Мавзу: фурқат шеърларида маърифатпарварлик



Yüklə 85,22 Kb.
tarix08.04.2018
ölçüsü85,22 Kb.
#36735

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI

FILOLOGIYA FAKULTETI

O‘zbek filologiyasi KAFEDRASI
III kurs talabasi

Xolova Mahliyoning
Furqat she’riyatida milliylik ”

mavzusidagi


(2012-2013 o‘quv yili)

Ilmiy rahbar: Safarova H.

filologiya fanlari

nomzodi, dotsent

Buxoro – 2013
Mavzu: FURQAT SHE’RLARIDA MILLIYLIK

REJA:


Kirish.

I. Bob. Furqat ijodining o`zbek adabiyotshunosligida o`rganilishi.

II. Bob. Furqat –lirik shoir

III. Bob. Shoir lirikasida inson erki va g`urbat ohanglari

XULOSA

Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati



KIRISH



Mavzuning o`rganilganlik darajasi va dolzarbligi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko`p asrlar davomida yaratib kelingan g`oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni to`la tiklash davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo`lib qoldi”, – deb yozgan edi Prezidentimiz Islom Karimov. Darhaqiqat, sho`ro tuzumi yillarida ma’lum sabablarga ko`ra faqat bir tomonlama talqin qilib kelingan barcha mumtoz adiblarimiz ijodi endilikda  umuminsoniy nuqtai nazardan qayta tahlil qilinmoqda. Shu jumladan, o`zbek mumtoz adabiyotining yirik vakillaridan biri  Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat (1859-1909)ning adabiy-badiiy merosi bundan mustasno emas.

Go`zal Farg`onaning shoirlar va fozillar shahri sifatida dovrug`i olamga yoyilgan Xo`qandi latifda kamol topgan Amiriy, Mahmur, Gulhaniy,  Nodirabegim, Jahon otin Uvaysiy, Muqimiy, Zavqiy,  Xaziniy, Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Charxiy va boshqa yuzlab alloma adiblar ijodini, ilmiy-adabiy merosini o`rganish va ularni keng targ`ib qilish  ma’naviyatimizning yanada yuksalishiga xizmat qiladi. Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat tavalludining 150 yilligini munosib nishonlash maqsadida Farg`ona viloyati hokimligining 2009 yil 27 oktyabrda qabul qilingan 201-sonli qarori ham yuqoridagi fikrlarimizning isbotidir.

Ulkan so`z san’atkori, o`zbek xalqining ardoqli ma’rifatparvar, vatanparvar shoirlaridan biri sifatida shuhrat qozongan Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqatning ijodiy merosi doimo xalqimiz tomonidan e’zozlab kelingan. 

Furqat hayoti va ijodini o`rganish juda erta – shoir she’rlarini to`plashdan boshlangan edi. Zokirjon endigina 24 yoshga to`lganda, uning she’rlari qo`lyozma she’riy to`plamlar – bayozlarga kiritila boshlanadi. Keyinchalik katta-katta qo`lyozma va toshbosma bayozlarda shoirning o`nlab g`azallari,  muxammaslari va  musaddaslari o`rin olganinini ta’kidlash lozim.  1890 yildan esa adibning o`sha paytlarda o`zbek tilida chop etilgan yagona nashr – “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qilingan she’rlari va maqolalari  Furqat nomini yanada mashhur bo`lishiga sabab bo`ldi. Adib hayoti va ijodini o`rganishda qimmatli manba bo`lgan  “Ho`qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti, o`zi yozg`oni” esdalik-memuarlari ham  shu gazeta sahifalarida bosilgan edi. O`sha yillari shoirning ayrim asarlari Sankt-Peterburgda chiqib turgan “Zapiski Vostochnogo otdeleniya russkogo arxeologicheskogo obshestva” jurnalida ham e’lon qilingan va  rus sharqshunoslari diqqatini o`ziga tortgan edi.

Furqat ijodini o`rganish XX asrning  30-yillaridan boshlab kuchayganini kuzatish mumkin. Ma’rifatparvar shoirning ayrim she’rlari o`sha paytlarda    nashr etilgan maktab darsliklari va xrestomatiyalarida uchraydi. Adib asarlarini o`rganish va nashr qilishda filologiya fanlari doktori  Xolid Rasulning xizmati katta bo`lganini ta’kidlash lozim. Uning Furqat hayoti va ijodini o`rganishga bag`ishlangan o`nlab maqolalari, risolalari chop etilgan. Olim shoir asarlarining o`zbek va rus tillarida bir jildlik va ikki jildlik nashrlari bir necha marta amalga oshishida jonbozlik ko`rsatdi.

1959 yilda shoir tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan yubiley tantanalari adib ijodini o`rganishda muhim hodisa  bo`ldi. Shu munosabat bilan shoir yashagan davrning ijtimoiy va madaniy-adabiy hayoti haqida, shoirning faoliyati va ijodi haqida ko`p ilmiy maqolalar, monografiyalar yaratildi. Uning ijodiga oid alloma shoirlar G`.G`ulom, M.Shayxzoda, S.Abdulla, akademiklar I.Mo`minov, V.Zohidov, A.Qayumov, yirik adabiyotshunoslar H.Zaripov, L.Qayumov, A.Abdug`afurov, E.A.Karimov, Sh.Yusupovlarning salmoqli tadqiqotlari va  monografiyalari yaratildi. Yaratilgan ushbu tadqiqotlarga tayangan holda Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat ijodida milliylilik masalasining yoritilishi va unda shoirning badiiy mahorati masalalarini yoritishni maqsad qilib qo`ydik. Bu esa tanlangan mavzumizning dolzarbligini belgilaydi.

Turg`unlik davri adabiyotshunosligida xalqimizning ma’naviy boyligi bo`lgan adabiy merosga, ularning kattagina qismini yaratgan din arboblari, allomayu shayxlar, adabiyot vakillari shaxsiyatiga bir yoqlama qarab kelindi. Ularning faoliyatidan hukmron mafkuraga ma’qul tomonlarigina o`rganilib, asarlari mafkura g`oyasiga bo`ysundirildi. Xuddi shunday gapni Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat ijodiga nisbatan ham aytishimiz mumkin. Ma’lumki, XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda o`z hukmronligini o`rnatgan  chor hokimiyati o`zbek xalqi boshiga katta kulfatlarni soldi. XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ijtimoiy-mafkuraviy voqealar badiiy adabiyotda ham aks etdi. Bu davrda Turkistonga ilg`or fan va texnika yutuqlari ham  kirib kela boshlagan edi. O`rta Osiyoda kolonial va milliy zulm avj olgan bir davrda ilg`or yangi mafkura paydo bo`ldi va bu ilg`or mafkura o`zbek adabiyotida ilk bor Furqat ijodida o`z aksini topdi. Biroq sobiq sho`ro davrida shoiri ijodini tahlil va talqin qilishda biryoqlamalikka yo`l qo`yildi. Shularni inobatga olgan holda kurs ishimizda Furqat ijodida millilik masalasini tahlil qilishga harakat qildik.

I BOB

FURQAT IJODINING O`ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA O`RGANILISHI.
Zokirjon Xolmuhammad o`g`li 1859 yilda Qo`qon shahrida mayda savdogar oilasida tug`ildi. Zokirjonning otasi Xolmuhammad zamonasining ziyoli kishilaridan bo`lgan, shuning uchun ham farzandining o`qishiga jiddiy e’tibor qaratadi. Zokirjon 7 yoshga to`lganda, otasi uni Muhammad Olim ismli maktabdorga shogirdlikka beradi. Talabchan ota farzandini yahshi o`qitishini talab qilib “Zokirjon maktabga kelmasa yo kelib darsni o`qimasa tanbih qilg`aysiz, eti sizniki, ustohoni meniki”,- deydi.

Zehni o`tkir Zokirjon tez kunda mayda suralarni yod olib, so`ng “taxtaga” (alifbe o`rganishga) tushadi. Olti oy ichida haftiyakni tamomlab, Qur’onga tushadi, Qur’oni karim hatmidan so`ng “Chor kitob” mutolaasi bilan mashg`ul bo`ladi, hatlar mashq qiladi. 8 yoshida buyuk shoir Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini 6 oy ichida o`qib tamomlaydi va undan keyin Mirzo Bedil va Hofiz devonlarini o`qiy boshlaydi.

9 yoshida Zokirjon Navoiyning “CHor devon”ini mutolaa qiladi. U ustozning asarlarini shu qadar berilib, sevib o`qiydiki, hatto Navoiyni tushida ham ko`radi. Tushida Navoiy va uning davrasidagi “aziz”lardan oq fotiha oladi. Ko`p o`tmay, tush ta’biri haqiqatga aylanib, 9 yoshli Zokirjonning yuragini allanechuk hayajon bosadi va quyidagi bayt paydo bo`ladi:

Mening maktab aro buldur murodim

Xatimdek chiqsa imlo-u savodim.

Shundan keyin Mulla Qambarali degan hushhat kishidan hattotlik sirlarini o`rganadi. 11 yoshida Ashur Muhammad qori hizmatiga borib, Qur’on qiroati bo`yicha ta’lim oladi. 12 yoshida Poshshaho`ja ismli mudarrisga shogird tushib, arab tili va uning grammatikasi (sarf va nahvi)ga oid “Bidon», “Avomil”, “Harokot”, “Kofiya” kitoblaridan tahsil oladi. 14 yoshida “savodi takmil uchun” madrasaga o`qishga kirdi. Ammo zamon nosozliklari uni o`qishini davom ettirishga imkon bermadi. Qo`qon honligi tugatiladi, madrasalar yopiladi, bo`lajak shoir tirikchilik ishlariga mashg`ul bo`lishga majbur bo`ladi. Zokirjonning bir tog`asi Yangi Marg`ilon shahrida do`kon ochib, savdo ishlari bilan shug`ullanar edi. Shu do`kondor tog`asining taklifi bilan 1878 yilda 19 yoshida Yangi Marg`ilonga borib, bir qancha muddat savdo ishlari bilan band bo`ladi. Bu erda ham tahsil va ijodni davom ettiradi. Marg`ilonning Furqat Hoji domla, Qarshiy domla kabi ilg`or ma’rifatparvarlari bilan tanishib, ilmiy-adabiy anjumanlarda ishtirok etadi. YAna o`zi xususiy darslar ham beradi, mehnatkashlarning arizalarini yozib berib ularning hojatlarini chiqaradi, bir so`z bilan aytganda, hattotlik ham qiladi. Bu yillarda u “Furqat” (“hijron”,“ayriliq” ma’nosini bildiradi) tahallusli she’rlari bilan butun Farg`ona vodiysiga tanilgan edi.

Furqat 1880 yilda otasining hohishi bilan Qo`qonga qaytib keladi, oila quradi, qalb istagidagi o`z davrasini topadi. Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlarning muhitida shoir Furqat yanada jo`shib ijod qiladi. Do`stlar davrasi, she’r shukuhidan ilhomlangan Furqat shunday yozadi: “...Va asr shuarolarikim, chunonchi, mavlono Muhyi va mavlono Zavqiy va mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tab’larimizdin mushoara qilur erduk. Va ba’zi vaqt ishq tavsifi va husn ta’rifida g`azal mashq aylab va gohi qadimiy shuarolar devonlaridin bir sho`h g`azalni topib, anga har qaysimiz alohida muhammas bog`lar erduk...”.

Ayni shu davrlarda Furqat faqat she’rlargina emas, balki “Hammomi hayol” deb nomlangan risola ham yozadi. «Nuh manzar», “Chor darvesh” degan asarlarni fors tilidan o`zbek tiliga tarjima qiladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Furqat 1886-87 yillarda yana Marg`ilonga kelgan va Jome’ masjididan bir hujra olib, shu erda istiqomat qilgan. Muhammad Sharif degan bir savdogar do`stining ko`magida do`kon ham ochgan. Bu erda bir qancha shoirlar bilan do`stlashadi, adabiy aloqa o`rnatadi.

Shoir Furqatning 1889-1891 yillar Toshkentdagi hayoti uning taqdirida ayricha rol o`ynaydi. Furqat sayohat orzusida Marg`ilondan o`z yurtiga qaytib, u erda bir kun turgach, Ho`jandga yo`l oladi. Ho`jandda u shoir Toshho`ja Asiriy bilan uchrashadi. Bu erda biroz betob ham bo`lib qoladi. Shunday bo`lsa-da safarni davom ettirib, 1889 yilning iyun oyida Toshkentga keladi. Bu yerda Hoji A’zam degan g`oyibona do`sti bilan topishadi, uning ko`magida “Ko`kaldosh” madrasasiga joylashadi. 9 oy shu madrasada yashaydi. Ho`janddan kasallanib kelgan shoir hali batamom tuzalmagan edi. Bu vaqt ichida Hoji A’zam uning issiq- sovug`idan habar olib, mehribonchilik ko`rsatib turdi. Bu kishining yordami bilan Toshkentning ilg`or ziyolilari – Sattorxon Abdug`afforov, Saidrasul Saidazimov, SHarifho`ja Poshshoho`ja o`g`li, Muhiddinho`ja Hakimxo`ja o`g`li kabilar bilan tanishadi. Hatto Sharifxo`ja suhbatlarning birida shoirga tahallusini o`zgartirishi haqida maslahat ham 1beradi. Shoir Sharifho`janing taklifiga ko`ra bir muddat “Furqat” (“ayriliq”, “judolik”) emas, “Farhat” (“shodlik”, “xursandlik”) taxallusi bilan she’rlar ham yozgan.

Furqat Toshkentning madaniy hayoti bilan doimo qiziqib yashadi. Teatrlarga bordi, vistavkalarni tomosho qildi, gimnaziya darshonalarini ko`zdan kechirdi va taassurotlarini “Gimnaziya”, “Ilm hosiyati”, “Vistavka xususida”, “Suvorov haqida doston” , “Nag`ma bazmi xususida” kabi asarlarida bayon qildi.

Yirik furqatshunos olim Sharif Yuuupov shoirning Toshkentda yashagan yillarida yozilgan ma’rifatparvarlik yo`nalishidagi bunday she’riy asarlari ichida eng yirigi sifatida “Bal xususida” sarlavhali manzumasi ekanligini alohida qayd etadilar*. Hajmi kattagina bo`lgan mazkur manzumada ma’rifatparvarlikka xos bo`lgan jihatlar ko`zga tashlanadi. Shu bilan bir qatorda manzuma mazmunidan shoirning nafis amaliy san’at turlari - me’morchilik va naqqoshlikdan ham habardor ekanligini payqash mumkin. Hatto, ma’rifatparvar shoirning qishlik bog` haqidagi ajabtovur chizgilari o`quvchini hayratga soladi:

...Ajoyib bulki, bir oyina hona

Berur qish fasli gulshandin nishona.

Ochilg`on toza gullar anda bisyor,

Agar uzsa, tikandin etmas ozor…

Sovuq kunda bo`lurmu bog` hechdin?

Etar issig` ani ostig`a pechdin.

Bo`lib azbaski ul kecha charog`on,

Misoli ro`zi ravshan ul guliston.

Furqatning “Turkiston viloyati gazeti” muharriri, Toshkent Erlar gimnaziyasining direktori N.P. Ostroumov bilan tanishuvi uni shu gazet bilan doimiy bog`ladi. Ma’lum muddat mazkur gazetaning tarjimoni bo`lib ham ishladi. Yuqoridagi she’rlari ham, keyingi yillardagi va safar taassurotlari ham “Turkiston viloyati gazeti”da batafsil berib borildi. Shuningdek, “Ho`qandlik Zokirjon Furqatning ahvoloti, o`zi yozg`onlari” deb atalgan tarjimai holi ham aynan shu gazetaning 1891 yildagi bir necha sonlarida bosilib chiqdi. Mutahassislar esa uni “Furqatnoma”, «Sarguzashtnoma», «Ahvolot» nomlari bilan ataydilar.

Shoir 1891 yilning mayida Toshkentdan chiqib, Samarqandga bordi. Bu yerda hat orqali tanishgan g`oyibona do`sti Mirzo Buhoriy bilan uchrashdi. Bir necha kun shu erda yashadi, iyulning o`rtalarida Buhoroga yo`l oladi, oyning ohirlarida Buhoroning Kogon temir yo`l vokzalidan poezdga o`tirib, Marv, Ashhobod, Boku, Botum orqali ikki oycha yo`l bosib, sentyabrning ohirlarida Istanbulga etib keldi. Kuz va qishni shu shaharda o`tkazadi. Bu yerda shoir toshkentlik qadrdonlarini sog`inib, ularga maktub tarzida 280 misrali “Sabog`a hitob” masnaviysini bitadi. She’rda shoirning Vatanidan chiqib ketganiga hali bir yil bo`lmasdan, yurtini, do`stlarini, ma’shuqasini sog`ingani, ularni qo`msayotgani, o`zini juda g`arib va musofir his qilayotgani aks etgan. Uning sog`inchlari samimiy. U Istanbul “mardum” (kishi)larining sayru sayohat qilib yurganini ko`rar ekan, o`zining yoru do`stlari yodiga tushadi va ularni entikib sog`inadi. Shayhontohurlik do`sti Mahmudxo`jani orziqib sog`inar ekan, uni “oshno” emas, “ag`o”dek bo`lib qolganini, unga qilgan ko`p “mehru shafqat”, “ehsonu muruvvat”larini bot-bot eslaydi:

Muhabbatlik menga bir oshnodur,

Na tanho oshno, balkim ag`odur.

Manga ko`p aylagan ul mehru shafqat,

Qilib haqqimda eh`sonu muruvvat.

Furqat Istanbuldan YUnoniston (Gretsiya)ga o`tdi, Bulg`oriya (Bolgariya)da bo`ldi. 1892 yilning may-iyun oylarida Arabistonga borib haj ziyoratini o`taydi. Shu yilning 25 avgustida Hindistonda bo`ldi, 10 sentyabrda Bombeyga etib keldi. U Bombeydan Toshkentdagi qadrdonlariga yozgan she’riy nomalarida shahar taassurotlarini shunday bayon etadi:

Er yuzuda ko`rmadim Bombay kabi shahri azim,

Garchi kezdim, Misr ila Istambulu Bulg`orlar.

Bu erda 6 oy chamasi yashaydi. 1893 yilning 20 martida Kashmirga keladi, undan Tibet va Xo`tan orqali Yorkentga o`tadi va shu erda umrining ohirigacha yashab qoladi. Shoirning ikki yarim yillik safari Yorkentda yakunlanadi.

Shoir Qashqardagi Rusiya Musulmon idorasida kotib bo`lib ishlaydi, ilmi nujum (astronomiya) va tabobat bilan shug`ullanadi. Ra’nohon degan qizga uylanadi. Nozimjon va Hakimjon ismli farzandlar ko`radi.

Zokirjon Furqat 1909 yili 50 yoshida Yorkentda vafot etdi.

Ko`rinib turibdiki, Furqat hayoti vatanjudolikda kechdi. Uning chet elga ketish va qolib ketishi shoir ihtiyori bilan sodir bo`lmagan. Adabiyotshunos olim Sh. Yusupov “Furqat yo`llarida” monografiyasida Furqat yirik shahs ekanligi, uni yurtda yashab, ijod qilishligi rus davlatining “qudratini” uzoq saqlanishligiga g`ov bo`lishi mumkin degan hadikda qolgan N.P. Ostroumovning taz’yiqi va ta’qibiga ko`ra Vatandan chiqib ketishga majbur bo`lganligini arhiv hujjatlari hamda ishonchli manbalar asosida e’tiborli, ilmiy mulohazasini bayon qilgan.

II BOB

FURQAT - LIRIK SHOIR.

Furqat - lirik shoir. Shoir lirik merosining eng yuqori mavqeini asosan g`azallar egallaydi. Mutahassislarning belgilashicha, g`azallarining umumiy adadi 200 atrofida. Furqat so`z san’atkori sifatida “Bahor ayyomida”, “Bir qamar siymoni ko`rdim”, “Chiroylik”, “Kokuling”, “Yuzlaringdin sharm etib”, “Adashganman” kabi bir qancha go`zal, aqlni hayratga soluvchi nurafshon she’rlar yaratdi. Shoir lirikasi g`oya va mazmun jihatidan ham, badiiy jihatdan ham yuqori saviyadagi asarlar bo`lib, unda ichki kechinmalar, fikr va hislar, kishi ruhining eng nozik tuyg`ulari ifoda etiladi. Furqatning purma’noli asarlar bitishida mumtoz shoirlarimiz ijodidan yahshigina bahramand bo`lganligi yordam berdi. Aytmoqchimizki, ulug` Navoiy va Fuzuliylardan saboq oldi, ularni o`ziga ustoz deb bildi. Ustozlarning merosiga muhabbat bilan qaragan Furqat bir umr ulardan ozuqalandi va ilhom oldi, g`oyaviylik va badiiylikni o`rgandi. Navoiyning juda ko`p g`azallariga muhammas tahmislar, naziralar bog`laydi, o`tkir fikr va g`oyalarni ifoda qilishda Navoiyga yaqinlashadi. Tubanda shoir ijodidagi hazrat Navoiyning “Do`st” radifli g`azaliga bog`lagan muhammasning ohirgi bandini o`qiymiz:

Furqato, ich zahr ayog`i kelsa, qonma, do`stdin,

Talhkom o`ldim dema, hargiz o`sonma do`stdin,

Tonimaslik qilsa ham harchand tonma do`stdin,

Ey Navoiy, necha dushman bo`lsa tonma do`stdin,

Chunki bo`lmushdir senga yuz ming tamanno birla do`st. Furqat Navoiyning do`stlikni ulug`lovchi olijanob g`oyalarini tasdiqlaydi, o`z fikricha kengaytiradi, aytish mumkinki, bu halqchil she’rlarni yanada ommalashtiradi.

Yana shoir Furqat Ozarbayjon adabiyotining ulug` siymosi Fuzuliyning ham nozik fikrlariga jo`r bo`ladi:

Surmadin ko`zlar qaro, allar hinodin lolarang,

Hech shohid yo`qki, bu rangi-la sansan sho`h shang

kabi misralaridan ilhomlanadi, buyuk shoirning mashhur g`azaliga tazmin bitadi:

Surmadin ko`zlar qaro, qo`llar hinodin lolarang,

G`ozadin yuzlarda tobu o`smadin qoshlar tarang.

Furqatning muhabbat lirikasi o`ziga hos chizgilarda beriladi. Undagi oshiqning kechinmalari, iztiroblari, rashki, sevgi qasamyodlari ham, mahbubaning nozu karashmalariyu husnu malohati ham boshqa shoirlarnikiga o`hshamaydigan kutilmagan lavhalarda tasvir etiladi. Qarangki, shoir tasviridagi ma’shuqa husnda tengsiz, uning “jamol”ini qancha “vasf” qilsa ham, shoirlar minglab kitoblar yozsa ham ado qilib bo`lmaydi:

Jamoli bokamoling qaysi bir vasfin ado qilg`oy,

Daqoyiq bobida shoir agar yuz ming kitob aylar.

O`shal mahbubaning chiroyu latofatidan, nafaqat muhib shoir, balki gulzordagi gullar ham lolu hayron. Ular bu malohatning go`zal yuzlaridan uyalib, “har yil bahor ayyomida» bir boragina ko`rinadi, o`shanda ham o`zlarini mahbubaga fido qilib, “yo`llariga poyondoz” bo`ladilar:

Yuzlaringdin sharm etib gulshanda, ey ruhsor gul,

Ko`rinur har yil bahor ayyomida bir bor gul.

Vahki, solmish o`zini yo`lingg`a poyandoz etib,

Qo`y qadam, gar jonu dildan bo`lsa minnatdor gul.

Tavsifiy uslubdagi ushbu baytlarda mahbuba jamoli kuylangan. SHoir bu go`zallikning badiiy kashfiyotini istiora, tajnis, istihroj, nido san’atlari orqali yaratadiki, bu esa she’rga oroyish va mazmun bahsh etadi.

Shoir tavsif etgan mahbubaning go`zal raftoridan gullargina “sharm”da emas, uni ko`rgan to`lin oy ham “parishon”likdan yo`llaridan adashgusi. SHuning uchun lirik qahramon mahbubaga bir muruvvat qil, kechasi husningni ko`rsatib, o`rim sochlaringni yoyma, toki oyning hayoli parishon bo`lib, yo`ldan adashmasun, deb najot so`raydi:

Yo`l adoshib ko`kda oy holi parishon o`lmasun,

Bir muruvvat ko`rgazu, tarqatma gisu kechalar.

Shoir mahbubani tashqi ko`rinishini “To`kkali jallod erur ishq ahlidin qon ko`zlaring”, “dilbaro, qildi meni ko`b zoru sargardon qoshing”, “dilbaro, boshing uza chun toji sulton kokuling” deya qayta-qayta ta’rif-tavsif etadi.

Shoir tasviridagi bu go`zal husnda qanchalik dilbar bo`lsa, nozu karashmada ham shunchalik ustamon:

Ko`z uchidin qil nigoh, ey sho`hi tannoz, ozgina,

Husn shohisen, gadoni et sarafroz ozgina.

Yorining visolin qo`msab fig`onlar chekkan oshiqning berahm ma’shuqa sitamlaridan sabri to`ldi, so`zlari-da, so`roqlari-da qat’iylashdi:

Ko`ngli jafog`a moyilu ko`b bag`ri toshsen,

Berahmlik qilursan tag`i, ey jon, qachongacha?

Oshiq qanchalar yor ishqida jafolar chekmasun, sevgida sadoqatli, sobit va sodiq:

Ko`r bo`lsun ko`zlarimkim, o`zgaga solsam nazar,

Jonga o`t tushsun agar sendin bo`lak yor aylasam.

Ham ko`ngul yuz pora bo`lsun – mayl qilsam o`zgaga,

Til kesilsun o`zgag`a bir harf guftor aylasam.

E’tibor bering, muhabbatni nozik fahm etish va ishq tabiatini belgilashda g`oyat ohorli satrlar. Bunday kutilmagan lavha - “ishqiy ahdnoma” yohud “sevgi qasamyodi” boshqa hech bir shoirda Furqatchilik ifodalanmagan edi.

Furqat ijodida mavzular ko`lami keng. Shoir ijodida muhabbat mavzui bilan bir qatorda ijtimoiy muhitdan norozilik kayfiyatida tug`ilgan ruhiy holat-kechinmalar aks etuvchi bir qancha hasratnamo she’rlari, shuningdek, Vatan ishqida yozilgan g`urbat motividagi talaygina asarlari mavjud.

Charxi kajraftorning bir shevasidin dog`men,

Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadar

kabi baytlarida jamiyat tartiblaridan hasrat, nolish va shikoyat kayfiyati hukm sursa,

Vatanning ishtiyoqin tortaram g`urbat g`ami birlan,

Turub erdim qutulmay g`ussau ranju inolardin

baytida esa shoirning Vatanga bo`lgan muhabbati va g`urbat alamlari sezilib turadi.

Furqat lirikasi doirasidagi hajm va mazmun jihatdan katta asarlardan biri «Sayding qo`yaber, sayyod» musaddasidir. Asarda muallifning chinakam insoniy tuyg`ulari namoyon bo`ladi. Musaddas erkin hayot haqida jo`shqin qo`shiq, haqiqiy erkinlik madhiyasidir.

Yuqorida e’tirof etganimizdek, shoirning “Turkiston viloyati gazeti” da chop etilib borgan “Ho`qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti – o`zi yozg`oni” deb nomlangan memuari Furqatning butun hayoti va ijodiy faoliyati haqida aniq va ishonchli ma’lumot beruvchi muhim manba bo`lib hizmat qiladi. Asar har jihatdan – ilmiy, tarihiy, badiiy qimmatga ega. Negaki, asarda faqat shoirning tarjimai holi haqida ma’lumotlargina emas, balki Turkistonning XIX asr ikkinchi yarmidagi siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayoti bilan bog`liq voqealarning tafsiloti ham real lavhalarda berilgan.

Furqatning “Qavoidi Chin va umuroti siyosiy” asari esa tarbiyaviy jihatdan katta ahamiyatga ega. Asarda oila va uning mustahkamligini ta’minlashda eru hotinning huquq va burchlari, aka-ukalar munosabati, do`stlik va qo`ni-qo`shnichilik odoblari haqida ibratli mulohazalar bayon qilingan.

Mutahassislarning aniqlashicha, bizgacha Furqatning uchta elshunoslik yo`nalishidagi (“To`y xususida”, “Aza xususida”, “Gap xususida”) va bitta adabiyotshunoslik yo`nalishidagi (“Ilmi she’rning qoidai avzonini bayoni”) ilmiy asari etib kelgan. Bu to`rt ilmiy asar Furqatning ilmiy faoliyati haqida muayyan tasavvur bera oladi

Furqat – ilk o`zbek jurnalisti. Uning dastlabki jurnalistlik faoliyati “Turkiston viloyati gazeti”da boshlandi. Ilk maqolasi Toshkentdagi rus gimnaziyasidan olgan taassurotlari asosida yozilgan. Keyinchalik esa Xorijdan – Istanbul, Hindiston, Qashqardan yo`llagan habar va maqolalarida bu mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayoti haqidagi muhim masalalarni ko`tarib chiqadi. Shuningdek, shoirning “Yoqubbek marhumning qo`liga tushgan Qashqar viloyatining ahvoloti xususida”, “Qashqar viloyatidagi sartiya halqlarining zindagonlik ahvolotlari xususida”, “Ho`qandlik Zokirjon Furqatning “Peysai ahbor” nom Hindiston gazetidin naql qilib yozgan habari” kabi maqolalari uning jurnalist sifatidagi yuksak salohiyatini his etish imkonini beradi.

Bulardan tashqari, «Sarguzashtnoma»da aytilishicha, shoir bir necha asarni turkiy tilga tarjima qilgan. «Hammomi hayol» asarini she’riy yo`lda, «CHor darvesh»ni forschadan nasriy shaklda, «Nuh manzar» nomli asarni erkin tarjima qilgan.

Ko`rinadiki, Furqat serqirra ijod sohibi. Uning she’riyati, nasri, publitsistikasi va tarjimalari o`zbek adabiyoti, madaniyatining hazinasidan munosib joy olgan.


III BOB

SHOIR LIRIKASIDA INSON ERKI VA G`URBAT OHANGLARI

Shoir chet ellarda kezar ekan, bir lahza ham Vatanidan ko`ngil uza olmaydi. Yurtidan ayri tushganini dildilidan sezib turadi. Iztirob chekadi. Uning xorijda yozgan «Adashganman» radifli g`azali va muhammasi buning yorqin misoli. She’rga «adashganman» so`zining radif qilinib, urg`u berilishining o`zida katta ma’no bor. Qayerga bormasin, shoir o`zini g`arib, oshiyonidan ayrilgan qush, bo`stonidan adashgan bulbul singari his qiladi:

G`aribi bu viloyat - honumonidin adashganman,

Basoni murg`i vahshiy - oshiyonidin adashganman.

Yo`q, yo`q, u shunchaki Vatanidan emas, tandagi jonidan ay-rilgan. Falak bir aylandi-yu, u boshidagi soyabonidan ayrildi. Boshiga g`urbat oftobi tushdi. Bu olamga nur, hayot berguvchi odatdagi oftob emas, aksincha, hayotni so`ndiruvchi, borliqni yo`q etuvchi «olamtob» (olamni kuidiruvchi)dir. Shoir oftobga butunlay yangi ma’no beradi, g`urbat mazmunini anglashga hizmat ettiradi.

«Ko`rdim» radifli g`azalida dunyo kezgan shoirning falsafiy o`ylari berilgan. U dunyo odamlari («ahli jahon»)da vafodan asar ko`rmaydi. O`z holidan birovga shikoyat qilishga hojat sezmaydi, chunki ularning ahvoli bunikidan «battar». Uningcha, umuman, birov bilan gaplashish imkoni yo`q. Chunki «Hamani ko`zini ko`ru qulog`i kar ko`rdum», - deb yozadi shoir. U Vatanga qayta olmasligini yurakdan sezadi. Shoirning «Murod nahlini togshimu besamar ko`rdim» (Murod darahtini topdimu mevasiz ko`rdum), «Firog` kechasini oh, besahar ko`rdum» deyishidan shu ma’no anglashilib turadi. Shoir Vatanidan kelgan har bir hat-habarni ko`ziga to`tiyo qiladi. Zavqiyning 1898 yili yozgan satrlaridagi ehtirosli so-g`inchdan hayajonga tushadi:

Jonimga tob soldi so`zi firoq, Furqat,

Kelkim, harob qildi bu ishtiyoq, Furqat!

Qosid, etur payomim, har erda topsang oni,

Zavqiyni toqatini qo`p qilma toq, Furqat.

Shoir Furkat darhol:

Kezdim jahonni qolmay, Shomu Iroq,

Zavqiy! Bir topmadim seningdek ahli vifoq,

Zavqiy! Shavqi visoling ila hargiz qaror yo`qtur!

Jonimni yoqti hajru ko`nglum - firoq, Zavqiy! -

degan satrlar bilan boshlanuvchi she’riy javob bitib yuboradi. «Iqboli noraso»ligidan, «ma’yus tole’i»dan qadrdoniga shikoyat qiladi. Sharqu G`arb omuxta bo`lgan muazzam Bombay ko`chalarini kezar ekan, musofirligi har daqiqada esiga tushadi. Toshkentdagi ulfatlari bilan bo`lib turgan dushanba kun suhbatlarini, «g`ijjagu setorlar»ni, qadrdoni - san’atkor Farzinhonni yodga oladi. Kashmirdagi go`zal bilan uchrashuv va u bilan bo`lgan suhbat («Bir qamar siymoni ko`rdum baldai Kashmirda» g`azali) beihtiyor Vatan mavzuiga kelib taqaladi.

«Qamar siymo» shoirdan «Tarki Vatan» sababini so`raydi. Shoir taqdirga yo`yadi. Hatto marg`ilonlik shoir va olim, donishmand qadrdoni Umidiy-Havoiy(1835-1905)ga yo`llangan she’riy maktubida o`z «Qori aka»sidan mo`’tabar kitoblarga qarab, taqdirini ko`rib, yurtiga qaytish-qaytmasligini bilib berishni iltijo qiladi. Taqdir shoirni bo`ysunishga majbur etadi. 1903 yili Toshboltuga yozgan she’riy maktubida Yorkentda «muqim qolmoq»ni «Xudo taqdiri» deb bilgani, «chunucharo» (nega, nima uchun) debon sabab izlash bandalikka mos kelmasligini qayd etadi.

Shoir vatanjudoligi taqdir taqozosi ekanligiga shubha yo`q. Lekin buning ob’ektiv sabablari ham bor edi. Shoirning bir qancha asarlarida ham bunga ishoralar mavjud. Xususan, Zavqiyga yozgan mazkur she’riy maktubidagi quyidagi satrlar bu jihatdan e’tiborga molik:

Sargashta holatimdin voqiflik istar ersang,

Ibrat ko`zini ochib garduna boq, Zavqiy.

E’tibor bering: shoir sargashta holati sababini gardunda kechayotgan hodisalar zamiridan qidirishni tavsiya etmoqda. Uning boshqa asarlarida bu hodisalar mohiyati - yurtning istibdod iskanjasida qolganligi, «g`unchai davlat gul yanglig` parishon, hukumat gulshani hazon» bo`lganligi, bulbullar o`rnini zog`lar egallaganligi ochiq yozilgan. Demak, mazkur she’riy maktub yozilgan paytda bu haqda ochiqcha yozish imkoni bo`lmagan. Fikrni obrazlar vositasida, misralar tagmatnida berishdan o`zga chora qolmagan-ligi ma’lum bo`ladi. Shoir boshqa bir nazmiy maktubida shunday yozadi:

Borurman gar qutulsam bu tilismi hayratafzodin,

Etib imdod holimg`a jami’i muddaolardin.

Furqatning «Bu tilismi hayratafzodin qutulsam borurman» degan fikri chuqurroq o`ylab ko`rishni taqozo etadi. Demak, shoirning yurtga qaytish yo`llarida to`siqlar ko`p bo`lgan. U bularni ochiq aytmaydi. She’riy maktublarida o`z qadrdonlariga bu haqda ayrim ishoralar qiladi, holos.

Furqatning «Sayding qo`yaber, sayyod, sayyora ekan mazndek» satri bilan boshlanuvchi musaddasi uning ijodida muhim o`rin egallaydi. Sayd (ov), sayyod (ovchi), dom (tuzoq) obrazlari Sharq adabiyotida qadimdan bor. XVIII asrda turkman shoiri Andalib ushbu obrazlardan unumli foydalanib, ovchi tuzog`iga tushgan ohuta hamdardlik tuyg`usi bilan to`lib-toshgan mahsus muhammas ham yozgan edi. Furqatning asari musaddas bo`lib, bu ham shu an’anada bitilgan. Lekin shoir yashagan zamon, Turkistonday yurtning egasi qo`lidan ketib, istilo asrining sayyodi qo`liga tushishi unga, tabiiyki, yangi ma’no, yangi mazmun beradi. Qolaversa, furqatshunoslar ushbu musaddasning maydonga kelishida she’rda nomi zikr etiladigan Sa’dulla Hofizning yomonlar tomonidan fojiali o`ldirilishini ham bir sabab qilib ko`rsatadilar.

Musaddas 7 banddan iborat. Dastlabki band shunday boshlanadi:

Sayding qo`ya ber, sayyod, sayyora ekan mandek,

Ol domini bo`ynidin, bechora ekan mandek,

O`z yorini topmasdan, ovora ekan mandek,

Iqboli nigun, bahti ham qora ekan mandek,

Hijron o`qidin jismi ko`p yora ekan mandek,

Kuygan jigari-bag`ri sadpora ekan mandek.

Shoir tuzoqqa tushgan ohuning holini hilma-hil tashbih va muqoyasalar bilan tasvir etgach, ovchiga hitob qilib, uni banddan ozod etishini so`raydi. Yashamoq, dunyoga shunchaki bir kelib ketmoq emas, shilliqurt misoli faqat qorin g`amida g`ovakda g`imirlab o`tib ketish hdm emas. Yashamoq, birinchi navbatda, hur, erkin yashamoqdir. Bas, «rishtani (tuzoq iplarini) kes!..» hayqiradi shoir, tog`larga chiqib, yori bilan qovushsin. Kel, besh kunlik sening davringda bechora o`ynab-quvonsin. Tengdoshlari bilan dunyo ne’matlaridan bahramand bo`lsin. Umr bo`yi sening duoyi joningni qilsin. Ahir hijron o`qlaridan jismi butun jarohat ekan. Jigar-bag`ri ezilib, pora-pora bo`lgan ekan-ku! Har bir jonivor o`z jinsi bilan bo`lmog`i lozim. Har bir hayvonning o`z yaylog`i (yaylov joyi) va qishlog`i (qishloq joyi)ga teng keladigan saodati yo`q. Faqat uni ozod qilish va o`z holiga qo`yish kerak. She’rda ilgari surilgan g`oyalardan biri - shu, mazmuni — shu. Lekin bu fikrlar beihtiyor har bir millatning turmush va taraqqiyoti mutlaqo uning mustaqilligi va milliy zamin hamda o`z an’analari asosida bormog`i lozim degan va so`ngroq jadidchilikning bosh masalalaridan biriga aylangan g`oyani esga tushiradi. Bu hol Furqat ijodini yangi davr adabiyoti bilan bog`laydigan muhim nuqtalardandir. Tarji’band shaklida yozilgan musaddasning har bir bandi nihoyasida takrorlanib kelgan:

Hijron o`qidin jismi ko`p yora ekan mandek,

Kuygan jigari-bag`ri sadpora ekan mandek, —

misralari asardagi lirik ruhning yanada jo`shqin, ta’sirli bo`lishini ta’minlagan. Professor G`.Karimov ta’biri bilan aytganda «...musaddas mazmun jihatidan nihoyatda kuchli va chu-qur bo`lib, kompoziniya jihatidan beqiyos tugallangan, badiiy forma va uslub jihatidan esa mislsiz yuksak asardir».

Tabiiyki, chor hukumati Furqatdek benazir iste’dodning, millatparvar shoirning, ortidan ko`plab kishilarni ergashti-ra oladigan salohiyatli tafakkur sohibining Turkistonda yashashidan manfaatdor emas edi. Shuning uchun ham uning yurtga qaytish yo`llari berkitib qo`yildi. Xalq shoiri Abdulla Oripovning «Furqat nidosi» she’rida shunday misralar bor:

Yurt u yonda, men bu yonda, o`rtada hijron seli –

Anga qo`prik tashlamakka baytlarim bo`ldi asos.

Darhaqiqat, shoirning muborak vujudi uzoqlarda qolib ketgan bo`lsa-da, uning o`lmas ruhi asarlari orqali avlodlar qalbida yashab kelmoqda.



XULOSA


Sharq she’riyatini manzur qilgan jihatlaridan biri ularda poetik so`zga benazir xilqat sifatida qaralib, uni ilohiylik darajasida yuksaklikka ko`tarilganligi, ma’no va shakllarida alohida jilvalanish, alohida jozibadorlikning namoyon etilgani ekanligi ko`p ta’kidlangan. Zokirjon Furqat yangi o`zbek adabiyotining so`zga chechan shoirlaridan biri sifatida, she’riy so`zga mehru-muhabbat bilan qarab, ular vositasida bir - birdan go`zal, takrorlanmas va ta’sirchan timsollar tizimini yaratgan, an’anaviy timsol va badiiy tasvir vositalariga yangicha ruh, betakror joziba baxsh etgan. Mumtoz she’riyat xazinasidan mustahkam o`rin olib, asrlar osha o`tib kelgan poetik timsollar, she’riy san’atlar shoir yashagan davrning talab va ehtiyojlari, Furqatning she’riy mahorati natijasida, bir qadar yangilanish kasb yetib, ular ta’sirida xayoliy tasvirlardan hayotiylik tomon katta siljishlar yuz  berganini kuzatish mumkin.

  • O`zbek adabiyotida ma’rifatparvarlik yo`nalishiga asos solgan va bu yo`nalishning eng jo`shqin kuychisi Furqatdir. Murakkab va o`ta ziddiyatli davrda yashab, ijod etgan shoir Furqat o`z ilmini va butun qobiliyatini xalq xizmatiga bag`ishlab erkinlik, ozodlik va baht kuyini kuylagan ma’rifatparvar shoirdir.

  • Badiiy adabiyotda o`z o`rni va ovoziga ega san’atkorlardan har birining yashash  hamda ijod qilishdan ko`zlagan asosiy maqsadi bo`ladi. Ana  shu maqsad ijodkorning shaxsiy hayotida ham, badiiy asarlarida ham yaqqol aks etadi. Buni shoir Furqat qoldirgan ijodiy merosdan ham bilishimiz mumkin.

  • Furqat murakkab va ziddiyatli davrda yashab ijod qildi. O`z asarlari orqali ilmning, ma’rifatning beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi, ilmu ma’rifatga millatni muqarrar tanazzuldan qutqaruvchi yagona vosita deb qaradi.

  • Shoir chor istibdodining fojeiy oqibatlarini fosh etish barobarida millat farzandlarini o`sha paytda nisbatan ilg`or bo`lgan rus madaniyatini o`rganishga, undan o`z manfaatimiz yo`lida foydalanishga chaqirdi.



  • Furqat murakkab va ziddiyatli davrda yashab ijod qildi. O`z asarlari orqali ilmning, ma’rifatning beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi, ilmu ma’rifatga millatni muqarrar tanazzuldan qutqaruvchi yagona vosita deb qaradi.

  • Shoir chor istibdodining fojeiy oqibatlarini fosh etish barobarida millat farzandlarini o`sha paytda nisbatan ilg`or bo`lgan rus madaniyatini o`rganishga, undan o`z manfaatimiz yo`lida foydalanishga chaqirdi.


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI





  1. Karimov I. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. –T.: Ma’naviyat.2008.-173 b.

  2. Karimov I. Barkamol avlod orzusi. –T.: “Sharq”, 1999. – 181 b.

  3. Karimov I. Adabiyotga e’tibor - ma’naviyatga e’tibor. “O`zbek adabiyoti va san’ati”, 2009 yil 3 iyul.

  4. O`zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”. Barkamol avlod - O`zbekiston taraqqiyotining poydevori. –T.: “Sharq”, 1997.– 64 b.

  5. “Ta’lim to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining qonuni. Oliy ta’lim me’yoriy hujjatlar to`plami. –T.: “Sharq” nashriyot – matbaa aktsiadorlik kompaniyaci bosh tahririyati, 2001- 3-15- betlar .

  6. Abdug`afurov A. Zokirjon Furqat (hayoti  va ijodi). –T.: “Fan”, 1977. – 208 b.

  7. Jabborov A. Furqat va jadidchilik. To`plamda: “O`zbekistonning yangi tarihi. Kontseptual-metodologik muammalar” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. –T.: Akademiya. 1998.-180-183-betlar.

  8. Jabborov A.Furqatning xorijga ketish sabablariga oid yangi hujjat. Adabiy meros. 1998. 3-4-sonlar, –69-70-betlar.

  9. Jabborov A. Furqat va milliy uyg`onish qq Jamiyat va boshqaruv. 1998, 4-son. –31-33-betlar.

  10. Milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyoti. Hammualliflar: Begali Qosimov, Sharif Yusupov, Ulug`bek Dolimov, Shuhrat Rizaev, Sunnat Ahmedov. –T.: “Ma’naviyat”. 2004. –105-145-betlar.

  11. Furqat va Muqimiy haqida maqolalar. –T.: O`zbekiston Davlat badiiy adabiyot nashriyoti, 1958. –180 b.

  12. Xolid Rasul. Zokirjon Furqat ijodi. –T.: O`zbekiston Fanlar Akademiyasi nashriyoti. 1954. – 135 b.

  13. Yusupov Sh. Xudoyorxon va Furqat. –T.:“Sharq” nashriyoti-matbaa kontserni Bosh tahririyati. 1995. – 93 b.

  14. Yusupov Sh. Xufiya qatlamlar. –T.: “Ma’naviyat”. 1999. –141b.

  15. Qayumov A. She’riyat jilolari. –T.: “O`qituvchi”, 1997. –124 -b.

  16. Qayumov A. Asarlar. VIII jild. –T.:“Mumtoz so`z” nashriyoti. 2009. –111- 421- betlar.

  17. Qayumov A. Shoir Furqat. Sharq yulduzi. 1986, 4-5, 1989, –5-6-sonlar.

  18. Qayumov L. Furqat va Hamza. To`plamda: Zokirjon Furqat.O`zSSR davlat badiiy adabiyot nashriyoti. –T.: 1956. –108-129-betl

  19. Qosimov B. Milliy uyg`onish. –T.: “Ma’naviyat” 2002. -395 b.

  20. Furqat. Tanlangan asarlar. II jildlik. I jild. –T.: O`z SSR davlat badiiy adabiyot nashriyoti. 1959. –161 b.

  21. Furqat. Tanlangan asarlar. –T.: G`afur G`ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. 1975. –295 b.




1*Izoh. Mazkur manzuma Sh.Yusupov tomonidan ilk bora “O`zbek adabiyoti va san’ati” gazetasining 1992, 11 sentyabr sonida to`laligicha chop ettirildi.




Yüklə 85,22 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə