Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


Hukumatlararo tashkilotlar



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə14/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16

Hukumatlararo tashkilotlar hech bo‘lmaganda quyidagi belgilarga ega bo‘lishlari lozim:

  • xalqaro huquqqa muvofiq tuzilishi. Har qanday hukumatlararo tashkilot huquqiy asosda tashkil topmog‘i lozim, xususan, tashkilot alohida bir davlatning va umuman, xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga zarar etkazmasligi zarur;

  • xalqaro shartnoma (konvensiya, bitim, trakt, protokol va sh.k.) asosida tashkil topishi. Bunday shartnoma tarafdorlari suveren davlatlar hisoblanadi, keyingi paytlarda esa hukumatlararo tashkilotlar ham shular qatoriga kirmoqda (Masalan, EI ko‘pchilik baliq ovlovchi tashkilotlarning a’zosi sanaladi).

  • xalqaro tashkilotlarni tuzishdan maqsad u yoki bu sohada davlatlarning kuchini birlashtirishdan iborat: siyosiy (OBSE), harbiy (NATO), iqtisodiy (ES), valyuta-moliyaviy (XVF) va boshqalar. Ammo BMT kabi tashkilot qariyb barcha sohada davlatlarning faoliyatini muvofiqlashtirishi lozim. Bunday vaziyatda xalqaro tashkilot a’zo-davlatlar o‘rtasida vositachi bo‘lib o‘rtaga chiqadi. Ba’zan davlatlar xalqaro munosabatlarning eng qiyin masalalarini muhokama va hal qilish uchun xalqaro tashkilotga topshiradilar;

  • har bir hukumatlararo tashkilot tegishli tashkiliy tuzilmaga ega bo‘lmog‘i lozim. Ushbu alomat guyoki tashkilotning doimiy xarakterini tasdiqlaydi va shu tariqa uni ko‘psonli boshqa xalqaro hamkorlik forumlaridan farqlaydi;

  • hukumatlararo tashkilotlar shtab-kvartiraga, mustaqil davlatlar va yordamchi organlar siymosida a’zolarga ega bo‘ladilar;

  • hukumatlararo tashkilotning ta’sis hujjatlarida umumiy shaklda mustahkamlangan huquq va majburiyatlarining mavjud bo‘lishi. Xalqaro tashkilot o‘z vakolatini amalga oshira olmaydi, lekin mustaqil xalqaro huquq va majburiyatlarga ega, ya’ni a’zo-davlatlar ixtiyoridan farqli ravishda muxtor xohish-irodaga ega bo‘ladi. Bu belgi har qanday tashkilot o‘z faoliyati sohasida a’zo-davlatlar tomonidan unga yuklangan huquq va mavjburiyatlarni bajarish vositasini mustaqil tanlashi mumkinligini bildiradi.

Shunday qilib, yuqorida bayon qilingan belgilarga ega bo‘lgan xalqaro tashkilot xalqaro hukumatlararo tashkilot sanaladi.

Hukumatlararo bitim (kelishuv)lar asosida tasdiqlanmagan har qanday xalqaro tashkilot xalqaro nohukumat tashkilot hisoblanadi. Bunday tashkilotlar eng kamida bitta davlat tomonidan e’tirof qilingan bo‘lishi, ammo kamida ikki davlatda o‘z faoliyatini amalga oshirishi lozim. Bu kabi tashkilotlar ta’sis hujjatlari asosida tashkil qilinmoqda va hozirgi paytda dunyoda ularning soni 8000 ming atrofidadir. Xalqaro nohukumat tashkilotlar hozirgi xalqaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlarida faol ishtirok etmoqda, bir qator sohalarda esa ular hatto yetakchi hisoblanadi (masalan: insonparvarlik, beg‘arazlik, mustaqillik va ko‘ngillilik Qizil xoch qo‘mitasi faoliyatining tamoyillari sanaladi va u davlatlarning turli sohalardagi hamkorligiga katta hissa qo‘shdi).

Xalqaro hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari o‘rtasidagi farqlarga qaramasdan ular faol hamkorlik qilishmoqda. Maslahatlashuv maqomi bunday hamkorlikning asosiy shakli hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotlar xalqaro tizimni boshqarishning alohida shaklini yaratmoqdaki, bu shakl davlatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi manfaatlarining o‘zaro bog‘liqliqligi va qo‘shilib ketishi kuchayib borayotgani tufayli zarurdir. Xalqaro tashkilotlar transchegaraviy siyosiy jarayonning institutsional doiralarini shakllantiradi, unda ko‘psonli davlat va hamjamiyatlarning davlat yoki nodavlat aktyorlari ishtirok etishadi. Xalqaro hukumatlararo tashkilotlar ikkilamchi va yasama bo‘ladi, chunki ular xalqaro huquqning birlamchi (boshlang‘ich) sub’ektlari — davlatlar tomonidan tuzilgan, xalqaro huquqning sub’ektlari hisoblanadi. Umuman, Xalqaro hukumatlararo tashkilotlar siyosiy sohada davlat butkul va to‘lig‘icha o‘ziga ololmaydigan boshqaruvning ma’lum funksiyasini o‘z zimmasiga oladi. Xalqaro nohukumat tashkilotlar xalqaro xususiy huquqning sub’ektlari hisoblanadi.

Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar bir qator muhim vazifalarni bajarmoqda. Masalan, xalqaro tashkilot katta bo‘lmagan davlatlarning kollektiv tashkiloti uchun qulay joyni o‘zida ifoda etadi. Dunyodagi barcha mustaqil davlatlarning yarmidan ko‘pi — kichik va kuchsiz davlatlar bo‘lib, ular xalqaro huquqning suveren va teng huquqli sub’ektlar hisoblanadi. Biroq amalda ular xalqaro maydonda kuchlarini birlashtirishlari tufayli o‘z manfaatlarini ta’minlashlari mumkin. Xalqaro tashkilotlar kichik davlatlar uchun instutsional shakllar yaratmoqdalar. Kichik davlatlar kelgusida ushbu shakllar orqali o‘z manfaatlarini himoya qilishlari uchun ular yordamida dastlab maxsus birlashmalar tuzishlari mumkin. Ko‘pchilik xalqaro tashkilotlar «bitta mamlakat — bitta ovoz» tamoyiliga ko‘ra ish tutishlari sababli bu hol qaror qabul qilishda ancha ko‘pchilik ovoz olish zaruratini yuzaga keltiradi. Natijada kichik davlatlar ovoz berish natijalari va muayyan rezolyusiyalarning mazmun-mundarijasiga nisbatan kattagina ta’sir kuchiga ega bo‘lishlari mumkin, bu, tabiiyki, diplomatik munosabatlar va o‘zaro hamjihatlikning rivojlanishida ijobiy omil hisoblanadi.

Shu sababdan xalqaro tizimda BMTning hozirgi roli haqida turli fikrlar mavjudligini qayd etish lozim:



  • BMT qurolli mojarolarni bartaraf etish va xalqaro kelishmovchilik hamda janjallarni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi o‘z vazifalarini allaqachon bajarolmay qoldi;

  • BMTning hozircha hech qanday muqobili mavjud emas, boshqacha aytganda, mintaqaviy tashkilotlar alohida mintaqalar manfaatlarini ifoda qiladi, ular ko‘pincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-biriga zid bo‘ladi, shu sababli butunjahon tashkilotisiz mojarolarni hal qilishning umumiy me’yor va yo‘llarini ishlab chiqishning imkoni yo‘q.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda «insonparvar bosqinchilik» muammosi tez-tez ko‘tarilmoqda, bu inson huquqlariga xavf (genotsid va qatag‘on) tug‘ilgan taqdirda, BMT a’zolarining ichki mojarolarga aralashish huquqini bildiradi. Shunday qilib, BMTning faoliyat ko‘rsatishi zarurati, uning maqsad va vazifalari muvofiqligi muammosi paydo bo‘lmoqda.

Tashkilotning barcha a’zolari tengligi, janjalli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish, har qanday davlatga qarshi tahdid qilish va kuch ishlatishdan tiyilish BMTning muhim tamoyillari hisoblanadi. BMT Nizomida tinchlikka tahdidni bartaraf qilish va oldini olish hamda tajovuzkor harakatlarini yo‘qotish uchun «samarali kollektiv choralar ko‘rish», shuningdek, xalqaro janjallarni «odillik va xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq tinch vositalar bilan» hal qilish tashkilot a’zolari uchun ko‘rsatma qilib yozib qo‘yilgan. Xalqaro munosabatlarning asosiy boshlanmasi sifatida ilk bor xalqlarning teng huquqliligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi tamoyili Nizomda mustahkamlab qo‘yilgan edi. Shuningdek, Nizomda tinchlik va xavfsizlikka tahdid mavjud bo‘lganda va uni bartaraf etishda boshqa barcha vositalar samarasiz bo‘lgan taqdirda BMT kuchlari tomonidan majburlovchi harbiy aralashuv zaruriyati ham belgilab qo‘yildi. Ammo bu harakatlar davlatning butkul ichki ishlariga tegishli bo‘lgan va xalqaro xavfsizlik ham, mazkur davlatning tinch aholisi hayoti va huquqlariga xavf solmaydigan vaziyatlarga daxldor emas.

Nizomda belgilangan majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladigan va Tashkilot fikriga ko‘ra, ularni bajarishi mumkin bo‘lgan barcha tinchliksevar davlatlar BMTning a’zosi bo‘lishi mumkin. Ushbu majburiyatlar, tinchlik paytida bo‘lgani kabi mojaro sharoitida ham, xalqaro maydonda davlatlar hamkorligining har qanday ko‘rinishiga aloqador bo‘lgan muayyan vaziyatlarda davlatning atvori (o‘zini tutishi) qoidalariga daxldordir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti oltita asosiy organ: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy kengash, Vasiylik kengashi, Xalqaro sud va kotibiyatga ega. Ularning vakolati, vazifa va faoliyati xalqaro tashkilot vakolatiga kiruvchi barcha masalalarni qamrab olishga imkon beradi. BMTning kelajagi ushbu tashkilot tizimining yanada samarali ishlashini ta’minlash, yangi xalqaro siyosiy madaniyatni belgilash uchun qanday choralar ko‘rilishiga bog‘liq.

Shunday qilib, xalqaro tashkilotlar rolining oshishi turli bahs-munozaralarni hal qilishda ham, harbiy mojarolarni bartaraf etishda ham davlatlar uchun muayyan kafolatlarni yaratadi. Xalqaro tashkilotlarning tuzilishi va mavjud bo‘lishi butun insoniyatni yaqinlashtirishga keng imkoniyatlar ochadi va sivilizatsiyaning yanada tez taraqqiy etishiga yordam beradi.

Davlatlarning hukumatlararo tashkilotlar doirasidagi hamkorligi tegishli vazifalarni kun tartibiga qo‘yish va hal qilishning milliy mexanizmlari davomi sifatida yanada kengaymoqda. Bu esa davlatlarning ichki va tashqi siyosatini yaqinlashtirishga olib keladi. Davlatlar o‘z mustaqilliklarini xalqaro tashkilotlar bilan bo‘lishish borasida katta tayyorgarlik namoyon etadilar, bu hol xalqaro munosabatlarda xalqaro tashkilotlarning roli va ahamiyati oshishiga yordam beradi. Boshqacha aytganda, xalqaro tashkilotlar soni kabi ularning ahamiyati ham ancha ortishi kutilmoqda.

Shu o‘rinda, xalqaro munosabatlarning nodavlat ishtirokchilari to‘g‘risida alohida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Xalqaro munosabatlarning nodavlat ishtirokchilari qatoriga jahon maydonida faoliyat yuritayotgan hukumatlararo tashkilotlar (HT), nohukumat tashkilotlar (XNT), transmilliy korporatsiyalar (TMK) hamda bir qancha jamoat tashkilotlari va harakatlari kiritilgan. Ular mavqeining oshib borishi xalqaro munosabatlarning Ikkinchi jahon urushidan keyingi davriga xos bo‘lgan nisbatan yangi hodisadir. Bu jarayon sovuq urush nihoyasiga qadar jahon siyosatida muhim ahamiyat kasb etmagani tufayli nodavlat ishtirokchilar siyosiy fanlar doirasida etarlicha o‘rganilganini ta’kidlash joiz. Ularga nisbatan "ko‘rinmas kontinent" yoki "ikkinchi dunyo" kabi atamalarning qo‘llangani ham bejiz emas.

“Xalqaro tashkilotlar” atamasi odatda davlatlararo (hukumatlararo) va nohukumat tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi. Bunday tashkilotlar quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:

1. Davlatlarning a’zoligi;

2. Xalqaro ta’sis shartnomasining mavjudligi;

3. Doimiy organlarning mavjud bo‘lishi;

4. Davlatlar suverenitetining hurmat qilinishi.

Xalqaro tashkilotlar xalqaro huquqning sub’ektlari xisoblanadi.

Nohukumat xalqaro tashkilotlarning asosiy farqli belgilari ularning davlatlararo shartnoma asosida tashkil etilmagani, jismoniy va yuridik shaxslarni birlashtirishi (masalan, Xalqaro huquq assotsiatsiyasi) iborat.

A’zolarining tarkibiga ko‘ra xalqaro hukumatlararo tashkilotlar:

Birinchidan, universal, barcha davlatlarning ishtirok etishi uchun ochiq tashkilotlar (BMT va uning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari);

Ikkinchidan, mintaqaviy, ma’lum mintaqada joylashgan davlatlargina a’zo bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashkilotlarga (Evropa kengashi, Afrika birligi tashkiloti) bo‘linadi.

Bundan tashqari davlatlararo tashkilotlar umumiy va maxsus vakolatlarga ega tashkilotlarga bo‘linadi.

Umumiy vakolatlarga ega tashkilotlar faoliyati a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning barcha (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa) sohalariga tegishli bo‘ladi. Maxsus vakolatlarga ega tashkilotlarning faoliyat yo‘nalishi muayyan (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy) soha doirasi bilan cheklangan bo‘ladi.



Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə