Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə3/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

Abu Ali Ibn Sino (980— 1037) G‘arbda Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lib, u ham Beruniy kabi Ma’mun Akademiyasining a’zosi bo‘lgan. Abu Ali Ibn Sino ham Farobiy, Beruniy singari Arastu asarlarini zo‘r qiziqish bilan o‘rgandi va ularni Evropa ahli uchun qaytadan kashf etdi. Olimning buyuk asari «Tib qonunlari» arab tilida insho etilgan. Abu Ali Ibn Sinoning «Donishnoma» asari esa fors — tojik tilida yozilgan.

Abu Ali ibn Sino davlatga birlashuvning tabiiy zarurati sifatida qaradi. O‘zining «Kitob al-ishorat vat-Tanbidat» (Ko‘rsatmalar va tanbehlar kitobi) nomli asarida u shunday deb yozgan edi: «Agar bir odam hamma ishni o‘zi qiladigan bo‘lsa, uning zimmasiga juda og‘ir yuk tushgan bo‘lur edi, binobarin, ular o‘rtasida kelishuv bo‘lmog‘i lozim».

Ibn Sino jamiyatning har bir a’zosi foydali mehnat bi­lan shug‘ullanadigan, bekorchilik qoralanadigan davlatni ide­al deb hisoblagan. U ideal ijtimoiy tartibni va ijtimoiy adolatni ta’minlaydigan dono hukmdorga katta umid bog‘lagan. Abu Ali ibn Sino jamiyatda tengsizlik tarafdori edi, chunki, uning fikricha, faqat boylardan yoki, aksincha, faqat kambag‘allardan iborat bo‘lgan jamiyat faoliyat ko‘rsata olmaydi. Agar jamiyatning barcha a’zolari boy bo‘lib ketsalar, odamlarda hamdardlik o‘zaro yordam hissi yo‘qoladi. Agar jamiyatning hamma a’zolari kambag‘al bo‘lsa, bunday xalq kirilib ketadi

O‘rta asr ilohiyotchi va huquqshunos olimi Abu Hasan ibn Mavardi (973-1058) adolatli davlat qurilishining tarafdori bo‘lgan. U davlat kufr bilan turishi mumkin, lekin adolatsizlik bilan turmaydi, deb hisoblar edi. Mavardining «Al-ahkom as-sultoniya» (Sultonlik ahkomlari) deb atalgan risolasi mashhur bo‘lib, unda muallifning «ideal musulmon davlati» haqidagi xayoliy tasavvurlari bayon qilingan.



Nizomulmulk XI asrda yashab ijod etgan bo‘lib, sulton Mahmud G‘aznaviyning bosh vaziri vazifasini ijro etgan. Bizgacha «Siyosatnoma» asari etib kelgan. Bu asar boshqaruv ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, siyosat bobida eng qimmatli asarlardan biri hisoblanadi. Unda Sharq va G‘arbning XI asrgacha bo‘lgan siyosat sohasidagi qimmatli fikr mulohazalari jamlangan. Asar Sohibkiron Amir Temur bobomiz tomonidan sinchiklab o‘rganilgan va yuqori baholangan. Amir Temur tomonidan yozilgan “Temur tuzuklari” kitobi “Siyosatnoma” ta’sirida yozilgan deyish mumkin.

Markaziy Osiyoda ijtimoiy-siyosiy g‘oyalarning rivojlanish tarixida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy (1441-1501) muhim o‘rin tutadi. Navoiyning davlat va axloq sohalaridagi idealining asosiy qoidalari uning «Saddi Iskandariy», «Hayrat ul-abror»«, «Mahbub ul-qulub» asarlarida bayon qilingan. U mamlakatning tarqoqligini, o‘zaro urushlarni qatiy qoralagan, faoliyatini donishmandlik va adolat asosiga qurgan ma’rifatli hukmdor boshchiligida markazlashgan davlat barpo etishga chaqirgan Navoiyning fikriga ko‘ra, adolat - hukmdor fazilatlarining asosiy mezoni. «Kofir bo‘lsa ham odil bo‘lgan shoh, - deb yozadi u «Xamsa» dostonlaridan birida, - mamlakatni obod qiladi, zo­lim esa, garchi u musulmon bo‘lsa ham, uni vayron etadi».

O‘z asarlarida Alisher Navoiy hatto hukmdorni saylab qo‘yish va uning hokimiyat funksiyalarini cheklash g‘oyasini ham ilgari surgan. Uning fikricha, hukmdor birorta ham muhim davlat masalasini dono maslahatchilar bilan kelishmasdan, kengashmasdan turib hal qilmasligi kerak.

Atoqli shoir va faylasuf, asli kelib chiqishi o‘zbek urug‘idan bo‘lgan va uzoq vaqt Hindistonda yashagan Mirzo Abdulqodir Bedil (1644-1721) davlatning kelib chiqishini o‘ziga xos tarzda izohlagan. U ijtimoiy-siyosiy muammolarga ko‘p e’tibor qaratgan. Bedil davlatning mavjudligi aza­liy emasligidan kelib chiqadi. U davlat jamiyatning boylar va kambag‘allarga, ezuvchilar va eziluvchilarga bo‘linishi natijasida paydo bo‘lgan, deb hisoblaydi. Boylarning manfaatparastligi va hukmronlikka intilishi ular o‘rtasida urushlar kelib chiqishiga va avval mayda, so‘ngra esa, ancha qudratli markazlashgan davlatlarning tashkil topishiga olib keldiki, bu davlatlar boylar manfaatlarini himoya qilish quroliga aylandi. O‘z asarlarida Bedil adolatli ijtimoiy tuzum yaratish zarurligini asosladi, mustabidlikni qoraladi, zo‘ravonlik va ijtimoiy adolatsizlikka qarshi chiqdi.

Xuddi Navoiy singari, Bedil ham ijtimoiy hodisalarni tushunishda idealist bo‘lgan va jamiyatning yaxshilanishida hukmdorlarning aql-idroki hamda ma’naviyatiga umid bog‘lagan.

Amir Temur (1336-1405) buyuk davlat barpo etgan ulkan shaxs va diplomat. Uning nomi dunyodagi ettita eng buyuk shaxslar qatorida tilga olinishi tasodifiy hol emas. Amir Temur siyosat maydoniga chiqqanida endigina 24 yoshga to‘lgandi. Mamlakat parchalanib ketgan, mahalliy siyosiy kuchlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar avj nuqtasiga etgan edi. Mazkur davr barcha uchun - zulmni o‘z elkasida his etgan oddiy fuqarolardan tortib, siyosiy arboblar va Movaraunnahr ruhoniylarining vakillarigacha - haddan tashqari og‘ir payt bo‘lgan. Jamiyat uning ozodlikka va taraqqiyotga bo‘lgan intilishlarini o‘zida mujassam etadigan bir xaloskorga muhtoj edi18.

Amir Temur ana shunday dohiy - butun bir jasoratlar davrini yaratgan shaxs sifatida siyosat maydoniga chiqdi. Amir Temur o‘zaro urushlarga barham berib, tarqoq erlarni birlashtirish, o‘z davrining eng qudratli, markazlashgan davlatlaridan birini yaratishga muvaffaq bo‘ldi, u boshqaruv mexanizmini ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Butun dunyoda olti asr davomida bu ulug‘ shaxsga bo‘lgan qiziqish susaygani yo‘q. O‘tgan olti yuz yil davomida Amir Temurga bag‘ishlab yaratilgan katta asarlarning soni Evropa tillarida 500 tani, Sharq tillarida esa - 900 tani tashkil etadi19.

Amir Temur davlat qurilishining mohir nazariyotchisi va amaliyotchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib, o‘z davlatining ichki va tashqi hayotiga oid masalalarni ko‘tarib chiqdi va hal qilardi. U yaratgan hokimiyat tuzilmasi va davlat boshqaruvi apparatining funksiyalari «Temur tuzuklari»da bayon qilingan.

Feodal tuzumning nihoyasiga etishi va ozodlik kurashining o‘sib borishi O‘rta Osiyoda ijtimoiy-siyosiy fikrning rivojlanishiga xizmat qildi.

Ahmad Maxmud ibn Nosir (Ahmad Donish) (1827—1897 yy.). A. Donish Buxoroda maorifni, madaniyatni, san’atni rivojlantirish, shu tariqa xalq hayotini engillashtirishni orzu qilgan edi. Uning siyosiy qarashlarida Buxoro amirligi davridagi siyosiy tartiblar va harakatlarni, davlat boshqaruvi va tuzilishi, amirlik olib borgan ichki va tashqi siyosat mohiyatini ochib berishga harakat qildi. Ahmad Donish Buxoro amirligi ijtimoiy-siyosiy qarashlarini qattiq tanqid qildi

Ahmad Donish «xalq bilan hukmdor o‘rtasida xalqni talon-tarojdan himoya qilish maqsadida tuzilgan bitim bo‘lishi shart, shu sababli hukmdorning eng birinchi vazifasi xalqning farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qilishdir», degan edi. Maxtumquli (XVII-XVIII asrlar) yashab ijod etgan davrda adolatsizlik, jaholat avj olgan edi. O‘zboshimcha beklar, to‘ralar, oqsoqollar o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida mehnatkash xalqni shafqatsiz ezar edi. Mazlum xalq uch tomonlama ta’qib qilinar edi. Bir tomondan, Eron shohining bosqinchilik siyosati mehnatkash xalqning tinkasini quritsa, ikkinchi tomondan, Buxoro xonligining talonchilik maqsadidagi yurishlari mamlakatni nihoyatda qashshoklashtirgan, Xiva xonligining dahshatli zulmi oddiy xalqni xonavayron qilgan edi. O‘z taqdirini jafokash xalq taqdiri bilan chambarchas bog‘lagan Maxtumquli mana shu feodal tuzumga befarq qarab turolmadi. U o‘z asarlarida feodal ijtimoiy-iqtisodiy tuzumni ayamasdan tanqid qildi. Zolim beklar, insofsiz boylar, bosqinchi xonlarga nisbatan o‘zining g‘azab tuyg‘ularini ifoda etib asarlar yaratdi.

Mumtoz o‘zbek adabiyotining otashqalb shoiri Ogahiy (1809-1874) o‘zining siyosiy qarashlarini badiiy tarjima va asarlari orqali bayon etgan. U 19 asarni fors tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. «YUsuf va Zulayho», «SHohu gado» dostonlarini o‘girgan. 1999 yil dekabrida Urganch shahrida Ogahiyning 190 yilligi keng nishonlandi. Ogahiyning siyosiy qarashlarida 2 tendensiya mavjud bo‘lib, u bir tomondan, davlatni boshqarish masalasida ma’rifatparvarlik, insonparvarlik, demokratik qarashlar ilgari surgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, masalani bir tomonlama hal qilib, topish qiyin bo‘lgan ideal ma’rifatparvar shaxs roli baholanadi.

Yana bir o‘zbek shoiri Sattorxon (1843-1902) xonlik tizimini o‘zboshimchalikda, qonunsizlik va poraxo‘rlikda, mamlakat farovonligi, ilm-fan rivoji hakida g‘amxo‘rlik qilmaslikda aybladi. Shu sababli ham mamlakat qoloq deydi, u. Sattorxonning fikricha jamiyat taraqqiyotining asosini ilm-fan, ma’rifat tashkil qiladi. U ma’rifatni jamiyat farovonligining garovi, deb bilgan.

Furqat (1858—1909 yy.) —XIX asrning ikkinchi yarmida o‘zbek adabiyotining mumtoz vakili bo‘lib, bu davrdagi ijtimoiy-siyosiy voqealar adabiyotda ham aks etdi. Furqat feodal-xonlik tartiblarini qattiq tanqid qildi. Furqat ma’rifat, ijtimoiy adolat va xalq farovonligini ta’minlovchi tartiblar o‘rnatishi zarur dedi. Furqat boshqa ma’rifatparvar shoirlar – Sattorxon, Muqimiy, Zavqiy kabi ijtimoiy taraqqiyot jamiyat a’zolarining chuqur bilimga ega bo‘lishiga bog‘liq, deb tushundi. Furqatning fikricha, nodonlik — jamiyat uchun, inson uchun xaqiqiy ofatdir. Fan esa— kishiga yo‘l ko‘rsatuvchi, tevarak-atrofdagi dunyo haqida bilim beruvchi chirokdir, «dilning murodi, ko‘ngillarning sururi, ko‘zlarning nuri ilmdir», deydi u. Furqat fan va san’at rivojlansagina, xalqning farovon yashashi va ma’rifatli bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilinsagina mamlakat taraqqiy qiladi, jamiyat a’zolarining orzu-umidlari ruyobga chiqadi,— deydi.

O‘zbek demokratik fikrining XIX-XX asrlar chegarasida yashagan yana bir buyuk vakili Muqimiy (Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li) (1850-1903) bo‘lib, u faqat feodal tartiblarni emas, balki yangi paydo bo‘lgan ekspluatator-kapitalistlarni, Turkistondagi rus ma’muriyatini qattiq tanqid qilib chiqdi. Furqatdan farqli o‘laroq, Muqimiy yuqoridan amalga oshiriladigan islohotlarga umid bog‘lamadi. U mavjud davlat hokimiyati to‘laligicha boylarga qaram, u hech qachon xalq manfaatlarini hisobga olmagan va olmaydi ham, deb hisoblar edi.

Muqimiy ham ilm-fan jamiyat rivojini belgilovchi kuchdir degan fikrni bayon qildi va uni tashviq qilishga katta hissa qo‘shdi.

Boshqa ma’rifatparvarlar qatori Muqimiy ham tarixni, mamlakatning taraqqiyot yo‘llarini belgilashda ilm-fan asosiy kuchdir degan tushunchaga asoslandi. Ular mamlakat qoloqligining asosiy sababi — feodal-xonlik ijtimoiy tartiblarida deb bilib, uni tanqid ostiga oldilar.



Shuningdek, XIX asrning oxiri – XX asarning boshlarida Turkiston aholisining siyosiy, huquqiy, madaniy, ma’rifiy, saviyasini oshirishda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sattorxon, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid CHo‘lpon kabi asl farzandlari jonbozlik ko‘rsatdilar, Davlatni idora qilish, jamiyatni boshqarish to‘g‘risida o‘zlarining qimmatli g‘oyalarini xalq ichiga targ‘ib qildilar.

Ismoilbek Gasprinskiy (1851-1914)- yuqori aslzodalar oilasidan. Qrimda musulmon diniy maktabida ta’lim olgan, asli o‘zi Qrimning Bog‘chasaroyidan edi. Turkiston jadidlari o‘z siyosiy dasturini ana shu Qrim-tatar siyosiy arbobidan oldi. U Moskvada.kadetlar korpusida harbiy ta’lim olgan. Turkiya va Fransiyada 2 yil yashagan. Qrim yarim orolida yashagan aholining 25 foizini tashkil qilgan qrim-tatarlari orasida turk tilini saqlab qolishni yoqlagan. 20 yil «Tarjimon» jurnalini nashr etdi. I. Gasprali 1893 yili Buxoro amiri Abdulaxadga yangi usul maktablari tuzishni taklif qilib, rad javobi oldi. U Turkistonga jadidchilik oqimini birinchi bo‘lib yoydi. 1910 yili Turkistonning gurli joylarida 50 ga yaqin shunday maktablar tashkil etdi. Toshkentda 20, Qo‘konda 16 ta shunday markaziy jadid maktablari ochildi. I. Gasprali har bir millatning maorif-madaniyatini milliy zaminda olib borib, milliy til uchun kurash tashkil qilgan edi. U turkiy xalqlar uchun yagona til, imlo masalasini himoya qilib chiqdi. I. Gasprali «YUz yildan so‘ng. 2000 sana» romanini yozdi. U sinfiy kurash nazariyasiga qarshi edi. «Madaniyati yo‘k millatning sanoati bo‘la olmas. Bizning bugungi vazifamiz hali madaniy o‘suvdan, shunga yo‘l hozirlovdangina iborat». U o‘z romanida qonsiz kechadigan inqilob hakida yozdi. Eng yaxshi orzu ham, agar u zo‘rlik va kuch bilan amalga oshadigan bo‘lsa, zulmdir, har xil ko‘rsatmalar, buyruq, zo‘rovonliklar bo‘lsa, bunday «mamlakat va jamiyat muqarrar ravishda kazarma vaziyatiga kelib qoladi» degan edi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1879-1919) - Samarqand shahrida ruhoniy oilasida dunyoga keldi. U haj qilib Makka va Madinaga bordi, Misr va Turkiya shaharlarida bo‘ldi. Peterburg, Moskva, Qozon, Ufa va Orenburg kabi Rossiya shaharlarida bo‘ldi. Bexbudiy jadid oqimga qo‘shilib, Turkistonning Rossiyadan ajralib chiqishini va uning mustaqil davlat sifatida ichki va tashqi siyosat olib borishi lozimligini himoya qildi. Jadidlar 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng o‘z siyosiy tashkilotlarini tuzishga kirishdi. 1917 yil martida «Shuroi Islomiya» tashkilotiga asos soldi. Musulmonlarni bu tashkilot atrofiga birlashtirishga chaqirdi. Behbudiy ozodlikka erishishda ma’rifatning roliga yuqori baho berdi. U «Maorif bo‘limida turgan musulmonlarning boshini silangiz. Mafkuraga yordam etingiz. Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymang, ozodlik yo‘lini ko‘rsating» degan edi.

Munavvarqori Abdurashidov (1878-1931)– Turkistonda jadidizm harakati rahbarlaridan biri, pedagog, ziyoli oilasida tug‘ilgan. Toshkentda YUnusxon madrasasida ta’lim olgan. 1903 yili jadid maktablari ochib, o‘zi unda dars bergan. Shu maktablar uchun qo‘llanma, darslik yozgan. U mahalliy boylar kayfiyatini ifoda qilgan. U eski maktablarni isloh qilib, unda dunyoviy ilmlar o‘qitilishi tarafdori edi. U xalqni ma’rifatga chaqirdi. «Shuroi Islomiya» tashkiloti tuzuvchilaridan biri edi. Bu tashkilotga mahalliy boylar, ruhoniylar kirgan. Tashkilotning talabi Turkistonda burjua Rossiyasi tarkibida milliy-diniy avtonomiya tuzish, madaniyat va maorif sohasida kapitalizm rivoji uchun zarur bo‘lgan ba’zi islohotlar o‘tkazishdan iborat edi. U 1931 yil 26 aprelda sobiq sho‘ro rejimi tarafdorlari tomonidan qatl etildi.

Fitrat (1886-1938)- o‘zbek yozuvchisi va olimi. U din va eski dunyo sarqitlariga qarshi kurashgan. Samarqand Pedakademiyasida ishlagan. «Qiyomat» pe’ssasi, «Zahroning imoni» (1920), «Qiyshiq eshon» (1930), «Ro‘zilar» kabi dramatik asarlari bilan feodal tuzumiga va dinga qarshi chiqdi. 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda sho‘ro tuzumi tarafidan otib o‘ldirilgan.

CHo‘lpon (1893-1937)- o‘zbek shoiri, tarjimon, san’atshunos. U dastlab madrasada, so‘ng rus-tuzem maktabida o‘qigan. 1919-20 yillarda «Turk GOSTA» gazetasida muharrir, «Qizil bayroq», «Turkiston» kabi gazetalarda adabiy xodim, 1924 yildan Moskva o‘zbek drama studiyasida, keyin O‘zbekistonda maorif va teatr sohalarida ishlagan. 1938 yil 4 oktyabrda Stalin siyosati tufayli otib o‘ldirilgan.

XV-XIX asrlarda G‘arbdagi siyosiy fikr va siyosiy huquqiy g‘oyalar

XIV-XVI asrlarda Evropada industrial jamiyatning shakllanishiga olib kelgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar boshlanadi. Katolik cherkoviga qarshi norozilik Reformatsiya deb atalgan chinakam ommaviy hodisaga aylandi. Uning turli mamlakatlardagi arboblari (T.Myunser, MLyuter, JKalvin va boshqalar) asosiy qadriyatlari vijdon erkinligi, fikr erkinligi bo‘lgan dunyoviy davlat tushunchasini mustahkamlashga xizmat qildilar, barcha kishilarning qonun oldidagi tengligi g‘oyalari paydo bo‘ldi. CHerkov dunyoqarashiga mazkur davrning ayrim mutafakkirlari ijodkor insonga bo‘lgan ishonchni qarama-qarshi qo‘ydilar. Siyosiy doktrinalarda gumanizm yaqqol namoyon bo‘la boshladi, davlat va shaxs munosabatlari asosiy muammo bo‘lib qoldi. Shu tarifa Uyg‘onish mafkurasi yuzaga keldi.

Uyg‘onish davrining dindan holi bo‘lgan sof siyosiy falsafasi va nazariyasini buyuk italyan olimi, yangi davr siyosiy fanining asoschisi Nikollo Makiavelli (1469-1527) ijodida ko‘rish mumkin. Uning asosiy asarlari «Podshoh», «Urush san’ati», «Tit Liviyning birinchi dekadasi haqida mulohazalar» hisoblanadi.

Siyosat fanini o‘rganishda N.Makiavelli tadqiqotning yangi usullaridan foydalandi. Me’yoriy-qadriyat nazariyasining shakllanishiga yordam beruvchi falsafiy yondashuv bilan bir qatorda u voqealikdagi siyosiy munosabatlarni empirik kuzatish usulidan foydalandi. Aynan siyosiy voqelikning tahliliga empirik yondashuvdan foydalanganligi Makiavellini hozirgi siyosiy fanning asoschisi, deb qarashga imkon beradi. Falsafiy yondashuvni Makiavelli o‘zining «Tit Liviyning birinchi dekadasi haqida mulohazalar» asarida, empirik yonda­shuvni esa «Podshoh» asarida amalga oshirdi.

N.Makiavellining boshqaruv shakllari haqidagi ta’limoti antik davr siyosiy fikri bilan muvofiq keladi. Unda «boshqaruvning eng yaxshi shakli respublikadir, chunki u inson tabiatiga moslashgan» degan fikrlar bildirilgan. Aristotelning bir kishi, ozchilik yoki ko‘pchilik fuqarolarning hukmronlik qilishi borasidagi mezonlaridan Makiavelli boshqaruvning Sitseron davridayoq «qorishiq shakl» deb nom olgan respublika usulini tasvirlash uchun foydalanadi. Respublikada ko‘pchilik xalqning, ozchilik zodagonlarning va saylangan davlat boshlig‘ining hukmronligiga birlashadi. Ko‘pchilik xalqning boshqaruvdagi ishtiroki shundan iboratki, u zodogonlarni nazorat qiladi va shu tariqa hokimiyatni suiste’mol qilishning oldini oladi. Zodagonlarning boshqaruvda ishtirok etishi ularning boyliklaridan foydalanish imkonini beradi. O‘z navbatida, zodagonlar saylangan davlat boshlig‘ini nazorat qiladilar. Individual hokimiyat egasining mavjud bo‘lishi zarur bo‘lgan hollarda tez qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratadi.

Makiavellining fikricha, respublikalarda ozodlik va tenglikni amalga oshirish osonroq bo‘ladi. Makiavelli ozodlikdan foydalanuvchi barcha mamlakatlar va viloyatlar hamma sohada favqulodda muvaffaqiyatlarga erishadilar, deb hisoblaydi. Biroq respublika shakli hamma vaqt va hamma joyda ham mumkin bo‘lavermaydi. Boshqaruv fuqarolarning «umumiy ishi» deb hisoblovchi Respublika xalqning muayyan sifatlariga, fuqarolik fazilatlariga ega bo‘lishini, umumiy baxt-saodatga hurmat bilan qarashni taqozo etadi. Fuqarolik fazilatlari rivojlanmagan, «buzilgan» xalqlar uchun monarxiya afzalroqdir. Faqat yakka hukmronlikdagina feodallarning imtiyozli mavqeiga qarshi turuvchi vositani topish mumkin. U faqat xalq tomonidan saylangan monarx islohotchigina mamlakatni birlashtirish, mustaqil, milliy davlat tuzishi mumkin, deb hisoblaydi. Uning hatti-harakatlari qoralansa ham mayli, faqat natijalari ishonchni oqlasa bo‘ldi, natijalar yaxshi bo‘lsa, u hamma vaqt oqlanadi.

Mashhur fransuz siyosiy mutafakkiri va huquqshunosi Jan Boden (1530-1596) suverenitet nazariyasining asoschisidir. U o‘zining «Davlat haqidagi olti kitob» asarida monarxiyaning mutlaq suverenitetini himoya qildi, shu bilan birga monarx hokimiyati kelib chiqishiga ko‘ra ilohiy emasligini ta’kidladi. J.Boden ham xuddi Ma­kiavelli singari, siyosatni din va axloqdan qat’iy farqladi. «Davlat, - deb yozgan edi u, - suveren hokimiyat tomonidan ko‘plab oilalarning va ularning umumiy tasarrufidagi mulklarning adolatli boshqaruvini amalga oshirishdir»20.

J.Boden tushunchasidaga davlat hokimiyatining suvereniteti oliy, cheklanmagan, hech kim bilan bo‘lishilmaydigan hokimiyatni anglatar edi. Fransiyani xonavayron qilayotgan o‘zaro nizolar va diniy urushlar davrida J.Boden jamiyatning ilg‘or doiralari qarashlarining ifodachisi, mutlaq monarxiya, milliy davlat tarafdori bo‘lib chiqdi. Podshoh hokimiyati faqat ilohiy va tabiiy qonunlar bilan cheklangan. Suveren hokimiyatning tarkibiy qismlari quyidagilardir: qonun chiqarish huquqi, urush e’lon qilish va sulh tuzish huquqi, oliy mansabdorlarni tayinlash huquqi, oliy sud idorasi huquqi, avf etish huquqi va tanga zarb etish huquqi.

YAngi jamiyatning yaratilish jarayoni YAngi davrga (XVII-XIX asrlar), rivojlanish jarayoni esa, Eng yangi va hozirgi davrga (XX asr) to‘g‘ri keldi. Tadqiqotchilar YAngi davrni dunyo sivilizatsiyasi taqdiri uchun muhim davr deb hisoblaydilar. Sanoat ishlab chiqarishga va ko‘p jihatdan agrar xo‘jalikka asoslangan an’anaviy sivilizatsiyaga qarama-qarshi bo‘lgan zamonaviy sivilizatsiya aynan mana shu davrda shakllandi.

XVII asrda tabiatshunoslikning rivoji boshlandi, oldingi safda tabiiy huquq nazariyasi turgan yangi siyosiy doktrinalar rivojlanadi. Mazkur nazariyaga ko‘ra, davlat va huquq Xudo tomonidan yaratilmagan, balki inson ongi qonunlariga muvofiq odamlarning ijtimoiy munosabatlari asosida tuzilgan.

Tabiiy huquqning birinchi yirik nazariyotchisi niderland olimi, mashhur «Urush va sulh haqida uch kitob» asarining muallifi Gugo Grotsiy (1583-1645) edi. G.Grotsiy ta’limotining boshlang‘ich nuqtasi - inson tabiati, uning huquklari, kishilarning ijtimoiy fazilatlaridir. G.Grotsiyning fikriga ko‘ra, qachonlardir «tabiiy holat» mavjud bo‘lgan va unda davlat ham, xususiy mulk ham bo‘lmagan. Kishilar yashash, muloqot qilish, mulk, ozodlik huquqlariga ega bo‘lganlar, bu huquqlar oddiy tarzda inson ongi bilan belgilangan. Biroq insoniyatning doimiy taraqqiy topishi natijasida odamlar orasida «hammaning hammaga qarshi urushi» paydo bo‘lgan, odamlarning tabiiy huquqarini himoya qilish zarurati yuzaga kelgan. Bu esa insonlarning birgalikda yashash me’yorlarini belgilashga va ularni himoya qilishga qodir bo‘lgan davlat haqida ijtimoiy shartnoma tuzishga undaydi.

Individlarni ijtimoiy shartnoma tuzishga undovchi sabablar turlicha bo‘lishi mumkin: «hammaning hammaga qarshi urushi»ni oldini olish, tartib va adolat o‘rnatish istagi va individlarning tabiiy tengligini ularning qonun oldidagi tengligi bilan mustahkamlab qo‘yish va hokazo. Tabiiy huquq nazariyasining tarafdorlari ijtimoiy shartnoma g‘oyasidan turli siyosiy, huquqiy va davlatga oid muammolarni tushuntirishda foydalanganlar.

Tabiiy huquq va ijtimoiy shartnoma nazariyasining uchta maktabi farqlanadi. Ularning eng mashhur vakillari — T.Gobbs, J.Lokk, SH.Monteskyo va J.J,Russolardir.

Angliyalik faylasuf Tomas Gobbs (1588-1679) kishilar jamiyatda tartibni saqlash evaziga o‘zlarining barcha tabiiy huquqlarini monarxga topshirganlar, deb hisoblagan. O‘zining mashhur asari «Leviafan»da u monarxiya tarafdori bo‘lib chiqadi va podshohning irodasi - oliy qonun, unga hamma bo‘ysunishi kerak deb tasdiqlaydi. Hokimiyatning bo‘linishini u yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan ish deb hisoblaydi, chunki bu hol davlatning zaiflashuviga olib keladi. Kuchli davlat esa odamlarga xos illatlardan qutulish vositasidir.

T. Gobbs o‘zining «Tabiiy va siyosiy qonunlardan parchalar» va «Fuqaro to‘g‘risida» kitoblarida fuqarolar urushlari sabablarini va ularning oldini olish yo‘llarini anglash vositasi sifatida birinchi o‘ringa qo‘yadi. Davlatni esa u xudo tomonidan emas, balki uning bandalari- odamlar tomonidan o‘rnatilgan «sun’iy jism» sifatida baholaydi. Davlat va hukmron shaxsning 2 muqaddas burchi mavjud:


  • Xalq farovonligini ta’minlash.

  • Mamlakat tinchligini muhofaza qilishdir.

T. Gobbs fuqarolar urushining oldini olish uchun burjua diktaturasi zarurligini isbotlashga urinadi. Davlat o‘zida jamlangan yagona idora vositasida tinchlikni saqlashi, tabiiy qonunlar bajarilishini ta’minlashi, tartibni saqlashi, xunarmandchilikni rivojlantirishi, insonlarning diniy, ma’naviy, axloqiy qarashlariga ham ta’sir etishi kerak bo‘ladi.

«Hukmronlik haqida ikki risola» nomli kitob muallifi, angliyalik faylasuf Jon Lokk (1632-1704) T.Gobbsdan farqlicha, odamlar ijtimoiy shartnoma tuzar ekan, o‘zlari­ning deyarli barcha huquq va erkinliklarini saqlab qoladilar va davlatdan ana shu ajralmas huquqlarini, erkinlikla­rini himoya qilishda ma’lum bir me’yorni saqlagan holda foydalanadilar, deb hisoblagan.

J.Lokk birinchilardan bo‘lib hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijroiya va ittifoq (tashqi siyosat sohasi) hokimiyatlariga bo‘linishi haqidagi nazariyani ilgari surdi va bunda boshqalarga «buyruq berishi» lozim bo‘lgan qonun chiqaruvchi hokimiyatni eng muhim deb hisobladi. U cheklangan monarxiya tarafdori bo‘lib, absolyutizmni tabiiy holatdan ham yomonroq deb bilardi. U hamma uchun baravar va doimiy qonun -erkinlik kafolatidir deb hisoblar edi.

Jon Lokk o‘zining «Boshqarish to‘g‘risida ikki majmua» asarining 1-qismida qirollik hokimiyati ilohiy asosda ekanligini aytib tanqid qiladi. Angliyada 1688-89 yillarda davlat to‘ntarishidan keyin ijtimoiy-siyosiy rejimni quradi. Uning fikricha, qonunlar shaxs erkinligini himoya qilish va ularning huquqlarini kengaytirishning zarur shartidir. «Qaerdaki qonunlar bo‘lmasa, u erda erkinlik bo‘lmaydi». U kishilarni yagona maqsad uchun kurashishga birlashtirgan davlat siyosiy hokimiyatini kishilar vositasida amalga oshirmog‘i lozim», deydi

Fransuz faylasufi Jan-Jak Russo (1712-1778), o‘z navbatida xalq bevosita hukmronlik qilishi kerak, umumning xohish-irodasi uchun hech qanday cheklashlar bo‘lmasligi lozim, degan fikrni bayon qildi. O‘zining «Ijtimoiy shartnoma haqida» nomli risolasida (1762) u boylar tomonidan aldangan kishilar o‘z erkinliklarini qurbon qildilar va ijti­moiy shartnoma asosida keyinchalik ularning o‘zlarini eza boshlagan davlat va huquqni yaratdilar deb yozadi.

J.J.Russo birinchilardan bo‘lib davlat bilan fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib berdi. U G.Grotsiy va T.Gobbsning buyruq beruvchilar va bo‘ysunuvchilar har doim zarur, degan fikrlarini tanqid qildi; uning fikricha tabiiy holatda qullar ham, xo‘jayinlar ham bo‘lmaydi; odamlar o‘z huquqlarini hokimiyatga shartnoma asosida topshirganliklari sababli, hokimiyat suvereniteti xalqqa tegishlidir.

Demokratiya g‘oyasi J.J.Russoning xalq suvereniteti haqidagi ta’limotiga singdirilgan. Qonunlar - kishilarning umumiy xohish-irodasi aktlari, podsho qonunlaridan yuqori tu­rishi mumkin emas. Demokratiya va erkinlik qonunlari xalqning o‘zi yaratib tasdiqlagan zamindagina mavjud bo‘ladi. Odamlar tengligining ashaddiy tarafdori bo‘lgan, J.J.Russo ayni paytda, huquqiy va jismoniy tenglik o‘rtasidagi farqni anglab etdi.

Sharl Lui Monteske (1689-1775) o‘zining Jenevada yashirin tarzda nashr etilgan «Qonunlar ruhi haqida» nomli asarida Fransiyadagi mutlaq rejimni tanqid qildi va mustabidlikning ozodlik bilan birga yashay olmasligini ko‘rsatdi. U ustunlikka intiluvchi kuchlarni muvozanatga keltirishga o‘rindi. Mazkur muvozanatni u podshohning mutlaq hokimiyatini bir-birini o‘zaro jilovlab turishi lozim bo‘lgan uch tarmoqda - qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘lish orqali amalga oshirish mumkinligini isbotlashga intildi.

Sh.Monteskyo hukmronlikning asosi deb qonunlarni hisoblaydi. Oliy sud qonun chiqarishni ham, qonunlarning bajarilishini ham nazorat qilishi lozim. U o‘z asarida «erkinlik qonunlar ruxsat bergan ishlarni qilish huquqidir», deb yozgan edi.

Sh.Monteskening fikriga ko‘ra, davlat boshqaruvi shakllari uning hududining o‘lchamlariga bog‘liq: hududi uncha katta bo‘lmagan davlatlar despotiya bo‘lishlari kerak. Bunda u agar federatsiya tarzida tashkil etilsa, ulkan hududlarda ham respublika yaratish mumkin, deb hisoblagan.

Sh.Monteske optimist edi, u taraqqiyotga ishonar va uni siyosiy erkinliklar bilan bog‘liq deb bilardi. Uning fikriga ko‘ra, siyosiy erkinliklar iqtisodiyotning, sanoatning va savdo-sotiqning rivojlanishiga xizmat qiladi. Insonparvarlik haqida insonning birinchi qonuni sifatidagi mulohazalariga ham, zo‘ravonlikdan, bir xalqning boshqa xalq tomonidan asoratga solinishdan voz kechish haqidagi da’vatlari ham o‘ziga xosdir.

Germaniyalik cherkov targ‘ibotchisi Tomas Myunser (1490-1525) Er yuzida sinfsiz, ziddiyatlardan holi bo‘lgan, xususiy mulkchilik tugatilgan aloxida davlat hokimiyatini ilgari suradi. U o‘zining «Xon-beklar oldida targ‘ibot» asarida siyosiy hokimiyat xalq ommasi nomidan va uning manfaatlari yo‘lida amalga oshirilgandagina qonuniy hamda huquqiy hisoblanishi mumkin, deydi. U qo‘zg‘olonga rahbarlik qilgani uchun qatl qilinadi.

Ingliz yozuvchisi va davlat arbobi Tomas Mor (1478-1535) o‘zining


«Utopiya» kitobida xayoliy Orol aholisi yaratgan tuzum ijtimoiy-siyosiy rejimlardan eng afzali, eng insonparvari, eng demokratlashgan, eng aqlli, intizom va erkinlik, tartibot, tashabbuskorlik, mehnat va rohat jamiyatini tasvirlaydi. Xususiy mulkchilikni, teng sizlik va adolatsizlikning asosiy sababchisi sifatida inkor etadi. U erksevar ruhi uchun qatl etiladi.

Ushbu davrda yashab o‘tgan yana bir ko‘zga ko‘ringan mutafakkir, Italiyalik faylasuf, shoir, siyosiy arbob Tomazzo Kampanella (1568-1639) bo‘lib, u o‘zining «Quyosh shahri» kitobida kommunistik jamiyatni targ‘ib qiladi. Bu fikrlarni u «Messiya podsholigi» asarida yanada rivojlantiradi. Diniy podsholik muqarrarligi xayoli bilan boyitiladi... Mehnat qilish barcha uchun barobar va 4 soatdan oshmasligi lozim deydi.



Samuel Pufendrof (1632-1694) - davlatning paydo bo‘lishini xudoning xohishi bilan deydi. Davlatni vujudga keltirishning asosiy tashabbuskori bu xudodir. Davlat faqat mutlaq hukmronlik sharoitida o‘z maqsadlarini amalga oshira oladi.

Yangi davrning progressiv g‘oyalarini amerikaliklar ham himoya qildilar, ular orasida T.Jeferson, T.Payn va A.Hamiltonlarni alohida qayd etish zarur.



Tomas Jeferson (1743-1826) - Amerika xalqining demokratiya uchun olib borgan ozodlik kurashi tarixidagi eng yorqin shaxslardan biri. U o‘sha davrning buyuk inqilobiy hujjati - Amerika Ko‘shma SHtatlarining Mustaqillik Deklaratsiyasi (1776 yil 4 iyulda qabul qilingan) muallifi. Deklaratsiyaning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat: barcha odamlar tug‘ilishdan teng yashash, erkin, mulkdor, baxtli bo‘lish va xavfsizlik huquqlariga egadirlar; hokimiyat xalq manfaatlari yo‘lida faoliyat ko‘rsatishi kerak agar u bu manfaatlarga zarar etkazsa, xalq o‘ziga yoqmagan bunday hukumatni ag‘darishga haqli; hokimiyatning bo‘linishidan iborat. Mohiyatiga ko‘ra, tarixda bu birinchi inson huquqlari Deklaratsiyasi edi.

Amerika inqilobi davrida Tomas Payn (1737-1809) ham o‘zining radikal siyosiy-huquqiy qarashlari bilan chiqdi. «Sog‘lom fikr» nomli pamfletida mustamlakachilarga Buyuk Bri­taniya Amerika xalqini qullikda tutib turganini, ular zo‘ravonlikka qarshi zo‘ravonlik bilan javob qilishga haqli ekanliklarini ko‘rsatib berdi. Mustaqillik uchun kurash har bir xalqning tabiiy huquqidir. U birinchilardan bo‘lib davlat va jamiyat o‘rtasidagi farqni belgiladi va bunda davlat jamiyatning mahsuli ekanligini, shu sababli jamiyatdan yuqori tura olmasligini ko‘rsatib o‘tdi. U - xalqning xavfsizligini, uning huquqlari va erkinliklarini eng ko‘p darajada ta’minlaydigan boshqaruvni boshqaruvning eng yaxshi shakli deb hisobladi.



Aleksandr Hamilton (1757-1804) qarashlari butunlay boshqacha siyosiy dunyoqarashga asoslangan. Uning siyosiy nazariyasi negizida odamlarni «yuqori» va «quyi» (boy va kambag‘al) tabaqalarga bo‘lish yotadi. A.Hamiltonning fikricha, davlatning aso­siy vazifasi xususiy mulkni xalqdan himoya qilishdir. Shu sababli u odamlarning huquqlari ularning mol-mulkiga mos ravishda taqsimlanishi lozim, deb hisoblaydi. A.Hamilton demokratiyaga qarshi edi, u konstitutsiyaviy monarxiya uchun kurashdi, talablari inobatga olinmagandan so‘ng cheklanmagan vakolatga ega bo‘lgan, umrbod saylanadigan prezidentlik hokimiyati o‘rnatish g‘oyasini qattiq turib himoya qildi. Uning taklifi asosida 1787 yilgi Konstitutsiyada ikki palatali qonun chiqaruvchi organ mustahkamlab qo‘yildi.

XIX asrning birinchi yarmi - Evropaning lider mamlakatlarida industrial sivilizatsiyaning uzil-kesil shakllanish davri. Ushbu davr asosiy siyosiy mafkuralarning uzil-kesil shakllanishi, ijtimoiy-siyosiy hodisalarni o‘rganishga yangi metodologik yondashuvlarning paydo bo‘lishi bilan ajralib turadi.

Mazkur davrning lider siyosiy mafkurasi liberalizm bo‘lib qolgan edi (B.Konstan, I.Bentam va boshqalar). SHaxsning huquqi va erkinliklari, uning daxlsizligi, xususiy mulk va iqtisodiy faoliyat erkinligi, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi, hokimiyatning bo‘linishi va boshqalar uning asosiy qadriyatlari sifatida e’lon qilindi. Asta-sekin liberallar kon­stitutsiyaviy monarxiya va senz bilan cheklangan saylov huquqini ideal deb tan olishdan yangi idealga - umumiy saylov huquqi mavjud bo‘lgan demokratik respublikani yoqlab chiqdilar. Ularga islohotlarning inqilobiy usullaridan voz kechish xos bo‘lib qoldi. Ushbu davrda demokratiya muammolari chuqur tadqiq etildi (A.Tokvil va boshqalar).

Mana shu davrning o‘zida siyosiy konservatizm ham shakllandi. Uning mazmunini tashkil etuvchi konkret g‘oyalar tarixiy taraqqiyot jarayonida o‘zgardi, ammo o‘sha yillarda bayon etilgan umumiy dunyoqarash tamoyillari bugunga qadar saqlanib kelmoqdaki, ular siyosiy hayotning tarixan tarkib topgan shakllarining saqlanishi, davlat manfaatlarining shaxsiy huquqlar va erkinliklarga nibatan ustuvorligi, odamlarning tengligini inkor etish, demokratik institutlarning rad qilinishi va boshqalardir. E.Berk U.Vordsvort, S.Koldrij, F.Lamenne va boshqalar mazkur davr konservatizmining nazariyotchilari hisoblanadilar.

XIX asrning birinchi yarmida ijtimoiy hayotni tadqiq etishga yangi metodologik yondashuv - pozitivizm vujudga keladi (O. Kont, J. Mill va boshqalar). Siyosiy hodisalarning mohiyatini bilishdan voz kechib, pozitivizm siyosiy fanning vazifalarini ularning statistikasi va dinamikasini o‘rganishdan iborat qilib qo‘ydi. Ushbu uslub siyosat sohasida konkret ijtimoiy tadqiqotlarning boshlanishiga turtki berdi. Bu usuldan turli siyosiy mafkuralarning tarafdorlari birdek foydalandilar.

Mana shu davrda sotsializm (kommunizm) siyosiy mafkurasining shakllanishi nihoyasiga etdi (A.Sen-Simon, SH.Fu­re, R.Ouen va boshqalar). Sotsialistik nazariyalarga bag‘ishlangan boy adabiyotlarning mavjudligi ularga batafsil to‘xtalib o‘tishga ehtiyoj qoldirmaydi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Evropadagi industrial jamiyat rivojlanishda davom etdi va asta-sekin o‘z ko‘rinishini o‘zgartirdi: asr oxiriga kelib iqtisodiy jihatdan eng ko‘p rivojlangan mamlakatlarda erkin raqobat monopoliyalar hukmronligi bilan almashadi. Evropa davlatlari oddiy ishchilar tomonidan olib borilgan kurashlar natijasida ijtimoiy qonunchilik unsurlarini qabul qildilar. Mahalliy kasaba uyushamalari iqtisodiyotga, ijtimoiy hayotning boshqa sohalariga tobora faolroq aralasha boshladilar. Liberal va sotsialistik siyosiy mafkuralarning gurkirab rivojlanishi bilan bir qatorda siyosiy fikrda konservativ, antidemokratik tamoyillar ham kuchayib bordi.

Pozitivizm fanda mumtoz falsafiy usullarni tobora ko‘proq siqib chiqardi, ammo XIX asr oxiriga kelib, uning imkoniyatlari cheklanganligi ayon bo‘lib qoldi. Siyosiy mutafakkirlar yana davlatning mohiyati borasidagi «boqiy» muammolarga qaytdilar, siyosatchilar esa falsafiy metodologiyaning eng qimmatli yutuqlariga qayta murojaat qildilar. Mazkur davrda liberal g‘oyalarni G.Spenser (1820-1903) o‘zini «davlatning organik nazariyasi» bilan, G.Ellenik (1851-1911) «davlatning dualistik nazariyasi» nomli asarlari orqali rivojlantirdilar. G.Spenser davlatni biologik organizmga o‘xshatish an’anasini boshlab berdi. U davlatning asosiy vazifasi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish deb hisobladi, dav­latning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga aralashuvini qoralar ekan, to‘rachilik (byurokratiya) haqidagi qiziq g‘oyalarni ilgari surdi, siyosatni tadqiq etishda tizimli, tuzilmaviy funk­sional tahlil asoslarini, analogiya usullarini yaratdi.

G.Ellenikning fikricha, davlat sub’ektiv ong fenomeni bo‘lib, ikkilangan tabiatga ega, shu sababli u ham sotsiologik, ham huquqiy usullar yordamida tadqiq etilishi mumkin. U siyosiy munosabatlarni hokimlik qilishning umumiy maqsadlar bilan birlashtirilgan hukmronlik munosabatlari sifatida qabul qiladi. Bu munosabatlar, albatta, huquqiy chegaralar doirasiga amalga oshirilishi lozim.

XIX asrning ikkinchi yarmida siyosiy fikrning aksil demokratik tamoyillari kuchayib bordi. Siyosiy institutlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishida oliy irqni hukmronlikka olib keluvchi turli irqlar o‘rtasidagi kurash, tabiiy tanlanishning belgilovchi omillari, deb hisoblovchi konsep­siya paydo bo‘ladi. Ushbu konsepsiya tarafdorlari «irq» atamasini turlicha tushunar edilar. A.Hobino, HS.CHemberlen, L.Voltman va boshqa mutafakkirlar uni sof biologik ma’noda talqin qildilar. F.Nitsshe (1844-1900) esa birmuncha boshqacha talqin etdi. Uning fikricha, oliy irq - bu eng avvalo, jamiyatning intellektual elitasi, eng katta «hukmronlik irodasiga» ega bo‘lgan kishilar. F.Nitsshe demokratiyani hukm­ronlik irodasi zaif kishilar tomonidan o‘ylab topilgan va uning yordamida ular hukmronlik irodasi kuchli kishilarni o‘zlariga bo‘ysundiradilar; insoniyatning butun taraqqiyoti buyuk maqsadga erishishning - «o‘ta kuchli odam» irqini shakllantirishning vositasi, xolos, deb hisoblaydi.

Mana shu davrning o‘zida F.Ratsel davlat faoliyatining lider tamoyili geografik makon uchun kurashdan iborat, deb tasdiqlab, «geosiyosat» konsepsiyasini yoqlab chiqdi. Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozimki, XIX asrda insoniyatning XX asrdagi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy oqimlarning nazariy asoslari yaratildi.


Hozirgi davr siyosiy qarashlarining mohiyati. Siyosiy nazariyadagi asosiy yo‘nalishlar

XX asrda siyosiy fanning rivojlanishi boshqa asrlarga qaraganda boy bo‘ldi. Bu asr - g‘oyaviy kurashlar keskinlashgan, va ayni paytda, siyosiy mafkuralarning o‘zaro yaqinlashuvi, bir-birini to‘ldirishi boshlangan asr edi. Shu bilan bir vaqtda, u yangi uslubiy yondashuvlarning paydo bo‘lishi, bir qator an’anaviy metodologiyalarning qayta tiklanishi va yangilanishi davri bo‘ldi. Bu asr - yangi siyosiy g‘oyalarning tug‘ilishi va o‘tmish merosining qaytishi hamda qayta idrok etilishi asri edi.

XX asrda siyosiy fikr uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha rivojlandi:


  • akademik yo‘nalish;

  • ijtimoiy-falsafiy nazariyalar;

  • yaqqol ifodalantan amaliy yo‘nalishga ega bo‘lgan mafkuraviy konsepsiyalar.

Akademik yo‘nalish XX asr boshida AQSHda universitet muhitida paydo bo‘ldi va siyosiy fanning mustaqil aqademik fan sifatida tan olinishi bilan bog‘liq. Evropada ushbu yo‘nalishning boshlang‘ich asoslari M.Veber, V.Pareto tomonidan bayon etildi. Aqademik fikrning ko‘pchilik vakillari uchun siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha mafkuraviy bahslardan chetda turish va butun diqqat-e’tiborni siyosiy xulq-atvorning qonuniyatlarini o‘rganishga, siyosiy institutlarning faoliyat ko‘rsatishiga, siyosiy tizimlarning modellarini, ziddiyatlarning umumiy nazariyalarini yaratishga qaratishdir.

Ijtimoiy-falsafiy nazariyalar industrial, postindus­trial, axborot jamiyatlari nazariyalari, neomarksistlarning «tanqidiy nazariyasi» va boshqalardan iborat. Mazkur nazariyalarda akademik fikrning «pozitiv» bilimdan farqli o‘laroq, hozirgi zamon «rivojlangan jamiyatlari»ning xususiyatlari va chiqishining turli modellari taqdim etiladi.

Siyosiy fikrning sof mafkuraviy yo‘nalishi oldingi ikki yo‘nalishdan farqli o‘laroq, faqat yuz berayotgan voqealarning markazida bo‘lishgagina intilib qolmay, balki avvalgi ikki yo‘nalishning nazariy ishlanmalaridan foydalanib, ijtimoiy o‘zgarishlarning strategiyasi va taktikasini o‘z vaqtida ishlab chiqishga ham harakat qiladi.

Maks Veber (1864-1920) yirik nemis sotsiologi, jamiyatshunos faylasufi, tarixchisidir. Hozirgi zamon siyosiy fanida u, asosan, siyosiy hokimiyatning legitimligi (qonuniyligi) masalasini o‘rganuvchi siyosiy hokimiyat nazariyasini, hozirgi jamiyatda ratsional byurokratiyaning hukmronligi nazariyasini, hozirgi zamon demokratiyalarida rasmiy hukuq hukmronligining muqarrar ravishda rahbarlik jarayonlarining byurokratlashuviga va qiyofasini yo‘qotishiga olib keluvchi kamchiliklariga barham beruvchi «plebissitar» demokratiya nazariyasini ishlab chiqqanligi va, nihoyat, hozirgi kapitalizmni ratsionallik tamoyilining tajassumi sifatida tahlil qilganligi tufayli katta obro‘-e’tiborga ega.

Gaetano Moska - italiyalik tadqiqotchi, siyosatshunoslik fanining asoschilaridan biri. Uning «Boshqaruv nazariyasi va parlament boshqaruvi», «Siyosiy fan asoslari» kabi asarlari mavjud. G.Moska barcha jamiyatlarda odamlarning ikki sinfi - hukmronlik qiluvchilar va boshqariluvchilar sinfi mavjud bo‘lishi haqidagi tasavvurni rivojlantirdi. «Birinchisi har doim kam sonli, barcha siyosiy funksiyalarni bajaradi va hokimiyat beradigan afzalliklardan bahra oladi, ayni paytda ikkinchisi — ancha ko‘p sonli sinf — birinchisi tomonidan boshqariladi va nazorat qilinadi»21.

Tarixiy taraqqiyot jarayonida mavjud bo‘lgan siyosiy hokimiyatni amalga oshirishning ikki asosiy tamoyili - aristokratik va demokratik tamoyillar ommaning hukmronligini ko‘zda tutmaydi. Ularning farqi shundaki, birinchi holatda ularning doirasiga kirmaydigan kishilar hisobiga to‘ldirilmaydigan guruh nazarda tutiladi. Ikkinchisida esa keng omma orasidan o‘zlarining psixologik xislatlariga ko‘ra hokimiyatni amalga oshirish nuqtai-nazaridan foydali bo‘lgan kishilar hisobiga shakllanadigan elitaga duch keliniladi.

G.Moska demokratiyaning me’yoridagi faoliyati yaxshi uyushtirilgan rahbarlik qiluvchi qatlamning mavjud bo‘lishiga muhtoj deb hisoblaydi. Biroq elitalarning yangilanish konsepsiyasida u hatto demokratik tizimda ham demokratik nazoratni e’tibordan soqit qiladi. Uning fikriga ko‘ra, saylovlar - bu faqat elitani yangilash yo‘li, ommaning rahbarlar ustidan nazarot qilishining shakli emas. Shu tufayli uning konsepsiyasi mohiyatiga ko‘ra avtoritar xususiyat kasb etadi.

G.Moskadan mustaqil ravishda «elitalar konsepsiyasi» em­pirik sotsiologiyaning asoschisi va iqtisodchi Vilfredo Pareto tomonidan ishlab chiqildi. U o‘zining «Elitalarning yuksalishi va qulashi», «Umumiy sotsiologiyaga oid risola» asarlarida elitalar nazariyasi asosiy qoidalarini bayon qildi. V.Paretoning fikricha, elita- hokimiyat, boylik- bilim, obro‘-e’tibor va shunga o‘xshash har qanday ijtimoiy qadriyatlarni o‘lchaydigan eng yuqori o‘rinni egallovchi kishilarning barchasini o‘z ichiga oluvchi, qadriyat ma’nosidan mahrum atamadir. Elita hukmronlik qiluvchi va hukmronlik qilmaydigan (kontrelita)larga bo‘linadi. Eli­talarning ikki tipi mavjud - «sherlar» (boshqaruvda kuchga suyanadigan, shafqatsiz, qat’iyatli rahbarlar) va «tulkilar» (muzokaralar, yon berish, ishontirish usullarini qo‘llovchi epchil rahbarlar).

Jamiyatning rivojlanishi elitalar quyuni yoki aylanishi orqali yuz beradi: «Insoniyat tarixi - bu elitalarining doimiy almashinuvi tarixi, ba’zilari yuksaladi, boshqalari inqirozga uchraydi». V.Pareto «elitalarning ommaviy aylanishi» yoki inqilob haqidagi masalani, eski elitaning kontrelita tomonidan omma yordamida siqib chiqarilishini va uning o‘rni yangi elita tomonidan egallanishini ko‘rib chiqdi. Inqilobiy almashinuvning mana shu jarayonida eski elitaning ko‘p vakillari o‘ldirildi, qamoqqa olindi, surgun qilindi yoki ijtimoiy pog‘onaning eng quyisiga tushirib qo‘yildi. Biroq ularning ayrimlari o‘z sinfini sotish evaziga qutulib qoldi, bunda ular ko‘pincha inqilobiy harakatda lider mavqeni egalladilar. V.Paretoning xulosasi shundan iboratki, inqilobiy o‘zgarishlarning asosiy natijasi eski elita qoldiqlari aralashgan yangi elitaning paydo bo‘lishidir.

Makiavellistlar maktabi nazariyalari birinchi va ikkinchi jahon urushi o‘rtasidagi davrda Italiyada, Germaniyada, Fransiyada keng tarqaldi. Ammo ularning keng tarqilishi va mashhur bo‘lishi Amerika qit’asida yuz berdi. 30-yillarda Garvard universitetida V.Paretoni o‘rganishga oid seminarlar o‘tkazildi. G.Moskaning siyosiy hodisalarni o‘rganishga empirik yondashuv haqidagi, tadqiqot ob’ekti jonli voqe’lik ekanligi to‘g‘risidaga g‘oyalari siyosiy fanning, shuningdek CHikago maktabining shakllanishiga xizmat qildi. Siyosatshunoslarning umumjahon kongressida (Myunxen, 1970 y.) siyosiy elitalar borasidagi ko‘plab tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan Italiya maktabining alohida rol o‘ynaganligi qayd etildi.



Hozirgi zamon siyosatshunosligining asosiy oqimlari va yangi tamoyillari

Siyosiy fikr taraqkiyotining asosiy yo‘nalishlari tahlil etilar ekan, ana shu rivojlanishni ta’minlovchi siyosatshunoslikning asosiy milliy maktablari haqidagi tasavvurlarni ham ko‘zda tutish lozim bo‘ladi.

Bu sohada hozirgi davrda oldingi o‘rinlardan birida turuvchi va eng ko‘zga ko‘ringani AQSH siyosatshunoslik fanidir. AQSH siyosatshunoslik fanining taraqqiyotida quyidagi davrlar alohida ajratiladi:

 XIX asr oxiridan birinchi jahon urushiga qadar;

 Har ikki jahon urushlari o‘rtasidagi davr;

 Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr.

1930-1940 yillarga kelib Fap6 siyosatshunosligidan ko‘ra Amerika siyosatshunosligi tobora ustunlik qila boshladi. ta’siri ustun bo‘lib qoldi. Mazkur davrda ijtimoiy va gumanitar fanlarning rivojlanish markazi AQSHga ko‘chdi. Evropaning totalitar davlatlarida bu sohadagi tadqiqotlar o‘z ahamiyatini yo‘qotdi yoki to‘laligicha hukmron rejimlarning g‘oyaviy va siyosiy-tashviqot maqsadlari uchun xizmat qila boshladi. Tarixda misli ko‘rilmagan «aqllilarning oqib ketishi» va intellektual hamda ijodiy elitaning Evropa kit’asidan Amerikaga ko‘chib ketishi hodisasi yuz berdi. Natsizm davrida nemis siyosatshunosligi amalda yo‘q qilindi.

1932 yildan 1938 yilgacha oliy maktab o‘qituvchilarining yarmidan ko‘prog‘i hamda intellektual va ilmiy elitaning ko‘plab atoqli namoyandalari, masalan, Z. Freyd, K. Levin, K. Mangeym, E. Fromm va boshqalar Germaniyani tark etdilar. Italiyada va boshqa ko‘pchilik Evropa davlatlarida ham siyo­siy fanning taqdiri shunday bo‘ldi.

Urushdan keyingi davrda Amerika siyosatshunosligining ta’siri faqat Evropa qit’asiga emas, balki Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrika mamlakatlariga ham keng tarqaldi. Urushdan keyingi o‘n yilliklarni siyosiy fan rivojida yangi bosqich sifatida qarash mumkin. Ushbu davrda Evropa mamlakatlarida siyosiy fanning qayta tiklanishi va yanada rivojlanishining keng miqyosdagi jarayoni avj oddi.

Bunda, eng avvalo, siyosiy fan doirasining to‘xtovsiz kengayib borishi dikqatni jalb etadi. U siyosiy tizimlar, siyosiy jarayon va siyosiy harakatlarni qamrab oldi. Metodologik muammolarga, xususan Evropa siyosiy fanida, katta e’tibor berildi. AQSHda ham, boshqa mamlakatlarda ham siyosatning turli-tuman masalalariga oid ulkan adabiyotlar oqimining paydo bo‘lishi, yangi ilmiy markazlarning yaratilishi va boshqalar Amerika si­yosiy fanining gullab-yashnayotganidan dalolat berar edi.

XX asrning 1940-1950 yillari oxirlarida dunyo siyosiy fanida amerikaliklar muhim rol o‘ynashda davom etdilar. Mazkur davrda amerikalik siyosatshunoslar asta-sekin siyosiy jarayonlarni qiyosiy-tarixiy tasvirlashdan ularni ijtimoiy jarayonlar bilan o‘zaro bog‘liqlikda o‘rganishga o‘ta boshladilar.

Ular ayrim kishilar va ijtimoiy guruhlar xulq-atvori ruhiy asoslanishining jamiyatdagi siyosiy jarayonlarga ta’sirini o‘rganishga alohida e’tibor berdilarki, bu hol siyo­siy fanga bixeviorizmning kirib kelishiga va siyosatshunoslikda bixevioristik yo‘nalishning shakllanishiga olib keldi. 1930-yillarda siyosiy munosabatlarning shakliy tuzilmasini insonning «tabiiy» mohiyatidan keltirib chiqarishga uringan CH. Merriam boshchiligidagi bir guruh CHikago universiteti olimlarini bu yo‘nalishning asoschilari deb hisoblaydilar. Bu doktrinani yanada rivojlantirish ustida Garold Lassuel ishladi. 1960-yillarda tadqiqotchi bixevioristlar orasida D. Iston, R. Dal va boshqa ko‘zga ko‘ringan nazariyotchilar bor edi.

Hozirgi paytda Amerika siyosatshunosligida bu fanga oid tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardir:

1) Amerika boshqaruvi va siyosati asoslarini - umummilliy siyosiy institutlar, saylov texnologiyalari, siyosiy yo‘lboshchilik, siyosiy xulq-atvor va boshqalarni o‘rganish;

2) ko‘p mamlakatlardagi siyosiy muammolarni tadqiq etish bilan bog‘liq bo‘lgan qiyosiy siyosat;

3) xalqaro munosabatlar va xalqaro siyosat, urush va tinchlik, xalqaro ijtimoiy harakatlar, qurollanish va qurolsizlanishni nazorat qilish, xalqaro tashkilotlar faoliyatiga oid muammolar o‘rganiladi;

4) siyosiy falsafa va siyosiy fan, siyosiy fikrning tarixidan boshlab uning hozirgi falsafiy talqinlarigacha qamrab olgan muammolarning keng doirasi ishlab chiqiladi;

5) siyosatni ijtimoiy hayotning muayyan sohalarida – shaxs miqyosidan ijtimoiy guruhlar, ishlab chiqarish, ishbilarmonlik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatishning amaliy jihatlarini tadqiq etuvchi amaliy siyosatshunoslikning mazmun va usullarini ishlab chiqish.

Hozirgi zamon siyosiy fanining asoschilaridan biri — Charlz Merriam (1874-1953). U 17 yil davomida Chikago universitetininig siyosiy fanlar bo‘limiga boshchilik qildi va ana shu bo‘lim doirasida siyosiy tadqiqotlarning Chikago maktabi shakllandi. Siyosiy fanni siyosiy xulq-atvor haqidagi fan sifatida tasavvur qilishni uning nomi bilan bog‘laydilar.

O‘zining «Siyosatning yangi jihatlari» nomli tadqiqotida Ch. Merriam o‘tgan yuz yil davomida siyosiy tadqiqotlar sohasida erishilgan va katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan yutuqlarni tadqiq etib chiqdi. Uning fikricha, ularning ilmiyligi siyosiy g‘oyalar, institutlar, jarayonlarni siyosiy o‘rganishga, geografik muhitni, etnik va biologik xususiyatga ega fanlarni tahlil qilishga, ijtimoiy va iqtisodiy kuchlarni siyosiy jarayonlar bilan bog‘liq ravishda o‘rganishga, siyosiy g‘oyalar va institutlarning kelib chiqishini biologiyada evolyusion nazariyaning kashf etilishi bilan bog‘chab tadqiq etishga, siyosiy jarayonlarning statistik yoki matematik tahlili shaklidagi siyosiy hodisalarning miqdoriy o‘lchovlaridan foydalanishga intilganliklarida namoyon bo‘ladi. «O‘ylaymanki, - deb qayd qilgan edi u, - siyosatni, balki, ehtimol umuman ijtimoiy fanlarni tadqiq etishning miqyoslari va usullarida yuz beradigan muhim o‘zgarishlar arafasida turibmiz»22.

Ch.Merriam ijtimoiy fanlar sohasida fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga, siyosiy hodisalarni tahlil etishda tabi­iy fanlarning ma’lumotlaridan keng foydalanishga da’vat etdi. «Biologiya, psixologiya, antropologiya, meditsina haqidagi fanlar o‘z tadqiqotlari natijalaridan ijtimoiy vaziyatlarda foydalanish yo‘lidan olg‘a bormoqda. Ularning vakillari hamma erda - Kongressda, markazlarda, sudlarda bor. Garchi tabiiy fanlar bilan shug‘ullanuvchi olimlarning da’volari va ijtimoiy aqidalari ko‘p bo‘lsa ham, siyosatshunoslar ularga bepisandlik bilan qaramasliklari kerak Muhimi, siyosatshunoslik va boshqa ijtimoiy fanlar bir-birlariga qarab yo‘nalmoqdalar, jamiyatshunoslik va tabiatshunoslik bir-birini to‘ldirgan holda, o‘z kuch-g‘ayratlarini birlashtirib, insoniyat oldida turgan ulug‘vor vazifani ratsional bilish va odamlarning xulq-atvorini nazorat qilish vazifasini hal etmoqdalar»23.

Ch. Merriam yangi fanning metodologik muammolarini hal qilishdan tashqari siyosiy hokimiyat va demokratiya nazariyasi masalalarini o‘rgandi, yangi metodlar yordamida Amerika siyo­siy partiyalar tizimini va siyosiy liderlik muammolarini tadqiq etdi.



Garold Lassuel (1902-1978) siyosiy fan doirasidagi tadqiqotlarga yo‘naltirilgan va siyosiy xulq-atvorni o‘rganishda ijtimoiy psixologiya tahlilidan keng foydalanadigan integratsiyalashgan siyosiy bilimni yaratishga intildi.

G.Lassuel individning siyosatga munosabatini taqozo etuvchi asosiy omil shaxsiyatining psixologik mexanizmidir, deb hisoblovchi siyosiy ruhshunoslik tahlili (psixo­analiz) nazariyasini shakllantirdi. Ana shu nazariyaga muvofiq u siyosiy shaxslar tipologiyasini ishlab chiqdi. G. Lassuel shaxsning u yoki bu siyosiy rolni tanlashga moyilligi mezonidan kelib chiqqan holda, siyosatchilarning uchta aso­siy tipini ajratib ko‘rsatdi:

• ma’muriyatchi;

• targ‘ibotchi;

• nazariyotchi.

G.Lassuel siyosatchilarning yuqorida ko‘rsatilgan tiplarini tavsiflar ekan, ularning ijobiy va salbiy xususiyatlarini qayd etgan holda, aralash tip deb hisobladi.

O‘zining «Siyosat: kim nimani qachon va qanday oladi?» deb nomlangan tadqiqotida G.Lassuel jamiyatdagi qadriyatlarni taqsimlash haqidagi masalani tadqiq etishni siyosiy fanning asosiy vazifasi deb qaradi, zero, siyosiy faoliyatning o‘ziga xosligi shu masalaga kelib taqaladi. Agar jamiyatning iqtisodiy sohasida moddiy qadriyatlar, madaniyat sohasida ma’naviy qadriyatlar ishlab chiqilsa, siyosiy sohada qadriyatlar ishlab chiqarilmaydi, balki taqsimlanadi. Qadriyatlarni kim taqsimlasa, hokimiyatning egasi ham o‘sha bo‘ladi. Kim nimani, qachon va qanday oladi - bu, G. Lassuelning fikriga ko‘ra, siyosiy jarayon va siyosiy hatti-harakatlarni tahlil qilishda asosiy masaladir.

Yana bir mashhur amerikalik siyosatshunos Gabriel Almond bo‘lib, uning tadqiqotlari doirasi siyosiy tizim va siyosiy madaniyat masalalarini qamrab oladi.

Almond tomonidan ishlab chiqilgan siyosiy tizim modelida “kirish” va “chiqish” funksiyalariga ko‘proq e’tibor berilgan. Amerikalik siyosatshunosga siyosiy madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lmish siyosiy qarashlar va siyosiy tizim faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat mavjudligini ko‘rsatib berdi.

Almond zamonaviy siyosatshunoslikning klassiklari qatoriga kirib, uning asarlari faqatgina qiyosiy siyosatshunoslik va siyosiy nazariya emas, balki umuman siyosatshunoslik fanining rivoji uchun ham ahamiyatlidir. Almond - siyosatshunoslikda eng ko‘p tilga olinadigan mualliflardandir va shu ko‘rsatkich bo‘yicha qiyosiy siyosatshunoslikda yetakchidir. Almondning konsepsiyalari va amaliy xulosalarini ushbu kitobning boshqa bo‘limlarida o‘z aksini topgan.



Robert Dal esa qarorlarni qabul qiluvchi elitalar va guruhlarni tadqiq etish, liberal demokratik nazariyani tahlil qilish bilan shug‘ullandi. Uning «Demokratik nazariyaga kirish», «AQSHdagi plyuralistik demokratiya» degan kitoblarining nomlari ularning yo‘nalishi va mazmunidan darak berib turadi. U siyosiy tizimni insoniy munosabatlarning o‘z ichiga olgan asosiy tarkibiy qismlar sifatida hokimiyat, rahbarlik va obro‘-e’tiborni tortuvchi har qanday barqaror tipi deb hisoblaydi.

Xalqaro munosabatlar va nizolar sohasidagi tadqiqotlar XX asr siyosiy fikrining rivojlanishidagi yo‘nalishlardan birini tashkil etadi. Amerika siyosiy fikrining bu sohadagi mumtoz vakili — Gans Morgentau (1904-1982). U ishlab chiqqan asosiy konsepsiya - kuch atamalari bilan ifodalanadigan «manfaat» konsepsiyasidir. Mazkur konsepsiya «siyosatni nazariy idrok etish imkonini berib, siyosiy fanga ratsionallik nazariyasini olib kiradi. U tashqi siyosatdagi hayratlanarli yaxlitlikni ochib beradi; shu tariqa, Amerika, Buyuk Britaniya yoki Rossiyaning o‘z-o‘zicha izchil siyosati bir-birining o‘rniga keluvchi davlat arboblarining intellektual va axloqiy sifatlaridan, turli motivlar va mayllardan qat’iy nazar, voqealarning oqilona, tushunarli zanjiri sifatida namoyon bo‘ladi»24.

G.Morgentau, xalqaro siyosat boshqa har qanday siyosat singari ta’sirga ega bo‘lishi uchun kurashish kerak, deb hisobladi. Bu kurash vaqt va makonda universal bo‘lib, tajriba bu fikrni rad etish mumkin emasligini ko‘rsatadi. Har qanday siyosat kuch-qudratni saqlashga yoki uni oshirishga yoxud namoyish qilishga intiladi. Xalqaro xulq-atvorning uch tipi mana shu uch namunaga muvofiq bo‘ladi.

Millat kuch-qudratining unsuri diplomatiya hisoblanadi. Diplomatiya milliy manfaatlarni tinch vositalar orqali ta’minlashga qodir bo‘lishi lozim. Diplomatiyaning asosiy to‘rtta qoidasi, G.Morgentauning fikriga ko‘ra, quyidagilardir:

1) urush ruhini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan doktrinalardan, mavhum g‘oyalarga berilib ketishdan holi bo‘lish;

2) tashqi siyosiy maqsadlar milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bayon etilishi va adekvat kuch-qudrat bilan qo‘llab-quvvatlanishi;

3) diplomatiya siyosiy vaziyatni boshqa davlatlarning ham nuqtai-nazaridan ko‘rishi lozimligi;

4) davlatlarning ular uchun hayotiy muhim bo‘lmagan barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro yon berishlarga tayyor bo‘lishlari25.

G.Morgentau milliy manfaatlar tasnifini - eng asosiylaridan tortib mayda, mahalliy manfaatlargacha ishlab chiqdi. U davlatning qudratini belgilovchi omillar tizimini ko‘rsatib o‘tdi; ular jumlasiga birinchi navbatda diplomatiyaning sifati geografik muhit, tabiiy zahiralar, harbiy qudrat va sanoatning salohiyati, aholining soni, milliy tabiat va axloqni kiritdi.

Amerika siyosiy fani ko‘pchilik Evropa mamlakatlaridagi siyosiy fanning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Urushdan keyingi ikki o‘n yillikda, ayniqsa, 1960-1980-yillarda nemis siyosiy fani ulkan yutuqlarga erishdi. Bu yutuqdar, eng avvalo, K.Bayme, G.Lyubbe, T.Rormozer va boshqalarning nomlari bilan bog‘liq.



Germaniya siyosiy fani tabiati va yo‘nalishlari haqida uning o‘rganish ob’ekti bo‘lgan muammolarni sanab chiqish orqali ham tasavvur hosil qilish mumkin:

• siyosat nazariyasi;

• siyosiy g‘oyalar tarixi;

• fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatning faoliyat ko‘rsatishi.

Hozirgi zamon siyosat nazariyasining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida - siyosiy ta’limotlar tarixini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda nemis siyosatshunosligining doimiy rivojlanib borayotgan tamoyili uning tadqiqotlari doirasining kengayishidir.

Nemis siyosiy fani bir tomondan nazariy, falsafiy va milliy qadriyat asoslarining, ikkinchi tomondan, em­pirik asoslarning uzviy bog‘lanish an’analari negizida rivojlandi va faoliyat ko‘rsatdi. Germaniyada siyosiy fanning bir necha konsepsiyalari mavjudligi diqqatni tortadi. Ulardan birining tarafdorlari uni davlat institutlari dinamikasini o‘rganish bilan to‘ldirilgan davlatshunoslik sifatida talqin etadilar. Ikkinchi guruh siyo­siy fanning yagonaligini inkor qilib, siyosiy fanlar - tarix, sotsiologiya, psixologiya va iqtisod haqida so‘z yuritadi. Uchinchi konsepsiya tarafdorlari esa, siyosiy fanga sotsiologiyaning bo‘limlaridan biri sifatida qaraydi. To‘rtinchi yondashuv esa siyosatshunoslikning vazifasi hozirgi zamonni tarixiy jihatdan tahlil qilishdan iborat, deb hisoblovchi tadqiqotchilarning yondashuvidir.

Uchinchi konsepsiya tarafdorlaridan biri nemis sotsiolog olimi va siyosiy arbobi, ijtimoiy ziddiyat nazariyasining asoschisi — R. Darendorf (1929 yilda tug‘ilgan). R.Darendorfning fikriga ko‘ra, har qanday jamiyatdagi kishilarning har bir guruhi muayyan pozitsiyaning vakili sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda har bir pozitsiya muayyan ijtimoiy rolni bajarish bilan bog‘liq. Ijtimoiy rol muayyan bir jamiyatda ma’lum bir pozitsiyaning vakiliga berilgan xulq-atvor usullarining yig‘indisidir. Boshqacha aytganda, bu ijtimoiy choralar tizimi yordamida har bir konkret insonni o‘zini muayyan tarzda tutishga majbur qilishdir. Xulq-atvorni me’yorlashtirishning majburiy tabiati R.Darendorf «majburiy muvofiqlashtirilgan assotsiatsiyalar» deb atagan ijtimoiy guruhlarning eng muhim belgisi deb hisoblanadi.

Qaror topgan me’yorlarga so‘zsiz rioya qilish insonga ancha yuqori mavqelarga ko‘tarilish imkonini, me’yorlarni belgilash, ularni sharxlash va boshqa odamlarning me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan xulq-atvoriga qarshi choralar qo‘llash vakolatini beradi. Mana shu vakolatlarning jami hukmronlikning mavjudligini anglatadi, kimningdir hukmronlik qilishi, kimningdir bo‘ysunishi esa ziddiyatga olib keladi.

R. Darendorf ziddiyatning tabiati va mohiyatidan kelib chiqqan holda sinflarni asosiy belgisi hukmronlikda ishtirok etish yoki ishtirok etmaslikdan iborat bo‘lgan nizolashuvchi ijtimoiy guruhlar sifatida ta’riflaydi.

R. Darendorf faqat ziddiyatlarning mohiyatinigina aniqlab qolmaydi, balki ularni 15 turga ajratib tasnif qilishga urinadi. Bitta rolga turli guruhlarning da’vo qilishi, rollar o‘rtasidagi, ijtimoiy guruhlar ichidagi, guruhlar o‘rtasidagi va boshqa ziddiyatlar, ayniqsa, katta ahamiyatga egadir.

Olim ziddiyatlarni hal qilish imkoniyati mavjudligini ham ko‘zda tutadi. Ziddiyatlar qancha keskin bo‘lsa, ijti­moiy safarbarlik ya’ni boshqa maqomdagi pozitsiyalarga o‘tish shunchalik qiyinlashadi.

Xanna Arendt (19061975) esa totalitarizm muammolarini chuqur o‘rgangan nemis siyosatshunos olimasi edi. O‘zining «Totalitarizmning manbalari» (1951) asarida Arendt ta’kidlagan ediki, natsizm va stalinizm zamonaviy davlat shakllari bo‘lib, ularni an’anaviy bo‘ysundirish shakllari bilan adashtirmaslik kerak. Totalitarizm o‘z davlati va undan tashqarida cheklanmagan hokimiyat tomon harakat qiladi. Uning alohida belgilari; davlat mafkurasining mavjudligi va terrorning siyosiy hokimiyatni o‘rnatish va mustahkamlash vositasi ekanligi, yagona to‘g‘ri g‘oya deb tan olinadigan mafkuraning amalda joriy etilishi. «Totalitar odam», Arendtning fikricha, avtomatlashtirilgan, begonalashgan individ, «omma»ning kollektiv ijtimoiy tanaga zo‘rlik va umumiy mafkuraviy manipulyasiya yordamida birlashtiriladigan vakili. Uning g‘oyalariga ko‘ra, totalitar rejimning ideal modeli bu odamda harakatning oddiy motivlari, keyinchalik ochlik va qiynoqlar yordamida normal psixologik va tana reaksiyalar buziladigan yoki yo‘q qilinadigan natsistlar konslageridir.

Arendt — ma’lum ma’noda zamonaviy amerika siyosiy nazariyasining asosini belgilab bergan mashhur nemis muhojir-olimlari (G. Morgentau, T. Adorno, M. Xorkxaymer, G. Markuze, L. Strause va b.), laridan biri hisoblanadi. O‘z tadqiqotlarida u G‘arbiy Evropa ilmiy an’anasiga, Platon, Aristotel, Makiavelli, Gobbs, Russo, de Tokvil, Marks, Kant va boshqalarga asoslangan va shu sababli universal ijtimoiy fenomenlarni ularning individual o‘lcham, ya’ni «inson holati»ni inkor qilmagan holda tahlil qildi. Uning asosiy ijodiy qiziqishlari totalitarizmni o‘rganishdan tashqari siyosiy hayot (ommaviylik sohasi)ning avtonomligini ta’minlashning nazariy va amaliy vazifasi; ozodlikning “so‘z”, «harakat» va «plyuralizm»ni o‘z ichiga kommunikativ amaliyot (muloqot) sifatida qayta talqin qilinishi; Amerika respublikanizmining nazariy merosini erkin siyosiy tartibot qurish tajribasi sifatida talqin qilinishi kabi masalalarni ham qamrab olgan edi. Arendt o‘z ilmiy-falsafiy xulosalarini ko‘p holatlarda konkret muammolar — totalitarizm, revolyusiya, ommaviy jamiyat sharoitida madaniyat inqirozlari, ozodlikning zanglashi va b. masalalarning tahliliga asoslangan holda chiqarar edi.



Fransiyada siyosiy fanning shakllanishi ikkita ramziy sana – E.Butli tomonidan «Siyosiy fanlarning erkin maktabi»ga asos solingan 1871 yil bilan, A. Zigfridning «G‘arbiy Fransiyaning Uchinchi respublika davridagi siyosiy haritasi» nomli kitobi nashr etilgan. 1913 yil o‘rtasidagi taxminan yarim asr ichida yuz berdi. Ushbu ikki sana o‘rtasida Fransuz siyosiy fanining asosini tashkil etgan ko‘p tadqiqotlar e’lon qilindi.

Fransiya siyosatshunosligining o‘ziga xos jihat - siyosiy fanning asta-sekin Konstitutsiyaviy huquqdan ajratilishi va asosan, siyosiy institutlar va munosabatlar, saylov tizimlari va saylovlar, ijtimoiy boshqaruv bilan bog‘liq masalalarning o‘rganilishidir. Fransiya siyosatshunoslari tomonidan rivojlantirilgan institutlar nazariyasiga ko‘ra, siyosat turli siyosiy institutlar (dav­lat, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari) faoliyatining natijasidan iborat. Demak, siyosatshunoslikning asosiy vazifasi mazkur jamiyatda faoliyat ko‘rsatayotgan turli xil institutlarni o‘rganishdir. Siyosiy hokimiyat egalari sifatida institutlar tegishli huquqiy me’yorlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan barqaror tuzilmalar sifatida namoyon bo‘ladi. Keyingi yillarda Fransiya siyosatshunosligi Ame­rika siyosiy fanining ta’siri ostida institutlarning amalda faoliyat ko‘rsatishi va o‘zaro ta’sirini o‘rganishni boshqa ijtimoiy omillarni o‘rganish bilan bog‘lash zarurligini tobora ko‘proq anglab etmoqda.

Fransiya siyosatshunoslarining asosiy diqqat-e’tibori siyosiy hokimiyat konsepsiyasiga qaratilgan. Ular siyosiy hokimiyatni tarixiy jihatdan ko‘rib chiqar ekanlar, uning asta-sekinlik bilan borgan evolyusiyasiga e’tibor beradilar. Ushbu evolyusiya hokimiyat shakllarining anonim shaklidan tortib, dunyoning ko‘p mamlakatlariga xos bo‘lgan institutsiyalashgan hokimiyatgacha bo‘lgan o‘zgarishlarida namoyon bo‘ladi.

M.Dyuverje (1917 yilda tug‘ilgan) «Siyosiy partiyalar», «Si­yosat sotsiologiyasi: siyosiy fan unsurlari», «YAnus. G‘arbning ikki yuzi» kabi tadqiqotlarida hokimiyatning ikkiyuzlamachiligi konsepsiyasini bayon qildi. Ushbu konsepsiya mexanik va uzviy birdamlik nazariyasidan keltirib chiqarilgan edi. Hokimiyat avval boshdan ikkiyuzlamachidir, chunki siyosat individlar va guruhlar o‘rtasidagi kurashdan iborat va unda yutib chiqqanlar mag‘lublar hisobiga imtiyozlardan foydalanadilar hamda ayni paytda davlatning butun resurslarini o‘zlari uchun foydali bo‘lgan ijti­moiy tartibni o‘rnatishga yo‘naltiradilar.

Siyosiy partiyalar muammolarini o‘rganib chiqib, M.Dyuverje hozirgi zamon siyosiy partiyalarining tashkil etilishi ko‘p jihatdan demokratik tamoyillarga mos emas, degan xulosaga keladi: siyosiy partiyalarning umumiy evolyusiyasi ular bilan demokratik rejim me’yorlari o‘rtasidagi farqni kuchaytiradi. M.Dyuverjening fikriga ko‘ra, siyosiy partiyalar evolyusiyasi parlament faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Fransuz sotsiologi Raymon Aron (1905-1983) «Demokratiya va totalitarizm» tadqiqoti siyosiy rejimlar nazari­yasiga bag‘ishlangan. R. Aron «mafkuradan holi qilish» konsepsiyasining, yagona industrial jamiyat nazariyasining mualliflaridan biri, siyosiy jamiyatshunoslikka oid tadqiqotlar o‘tkazgan olimdir.

Mishel Kroze siyosat insonni o‘zgartira olmaydi, chunki uning o‘zi uzluksiz tarzda o‘zgarib turadi, deb hisoblaydi. Siyosat va davlat jamiyatda asosiy rolni o‘ynashga da’vo qilmasliklari lozim. Ular kishilarning taqdirini hal qilmasliklari, balki o‘z faoliyatlarini sharoitlar yaratish bilan cheklashlari lozim.

XX asrning siyosiy fikri siyosat nima, demokratiya, hokimiyat, davlat va boshqalarning mohiyati nimadan iboratligi haqidagi eski muammolarni ko‘p jihatdan yangicha hal qilayotgan yo‘nalishlar, ilmiy maktablar va siyosiy qarashlarning katta diapazoni bilan ajralib turadi.

XX asr siyosiy mutafakkirlarining kattagina qismi faqat ilmiy yondashuv vakillari bo‘lib qolmasdan, balki u yoki bu ijtimoiy pozitsiyani egallaydilar. Bu jihatdan hozirgi zamon siyosatshunoslik fani siyosiy g‘oyalarning rivojlanishi tarixida faqat ayricha bir yondashuv sifatida qoladi.

Siyosiy fikr taraqqiyotining butun tarixi zamon da’vatlariga oqilona javoblarni qidirib topishdan iboratdir. Uni o‘rganish hozirgi davr kishisiga siyosat dunyosini baholashda dogmatizm va biryoqlamalikdan qutulish imkonini beradi. Siyo­siy va huquqiy fikr tarixi insonning dunyoni butun murakkabliklari bilan ko‘rishga urinishidan guvohlik beradi.


Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə