Islom sivilizatsiyasining vujudga kelish omillari



Yüklə 80 Kb.
səhifə1/5
tarix12.04.2022
ölçüsü80 Kb.
#85379
  1   2   3   4   5
Islom sivilizatsiyasining vujudga kelish omillari


ISLOM SIVILIZATSIYASI
Reja:


  1. ISLOM SIVILIZATSIYASINING VUJUDGA KELISH OMILLARI

  2. MARKAZIY OSIYODA ISLOM SIVILIZATSIYASINING RIVOJI

  3. ZAMONAVIY BUYUK SIVILIZATSIYALAR




  1. ISLOM SIVILIZATSIYASINING VUJUDGA KELISH OMILLARI

Islom sivilizatsiyasi islomni qabul qilgan xalqlar madaniyatining natijasidir. Islom yetib borgan mintaqalardagi madaniyat va sivilizatsiyalar islom hazorasi bilan qo‘shilishi natijasida paydo bo‘lgan. Olimlar islom hazorasining ikki turini ajratadilar. Birinchisi, asl islom hazorasi bo‘lib, u o‘zida Yaratgan tomonidan berilgan ulkan diniy ta’limotni jamlaydi. Uni “yaratilish” va “paydo bo‘lish” deb ham atashadi. Dastlab islomning asl hazorasi mavjud bo‘lgan ediki, dunyo uni keyinchalik asta-sekin taniy boshlagan. Ikkinchisi, musulmonlar tomonidan yaratilgan islom hazorasi bo‘lib, ular bilim va tajriba natijasida ulkan hamda go‘zal sivilizatsiyani yaratdilar. Bu ikki tur birlashib, yagona islom hazorasini tashkil etadi. Esdan chiqarmaslik lozimki, islom sivilizatsiyasi keng ma’noda uni bunyod etish, qurish, rivojlantirish, dunyoga yoyishda ishtirok etgan barcha musulmon xalqlarining teng merosi sanaladi. Aslo uni ma’lum bir millatning “mahsuli” deb bo‘lmaydi. Islom hazorasi shu tarzda asrlar osha yaratildi, rivojlandi, boshqa sivilizatsiyalarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

“Sivilizatsiya” so‘ziga ilmiy soha vakillari tomonidan turlicha ta’riflar berilgan. Biroq ular ichida kengqamrovli va umumiy xususiyatga ega bo‘lgan quyidagi ta’rifni alohida aytish mumkin: “sivilizatsiya bu – taraqqiyot va e’tiqodiy asoslar, insonning ilmiy tafakkuri, ilm-fan, adabiyot, odob-axloq kabi turli sohalardagi faoliyati hamda bularning natijasida paydo bo‘ladigan hayot yo‘li, tafakkur mahsulidir”. Ushbu ta’rifning xususiyati shundaki, bu yerda sivilizatsiyani insoniyat faoliyati bilan bir qatorda tabiiy in’om etiladigan hayot qonuniyatlari, diniy asoslar ham natijasi sifatida baholangan.

Islom sivilizatsiyasining arabcha nomlanishi “al-hazora al-islamiya” bo‘lib, bu yerdagi al-hazora so‘zi ko‘chmanchi, badaviy tarzida yashamaydigan, balki o‘troqlashgan holda madaniy hayot kechiradigan ma’nolarini anglatadi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ushbu so‘zga dastlabki ta’rif bergan olimlar uni hayot uchun zarur narsalardan ortiqcha bo‘ladigan har qanday narsalarni al-hazora deb hisoblaganlar. Unga birinchilardan ta’rif bergan olimlar qatorida XIV asrda yashagan buyuk musulmon faylasufi va tarixchisi Ibn Xaldun shunday degan: “sivilizatsiya bu – farovonlik sirlarini yaxshi bilish, taom, kiyim, yotoq, bino va yashash uchun barcha vositalarni qo‘llay olishdir”. Ibn Xaldun sivilizatsiyani yashash uchun zarur narsalarga ziyoda bo‘ladigan odatiy holatlar deya baholab, bu ziyodalik farovonlik va sivizilatsiyaga intilayotgan xalqlarda turlicha, ya’ni kimdir ko‘proq va yana kimdir kamroq erishishi mumkin deb bilgan. Shu ma’noda Ibn Xaldun G‘arb mutafakkirlaridan, jumladan britaniyalik tarixchi Arnold Toyinbiydan oldin tsivizilatsiyaga ta’rif bergan deyishga etarlicha asoslar mavjud1.

Yana bir musulmon olimi Ibn al-Azraq garchi tsivilizatsiyani ijobiy hodisa sifatida baholamasa-da, biroq u ham dastlabkilar qatorida uni izohlagan olimlardan sanaladi: “sivizilatsiya eng mukammal madaniyat bo‘lib, u gohida fasodga olib borishi mumkin. Shuningdek u yaxshilikdan uzoq yomonlik bo‘lib, kim undan salomat bo‘lsa, yaxshilikka yaqin bo‘libdi” .

Sivilizatsiya mohiyatan keng tushuncha bo‘lgani uchun ham, unga ko‘plab ta’riflar berilgan. “sivilizatsiya so‘zi lotincha “grajdanlik”, “davlatchilik” so‘zidan kelib chiqqan. G‘arb tadqiqotlari qarashlarida ushbu so‘z XVI asr ma’rifatparvarlarining urushlarsiz hamda ruhoniylar ta’siridan ozod jamiyat uchun kurashishlari jarayonida fanga kirib kelgani hamda u jamiyat taraqqiyotining darajasini belgilovchi tushunchaligi ta’kidlanadi. Shuningdek sivilizatsiya jamiyat taraqqiyotidagi uchta katta davr, ya’ni yovvoyilik, vahshiylik va tsivilizatsiyani bosib o‘tgan hamda yozuv va davlatning kelib chiqishi bilan boshlangani, dastlabki sivizilizatsiya bundan chamasi 6 ming yillar muqaddam Misrda boshlangani aytiladi. U bilan turli xil dinlar, gumanistik va ahloqiy qadriyatlar keng tarqalgan. Ta’kidlash kerakki, sivilizatsiya barcha mintaqalarda birdaniga boshlanmagan, balki ketma-ketlikda sodir bo‘lgan.

Sivilizatsiya borasida ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilganini aytib o‘tgan edik. Shuni ta’kidlash kerakki, “sivilizatsiya” so‘zi g‘arbda paydo bo‘lgan. U XVIII asrda “yovvoiylik”ning antonim so‘zi sifatida ishlatilgan. Bu boradagi dastlabki kitoblardan biri Adam Fergyusonning “An Essay on the History of Civil Society” (1767) kitobi sanaladi.

Shu tarzda sivilizatsiya so‘zi asrlar osha rivojlanib borgan. Bugungi kunga kelib sivilizatsiyaga taraqqiyot belgisi sifatida ta’rif beriladi. Jumladan, Amerikalik tarixchi va faylasuf olim Uilyam Jeyms Dyurant o‘zining “Tsivizilatsiyalar tarixi” nomli kengqamrovli entsiklopedik kitobida shunday deydi: “sivilizatsiya ijtimoiy tartib bo‘lib, insonga madaniyat natijalaridan ko‘proq foydalanishga ko‘maklashadi. Sivilizatsiya to‘rt unsurdan tashkil topadi: ijtimoiy unsurlar, siyosiy tartib, tabiiy an’analar (insonning tabiatidagi taqlidlar), ilmu fan. U iztirob va xavotir tugagan joyda boshlanadi”. Bu bilan sivilizatsiya xotirjamlik va rivojlanishga keng imkoniyatlar bor joyda gurkirab yashnashi aytilmoqda.

Sivizilatsiyaning ma’nosi kengqamrovli va chuqur bo‘lib, u madaniyat tushunchasini ham o‘z ichiga qamrab oladi. Sivilizatsiyalar bo‘yicha ilk ulkan tadqiqotni yozgan, angliyalik tarixchi olim Arnold Jozef Toyinbi aytadi: “sivilizatsiya ko‘p narsani o‘z ichiga oladi, biroq uni biror bir so‘z to‘liqligicha qamrab ololmaydi”. Demak, sivilizatsiya bir qancha madaniyatlarning o‘zaro jamlanmasi bo‘lib, turli madaniyatlardan tashkil topgani va uni shakllantirishda bir qancha xalqlar ishtirok etganiga aylohida urg‘u berish kerak bo‘ladi. Sivilizatsiyada irqiy yoki biror bir xalqqa mansublik mavjud emas. To‘g‘ri, gohida u ayrim millatga yoki mintaqaga bog‘lanadi, biroq bunda o‘sha millatning xususiyatlari va o‘ziga xos jihatlari boshqalardan ajratiladi xolos. Shu ma’noda sivilizatsiyani bir nechta millatlarga taalluqli deyish, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mutaxassislar har bir sivilizatsiyaning boshlanishi biror bir diniy aqida yoki falsafiy ta’limotga tayanishi, hatto ba’zan bir qancha dinlar va falsafiy ta’limotlar unga qorishib ketishi mumkinligini aytadilar. Chunki sivilizatsiya qalb va onglarda chuqur ildiz otgan, ommaviy hayotga ko‘proq ta’sir etadigan kuchli aqidaga tayanadi. Bu holatda sivilizatsiya o‘sha aqidaning musaffoligi bilan shaffoflashib, tiniqlashadi. Bunday sivilizatsiyaning yorqin namunasini islom sivizilatsiyasida ko‘rish mumkin. Bugungi ulkan sivizilatsiyalar (bu yerda g‘arb, hind, Misr sivilizatsiyalari kabilar nazarda tutilmoqda) esa, gohida moddiy va ruhiy jihatlaridagi farqlar bilan farqlanadi. Ulardan ba’zilarida moddiylik ustunligini, ba’zilarida ruhiy tomon yana ba’zilarida esa har ikki tomonning ham tengligini ko‘rish mumkin .

Yana shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, sivilizatsiyalarni qiyosiy o‘rganish fani ham hozirda jadal rivojlanib borayotgan fanlardan bo‘lib, u ijtimoiy fanlar ichida yangi fanlardan biridir. Unga jamiyatshunoslik tarix, falsafa, axloqshunoslik kabi fanlar qorishib ketadi. Mazkur fanning tubida yotgan asosiy maqsadlardan biri ham dinlarni qiyosiy o‘rganish bo‘lib, g‘arb dunyosi bunga kirib kelmagan bir paytda o‘rta asrlar musulmon dunyosida qiyosiy dinshunoslik bo‘yicha bir qator kitoblar yozib bo‘lingan edi. Ular qatorida Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Shahristoniyning “al-Milal van nihal val firaq” kabilarni sanab o‘tish mumkin. O‘rta asrlarning yirik musulmon olimlaridan biri Ibn Xaldun ham o‘zining “Muqaddima” asarida bir qancha ilmlarga asos solgan ediki, keyinchalik bu ilmlar sotsiologiya, falsafa tarixi, qiyosiy madaniyatshunoslik kabi nomlar bilan tanildi.

“Madaniyat” so‘zi “madina”, ya’ni “shahar” nomi bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Uning g‘arb dunyosida qo‘llaniladigan ma’nodoshi “kultura” bo‘lib, lotincha “culture” (“ishlov berish”, “ekib o‘stirish”)dan olingan deyiladi. Ba’zi olimlar “kultura”ni “kult”, ya’ni diniy ibodat, sig‘inish so‘zidan kelib chiqqanligini aytadilar. Amerikalik madaniyatshunos olim Eduard Teylor (1832-1917) yangi davrda ushbu atamani fanga kiritib, o‘zining “Dastlabki madaniyat” kitobida: “kishining jamiyat a’zosi sifatida o‘zlashtirgan bilimi, e’tiqodi, san’ati, axloq-odobi, qonun-qoidalari va boshqa bir qator qobiliyatlari hamda odatlari yig‘indisi”, deya izohlagan2. Soha olimlarining ta’kidlashlaricha, madaniyatning bugungi kunga kelib 400 dan ortiq ta’riflari paydo bo‘lgan. Hozirda madaniyatni har bir jabhada ham qo‘llash odati keng joriy bo‘lgan. Masalan, kiyinish madaniyati, ovqatlanish madaniyati, muloqot madaniyati, milliy madaniyat, diniy madaniyat, siyosiy madaniyat, iqtisodiy madaniyat va boshqalar.

Shu bilan birga ayrim tadqiqotchi-olimlar madaniyat va sivilizatsiyani bir ma’noda qo‘llaniladi, yana ayrimlar ikkalasini boshqa-boshqa tushunchalar deb izohlaydilar. Masalan, faylasuflardan O.Shpengler va A.Berdyaev asarlarida sivilizatsiya – bu insoniyat borlig‘ining moddiy-texnik tomoni, madaniyat esa uning ma’naviy tomonidir, deya tushuntirganlar. Lekin shuni esdan chiqarish kerak emaski, sivilizatsiya inson faoliyatining mahsuli sifatida insonning ma’naviy va moddiy jihatlarini ham to‘liq qamrab oladi. Chunki sivilizatsiyada ilmu ma’rifat, ichki dunyo bilan bog‘liqlik kabi tushunchalar keng ildiz otgan. Buni islom sivilizatsiyasida yanada ko‘proq ko‘rish mumkin. Demak, sivilizatsiya madaniyatni ham o‘z ichiga olib, undanda kengroq ma’no kasb etadi.

“Islom madaniyati” deb, asosan er yuzida yashovchi musulmonlarga taalluqli bo‘lgan madaniyatga xos bo‘lgan ko‘rinishlar, sivilizatsiya kurtaklari va uning natijasida paydo bo‘lgan madaniy jarayonlarga aytiladi. Shuningdek islom madaniyatini shariat asosi va voqe’lik orasini bog‘lovchi, uning o‘tmishi, buguni va kelajagi bilan birlashtiruvchi kengqamrovli ilm bo‘lib, unda islom aqidasi, maqsadlari, tafakkuri, amaliy natijalari jamlangan deyish ham mumkin.

Darhaqiqat, islom dini VII asrda Arabiston yarim orolida paydo bo‘ldi, keyinchalik u tez sur’atlarda boshqa hududlarga tarqaldi va natijada fors, turkiy xalqlar, barbar va boshqa madaniyatlar bilan oziqlandi, ularga ta’sir o‘tkazdi va o‘zi ham ta’sirlandi, shu tarzda u barcha musulmonlarga taalluqli ulkan madaniyatga aylandi. To‘g‘ri, bugungi kunga kelib, islom madaniyatiga turli olimlar tomonidan bir qancha ta’riflar berilgan. Ta’kidlash kerakki, har bir olim o‘zining ilmiy soha va tasavvuridan kelib chiqib uni tushungan. Bu kabi ta’riflar ichida “Musulmon ummatining asoslari, ularning buguni va o‘tmishida din, ilm-ma’rifat, til, tarix, san’at singari sohalarda amalga oshirgan ishlarining yig‘indisi” yoki “Islom asoslari, tartiblari, tafakkuri va ularda inson faoliyatining o‘rniga oid kengqamrovli islom yo‘lini bilish” kabilarni alohida aytib o‘tish kerak. Ayrim tadqiqotchilar oxirgi ta’rifni ixcham va kengqamrovliroq deb hisoblaydilar.

Har bir narsaning jism va ruhi bo‘lgani kabi sivilizatsiyaning ham ruhi va jismi, ya’ni ma’naviy va moddiy tomonlari mavjud. Sivilizatsiyaning moddiyoti imoratlar, qurilish ob’ektlari va asbob-uskunalar singari hayotni yanada yaxshilash va ko‘rkamlashtirishda xizmat qiladigan ashyolarda namoyon bo‘ladi. Ruhiyati odamlar va jamiyatning xatti-harakatlarida, bir-birlari bilan bo‘lgan munosabatlarida, din, hayot, koinot, inson, shaxs, jamiyat haqidagi qarashlarida mujassam bo‘ladigan aqidalar, tushunchalar, odob-axloqlar va urf-odatlar kabilarda o‘z aksini topadi .

Islom hazorasi beshta xususiyati bilan boshqa sivilizatsiyalardan ajralib turadi. Ular quyidagilar:

Birinchisi, islom sivilizatsiyasi e’tiqodiy madaniyatda mujassasm topgan bo‘lib, dinning asosiy maqsadi tavhid, ya’ni yolg‘iz yaratuvchini tan olishga qaratilgan. Shu sabab unda olamlar va osmonu erlarning paydo qiluvchisi, avvalu oxir bo‘lgan Zot masalasi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Bunday aqida islom tsivilizatsiyasining shakllanishi va rivojida katta rolь o‘ynagan.

Ikkinchisi, u umumbashariy sivilizatsiya sanalib, biror bir geografik mintaqa va hudud, millat yoki tarixiy davr bilan bog‘lanib qolmaydi. Balki u mutloq bashariyatga taalluqli, barcha kishilar undan foydalanishlari, unga hissa qo‘sha olishlari mumkin. Islom hazorasi insonni Alloh taoloning eng muhim mavjudoti ekanligi uqtiradi. Kishining sa’yi harakati uning baxti va farovonligiga qaratilgan bo‘ladi va bunday maqsadga erishish uchun qilingan har bir harakat Alloh yo‘lidagi “xolis amal”, deya ta’kidlanadi.

Uchinchisi, ushbu sivilizatsiya insoniyatga ko‘p narsani bergan. Dastlab, islom tarqalgan paytlarda qadimiy madaniyat va ma’rifatga ega xalqlar uni qabul qildilar. Keyin islom olamida ilmu fan rivojlandi va natijada u barchaga ilm, ma’rifat, insonparvarlik, ezgulik, adolat, tenglik, fazilat va go‘zallik kabi qadriyatlarga to‘la boylikni taqdim qila oldi. Bular kishining dini, e’tiqodi, rangi, arab yoki ajamligidan qat’iy nazar barchaga teng qaratilgan edi. Chunki islom hazorasi tarqalgan hududlarda boshqa din vakillari, xoh u samoviy yoki insoniyat tomonidan yaratilgan din bo‘lsin va xoh dinsizlar bo‘lsin, ularning barchasi emin-erkin yashaganlar. Bugunga kelib ko‘plab tadqiqotchilar mavjud tuzumlar ichida musulmonlar hukmronlik qilgan hududlarda barcha din vakillari nisbatan emin-erkin yashaganligini e’tirof etib bormoqdalar.

To‘rtinchisi, islom hazorasi ruhiyat va moddiyat o‘rtasini teng ushlaydi. Hech bir paytda moddiyat deb ruhiyatni tark etishga yoki uning aksiga buyurilmaydi. Chunki bu dinda haddan oshish va g‘uluvga ketish, mutaassiblik qoralanishi barobarida o‘ta bo‘sh qo‘yish, bamaylixotirlik ham tanqid qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda, dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tark qilishga buyurilmaydi va doimo muvozanatni ushlab turishga chaqiriladi. Shu sababli ham islom dini rivoj topgan o‘lkalarda fan, san’at, madaniyat, arxitektura va farovonlikka olib boruvchi boshqa ko‘plab sohalar rivojlangan.

Beshinchisi, er yuzida hayot bor ekan, islom hazorasi ham boqiy qoladi. Chunki uning negizi islom dini ta’limotlaridan sug‘oriladi, uning davomiyligini Yaratuvchi o‘z zimmasiga olgan. Shu tufayli ham u eskirmaydi va parchalanib ketmaydi ham, unda milliylik, irqiylik va inson fitratiga qarshi chiqishlik aslo mavjud emas. Bugunga kelib uning ahamiyati jahon dinlari ichidagi eng yiriklaridan biri sifatida tobora ortib bormoqda. Biroq, shuni unutmaslik lozimki, islom har doim ham musulmonlarning har bir holat va ishida aks etmasligi mumkin. Gohida musulmonlar zaiflashib qolib, nufuzi pasayib ketishi, natijada ilmu ma’rifat va boshqa sohalarda ham taraqqiyotga erisha olmasliklari mumkin. Bu esa islom sababli emas. Shuning uchun ham musulmonlarga qarab islomga baho berish to‘g‘ri emas. Chunki islom dini hargiz zaiflashmaydi, uning nufuzi va ta’siri kamayib qolmaydi, islom hazorasi yashovchandir va zamonlar o‘tishi bilan u yangilanib, bosqichlari o‘zgarib, zamon va makonga moslashib boraveradi3.

Ushbu beshta xususiyat haqiqiy diniy tamoyillarning xususiyatidan kelib chiqqan. Shu sababli ham u din bilan chambarchas bog‘langan. Bu xususiyatlar islom dunyosidagi ahvol bilan bog‘liq bo‘lmaydi va musulmonlar kuchaysalar yoki zaiflashsalar-da, o‘zgarishsiz qolaveradi.



  1. Yüklə 80 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə