savdo qilayotgan barcha 
davlatlarda eksport va import o`rtasida oltinga yuqoriroq talabga mos 


102 
bo`lgan yangi tenglik paydo bo`lguncha davom etadi. Tashqi savdo va 
oltin, tutash idishlardagi suv bir sathda bo`lishga intilgani kabi, aktiv savdo 
balansi ortidan quvish o`z-o`zini inkor etadi. 
1690 yil Jon Lokk baholarning muomaladagi pulning miqdoriga 
ma'lum proporsiyada o`zgarishini aniq ko`rsatib berdi. Lekin import 
kapital ko`proq qo`llaniladigan xom ashyo va yarim fabrikatlardan, eksport 
va mehnat intensiv qo`llaniladigan oxirgi mahsulotdan bo`lishi umumiy 
qoida sifatida qabul qilingan, chunki mehnatning sof eksporti mamlakat 
ichida aholini ish bilan bandligini qo`llaydi va chet el manbalaridan 
foydani ko`paytiradi. Merkantilistlar o`zlarining yuqoridagi yaxshi ma'lum 
g`oyalariga harbiy va strategik sohani hamda hali mustahkam oyoqqa 
turmagan sanoatni himoya qilish kerakligini ham qo`shadilar. 
Shunday qilib, klassik iqtisodiy maktab vakillari (V.Petti, 
P.Buagilqber, A.Smit va boshqalar) merkantilizmni qattiq tanqid ostiga 
oldilar va bu hukm asrlar davomida saqlanib keldi. Merkantilizmning 
g`oyalarini amalda joriy qilish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi 
Jon Lo tarixiy tajribasi misolida ibratlidir. Shuning uchun bu haqda 
to`laroq to`xtalamiz. 
"Pul savdoni rag`batlantiradi" doktrinasini eng yuqori darajaga 
ko`targan qog`oz pul merkantilisti Jon Lo (1671-1729)ning g`oyalari va 
faoliyati diqqatga sazovordir (ba'zi manbalarda Lou). Uning "Pul va savdo 
tahlili" (1705y.) asaridagi tub g`oya baholarda foyda hissasini oshirishga 
va "pulning ko`payishi hozirgi o`ziga to`q odamlarni tadbirkorlikka jalb 
etadi" degan fikr asosiga qo`yiladi. Uning hayoti to`g`risida "Inflatsiya 
otasi", "Kredit sehrgari", "Bankir Loning g`aroyib hayoti" kabi turli 
kitoblar chop etildi. 
Xo`sh, nega bu insonning hayoti va ayniqsa faoliyati barchani 
qiziqtirib qoldi? 
Jon Lo Shotlandiyaning Edinburg shahrida zargar oilasida tug`ildi, 
uning otasi pullarni foiz hisobiga qarzga berar edi. Lo qisqa vaqt ichida 
boyib ketdi, Londonga jo`nadi. U 1694 yil duelda odam o`ldirdi, sud bu 
duelni noqonuniy deb topdi va uning o`zini o`limga hukm etdi. Harakati 
tufayli qirol Vilgelm III uni avf etdi, ammo unga qarshi yangi sud jarayoni 
boshlandi. Shundan so`ng Lo qamoqdan qochib, Gollandiyaga boradi. 
Ammo Lo uch yil Londonda bo`lgan vaqtida bank ishini yaxshi o`rganadi, 
1694 yilda birinchi bank yuzaga keldi. Uning fikricha, bu xodisani 
"Hindistonning ochilishi" bilan tenglashtirish mumkin edi. 
O`sha davrda kredit kuchi Lo timsolida o`zining muxlisi, shoiri va 
bashoratchisiga ega bo`ldi. U Amsterdamda o`sha yillari eng yirik bo`lgan 


103 
bankning faoliyatini chuqur o`rgandi. 1699 yilda u Parijda paydo bo`ldi, u 
yerdan esa Italiyaga bordi. Yangi tipdagi bank ochish orzusi 1704 yilda uni 
o`z vataniga olib keladi. Shotlandiya og`ir iqtisodiy ahvolda, savdoda 
turg`unlik, shaharlarda ishsizlik, tadbirkorlik ruhi keskin pasaygan, ana 
shunday sharoitda u o`zining kitobini (1705) yaratdi. U hech qanday 
nazariyotchi emas edi, uning asosiy iqtisodiy qiziqishlari pul va kredit 
muomalalariga tegishli edi, xolos. Lekin u o`z loyihasidagi g`oyalari bilan 
iqtisodiyot fanida muhim rol o`ynadi. 
Sen-Simon unga baho berib, "tizim, ya'ni o`z davri odami", 
bo`lganligini bir necha bor qayd etdi. Lo o`z loyihasini keng targ`ib etdi va 
muhimi uni amalga oshira boshladi. 
Loning g`oyasi quyidagilardan iborat bo`lgan: uningcha, iqtisodiy 
ravnaqning kaliti mamlakatda pul mo`l-ko`lligidir. U pulning o`zini boylik 
deb hisoblamagan, tovarlar, korxonalar va savdo haqiqiy boylikdir (bu 
fikrni sof merkantilistlar fikri bilan solishtiring). Ammo, pulning ko`pligi, 
uningcha yerdan, ishchi kuchidan, tadbirkor mahoratlaridan to`la 
foydalanishni ta'minlaydi. U shunday yozadi: "Ichki savdo odamlarining 
ish bilan bandligi va tovarlar almashuvidir...Ichki savdo pulga bog`liq. 
Pulning ko`pligi ko`p odamlarni ish bilan band etadi..." 
Ammo, Jon Lo avvalgi merkantilistlardan sezilarli farq qiladi. U 
iqtisodiy rivojlanish omilini muomala sohasida izlasa ham, metall pullarni 
sharaflamaydi, aksincha ularni tanqid qiladi. 200 yildan so`ng J.M.Keyns 
oltin pullarni "varvarlarning qoldig`i" deb ataydi, xuddi shularni Lo ham 
aytishi mumkin. Loning fikricha, pullar metalldan emas, balki xo`jalik 
talabi asosida banklar tomonidan chiqariladigan kreditdan iborat bo`lmog`i 
kerak, ya'ni qog`oz pullarga ustunlik beriladi. Banklardan foydalanib, pul 
miqdorini o`stirish hozirgacha qo`llanilgan eng yaxshi usuldir. Lo tizimida 
yana ikki tamoyil muhim o`rinni egallaydi. Birinchidan, u banklar uchun 
kredit ekspansiyasi siyosatini, ya'ni bankda saqlanayotgan metall pul 
zahiralaridan ko`p marta ortiq ssuda berish huquqini ko`zda tutgan. 
Ikkinchidan, u banklarning davlat ixtiyorida bo`lishi va davlatning 
iqtisodiy siyosatni o`tkazishini talab etgan. Buni misolda ko`rsatadigan 
bo`lsak, bank aktivida oltin hisobida 2 mln funt sterling mablag` mavjud, 
ssudalar 10 mln funt sterling, aktiv summasi 12 mln funt sterling, passivda 
esa xususiy kapital 1 mln funt sterling, qo`yilmalar 1 mln funt sterling, 
banknotlar 10 mln funt sterling. Turg`un bankda bunday xodisa bo`lmaydi, 
ssuda va banknot summasi zahiraga yaqin bo`lishi kerak. Shu sababli 
bunday bank katta xavotir, tavakkalchilik bilan ish yuritadi. Agar banknot 
egalari zahiradan ortiq, masalan 3 mln funt sterlingni almashtirish uchun 


104 
olib kelsa, bankning holi nima kechadi? Bank bu holda sovun ko`pigi kabi 
yorilib ketadi, to`lovlarni tugatadi. Ammo, Lo buni o`rinli va zaruriy 
tavakkalchilik deb hisoblaydi. Uningcha, agar banklar ma'lum davr 
to`lovlarini to`xtatsa, bu katta xavf emas emish. Bu usul bilan banklar 
ssuda miqdorini keskin oshirish va muomala doirasini to`ldirish imkoniga 
ega bo`ldi. Kredit kapitalistik ishlab chiqarishda, uning rivojida muhimdir. 
Lo birinchilardan bo`lib buni tushunib yetdi. Ammo bu tamoyilda bank 
tizimi mustahkamlanganligida katta xavf bor, bank foydani ko`proq olish 
maqsadida o`z ssudalarini oshirib yuboradi. Bundan banklar bankroti va 
iqtisodiyotga katta ziyon yetishi xavfi tug`iladi. Bu xavfning yana bir jihati 
shuki, banklarning bu xususiyati davlat tomonidan suiiste'mol qilinishi 
mumkin. Agar banklar xo`jaliklarning haqiqiy talablarini qondirish uchun 
emas, balki davlat budjeti kamomadini to`ldirish uchun banknotlar 
chiqarishni yo`lga qo`ysa nima bo`ladi? Bu davrda hali "inflatsiya" so`zi 
kashf etilmasada, u Lo banki va shu bank ishlayotgan mamlakat uchun 
xavf soladi. 
Jon Lo banklarning ijobiy, ustunlik tomonlarini ko`ra bildi, ammo 
uning salbiy holati, bo`lajak xavfni yo ko`rishni istamadi, yoki uni 
tushunib yetmadi. Bu Lo tizimining bosh amaliy, nozik xavfi edi va u oxir-
oqibatda unga zarba berdi. Nazariy jihatdan Lo katta xatoga yo`l qo`ydi. U 
pul va kreditni kapital bilan aynan bir deb o`yladi. U xato ravishda ssuda 
va pul chiqarishni kengaytirish bilan bank kapitalini yaratdi hamda shu 
bilan boylik va ish bilan bandlik ortadi deb o`yladi. U olib borgan kredit 
operatsiyalar moliyaviy avantyurizm bo`lib chiqdi. 
Shotlandiya parlamenti Jon Loning bank tuzish loyihasini rad etdi. 
Angliya hukumati uning avvalgi gunohini (duelda odam o`ldirganligini) 
kechmadi, oqibatda Lo yana kontinentga ketishga majbur bo`ldi, u hayo-
tining asosiy qismini chayqovchilik, turli qimorlarda ishtirok etish bilan 
o`tkaza boshladi. U o`z loyihasini Parijda amalga oshirishga erishdi. 
Fransiyaning iqtisodi og`ir ahvolda, davlat xazinasi bo`m-bo`sh edi. 1715 
yilda qirol Ludovik XIV olamdan o`tdi, regent gersog Filipp Orleanskiy 
(odingi qirolning jiyani) Lo loyihasini qabul qildi, ammo oddiy emas, 
xususiy aksionerlik banki tuzildi. Amalda bu ko`zbo`yamachilik edi. 
Boshdanoq bank davlat bilan chambarchas bog`liq edi. 1716 yilning 
mayida tuzilgan bank nihoyatda katta yutuqqa erishdi, iste’dodli ma’mur, 
usta ishbilarmon, mohir siyosatchi va diplomat bo`lgan Lo regent 
yordamida mamlakatdagi barcha pul krediti tizimini ishonch bilan egalladi. 
Ko`p sonli bank banknotlari ustalik bilan tartibga solib turildi va iste'molga 
keng kiritib borildi, ular hatto haqiqiy chaqalardan ham ustun bo`lib qoldi. 


105 
Parijdagi sudxo`rlarga nisbatan ssuda foizi ancha imtiyozli edi va ongli 
ravishda sanoat va savdoga yo`naltirildi. Xalq xo`jaligida sezilarli jonlan-
ish boshlandi. 
Lo vatanparvar bo`lgan emas. U o`z g`oyasining jonkuyari edi. U 
o`zining g`oyasi ko`p yerda o`tmagach, Fransiyada shu imkoniyat paydo 
bo`ldi. Lo Fransiya fuqaroligiga o`tdi, hatto doimiy e'tiqodini o`zgartirib, 
katolik dinini qabul qildi. U o`z g`oyasini nihoyatda sevgan, ishongan, 
unga puli va vujudini to`laligicha bag`ishlagan. Jon Lo moliya tizimida 
mustahkam tartib o`rnatish, qishloq xo`jaligi, sanoat va savdoni 
jonlantirish, qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bosh vaziri qilib 
belgilandi. 
Lo 1717 yilda Fransiyaning Missisipi daryosi havzasidagi yerlarda 
katta kompaniya tuzdi, bu kompaniya 1719 yilda qirol bankiga aylangan 
bank bilan hamkorlikda ish yuritdi. Bu Jon Loning ikkinchi "buyuk 
g`oyasi", kapitalni markazlashtirish va assotsiatsiyalash g`oyasi edi. U bu 
sohada ham o`ziga xos bashoratchi bo`lib chiqdi. Agar G’arbiy Yevropa va 
Amerikada aksionerlik jamiyatlari faqatgina XIX asrning o`rtalarida 
tuzilgan bo`lsa (hozir hamma yerda), Lo bu ishni XVIII asrning boshida 
amalga oshirdi. 
Kompaniya faoliyati tobora avj oldi, aksiya chiqarish va sotish 
tobora kuchaydi. Jon Lo bu sohada qat'iylik ko`rsatdi. Har olti oyda ikki 
hissa dividend (foyda) olish imkoni tug`ildi. Kompaniya faoliyati 
kengayib, flot va savdoni o`ziga jalb etdi. 1719 yilda (kompaniya 1717 
yilda tuzilgan edi) nominali 500 livr (Fransiyaning o`sha davrdagi pul 
birligi) bo`lgan aksiyalari 5000 livrdan (o`n baravar ortiq) sotila boshladi. 
Ajiotaj boshlandi, aksiyalarni ba'zi birjalarda 7-8 mingdan pullash mumkin 
edi. Aksiyalar bahosi hatto 20 ming livrga yetdi. Ko`pchilik bundan katta 
foyda ola boshladi. Ana shu qog`oz boyligini yaratgan inson shotlandiyalik 
moliyachi, maftunkor Jon Lo edi. 
Amalda Jon Lo Fransiya moliya tizimini to`la boshqarar edi, ammo 
xuddi shu davrda (1720 y.) dastlabki xavf-xatar xabari ham sezila boshladi, 
Lo tizimi ostidagi zilzilaning dastlabki belgilari, yer osti silkinishlari 
boshlandi. 
Kompaniya aksiyalar chiqarish yo`li bilan to`plagan katta pul 
mablag`larining oz qismini kema va tovarlarga, asosiy qismini esa davlat 
qarz obligatsiyalariga qo`ydi. Amalda egalaridan obligatsiyalarni sotib 
olish yo`li bilan kompaniya davlatning katta qarzini (2 mlrd livr) o`z ostiga 
olgan edi. Bu usul Lo va'dasidagi moliyadagi tartib edi. Yangi banknotlar 
chiqarish yo`li bilan moliyada tartib o`rnatish abadiy bo`lmaydi, Lo buni 


106 
sezmadi yoki sezishni istamadi. Lekin uzoqni ko`zlagan ayrim savdogarlar 
bu xavfli holatni seza boshladilar va o`z qo`llaridagi aksiya va 
banknotlardan qutulish yo`lini qidira boshladilar. Aksiya kursi ushlab 
turildi, banknotlarni metall pullarga almashtirish cheklandi. Aksiyani 
qo`llash uchun tobora ko`proq pul kerak edi, oqibatda pul stanogi tobora 
tez ishlay boshladi. Tizim halokati aniq bo`lib qoldi. 1720 yilning kuzida 
aksiyaning bahosi o`z kompaniyasidagi bahosining to`rtdan biriga tushib 
qoldi, tovarlarning bahosi keskin oshdi. Parijda oziq-ovqat yetmay qoldi, 
xalq noroziligi kuchaydi. Noyabrda banknotlarning qonuniy to`lov quvvati 
yo`qoldi, tizimni tugatish boshlandi. Jon Lo 1720 yil dekabrda Parijdan 
qochib Brussel (Belgiya)da qo`nim topdi. Uning barcha mulki musodara 
etildi va kreditorlar talabini har qalay qondirishga sarflandi. Bir moliya 
avantyuristining faoliyatiga chek qo`yildi. Lekin aslida shundaymikin? 
Yo`q! XIX asrda va XX asrda ham, ayniqsa o`z boshidan bozor 
iqtisodiyotiga o`tish davrini kechirayotgan davlatlarda bu holat 
takrorlanmoqda. Jon Lo tizimi, uning firibgarliklari o`yinchoqdek 
ko`rinadi. Ayniqsa, Rossiya Federatsiyasida turli-tuman moliyaviy 
kompaniyalar ("MMM", "Valentina", "Germes" va boshqalar) faoliyati 
diqqatga sazovordir. Aslini olganda iqtisodiy ta'limotlar tarixini diqqat 
bilan o`qimagan va Jon Lo kabi avanturistlarni bilmagan xalq Mavrodi 
kabilarning ustalik bilan qo`ygan tuzog’iga ilindilar va ilinmoqdalar (pul 
topishning piramida usuli bunga yaxshi misoldir). Bu holat 1997 yy. 
Albaniyada ham kuzatildi. 
Ammo, Jon Lo tizimidagi faqat negativ tomonlarnigina ko`rish 
tarixan adolatsizlikdir. Chunki, uning tizimida bir qancha ratsional 
tomonlar borki, ular keyingi rivojga ijobiy ta'sir etdi. 
Loning moliyaviy g`oyasi - kredit-moliya sohasi va davlatning 
iqtisodga aralashuvi yo`li bilan xo`jalikni rivojlantirishdir. Bu g`oya (30-
yillardan keng tus oldi) hozirgi iqtisodiy ta'limotlar yo`nalishidan biridir 
(Keyns va neokeynschilik). Bular to`g`risidagi ma'lumot quyida beriladi. 

Yüklə 2,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   152




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə