Kirish «iqtisodiy ta'limotlar tarixi» kursining predmeti va uslubi «Iqtisodiy ta'limotlar tarixi»


Qadimgi Rimdagi iqtisodiy g'oyalar



Yüklə 81,75 Kb.
səhifə8/13
tarix31.01.2022
ölçüsü81,75 Kb.
#83336
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
1-Mavzu.

Qadimgi Rimdagi iqtisodiy g'oyalar

M.a. III asrda Qadimgi Rim (hozirgi Italiya) da quldorlik munosabatlari o'zining eng yuqori cho'qqisiga ko'tarilgan edi. Rimning boshqa erlarni bosib olish uchun olib borgan urushlari tufayli yirik imperiya yuzaga keldi, ko'plab qabila va xalqlar qullikka mahkum etildi. Asosan asirlardan iborat bo'lgan qullarning ahvoli Gresiya qullarinikidan og'irroq bo'lgan. Yana bir o'ziga xos xususiyat shundaki, agar Gresiyada qullar ko'proq hunarmandchilik va savdoda ezilgan bo'lsa, Rimda qullar asosan qishloq xo'jaligida ekspluatasiya qilingan. Ishlab chiqarishning quldorlik usulidagi qarama-qarshiliklar shu erda eng keskin tus oldi va oxir-oqibatda kolonatning paydo bo'lishiga olib keldi. Aholining kambag'al tabaqalari asrlar davomida erga egalik qilish uchun keskin kurash olib bordilar. Bu holat Rimdagi iqtisodiy g'oyalarga ta'sir etmay qolmadi, qullikka asoslangan yirik latifundiyalar bilan birga quldorlik xo'jaliklari - villalardan samarali foydalanish muammolari bosh masala edi.

Shu davrdagi olim va mutaxassislarning asarlarida bir qancha yangi iqtisodiy g'oyalar ilgari surildi. Bu g'oyalarning rivojiga e'tibor berilsa, quldorlik tizimining emirilishi bilan unga bo'lgan munosabat ham o'zgardi. Katon Starshiy (m.a. 234-149 yy.) yirik er egasi bo'lgan, «Dehqonchilik» nomli asarida u qullikka asoslangan natural xo'jalikni himoya qildi. Katon o'z talablarini o'zi ta'minlovchi yoki asosan iste'mol qiymati ishlab chiqaruvchi xo'jaliklarni tan olar edi (natural xo'jalik himoya qilinadi). U faqat ortiqcha mahsulotnigina sotish kerak, xo'jalikda ishlab chiqarish mumkin bo'lmagan narsalarnigina sotib olish zarur, degan g'oyani qo'llaydi. U qul mehnati asosida xo'jalikni yuritishning yangi uslublarini ham ishlab chiqdi. Uning fikricha, qullar yoshligidan sotib olinish kerak, shunda qullarni tarbiyalash, ishga o'rgatish oson bo'ladi (yoshi kattalarda bu ish qiyin kechadi), qullar orasida adovat urug'i sepilsa, ularda egasiga nisbatan ig'volar yo'qoladi. Qullar qattiq intizom asosida ishlatilishi, arzimas gunoh uchun jazolanishi, ishiga qarab boqilishi va kiyintirilishi taklif etiladi.

Bu davrda natural xo'jalik bilan birga bozor munosabatlari ham rivojlanayotgan edi. Bozorni qo'llagan Katon shu bilan birga yollanma mehnatga dushman bo'lgan. U qul mehnatini to'g'ri tashkil etishga alohida ahamiyat beradi. Bayram kunlari ish hayvonlariga dam berilgan holda, qullar ishlashga majbur etilgan. Kasallangan ho'kiz davolangan, qulni esa «eski arava» sifatida sotib yuborish tavsiya etilgan.

Dehqonchilikda qul mehnati tobora kam samarali bo'layotganligini ko'rgan Katon yaylov xo'jaligini, keyinchalik savdo va sudxo'rlikni qo'llab-quvvatlagan. Qiymatdan ortiq mahsulotni foyda deb bilgan va uni to'la ravishda ishlab chiqarish harajatlariga qo'shgan (xato fikr). «Yuqori foyda olish uchun yuqori baholar kuni kelishini bamaylixotir kutish kerak», deydi u.

Dehqonlar qo'lidagi erlar tortib olinib, yirik latifundiyalar vujudga kela boshladi, erkin Rim aholisi, dehqonlar va armiya soldatlari ersizlandi. Bu holat yirik er egalari - patrisiylar va dehqon-plebeylar o'rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirdi, oxir-oqibatda aka-uka Grakxlarning agrar islohotiga sabab bo'ldi. Ular ersiz yoki kam erli dehqonlarning yirik er egalariga qarshi kurashini himoya qildilar. Ammo bu ishni quldorlik tuzumini saqlagan holda va yirik er egalarini cheklash yo'li bilan hal etmoqchi bo'ldilar. Er egalarining qo'lidagi erning bir qismini kesib va davlat fondidagi erdan foydalanib kam erli dehqonlardan ozod dehqonlar tabaqasi barpo etish ko'zda tutilgan, eng muhimi bu toifa quldorlarning ishonchli tayanchi bo'lishi kerak edi.

Aka-uka Tiberiy va Gay Grakxlarning agrar islohoti bo'yicha, davlat eridan foydalanuvchilarning har biri 500 yuger (125 gektar), har o'g'li uchun 250 yuger, ammo bir oila uchun 1000 yugerdan ortiqcha er olish taqiqlangan. Undan ortiq erlar musodara qilingan va 30 yugerdan bo'linib, kambag'al fuqarolarga berilgan, lekin bu erni birovga sotish man etilgan. Bu qonun qabul qilindi, ammo uni amalga oshirishga yirik er egalari va senat qarshilik qildi. Tiberiy Grakx m.a. 132 yilda ataylab o'ldirildi, Gay (ukasi) Grakx m.a. 123-122 yy.da bu islohotni amalga oshirish uchun ishni davom ettirdi, bir qancha demokratik o'zgarishlarni amalga oshirdi (Rimda arzon non sotish), oqibatda 80 ming fuqaro er uchastkasi oldi. Islohot vaqtincha muvaffaqiyat keltirdi, m.a. 111 y. davlat erlarini sotishga yo'l berildi, erlar xususiy mulkka aylandi (m.a. 121 y.da Gay ham jangda halok bo'lgan).

Quldorlik tuzumi inqirozga uchragan va tushkunlikka tushgan davrda rimlik agronomlar Varron (m.a. 116-27 yy.) va Lyusiy Kolumella (I asr) lar quldorlik xo'jaligini rasionallashtirish muammolarini ishlab chiqdilar. Shu bilan birga olim va arxeolog bo'lgan Varron «Qishloq xo'jaligi to'g'risida» degan kitobida bu sohaning ahamiyatiga katta o'rin beradi, qishloqdan shaharga intilganlarni qoralaydi. U dehqonchilik bilan chorvachilikni birga rivojlantirishni ma'qul deb biladi. Varron ular o'rtasidagi «buyuk ittifoq» tarafdori edi. Buning asosiy sababi shundaki, Italiyada don nisbatan arzon edi, chorvachilikning foydasi esa ancha yuqori bo'lgan. Shu bilan birga, Varronning fikricha, har bir xo'jalik o'z-o'zini ta'minlashi kerak, u bozor munosabatlariga kam e'tibor qilgan, qullar ekspluatasiyasi tarafdori bo'lgan va ularni «gapiruvchi qurollar» deb bilgan. U qullarning siyosiy jihatdan xavfli ekanligini tushungan va imeniyolarda bir millatga tegishli qullarni ko'p saqlamaslik kerak deb tavsiya etgan (chunki birlashib harakat qilishlari oson).

Kolumella o'zining qishloq xo'jaligiga oid yirik asarida qullar mehnatining samarasi pastligini ta'kidlaydi (birovga ishlaydi-da!). Uning fikricha, qullar erni yaxshi ishlamaydilar, er yuqori hosil berishi uchun kayg'urmaydilar. U erkin mayda ishlab chiqaruvchilarning mehnati qullarnikidan yuqori bo'lishini isbotlab berdi, yirik quldorlik latifundiyalariga nisbatan mayda dehqonchilikni afzal deb hisobladi. Bu davrda yirik latifundiyalarning inqirozi aniq bo'lib qoldi, rivojlanish faqat ekstensiv yo'l bilan bordi, ya'ni hosil qo'shimcha er hisobigagina oshdi. Qullar imkoni boricha erni ishlamaslikka intilgan. Kolumella bunday erlarni erkin kolonlarga bo'lib berish yaxshiroq samara beradi, degan to'g'ri qisqacha xulosalarga keldi, uningcha mayda ishlab chiqarishga o'tish kerak edi (hozirgi davrga solishtirib ko'ring).




Yüklə 81,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə