Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


Fuqarolik jamiyati tushunchasi va tarkibi



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə8/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16

Fuqarolik jamiyati tushunchasi va tarkibi

Fuqarolik jamiyati– bir qancha gumanitar fanlarning tushunchasi bo‘lib, ijtimoiy falsafiy jihatdan jamiyatdagi nosiyosiy va siyosiylashmagan ma’naviy va iqtisodiy munosabatlarning yaxlit majmuasi. Ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyotida ko‘pgina jamiyatshunos olimlar “fuqaro” va “fuqarolik jamiyati”ga o‘z munosabatlarini bildirgan. Fuqarolik jamiyati tushunchasining iddizlari Aristotelning «polis» g‘oyasiga borib taqaladi. Mazkur an’anada fuqaro­lik jamiyati va siyosiy davlat o‘zaro bir-birining o‘rnini bosuvchi atamalar sifatida qaralar edi. Qadimgi grek mutafakkirlari tasavvurida «siyosat» tushunchasi jamiyat hayotining barcha muhim sohalarini: oila, din, ta’lim, madaniyat va boshqalarni qamrab olgan. Ular tor ma’nodagi boshqaruv bilan bog‘lash funksiyalar, masalan, qonunlar ishlab chiqish va ularni qabul qilish, urush, diplomatiya kabilar sifatida qaralgan.

Jamiyat a’zosi bo‘lish jamiyatning fuqarosi - a’zosi bo‘lishni, binobarin uning qonunlariga muvofiq va boshqa fuqarolarga zarar etkazmasdan harakat qilish majburiyatini anglatar edi. Bu holat antik davrda va o‘rta asrlarda inson o‘zini iqtisodiy, diniy, ijtimoiy va boshqa sohalardan tashqarida tasavvur qila olmaganligi bilan izohlanadi. Ushbu sohalar o‘z navbatida davlat bilan, siyosiy tizim bilan ajralmas bir butunlikni tashkil etdi. Hayotning barcha eng muhim sohalari, aslida, davlat, siyosiy ibtidosi bilan sug‘orilgan edi.

Bunday yondashuv XVIII asrgacha o‘zgarmagan holda saqlanib keldi. YAngi davrning mashhur mutafakkirlari J. Lokk, J. J. Russo, I. Kant «fuqarolik jamiyati» va «davlat» tushunchalaridan sinonimlar sifatida foydalandilar. Asta-sekin fuqarolik ja­miyati bilan davlat o‘rtasida chegaralanish yuz beradi.

Fuqarolik jamiyatining kelib chiqishi, tarixiy taqdiri, qirralari, uning davlat hokimiyati bilan o‘zaro munosabatlari haqidagi «fuqarolik jamiyatini qurish bir qancha vakolatli vazifalarni davlatdan mahalliy hokimiyat organlariga, jamoat tuzilmalariga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organla­riga bosqichma-bosqich topshirishni ko‘zda tutishi rad etib bo‘lmaydigan fakt hisoblanadi.

CHinakam fuqarolik jamiyati deb ijtimoiy hayotning barcha sohalari: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy sohada eng maqbul mutanosiblikka erishgan, jamiyatning doimiy ravishda oldga qarab harakat qilishi ta’minlangan jamiyatni hisoblash mumkin. Fuqarolik jamiyati shaxslar ittifoqi bo‘lib, ularsiz hech qanday ma’noga ega emas. Jamiyatning sifati uni tashkil etuvchi, ijtimoiy hayot shakllariga o‘z xohish-irodasi intilishlari, ma’naviy mezonlari bilan ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarning sifatiga bog‘liq. Fuqarolik jamiyatining shakllanishi individual erkinlik g‘oyasining shakllanishi bilan uzviydir.

Fuqarolik jamiyati xususiy mulk egalarining hamjamiyati bo‘lib, bu jamiyatda ularning barchasi ijtimoiy maqomi, diniy va siyosiy qarashlari, irqiy mansubligidan qat’i nazar, huquqiy jihatdan qonun oldida tengdirlar. Fuqarolik jamiya­ti a’zolari qonunda ko‘zda tutilgan barcha vositalar yordamida o‘z manfaatlarini himoya qilishlari mumkin. CHinakam fuqarolik jamiyatining yuzaga kelishi va qaror topishining zaruriy sharti iqtisodiy va siyosiy hokimiyat hamda mulk bilan hokimiyat o‘rtasida chegaralanishning mavjudligidir.

Yuksak darajada rivojlangan fuqarolik jamiyati davlat barqarorligining asosini tashkil etadi. Agar davlatga zil keta boshlasa, fuqarolik jamiyatining mustahkam tuzilmalari uni suyab qoladi. Bu ayniqsa Skandinaviya mamlakatlari uchun xos xususiyatdir.

Yuksak darajada rivojlangan fuqarolik jamiyatining belgilari quyidagilardir:


  • shaxs erkinligining asosiy sharti - odamlar tasarrufida xususiy mulkning mavjudligi;

  • jamiyatda uning turli guruhlari va tabaqalarining turlicha va ko‘pdan-ko‘p manfaatlarini aks ettiruvchi har xil ijtimoiy tuzilmalar, rivojlangan va tarmoqlangan demokratiyaning mavjudligi;

  • jamiyat a’zolarining intellektual, psixologik rivojining yuqori darajada bo‘lishi, ularning mustaqil va erkinligi, aholi qonuniy huquqlarining ta’minlanishi.

Buyuk Britaniya fuqarolari hazil qilib, «bizning davlatga ikki holatda ishimiz tushadi, qutidan xat-xabarlarni olganimizda va ko‘cha harakati qoidalarini buzganimizda», deydilar.

Aksincha, fuqarolik jamiyati zaif rivojlangan mamlakatlarda kishilar doimiy ravishda davlatga murojaat qilishga majbur bo‘ladilar: u nimanidir tartibga soladi, nimanidir hal qiladi, nimanidir tasdiqlaydi, odamlarning ish va yashash joylariga oid, sayyohlik va ilmiy safarlar bilan bog‘liq masalalarga qadar o‘zi hal etadi.



Fuqarolik jamiyati hayoti va faoliyatining kuchayishi natijasida shu narsa ayon bo‘lib qoldiki, o‘z fuqarolarining kundalik mehnat, tadbirkorlik, ijodiy va boshqa faoliyatlari bi­lan doimiy shug‘ullanish davlatning asosiy vazifasi emas. Uning asosiy vazifasi — davlat strategayasini ishlab chiqish, asosiy ustuvorliklarni, rivojlanish sur’atlari va xajmlarini belgilash, davlat va jamiyatni hamda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, xalq hayoti va faoliyatining barcha sohalarini demokratlashtirish, chegaralarni qo‘riqlash va ichki tartibni ta’minlash, mamlakat va xalq xavfsizligani ta’minlashdan iborat.

Shu bilan birga fuqarolar va davlat bir-biri bilan huquqlar va majburiyatlar orqali o‘zaro bog‘langan bo‘lishi lozim. Fuqarolar sudning qarorisiz huquqlaridan mahrum etilishi yoki huquqlarining cheklanishi mumkin emas. Ayni paytda fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishlari boshqa fuqarolarning, davlat va jamiyatning manfaatlariga zid bo‘lmasliga kerak.

Fuqarolik jamiyati haqida so‘z ketganda uning siyosiy jamiyat bilan o‘zaro hamkorligining tabiatini qayd etib o‘tish zarur. Ushbu o‘zaro hamkorlikning birlashtiruvchi pirovard negizi inson huquqlarini ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va shaxsiy hayotning hamma sohlarida himoya qilishdan iborat bo‘lgan fuqarolik - siyosiy jamiyati huquqiy jamiyat hosil bo‘ladi.

Fuqarolik-siyosiy jamiyatining asosiy tamoyillari quyidagilardir:

•ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonunning ustuvorligi;

•davlat va uning organlarining qonun bilan bog‘liqligi;

• inson erkinligining, huquqlari va manfaatlarining daxlsizligi;

•shaxs va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishini nazorat qilish va kuzatishning samarali shakllari mavjudligi.

Hozirgi zamon siyosatshunoslik fanida fuqarolik - siyosiy hokimiyatning konseptual modellari yaratilgan. Ulardan ayrimlarini ko‘rib chiqishdan oldin shu narsani qayd etish joizki, mamlakatimizda fuqarolik hokimiyatini rivojlantirishning asosiy konseptual qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning asarlarida ishlab chiqilgan. Jumladan, ularda «bizning siyosiy qurilish konsepsiyamizning mohiyati: «Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga». Aynan ana shunday yondashuv fuqarolarning o‘zlarini o‘z hayotlari va butun jamiyat hayotini boshqarish va tashkil qilishda keng ishtirok etishlariga imkoniyat yaratdiki, bu fuqarolik jami­yati tamoyillariga to‘liq mos tushadi».

Hozirgi zamon jamiyatini siyosiy modernizatsiyalash konsepsiyasi fuqarolik-siyosiy qurilishining o‘tgan davrlar tajribasini o‘ziga singdirgan modelini ishlab chiqishga bo‘lgan birinchi urinishlardandir. Ushbu nazariya, eng avvalo, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiladi.



Siyosiy modernizatsiya tarafdorlarining asosiy tezisi quyidagilardan iborat:

-hokimiyatni tashkil etishning demokratik shakli texnik-iqtisodiy tuzilmalar rivojining past darajasi bilan kelisha olmaydi;

-kam rivojlangan mamlakatlarda demokratiyaning yo‘qligi, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi demokratik siyosiy tizimlarga xavf tug‘diradi;

-demokratik fuqarolik-siyosiy jamiyatga olib boradigan texnik-iqtisodiy tuzilmalarni har qanday chora-tadbir bilan rivojlantirish va qaror topshirish orqali o‘tadi;

-modelning eng xarakterli belgilari - urbanizatsiya darajasining yuqoriligi, savodlilik, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning yuqoriligi, jamiyat a’zolarining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarga keng jalb qilinishi.

Meritokratiya nazariyasi (fransuzcha merit - xizmat, qadr-qimmat so‘zidan) alohida xizmat ko‘rsatgan va qadr-qimmatga ega bo‘lgan shaxslar, malakali mutaxassislar, texnokratlar, intellektuallar yordamida hukmronlik qilishni ko‘zda tutadi. Mazkur nazariya tarafdorlarining fikriga ko‘ra, ijtimoiy taraqqiyot darajasi siyosiy hokimiyat va intellektni birlashtirish borasidagi tadbirlarga bog‘liq bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, taraqqiyotda muvaffaqiyatga erishishni istagan jamiyat o‘z ixtiyoridagi insoniy salohiyatdan eng yuqori darajada foydalanishga o‘rganishi lozim. Meritokratiyaning vazifasi - bir tomondan ijtimoiy hayotga intellektual oqimni olib kirish, ikkinchi tomondan esa shaxs tabiiy iste’dodining namoyon bo‘lishiga ko‘mak berishdan iborat.

Meritokratiyaning modeli siyosiy va ijtimoiy qadriyatlarning adolatsiz taqsimotiga qarshi yo‘naltirilgan. Maz­kur model adolatning meritokratik tamoyili (har kimga xizmatiga yarasha)ni o‘zida mujassam etishi kerak.

Butun jahon jamiyati nazariyasining mohiyati shundan iboratki, hozirgi zamonning barcha dunyoviy muammolari echimiga faqat umumsiyosiy hayotni yuksak darajada baynalminallashtirish orqali, yangi halkaro tashkilotlarni barpo etish yoki qayta qurish yo‘li bilan kelish mumkin.

Rivoj­langan mamlakatlarning taj­­­­ribasi umum­lashtirilsa, zamonaviy fuqarolik ja­­­­miyatining asosiy belgi­lari quyidagicha namoyon bo‘­­ladi:

- iqtisodiy sohada: nodavlat tashkilotlar; kooperativ-shirkatlar; ijara ja­moalari; aksiyadorlik jami­yatlari; uyushmalar; korporatsiyalarning mavjudligi;

- ijtimoiy sohada: oila; partiyalar, jamoat tashkilotlari va harakatlar; ish va yashash joylaridagi o‘z o‘zini boshqarish organlari; nodavlat ommaviy axbo­rot vositalari; jamoatchilik fikrini aniqlash, shakl­­­­­­lantirish va ifoda etishning madaniylashgan tartiblari; ijtimoiy ixti­loflarni kuch ishlatmasdan, tazyiqsiz, qonunlar doirasida hal qilish amaliyotining mavjudligi;

- ma’naviy sohada: so‘z, vijdon va fikr erkinligi; o‘z fikrini ochiq bildira olishning real imko­ni­yati; ijodiy, ilmiy va boshqa uyushmalar mustaqilligining ham qonuniy, ham amaliy jihatdan ta’­min­langani.

Shuningdek, fuqarolik ja­­miyatining barqarorligini ta’minlovchi shart-sharo­itlar ham borki, ularsiz bun­day institutlar rivojlanmaydi. Eng avvalo, jamiyatdagi ijtimoiy qat­­lam­lar manfaatlarini ifoda etuvchi rivojlangan ijtimoiy tuzilmalar mav­­jud bo‘lishi za­rur. Qolaversa, jamiyat a’zolaridan mus­ta­qil faoliyat ko‘r­sa­ta olish qobiliyati, ij­­timoiy, intellektual, ru­­hiy jihatdan yuksalish ham talab etiladi. Shuningdek, har bir fu­qaro o‘z shaxsiy mulkiga ega bo‘­lishi, bu mulk­ni o‘zi is­ta­gan tarzda tasarruf qila olishi uchun bu mulkka nisbatan shaxsiy yoki jamoaviy huquqning ta’minlagan bo‘lishi shart.

Demak, bunday jamiyatning asosini fuqarolik jamiyati institutlari — siyosiy partiyalar, fu­­qaro­larning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘zaro munosabatlari majmui tashkil etadi.

Siyosiy kommunikatsiya tushunchasi, axborot va so‘z erkinligi

“Axborot jamiyati” shakllangan XXI asr axborotni qayta ishlash va uzatish texnologiyalarining rivojlanishi, global darajadagi kompyuterlashuv va keng tarmoqli axborot tizimlarining paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bundan tashqari, axborotlashgan jamiyatda kommunikatsiya siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish, uni amalga oshirish va kuchaytirishning zaruriy omillaridan biriga aylandi. Hozirgi kunda fuqarolik jamiyatining rivojlanganlik darajasi bilan siyosiy kommunikatsiyalarning ochiqligi va zichligi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjudligini tan olish zarur. Va, aksincha, siyosiy kommunikatsiyalarning rivojlanmaganligi aholi tomonidan siyosiy tizimni qo‘llab-quvvatlash darajasining past bo‘lishiga hamda ijtimoiy beqarorlikka olib kelishini e’tiborga olish talab etiladi. Shu jihatdan ham kommunikatsiya hodisasi siyosiy fan vakillarida alohida qiziqishga sabab bo‘ladi.

Siyosat inson faoliyatidan ayri holda, kommunikativ jarayonlardan xoli tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Ilmiy adabiyotlarda XX asr boshlarida paydo bo‘lgan “kommunikatsiya” atamasi (lot.communicatio ― muloqot qilaman, bog‘layman) xabar, uzatish, muloqot, suhbat, o‘zaro ta’sir ma’nolarida qo‘llaniladi. Ko‘rinib turibdiki, xabar berish, bog‘lash imkoniyati “kommunikatsiya” tushunchasining muhim tarkibiy qismini tashkil etadi. Kommunikatsiya insondan insonga, avloddan avlodga uzatiladigan muayyan axborot, fikr, hissiyotni nazarda tutadi, ya’ni insonlarning o‘zaro ta’siri va muloqotning o‘ziga xos shaklini o‘zida ifodalaydi.

Odatda, “kommunikatsiya” tushunchasi ikki ma’noda qo‘llaniladi: birinchi ma’noda bu tushuncha xabar yo‘nalishi yoxud bir joy bilan ikkinchi joyni bog‘lashni anglatsa, ikkinchi ma’noda muloqot, bir insondan boshqa insonga axborot uzatilishi jarayonini bildiradi. Umuman olganda, kommunikatsiya — jamiyatdagi axborotni ayriboshlash jarayonidir. Axborot bor joyda kommunikatsiya paydo bo‘ladi. Aniqrog‘i, biror manbadan chiqayotgan, muayyan shaklga solingan va o‘ziga xos ko‘rinishda uzatilayotgan axborot mavjud bo‘lgan hamda mazkur axborotga muayyan ma’no beruvchi axborot oluvchi bor joyda kommunikatsiya vujudga keladi. Kommunikatsiya, bir tomondan, muayyan axborotni uzatishdan manfaatdor va buning uchun muayyan harakatlarni amalga oshirayotgan kommunikator35ning faolligini, boshqa tomondan, qabul qilayotgan axborotini idrok etishga, uni talqin qilishga muayyan quvvat sarflayotgan oluvchi, ya’ni retsipient36 bo‘lishini nazarda tutadi.

Siyosiy kommunikatsiya deganda siyosat sub’ektlarining bir-biriga hamda atrofdagi ijtimoiy muhitga hokimiyat nuqtai nazaridan axborot orqali ta’sir ko‘rsatish jarayoni tushuniladi. Siyosiy kommunikatsiya siyosiy faoliyatga yangicha mazmun kasb etadigan siyosiy axborotni ishlab chiqish, uzatish va ayriboshlash jarayonlarini qamrab oladi. “Siyosiy kommunikatsiyalar, birinchidan, o‘zaro muloqotdan manfaatdor bo‘lgan ikki sub’ektni qamrab oladi, ikkinchidan, turli shakllarda amalga oshiriladi; uchinchidan, uning mazmuni siyosiy muammolarga, jamiyatning rivojlanish masalalariga daxldor bo‘ladi; to‘rtinchidan, siyosiy kommunikatsiyalarning mazmuni ham oqilona, ham hissiy tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi”37.

Umuman, siyosiy kommunikatsiyalar quyidagi faoliyat yo‘nalishlarini qamrab oladi:


  1. “siyosiy partiya va harakatlarni shakllantirish, rivojlantirish hamda safarbar etishga yo‘naltirilgan kommunikativ xatti-harakatlar;

  2. muayyan partiya yoki nomzodning qo‘llab-quvvatlanishiga erishish, muayyan maqsadlarga erishish, muayyan siyosatni amalga oshirish, hukumatning qo‘llab-quvvatlanishiga erishish, jamoatchilik fikriga va fuqarolarning fe’l-atvoriga ta’sir ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladigan barcha siyosiy kampaniyalardagi kommunikatsiyalar;

  3. jamoatchilik fikrini ifodalash, o‘rganish va keng yoyish hamda uni muayyan darajada boshqarish bilan bog‘liq turli jarayonlar;

  4. jamoatchilikka axborot berish, unga amalga oshirilayotgan siyosatning mohiyatini tushuntirish;

  5. norasmiy siyosiy ijtimoiylashuv, siyosiy ongni shakllantirish va yuksaltirish”38.

Ushbu ro‘yxatning ikkinchi bandidan o‘rin olgan vazifalar siyosiy reklama faoliyati bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlash lozim. Demak, siyosiy reklamani ilmiy tadqiq etish bu hodisani siyosiy kommunikatsiyalar doirasida o‘rganishni taqozo etadi. Chunki har qanday siyosiy reklama, avvalo, muayyan mazmundagi axborot manbai sifatida namoyon bo‘ladi, demakki, auditoriyaning siyosiy mazmundagi axborot olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi. Bundan tashqari, siyosiy reklama kommunikativ vazifani bajaradi, ya’ni siyosiy lavozimlarga da’vogarlar bilan omma o‘rtasida muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi. Demak, siyosiy kommunikatsiyalarning mazmun-mohiyatini chuqur va har tomonlama tushunish, pirovard natijada, shunday kommunikatsiyalardan biri bo‘lmish siyosiy reklamaning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Kommunikatsiya nazariyasiga 1920 yilda Uolter Lippman tomonidan asos solingan. Siyosat dunyosining nihoyatda murakkabligi g‘oyasidan kelib chiqqan bu olim ommaviy axborot vositalarining beqiyos qudratga ega ekanligi haqidagi xulosaga keldi. Uningcha, siyosiy kommunikatsiyalar auditoriyada siyosatchilar va siyosiy jarayonlar haqida tayyor tasavvurlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan39. O‘sha davrda siyosiy kommunikatsiyalarni tadqiq etishda ikki yondashuv shakllanganini e’tirof etish mumkin. Birinchi yondashuvda ommaviy auditoriyaga axborot orqali ta’sir ko‘rsatishning cheklanmagan imkoniyatlari haqidagi fikrdan kelib chiqilar edi. Bunda axborotni saralashda auditoriyaning passivlik ko‘rsatishiga urg‘u berilar edi. Shu o‘rinda “sehrli o‘q nazariyasi” hamda “teriosti igna nazariyasi” nomi bilan mashhur ta’limotlarni misol sifatida keltirish o‘rinli. “Sehrli o‘q nazariyasi”ga ko‘ra, axborot quroli sehrli o‘q kabi doimo o‘z nishonini aniq va xatosiz topadi. “Teriosti igna nazariyasi”da esa auditoriyaning xatti-harakatlari ma’lum miqdorda dori qabul qilganidan keyin ahvoli o‘zgarishni boshlaydigan bemorni eslatishi uqtirilar edi40.

1930-1950-yillarda shakllangan ikkinchi yondashuv doirasida ommaviy kommunikatsiya vositalarining auditoriyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri haqidagi ta’limot rad etildi. Saylov kampaniyasi haqidagi axborotlarning ovoz berish jarayoniga ta’siri empirik tadqiqotlarda o‘rganilib, ommaviy kommunikatsiyalarning minimal ta’siri haqidagi nazariyalar yuzaga keldi. Ularga ko‘ra, “saylov kampaniyalari davrida ommaviy axborot vositalari orqali ta’sir ko‘rsatish o‘z samaradorligi bo‘yicha elektoral fe’l-atvorni belgilab beruvchi boshqa omillarga, masalan, muayyan siyosiy partiyaga a’zolik, biror ijtimoiy guruhga tegishlilik kabi omillarga yon beradi. Bunda ommaviy auditoriyaga yo‘naltirilgan va mohiyatan har bir alohida olingan saylovchining ehtiyojlari bilan bog‘lanmagan shaxssiz murojaatlarning ta’siri zaif bo‘lishi haqidagi g‘oyaga tayanildi”41.

Ikkinchi jahon urushidan keyin K.I.Xovland va G.X.Kelley aholining maslak va e’tiqodlari o‘zgarishi bilan bog‘liq omillarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot dasturida ishtirok etdilar. “Kommunikatsiya va e’tiqod” nomli asar42da mazkur tadqiqotning asosiy natijalari bayon etildi. Tadqiqotda ta’kidlanishicha, e’tiqodga ta’sir ko‘rsatishda manba ustuvor ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot doirasida kommunikatorga nisbatan ishonch uyg‘otuvchi omillarga baho berilib, ularning e’tiqodga, maslaklarga ta’siri ko‘rsatildi. Kommunikatsiyaning yana bir tarkibiy qismi sifatida axborotning mazmuniga urg‘u berildi. Tadqiqotchilar axborot oluvchining hissiyotlariga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi, ularni rag‘batlantiruvchi motivlarni ajratib ko‘rsatishga harakat qildilar. Olimlar motivlar insonda dastlab shakllangan fikrning o‘zgarishiga hamda maslaklarga kuchli ta’sir ko‘rsatishini aniqladilar. Shuningdek, tadqiqot doirasida axborot oluvchiga xos xususiyatlar bilan shaxs maslagi o‘rtasidagi bog‘liqlik tadqiq etildi.

XX asrning ikkinchi yarmida siyosiy kommunikatsiyalarning tadqiqotlari alohida mustaqil yo‘nalish sifatida ajralib chiqdi. K.Doych siyosiy tizimni tavsiflashda kommunikatsiyalarga kibernetik yondashuvdan foydalandi. U siyosiy kommunikatsiyalarni inson asab tizimiga o‘xshatdi hamda siyosiy tizimni kommunikatsiyalar va axborot oqimlari tarmog‘i sifatida ta’rifladi. Unga ko‘ra, hukumat davlat boshqaruvining sub’ekti sifatida tizim va muhit o‘rtasidagi axborot oqimlari hamda kommunikativ o‘zaro ta’sirlarni tartibga soladi va shu yo‘l bilan siyosiy tizimni muayyan maqsadlarga safarbar etadi43.

1950-yillarning o‘rtalarida axborot manbalarini tanlashda hamda tarqatilayotgan axborotlarni saralashda auditoriyaning faol bo‘lishi haqidagi tasavvurlar negizida qator ta’limotlar yuzaga keldi. Bu nazariyalarda ta’kidlanishicha, kishilarga ularning qadriyatlarida shubha uyg‘otuvchi yoki ularni ranjituvchi qarashlar, g‘oyalar va mulohazalarning tiqishtirilishi oqibatida kishilar ruhiy noqulaylik holatiga tushadilar. Bunday holatning oldini olish maqsadida inson o‘z maslaklariga mos axborotni tanlab, unga zid ma’lumotlarni nazarga olmaydi. “Foydalilik va ehtiyojlarni qondirish nazariyasi” nomi bilan mashhur boshqa ta’limotga ko‘ra, insonlar axborotni saralashda o‘z manfaatlariga javob bermaydigan hamda jozibasiz shaklda uzatilgan axborotlarni e’tiborsiz qoldiradilar.

1960-1970-yillarda siyosiy kommunikatsiyalarning saylov jarayoni va natijalariga ta’sirini tadqiq etish harakatlari kuchaydi. 1972 yilda amerikalik tadqiqotchilar T.Patterson va R.Makklyuen Prezidentlik saylov kampaniyasida siyosiy kommunikatsiyalarning rolini o‘rganishga qo‘l uradilar. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, televizion axborotlar va siyosiy reklama saylovchilarga nomzodlar haqida deyarli yangi axborot bermas ekan. Televidenie, hattoki, nomzodning imijini yaratishga ham katta hissa qo‘shmas ekan. Agar saylovchi o‘zi afzal ko‘rgan nomzodni televizordan ko‘rsa, u haqdagi axborotni ijobiy qabul qilar ekan, aks holda saylovchi boshqa nomzodlarning imijini salbiy qabul qilar ekan44. Bunday xulosa ko‘p yillar davomida boshqa empirik tadqiqotlar doirasida ham tasdiqlandi.

1970-yillarda olimlar, siyosatchilar va jurnalistlar o‘rtasidagi ko‘p sonli baxslar natijasi o‘laroq siyosiy kommunikatsiyalarni tahlil etishda yangi yondashuv ― “kun tartibi” konsepsiyasi yuzaga keldi. B.Koen ommaviy axborot vositalari auditoriyaning e’tiborini u yoki bu muammolarga qaratishga qodir ekanligiga e’tibor berdi. Natijada, Koen ommaviy axborot vositalari orqali “kun tartibini belgilash” mumkinligi haqida xulosa chiqardi. “Kun tartibini belgilash”ning samarasi shunda namoyon bo‘ladiki, “ommaviy axborot vositalari insonlarni muayyan tarzda fikrlashga majbur qila olmaydi, biroq o‘z iste’molchilariga nima haqda fikrlashni ko‘rsatib bera oladi”45. Bunda siyosiy kommunikatsiyalar orqali u yoki bu muammolar yoki hodisalarning yoritilishiga alohida e’tibor berilishi tufayli auditoriya ularni boshqalariga nisbatan ahamiyatliroq sifatida qabul qilishi aniqlandi.

Darhaqiqat, tajriba shuni ko‘rsatadiki, siyosiy kommunikatsiyalar orqali tarqatiladigan xabarlar ta’sirida saylovchilarning elektoral fe’l-atvori, muayyan hodisalarga munosabati o‘zgarmaydi, balki auditoriyaning qarorlar qabul qilishda tayanadigan bilimlar bazasi o‘zgaradi, aniqrog‘i kengayadi. Ayni paytda ommaviy axborot vositalari orqali alohida muammo va hodisalarga e’tiborning jamlanishi auditoriyaning manfaatlaridagi ustuvorliklarga ham daxl qiladi46.

Siyosiy kommunikatsiyalarning siyosiy jarayonlarga kuchli ta’siri g‘oyasining tarafdori bo‘lmish D.Zellerning fikricha, siyosiy kommunikatsiyalar fuqarolarning siyosiy ko‘rsatmalari va fe’l-atvorini shakllantirishga katta ta’sir ko‘rsatadi. Unga qo‘shimcha ravishda S.Lenart siyosiy kommunikatsiya oqimlarida ommaviy axborot vositalari monopoliyaga ega bo‘lmay, shaxslararo muloqot bilan uyg‘un ravishda amal qilishini uqtiradi. Lenart quyidagi xulosalarni ilgari suradi: ommaviy axborot vositalari nomzodlar va partiyalar haqidagi axborotning asosiy manbai hisoblanadi; shaxslararo muloqot saylovchilarning ommaviy axborot vositalari orqali olingan ko‘rsatmalarini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin; shaxslararo muloqot saylovchilarning ko‘rsatmalari shakllanishiga ommaviy axborot vositalari ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirga teskari ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin; shaxslararo muloqotning o‘zi ham nomzodlar haqidagi yangi axborot manbai bo‘lishi mumkin47.

“Kultivatsiya nazariyasi” muallifi D.Gerbnerning mulohazalari ham e’tiborga sazovor. U kishilarda ramziy dunyoning shakllanishida televideniening birlamchi rolini ta’kidlaydi. Ushbu nazariyaga ko‘ra, saylanadigan lavozimlarga da’vogarlarning qiyofasini shakllantirishga taalluqli xabarlarning mazmuni va tez-tez qaytarilishini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi48. Tajribaning guvohlik berishicha, auditoriyani muayyan siyosiy masalalar bo‘yicha nomzodlarning fikrlari, nuqtai nazarlaridan ko‘ra, ularning shaxsiy sifatlari ko‘proq qiziqtiradi.

Ta’kidlash joizki, qator olimlar siyosiy kommunikatsiyalarni konfliktologiya nuqtai nazaridan tahlil qiladilar. Amaliyotning ko‘rsatishicha, saylov kampaniyasi davrida siyosat sub’ekti ikki taraflama vazifani hal qiladi: bir tomondan, u iloj qadar ko‘p tarafdorlarni o‘ziga og‘dirishga intilsa, ikkinchi tomondan, o‘z raqiblariga shu vazifani hal qilishga halaqit beradi. Bunday holatda jamiyatda siyosiy kelishuvga erishilishi kommunikatsiyalarning ijtimoiy foydali natijasi hisoblanadi. SHu o‘rinda fransuz olimi R.J.Shvarsenberg tomonidan siyosiy kommunikatsiyalarga berilgan ta’rifni keltirish o‘rinli. Unga ko‘ra, siyosiy kommunikatsiya “siyosiy axborotni uzatish jarayoni bo‘lib, bu jarayon vositasida axborot siyosiy tizimning turli tarkibiy qismlari o‘rtasida, shuningdek, siyosiy va sotsial tizimlar o‘rtasida ayriboshlanadi. Uzluksiz axborot ayriboshlash jarayoni ham shaxslar o‘rtasida, ham boshqaruvchi va boshqariluvchilar o‘rtasida kelishuvga erishish maqsadida amalga oshiriladi”49.

Shunday qilib, siyosiy kommunikatsiya ikki yoki undan ortiq sub’ektning siyosiy jarayonlar va hodisalarga oid bilimlar, hissiy kechinmalar, irodaviy ta’sirlarni uzatish maqsadidagi bevosita yoki bilvosita o‘zaro ta’siri sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, siyosiy kommunikatsiyalar xabarlarning bir taraflama ― elitadan ommaga uzatilishini nazarda tutmaydi, balki jamiyatdagi barcha rasmiy va norasmiy kommunikativ jarayonlarni qamrab oladi. Bu jihatdan, siyosiy kommunikatsiyalarning ikki shakli ― gorizontal va vertikal shakllari mavjudligi haqida xulosa qilish mumkin.


Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə