Ix-xii asrlardagi sharq uyg’onish davri va uning asosiy omillari



Yüklə 28,26 Kb.
tarix12.05.2022
ölçüsü28,26 Kb.
#86871
IX-XII ASRLARDAGI SHARQ UYG’ONISH DAVRI VA UNING ASOSIY OMILLARI


IX-XII ASRLARDAGI SHARQ UYG’ONISH DAVRI VA UNING ASOSIY OMILLARI

Ilm-fan
Fanda “Uyg‘onish davri” deb ataladigan davr G‘arbiy va Markaziy Yevropa mamlakatlarda XIV-XVI asrlardagi rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalash uchun ishlatilgan. Birinchi marotaba “uyg‘onish” atamasini XVI asr italyan rassomi va tarixchisi J.Vazari o‘z asarlarida ishlatadi. “Uyg‘onish”, “uyg‘onish davri” atamalari XIV-XVI asr ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish mohiyatini ochib bermasdan, ko‘proq antik davr merosini, ya’ni antik madaniyatga o‘xshash madaniyatni qaytadan “tirilishi”, “uyg‘onishi” ma’nosida ishlatila boshlandi. Keyinchalik fanda bu atama keng qo‘llanila boshlandi. Shu ma’noda ko‘pchilik tadqiqotchilar IX-XII asrlar O‘rta Osiyo xalqlari tarixida madaniyatning rivojlanishini o‘ziga xos xususiyatlarni ham “uyg‘onish” davri deb atalishi yuqorida qayd qilinganidek, shartlidir deb hisoblaydilar.

IX-XII asrlar O‘rta Osiyo xalqlari tarixida moddiy va ma’naviy hayotning rivojlanishida oldingi davrlarga nisbatan keskin yuksalish davri bo‘ldi. VIII asrda Arab xalifaligi hozirda O‘rta Osiyo deb atalmish hududni fath etib bo‘lgan, bosib olingan yerlarda islom dini keng yoyilib, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayot Arab xalifaligi tartib-qoidalariga butunlay bo‘ysundirilgan edi. Xalifalik tarkibiga kiritilgan o‘lkalarda faqat islom dinigina emas, balki arab tili va uning imlosi ham joriy etildi. Chunki arab tili xalifalikning davlat tili bo‘lsa, islom dini uning mafkurasi edi. Shu sababli bu mamlakatlarda arab tilini o‘zlashtirishga intilish kuchli bo‘lgan. Islomni qabul qilgan aholining arab tili bilan muloqoti, ibodat vaqtlarida qur’on suralarini tilovat qilishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, mahalliy zodagonlar arab tilini xalifalik ma’murlari bilan yaqinlashish va mamlakatda o‘z siyosiy mavqelarini tiklab uni mustahkamlashning garovi deb hisoblaydilar. Arab tiliga bo‘lgan bunday ehtiyoj va intilish tufayli ko‘p vaqt o‘tmay Movaraunnahrda xatto o‘z ona tilidan ko‘ra arab tili va yozuvi o‘zlashtirib olgan bilimdonlar paydo bo‘ldi. Chegaralari borgan sari kengayib, ulkanlashib borayotgan xalifalik uchun ilm ahli suv va havodek zarur bo‘lib qoldi. Davlatni boshqarishda xalifalik ma’muriyati bilimdon siymolarga muhtoj edi. Chunki arablar orasida bu paytda davlat ishiga yaroqli bo‘lgan bilimdonlar ham oz bo‘lib, borlari ham zaif edi.

Bu hol o‘z navbatida arab tili va yozuvini Movarounnahrda keng yoyilishiga imkoniyat yaratib berdi. Ammo VIII asr oxiri IX asr boshlarida bo‘ysundirilgan xalqlarni mutloq itoatda saqlab turish nafaqat xalifalik markazi ma’murlariga, balki o‘lkalarga tayinlangan noib uchun ham tobora qiyinlasha boshladi.

821 yilda Xuroson va Movaraunnahrning noibi etib tayinlangan Tohir ibn Husayn xalifalik o‘ylaganidek siyosat yurgizmadi. U xalifa nomini xutba nomozidan chiqarib tashlashga ko‘rsatma berdi. Tohiriylar shunday qilib so‘zda o‘zlarini xalifalikning noibidek ko‘rsatsalar-da, amalda mustaqil ish yuritish harakatini boshlab yubordilar. Bu borada diqqatga sazovor tomoni shundaki, tohiriylar nafaqat siyosiy mustaqillikka intildilar, balki xo‘jalikning ko‘pgina tarmoqlarini o‘zlari xohlaganday tartibga solishga harakatlar qildilar. Ular qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida suv ta’minotini yaxshilashga katta e’tibor qarata boshladilar. Katta-katta ariqlar, kanallar qazdirdilar. Suv ta’minoti haqida fiqhshunos olimlar risolalar yozib, bu ishni aniq tartib-qoidaga binoan olib borish lozimligini isbotlab berdilar. Shunday qilib, mustaqil davlatlarning paydo bo‘lish uchun zamin paydo bo‘ldi.

873-yilda Tohiriylar hukmronligi o‘rniga Safforiylar hukmronligi o‘rnatildi. Bu o‘z navbatida Movarounnahrni Xurosondan ajralib, o‘z mustaqilligini tiklab olishi uchun asos bo‘ldi. IX asrning oxirgi choragida Movarounnahr Somoniylar qo‘l ostiga o‘tib, mustaqillikni yanada mustahkamlab oladi. Somoniylar sulolasining eng yirik vakillaridan biri bo‘lmish Ismoil Somoniy kuchli davlat tuzishga harakat qiladi va bu ishni muvaffaqiyatli ravishda uddasidan chiqadi.

Somoniylar o‘z davlatlarini o‘zlarigacha bo‘lgan sharq davlatlarining boshqaruv an’analarini chuqur o‘rgangan holda, ularga suyanib, zamon talablarini hisobga olgan holda o‘zgartirishlar kiritib boshqarishga harakat qildilar.

Movaraunnahr deb ataladigan bu hududda mustaqil davlatlarning tashkil topishi ularda siyosiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va madaniy hayotning ravnaqiga katta ta’sir ko‘rsata boshladi. Buxoro, Samarqand, Urganch va Marv kabi shaharlar ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida shakllanib, rivojlana boshladi.

O‘rta Osiyoda IX-XIII asr boshlarida Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar va Xorazmshohlar davlatlari hukm surdilar. Bu davlatlar xalqaro maydonda o‘z mavqei va tutgan o‘rni jihatidan katta e’tibor va nufuzga ega bo‘ldilar. Ahmad Nasr, Ismoil Somoniy, Alptakin, Mahmud G‘aznaviy, To‘g‘rulbek, Sulton Sanjar, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko‘ra oladigan davlat arboblari davrida O‘rta Osiyoda hayotning barcha jabhalarida yuksalishlarga erishildi, davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik vujudga keldi.

Tarixchi Abu Mansur as-Saolobiyning Somoniylar Buxorosiga bergan ta’rifi butun O‘rta Osiyo davlatlarining IX-XIII asrlardagi ahvoliga tegishlidir: “...shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg‘or kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan hamda o‘z davrining fozillari yig‘ilgan (joy) edi”. O‘rta Osiyo hukmdorlari ilm ahli bilan yaqinlashdilar. Mamlakatni boshqarishda ularning bilimi va maslahatlaridan foydalandilar. Hukmdorlarning aksariyati bu davrda o‘z saroylarida olim, shoir va usta san’atkorlar, turli sohalar bo‘yicha qimmatbaho kitoblarni to‘plashga odatlandilar. Saroyga jalb etilgan olim va shoirlar, kutubxonalardagi nodir qo‘lyozma asarlar bilan mag‘rurlanardilar.

Damashq, Qohira, Bag‘dod, Kufa, Basra va boshqa katta shaharlarda O‘rta Osiyodan borib fan, madaniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan avlod-ajdodlarimiz bu davrga kelib ko‘paya bordi. Bag‘dod shahri Sharqning ilm-fan markazi sifatida olamga tanildi, chunki IX asrda bu yerda “Bayt ul-hikma”-(“Donishmandlar uyi”) Sharqning fanlar akademiyasi tashkil etildi. Bunga monand holda X asr oxirlarida Xorazmda ham xalifa Ma’mun davrida (995-997-y.) “Donishmandlar uyi”-“Bayt ul-Hikma”-“Ma’mun akademiyasi” (Xorazm akademiyasi) tashkil topdi. Bu ikki ilm o‘chog‘larida Sharqning mashhur va ma’lum olimu-allomalari tahsil ko‘rganlar. Ular orasida Ahmad Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino va boshqa buyuk allomalarning nomlari bor.

Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783-850) qadimgi Xorazm diyorida tug‘ilib, voyaga yetadi. G‘oyatda o‘tkir zehn egasi va noyob qobiliyat sohibi bo‘lgan al-Xorazmiy yoshlik chog‘idan boshlab aniq va tabiiy fanlarni o‘rganishga qiziqdi, arab, fors, hind va yunon tillarini egalladi, bu tillarda yozilgan kitoblarni qunt bilan o‘qib, mutolaa qildi. U dastlabki ta’limni xususiy muallimlardan oldi va so‘ngra o‘sha davrning yirik ma’rifat markazlaridan biri bo‘lgan Marv madrasasida o‘qidi. Xalifa Xorun ar-Rashidning o‘g‘li Ma’mun xalifalik taxtiga o‘tirgach (813 y.) Muhammad Muso al-Xorazmiyni o‘zi bilan birga Bag‘dodga olib ketadi va u yerda tashkil etilgan “Bayt ul-Hikma”ga boshliq etib tayinladi. Bag‘dodda u Suriya, Iroq, Eron, Xuroson va Movaraunnahr olimlari bilan ijod qiladi.

Xorazmiy matematika, geometriya, astronomiya, geografiya, tarix ilmi va boshqa fanlar sohasida barkamol ijod qildi. Uning “Al Jabr al muqobala” (“Tenglamalar va qarshilantirish”), “Hisob al-Hind” (“Hind hisobi”), “Kitab surat al-Arz” (“Yer surati haqida kitob”), “Kitab at-Tarix” (“Tarix kitobi”), “Kitab al-Amal Bil Usturlabat” (“Usturlob bilan ishlash haqida kitob”) kabi asarlari olimga jahonshumul shuhrat keltirdi. Xorazmiy yaratgan 20 tadan ortiq asardan bizning davrimizgacha faqat 10 tasigina yetib kelgan.

Xorazmiy ijodi merosida “Aljabr va al-muqobala” kitobining ilmiy ahamiyati nihoyatda buyukdir. Bu kitobi bilan u matematika tarixida birinchi bo‘lib algebra faniga asos soldi. “Al-gebra” atamasi ushbu kitobning “al-jabr” deb yuritilgan qisqacha nomining aynan ifodasidir. Xorazmiy nomi esa matematikada “algoritm” atamasi shaklida o‘z ifodasini topdi. Uning “Al-jabr” asari asrlar davomida avlodlar qo‘lida yer o‘lchash, ariq chiqarish, bino qurish, merosni taqsimlash va boshqa turli hisob va o‘lchov ishlarida dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Xorazmiyning bu risolasi XII asrdayoq Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilinadi va qayta ishlanadi. Keyinchalik asrlar davomida Yevropa olimlari Xorazmiy asarlarini qayta-qayta ishlab, u asosda asarlar yozadilar. Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan o‘nlik pozitsion hisoblash sistemasi Yevropada, qolaversa, butun dunyo taraqqiyotida buyuk ahamiyat kasb etdi, algebrani mustaqil fan darajasiga ko‘tardi.

Olimning “Kitob at-Tarix” (“Tarix kitobi”)da Xuroson , Kichik Osiyo va Movarounnahrning VIII-IX asrlar tarixiga oid qisqa va aniq ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan. Xorazmiyning “Zij” (“Astronomik jadval”), “Quyosh soati haqida risola” asarlari falakiyotshunoslik fanining rivojlanish taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.

Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nosir al-Farg‘oniy 797-865 yillarida yashab ijod qilgan vatandoshimizdir. Ahmad Farg‘oniy o‘z asarlari bilan fan tarixida katta iz qoldirdi. U matematika, geografiya, astronomiya, tarix sohalarida ijod qildi. Ahmad Farg‘oniyning ijodiy faoliyati Bag‘dodda ulug‘ mutaffakir olim Al-Xorazmiy rahbarligidagi “Baytul-Hikma” bilan bog‘liqdir. U arab atamashunosligini paydo bo‘lishi va ilmiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, Bag‘dod va Damashqda rasadxonalar qurilishida shaxsan qatnashdi. Ahmad Farg‘oniyning kitoblari dunyoga ma’lum va mashhurdir. “Kitob fi Usul ilm an-Nujum” (“Falakiyot ilmining usullari haqida kitob”), “Falakiyot risolasi”, “Falak asarlari sababiyati”, “Al-Majistiy”, “Ilm-xayya”, “Al Farg‘oniy jadvallari”, “Usturlob bilan amal qilish haqida”, “Oy yerning ustida va ostida bo‘lganida vaqtni aniqlash risolasi”, “Yetti iqlim hisobi”, “Usturlob yasash haqida kitob” asarlarining qo‘lyozmalari Angliya, Fransiya, Germaniya, Misr, Hindiston, AQSh va Rossiyada saqlanmoqda.

Ahmad Farg‘oniyning bu asarlaridagi ilmiy kashfiyotlari butun jahon fani va madaniyatiga ulkan va munosib hissa qo‘shdi. U 812 yilda quyosh tutilishini oldindan bashorat qilib berdi, yerning dumaloq ekanligini ilmiy dalillar bilan isbotlab, bir xil fazo yoritgichlarni har xil vaqtda ko‘rilishini, tutilishini hamma joyda har xil kuzatish mumkinligini izohlab berdi.

Ahmad Farg‘oniy yaratgan ilmiy kashfiyotlar natijalari qaysi fan sohasida bo‘lishidan qat’iy nazar g‘oyatda pishiq, puxta va nihoyatda mukammal bo‘lgan. XII asrdayoq olimning asarlari lotin tiliga tarjima qilinganligi va Yevropaga tarqalganligi bu fikrning isbotidir. Yevropaliklar Ahmad Farg‘oniyni “Al Fraganus” deb ataganlar. Uning asarlarini lotin, nemis, ingliz, fransuz, rus va boshqa tillarga tarjima qilganlar.

Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad Forobiy 873-yilda Forob (O‘tror) yaqinidagi Vasij shaharchasida tavallud ko‘rgan va 951-yilda Damashqda vafot etgan.

O‘rta Osiyoning yirik qomusiy olimlaridan biri, Sharq uyg‘onish davrining eng ko‘zga ko‘ringan arbobi, Sharq falsafasining otasi Forobiy avval Forob, Buxoro va Samarqandda bilim oldi va turli tillarni o‘rgandi. Bag‘dodga kelgach fanning turli sohalari bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirishda davom etdi. U ilmiy darajasini oshirgach, fanning deyarli barcha sohalarini egallab, 160 dan ortiq asar yozdi. Forobiyning riyoziyot, falakiyot, tabobat, musiqa, falsafa, tilshunoslik va adabiyotga oid asarlari butun olamga mashhur bo‘ldi. U yozgan “Aristotelning “Metafizika” asari maqsadlari haqida”, “Tirik mavjudot a’zolari haqida”, “Musiqa kitobi”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Siyosat al Madaniya” (“Shaharlar ustida siyosat yurgizish”), “Fozil odamlar shahri”, “Masalalar mohiyati”, “Qonunlar haqida kitob”, “Tafakkur yurgizish mazmuni haqida”, “Mantiqqa kirish haqida kitob”, “Falsafaning mohiyati haqida kitob” va boshqa asarlar buyuk olimning ilm va dunyoqarash doirasining beqiyos darajada kengligi va chuqurligidan dalolat beradi.

Forobiy fanning nazariy va falsafiy tomonlarini yoritishga harakat qilgan. U Platon, Aristotelning barcha falsafiy, tabiiy, ilmiy asarlariga, Ptolemeyning osmon jismlari harakati, Aleksandr Afrodiyning ruh haqidagi psixologiyasiga oid, Galenning tibbiyot bo‘yicha asarlari, Epikur, Zenon, Yevklid risolalariga taqriz va sharhlar yozdi. Agar ilm-fan rivojidagi o‘zining qo‘shgan buyuk xizmatlari uchun Aristotel “Birinchi muallim” unvoniga sazovor bo‘lsa, Forobiy donishmandligi, Aristotelni yaxshi bilganligi, qomusiy aqli va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan katta hissasi uchun “Al-muallim as-Soniy - “Ikkinchi muallim”, “Sharq Aristoteli” degan mu’tabar unvon oldi.

Forobiyning “Inson tanasining a’zolari haqida”gi risolasi tibbiyot ilmining maqsad va vazifalarini aniqlashga bag‘ishlangan. “Astrologiyaning to‘g‘ri va noto‘g‘ri qoidalari haqida”gi risolasida astrologlarning ruhiy va ijtimoiy hodisalar va jarayonlarni osmoniy jismlar haqidagi ilmiy taxminlariga asoslangan faoliyatini, yolg‘on tasavvurlar va uydirmalardan farqlash zarurligini ta’kidlaydi.

Olimning ko‘p jildli “Musiqa haqida katta kitob” asari musiqa ilmining katta bilimdoni, sozanda va ajoyib bastakor ham bo‘lganligini tasdiqlaydi. U yangi musiqa asbobining ixtirochisi ham bo‘lgan.

O‘rta asr fanining rivoji va taraqqiyotida Forobiyning ilm tasnifi bo‘yicha olib borgan ilmiy ijodiy ishlari g‘oyatda qimmatlidir. U “ilmlarni kelib chiqishi haqida”, “Ismlarning tasnifi haqida” va boshqa risolalarida o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan 30 ga yaqin ilm sohasining tartibi, tasnifi va tafsilotini beradi.

Forobiyning ilmiy - falsafiy merosi xalqimizning buyuk ma’naviy boyligi sifatida asrlar osha avlodlar uchun muhim ijod manbai bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy (899-959) Buxoro yaqinidagi Narshax (hozirgi Vobkent tumanida) qishlog‘ida 899-yilda tavallud topgan. Narshaxiyning ilmiy asarlari to‘g‘risida ma’lumotlar juda kam. Uning faqat “Tarixi Buxoro” (“Buxoro tarixi”) asari bizgacha yetib kelgan. Asar qo‘lyozma nusxalarda va hozirgi zamon ilmiy tarixiy adabiyotlarda “Tarixi Narshaxiy”, “Taxqiq ul-Viloyat” (“Viloyat haqiqatini aniqlash”), “Axbori Buxoro” (“Buxoro haqida xabarlar”)kabi nomlar bilan atalib kelingan. Asarning turli nomlar bilan atalishiga ham sabablar bor. Bu asarning Narshaxiy tomonidan yozilgan dastlabki asl nusxasi saqlanib qolmagan. Uning bizgacha yetib kelgan qismi 1128 yilda Quva shahridan bo‘lgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Quboviy arab tilidan fors tiliga qisqartirib tarjima qilgan nusxasidir. Undan keyingi yillarda ham Narshaxiyning asari bir necha tahrirlarga uchragan, ba’zi matnlari qisqartirilgan va so‘nggi voqealar asosida to‘ldirilgan. Abu Nasr Ahmad Qubaviy asar matnini qisqartirish bilan chegaralanmay, balki Tabariy, Abu Hasan Nishopuriyning “Hazoiq ul- ulum”, Ibrohimning “Axbar-i Muqanna” kabi asarlaridan foydalanib, uni to‘ldiradi. Ana shu tariqa, Buxoro tarixiga Narshaxiy yashab o‘tgan davrdan keyingi, 1178-1179-yillardan 1220-yillarga qadar bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar kirib qolgan.

“Buxoro tarixi” asari o‘zining ilmiy ahamiyatini yo‘qotmagan va hozirgi kunda Somoniylar davri tarixi bo‘yicha eng noyob, qimmatli asar hisoblanadi. Asarda Somoniylar davlatining siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy hayotiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Movaraunnahr va Xuroson aholisining arab bosqinchilariga qarshi Muqanna boshchiligidagi qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar ham bu asarda ma’lum darajada o‘z ifodasini topgan. Narshaxiy saroy tarixchisi bo‘lganligi sababli hukmron tabaqa siyosatini yoqlab, xalqning hokimiyatga chiqishini qoralagan.

Biz o‘rganayotgan davr IX-XII asr fan va madaniyatining ravnaqini Abu Rayhon Beruniysiz (973-1048-y.) tasavvur qilish mumkin emas. U o‘z zamonasining barcha fanlari - fizika, matematika, astronomiya, geodeziya, tarix, geografiya va bir necha boshqa fanlarni puxta egallagan olim bo‘lgan. U 362 hijriy yili (973-y.) Xorazmning qadimgi Kat shahrida tug‘ildi. O‘sha davrda Kat shahri Xorazmshohlar - Afrig‘iylar sulolasining poytaxti bo‘lib, O‘rta Osiyoning Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari, Kavkaz va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan bog‘lab turuvchi savdo va madaniy markazlaridan biri edi. Afsuski, Beruniyning zamondoshi Ibn Sinonikiga o‘xshagan tarjimayi holi bizgacha yetib kelmagan. Shuning uchun u boshlang‘ich ta’limini kimdan, qachon olganligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo, bir narsa aniqki, u yoshligidanoq ilm-fanga juda ham qiziqqan, qobiliyatli, mehnatkash bo‘lgan.

U o‘z ona tili xorazm tilidan tashqari yana bir qancha tillarni-so‘g‘diy, fors, hind, yunon va qadimgi yaxudiy tillarni ham o‘rgangan. U Hindistonda bo‘lar ekan, tez orada nafaqat Hindiston tarixi, madaniyati, hatto sanskrit tilini ham o‘rganadi. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasining eng ko‘zga ko‘ringan faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Shu bilan birga u shoh Ma’mun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakat siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.

Beruniy Urganchda yashagan davrda Ibn Sino bilan yozishma olib borgan. Bizgacha ularning savol-javoblaridan 18 tasi yetib kelgan. Bu yozishmalar Beruniyning tabiat falsafasi va fizika masalalari bilan qanchalik qiziqqanligidan guvohlik beradi. Savol-javoblarning mazmunida Aristotelning aql bilan his etish orqali chiqargan xulosalariga Beruniy o‘zining tuzatish va tajriba orqali aniqlagan xulosalarini qarshi qo‘ygan. Ibn Sino esa Aristotelni himoya qilgani ma’lum bo‘ladi.

Beruniy Xorazmda yashagan vaqtda hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, Kat shahrida muhim astronomik kuzatishlar o‘tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o‘zi asboblar ixtiro qilgan. Beruniy 22 yoshida o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanni tashlab ketishga majbur bo‘ladi va avval Rayga, keyin Jurjonga keladi. Bu yerda mashhur tabib, astronom, faylasuf Abu Saxl Iso al-Masixiy bilan tanishadi va undan ta’lim oladi. Beruniy o‘zining mashhur asarlaridan biri bo‘lmish “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini Jurjonda yoza boshlagan.

Tarixdan ma’lumki, 1017-yilda Mahmud G‘aznaviy Xorazmni bosib oladi va Beruniyni ham Xorazmshoh saroyidagi bir qancha olimlar qatori G‘azna shahriga olib ketadi. Beruniy G‘azna shahrida 1017 yildan to 1048 yilgacha hayot kechirgani ma’lum. Bu yillar Beruniy hayotida o‘ziga xos davr bo‘ladi. Bir tomondan g‘urbatda yashagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ilmiy faoliyatda juda ham mahsuldor davri bo‘ladi. Beruniy faoliyatini o‘rganuvchi olimlarning fikricha, bunday hol, ya’ni davlat ishlariga aralashmagan, siyosiy faoliyatdan chetlashgan olim o‘zining butun bo‘sh vaqtini ilmiy-tadqiqot ishlariga sarflaydi.

Beruniy tabiat fanlarining rivojiga bebaho hissa qo‘shgan olimdir. U o‘zining ilmiy asarlarida dunyoning tuzilishi haqida fikr yuritganda Ptolemey fikriga suyansa ham, amalda yerning harakati haqida Ptolemey tartibiga zid keluvchi fikrlarni bayon qiladi. U “Geodeziya” asarida geotsentrizm bilan bog‘liq bo‘lgan ba’zi nazariyalarning to‘g‘riligiga shubha bilan qaraganligini ochiqdan-ochiq bayon etadi. Bu bilan u dunyoning geliotsentristik tuzilishi haqidagi nazariyani ishlashiga hissa qo‘shganlardan biri hisoblanadi.

Beruniy o‘z davrining katta matematigi ham bo‘lgan. U matematika masalalariga bag‘ishlangan asarlarida geometriya, arifmetika, algebra, sonlar nazariyasi, trigonometriya tushunchalarini ma’lum tartib bilan ta’riflaydi. Hozirgi zamon tadqiqotchilarining ko‘pchiligi Beruniyni trigonometriya fanining rivojiga qo‘shgan hissasini juda ham yuksak baholashadi. Ular Beruniyning trigonometriyaning matematikada mustaqil fan sifatida qaragan olim sifatida ko‘rsatmoqdalar.

Beruniy 1030-yilda “Hindiston” nomi bilan mashhur bo‘lgan eng yirik asarini yozadi. Bu asar juda katta ahamiyatiga ega bo‘lgan asar bo‘lib, bu haqda juda ko‘p g‘arb va sharq olimlari o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirganlar. Beruniyning bu asari ustida 20 yil ish olib borgan E.Zaxau uning arabcha tanqidiy teksti bilan ingilizcha tarjimasini 1888-yilda Londonda nashr ettiradi. Ana shu olim “hindshunoslikda Beruniyga teng keladigan biror olim na undan oldin va na undan keyin bo‘lganligini bilmaymiz”-degan edi. Yirik arabshunos olim R.Rozen “Hindiston” asari qadimgi va o‘rta asr g‘arb va sharq adabiyotida “misli ko‘rilmagan”-deb baholaydi. Hind olimlaridan Hamid Rizo esa “O‘rta asr va yangi zamon mualliflaridan hech biri Hind madaniyatining chigal masalalarini ilmiy ruhda tushunish bo‘yicha Abu Rayxon Beruniy erishgan yutuqlariga erisha olmadi. Beruniyning “Hindiston” asari klassik namuna bo‘lib qolishi bilan birga o‘z muallifining qadimgi hind madaniyati va faniga tortig‘idir”-degan edi.

Abu Ali ibn Sino (980-1037) Buxoro yaqinida joylashgan Afshona qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi ziyoli, o‘qigan, bilimdon kishi bo‘lib asli Balxdan bo‘lgan. Ibn Sino o‘sha davr ziyolilar oilasida hukm surgan turmush tarzi tizimi bo‘yicha “Qur’oni Karim”ni yoshlik chog‘idan yod ola boshlaydi. Bu bilan kifoyalanib qolmasdan otasi unga falsafa, hind hisobi kabi sohalarni ham o‘qita boshlaydi. Hatto Abu Abdulloh an-Nashali degan kishini o‘g‘liga murabbiy qilib oladi. U o‘spirinlik yillarida, 16 yoshida shunchalik chuqur shug‘ullanganki, hatto biron-bir kecha ham to‘yib uxlamagan ekan. Fan asoslari bilan bunday shug‘ullanish, ko‘p vaqtlar davomida amalga oshirgan mashaqqatli mehnat tez orada o‘z samarasini beradi, u 17 yoshidayoq olim sifatida shakllanib, tabib degan nom chiqara boshlaydi. Mukofot sifatida saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga sazovor bo‘ladi.

Biz ko‘rib chiqayotgan davr siyosiy tarixi o‘ziga xos xususiyatlarga ega edi. Bu vaqtda ikki sulola (Qoraxoniylar va Somoniylar) tarix sahnasida hukmronlik uchun kurash olib bormoqda edi. Mamlakatdagi bunday beqarorlik fan arboblarining faoliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmas edi. Ibn Sino ham o‘sha davrda Xorazmda fan va madaniyat xomiysi sifatida nom chiqargan Ma’mun (999-1016) saroyiga boradi. U yerda o‘sha davr mashhur olim, faylasuflari Abusaxl Masixiy, tabib Abul Xayir Xommar, qomusiy olim sifatida butun dunyoda tan olingan Abu Rayhon Beruniy va boshqa mashhur olimlar bor edilar. Ammo olimning tinch ijodi bu yerda ham ko‘pga cho‘zilmaydi. Xorazmni Mahmud G‘aznaviy egallagach u Hamadonga jo‘naydi. O‘sha davrda Hamadon hukmdori Shams ad-Davla degan kishi bo‘lib, u kasal bo‘lib qoladi. Ibn Sino Buxoro amirini davolaganidek uni ham tuzatib yuboradi va evaziga vazir etib tayyorlanadi. O‘sha davrda ham saroy fisqu-fasod, isyonlar uyasi edi. Ana shunday fisqu-fasodlar tufayli u zindonga tashlanadi. Isfaxon hukmdori Alouddavla Hamadonni bosib olgach, u zindondan ozod qilinadi.

Ibn Sinoning zamondoshi, uning shogirdi Jurjoniyning yozishicha u jismoniy jihatdan juda baquvvat bo‘lgan. Biroq shaharma-shahar darbadarlikda yurish, yuqorida qayd qilganimizdek, kechalari uxlamasdan uzluksiz ishlash va ta’qib ostiga olishlar olimning salomatligiga ta’sir ko‘rsatadi va u 428 xijriy yilning ramazon oyida, 1037 yilning iyun oyida 57 yoshida vafot etadi.

Ibn Sino haqiqiy ensiklopedik olim bo‘lib, o‘z davrining deyarli barcha fanlari bilan muvaffaqiyatli ravishda shug‘ullangan va ularga oid ilmiy asarlar yaratgan. Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asarlari qayd qilingan bo‘lsa ham, zamonlar o‘tishi bilan ularning ko‘pi yo‘qolib ketgan va bizgacha faqat 242 tasi yetib kelgan.

Ibn Sinoning tog‘larni paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi juda ajoyib fikrlari, minerologiya va geologiya fanlariga qo‘shgan hissasi juda salmoqlidir. Jumladan, u minerollarni to‘rt guruhga bo‘lib, ularning original klassifikatsiyasini taklif etadi. Bu klassifikatsiya to XIX asrgacha deyarli o‘zgarishsiz saqlanib keldi. Olimning minereologiya sohasidagi ishlarining muhimligi ta’kidlanib, 1956-yilda O‘zbekistonda topilgan mineral Avitsenit deb atalgan.

Ibn Sino botanika masalalari bilan ham ko‘p shug‘ullangan. Chunki tabobatda ishlatiladigan dorivor moddalarning aksariyati o‘simliklardan olinadi. Mashhur shved botanigi Karl Linney (1707-1778) Ibn Sinoning botanika sohasidagi xizmatlarini ta’kidlab, tropik mamlakatlarda dengiz suvida ham o‘suvchi va doimo yashil holda qoladigan bir daraxtni Avitsenna deb atadi. Ham G‘arbda, ham Sharqda “Avitsenna” va “Shayxur-Rayis” nomi bilan shuhrat qozongan bobokalonimiz haqiqatan ham mustaqil O‘zbekiston yoshlari qalbida o‘z tarixi va bobokalonlari bilan faxrlanish his-tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy (960-1041-y.) taxminan 960-yilda Samarqand yaqinida joylashgan Panjrudak qishlog‘ida tug‘ilgan. Shuning uchun ham shoirning taxallusi shu tug‘ilgan qishlog‘ining nomidan kelib chiqib Rudakiy bo‘lib hisoblanadi. Yana boshqa manbalarda aytilishicha, o‘sha davrda xalq cholg‘u asboblari orasida “rud” nomli musiqa asbobi bo‘lib, shoir uni chalishni juda yaxshi o‘rgangan, shuning uchun ham shoir taxallusini shu asbobdan olgan deb ham hisoblaydilar.

Rudakiyning tarjimai holiga bag‘ishlangan barcha manbalarda uni kambag‘al oiladan ekanligi, yoshligidayoq musiqa asboblarini yaxshi chalishni va ashula aytishni sevganligi qayd etiladi. Yosh shoirning o‘zi she’rlar yozishi va musiqaga bo‘lgan bunday muhabbati tez orada uni mashhur qilib yuboradi. Bu davrda she’riyat, ayniqsa, saroy she’riyati, qasidanavislik, ya’ni shaxsga madhiya o‘qib, ko‘klarga ko‘tarib maqtash keng avj olgan edi. Qasidanavislikdan asosiy maqsad, uning mohiyati maqtov kimning shaxsiga qaratilgan bo‘lsa, o‘sha kishini shaxsni ulug‘lashtirish bo‘lgan. Rudakiy esa ma’lumotlarga qaraganda, qasida to‘qishga usta bo‘lgan. Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, uning Somoniylar saroyiga taklif qiladilar. U davrda hokimiyat tepasida Nasr ibn Ahmad turardi.Shu davrdan boshlab, uning hayotida saroy davri boshlanadi. Saroy hayoti o‘zining o‘ta murakkabligi bilan ajralib turgan, fisqu-fasodlarga to‘la bo‘lgan. Rudakiy qarigan vaqtida saroydan quviladi va qolgan umrini o‘zining ona qishlog‘ida faqirlikda o‘tkazadi. Saroydan quvilayotgan paytda uning ko‘ziga mil tortib, ko‘r qilinadi.

Rudakiy fors-tojik she’riyatining asoschilaridan biri hisoblanadi. XI asr shoiri Rashidiyning aytishicha, Rudakiyning bir million uch yuz ming bayt she’ri borligi hisoblab chiqilgan. Ammo bizgacha ming bayt, ikki qismda ellik ruboiy, she’rlar, doston va boshqalar yetib kelgan, xolos. Bu asarlarda shoir do‘stlik, muhabbat, yaxshilik qilish, birovning dilini og‘ritmaslik kabi ulug‘ insoniy fazilatlarni ulug‘laydi. Doimo ezgulik qilishga chorlaydi.

Rudakiyning she’riyati hayot lazzati, hayotning o‘zi ustod ekanligi, undan ko‘p narsalarni bilib, o‘rganib olish mumkinligini ta’kidlaydi va shunday qilish lozim ekanligini uqtirishga harakat qiladi. Hayot ta’limi butunlay boshqacha ta’lim ekanligini, uni ba’zida shirin, ba’zida achchiq ekanligini ko‘rsatadi. Bunday ta’limni hech bir o‘qituvchi bera olmasligini uqtiradi.

Har bir kishi olmasa hayotdan ta’lim,

Unga o‘rgata olmas hech bir muallim.

Bizgacha Rudakiy qalamiga mansub “Kalila va Dimna”, “Davroni oftob”, “Sindnoma” kabi poemalardan parchalar yetib kelgan. Rudakiyning asarlari haqida gap yuritar ekanmiz, uning tili sodda, keng xalq ommasiga juda ham tushunarli bo‘lganligini ko‘ramiz. Shuning uchun ham u keng xalq ommasi orqali shuhrat topgan. Uning asarlari hozirgi o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.

Mahmud Qoshg‘ariy faoliyati bilan bevosita shug‘ullanuvchi olimlarning fikricha bu zot 1029-1038 yillar orasida Qashg‘arda tug‘ilgan. U o‘ziga to‘q, ziyoli oiladan bo‘lib, Qashg‘arda yaxshi bilim oladi. Hatto u Buxoro va Nishopur shaharlarida o‘z bilimlarini kengaytirib katta-katta olimlar bilan suhbatda bo‘ladi. Mahmud Qoshg‘ariy yashab ijod etgan yillar Qoraxoniylar davlatining gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri keladi. Mahmud Qoshg‘ariy juda ko‘p safarlarda bo‘ladi va o‘zining asarlari uchun boy ma’lumotlar to‘playdi. Ko‘p yillik izlanishlar natijasida “Devoni lug‘ati- turk” va “Javohiri-nahv” “Turk tili sintaksisi asoslari” asarlarini yozadi. Ming afsuslar bo‘lsinki, oxirgi asar hanuzgacha topilmagan. Mahmud Qoshg‘ariyni butun ilm olamiga tanitgan asari uning “Devoni lug‘ati- turk” asaridir. Bu kitob arab tilida yozilgan. Unda olim ko‘p yillar davomida turkiy qabilalar orasida olib borilgan kuzatishlar asosida turkiy tillarni qiyosiy va tarixiy usullar bilan tahlil qilgan va bu tillarning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga harakat qilgan. Olimlarning fikricha, muallif ushbu tadqiqotida juda ko‘p so‘zlarning etimologiyasini ham juda aniq va to‘g‘ri izohlab bergan.

Asar ikki qism (muqaddima va lug‘at)dan iborat. Olim asarga o‘zi tuzgan dunyo xaritasini ham ilova qiladi. Bu hol asarning qimmatini yanada oshiradi. Xarita doira shaklida chizilgan bo‘lib, unda mamlakat, shahar, qishloq, tog‘, cho‘l, dovon, dengiz, ko‘l, daryo va hokazolar nomlari yozilgan. Xaritada yozilmay qolgan nomlar esa asar matnida berilgan. Xarita asosan hozirgi Sharqiy yarim sharga to‘g‘ri keladi. Mahmud Qoshg‘ariyning o‘zi bu haqda shunday yozgan: ”Rumdan Mochingacha bo‘lgan... shaharlar o‘rnini aniqlash maqsadida ularning hammasini yer shaklidagi doirada ko‘rsatdim”.

Asarda turli urug‘-qabilalardan qipchoq, o‘g‘iz, tatar, yamak, basmil, yabonu, qay, boshqirt, qirg‘iz, uyg‘ur, jamil, taru, ichroq, tuxsi, yag‘mo, chigil, tangut, tabg‘och, shuningdek, fors, arab, xitoy, rus xalqlari haqida ham ma’lumotlar keltiriladi. Asarda bulardan tashqari bir necha turkiy tildagi hikmatli so‘zlar berilgan.

Mahmud Qoshg‘ariyning bu asarida O‘rta Osiyo hududidagi bir qancha shaharlar nomlarining kelib chiqishi masalalari ham alohida ko‘rsatilgan. Kitobda turkiy yozuv to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berilib, 18 harfdan iborat turk (uyg‘ur) alifbosi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Mahmud Qoshg‘ariyning bu kitobi dunyo xalqlarining juda ham ko‘p tillariga tarjima qilingan. Asarning bunchalik katta ahamiyatga ega bo‘lishi muallifning hayotni yaxshi bilganligi, turli bilimlarni puxta o‘zlashtirganligi va asarni hayot tajribasiga asoslanib yozganligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham asar o‘z ilmiy qimmatini bugungi kunda ham yo‘qotgani yo‘q.

Qoraxoniylar davrida yashagan yana bir o‘z davrining atoqli shoiri, donishmand va davlat arbobi Yusuf Xos Hojibdir (XI asr). Uning tarjimai holi, tug‘ilgan yili va hayoti to‘g‘risida yozilgan biron-bir asar saqlanib qolmagan. U Qoraxoniylar sulolasining poytaxti Bolasog‘unda tug‘ilgan va shu yerda ijod etgan. Hozirgi kunda Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik”(”Baxt-saodatga boshlovchi bilim”)deb nomlangan didaktik, badiiy-falsafiy asari bizgacha yetib kelgan bo‘lib, boshqa asarlari ma’lum emas. Shoirning o‘zi bu ishga roppa-rosa 18 oy sarflagan va unga juda ham puxta tayyorgarlik ko‘rgan.

Asar nasriy muqaddimadan so‘ng 77 baytdan iborat bo‘lgan she’riy muqaddima bilan boshlanib, 73 bobning mundarijasi beriladi. Boshlang‘ich boblar o‘sha davr an’analariga binoan boshlanib, Olloh va Payg‘ambar, islom dinining foydasi va dunyoviy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ilmiy masalalar bilan tugallanadi.

Asar shunchalik ko‘p qamrovli-ki, unda ko‘tarilgan masalalarni oddiy sanab o‘tishning o‘zi ham bir necha sahifalarni tashkil etadi:

Masalan: Yetti sayyora va o‘n ikki burj.

Inson farzandlarining qadri bilim va tafakkurda.

Tilning fazilat va manfaatlari.

Kitob egasining uzri.

Bilim va aql-idrokning farqi to‘g‘risida.

Bahad madhi.

Oy to‘ldining baxt haqidagi hikoyasi.

Ana shu sanab o‘tilganlardan ham ko‘rinib turibdiki, asarda shoir inson masalasini ajratib oladi. Insonning ijtimoiy mohiyati, uning hayotdagi o‘rni, vazifasi har tomonlama tahlil qilinadi.



“Qutadg‘u bilig” asarida bilim haqidagi alohida bob bo‘lib, unda bilimdan hech bir ziyon bo‘lmasligi, u kishilarga faqat foyda keltirishi mumkinligi, kishilarga bilim qadr-qimmat, hurmat va ehtirom keltirishi mumkinligi aytib o‘tiladi. Shuningdek, asarda markazlashgan davlatni mustahkamlashga qaratilgan nizolarga chek qo‘yish kabi o‘sha davr uchun juda katta ahamiyatga molik bo‘lgan masalalarga ham alohida e’tibor beriladi. Shu bilan birga, davlatni idora etish yo‘llari, buning uchun beklar bu yo‘lda o‘z atrofiga bilimdon, aqlli odamlarni to‘plashi lozim ekanligini alohida ta’kidlaydi. El-yurtni boshqarish asosida ikki narsa yotadi deb ko‘rsatgan shoir. Biri adolat ko‘rsatish bo‘lsa, ikkinchisi, ulardan marhamatni ayamaslikdir. Yuqorida qayd qilinganidek, shoirning bu asari dunyo jamoatchiligi tomonidan yaxshi qabul qilingan eng yaxshi asarlar qatoridan o‘rin olgan.
Yüklə 28,26 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə