Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə1/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

1-MAVZU. SIYOSATSHUNOSLIK FANI PREDMETI,

MAQSAD VA VAZIFALARI

Reja:


1. Siyosatshunoslik fanining tadqiqot ob’yekti, predmeti va asosiy vazifalari

2. Siyosatshunoslik fanining tarkibi, kategoriyalari va metodlari

3.“Siyosat” tushunchasi. Uning tuzilishi, vosita va usullari

4. Siyosatning shakllari, darajalari va vazifalari



Tayanch tushunchalar:

  • Siyosatshunoslik- “politike”-jamoat va davlat ishlari hamda “logos” ta’limot, ya’ni davlat va jamoat ishlari haqidagi ta’limot degan ma’noni anglatadi.

  • Siyosat – sinflar, ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi hokimiyat va jamiyatni boshqarishga oid munosabatlar, faoliyat, hatti – harakat va kommunikatsion aloqalarning ko’p qirrali olami.

  • Davlat apparati– turlari va darajalariga bog’liq bo’lmagan holda davlatning barcha organlari majmui.

  • Jamiyatning siyosiy tashkiloti – davlat va nodavlat tashkilotlarning yig’indisi bo’lib, jamiyatni, unda sodir bo’ladigan barcha jarayonlarni boshqarish mazkur tashkilotlar orqali amalga oshiriladi, mazkur davlat va nodavlat tashkilotlari yig’indisi nuqtai- nazaridan jamiyatning ichki tuzulmasi.

  • Jamoa – bitta, ba’zan bir nechta aholi yashaydigan punktdan iborat munitsipal tuzilma. Jamoa hayotining alohida masalalarini yig’ilishlarda yoki mahalliy referendumlar o’tkazish yo’li bilan mustaqil hal qiladi, shuningdek mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarini saylaydi.

  • Siyosiy astrologiya – xulosalari taxminiy shubhali bo’lsada, fazo, yulduzlar joylashishi, quyosh faolligining siyosiy hodisalar, ommaviy hulq-atvor hamda siyosiy faollikka ta’sirini o’rganadi.

  • Siyosiy sotsiologiya – siyosat va jamiyat, ijtimoiy tuzum va siyosiy institutlar o’rtasidagi aloqadorlikni o’rganadi.

  • Siyosiy psixologiya – inson hissiyotlari va irodasi, e’tiqodining umuman, siyosiy xulq – atvorni siyosatga ta’sirini o’rganadi.

Bugungi kunda, mamlakatimizda, fuqarolarning siyosatshunoslikni o’rganish zaruriyati yanada ortdi. Buning boisi shuki, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va jamiyatni sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarish har bir kishi oldiga g’oyat katta talablarni qo’ymoqda. Undan ilgarigidek qaram, mute, beparvo bo’lib qolishlik emas, balki erkin, mustaqil bo’lishni talab qilinmoqda.

Ijtimoiy hayotning turli sohalarida siyosiy faoliyatning, davlat, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlarining ish usullarini, siyosat va insonning, davlat va jamiyatning o’zaro munosabatini, siyosatshunoslikning asosiy tushunchalarini tushunishga tobora ko’proq ichki ehtiyoj paydo bo’lmoqda.

Hozirda siyosiy fanlarni o’rganish — inson kamolotining, mamlakatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning zarur shartidir. Bu haqda O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A. Karimov shunday deydi: "Demokratik jarayonlar o’z ob’ektiv qonuniyatlari asosida rivojlanadi. Ularni o’rganib borish, ularga amal qilish talab etiladi."

Siyosatni anglashning tarixan dastlabki shakli uning diniy-afsonaviy talqini bo’lib, ml.av. 2-1 ming yilliklarda barcha qadimgi xalqlarda hokimiyatning va ijtimoiy tuzumning ilohiy kelib chiqishi to’g’risidagi tasavvurlar hukmronlik qilgan hamda bu tasavvurlar odatda afsonalar tarzida ifodalangan.

Taxminan ml. av. 1 ming yillikda siyosiy qarashlarning ratsionallashuvi kuzatila boshlandi. Birinchi siyosiy kategoriyalar va ta’riflar keyinchalik esa falsafiy –axloqiy shakldagi qator ta’limotlar paydo bo’lgan.

U davrlardagi siyosiy tadqiqotlar hali mustaqil fan sifatida ajralmagan va falsafiy, axloqiy g’oyalar bilan bog’liq bo’lgan. Italiyalik mutafakkir N. Makiavelli XVI asrda siyosiy fan, falsafa va axloqni bir biridan aniq ajratib berdi. U siyosiy tadqiqotlarni mustaqil ilmiy yo’nalish sifatida ajratib, davlat va hokimiyat masalalarini tahlil markaziga qo’ydi.

Siyosatshunoslikning boshqa ijtimoiy fanlar tarkibidan ajralib chiqishi jarayoni XIX asr o’rtalaridan XX asr boshlariga qadar davom etdi. Xuddi shu davrda u mustaqil fan sifatida to’liq shakllandi.



Siyosatshunoslik - “davlat” yoki “ijtimoiy ishlar” va “ta’limot” so’zlaridan tarkib topgan va siyosat haqidagi ta’limot ma’nosini bildiradi. Bu haqda birinchi atamani Aristotel (384-322), ikkinchi atamani esa Geraklit (530-470)ilmiy muomilaga kiritgan.

Mamlakatimizda 1992 yildan boshlab siyosatshunoslik fani o’qitila boshlandi. Bu harakat, avvalo, siyosiy bilimlarga nisbatan ijtimoiy ehtiyojni qondirish vositasi, ikkinchidan esa, har bir kishi va butun jamiyatning siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan uzluksiz tadbirdir.



Siyosatshunoslikning fan sifatida shakllanishida ikki bosqichni ajratish mumkin:

1.U idiografik fan sifatida bir necha asrlar davomida siyosatga oid ma’lumotlarni, bilimlarni to’plab, bayon etib, tavsiflab, sharhlab kelgan, tavsiyalar ishlab chiqqan. Arastu va Farobiy o’z asarlarida eng yuqori o’rinlarni olgan siyosat fani ana shu vazifalarni bajarib kelgan. Bu bosqichdagi siyosiy bilim- me’yoriy tabiatga ega bo’lib, ko’proq siyosat dunyosi qanday bo’lishi kerakligidan kelib chiqqan.

2. Ijtimoiy tizimlarning murakkablashishi, siyosatning mustaqil faoliyat sohasiga aylanishi, uning tarkibida davlatdan tashqari boshqa elementlarning ham ahamiyati ortib borishi, kabi jarayonlar natijasida sharhlar va bayonlardan ko’ra real siyosiy jarayonlarni o’rganish, ularni tahlil qilish, oqibatlarini isbotlab chiqishga ehtiyoj tug’ilishi bilan bog’liq. Bu bosqich G’arbiy Evropa mamlakatlarida kechgan ko’p asrlik zamonaviylashuv jarayoni va buning natijasida bu erda vujudga kelgan postindustrial mamlakatlar uchun xos.

Ma’lumotlarga ko’ra, birinchi siyosat kafedrasi 1662 yilda Shvetsiyaning Upsal universitetida ochilgan. 1872 yilda Fransiyada birinchi siyosiy fan maktabi, 1895 yilda Angliyada iqtisodiy va siyosiy fanlarning London maktabi tashkil etiladi. AQSH, Evropa universitetlarida siyosiy fan, davlat boshqaruvi va siyosat fakultetlari vujudga kelgan. Shu davrdan boshlab bu ikki yo’nalish bir - biri bilan chambarchas bog’lanib ketdi. Dastlab bu kurs davlat va uning institutlarini o’rganish bilan mashg’ul bo’ldi, ilk bosqichida siyosiy fanni huquqshunoslikdan ajralib chiqqan davlatshunoslik, deb atash mumkin. Bu yo’nalish zamonaviy siyosatshunoslikda bir oz kengroq ko’lamda hozir ham mavjud va u siyosiy institutlar nazariyasi deb ataladi.

Siyosiy fan predmeti, ya’ni uning nimani va qaysi ko’lamda o’rganishi haqidagi masala dastlab uning mustaqil fan va o’quv kursi sifatida qaror topishi va institutsionallashuvi bilan bog’liq. Bu borada 1948 yilda Parijda YUNESKO homiyligida o’tgan siyosiy fan mazmuni va tarkibi masalalariga doir Xalqaro kollokvium muhim rol o’ynadi. Yunesko ekspertlari hozirgi zamon siyosatshunosliksining to‘rt asosiy yo‘nalishinini tasniflaydilar:

1.Siyosiy nazariya:

a) siyosiy nazariya;

b) g‘oyalar tarixi.

2. Siyosiy institutlar:

a) konstitutsiya;

b) markaziy hokimiyat;

v) Mintaqaviy va mahalliy boshqaruv;

g) Davlat muassasalari;

d) Hokimiyatning iqtisodiy va ijtimoiy funksiyalari.

3. Partiyalar, guruxlar va ijtimoiy fikr:

a) Siyosiy partiyalar;

b) Guruxlar va birlashmalar;

v) Fuqarolarning xukumatda va ma’muriyatda qatnashishi;

g) Jamoatchilik fikri.

4. Xalqaro munosabatlar:

a) Xalqaro siyosat;

b) Xalqaro tashkilotlar;

v) Xalqaro huquq.

Siyosatshunoslik – jamiyatning siyosiy tizimi, siyosiy jarayonlar va siyosiy hokimiyat, uning asosiy tarkibiy qismlari, davlat hokimiyati, siyosiy partiyalar, siyosiy tashkilotlar va siyosiy harakatlar bilan o’zaro munosabatda bo’lgan turli ijtimoiy guruhlar, fuqarolarning o’rni va roli, hokimiyatga munosabat, uni saqlab turish mehanizmi va vositalari, jarayonlari hamda amaliyotini o’rganadigan fan. ( Odilqoriev X.T., Razzaqov D.X. Siyosatshunoslik. - T.: “O’qituvchi”, 2008. 18-b.)

Siyosatshunoslik fanining o’ziga xosligi shundan iboratki, u hamma jarayonlarni siyosiy hokimiyatga munosabat nuqtai nazaridan ko’rib chiqadi. Aynan “siyosiy hokimiyat” kategoriyasi “siyosat” haqidagi so’zning mohiyat va mazmunini o’zida to’liq aks ettiradi. Siyosat hokimiyat bor joyda yuzaga keladi, u (ya’ni siyosat) davlat tashkilotlariga suyangan holda mavjud jamiyatning qoida va qadriyatlarini qaror toptirishga xizmat qiladi. Hokimiyatsiz siyosatning bo’lishi mumkin emas, sababi, aynan hokimiyat uni amalga oshirishning vositasi hisoblanadi. “Siyosat sohasidagi fan haqida gapiradigan bo’lsak, - deb ta’kidlaudi G.Lassuel, - biz hokimiyat haqidagi fanni nazarda tutamiz”.1

Uning tadqiqot obektini umuman borliq, jamiyatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, huquqiy, axloqiy, diniy hodisalar va jarayonlar emas, balki siyosiy hodisalar va jarayonlar tashkil etadi. Siyosatshunoslik umuman ijtimoiy munosabatlarni emas, balki doimiy siyosiy munosabatlarni tadqiq etadi.

Uning predmetini borliqning, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, huquqiy, axloqiy, diniy sohalarning mohiyati va o’ziga xos muammolari emas, balki siyosiy sohaning tabiati va o’ziga xos muammolari, siyosiy hokimiyatning amalga oshirilishi bilan bog’liq bo’lgan munosabatlar tashkil etadi.

Ammo siyosatshunoslik predmetini aniqlashda bir muhim fikrga kelingan emas. Yonma-yon ikki muqobil qarashlar mavjud bo’lib, ulardan biri siyosatshunoslik predmetiga keng ma’noda yondashsa, ikkinchisi tor ma’noda qaraydi.



Frantsuz filosofi M.Fukoning siyosatshunoslik konsepsiyasi yaxshi ma’lum bo’lib, uning aytishicha siyosat hozirgi zamon kishisini har taraflama qurshab olgan, yashirin va oshkora ravishda ijtimoiy hayotning barcha sohalariga so’ralmagan holda kirib kelmoqda. Hozirgi zamon ommaviy axborot vositalari siyosiy jarayonni nihoyatda faollashtirib reklamaga o’xshash hamma yerda hoziru manzur. Shuning uchun siyosatshunoslik predmetini turlicha izohlash mumkin: Siyosatshunoslik fanlararo fan bo’lib siyosat sosiologiyasi, siyosiy falsafa, siyosiy madaniyatshunoslik, siyosiy etika bo’lishi kerak, degan g’oyani rossiyalik politolog ilgari surgan bo’lsa, unga muqobil ravishda amerikalik olim G.Bekker quyidagicha yondashadi. G.Bekker qarashlariga binoan siyosiy hokimiyat sohasi tor doirasida taqsimlashga asoslangan – faqat davlat munosabatlari doirasida chegaralangan bo’lib, boshqa sohalarga – iqtisodiyotga, madaniyat va fuqarolik jamiyatiga aralashmasligi kerak. Shuning uchun bu fan siyosiy hokimiyatining aynan o’ziga tegishli tor sohasini o’rganishi kerak.

Ammo ko’pchilik hozirgi politologlar siyosatshunoslik fani predmetini aniqlashga bo’lgan tor va keng yondashuvdagi chegaradan chetga chiqib harakat qiladilar. Hozir turli siyosiy fanlarni o’z predmeti doirasida farqlash qabul qilingan. Misol uchun K.S.Gadjiev va I.S.Panarin Siyosat sosiologiyasi fuqarolik jamiyatidagi odamlarning o’zaro munosabatlarini o’rgansa, Siyosatshunoslik – ularning davlat doirasidagi munosabatlarini ya’ni hokimiyat hususidagi masalani o’rganadi, - deydi.



Siyosatshunoslikning o’rganish markazida quyidagilar turadi:

  1. Siyosiy hokimyatni tashkil etish, unga amal qilish shakli va uslublari.

  2. Mavjud siyosiy tizimlar, siyosiy hayot, siyosiy ong, siyosiy sub’ektlarning manfaatlari va xatta-harakatlarini, shuningdek, g’oyaviy-siyosiy ta’limotlar va nazariyalarni o’rganish.

Siyosatshunoslik ilmiy va o’quv fani sifatida quyidagilarni tadqiq etadi va o’rganadi:

Birinchidan, u siyosiy tafakkur tarixi; siyosiy tizim, jarayonlar, siyosiy ong va madaniyat, xalqaro keng qamrovli siyosiy muammolarni tadqiq etadi.

Ikiinchidan, muhim amaliy tadqiqot ishlarini olib boradi.

Uchinchidan, jamiyatning siyosiy sohasi, uning rivojlanish qonuniyatlari haqida tushuncha beradi.

To’rtinchidan, hozirgi davr siyosiy institutlari, ularning o’rnatilishi va amal qilinishi, demokratik jamiyatdagi fuqarolarning huquq va erkinliklari, burchlari, ularda siyosiy jarayonlarning o’zgarish sur’atlari, turlari, shakllari, uning sub’ekti haqida bilimlar tizimini beradi.

Beshinchidan, talabalarda siyosiy madaniyatni, ijtimoiy-siyosiy voqelikni tahlil etishda hozirgi zamon siyosiy tafakkur tamoyillarini qo’llash mahoratini shakllantirishga yordam beradi.



Siyosatshunoslik fanining quyidagi vazifalari mavjud:

  • Siyosiy hodisalarni bilish

  • Tushuntiruvchilik

  • Siyosiy hodisalarni baholash

  • Nazariyotchilik

  • Uslubiy

  • Tavsiflash , bayon qilish

  • Amaliy

  • Siyosiy madaniyatni shakllantirish

  • Siyosiy xulq- atvorni tartibga solish

  • Bashorat qilish.

Siyosatshunoslik fanining o’rganadigan qonunlari siyosat, siyosiy jarayonlar, siyosiy hokimiyat, siyosiy partiyalar va siyosiy faoliyatning davlat hokimiyati va fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi zaruriy siyosiy mexanizmlari sifatida namoyon bo’ladi.

Siyosatshunoslik qonuniyatlari ularning namoyon bo’lish xususiyatlariga qarab uchta asosiy guruhga bo’linadi:

Birinchi guruh qonuniyatlar – bu siyosiy-iqtisodiy qonuniyatlar bo’lib, u jamiyat iqtisodiy bazasi va siyosiy hokimiyat o’rtasidagi nisbatni aks ettiradi.

Siyosat tegishli ravishda siyosiy va davlat hokimiyati sistemasi hamda iqtisodiy jarayonlarning rivojlanishi bilan bog’langan. Iqtisodiy manfaatlar siyosiy faoliyatning ijtimoiy sababchisi hisoblanadi. Siyosiy hokimiyat iqtisodiy hokimiyatni yuzaga keltirish uchun xizmat qiladi.



Ikkinchi guruh qonuniyatlar – siyosiy-ijtimoiy qonuniyatlar bo’lib, siyosiy hokimiyatni rivojlantirishni xarakterlaydi.

Siyosiy hokimiyat tizimning asosiy qonuniyati bo’lib barqarorlikni mustahkamlash hisoblanadi. Bu qonuniyat siyosiy hokimiyatning turli tizimlarida turlicha amalga oshiriladi. Masalan, avtoritar sistemada barqarorlikni mustahkamlash uchun hokimiyatni yuqori darajada markazlashtirish hamda keng qo’lamdagi zo’ravonlikni talab etadi. Unga qarama-qarshi o’laroq demokratik tizim hokimiyatni taqsimlashni sud, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hokimiyatlarni ko’zda tutadi, manfaatlar va kelishuvchilik prinsiplariga suyanadi.



Uchinchi guruh qonuniyatlar – ularni shartli ravishda siyosiy-psixologik deb atash mumkin. U shaxs bilan hokimiyat o’rtasidagi munosabatni aks ettiradi. Siyosiy-psixologik qonuniyatlar ichida eng xarakterlisi siyosiy rahbarning hokimiyatni qo’lga kiritishi hisoblanib, bu ko’zlangan maqsadga erishishda eng qadrlisi va qimmatlisi hisoblanadi.

Ba’zi adabiyotlarda siyosatshunoslik qonuniyatlari yana ikki guruhga bo’linadi:



Davlat hokimiyati va mamlakat ichki siyosiy hayotida amal qiladigan qonunlar:

  1. Ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, tarbiyaviy masalalarni hal qilish.

  2. Jamiyat faoliyatini rivojlantirish, siyosiy hokimiyat mexanizmidan samarali foydalanish.

  3. Ijtimoiy hayotni demokratlashtirish.

  4. Mamlakat taqdiriga dahldor masalalarni referendum orqali hal etish.

  5. Iqtisodiy tanglikka olib kelishi mumkin bo’lgan holatlarni bartaraf qilishda siyosiy vositalardan foydalanish.

Xalqaro munosabatlarda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy aloqalar bilan bog’liq qonunlar:

  1. Xalqaro xavfsizlik va o’zaro ishonchni rivojlantirish.

  2. Davlatlar o’rtasida hamkorlikni tashkil etish va rivojlantirishda siyosat kuchini hisobga olish.

  3. Xalqaro ziddiyatlarni bartaraf etishda siyosiy vositalardan foydalanish.

  4. Umumbashariy muammolarni hal qilishda siyosiy yo’llarni ishlab chiqish.

E) Siyosiy hokimiyatlar, siyosiy partiyalar, tashkilotlar va harakatlar o’rtasidagi siyosiy hamkorlikni yo’lga qo’yish hamda rivojlantirish

Siyosatshunoslik fanining obyektiv qonuniyatlari:

  • Siyosiy jarayon oqimidagi siyosiy munosabatlarga kirishayotgan tomonlarning har tomonlama tub manfaatdorligi

  • Jamiyat siyosiy tizimining uyg’un amal qilishi qonuni

  • Siyosiy munosabatlarda siyosiy madaniyatning zarurligi

  • Iqtisodiyot bilan siyosatning dialektik birligi va mutanosibligi

  • Siyosiy munosabatlarning ma’naviy-axloqiy asoslarda amal qilishi

  • Ichki siyosat bilan tashqi siyosatning dialektik birligi

  • Xalqaro munosabatlarda yangicha siyosiy tafakkurning amal qilishi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, siyosatshunoslik fani ijtimoiy-siyosiy fanlar tizimida muhim o‘rin tutadi, hamda siyosatni o‘rganishda o‘ziga xos xususiyati, maqsad va vazifalari borligi bilan farq qiladi. Siyosat ilm-fanni qiziqtirib kelgan an’anaviy soha hisoblanadi. Siyosatshunoslik tuzilishiga ko‘ra, siyosat sohasidagi bilimlar tizimi sifatida quyidagi fanlarni o‘z ichiga oladi:

  • siyosiy fikrlar tarixi (siyosiy ta’limotlar tarixi). U turli tarixiy davrlarda mavjud bo‘lgan siyosiy hayot va uning tarkibiy qismlari (birinchi navbatda davlat va huquq to‘g‘risida) to‘g‘risidagi tasavvurlar taraqqiyoti bosqichlarini o‘rganadi;

  • siyosiy falsafa. Siyosatshunoslikning tarkibiy qismi bo‘lib, ijtimoiy munosabatlar tizimida siyosatning o‘rni to‘g‘risidagi tasavvurlar va tadqiqotlar prinsiplarini (qoidalarini) belgilaydi, u siyosiy fan kategoriyalari, tushunchalarini shakllantiradi;

  • siyosiy sotsiologiya. Empirik (hissiy idrok etish, tajriba). Ma’lumotlarni to‘plash, umumlashtirish va tahlil etishga tayanadigan siyosiy bilimlarning ancha serqirra sohasi bo‘lib, aniq siyosiy hodisalar va jarayonlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kunda real siyosatning oqilona, maqsadga muvofiq bazasi bo‘lib xizmat qiladi, siyosiy maqsadlarga erishish taktikasini tanlash va vazifalarni qo‘yishda siyosiy qarorlar qabul qilish va oldindan aytib berish uchun foydalaniladi;

  • siyosiy psixologiya. U siyosiy hatti-harakatni va uning sabablarini, ayniqsa ommaviy shakllarda o‘rganadi;

  • siyosiy antropologiya. Uning ob’ekti – u yoki bu shaklda siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi insondir. U ijtimoiy hayotning bu sohasiga kishilarning kirib kelish shart-sharoitlarini tadqiq etadi, uni shaxsan siyosiy munosabatlarni o‘rganishi qiziqtiradi, u insonning siyosatda “ishtirok etishi izlari”ni o‘rnatishga harakat qiladi.

Siyosatshunoslik fanining asosiy kategoriyalari

  1. Siyosat – davlat ishlarida ishtirok etish, davlatning yo’nalishini, faoliyat mazmunini, shakli va vazifalarini belgilashda ishtirok etish.

  2. Siyosiy hokimiyat – muayyan xalq, sinf, guruh, shaxs o’zining siyosatda ifodalangan irodasini amalga oshirish imkoniyatidir.

  3. Siyosiy tizim – davlat hokimiyati va davlat boshqaruvini shakllantirish hamda amalda ro’yobga chiqarish bilan bog’liq munosabatlar, harakatlar, tashkilotlar tizimidir.

  4. Siyosiy hayot – siyosiy hokimiyatni joriy qilish bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy hayotning bir qismi, sohasi.

  5. Siyosiy munosabatlar – hokimiyatni qo’lga olish va amalga oshirish sohasida turli siyosiy tashkilotlar, ijtimoiy guruhlar hamda shaxslar orasidagi aloqalar.

  6. Siyosiy jarayon – jamiyatning siyosiy tizimini shakllantirish borasidagi ijtimoiy sub’ektlarning birgalikda amalga oshiradigan faoliyati.

  7. Siyosiy institutlar – ijtimoiy sub’ektlar o’rtasidagi siyosiy munosabatlarni tartibga solib turuvchi, muayyan sub’ektlarning manfaatlarini ko’zlab ish ko’ruvchi davlat, huquqiy, siyosiy, ijtimoiy muassasa va tashkilotlardir.


Siyosatshunoslik fani siyosiy hodisa va jarayonlarni o’rganishda xilma-xil usullardan foydalanadi:

  1. Umumiy usullar:

  • Sotsiologik yondashuv – siyosat – turli ijtimoiy guruhlarning o’z manfaatlaridan kelib chiquvchi raqobati.

  • Me’yoriy yondashuvsiyosatga axloqiy, insoniy me’zonlarni olib keladi.

  • Funksional yondashuv – siyosiy voqealarni o’rganishda ular o’rtasidagi bog’liqliklarni faqat dalillar va tajriba asosida tekshirishni afzal ko’radi.

( Makiavelli)

  • Tizimli yondashuv – XX asrning 50-60 yillarida AQSHlik olim T.Parson va D.Istonlar tomonidan ishlab chiqilgan – siyosatni yaxlit, murakkab, o’z-o’zini boshqaruvchi mexanizm sifatida baholaydi.

  • Institusional - davlat, partiyalar, turli tashkilotlarni o’rganadi.

  • Antropologik – siyosatni ijtimoiy omillar emas balki inson tabiati, har bir odamga xos bo’lgan ehtiyojlar belgilaydi.

  • Faoliyatli yondashuv – siyosat – butun jamiyat uchun majburiy qarorlarni tayyorlash, qabul qilish va amalga oshirish jarayonidir.

  • Qiyosiy usul – dastlab Platon va Aristotel qo’llagan.

  • Tarixiy – tarixiy xatolar o’rganiladi.

  1. Umummantiqiy usullar – induksiya, deduksiya, analiz va sintez, modellashtirish.

  2. Empirik tadqiqot usullari – siyosiy voqelik to’g’risida birlamchi axborot olish usullari

Bixevioristlar fikricha, siyosatshunoslik qat’iy ilmiy, empirik usullar yordamida odamlarning bevosita kuzatish mumkin bo’lgan siyosiy xulq- atvorini o’rganishi kerak. Dalillar va qadriyatlari bir-biridan ajratish, fanni qadriyatli mulohazalardan xoli qilish tarafdori sifatida ular bilish jarayonida faqat dalillar va mantiqqa suyanishni taklif etadilar. Ular amaliy siyosatshunoslikning rivoji uchun shart sharoitlar yaratdi.

Amaliy siyosatshunoslik vazifasi aniq tavsiyalar va qisqa muddatli bashoratlarni muayyan sub’ektlar uchun ular faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida bayon etishdan iborat.

Siyosat” tushunchasi. Uning tuzilishi, vosita va usullari

Siyosat nazariyasini o‘rganish eng avvalo siyosat tushunchasini, uning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va funktsiyalari, tuzilishi, vositalari va usullarini aniq tasavvur qilishni taqozo etadi.

Siyosat tushunchasi qadimgi Yunonistonda (yunoncha, “polis” – shahar) paydo bo’lib, u davlat boshqaruvining turli shakllarini anglatgan. Siyosatga doir ilk nazariy qarashlar ham qadimgi Yunonistonda Aristotelning “La politika” (“davlatga nima tegishli bo’lsa – u haqida”) asarida yaratilgan. “Siyosat” tushunchasini aniqlashtirish, uni mazmun-mohiyatini ochib berish va tadqiq etish uzoq davrlar mobaynida monarxiya, respublika va davlatning boshqa shakllarini tadqiq etish, jamiyat va davlatni bir-biridan ajratish (N.Makiavelli), cherkov institutlari (Xristianlik an’analari) va fuqarolik jamiyati (J.Lokk), davlatni iqtisodiy va ijtimoiy tuzum bilan o’zaro aloqadorligini aniqlashga doir (A.Smit) ilmiy izlanishlar jarayonida o’z takomiliga yetdi.

Qadimgi davrlardan boshlab, shakllangan an’analarga muvofiq siyosat mazmunini davlat qudratining manbai – hokimiyat bilan uzviy ravishda bog’lab kelindi. Umuman, u davrlardagi davlatlarda siyosatning mazmuni hokimiyatning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa resurslarini aniqlash bilan bo’gliq holda talqin netildi. Shuningdek, siyosat aktorlarining hokimiyatga doir xulqini o’rganish boshqarishning legitimligi va qonuniyligi mezonlarini o’rnatish, hukmdorlar va ularga bo’ysunuvchilar rollarini ijro etish xususiyatlarini anglash (Parsons), hokimiyatning guruhiy asoslarini yoritish (Bentli) asnosida siyosatning mohiyati yanada oydinlasha boshladi.

Siyosat - murakkab ijtimoiy hodisadir. Uning tabiati va mazmunini ochib berish oson ish emas. U ilmiy adabiyotlarda ham keng, ham tor ma’noda ishlatiladi.

Keng ma’noda kishilar ko‘pincha har qanday maqsadga muvofiq ijtimoiy faoliyatni siyosat deb atashadi. Bu tushuncha u yoki bu jarayonni boshqarish bilan aynanlashtiriladi. M.Veber o‘zining mashhur "Siyosat ham mayl, ham kasb sifatida" maqolasida shunday deb yozadi: "Siyosat deganda biz nimani tushunamiz? Bu tushuncha nihoyatda keng ma’noga ega va mustaqil boshqaruvga doir faoliyatning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga oladi. Banklarning valyuta siyosati, kasaba uyushmasining ish tashlash vaqtidagi siyosati to‘G‘risida gapiriladi, shahar yoki qishloq jamoasining maktablarga oid siyosati, korporatsiya, rahbarining boshqaruv siyosati va nihoyat, hatto o‘z erini boshqarishga intilayotgan aqlli xotin siyosati haqida gapirish mumkin".

Siyosat tushunchasi ko‘pincha tor va tom ma’noda ishlatiladi. Bu holda u jamiyatning mustaqil sohalaridan birini, ya’ni, iqtisodiyot va madaniyat bilan bir qatorda bo‘lgan sohani belgilash uchun foydalaniladi.

Tor ma’noda siyosat davlat hokimiyati idoralari, siyosiy partiyalar, manfaat guruhlarining mamlakatda tinchlik-totuvlikni, ijtimoiy barqarorlikni, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatini anglatadi. Bu tushuncha davlatlarning, turli siyosiy kuchlarning, tashkilotlarning xalqaro maydondagi xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatini ham o‘z ichiga oladi.

Ilmiy adabiyotlarda siyosatning turli-tuman ta’riflari, talqinlari mavjuddir. Bu ilmiy ta’riflarni, asosan, uchta guruhga: sotsiologik, substansional va faollik guruhlariga bo‘lish mumkin.



Siyosatning sotsiologik ta’riflari sotsiologik yondashuvga asoslanadi. Ularda siyosat boshqa ijtimoiy hodisalar: iqtisodiyot, ijtimoiy guruhlar, huquq, axloq, madaniyat, din orqali tavsiflanadi.

Siyosatning iqtisodiy ta’riflari siyosatni iqtisodiy bazis ustidagi ustqurma, iqtisod ehtiyojlari, manfaatlarining jamlangan ifodasi sifatida tavsiflaydi. Bu holatda siyosat ijtimoiy hayotning o‘ziga xos sohasi sifatida o‘zining mustaqilligidan mahrum bo‘ladi. Faqat nisbiy, cheklangan mustaqilligini saqlab qoladi. Umuman, siyosatning mazmuni uning subektlari irodasiga boG‘liq bo‘lmagan obektiv iqtisodiy qonunlar bilan belgilanadi. Siyosatni iqtisodiy determinizm nuqtai nazarida ta’riflashda faqat uning muhim manbalaridan biriga e’tibor qaratiladi. Bu konsepsiyalar, odatda, siyosatga iqtisodiy ehtiyojlarning ta’sirini haddan ziyod bo‘rttiradi, mutlaqlashtiradi, uning mustaqilligini etarli baholamaydi.

Siyosatni sotsiologik ta’riflashning muhim tarkibiy qismlaridan biri - stratifikatsiya talqinlaridir. Bunda siyosat muayyan ijtimoiy guruhlar: sinflar va millatlarning (marksizm) yoki manfaatdor guruhlarning (A. Bentli, D.Trumen va boshqalar) raqobati sifatida talqin etiladi. Sinflar o‘rtasidagi kurash sifatidagi siyosatning markscha talqini hozirgi dunyoda ko‘p jihatdan o‘zining ta’sirini yo’qotgan bo‘lsa-da, manfaatli guruhlar nazariyasi esa keng tarqalgandir. Jumladan, u hozirgi ilg‘or, mamlakatlarda siyosatni ijtimoiy manfaatlarning balansini, muvozanatini ta’minlovchi turli-tuman manfaatdor guruhlar raqobati sifatida talqin etuvchi demokratiyaning pluralistik konsepsiyalarida o‘z ifodasini topgandir.

Siyosiy fikrning rivojlanishi tarixida, shu jumladan hozirgi zamon nazariyotchilarining asarlarida siyosatning huquqiy konsepsiyalari keng o‘rin olgan. Ular siyosatni, davlatni huquqdan, avvalambor, ommaviy huquq, davlat qonunlari va faoliyatining asosida yotuvchi insonning tabiiy huquqlaridan kelib chiqadigan hodisa, deb hisoblaydilar. Siyosatning huquqiy konsepsiyasi Spinoza, Gobbs, Lokk, Russo, Kant kabi ko‘zga ko‘ringan mutafakkirlar tomonidan asoslab berilgan ijtimoiy shartnoma nazariyalari yaqqol misol bo‘la oladi. Bu nazariyalarning ma’nosi siyosatni, avvalo, davlatni har bir insonga tug‘ilgandan xos bo‘lgan fundamental huquqlar: yashash, erkinlik, xavfsiz bo‘lish, mulkka egalik qilish va boshqalarni muhofaza qiluvchi maxsus faoliyat sifatida talqin etishdan iboratdir.

Hozirgi zamon ilmiy adabiyotlarida siyosatning huquqiy konsepsiyalariga qarama-qarshi bo‘lgan nazariyalar ham keng o‘rin olgandir. Ular huquqni siyosatning mahsuli, uni amalga oshirishning muhim vositasi, barqaror ijtimoiy-siyosiy tartibni o‘rgatishning instrumenti sifatida olib qaraydilar. Huquq davlat tomonidan yaratiladi va siyosiy irodaga va davlat tomonidan maqsadga muvofiqligiga asoslanadi.

Siyosatning huquqiy talqini, uning axloqiy ta’rifiga bevosita qo‘shilib ketadi. Bu tabiiy huquqning davlatga qadar inson hamjamiyatining axloqiy prinsiplari shaklida yashashni tan oluvchi konsepsiyalarida yaqqol ko‘rinadi. Umuman, siyosatning me’yoriy ta’riflari uning sotsiologik talqin etishning muhim yo’nalishi hisoblanadi. Ularda qo‘llaniladigan me’yoriy yondashuv siyosatni ideallardan, qadriyatlardan, u amalga oshirishi zarur bo‘lgan maqsad va me’yorlardan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqishni taqazo etadi. Bu nuqtai nazardan tahlil etilganda, siyosat – umumiy farovonlikka erishishga qaratilgan ijtimoiy faoliyatdan iboratdir. Uning oliy qadriyati-adolat, tinchlik, erkinlik va umumiy farovonlikka xizmat qilishdir, me’yorlari unga erishishga olib boruvchi aniq qoidalar, qonunlardir.

Siyosatning me’yoriy talqini qadimdan paydo bo‘lgan. Qadimgi dunyoning buyuk mutafakkiri Arastu siyosatni inson faoliyatining oliy shakli, deb hisoblagan edi. Chunki, bu orqali kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda adolat qaror topadi, jamiyatning va har bir kishining farovonligiga erishiladi. "Adolat, - deb yozgan. edi u, faqat siyosiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, chunki, siyosiy tuzumning barchasi huquqqa borib taqaladi".

Siyosatning me’yoriy talqinlari ham kuchli, ham zaif tomonlariga egadir. Ularning kuchli tomoni, qadr-qimmati shundaki, siyosatda ko‘rinishi lozim bo‘lgan insonparvarlik ideali o‘z ifodasini topadi. Bunday ideal siyoat ishtirokchilarini ijtimoiy foydali xulq-atvorga yo’naltiradi. Shu bilan birga, me’yoriy yondashish ko‘p qirrali, har doim ham aniq bo‘lmagan ijtimoiy farovonlikni turli talqin qilish imkoniyatiga yo’l qo‘yadigan kategoriyalar bilan ish ko‘‘radi. Shu bilan turli siyosiy kuchlarning g‘arazli manfaatlarini niqoblash uchun zamin yaratadi. Ushbu yondashuvning zaifligi siyosatni umumiy farovonlikka erishish faoliyati sifatida tushunish va siyosatda g‘arazli qarashlar keng tarqalganligi haqida guvohlik beruvchi voqelikda katta tafovutlar mavjudligida ham ko‘rinadi. Bundan tashqari, umumiy farovonlikni ta’minlash bo‘yicha harakatlarning barchasi ham siyosiy bo‘lavermaydi. Ko‘p kishilar ijtimoiy foydali, olijanob ishlarni axloqiy yoki diniy sabablar (motivlar) asosida amalga oshiradilar.

Siyosat ta’riflarining ikkinchi keng tarqalgan guruhi - substantsional ta’riflardir. Bu ta’riflar, siyosatning qanday, birinchi asoslardan, to‘qimalardan tashkil topganligini ochib berishga mo‘ljallaniladi. Ta’riflarning bu guruhida siyosatning bir nechta talqinlari mavjud. Ulardan eng ko‘p tarqalgani - bu siyosatni hokimiyatga: uni egallash, qo‘lda ushlab turish va qo‘llashga qaratilgan harakatlar sifatida talqin qilishdir. Siyosat, bu "hokimiyatda ishtirok etishga yoki hokimiyatning davlatlar o‘rtasidami, davlat ichidagi kishilar guruhlari o‘rtasidami taqsimlanishiga ta’sir ko‘rsatishga intilishdir" - deb yozgan edi M.Veber.

Siyosatga "hokimiyatiy" yondashuv tarafdorlarining ayrimlari o‘zlarining diqqat – e’tiborini hokimiyat uchun kurash va uni qo‘llash san’ati, texnikasi, usullari va vositalariga qaratadilar. Siyosiy fan asoschilaridan biri N.Makiavelli 1515 yildayoq siyosatni hokimiyatga kelish, hokimiyatda turish va uni qo‘llash uchun zarur bo‘lgan vositalar yig‘indisi sifatida tavsiflagan edi.

Siyosatning "hokimiyatiy" ta’riflari uning mohiyatini, muhim yaratuvchilik sifatini aks ettiradi. Bu ta’riflar muassasaviy ta’riflar yordamida aniqlashtiriladi va to‘ldiriladi.

Muassasaviy ta’riflar siyosatni hokimiyat gavdalanadigan, moddiylashadigan, tashkilotlar, institutlar orqali, avvalambor, asosiy siyosiy institut – davlat orqali tavsiflaydi. Siyosat bu holda davlat ishlarida ishtirok etish, davlatning yo’nalishi, davlat faoliyatining mazmuni, vazifalari, shakllarini, aniqlash bo‘lib ko‘rinadi.

Agar siyosatning "hokimlik" va muassasaviy talqinlari uning asoslarini hokimiyatda va uning tashuvchilarini tashkilotlarda ko‘rsatsalar, antropologik ta’riflar esa uning inson tabiatida ildiz otgan chuqurroq manbalarini aks ettirishga urinadilar. Bu nuqtai nazardan, siyosat- kishilarning muomala shakli, insonning jamoa bo‘lib yashash usulidir. Siyosatni antropologik tushunish Arastu tomonidan asoslangan edi. U inson - siyosiy mavjudot, chunki u - jamoaviy mavjudotdir, deb hisoblagan edi. Insonning odatdagi hayoti, uning xilma-xil ehtiyojlarni qondirishi va baxtga erishishi faqat boshqa kishilar bilan muomalada bo‘lgandagina mumkin bo‘ladi. Bunday muomalaning oliy shakli bo‘lib siyosat maydoniga chiqadi. Uning siyosatga qadar bo‘lgan muomala afzalligi shundan iboratki, u davlatda adolat, barcha fuqarolarga bir xil munosabatni gavdalantiruvchi huquq normalari bo‘yicha erkin va teng huquqli kishilarning muomalasidir.

Siyosatning antropologik talqinlari uning ixtilof-konsensus ta’riflari bilan yanada boyitiladi va to‘ldiriladi. Taniqli fransuz siyosatshunosi Moris Dyuverjening fikricha, siyosiy nazariya siyosatning dramatik qarama-qarshi turuvchi talqini o‘rtasida ikkiga bo‘linadi. Birinchisiga binoan, siyosat-ixtilofdir, kurashdir. Unda kim hokimiyatga ega bo‘lsa, o‘sha o‘ziga jamiyat ustidan nazorat qilish va boyliklarni o‘zlashtirishni ta’min etadi. Boshqa nuqtai nazarga binoan siyosat - tartibni boshqarishni va adolatni amalga oshirishga urinishdan iborat bo‘lib, barcha fuqarolarning hamjamiyatga birlashishini ta’minlashni anglatadi.

Siyosatning ixtilofli ta’riflarida asosiy e’tibor siyosatning negizida yotuvchi ziddiyatlarga qaratiladi, uning dinamikasini belgilaydi. Bunday ziddiyatlar nuqtai nazaridan qaralganda, siyosat - ixtiloflarni kuch ishlatish va tinch yo’l bilan hal etish faoliyati sifatida talqin etiladi. Siyosatga umumiy rang-tasvirni ixtilof bersa-da, u, odatda, muayyan konsensussiz, undagi ishtirokchilarning ijtimoiy tartibdan, hokimiyatning qonuniyligini tan olish va qonunga itoat etish zarurligidan, umumiy manfaatdorligiga asoslangan kelishuvsiz mumkin bo‘lmaydi.

Demokratik davlatda siyosat subektlarini birlashtiruvchi omil - konsensusning roli benihoya muhimdir. Bunda nizolarni to‘xtatish va hal etish fuqarolarning aksariyat ko‘pchiligi tomonidan shaxs erkinligi, inson huquqlari, ko‘pchilikning irodasi hamda ozchilikning o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish huquqi kabi umuminsoniy qadriyatlarni tan olish asosida amalga oshiriladi. Taniqli amerika siyosatshunosi S.F. Xantingtonning ta’kidlashicha, ijtimoiy ixtiloflar bo‘lmagan joyda siyosat bo‘lmaydi, ijtimoiy konsensus, ijtimoiy uyg‘unlik yo’q joyda esa, siyosiy institutlar mumkin bo‘lmaydi.

Siyosatning faoliyatiga oid talqinlar, xususan, siyosiy qarorlar nazariyasida keng qo‘llaniladi. Undan siyosatning teleologik talqinlarida ham foydalaniladi. Bunda siyosat jamoa maqsadlariga samarali erishish faoliyati sifatida qaraladi. Amerika sotsiologiyasining asoschilaridan biri T.Parsons yozishicha, siyosat - yalpi tizimning muayyan elementlari, umumiy maqsadlarga erishishi uchun samarali tashkiliy usullar yig‘indisidan iboratdir.

Siyosatning teleologik ta’riflarida uning ikkala asosi: faoliyatning jamoaviy tabiati va ongli, maqsadga muvofiqlik xarakteri alohida ta’kidlanadi. Siyosatda individlarning xususiy maqsadlari umumdavlat maqsadlari darajasiga "o‘sadi", ko‘tariladi.

Siyosatning teleologik ta’riflari jamiyatni tizimli tahlil etish doirasida keng foydalaniladi. Tizimli nuqtai nazar bo‘yicha, siyosat yaxlit, atrof-muhitdan, jamiyatning boshqa sohalaridan chegaralangan, u bilan uzluksiz o‘zaro aloqada bo‘lgan nisbiy mustaqil tizim, murakkab ijtimoiy organizm hisoblanadi. Siyosiy tizim jamiyatning yashashi va taraqqiyoti to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi va bir qator ijtimoiy ehtiyojlarni qondiradi, ulardan eng muhimi - jamiyatni birlashtirishdir.

Siyosatni o’rganishning turli-tuman usullari va yondashuvlari ichida funksional – maqsadli usul keng tarqaldi. Bu usul jamiyatdagi ijtimoiy hayotda yashashning u yoki bu ma’nolarini izohlab berishga asoslandi. Bu jarayonda siyosat tushunchasi etikaviy maqsadlarni amalgam oshirishning shakli sifatida ta’riflana boshlandi, masalan, “anglab yetilgan adolatga muvofiq boshqarish yoki farovonlikni rivojlantirish” (Platon); yoki “ratsional tafakkurlashni amalga oshirish” (Gegel); “jamiyatdagi kuchlarning ijtimoiy muvozanatini o’rnatish va jamiyatning bir butunligini ushlab turish yoki ayrim kishilarning boshqalar ustudan o’z hukmronligini saqlash vositasi” (Debre); “qadriyatlarni taqsimlash shakli” (Lasvell) yoki “umumiy idoralarni amalgam oshirish” (Russo) va hokazo.

Siyosat haqida nemis olimi M.Veber ham o’ziga xos talqinlarni amalga oshirgan. Uning quyidagi fikri siyosatning mohiyatini oshib berishga yordam beradi: “shu tariqa siyosat atroflicha muhokama qilganda davlar o’rtasidami, davlat ichidami, odamlar guruhlari o’rtasidami, hokimiyatda ishtirok etishga intilish yoki hokimiyatni taqsimlashga ta’sir ko’rsatishga intilish demakdir”.

Siyosatning zamonaviy talqinlari R.Aron asarlarida yanada takomillashdi. U siyosat tushunchasini jamiyatning barcha jabhalari bilan aloqadorlikda tahlil qilishga harakat qildi. U “siyosat” tushunchasini bir-biridan farqlashini chuqur tadqiq etib, quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “birinchi farqlanish shu bilan bog’liqki, “siyosat” so’zi ingliz tiliga har biri o’z mazmuniga ega bo’lgan ikkita so’zga tarjima qilinadi. Inglizlar amalda siyosatni “policy” va “politics” so’zlari bilan ifodalaydi. Fransuzlar unisini ham bunisini ham “siyosat” deb ataydi. Policy – konsepsiya, harakat dasturi, bu holda u harakatda, biro damning, odamlar guruhining, hukumatning hatti-harakati… Shu tariqa, “siyosat” so’zi o’zining birinchi ahamiyatiga binoan – bu dastur, hatti-harakat usullari yoki odam, odamlar guruhi tomonidan biron-bir muammo, hamjamiyat oldida turgan muammolar yig’indisiga nisbatan amalga oshayotgan hatti-harakatning o’zidir. Siyosat ikkinchi ma’noda (inglizcha “politics”) turli siyosiy yo’nalishlarda qarama-qarshi kurashayotgan yoki raqobatlashayotgan (policy ahamiyatiga molik ravishda) ijtimoiy hayot sohasiga taalluqlidir. Siyosat sohasi – bu shaxsiy “policy”ga ega bo’lgan, ichida shaxslar ova guruhlar o’zaro kurashayotgan jamuljamlikdan iboratdir”.

Shu bilan birga, R.Aron siyosatni insonga, insonlararo munosabatlar mavjud bo’lishiga, insonlarni hamjamiyatga uyushib yahsashiga bog’liq holda talqin etadi: “Insonlar o’rtasidagi har qanday o’zaro hatti-harakat hokimiyat mavjud bo’lishini taqozo etadi; shu tarzda siyosatning mohiyati hokimiyatni amalga oshirish va idora etuvchilarni tanlash yo’lidan iboratdir. Siyosat – hamjamiyatning bosh harakterli belgisidir, zero, u insonlar o’rtasidagi har qanday o’zaro hatti-harakatlar shart-sharoitlarini belgilab beradi. Siyosat – avvalambor, yunoncha “politeia” so’zining tarjimasidir. Bu so’z yunon tilida polis rejimi deb atalib, u butun bir hamjamiyatni uyushtirishning ajralib turadigan belgisi, rahbarlikning tashkil etish yo’li mazmunini anglatadigan tushunchadir. Agar siyosat o’z mohiyatiga ko’ra, hamjamiyat tuzumi yoki uni uyushtirish yo’li bo’lsa, uning tor va keng ma’nolardagi xarakterli belgilari namoyon bo’ladi. Siyosat tor ma’noda – bu idora etuvchilarni va hokimiyatni amalga oshirishni belgilab beradigan o’ziga xos tizimdir. Lekin shu bilan bir vaqtda u har bir hamjamiyat ichidagi shaxslarning o’zaro hatti-harakatlarining ro’y berish tarzidir. Siyosatning ikkinchi belgisi birinchisidan kelib chiqadi. Har bir jamiyatning o’z rejimi mavjud, lekin jamiyat rejimlarining turli tumanligini, shunga mutanosib ravishda turli tuman muammolarning paydo bo’lishini tan olmasa o’zini o’zi anglay olmaydi. Endi siyosat – hatti-harakat dasturi va siyosat – soha o’rtasidagi farqlar oydinlashadi. Siyosat o’zining birinchi ahamiyatiga binoan o’zini turli yo’llar bilan namoyon etadi: o’z qo’lida hokimiyatni to’plagan va uni amalga oshirayotgan R siyosati hokimiyatga ega bo’lmagan, lekin unga ega bo’lishdan umidvor bo’lganlar siyosati; o’z siyosiy maqsadlarini amalga oshirishga intilayotgan va o’z shaxsiy usullarini qo’llashga moyil bo’lgan shaxslar yoki guruhlar; va nihoyat, tuzumni o’zini o’zgartirishga intilayotganlar siyosati. Bularning barchasi – gap rejimning ichki vazifalari to’g’risida yoki uning o’zini yashashi bilan bog’liq maqsadlari to’g’risida ketishiga bog’liq holdagi tor yoki global hatti-harakatlar dasturidan boshqa narsa emas. Yuqorida ta’kidlanganidek, siyosat nafaqat ijtimoiy jamuljamlikning bir qismini balki hamjamiyatning butun quyofasini harakterlaydi”.

Hozirgi davrga kelib siyosatshunoslik fanida siyosat tushunchasiga turli nuqtai nazarlarni o’rganish asosida aniqlik kiritish nazariyasi shakllandi. Bu kabi turlicha talqinlar Buyuk Britaniyaning Uebst lug’atida “Siyosat nima?”degan savol asosida quyidagi ta’riflar keltirilgan:



Siyosat - axloqning davlat va jamiyatga daxldor qismi bo’lib, hukumatning shaxs oldidagi axloqiy-ma’naviy majburiyatlarini o’z ichiga oladi.

Siyosat - siyosiy hatti-harakatlar yig’indisi va siyosiy amaliyotdir.

Siyosat - bir-biri bilan raqobatdagi manfaatlar guruhlari o’rtasidagi musobaqadir.

Siyosat – nodavlat tashkilotlarning hukumat ustidan nazoratni kengaytirish maqsadidagi hatti-harakatlaridir.

Siyosat – jamiyatni boshqarish bilan bog’liq faoliyatdir.

Siyosat – alohida shaxsning siyosiy tamoyillari, maslaklari, mulohazalari yoki mayllari majmuasidir.

Siyosat – jamiyatdagi insonlararo o’zaro ta’sir qilish va nizoli munosabatlar yig’indisidir.

Shunday qilib, yuqorida siyosatning ayrim muhim ta’riflarini ko‘rib chiqdik. Biroq, siyosatning ta’riflari faqat ana shular bilan cheklanmaydi. Uning ta’riflari boy va xilma-xildir. Buni siyosatning ijtimoiy hodisa sifatida murakkabligi, mazmunining boyligi, ijtimoiy funksiyalarning xilma-xilligi bilan tushuntirish mumkin.

Siyosatning turli ta’riflari va talqinlarini umumlashtirib, uni quyidagicha ta’riflash mumkin. Siyosat - bu ijtimoiy guruhlar va insonning ziddiyatli jamoa manfaatlarini anglash, butun jamiyat uchun majburiy bo‘lgan qarorlarni ishlab chiqish va ularni davlat hokimiyati yordamida amalga oshirish faoliyatidir.


Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə