Mavzu: Farmoyish hujjatlari Reja



Yüklə 32,23 Kb.
tarix24.01.2023
ölçüsü32,23 Kb.
#99102
Mavzu Farmoyish hujjatlari Reja


Mavzu: Farmoyish hujjatlari


Reja:

Kirish
1. Farmoyish hujjatlari


2.Hujjatlar turlari
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar

Farmoyish hujjatlari asosan tashkilot rahbarining buyruq, ko‘rsatma, farmoyishlari asosida yuzaga keladi. Farmoyish hujjatlarida vazirlik, idora, tashkilot faoliyatiga oid ma’muriy va tashkiliy masalalarning yechilishi belgilab beriladi. Bunday hujjatlar tashkilot faoliyatini boshqaradi va muvofiqlashtiradi, boshqaruv organiga uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishni ta’minlash imkonini beradi.


Farmoyish hujjatlari boshqaruv tizimi bo‘yicha yuqoridan quyiga: boshqaruvchi organdan boshqariladigan organga, tashkilot rahbaridan tarkibiy tuzilmalar va xodimlarga yo‘llanadigan qarorlarni o‘z ichiga oladi. Buyruq – muayyan muassasa oldida turgan asosiy va kundalik vazifalarni hal qilish maqsadida qo‘llanadigan hujjat bo‘lib, muassasa rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi muovin tomonidan imzolanadi. Buyruqlarning ikki turi mavjud: asosiy faoliyatga oid va shaxsiy tarkibga oid buyruqlar. Asosiy faoliyatga oid buyruqlar ishni tashkil qilish, muassasa yoki uning bo‘limlari faoliyatini tartibga solishda qo‘llanadi. Ularda, odatda, yuqori tashkilotlardan kelgan ko‘rsatmaviy hujjatlar xodimlarga yetkaziladi, ularning ijrosi yuzasidan aniq tadbir-choralar belgilanadi, mas’ul shaxslar va bajarish muddati tayinlanadi.
Buyruqning asosiy matni asoslovchi (kirish) va farmoyish qismlaridan tarkib topadi. Asoslovchi qismda buyruqdan maqsad, shart-sharoitlar, sabablar ko‘rsatiladi, asos qilib olinayotgan buyruqqa havola qilinadi (nomi, raqami, sanasi yoziladi). Kadrlarning shaxsiy tarkibiga oid buyruqlar biror xodim ishga qabul qilinganda yoki bo‘shatilganda, boshqa bo‘limga o‘tkazilganda, shuningdek muayyan xodimga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo choralari qo‘llanganda, xodimga mehnat ta’tili berilganda va shu kabi hollarda beriladi. Bunday buyruqlarga tarkibiy tuzilma rahbarining taqdimnomasi, shaxsiy ariza hamda bildirgilar, xizmat tekshiruvi xulosalari va shu kabilar asos bo‘ladi.
Yodingizda tuting!
Farmoyish – boshliq, uning o‘rinbosarlari tomonidan amaliy masalalar yuzasidan qabul qilinadigan hujjat. Odatda, farmoyishlarda harakat muddati cheklangan bo‘lib, biror-bir bo‘lim, ayrim mansabdor shaxslar va fuqarolarga taalluqli bo‘ladi. Farmoyish matni, xuddi buyruqdagi kabi zaruriy qismlardan tarkib topadi, faqat uning asos qismida “BUYURAMAN” so‘zi o‘rniga “ТALAB QILAMAN”, “ТAVSIYA QILAMAN”, “RUХSAТ BERAMAN” kabi iboralar ishlatiladi. Ko‘rsatma – idoralarda axborot-metodik tusdagi masalalar, shuningdek buyruqlar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlarning ijrosi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan chiqariladigan huquqiy hujjat. Ko‘rsatmalarga birinchi rahbar, ularning o‘rinbosarlari imzo chekish huquqiga ega. Ko‘rsatma muassasaning xos ish qog‘oziga bosiladi. U ham buyruq kabi odatda, sarlavha bilan yoziladi, asos (kirish) va farmoyish qismlaridan tarkib topadi.
O‘qish uchun material
Ma’lumot-axborot hujjatlari muayyan qarorlarni qabul qilishga undaydigan ma’lumotlarni yetkazadi. Ma’lumot-axborot hujjatlari idoraviy hujjatlarning katta guruhini tashkil qiladi. Ularning xususiyati shundaki, hujjatlar boshqaruv tizimida quyidan yuqoriga: xodimdan bo‘lim rahbariga, bo‘lim rahbaridan muassasa rahbariga, quyi tashkilotdan yuqori tashkilotga qarab harakatlanadi. Ma’lumot-axborot hujjatlariga ariza, bayonnoma, bildirgi, dalolatnoma, e’lon, faksogramma,hisobot, ishonchnoma, ma’lumotnoma, taklifnoma, tarjimayi hol, tavsifnoma, tavsiyanoma, tushuntirish xati ba boshqalar kiradi.
Tarjimayi hol– ma’lum bir shaxs tomonidan o‘z shaxsiy hayoti va faoliyati bayon qilingan hujjat. Tarjimayi hol bir xil andozada yozilishi shart emas. U muallif tomonidan mustaqil, erkin (ixtiyoriy) shaklda tuzilsa-da, biroq unda ayrim rekvizitlarning bo‘lishi shart. Hujjat matni “men” so‘zi bilan boshlanadi. Tarjimayi holda o‘tgan va hozirgi zamon fe’llari ishlatiladi.Unda dastlab Tarjimayi hol deb yoziladi, keyin muallifning ismi, familiyasi va otasining ismi to‘liq ko‘rsatiladi, tug‘ilgan yili, kuni, oyi va joyi ham aniq yoziladi. Ota-onalar haqida qisqacha ma’lumot beriladi. Shundan so‘ng qayerlarda, nima ishlar qilinganligi to‘g‘risida batafsil, yilma-yil yoziladi, oilaviy ahvoli va turar joyi haqida ma’lumot beriladi. Oxirida yozilgan sana ko‘rsatilib, imzo chekiladi.
Bildirgi – muayyan muassasa (tarkibiy qism) rahbariga xizmat faoliyati bilan aloqador muhim masalalar yuzasidan yoki yuqori idora, mansabdor shaxsga biron-bir voqea va hodisa haqida xabardor qilish zarurati tug‘ilganda taqdim etiladigan mufassal yozma axborot.
Тavsifnoma – ma’lum bir shaxsning mehnat va ijtimoiy faoliyati, shuningdek, uning o‘ziga xos xislati va fazilatlarini aks ettiruvchi rasmiy hujjat. Unda shaxsning mehnat faoliyati qisqa bayon qilinib, jamoat ishlarida ishtiroki, mehnat jamoasidagi o‘rni, lavozim vazifalarini ado etish sifati, tashkilotchilik qobiliyati, axloqiy sifatlari va boshqa jihatlari ko‘rsatib o‘tiladi.
O‘qish uchun material
Xizmat yozishmalari muassasa faoliyatiga oid turli masalalar bilan bog‘liq bo‘lgan talab, iltimos, taklif, kafolat mazmunida amalga oshiriladi. Ularga telefonogrammalar, faksogrammalar, taklifnomalar, xatlar, diplomatik yozishmalar, tijorat yozishmalari kiradi. Xizmat yozishmalarining eng ko‘p tarqalgan turi xatlardir. Xat insonlar o‘rtasidagi muloqot shakllaridan biri bo‘lib, uning yuzaga kelishi yozuv va masofa bilan bog‘liqdir. Ya’ni, u faqat yozuv yordamidagina shakllanadi va ma’lum masofada bo‘lgan kishiga jo‘natiladi. Unda xat muallifining fikr-mulohazalari va his-tuyg‘ulari ifoda etiladi. Xatni jo‘natish esa ma’lum vositalar yordamida amalga oshiriladi.
«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da ushbu so‘zning 9 ta ma’nosi berilgan:
1. Uzoqdagi kishiga biror xabar berish yoki fikrlashish maqsadida, odatda pochta orqali yuboriladigan, biror matn yozilgan qog‘oz, noma, maktub;
2. Xatda yozilgan maktub, xat matni;
3. Yozuv uchun ishlatiladigan grafik belgilar, harflar sistemasi, grafika;
4. Harflarni yozishdagi o‘ziga xos uslub, ko‘rinish, yozuv xili;
5. O‘qish va yozish, savod, savodlilik;
6. Yozuvdagi har bir qator, satr yoki misra;
7. Chiziq, liniya;
8. Biror kimsa yoki narsani yozma ravishda sanab ko‘rsatish, ro‘yxatga olish, ro‘yxat;
9. Rasmiy qog‘oz, hujjat [5, 318-319-b.]. Bu o‘rinda so‘zning birinchi ma’nosi e’tiborga olinadi.
Yozuv bilan bog‘liq ravishda o‘z tarixiga ega bo‘lgan va omma orasida keng tarqalgan xat bitish xalqimizning muomala madaniyati doirasida insonlarning bir-birlariga fikr ifoda etishning alohida usuli sanalgan va san’at darajasiga ko‘tarilgan hamda, ayni paytda, badiiy ijodning bir turi sifatida qaralgan. Shuning uchun ham u badiiyat ilmida alohida bir janr sifatida o‘rganilgan. Bunday tadqiqotlar to‘g‘risida adabiyotshunos S.G‘aniyeva quyidagi ma’lumotlarni beradi: «Abul Hasan al-Marg‘iloniyning «Mahosinul-kalom», Muhammad bin Umar ar-Rodiyoniy (X1 asr) ning «Tarjimonul balog‘a», Rashididdin Vatvot (XII asr) ning «Hadoyiqus-sehr fi daqoyiq ush she’r», Shamsiddin Qays Roziyning «Al-mu’jam fi maosir ush ash’or ul Ajam», Tojud Xalaviy nomi bilan mashhur bo‘lgan Ali ibn Muhammad (XIV asr) ning «Daqoyiqush - she’r» kabi badiiyat masalalaridan bahs etuvchi asarlaridagi alohida boblar, Amir Xusrav Dehlaviy (XIV asr) ning «Mahzanul – insho», «Sahifai shohiy» nomli asarlari maxsus insho nazariyasiga bag‘ishlangan edi». Munshaot, ya’ni nasr yoki nazmda maktublar bitish sharq poeziyasida san’at darajasiga ko‘tarilgani uchun ham, u alohida she’riy janr sifatida e’tirof etilgan. Turkiy she’riyatda uning shakllanishiga juda katta hissa qo‘shgan Alisher Navoiy birinchi bo‘lib o‘z maktublarini kitob shakliga keltirgan va uni «Munshaot» deb nomlagan. Turkiy tilda davlat ishlari va hujjatlarini yuritish va xatlar bitishning qat’iy tarafdori bo‘lgan ulug‘ alloma ushbu asarida ularning fors-tojik tilida yozilganidan qolishmaydigan namunalarini keltiradi.
Jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda insoniy muomalaning xat usulidan foydalanish imkoniyatlari ham jiddiy ravishda kengaydi. Avvaliga ular ikki kishi o‘rtasidagi yozishmalardangina iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda xat bitish rasmiy uslub doirasida qaraladigan nutqiy jarayonning alohida bir ko‘rinishiga – yozma turiga aylandi. Hozirgi kunda xatlar idoralar va muassasalar, tashkilotlar va korxonalar o‘rtasidagi o‘zaro faol aloqa vositasi, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishning qulay usuli sifatida xizmat qilmoqda. Shu ma’noda ularni ikki guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin bo‘ladi:
1. Shaxsiy-xususiy xatlar
2. Rasmiy xatlar.
Xatlar vazirlik, idora, tashkilot va muassasalar orasida xizmat aloqalarini amalga oshiruvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Ular vositasida turli ko‘rsatmalar, so‘rovlar, javoblar, tushintirishlar, xabarlar, takliflar, iltimoslar, kafolatlar beriladi yoki qabul qilinadi. Bu hujjatlar umumlashtirilgan holda xizmat xatlari deb yuritiladi.
Bajaradigan vazifasiga qarab xizmat xatlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) javob xatni talab qiluvchi xatlar (da’vo xat, so‘rov xat, iltimos xat);
2) javob xatni talab qilmaydigan xatlar (ilova xat, tasdiq xat, eslatma xat, axborot xat, kafolat xat, farmoyish xat, taklif xat va boshqalar).
Xizmat xatlari ma’lum bir maqsadda yoziladi. Shuningdek, mazmunida bir necha (kafolat berish, iltimos, eslatish) ma’no ifodalanadigan xatlar ham bo‘ladi.
Xizmat xatlari odatda xatlar uchun tayyorlangan blanklarga yoziladi. Blank bo‘lmagan hollarda oddiy qog‘ozga yoziladi. Xat oddiy qog‘oz varaqqa yozilsa, uning chap tomonidagi yuqori burchagiga xat jo‘natayotgan muassasa nomi ko‘rsatilgan to‘rtburchak muhr qo‘yiladi. Agar xat ikki va undan ortiq joyga yo‘llansa, xat jo‘natayotgan asosiy muassasa yoki rahbar xodimning nomidan so‘ng boshqalari beriladi. Xizmat xatlarining matnini uch qismga bo‘lish mumkin. Birinchi (kirish) qismda xat bilan murojaat qilishga asos yoki sabab ko‘rsatiladi. Ikkinchi qismda xatda qo‘yilayotgan masalani hal qilish zarurligi asoslab beriladi. Uchinchi (xulosa) qismda xat yozishdan ko‘zlangan asosiy maqsad bayon etiladi. Xizmat xatlarining matni imkon qadar qisqa bo‘lishi, shu bilan birga aniq va ravshan tushunilishi kerak. Rasmiy xatlar matnida ko‘chma ma’nodagi so‘z va iboralarni imkon qadar qo‘llamaslik tavsiya etiladi. Xizmat xatlarining asl nusxasi jo‘natilib, kseronusxasi muassasaning o‘zida saqlanadi.
Da’vo xatlari uch nusxada tayyorlanib, 1-nusxasi aybdorga, 2-nusxasi da’vogarga beriladi, 3-nusxasi esa sud idoralariga topshiriladi.
Xizmat xatlarining turiga qarab ularni rasmiylashtirishda ba’zi farqlar bo‘ladi. Masalan, axborot va da’vo xatlariga ularning mazmunidan kelib chiqqan holda sarlavha qo‘yiladi. Ilova xat, iltimos xat, ba’zi kafolat xatlarining matnida adresatga uning ismi va otasining ismi bilan murojaat qilinadi. Murojaat “hurmatli”, “muhtaram” so‘zlaridan boshlanadi, “Siz” kishilik olmoshi bosh harf bilan yoziladi. Xizmat xatlarining matnlarida ularning mazmuniga ko‘ra turli jumlalar ishlatiladi. Chunonchi, ilova xatida “yo‘llaymiz”, “yo‘llanadi”, iltimos va so‘rov xatlarida “so‘raymiz”, “so‘raydi”, kafolat xatida “kafolat beradi”, “o‘z zimmasiga oladi”, tasdiq xatida “tasdiqlaymiz”, “oldik”, eslatma xatda “eslatib o‘tamiz”, “yana bir bor iltimos qilamiz” kabi so‘zlar qo‘llanadi.
Xizmat xatlari muassasa rahbari tomonidan imzolanadi. Rahbar bo‘lmagan hollarda shunday vakolatga ega bo‘lgan shaxs, ya’ni uning vazifasini bajaruvchi yoki o‘rinbosari, lavozimi aniq ko‘rsatilgan holda imzo chekadi.
Xizmat xatlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, ularning nomi (kafolat xati, ilova xat, so‘rov xat va boshqalar) yozilmaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Aminov M., Madvaliyev A., Mahkamov N., Mahmudov N., Ish yuritish (amaliy qollanma)- Toshkent: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2017.-455b.
Qo’shimcha adabiyotlar:
1.Mirziyoyev SH. Buyuk kelajagimizni mard va oliy janob xalqimiz bilan birga quramiz.- Toshkent: O’zbekiston , 2017.
2.Imamova T., Tuxvatulina L . Ish qog’ozlari qanday yoziladi?- Toshkent ,1992
Yüklə 32,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə