Kirish magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi



Yüklə 119,55 Kb.
səhifə1/20
tarix18.05.2023
ölçüsü119,55 Kb.
#111148
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
Botirova M. mag.diss



KIRISH
Magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Hozirgi ijtimoiy iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotimizda ulkan o‘zgarishlar, tub islohatlar amalgaoshirilmoqda. Ushbu jarayonda har bir shaxs buyuk o‘tmishimizni yaxshi bilgan holda kelajagimiz ravnaqi uchun eltadigan eng oqilona yo‘llardan borish talab qilinadi.
O‘zbekiston mustaqilligi o‘zbek adiblari oldiga yangidan–yangi vazifalar qo‘ydi. Badiiy ijodda qalam tebratayotgan ijodkorlarning so‘zi millatning ijtimoiy –siyosiy ongini, ma’naviy, axloqiy dunyoqarashini shakllantirishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’kidlash lozimki, o‘zbek tilshunosligi fani o‘tgan davr mobaynida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Dunyo tilshunosligida badiiy nutqni ijtimoiy-falsafiy, badiiy, lingvistik, lingvostilistik va lingvopoetik nuqtai nazardan o‘rganish sohasi uncha uzoq bo‘lmasa-da, samarali tarixni bosib o‘tdi. Bu borada amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlaridan olingan natijalar tilshunoslik fanini yangidan-yangi ilmiy-nazariy xulosalar bilan boyitishga xizmat qilib keldi. Hozirgi kunda amalga oshiriladigan ishlar o‘zbek tili leksikasining milliy, shakliy hamda uslubiy jihatdan rivoji uchun xizmat qiladi. O‘zbek tilshunosligida ijodkor poetik nutqini lingvistik o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar mumtoz va zamonaviy adiblarimiz individual badiiy nutqi xususiyatlariga bag‘ishlangan ishlarning soni ancha-muncha bo‘lib, ular individual badiiy matnni ilmiy tadqiqi orqali ona tilimizning muayyan nozik qirralarini namoyon etish uchun xizmat qiladi. “...Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”1.
Buni tilning barcha sathlari bilan bog‘liq muammolarning o‘rtaga tashlanishi va olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ham ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, keyingi paytlarda badiiy asar tili, badiiy asar uslubiyati, lingvopoetika, lingvostilistika kabi sohalar yuzasidan salmoqli tadqiqotlar olib borildi. Bunga ― matn lingvistikasi deb ataluvchi tilshunoslik yunalishining katta sur’at bilan rivojlanib borayotganligini misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Matn lingvistikasi tilshunoslikning alohida yo‘nalishi sifatida shakllandi va muttasil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, ― lingvopoetika deb ataluvchi matn lingvistikasining mustaqil sohasi tadqiqotchilar e’tiborini ko‘proq tortmoqda. Lingvopoetikaning asosiy o‘rganish obyekti – badiiy matn. Ammo badiiy matn matnlar tipologiyasi nuqtai nazaridan nobadiiy matnga qarshilantirilganda, undagi o‘ziga xosliklar yana ham oydinlashadi. Shuning uchun matn nazariyasi masalasini va badiiy matnga lingvopoetik yondashuv hamda uning vazifalari muammosini alohida-alohida o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Badiiy matn badiiy-estetik butunlik sifatida nihoyatda murakkab, serqatlam hodisa. Badiiy matnda ifodalangan asosiy g‘oya-fikr-mazmunini tushunish shunchaki ish emas, balki ancha qiyin va murakkab ijodiy jarayondir. Badiiy asarda mutlaqo o‘ziga xos, goh ochiq, goho yashirin tarzda namoyon bo‘ladigan mazmunning ma’nosini tug‘ri anglash ma’naviy-madaniy, aqliy-hissiy va lisoniy-estetik faoliyat natijasida mumkin bo‘ladi. Har qanday matnning mazmunini tushunish uchun til leksikasi va grammatikasini bilish yetarli bo‘lsa, badiiy matnning mazmunini idrok etish uchun badiiy matnning o‘ziga xos lisoniy-poetik qonuniyatlarini ham bilish lozim bo‘ladi. Badiiy matn deganda faqat she’riy yoki faqat nasriy yoki yana boshqa adabiy turga oid asarlar tushunilmaydi. Bu turlarning xar biri o‘ziga xos lisoniy-poetik va adabiy-g‘oyaviy jihatlarga ega, ammo ularniig barchasini badiiylik degan mushtarak sifat birlashtiradi.
Odil Yoqubov — XX asr oʻzbek adabiyoting yirik vakili, 1926-yili Qozogʻistonning Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlogʻida ziyoli oilada tugʻilgan. “Koʻhna dunyo” (1982) romanida oʻrta asrda yashab jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan olimlar Ibn Sino va Beruniyning fojiali taqdiri qalamga olingan. “Diyonat” (1977), “Oqqushlar, oppoq qushlar…” (1988), “Adolat manzili” (1998) romanlarida oʻzbek xalqining 20-asrning 60-70 yillaridagi hayoti va kurashi manzaralari haqqoniy tasvirlangan. Garchi bu asarlarning asosiy qahramonlari turli sohalarning vakillari, harakterlari ham turlicha boʻlsada, taqdirlari, maqsad va intilishlari bilan birbirlariga oʻxshaydilar. Ular nopob tuzumda yashab koʻp nohaqliklarni, fojialarni boshdan kechirgan, ammo tinmay mehnat qilgan va kurashgan, milliy mustaqillik poydevorini qurgan, mustahkam irodali, mard va olijanob insonlardir. Yoqubov mazkur romanlari bilan oʻzbek nasridagi ijtimoiy ruh, keskin konflikt, harakterlar, psixologizmni sezilarli darajada kuchaytirdi, uni yangi harakterlar, yangi badiiy xulosalar bilan boyitdi. Yoqubov “Chin muhabbat” (1955), “Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi”, “Yurak yonmogʻi kerak” (1958), “Olma gullaganda” (1961), “Muzaffar Temur” (1996), “Bir koshona sirlari” (2000) kabi pyesalar, “Dilbarim”, “Bahor yomgʻirlari” kinossenariylari (1971) muallifi. Yoqubov mohir tarjimon, munaqqid, publitsist. Uning Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov va boshqalar ijodiga bagʻishlangan adabiy portret va maqolalari bor. Asarlari chet tillarga, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillariga tarjima qilingan. Yoqubov ijodi haqida adabiyotshunoslar Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Leonid Terakoyan, Umarali Normashov, Norboy Xudoyberganov, Botir Norboyev va boshqalar ilmiy tadqiqot ishlari qilishgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureanti (1977), “Doʻstlik” (1994), “El-yurt hurmati” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Biz atoqli adib Odil Yoqubovning “Oqqushlar, oppoq qushlar…” asari lingvopoetikasi mavzusini tadqiq etar ekanmiz yozuvchi ijodining lingvistik tahlili, so‘z qo‘llash mahorati va lingvistik sathlarning yozuvchi asarlaridagi o‘ziga xosliklarni o‘rganishga e’tibor qaratdik. Ana shu o‘ziga xoslikni ta’minlovchi badiiy til vositalarini chuqur o‘rganish va tadqiq etish ishning dolzarbligini belgilaydi.
Keyingi yillarda badiiy asar tili, badiiy asar nutqining individual xususiyatlarini o‘rganish hamda badiiy asarni lingvopoetik tadqiq qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Adibning so‘z tanlashdagi va qo‘llashdagi mahoratining tadqiq etilishi tilshunosligimiz rivojida o‘ziga xos ahamiyatga ega. Chunki aynan mana shu jihat orqali yozuvchining individual uslubi yaqqol ko‘rinadi. Shuning uchun tilshunosligimizda ijodkor badiiy nutqining o‘ziga xosligi, uning til vositalaridan foydalanishi kabi jihatlar bosh mavzu darajasiga ko‘tarilib bormoqda.
O‘zbek tilshunosligida ham muayyan bir ijodkorning tildan foydalanish mahorati, yozuvchining u yoki bu til sathi birliklarini qo‘llashdagi o‘ziga xosliklarini aniqlashga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlar mavjud. Ayniqsa, bu borada R.Qo‘ng‘urov, I.Qo‘chqortoev, Q.Samadov, X.Abdurahmonov, N.Mahmudov B.Yo‘ldoshev, X.Doniyorov, S.Mirzaev, L.Abdullaeva, E.Qilichev, I.Mirzaev, P.Qodirov, S.Karimov, B.Umurqulov, D.SHodieva, R.Normurodov, M.Yo‘ldoshev, G.Keldiyorova, D.Ne’matova, Yo.Sayidov, F.Bobojonov, G.Muhammadjonova, S.Boymirzaeva, A.Sabirdinov, L.Jalolova, M.Qosimova kabi olimlarning ishlarini alohida ta’kidlash lozim.
Yuqorida sanab o‘tilgan tadqiqotlarning o‘zbek adabiyotining yirik namoyondalari asarlari til xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan. Biz tanlagan ijodkor Odil Yoqubov asarlari adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan turli aspektlarda ancha jiddiy tadqiq etilgan, 2 lekin yozuvchi asarlarining lingvistik xususiyatlari tilshunosligimizda deyarli tadqiq etilmagan.
Mazkur magistrlik dissertatsiyasida Odil Yoqubov asarlarining badiiy uslub individualligini ta’minlovchi omillar: fonetik vostalarning poetik imkoniyatlari, sinonim, omonim, antonimlar, epitet, tasviriy vositalarning qo‘llanishi tadqiq etildi.
Tadqiqot obyekti va predmeti sifatida Odil Yoqubovning “Oqqushlar, oppoq qushlar…” asari olindi. Yoqubov O. Oqqushlar, oppoq qushlar…. –T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.Yoqubov O. Saylanma (3 tomlik). Toshkent. Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1985-1987. Mazkur asarlar tadqiqotimizning asosiy manbasi bo‘lganligi sababli, ilmiy tahlil uchun asos qilib shu nashrlar tanlandi.

Yüklə 119,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə