Mavzu: Хo’jalik mablag’lari va ularning manbalari tasnifi



Yüklə 23,85 Kb.
tarix25.01.2023
ölçüsü23,85 Kb.
#99315
Mustaqil ish


Mustaqil ish

Mavzu: Хo’jalik mablag’lari va ularning manbalari tasnifi


Guruh:SBXT-3 Bajardi: Yusupov Abdulboriy

Reja:
1) Хo’jalik hisobi haqida tushuncha va unga qo’yilgan talablar


2) Hisobning predmeti, vazifalari va uning turlari
3) Хo’jalik jarayonlari
Хo’jalik jarayonlari ma’lum mablag’lar zaxirasini talab etadi. Shuning uchun ham, ishlab chiqarish korxonalari imoratlar, mashinalar, uskunalar, materiallar, pul mablag’lari, nomoddiy aktivlar va shu kabi boshqa mablag’larga ega bo’ladi. Korxona mablag’larining manbalari- davlat jamg’armasidan, aksiyalarni chiqarish va sotishdan, muassislarning badallaridan, banklarning kreditlari hamda boshqa korxonalar va tashkilotlardan olingan qarzlar hisobidan, foydadan va boshqalardan tashkil etiladi. Хo’jalik faoliyatini to’g’ri boshqarishda korxonaning qanday mablag’larga egaligi, ularning joylashuvi hamda bu mablag’lar manbalari va maqsadlarini bilish kerak.
Shunga qarab korxonaning barcha mablag’lari ikki qismga guruhlanadi: birinchidan, ularning turlari hamda joylashganligiga qarab va ikkinchidan, tashkil topish manbai va qanday maqsadlarga yo’naltirilganligiga qarab. Mablag’larni turlari va joylanishi bo’yicha guruhlash korxonaning xo’jalik faoliyatini xususiyatlariga bog’liq bo’ladi. Sanoat korxonalariga birinchi navbatda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun mablag’lar bo’lishi kerak. Undan tashqari u operatsiya jarayonining ikki - ta’minot va sotish bosqichida ishlatiladigan mablag’larga ega bo’lishi kerak. Odatda korxonalar o’z xodimlarining ehtiyojlariga xizmat qiladigan noishlab chiqarish sohasidagi mablag’larga ham ega bo’ladi. Shunday qilib, korxona mablag’lari o’zlarining turlari va joylashishi bo’yicha quyidagi guruhlarga bo’linadi: iishab chiqarish vositalari; operatsiya sohasidagi mablag’lar; noishlab chiqarish sohasidagi mablag’lar.Ishlab chiqarish vositalari, mehnat vositalari va mehnat buyumlaridan iborat bo’ladi.
Mehnat vositalari - insonning yaratayotgan buyumlariga o’z ta’sirini o’tkazuvchi vositalar hisoblanadi. Mehnat vositalari tarkibida ishlab chiqarish qurollari yetakchi rolni o’ynaydi. Ishlab chiqarish qurollari yordamida ishchilar mehnat buyumlarining tashqi ko’rinishini o’zgartiradilar, ularga yangi tus beradilar va mehnat mahsuliga aylantiradilar. Mehnat vositalariga, shuningdek imoratlar, inshootlar, transport vositalari va xo’jalik jihozlari ham kiradi. Ular ishlab chiqarish jarayonini normal amalga oshirish uchun kerakli sharoitlar yaratib, uni to’g’ri tashkil etishga yordam beradi.
Barcha mehnat vositalarining xususiyatlari shundan iboratki, ular mahsulotni tayyorlash jarayonida uzoq muddat davomida qatnashadilar, ko’plab ishlab chiqarish jarayonlariga xizmat qiladilar va shu bilan birga o’z tashqi ko’rinishlari, xususiyatlarini o’zgartirmasdan saqlab qoladilar. Ayni bir vaqtda mehnat vositalari o’z qiymatini asta-sekin ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar tannarxiga, davr xarajatlariga o’tkazadilar. Bu ularning eskirishiga va qiymatining kamayishiga olib keladi. Undan tashqari, korxonalar nomoddiy aktivlarga ega bo’lib, kapital qo’yilmalar hamda uzoq muddatli moliyaviy qo’yilmalarni amalga oshirishlari mumkin. Nomoddiy aktivlar o’z egalariga uzoq muddatli huquqlar yoki afzalliklar beradi. Ularga patentlar, mualliflik huquqlari, firmaning bahosi, savdo markalari, alohida imtiyozlar, litsenziyalar, formulalar, texnologiyalar, nou-xau, kompyuter dasturlari va hokazolar kiradi. Nomoddiy aktivlar ham asosiy vositalar singari foydalanish muddatlarida o’zlarining qiymatini mahsulot ishlab chiqarish tannarxi va davr xarajatlariga asta-sekin o’tkazib boradi. Korxonalar uzoq muddatli xarakterga ega bo’lgan boshqa aktivlarga ham kapital qo’yilmalar qilishi mumkin. Ularning tarkibiga asosiy vositalarni sotib olish, yangi obyektlarni qurish va ho kazolarni kiritish mumkin.
Uzoq muddatli moliyaviy qo’yilmalar aksiyalarga, obligatsiyalarga hamda boshqa korxonalarga qarz berish uchun bo’sh qolgan pul mablag’larini qo’yishdan ham iborat. Mehnat buyumlari mahsulot tayyorlashda boshlang’ich materialdan iborat. Ularga xom ashyo va materiallar, yarim tayyor mahsulotlar va tugallanmagan ishlab chiqarishlar kiradi. Shu guruhga yordamchi materiallar va yoqilg’ilar ham kiradi. Barcha mehnat vositalarining umumiyligi shundan iboratki, ular faqat birgina ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilinib, o’zlarining qiymatini tayyorlanayotgan mahsulot tannarxiga butunlay o’tkazadi.
Хom ashyo va asosiy materiallar deb, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumlariga aytiladi. Masalan, mashinasozlik zavodida asosiy materiallar sifatida mashinalarning ehtiyot qismlari tayyorlanadigan metalning har xil turlari tushuniladi. Yordamchi materiallar asosiylardan farqli o’laroq, tayyorlanayotgan mahsulotning asosini tashkil qilmay, faqat uning yuzaga kelishida qatnashadi. Bunda ular mehnat vositalarining normal ishlashi uchun asosiy materiallarga qo’shish yo’li bilan ularga sifat o’zgarishlarini kiritish uchun yoki mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun binolarni yoritish, mehnat sharoitlarining kerakli sanitariya va gigiyenasini ta’minlab turish uchun ishlatiladi. Yoqilg’i o’z mohiyatiga ko’ra yordamchi materiallarning bir turidir, yordamchi materiallar singari, ular mehnat vositalari tomonidan iste’mol qilinadi yoki asosiy materiallarga qo’shiladi hamda mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun ishlatiladi. Hisobda yoqilg’i yordamchi materiallar tarkibidan alohida guruhlarga ajratilgan. Yordamchi materiallarning ko’pchilik qismi singari, yoqilg’ining bu xosiyati natura shaklida yangi mahsulotning tarkibiga kirmaydi. Lekin sarflangan yoqilg’ining qiymati yordamchi materiallarning qiymatiga o’xshab, ishlab chiqarish chiqimlari sifatida butunlay shu mahsulotning tannarxiga kiritiladi.
Yarim tayyor mahsulotlar, ba’zi bir ishlov bosqichlarini o’tgan, lekin hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat. Ularning xususiyati shundan iboratki, garchi ular mazkur bosqichdagi barcha ishlov operatsiyalarini o’tgan bo’lsalar xam, lekin ishlov yoki yig’ish uchun navbatdagi bosqichga yo’naltirilishi kerak bo’ladi.
Mazkur korxonada tayyorlangan yarim tayyor mahsulotlar o’z ishlab chiqarishining yarim tayyor mahsuloti deb nomlanadi. Ulardan tashqari, sotib olingan yarim tayyor mahsulotlar ham bo’lishi mumkin. Sotib olingan yarim tayyor mahsulotlar xom ashyo va asosiy materiallar guruhiga kiradi. Bu guruhga, shuningdek, ehtiyot qismlar va idish materiallari ham kiradi. Тugallanmagan ishlab chiqarish bevosita ishlovda joylashgan mehnat buyumlaridan iborat. Shunday qilib, ular ham yarim tayyor mahsulotlarga o’xshab, ba’zi bir ishlov bosqichlarini o’tishi bilan hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat bo’ladi. Lekin yarim tayyor mahsulotlar mazkur sexda barcha ishlovlardan to’la o’tgan bo’lsa, tugallanmagan ishlab chiqarishda joylashgan mehnat buyumlari bu yerda hali ishlanishi kerak bo’ladi.
Buxgalteriya hisobida inventar va xo’jalik jihozlari alohida guruhga ajratilgan holda hisobga olinadi. Ularga, xizmat qilish muddatidan qat’i nazar qiymati 50 ta minimal ish haqi miqdorigacha bo’lgan va qiymatidan qati nazar, bir yildan kam xizmat qiladigan buyumlar kiradi. Operatsiya doirasidagi mablag’lar, ya’ni operatsiya buyumlari, pul mablag’lari, debitorlik qarzlari va boshqa operatsiyada xizmat qiluvchi mablag’lardan iborat. Operatsiya buyumlari korxonada ishlab chiqarilgan va sotish uchun mo’ljallangan tayyor mahsulotdan iborat. Joylashgan joyiga qarab muomala buyumlari ombordagi tayyor mahsulot va ortib jo’natilgan tovarga bo’linadi. Ortib jo’natilgan tovarlarni operatsiya buyumlariga qo’shilishining boisi shundaki, xaridor uning uchun pul to’lagunga qadar ular mazkur korxonaning mulki hisoblanadi. Hisoblash usulidan foydalanganda xaridorlarga ortib jo’natilgan mahsulot uni ishlab chiqaruvchi korxonaning mulki bo’lmay, balki sotib oluvchi korxonaning mulki hisoblanadi va to’lovning yo’qligi debitorlik qarzning yuzaga kelganligini anglatadi. Ushbu holda mazkur obyekt operatsiya doirasidan hisob-kitobdagi mablag’larga o’tadi.
Pul mablag’lari har xil to’lovlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Pul mablag’lari yordamida korxona mol yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qiladi, o’z xodimlariga ish haqi to’laydi, davlat daromadlariga har xil to’lovlar va ajratmalar qiladi. Pul mablag’lari korxonaga xaridorlardan ularga sotilgan buyumlar uchun, banklardan-kreditlar ko’rinishida, yuqori tashkilotlar hamda yuqori kompaniyalardan vaqtinchalik moliyaviy yordam tartibida kelib tushadi. Pul mablag’lari o’zlarining joylashgan joyiga qarab taqsimlanadi. Korxonalar o’zlarining pul mablag’larining asosiy qismini bankdagi hisob-kitob yoki valuta schyotlarida saqlaydilar. Bunda hisob - kitob schyoti korxonalarning faqat bo’sh pul mablag’larini saqlash uchun mo’ljallangan bo’lmay, u egasining barcha asosiy hisoblashuvlarini mol yetkazib beruvchilar hamda xaridorlar, kredit muassasalari, tashkilotlar va ho kazolar bilan amalga oshirish uchun ham mo’ljallangandir.
Korxonaning kechiktirib bo’lmaydigan, masalan, mehnat haqi, nafaqa to’lovlarini amalga oshirish uchun kerak bo’lgan naqd pul zaxiralari uning kassasida joylashgan bo’ladi. Naqd pullar kassaga asosan hisob-kitob schyotidan kelib tushadi. Foydalanilmay qolgan naqd pullar hisob-kitob schyotiga belgilangan muddatlarida qaytarib topshiriladi.Korxonaning hisob-kitob schyotidagi ma’lum mablag’lar boshqa xo’jalik yuritish subyektlari yoki shaxslarining qarzlaridan ham iborat bo’ladi. Bunday mablag’larga, birinchi navbatda, mazkur korxonadan xaridor tomonidan sotib olingan mahsulotlar uchun qarzlari hamda korxona xizmatchilariga har xil xarajatlarini qoplash maqsadida hisoblashish sharti bilan berilgan pul summalari bo’yicha hisob-kitoblar kiradi. Тopshiriqni bajarib bo’lgandan keyin, xodim tomonidan olingan summalarning sarflanganligi to’g’risida bo’nak hisoboti topshiriladi va ishlatilmay qolgan pullar korxona kassasiga qaytariladi. Bunday hisob-kitoblar hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblar deb ataladi. Korxonaga qarzlar boshqa operatsiyalar bo’yicha ham bo’lishi mumkin. Ularga, mol yetkazib beruvchilarga taqdim etilgan da’volar bo’yicha qarzlari, ishchi va xizmatchilarning o’z extiyojlari uchun olgan bo’nak summalari bo’yicha qarzlari kiradi. Bunday qarzdorlar boshqa debitorlar deb nomlanadi. Operatsiya sohasiga xizmat qiluvchi mablag’lar shu sohada xizmat qiladigan har xil binolar, asbob-uskunalar va jihozlardan iborat. Bunday mablag’larga tayyor mahsulot omborlarining binolari, ushbu ishlab chiqarish korxonasiga qarashli savdo imoratlari, shu bino va imoratlardagi asbob-uskunalar kiradi.
Noishlab chiqarish sohasidagi mablag’larga mazkur korxona ixtiyoridagi uy-joy xo’jaligi, madaniy - maishiy maqsadlarga mo’ljallangan va sog’liqni saqlash vositalari kiradi. Bular turar joylar, kinoteatrlar, bolalar bog’chalari, oromgohlar va dam olish joylari, hammomlar, kir yuvish va sartaroshxonalar, ambulatoriyalar, tibbiyot punktlarining binolari, shu binolarda joylashgan asbob-uskunalari va inventar hamda ulardan foydalaniladigan materiallar, dori-darmonlardan iborat. Bu mablag’larning barchasi korxona xodimlariga xizmat qilish hamda ularga zarur bo’lgan maishiy sharoitlarni yaratish uchun mo’ljallangan. Buxgalteriya hisobida mablag’lar va ularning kelish chiqish manbalari alohida-alohida guruhlarga bo’lib hisobga olinadi. 
Xulosa
Buxgalteriya hisobining predmeti xo’jalik yurutuvchi subyektlarda ro’y beradigan xo’jalik jaroyonlari natijasida mablag’lar va ularning tashkil topish manbalarining o’zgarib borishini o’z usullarini qo’llagan holda hisobga olib borishdir.
Buxgalteriya hisobi predmetining obyektlari xo’jalik manbalari, ularning tashkil topish manbalari va xo’jalik jarayonlaridir.
Buxgalteriya hisobining predmeti esa, ishlab chiqarish jarayonidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning samarali boshqarilishida mablag’lar holati hamda ulardan unumli foydalanish haqidagi axborotlarni shakllantirishdan iboratdir. Demak, buxgalteriya hisobi predmetining mazmuni u yoki bu ijtimoiy tuzumga xos bo’lgan mulkchilik shakli bilan belgilanadi. Ya’ni, har bir jamiyatda moddiy ishlab chiqarishni tashkil qilish va samarali boshqarish uchun qanday ma’lumotlar talab qilinishiga bog’liq bo’ladi. Jamiyat rivojlangan sari hisobning ahamiyati ham uzluksiz o’sib boradi.
Yüklə 23,85 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə