Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə1/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi


1-Mavzu: Ma'naviyatning ilmiy-metodologik asoslari

Reja:


  1. “Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi” fani tuzilishi, asosiy mavzu va muammolari

  2. Fan predmetini o‘rganishning ilmiy-uslubiy asoslari

  3. “Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi” fanining ijtimoiy hayot, ta'lim-tarbiya hamda gumanitar fanlar rivojlanishdagi roli.


1. Har bir fan o‘z sohasiga oid ilmiy bilimlar beradi. Ularni turli tadqiqot usullari, vositalari orqali aniqlaydi, qayta tekshiradi, baholaydi, umumlashtiradi, kamchiliklarni to‘ldirib, boyitib boradi. Har bir fan o‘rganayotgan sohasini, narsa va hodisalarni, ular o‘rtasiga bog‘liqlik va munosabatlarni, o‘zgarishlar va yangilanishlarni o‘z xususiyatidan, o‘z predmetidan kelib chiqib tadqiq etadi. Bu jarayonda u barcha fanlarga xos ilmiy tadqiqot usullari va vositalari bilan bir qatorda faqat o‘ziga xos ba'zi bir usullar va vositalardan, asbob-uskunalardan, o‘lchov ko‘rsatkichlaridan va h.k. foydalanadi.

Fanning vazifasi tadqiqot sohasiga, ob'ektiga taalluqli ilmiy haqiqatni aniqlashdir. Bu haqiqatga eltadigan yo‘lni yunon tilida metodologiya, umuman fan qo‘llaydigan barcha umumiy va konkret yondashuvlar, usullar va vositalarni metodologiya (metod-yo‘l; logos- ta'limot) deb ataladi. Metodologiya bevosita ilmiy yangiliklarni kashf etmaydi, yangi bilimlar bermaydi, yangi bilimlarga qanday erishishni ko‘rsatadi, balki mavjud va aniqlangan bilimlarning, ilmiy xulosalarning to‘g‘riligi yoki xatolarni baholaydi. Bu xatolarga tadqiqot usuli va vositalardagi qaysi kamchiliklar sabab bo‘lgani, ilmiy tahlil, umumlashtirish va xulosa chiqarishda adashishga olib kelganini aniqlashda yordam beradi. Boshqacha aytganda, ilmiy metodologiya fan to‘g‘risidagi fandir. Lekin metodologiyaning bilvosita ilmiy kashfiyotlar qilishdagi ahamiyati ulkan. U muayyan fanga ilmiy va ijtimoiy mo‘ljal beradi, oldida turgan konkret va dolzarb vazifalarni, maqsadlarni aniqlab olishga ko‘maklashadi. Bularsiz esa hyech bir fanni samarali rivojlantirib bo‘lmaydi, chunki metodologiyasiz ilmiy kashfiyotlar stixiyali amalga oshiriladi. Ba'zan esa kashfiyotning mazmun-mohiyati, ilmiy va amaliy ahamiyatini na olimlar, na jamiyat munosib baholay olmaydi. Natijada yangi g‘oya, yangi kashfiyot qog‘ozda qolib ketaveradi. Jamiyat ularni to‘g‘ri baholab, amalda qo‘llashiga o‘n yillar, hatto asrlar o‘tib ketadi. “Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi” fani ma'naviyat sohasiga oid haqqoniy, ob'ektiv ilmiy bilimlarga erishish usullari, vositalari to‘g‘risidagi fandir. U ma'naviyat sohasini o‘rganuvchi fanlarga o‘ziga xos ilmiy yo‘l-yo‘riq beradi, ilmiy mezon vazifasini bajaradi. Buning uchun u eng avvalo “ma'naviyat” tushunchasi maazmun-mohiyatining o‘zi qay darajada to‘g‘ri aniqlangani, uni o‘rganishga qaysi ilmiy-e'tiqodiy pozitsiyalardan, ilmiy-ijtimoiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib yondashilganini tahlil qiladi.

Kimdir ma'naviyatga materialistik, kimdir idealistik, kimdir ko‘proq diniy, kimdir eklektik (har xil yondashuvlarni mexanik qorishtirish, aralashtirish), kimdir ko‘proq siyosiy-mafkuraviy nuqtai nazardan yondashishi mumkin. Kimdir milliy ma'naviyati rivojlanishini baholashda o‘tmishni ortiqcha ideallashtirishi, yoki, aksincha, qoloq hisoblab, unga bepisand qarashi mumkin. “Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi” fani tadqiqotchilarga ilmiy-e'tiqodiy, siyosiy-mafkuraviy qarashlari tufayli biryoqlama xulosa chiqarmaslikda ko‘maklashadi. Ularga fanning ilmiy xolislik, mantiqiylik, tarixiylik, tadqiqot jarayonida mavhumlikdan aniqlikka ko‘tarilish, o‘rganilayotgan har bir narsa, hodisa, obнekt qotib qolmagan, balki ziddiyatlarga boy, o‘zgaruvchan, rivojlanuvchan jarayon ekanligini, har bir qat'iy xulosa chiqarish uchun yetarlicha ilmiy dalillar, asos bo‘lishi lozimligini eslatib turadi. Tadqiqotchi hissiyotdan, o‘z didi, istaklaridan, siyosiy qarashlaridan kelib chiqib emas, balki xolis ilmiy vaj va dalillarga tayanib xulosa qilishi lozim. Ushbu munosabat bilan Aristotelning “Platon mening do‘stim, lekin haqiqat qadrliroqdir” degan so‘zlarni eslash lozim.

Yuqorida keltirilgan usullar barcha fanlar uchun, jumladan “Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi” fani uchun ham umumiydir. Ammo har fan ularni o‘z xususiyatlaridan kelib chiqib qo‘llaydi. Metodologiya quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

1. Tadqiqotchining, olimning dunyoqarash va e'tiqod bilan bog‘liq ilmiy pozitsiyasida. Olim o‘rganayotgan hodisalar, predmetlarga, jumladan ma'naviyatga o‘zining ilmiy, diniy, siyosiy-mafkuraviy pozitsiyasiga hamda o‘z davri fanining erishgan yutuqlari, qarashlariga muvofiq yondashadi. Ijtimoiy hodisalar tadqiq etilayotganda, avtoritar yoki liberal, millatchilik yoki baynalminalchilik, milliy nigilizm, kosmopolitizm, yoki milliy va umuminsoniy qadriyatlar mushtarakligini hisobga olib, o‘z pozitsiyasini belgilaydi. Olimning dunyoqarashi va pozitsiyasi ma'lum shaxsiy psixologik moyilliklari va qiziqishlari, didi ta'sirini sezsa-da, asosan jamiyatning erishgan taraqqiyot darajasi va olimning olgan tarbiyasi, e'tiqodi bilan belgilanadi.

2. Mavzu va tadqiqot obyektini, predmetini hamda materiallarini tanlashda. Bular olimning u yoki bu fanga ixtisoslashganidan tashqari, uning mavzu dolzarbligi va ilm-fan, jamiyat uchun ahamiyatini baholashida, “ijtimoiy buyurtmani” to‘g‘ri yoki xato tushunishda ko‘rinadi, ma'lum ilmiy g‘oyalarga, an'analarga, qarashlarga, ilmiy konsepsiyalarga moyilligida ko‘rinadi. Tadqiqotchi olim yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lsa, jamiyatning, ilm-fan yoki ishlab chiqarishning endi vujudga kelayotgan talablarini, tendensiyalarini intiutiv yoki ongli ravishda payqaydi. Bu borada boshqalardan bir qadam oldinda yuradi. Shunga yarasha u mavzu tanlaydi, tadqiqotning predmeti va ob'ektini belgilaydi, materiallar to‘playdi. Bu tadqiqotning konkret usullari, vositalariga ham taalluqli. Ularni o‘z ilmiy pozitsiyasi va e'tiqodidan kelib chiqib tadqiq qiladi.

3. Olimning ob'ektiv, izchil va tizimli ilmiy fikrlay olishida, bir biriga nomuvofiq, zid yondashuvlarni qorishtirib yubormasligida, tahlil va umumlashtirish salohiyatida, ya'ni tafakkur madaniyatida.

4. Ilmiy tadqiqotning usullarini, vositalarini o‘zlashtirib olganlik darajasida, ularni o‘rganilayotgan narsa va hodisalar xususiyatiga mos qo‘llay olishida, ya'ni tadqiqot madaniyatida.

5. Ilmiy tadqiqot natijalarini, aniqlagan faktlarini, chiqargan xulosalarini fandagi ilmiy nazariyalar, qarashlar hamda umumiy dunyoqarash, e'tiqod bilan bog‘lay olishda.

Tafakkur va tadqiqot madaniyatidagi kamchiliklar olimning konkret xatolarga yo‘l qo‘yishiga, noto‘g‘ri tahlil yoki tajriba o‘tkazishiga, xato natijalarga kelishiga sabab bo‘ladi. Beshinchi bandda bayon qilingan va qo‘lga kiritilgan natijalarni umumiy nazariya va dunyoqarash bilan bog‘lay olish metodologiyasining oqibat samarasi va maqsadidir.

Shunday qilib, ilmiy metolodogiyaning ijtimoiy-tarixiy, e'tiqodiy, ijtimoiy-ilmiy, insoniy, madaniy asoslarini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fanining asosiy mavzulari, albatta, ma'naviyat tushunchasi (kategoriyasi)dan tashqari, ma'naviyatning tarixiy vujudga kelishi, rivojlanish qonuniyatlari, namoyon bo‘lish shakllari, ma'naviyatni o‘rganishga turlicha yondashuvlar, ma'naviyat va uning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi munosabatlar va shu kabi ko‘plab masalalar tashkil etadi.

O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyotida ma'naviyat iqtisodiyot bilan bir qatorda ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Albatta, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyatini qurish, uni mudom rivojlantirish, madaniyatimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan boyitib borish, xalqimizga o‘zligini anglatishni yanada chuqurlatirish va komil insonni tarbiyalashning ma'naviyat bilan bog‘liq muammolarining metodologik masalalari ham fanimizning asosiy mavzulari qatoriga kiradi.

O‘z navbatida har bir yirik mavzu ko‘plab konkret muammolar va masalalarga bo‘linadi. Misol uchun komil insonni tarbiyalash avvalo komillik tushunchasi nimani anglatishni, komil insonga qo‘yiladigan talablar har bir tarixiy bosqichda o‘zgarib, rivojlanib, konkretlashib borishini bilishni taqozo etadi. Komil inson masalasi bugungi axborot asrida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, axborot xurujiga, buzg‘unchi g‘oyalarga, ommaviy madaniyat niqobi ostidagi aksilmadaniyat bosimiga qarshi tura olish masalalari bilan chambarchas bog‘langan. Yoki inson huquqlari va erkinliklari masalasi uning ijtimoiy mas'ulligi va axloqi masalalari bilan mushtaraklikda qaralishi lozim. Agar ijtimoiy mas'ullik va axloq unutilsa, insonning har qanday xudbinligi, hirsi, nafsi, maishiy buzuqligi oqlanishi lozim. Bunday hol g‘arb mamlakatlarida ko‘p kuzatiladi. Bular metodologiya bilan bevosita bog‘liq masalalaridir.



2. Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fani predmetini o‘rganishning ilmiy-uslubiy asoslarini ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruh – umumfalsafiy yondashuvlar va tamoyillar: ob'ektivlik, konkretlik, mantiqiylik, tarixiylik, tizimlilik (sistemaviylik), strukturaviy (tuzilmaviy)lik, mavhumlikdan aniqlikka ko‘tarilish, dialektik mantiq va qonunlarni (qarama-qarshiliklar birligi va kurashi, miqdor va sifat birligi, inkorni inkor etish qonunlari) hisobga olish.

Falsafiy yondashuvlar an'anaviy metafizik va dialektik yondashuvlarga bo‘lingan. XX asrning ikkinchi yarmida sinergetik yondashuv vujudga keldi. Sinergetik yondashuv dialektik yondashuvning bir shaklidir. Agar an'anaviy dialektik yondashuvni o‘rganilayotgan ob'ektdagi ziddiyatlar, ularning konfliktga aylanishi, oqibatda yangi sifatning vujudga kelishi, unda avvalgi sifatdagi yashovchan jihatlarning saqlab qolinishi, rivojlanish jarayonida yana yangi sifatning tug‘ilishi va unda avvalgi sifatlarning o‘ziga xos sintezi (birlashuv, chambarchas, uzviy birlikni tashkil etishi) qiziqtirsa, sinergetik yondashuvni ko‘proq konfliktga aylangan ziddiyatni yechish, hal qilish, bosib o‘tish, turli tizimlar (masalan, jonli va jonsiz organizmlar) o‘rtasidagi umumiylik, o‘xshashlik qiziqtiradi.

To‘plangan bilimlarni umumlashtirish, tartibga solish, tizimga keltirish, ilgari to‘plangan ilmlar bilan bog‘lash, ulardan farqli xususiyatlarni va fan oldidagi vazifalarni aniqlash umumfalsafiy usullar va tamoyillar yordamida amalga oshiriladi. Umumfalsafiy usullarni qo‘llamasdan, biror fan haqiqiy ilmga aylana olmaydi, balki ijtimoiy tajriba, ishlab chiqarish beradigan bilimlar to‘plami kundalik ong darajasida qolib ketadi.

Ikkinchi yondashuv – xususiy ilmiy hamda faqat shu fanga xos usullar, yondashuvlar, tadqiqot vositalaridir. Ularni tadqiqot maqsadi va o‘rganish metodikasi deyish mumkin. Metodika fan oldiga qo‘yilgan konkret vazifani bajarish, belgilangan aniq maqsadga erishish uchun qo‘llaniladigan uslublar, vositalar, ekperimentlar (tajribalar), tahlil etish va umumlashtirish uslublari (masalan, statistik va matematik usullar, yoki sotsiologik tadqiqot usullari – kuzatish, og‘zaki so‘rov, intervyu, anketa so‘rovi va sh.k) mavjuddir.

Davlat universitetlari va pedagogika institutlari talabalariga turli xil o‘qitish metodikasi yaxshi tanish: dars mavzusini tushuntirishda o‘qituvchi har xil ko‘rgazmali vositalardan, audio, - videomateriallardan, har xil kompyuter texnologiyalaridan, interfaol usullardan foydalanishi mumkin.

Yoki muhandislik – texnik, qishloq xo‘jaligi, tabiatshunoslikka oid boshqa oliy o‘quv yurtlari va fakultetlari talablariga turli xil eksperimentlar, tajribalar o‘tkazish, modellashtirish uslubiyati yaxshi ma'lum. Masalan, qishloq xo‘jaligiga oid tadqiqotlarda o‘simlik navining yangi turining optimal agrotexnikasini ishlab chiqish uchun bir necha variantlarda nav sinovdan o‘tkaziladi. Tajriba gektariga hisoblaganda 100, 200, 300, 400, 500 ming va h.k. sonli o‘simliklarni joylashtirishi, ekishning har xil sxemalarini, gektariga hisoblaganda to‘g‘ri keladigan o‘g‘it va h.k.larning optimal miqdorini aniqlash, necha marta sug‘orish, necha marta chopiq qilish va ko‘plab talablarni aniqlash uchun har xil sxemalarda tajriba bir necha karra o‘tkaziladi. Bunda turli sxemalarda o‘simlik vegetatsiya davrida qanday rivojlanishi va har xil ko‘rsatkichlar, energetik va iqtisodiy harajatlar aniqlab boriladi. Turli matetamatik, fizikaviy, kimyoviy, biologik, iqtisodiy tahlillar, o‘lchashlar, ko‘rsatkichlar orqali yangi navni yetishtirishning agrotexnikasi va ishlab chiqarish texnologiyasi yaratiladi. Qo‘llanilgan konkret-ilmiy usullar, vositalar majmui – metodika deyiladi.

Metodologiya tor mazmunda umumfalsafiy, umumilmiy usullar tizimiga nisbatan qo‘llaniladi va metodikadan (uslubiyatdan) farqlanadi. Ammo keng mazmunda metodologiya ham umumfalsafiy, umumilmiy usullarni, ham metodikani ifodalaydi. Zero, metodikani, ya'ni konkret natijaga, aniq maqsadga erishish vazifasini fanning umumiy vazifasidan – ob'ektiv haqiqatni, ob'ektiv qonuniyatni aniqlash vazifasidan ajratib bo‘lmaydi.

Xususiy fanlar, jumladan ma'naviyat hodisalari va jarayonlarini o‘rganadigan fanlar natijalari, ya'ni xususiy ilmiy fakt, g‘oya, xulosa metodologiya yordamida umumiy ilmiy-falsafiy nazariyalar, dunyoqarash va e'tiqodiy ta'limotlar xulosalari, g‘oyalaridan kelib chiqib baholanadi, ular bilan bog‘lanadi. O‘rtada nomuvofiqlik vujudga kelib, xususiy fan aniqlagan fakt talqini, xulosasi umumiy nazariyaga zid chiqsa, sababi aniqlanadi. Bunda yo xususiy fan yo‘l qo‘ygan xato, yo nazariyadagi kamchilik ayonlashadi va tuzatiladi.

Murakkab ziddiyatli, qo‘pqatlamli va ko‘ptarkibli tizimlarni o‘rganishda, olingan natijalarga baho berishda, ularni ilmiy bilimlar bilan bog‘lashda falsafiy yondashuvga, keng mazmunda qo‘llaniladigan metodologiyaga zarurat kuchayadi. Bu, bir tomondan, bilish jarayonining murakablashib borishi bilan, ikkinchi tomondan – ijtimoiy munosabatlarning yanada rang-baranglashib, boyib borishi hamda ilmiy-texnika taraqqiyoti tug‘dirayotgan yangidan yangi axloqiy, estetik, huquqiy, siyosiy, ekologik va boshqa ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq. Mazkur jarayon ob'ektiv ravishda ma'naviyatni har tomonlama chuqur o‘rganishni, binobarin, ma'naviyatning ilmiy metodologiyasini ham rivojlantirishni taqozo etadi.

3. O‘zbekistonda ma'naviyatni o‘rganishga ta'lim tizimining barcha bosqichlarida katta e'tibor berilayotgani, yuqorida qayd qilinganidek, ma'naviyat yuksalishiga iqtisodiyot qatorida ustuvorlik berilayotgani ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fani rivojlanishi uchun ob'ektiv shart-sharoitlar yaratmoqda. Ob'ektiv shart-sharoitlarga ma'naviyat rivojlanishining moddiy bazasi, o‘quv, ta'lim-tarbiya, madaniyat muassasalari, adabiyot, san'at, ilm-fan, matbuot, matbaachilik rivojlanishi uchun qilinayotgan ishlar, kadrlar, mutaxassislar tayorlash tizimi kiradi. Xalqimiz, jamiyatimizning qarashlari, ta'lim-tarbiya va madaniyat bilan bog‘liq davlat hokimiyati siyosati, rahbarlar, olimlar, tadqiqotchilar, OAVning ma'naviyatga munosabati, xalqning ma'naviy yuksalishga intilishi, bu boradagi alohida shaxslarning va guruhlarning urinishlari, ongli ravishda tanlangan tadqiqot mavzulari va h.k. sub'ektiv shart-sharoitlarni vujudga keltiradi.

Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fanining jamiyat hayotidagi o‘rnini aniqlash va ahamiyatini oshirish uchun avvalo ma'naviyatning mazmun-mohiyatini, namoyon bo‘lish shakllarini, ijtimoiy vazifalarini, rivojlanish xususiyatlari va qonuniyatini to‘g‘ri aniqlash kerak. Agar ularni tushunishda, baholashda, amalda qo‘llashda bir biriga zid qarashlar va yondashuvlar bo‘lsa, ilmiy xulosalar zaif, biryoqlama, xato, ma'naviy-tarbiyaviy ishlar samarasi esa past bo‘ladi.

Ma'anaviyatni tadqiq etish, ma'naviy merosni baholash, undan foydalanish, urf-odatlar, qadriyatlar tizimini takomillashtirish, uni umuminsoniy qadriyatlar bilan boyitish, umuman olganda ma'naviy tiklanish va yuksalish borasida ko‘plab ilmiy muammolar o‘z yechimini kutib turibdi. Ba'zi tadqiqotlar ma'naviyatni tor diniy mazmunda Olloh haqiqatining sir-asrorlari sifatida talqin qilsa, boshqalari uni tor materialistik, yana birlari idealistik talqin qiladilar. Ma'naviyatga freydistik va umuman ruhiy tahlil, yoki vulgar sotsial-darvinizm, formal strukturaviy, pozitivistik nuqtai nazardan yondashuvlar uchraydi.

Keyingi yillarda ma'naviy hayotga ommaviy madaniyat ta'sirida ko‘ngilochar industriya sifatida karash, an'anaviy axloqiy qadriyatlarning talay qismini, jumladan oila institutini inkor qilish, soxta “qadriyatlar”ni targ‘ib etish kabilar kuzatilmoqda. Bunday urinishlar “inson huquqlari” “so‘z va axborot erkinligi”, “tolerantlik”, “gender tengligi” va ko‘plab boshqa g‘oyalarni biryoqlama, g‘arazli talqin qilish orqali asoslanmoqda. Bularga xolis ilmiy baho berish uchun , birinchidan, ma'naviyatni o‘rganuvchi fanlarni, ikkinchidan, ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fanini rivojlantirish zarur. Aholi, ayniqsa yoshlar bunyodkor g‘oyalarni buzg‘unchi g‘oyalardan ajratishni, ko‘rayotgan, o‘qiyotgan, tinglayotgan axborotni xolis tahlil qila olishni bilishlari kerak.

Aholining, yoshlarning qiziqishlarini hisobga olib bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, OAV, ayniqsa televidenie, nashriyotlar tematik rejalari va hordiq chiqarish, dam olishni ta'minlovchi, madaniyat muassasalari, turli xil ko‘ngilochar tomoshalarning, elektron o‘yinlarning mazmunini, tarbiyaviy ta'sirini ko‘tarish jamiyatning umumiy ma'naviy-madaniy saviyasi, sog‘lom ma'naviy ehtiyojlari o‘sishiga bog‘liq. Ilm-fan ta'lim-tarbiya, adabiyot va san'at, madaniyat va sport, sog‘liqni saqlash, OAV va ma'naviyat bilan bog‘liq boshqa ijtimoiy sohalarda davlatdan ilmiy asoslangan siyosat olib borish talab etiladi. Ilmiy asoslangan siyosat esa faqat metodologiya negizidangina ishlab chiqiladi, vujudga keladi. Uni amalga oshirish yana ijrochilarning metodologiyaga tayanishini taqazo etadi. Chunki har qanday puxta tuzilgan dasturlarni va davlat siyosatini joylardagi ijrochilar his-hayojonga berilib biryoqlama noto‘g‘ri tushunishlari, talqin qilishlari, soxtalashtirishlari mumkin. Bejiz o‘zbeklarda “Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqardi” degan maqol yo‘q emas. Demak, metologiya oqibat natijada jamiyat taraqqiyotining davlat siyosati bilan bog‘liq jihatlariga ham ta'sir ko‘rsatadi.

Insonning ma'naviy ongi, madaniyati, axloqi, qiziqishlari, hayotga munosabati, insoniy fazilatlari va kamchiliklari dastlab oilada shakllana boshlaydi. Bu jarayon hyech qachon to‘xtab qolmaydi. U bog‘cha, maktab, ta'lim-tarbiya muassasalarida, mehnat jamoasida, mahallada o‘z tengqurlari va kattalar bilan bo‘lgan muloqotlari va aloqalarida davom etadi. Inson ma'naviyati shakllanishga jamiyatning ko‘plab institutlari, bugungi kunda OAV, ko‘ngilochar madaniyat muassasalari kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Bu ta'sirlar ziddiyatlardan xoli emas. Ayniqsa submuhit ta'siri doimo ham ijobiy bo‘lavermaydi. Ba'zan u hatto o‘ta salbiy ko‘rinish olishi mumkin. Salbiy ta'sirlarni imkon qadar kamaytirish, ijobiy ta'sirlar samarasini kuchaytirish uchun yana ma'naviyatni har tomonlama turli fanlar yordamida o‘rganish va bu bilan bog‘liq ilmiy-metodologik masalalarni nazardan qochirmaslik kerak.

Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fani tarix, etika, estetika, siyosatshunoslik, sotsiologiya, ijtimoiy psixologiya, pedagogika, san'atshunoslik, madaniyatshunoslik va boshqa ko‘plab ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan bog‘langan. Filosofiyaning bilish nazariyasi, ijtimoiy filosofiya, muayyan masalalarda etika, estetika fanlari ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fani uchun nazariy asos, yo‘l ko‘rsatuvchi, ijtimoiy mo‘ljal beruvchi fanlardir. O‘z navbatida ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi fani ma'naviyat asoslari, ma'naviyat nazariyasi va tarixi, tarix, siyosatshunoslik, sotsiologiya, adabiyotshunoslik, madaniyatshunoslik, psixologiya, pedagogika va boshqa xususiy ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun ma'naviyat masalalari bo‘yicha metodologik nazariya vazifasini bajaradi. U mazkur fanlarning dalillariga, materiallariga, g‘oyalari va xulosalariga tayanadi, ulardan foydalanadi, o‘z predmeti doirasida ularni birlashtiradi, umumlashtiradi va o‘z nazariy konsepsiyalarini, baholash, ijtimoiy va ilmiy mo‘ljal ko‘rsatish tizimini ishlab chiqadi.


Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə