Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


- MAVZU. SIYOSIY ELITA VA SIYOSIY YETAKCHILIK



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə9/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   16

6- MAVZU. SIYOSIY ELITA VA SIYOSIY YETAKCHILIK
Reja:

1.“Siyosiy elita” tushunchasi va konsepsiyalari

2. Elitalarni tanlash va saralash tizimlari

3. Yetakchilik tushunchasi va tasnifi

Siyosiy elita” tushunchasi va konsepsiyalari

Tarixiy tajriba va barcha mamlakatlarning, shu jumladan, eng rivojlangan mamlakatlarning siyosiy amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, hokimiyatning taqsimlash va amalga oshirish jarayoni fuqarolarning teng qatnashishini nazarda tutmaydi.

Har doim va hamma joyda hokimiyatni tor doiradagi odamlar, ozchilik amalga oshiradi. Hukmronlikni qolganlar ustidan amalga oshiradigan ushbu ozchilikning mohiyati nimadan iborat? Uning vazifalari nima? Ushbu savollarga elitalar nazariyasidan javob olish mumkin.

Elitalar nazariyasi siyosatshunoslik fanida yaqinda shakllangan. Uning shakllanishiga siyosiy jarayonlarni ko‘rib chiqishdagi sinfiy yondashuv to‘sqinlik qilgan. Ushbu yondashuvning eng yorqin misoli marksizm edi. Marksizm nazariyasida muhim bir hukmron elitaning mavjudligi rad etilgan.

Klassik marksizm nazariyasi bo‘yicha siyosiy hukmronlikni amalga oshirgan sinf bu iqtisodiy hukmronlikni amalga oshirayotgan sinf, boshqacha qilib aytganda, ishlab chiqarishni o‘z qo‘lida tutgan sinf tashkil etgan.



«Elita» atamasi fransuzcha «elite» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, u eng yaxshi, tanlangan degan ma’noni bildiradi. «Tanlangan bug‘doy», «tanlangan poda» va x.k. deyiladi. Buni eng yaxshiligini, oliy navligini, tanlanganligini ko‘rsatish uchun aytiladi. Siyosiy leksikada ham avvaldan ushbu termin xuddi shunday ma’noni anglatgan.

Avval jamiyatni muayyan tanlangan va shuning uchun ixtisoslashgan muayyan odamlar boshqarishi kerak bo‘lgan deb o‘ylaganlar.

Siyosiy leksikonda «elita» atamasi avvallari xuddi shunday tusga ega edi. Jamiyatning eng yaxshi (zo‘r), maxsus bu ishga atalgan, munosib kishilarning boshqarishi to‘g‘ri deb hisoblanardi. Tarixan «elita» atamasi omma tepasida turgan va o‘zlarining maxsus hususiyatlariga ko‘ra uni, ya’ni ommani boshqara oladigan, jamiyat uchun juda qadrli hisoblanishi ijtimoiy guruhga nisbatan qo‘llanilgan. Platon qat’iyan demosning (xalqning) davlatni boshqarishiga qarshi bo‘lgan. Uning nazarida jamiyatni donolik fazilatiga ega bo‘lgan, aqliy jihatdan yaxshi rivojlangan faylasuflar boshqarishi lozim. Jamiyatning boshqa lazzat va shahvatlarga g‘ark bo‘lgan qismi dono faylasuflarga bo‘ysunishi lozim.

«Siyosiy elita» atamasi o‘zining zamonaviy talqinida, butun jamiyat ustidan real hokimiyatga ega bo‘lgan «ozchilik» ijtimoiy guruhi sifatida siyosatshunoslikda XX asrning boshlarida avstriyalik siyosatshunos R.Mixels va italiyalik siyosatshunoslar G. Moska va V.Paretolar tomonidan kiritildi.

R.Mixels oligarxiyaning temir qonunini yaratdi. U quyidagidan iborat: hokimiyatning ozchilik tomonidan egallanishi jarayoni muqarrardir, har qanday tashkilot ko‘pchilikni boshqaradigan ozchilik tomonidan boshqarilishiga harakat qiladi. G.Moska bu qarashni rivojlantirgan holda, siyosiy elitani yopiq sinf, «siyosiy sinf» deb ataydi.

V..Pareto siyosatshunoslik faniga «elita» va «kontrelita» tushunchalarini kiritdi. V..Paretoning fikricha, individlar bir-birlaridan jismoniy, axloqiy va intellektual (aqliy) hususiyatlari bilan ajralib turishadi. Shularning har birida yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan individlar guruhi elita nomini olishadi. Shunday qilib, jamiyat elitasi - bu o‘zlarining tug‘ma ruhiy (psixologik) hususiyatlari sababli, yuqori fazilatni yoki o‘zlarining faoliyat sohalarida yuqori darajadagi qobiliyatni ko‘rsata oladigan ma’lum bir kishilar guruhi. «Elita» atamasining asosiy g‘oyasi - ustunlik demakdir.

Paretoga binoan, elita hukmron elitaga - bevosita yoki bilvosita boshqarish ishlarida qatnashadigan va hukmron bo‘lmagan elitaga – kontrelitaga bo‘ysunadi. Kontrelita bu elitaga xos bo‘lgan psixologik hususiyatlarga ega, biroq u yoki bu jamiyatda maqomi va boshqa turli xil to‘sqinlar sababli boshqaruv funksiyalarga kirishga ega bo‘lmagan kishilar guruhidir. Ba’zi bir holatlarga ko‘ra, elita va kontrelita vakillari o‘z o‘rinlari bilan almashishlari mumkin.

Amerikalik siyosatshunos R. Mils hukmron elitaning ijtimoiy guruh sifatida maxsus, qadriyatli va psixologik o‘xshashligini ko‘rsatadi. Milsga ko‘ra, siyosiy elita yagona ijtimoiy ildizlarga, aniq ifodalangan guruh ijodiga, harakat va birlashish uchun umumiy irodaga ega. Umumiy ijtimoiy ildiz, ta’lim - tarbiya, «hayot tarzi»dan kelib chiqqan holda manfaatlarning umumiyligi va shaxsiy birdamlikka tayangan yuqori jipslik buni ko‘rsatadi. Milsning fikricha, siyosiy elitaga kiradigan shaxslarning ma’naviy talablari, imkoniyatlarining majmui, ijtimoiy da’volarning darajasi va hatto psixologik hususiyatlari yuqori moslik bilan ajralib turadi. Bu esa, siyosiy elita nafaqat hokimiyatga ega bo‘lgan kishilar guruhini, balki ijtimoiy tanlash natijasida shakllangan ijtimoiy guruh ekanligini bildiradi. Siyosiy elita o‘zi nimani –bildiradi? Unga kimlar kiradi? Uning tuzilishi qanday?

«Siyosiy elita» tushunchasini keng va tor ma’noda qo‘llash lozim. Keng ma’noda «siyosiy elita» tushunchasi «hukmron elita» tushunchasiga teng.

Boshqaruv elitasi bu jamiyatning tashkiliy ozchiligi bo‘lib, ko‘pchilikdan farqli bo‘lgan lekin juda birdam ijtimoiy guruh hisoblanadi. U liderlik qobiliyatlarga ega bo‘lib, boshqaruv funksiyalarini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan; u jamiyat institutlarida boshqaruv kursini egallaydi, hamda bevosita va bilvosita jamiyatda hokimiyat qarorlariga ta’sir ko‘rsata oladi.

Siyosiy elita tor ma’noda boshqaruvchi elitaning bir qismi bo‘lib, o‘zining hokimiyatni amalga oshirishga bevosita qatnashishi bilan undan farq qiladi.

Siyosiy elita o‘z qo‘lida davlat hokimiyatini jamlagan va jamiyat boshqaruvida yuqori lavozimlarni egallaydigan ijtimoiy guruhdir. Jamiyatning siyosiy elitasiga hokimiyat funksiyasi va vakolatlariga ega bo‘lgan yuqori rangdagi professional siyosatchilar kiradi. Yana siyosiy elitaga siyosiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda jamiyat rivojlanishining strategiyasini ishlab chiqishda qatnashadigan maxsus tayyorlangan oliy darajadagi siyosiy xodimlarni kiritamiz, siyosiy elitaning o‘ziga xos asosiy tomonini ta’kidlash maqsadida, uni ba’zan «davlatlarning siyosiy rahbariyati», «siyosiy qarorlar qabul qilish markazi» deb aytishadi. Uning tarkibi yildan-yilga o‘zgaradi, ammo lavozimlar tuzilishi deyarli o‘zgarmaydi. Bu davlat boshliqlari, ijro etish, qonun chiqarish, sud hokimiyatlarining rahbariyatlari, oliy diplomatik korpuslaridir. Siyosiy elita hokimiyat funksiyalarining hajmi asosida siyosiy elitaning quyidagi darajalariga bo‘lish mumkin: oliy, o‘rta va quyi.



Oliy darajadagi siyosiy elitaga mamlakat rahbari, Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari va lider vazirlar, parlament spikeri, deputatlar fraksiyalari rahbarlari kiradi. Bu, jamiyat uchun ancha muhim bo‘lgan siyosiy echimlarni qabul qiladigan, son jihatidan ancha cheklangan insonlar guruhi (100-200 kishi).

O‘rta darajadagi siyosiy elita ko‘plab sonli saylangan mansabdor shaxslardan shakllanadi: hokimlar (gubernatorlar), parlament deputatlari, siyosiy partiyalar va jamoat harakatlari hamda kasaba uyushmalari boshliqlari. Lekin, demokratik institutlar rivojlangan davlatlarda partiyalar va kasaba uyushmalar liderlari yuqori elita tarkibiga kirishlari mumkin.

Quyi darajadagi elitani mahalliy doirada faoliyat olib boruvchi siyosatchilar tashkil qiladi (rahbarlar va mahalliy boshqaruv organlari deputatlari, regional doiradagi partiya a’zolari).

Administrativ elita – bu boshqaruvning texnik-tashkiliy vositalarini o‘z qo‘lida monopollashtirgan, boshqarayotgan elitaning bir qismidir. Personal tarkibda administrativ elita – bu vazirliklarda, hukumatning turli boshqaruv organlari departamentlarida muhim o‘rinlarni egallovchi davlat ishchilarining (mansabdor shaxslar) eng yuqori tabaqasi. Administrativ elita siyosiy elita tarkibiga kiradi, lekin, uni (boshqaruv apparati) tuzilishi jihatidan mustaqil guruhga ajratish mumkin.

Iqtisodiy elita – bu boshqaruv tizimida o‘z faoliyatini xususiy mulk asosida olib boruvchi, boshqarayotgan elitaning bir qismidir. Iqtisodiy elita tarkibiga o‘z qo‘llarida moddiy va moliyaviy resurslarni to‘plagan shaxslar kiradi: ulkan korporatsiyalar, banklar egalari va ularning menejerlari.

Harbiy va politsiya elitasi tarkibiga davlatning oliy harbiy rahbarlari, generalitet, ichki ishlar vazirligi, davlat xavfsizligi, maxsus xizmatlar va hk. boshliqlari kirishadi. Ba’zi davlatlarda harbiy elitaning bir qismi oliy tabaqa elita tarkibiga kirsa, boshqa qismi esa o‘rta yoki administrativ elita tarkibiga kiritilishi mumkin.

Ko‘zga ko‘rinadigan qatlamlardan birini, ma’naviyat, madaniy, mafkuraviy elitalar tashkil qiladi. «Ma’naviy yo‘lboshchilar» va yirik ommaviy axborot vositalari xodimlari va ta’lim tarbiya maskanlari, ziyoliylar va zakovatlilar, yozuvchilar, diniy arboblar, adabiyot va san’at xodimlari shular jumlasidandir.



Siyosiy elitalar paydo bo‘lishining sabablari va ularning vazifalari

Siyosiy elita - bu hokimiyatga erishgan, jamiyat hayotining turli sohalarida buyruq beruvchi o‘rinlarni egallagan odamlar to‘dasi emas, balki barcha siyosiy tizimlarda bo‘ladigan mukammal tashkil etilgan hamkorlik ijtimoiy guruhlardir. Shu o‘rinda, u guruhlarning vujudga kelishi uchun ma’lum bir ob’ektiv sharoit va imkoniyatlar bo‘lishi lozim. Bu sabablar, imkoniyatlarini uch darajaga bo‘lish mumkin. Birinchi darajali imkoniyatlarni ijtimoiy sabablar tashkil etadi: umumiy mehnat taqsimoti va jamiyatni ijtimoiy yo‘naltirishdan iborat.

Mehnat taqsimoti qonuni va u bilan bog‘liq bo‘lgan jamiyatning ijtimoiy yo‘naltirilishi, turli guruhlar va qatlamlarning ijtimoiy vazifalarining farqliligini ta’minlaydi. Jamiyatning sohalashtirilishi faqat mehnat taqsimoti tufayli yuzaga kelishi mumkin, va bu erda har bir ijtimoiy guruh hayot uchun muhim bir vazifani bajaradi: biri moddiy ishlab chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lsa, keyingisi ma’naviy qadriyatni tashkil qiladi, uchinchisi boshqaruvchidir va hokazo. Jamiyat organizmining mo‘‘tadil ishlashi uchun, o‘z vazifasini bajarishi uchun hayot faoliyatining barcha turlarini hisobga olish, o‘rganish lozim. Lekin ulardan ba’zilari hayot uchun muhimroq, boshqalari esa ikkinchi darajalidir. Shunday qilib ijtimoiy ierarxiya asosida ularni ijro etadigan mos sinflar, qatlamlar va guruhlar ierarxiyasi paydo bo‘ladi.

Ijtimoiy piramida yuqorisiga umumiy boshqaruv va rahbarlikni amalga oshiruvchilar qo‘yiladi, zero ushbu funksiyalar vositasida ijtimoiy organizm birligi ta’minlanadi, Boshqa funksiyalarning muvaffaqiyatli ijrosi uchun zarur chora ko‘riladi. Shundan kelib chiqib, elitaning mavjudligi boshqaruv mehnatining yuqori ijtimoiy ahamiyati va uning ustunliklar va boshqa shakllar tizimi ko‘rinishdagi muvofiq xohish irodasi bilan izohlanadi. Rag‘batlantirishning bu shakli barcha siyosiy tizimlarda mavjud. Undan davlatni boshqarish borasida faoliyatning yuqori motivatsiyasini yaratishda foydalaniladi. Ammo, bu erda nafaqat jamiyat, davlat tomonidan yo‘lga qo‘yilgan motivatsiyalar, balki individlarning «yuqoriga ko‘tarilish», davlatni boshqarishda muhim pozitsiyalarni egallash uchun bo‘ladigan ichki motivatsiyasi ham namoyon bo‘ladi. Gap shundaki, siyosat bu qadriyat va resurslar yoyilishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan boshqaruv mehnatidir. Boshqaruvda siyosatdan foydalanishdagi keng imkoniyatlar muhim stimuldir, demak boshqaruvchi elita mavjudligining omili ham shudir.



Ijtimoiy tengsizlik - bu maqomlar tengsizligidir. Bu tengsizlik iqtisodiy sabablar bilan izohlanishi mumkin. Mulkka va avvalo ishlab chiqarish vositalariga ega individlar va guruhlar moddiy boylikning iste’molida va taqsimlanishida hukmron mavqega ega.

Hozirda ham bu tengsizlik individlarning u yoki bu ijtimoiy rolni bajarishdagi qobiliyatlari bilan xarakterlidir. Shu bilan birga rahbarlikda, boshqaruv faoliyatida tajriba, umumiy bilimlar yalpi iffat va yuqori intellekt talab qilinadi.

Lekin odamlar tabiatan har xil qobiliyatlarga egadirlar. Demak odamlarning tabiat in’omiga egaligi, psixologik tengsizligi jamiyatning elita va ommaga bo‘linishda ikkinchi muhim omildir.

Jamiyatning siyosiy soha faoliyatining hususiyatlaridan kelib chiquvchi siyosiy elitaning siyosiy omillari ham mavjud. Siyosat har kimning qiziqish doirasiga kiravermaydi. Ko‘plar uchun siyosatga jalb qilinish bu ikkinchi darajali ishdir. Siyosatda ozchilik faollik ko‘rsatadi.

Shunday qilib asosiy hayotiy manfaatlari siyosatda bo‘lmagan siyosiy passiv omma siyosiy elitaning mavjudligidagi muhim omil. Hatto eng taraqqiy etgan demokratik davlatlarda ham asil siyosiy amaliyotda ommaning siyosiy qarorlarini qabul qilish va siyosatni idora qilishdan chetlatish yuqori darajada va xalq hokimiyatining xalqni boshqarishi har xildir. O‘zining ijtimoiy mavqeidan va vujudga kelish, mavjud bo‘lishining sabablaridan kelib chiqib hokimiyatdagi elitaning ijtimoiy vazifalari kelib chiqadi. Uning asosiy vazifasi jamiyatni idora qilish. Ijtimoiy boshqaruv, avvalo, insonlarning hayot tarziga ta’sir qilish bilan amalga oshiriladi. Buni esa elita jamiyatning moddiy va ma’naviy boyliklarini boshqarish bilan amalga oshiradi, hokimiyatdagi elita bu boshqaruvdagi kadrlarning asosiy zahirasi bo‘lib, boshqaruvning siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy, harbiy, madaniy va ma’rifiy jabhalariga boshliqlarni tarqatadi.

Ijtimoiy boshqaruvda jamoatning qadriyatlari muhim ahamiyatga egadir. Boshqaruvdagi elita jamiyatdagi taraqqiyotning qadriyatlarini, maqsad va vazifalarini ishlab chiqish mas’uliyatiga ega va bu me’yor hamda qadriyatlar, ideallar, ijtimoiy-siyosiy doktrinalar davlat faoliyatining uzoqqa yo‘naltirilgan dasturlari shaklida bo‘lishi kerak.

Jamiyatning siyosiy madaniyati shakllanishiga boshqaruvchi elita faollik bilan ta’sir ko‘rsatadi va hozirgi mafkuraviy modellar va maqsadlarni “Yorug‘ kelajak” barpo etish uchun aniqlab ishlab chiqadi.

Siyosiy elita to‘g‘risidagi tasavvurlarni chuqur bilish uchun aniq tarixiy yondashuvlarni ko‘rib chiqish lozim.

XX asr siyosatshunoslari uchun siyosiy elita yoxud boshqaruvchi siyosiy elitani mavjudligi absolyut banallik sifatida qabul qilinishi kerak. Ammo hozirgi kunda siyosiy elita va jamiyat o‘rtasida mavjud bo‘lgan munosabatlarning keskinlashuvi kuzatilmoqda va o‘rtada nizolar kelib chiqmoqda. Bu orada ikkita asosiy modellarni ko‘rib chiqish kerak. Birinchi model shuni ta’kidlaydiki, ta’sir doirasi keng va butun jamiyatni o‘ziga qamrab oladigan siyosiy elitalar mavjud. Bu oligarxik, elitaristik modeldir. Ikkinchi model esa ko‘plab elitalarning mavjudligini ta’kidlaydi va elitalar o‘rtasidagi raqobatni ham o‘z nazarida tutadi. Bunday model esa poligarxik, yohud demokratik model nomini olgan.

Birinchi modelning ko‘zga ko‘ringan vakillari, “makiavellistik maktab” deb nom olgan oqim namoyandalari G.Moska, V.Pareto, R.Mixelslardir. “Makiavellistlar degan atamani” birinchi bo‘lib amerikalik politologlardan F.Xinter ishlatgan. Bunga sabab ushbu siyosatshunoslarning fikrlari XVI asrda ijod qilgan buyuk mutafakkirning fikrlariga yaqin edi.

“Makiavellistlarning” xususiyati shundaki, ular elitani alohida mujassamlashgan guruh sifatida ko‘rganlar. Bundan tashqari, bu guruh boshqa guruhlar orasida o‘z ustunligini alohida xususiyatlar bilan qo‘llab-quvvatlagan.

Jamiyatning boshqaruvi ozchilikka bo‘ysunishi, ya’ni elita va bo‘ysunadigan ko‘pchilik – har qanday jamiyatni harakatga keltiruvchi omma hisoblanadi. Bunday bo‘lishi qonun bo‘yicha insonning tabiatidan kelib chiqadi. Bu tabiiy hol bo‘lib, elita tarkibining o‘zgarishiga qaramasdan o‘z asosiga ko‘ra uning ommaga bo‘lgan hukmronlik holati o‘zgarmasdir. Ko‘pchilik ozchilik tomonidan boshqariladi, chunki ozchilik yaxshi tashkillashtirilgan bo‘ladi. Hukmron sinfiga asosan guruh hamjihatligi xos bo‘ladi. Bu guruhning hamjihatligi nafaqat professional status, ijtimoiy kelib chiqishning umumiyligiga asosan balki o‘zini elitaristik anglash, o‘zini jamiyatni boshqarishga qodir deb topilgan alohida qatlam deb hisoblashga ham asoslangan. Boshqaruvchi elita qatoriga qo‘shilish har bir shaxsda alohida sifat va qobiliyatlar majmuasiga ega bo‘lishni talab qiladi. Elitalarning alohida sifati tabiiy tug‘ma holat hamda boshqarish qobiliyatini shakllantirish tarbiyaga bog‘liqdir.

Ammo bu sifatlar doimiy emas. Ular inson jamiyatining evolyusion jarayonida o‘zgaradi. Shunday qilib oddiy jamiyatda harbiy botirlik yuksak darajada baholangan. Sivilizatsiyaning rivojlanish sifati me’yorida hukmronlikni ozchilikni qo‘liga beradigan hukmronlik boylikka ega bo‘lishni bildirar edi. Tarixni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, hukmron sinfga kirishni uch omil ochib beradi: harbiy botirlik, moddiy boylik, ma’naviy hukmronlikka egalik. Ushbu uch omil bilan aristokratiyaning uch tarixiy shakli bog‘liq: harbiy, cherkov va moliyaviydir. Biroq hukmron sinfga ajratishning oliy mezoni boshqarish qobiliyati hisoblanadi. O‘z jamiyatining zaif va kuchli tomonlarini biluvchi, uni nazorat qila olishdir.

Hozirgi paytda tashkil etilgan jamiyatning ustidan hukmronlik qilish ushbu vaziyatning o‘zgarmasligini bildirmaydi. Jamiyatda har doim hokimiyat uchun kurash olib boriladi.

Tabiiy tug‘ma, iste’dodli ko‘pgina kishilar hukmronlik imtiyoz holatini qo‘lga kiritishga intiladilar. Jamiyat esa o‘z-o‘zidan doim rivojlanib boradi. YAngi vaqt hukmron elita oldida yangi vazifalarni qo‘yadi. G.Moska hukmron sinfning rivojlanishida ikkita tendensiyani belgilaydi. Bir tomondan elita vakillarining o‘z vazifalari va imtiyozlarini o‘zlarida doimo qoldirishga harakat qilishi, ikkinchi tomondan yangi kuchlarning eski kuchlarning o‘rniga kelishidir. Agar jamiyatda aristokratik yondashuv ustunlik qilsa, hukmron sinf yopiq bo‘ladi va jamiyatning rivojlanish qobiliyati qisqaradi. Agar ikkinchi (demokratik) tendensiya ustunlik qilsa, hukmron sinfga kirish qiyinchilik tug‘dirmaydi va uning shaxsiy yangilanishi tez sur’atlar bilan oshib boradi. Ammo bunday tendensiya holatida quyi guruhlarning hokimiyatni egallash uchun bo‘lgan hatti-harakatlari beqaror vaziyat, siyosiy krizislarga olib kelish xavfini tug‘diradi.

V. Pareto G.Moskaning elitalar nazariyasining ko‘pgina fikrlarini boyitdi. U shuni alohida ta’kidlab o‘tdiki, hukmron elita bu jamiyat ustida turuvchi maxsus ijtimoiy guruh hisoblanadi. Bu guruh muhim mushtaraklikka ega. U umumiy kelib chiqish va birgalikda o‘tgan tarixiy yo‘l asosida chatishib ketgan va o‘zining hatti-harakatlarini o‘z maqsadlariga erishish uchun yo‘naltiradi. V. Paretoning ahamiyatli nazariyasi elitaning omma ustidagi ustunligini asoslash fikriga qaratilgan. Ushbu ustunlik elitalar vakillarining tabiiy sifati bilan tushuntiriladi: ularning hayoti, kuchi, energiyasi va irodasidir.

V.Paretoda jamiyatni boshqarish uchun qo‘llanadigan resurslarni sharhlashda ko‘proq makkiavelistik qarashlar mavjud. Uning fikricha nisbatan kamsonli sinf qisman kuch bilan hokimiyat tepasida tura oladi va qisman bo‘ysunuvchi sinfning ko‘p qismi tomonidan berilagan roziligi sababi bilangina tura oladi. Rozilikning omili hukmron elitaning ommani o‘zining haqligiga ishontirish qobiliyatiga asoslangan. Rozilik ehtimoliga elitalarning ko‘pchilik his-hayajoni va emotsiyasiga ta’sir etish usuli bilan, ustalik bilan ega bo‘lishiga bog‘liqdir. Biroq ishontirish qobiliyati hokimiyatni saqlash uchun ko‘p hollarda etarli emas va o‘sha paytda elita o‘z faoliyatida kuch ishlatishi kerak.

V.Pareto shuni ta’kidlaydiki, ozchilikning ko‘pchilik ustidan hukmronligi tabiiy tug‘ma qobiliyatga bog‘liq bo‘lsa, o‘zining doimiy hukmronlik holatini ta’minlab berishi mumkin emas. Elitalarga tegishlilik majburlash asosida hech qachon meros bo‘lib o‘tmaydi. Bolalar o‘z ota-onasining yuksak sifatli qobiliyatlarini o‘zlarida mujassamlashtira olmaydilar, va shuning uchun bu xislatlar kamayish tendensiyasiga ega. Ayni paytda jamiyatda doimo kontrelita mavjud bo‘lgan. Kontrelita elitalar elementining doimiy potensialli raqiblaridirlar.

Elitalarni tanlash va saralash tizimlari

Hozirgi davrda demokratik jamiyatlar uchun dolzarb vazifalardan biri –elitar guruhlarga qarshi kurash emas,balki jamiyat uchun foydali siyosiy elitalar guruhini shakllantirishdir, unda ijtimoiy vakolatlilikning o‘z vaqtida sifat jihatdan yangilanib turishini ta’minlash,oligarxiyalashuvi, xalqdan begonalashuvi va yopiq hukmron, imtiyozli tabaqaga aylanishining oldini olishdir. Elitalar ijtimoiy vakolatligiga, uning sifatiga va samaradorligiga elitalarni, a’zolarini tanlab olish tizimi muhim ta’sir ko‘rsatadi. Elitaga tanlab olishning ikkita asosiy tizimi, gildiya va antreprent tizimi mavjud.

Gildiya tizimiga talabgorlarni yopiq holda tanlash, quyi xizmat pillapoyalaridan, yuqori qarab o‘sish, tanlab olishga, murakkab talablar tizimi (bularga partiya a’zoligi, ish staji, ma’lumoti, egallab turgan lavozimi, rahbariyatning ijobiy tavsifnomasi va hokazalar kiradi) xos.

Antraprener tizimi gildiya tizimiga qarama-qarshi bo‘lib, bu tizim quyidagilar bilan xarakterlanadi:



  • Ochiqlik, yetakchi pozitsiyalarni egallashga har qanday ijtimoiy guruhlarga keng imkoniyatlar berilishi;

  • Rasmiy talablarning ko‘p emasligi;

  • Istagan kishi da’vogarlik qila olishi;

  • Tanlab olishdagi yuqori raqobat;

  • Shaxsiy xususiyatlarning yetakchi ahamiyatga egaligi va h.k.

Jamiyatda siyosiy elitalar bir qator muhim vazifalarni bajaradi. Avvalo, ular butun jamiyat, alohida qatlamlar manfaatini ifodalovchi yangi g‘oyalarni ishlab chiqaradilar va jamiyat rivojining asosiy yo’nalishlarini belgilab beradi. Bu – strategik funksiyadir. Siyosiy elita o‘z dasturlarida jamiyatdagi turli ijtimoiy qatlamlarning manfaatlari aks etishiga intilishi bilan, ikkinchi, kommunikativ funksiyani bajaradi. Siyosiy elita tashkilotchilik, ya’ni ishlab chiqilgan rejalarni hayotga tatbiq etish vazifasini ham bajaradi. Shuningdek, siyosiy elita jamiyatning barqarorlik va birligini, uning iqtisodiy va siyosiy tizimlari turg‘unligini, ixtiloflarning oldini olish orqali jamiyatni birlashtirish funksiyasini bajaradi.

Yetakchilik tushunchasi va tasnifi

Siyosiy liderlik hodisasiga sotsiologiya, siyosatshunoslik, psixologiya va boshqa fanlarda ko‘plab nazariyalar mavjud. Bu hodisaga qiziqish va uni tahlil etishga intilishning ibtidosi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Antik davrning mualliflari Gerodot, Plutarxlar ham siyosiy liderlik to‘g‘risida ko‘plab mulohazalar bildirishgan.

Siyosatshunoslik nuqtai nazaridan siyosiy liderlik hodisasini tahlil etishda Abu Nasr Farobiy, Amir Temur, A. Navoiy, N. Makiavellining xizmatlari kattadir. N. Makiavellining fikricha, siyosiy lider - bu butun jamiyatni jipslashtiruvchi, ijtimoiy tartiblarni saqlab qolish va mustahkamlash uchun har qanday vositalarni qo‘llovchi hukmdordir.

Liderning volyuntaristik nazariyasini G. Karleyl (1795-1881) va R. U. Emersonlar (1803-1882) ishlab chiqqanlar. Ular fikriga ko‘ra tarix qaxramon, diniy shaxs ijodining mahsulidir.

Siyosiy fikrlar ta’limotidagi siyosiy liderlik nazariyasida F. Nitsshe ishlab chiqqan paradigmalar ham muhim rol o‘ynaydi. U oliy biologik tip - yetakchi, yo‘lboshchi inson, g‘ayritabiiy favqulodda inson to‘g‘risidagi g‘oyani asoslashga harakat qildi. G‘ayritabiiy favqulodda inson insoniy axloq me’yorlari bilan chegaralanmagan, yaxshilik va yomonlikdan yuqori turadi. U oddiy odamlarga, o‘ziga o‘xshash favqulotdagi yo‘lboshchn insonlar bilan mehribon, muloyim bo‘lishi mumkin. U yuksak hayotiy quvvatga egaligi va hokimiyatga bo‘lgan irodasi bilan boshqa kishilardan ajralib turadi. U kishi, irodali, rivojlangan va go‘zal insondir.

Lider, yo‘lboshchilar to‘g‘risidagi zamonaviy nazariyalarga G. Tard (1843-1904) ijodi sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. U ijtimoiylashuv to‘g‘risidagi nazariya asoschilaridan biri bo‘lib, hayotning asosiy qonunlaridan biri- lider, yo‘lboshchilarga izdoshlarning taqlid qilishidir, degan g‘oyani asoslashga harakat qiladi. Jamiyat taraqqiyotining asosiy manbalaridan biri tashabbuskor va noyob shaxslar tomonidan qilingan yangiliklar, kashfiyotlardir.

Lider - yo‘l ko‘rsatuvchi ma’nosini anglatadi. Bu xususiyatga ega inson boshqalarga ta’sir eta olishi, muayyan maqsadlarga erishish uchun ularning birgalikda faoliyatini tashkil eta olish qobiliyatiga ega.

Siyosiy liderlik - siyosiy faoliyat turi bo‘lib, u ikki tomon o‘zaro aloqalarini anglatadi: birinchi tomon - liderlar o‘z izdoshlarining manfaat va ehtiyojlarini biladilar va bayon etadilar, boshqa tomon esa, shu manfaatlarni ifodalash va amalga oshirishlari uchun o‘z vakolatlarining bir qismini ularga ixtiyoriy ravishda topshiradilar.

Zamonaviy siyosatshunoslikda liderlikka doir bir qancha yondashuvlar mavjuddir:

Lider - bu boshqa kishilarga ta’sir etish demakdir. Lider va uning izdoshlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar mavjud bo‘lib, u liderdan guruh a’zolariga qarab har doim bir tomonlama yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Liderlik - bu boshqaruvchanlik maqomi, qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy pozitsiyadir.

Siyosiy liderlik - bu siyosat bozorida amalga oshiriladigan maxsus tadbirkorlik shaklidir. Bunday raqobatchilik kurashuvida tomonlar ijtimoiy vazifalarini echish bo‘yicha dasturlar bilan almashinadi.

Siyosiy lider - siyosiy jarayonlar bilan birga butun jamiyat, siyosiy tashkilot, yoki harakatni ham boshqaradi, voqealarning borishi va siyosiy jarayonlar yo‘nalishini o‘zgartira oladi. Siyosiy liderlar jamiyatdagi siyosiy jarayonlarni jonlantiradilar, jamiyatning tarixiy rivojlanishini belgilovchi dasturlar, g‘oyalarni ilgari suradilar.

Siyosiy liderga kuchli iroda, yoqimlilik, qat’iylik qobiliyati, intuitsiya zarur.

Liderlik va yo‘lboshchilikninng tabiatini tushuntirib berishda xilma-xil nazariyalar mavjud. Ulardan biri xarak­ter nazariyasidir.Ushbu nazariyaning mohiyati shuki, unda liderlik hodisasi shaxsning yuksak xususiyatlari asosida tushun­tirib beriladi. Bunday xususiyatlarga quyidagilar kiritilgan: o‘tkir zakovat, faxm-farosat, temir iroda, kaynoq energiya, yuksak tashkilotchilik qobiliyatlari, kishilarga yoqa olishlik xususiyati, ayniqsa bilimdonlik va ma’suliyatlilikni o‘ziga olishga tayyorlik xususiyati. Hozirgi demokratik davlatlarda siyosiy liderlarga xushsur’atlilik, notiqlik xususiyatlari ham asosiy talablar sifatida qo‘yilmoqda

Siyosiy liderlarning xarakterli xususiyatlarini aniqlash maqsadida keng sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazilgan. Bu tadqiqot natijalari xarakterlar nazariyasini muayyan darajada inkor etadi, ya’ni chuqurroq tahlil qilganda liderlarning individual xususiyatlari umuman shaxsning barcha jihatlari va ijtimoiy xu­susiyatlari bilan umuman olganda mos kelishi aniqlangan.

Yana shu narsa aniqlanadiki, shaxsning liderlik qilishi uchun muayyan xususiyatlari yig‘indisi haqiqatdan ham muayyan da­rajada rol o‘ynaydi. Bu xususiyatlar yig‘indisi tarixiy davr va dunyodagi turli-xil davlatlar xususiyatlariga ko‘ra turlicha bo‘lishi mumkin.

Bular xarakterlar nazariyasidagi ikkinchi yo‘nalishni yoki omiliy-tahliliy ta’limotlarni vujudga keltiradi. Bu ta’limot liderlarning sof individual xususiyatlarini va muayyan siyosiy maqsadlarini amalga oshirish yo‘lidagi xulq-atvorlarning belgilarini tahlil qiladi.



Omiliy-tahliliy ta’limot siyosiy liderlar nazariyasiga muayyan vaziyat bilan bog‘liq maqsad va vazifalar tushunchasiii kiritadi. Siyosiy yetakchining individual xususiyatlari va uning oldida turgan maqsadlarga erishishga intilishi natijasida siyosiy liderning «ikkinchi tabiati» vujudga keladi. Xulq-atvori uslubi ishlab chiqiladi. Siyosiy liderning maqsadni mo‘ljallash va unga erishish uslubiga muayyan ijgimoiy vaziyatlar ta’sir ko‘rsatadi.

Liderlikning muayyan ijtimoy shart-sharoitlariga bog‘liqligini vaziyatlar ta’limoti yanada rivojlantiradi va asoslab beradi. V. Dall, T. Xilton, A. Gardner va boshqalar lider hodisasining nisbiyligidan, ko‘p xilligidan kelib chiqdilar. Lider - muayyan vaziyat mahsulidir. Aynan vujudga kelgan muayyan vaziyatlar siyosiy liderlarni tanlab oladi va uning xulq-atvorini belgilaydi. Tarixda tasodifiy liderlar bo‘lmaydi: har bir lider o‘z davrining, tarixiy vaziyatining mahsulidir. Iskandar Zulqarnayn, Oliver Kromvel, CHingizxon, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdilar ham o‘z davrining liderlari edilar. Ammo, bir-birlaridan farq qilardilar.

Vaziyatlar ta’limoti siyosiy liderning individual xusu­siyatlarini rad etmaydi, lekin ularni mutlaqlashtirish ham noo‘rin deb hisoblaydi va siyosiy liderni muayyan siyosiy va­ziyatlar xosilasi deb qaraydi. Vaziyatlar ta’limotiga aniqlik kiritish, rivojlantirish va sifat jihatlaridan boyitish iatijasida siyosiy liderlikni, uning izdoshlari va tarafdorlari yordamida tushuntirish ta’limoti vujudga keldi.

Zamonaviy siyosatshunoslikda tarafdorlar tushunchasi keng qamrovli bo‘lib, siyosiy faollardan tashqari liderning saylovchilari, shuningdek u bilan o‘zaro munosabatda bo‘luvchilar ham bu tushuncha mazmuni tarkibiga kiritiladi. Ularni tahlil qilish siyosiy liderning xulq-atvorini, qabul qiladigan qarorlarini oldindan bilish imkoniyatini beradi.

Bunday yondoshuvning afzalligi shundaki, liderlik rahbar va tarafdorlar o‘rtasidagi maxsus munosabatlar sifatida qaraladi.

Lider bilan munosabatlarning shakllanishi va amal qilishida siyosiy faollarning roli kattadir. Aynan tarafdor­lar uning shaxsiy sifatlari va imkoniyatlarini etarli baholay oladilar, uni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasini tashkil qiladilar. Ular vositasida, ayniqsa ularning maqsad va qarashlariga, shuningdek saylovchilarning kayfiyatlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Siyosiy liderlarni tarafdorlar, manfaatlarining ifodachisi sifatidagi bunday qarash birmuncha kamchiliklarga ham egadir. Ushbu nazariya va vaziyatlar ta’limoti ham siyosiy liderning hokimiyatni egallagandan keyingi faoliyatidagi mustaqillikni, faollikni tushuntirib bera olmaydi. Tarix saboqlari ko‘rsatadiki, ko‘pgina siyosiy rahbarlar, o‘zini hokimiyat tepasiga keltirgan qatlamlar va guruhlar manfaatlariga qarshi qaratilgan faoliyat yuritganlar.

Buni Stalin faoliyatida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. U hokimiyatga chiqqandan keyin o‘n besh yil davomida o‘zini hokimiyat tepasiga keltirgan bolsheviklarni deyarli butunlay, bundan tashqari o‘z partiyasi a’zolarining yarmini yo‘q qildi. Bunga o‘xshash holni A. Gitler misolida ham ko‘rishimiz mumkin U ham o‘zini hokimiyat tepasiga keltirgan eski natsistlar partiyasi a’zolarini deyarli butunlay yo‘q qildi.

Bu va ko‘pgina dalillar shuni ko‘rsatadiki, lider va tarafdorlar o‘zaro ta’sirini ikki tomonlama yo‘naltirilgan harakat sifatida qarash kerak. Liderlar o‘z ijgimoiy tayanchlarini muayyan darajada o‘zgartirishlari mumkin. Bunday hol ayniqsa avtoritar va totalitar siyosiy rejimlarda fojiali tus olishi mumkin.

Siyosiy liderlik tabiatini tushuntirish murakkab va uni bir xilda izohlash, uning sub’ektiv mexanizmlarini psixologik ta’limotlar, xususan psixoanalitika nazariyasi tushun­tirib beradi. Uning asoschisi 3. Freyddir. Siyosiy liderlik asosida shahvoniy mayllar yotadi. Sublimatsiya, boshqa holatga o‘tish jaryonida, u ijodiy faoliyatga jumladan siyosiy liderlikka ham intilish sifatida namoyon bo‘ladi. Ko‘pgina kishilarda rahbarlik lavozimlarini egallash sub’ek­tiv - kompensatorlik vazifasini bajaradi. Turli xil kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, nomukamallik hissiyotini engishga yordam beradi. Muayyan psixologik ehtiyojlar siyosiy liderga bo‘ysunishga majbur etadi.

Siyosiy liderlikning psixoanalitik nazariyasi rivojiga Frankfurt maktabi vakillari E. Fromm va T.Adorno sezilarli hissa qo‘shdilar.Ular avtoriritarizmga moyil bo‘lgan va hokimiyatga intiluvchi shaxs tipini aniqladilar. Bunday shaxs nosog‘lom, ya’ni oilaviy nevroz holatini keltirib chiqaruvchi sharoitlarda shakllanadi. Kishi bunday sharoitlarda ularning hammasidan hukmronlik yoki bo‘ysunish munosabatlariga qochishga intiladi. Liderlik-avtoritar shaxs uchun o‘zining notekis kayfiyatlaridan holi bo‘lishga va o‘z irodasiga boshqalarni buysundirishga imkon beradigan psixologik ehtiyojdir. Boshqalar ustidan cheksiz hukmronlik qilish, bunday kishiga o‘ziga xos sarxushlik baxsh etadi. U o‘ziga xos sadizm, zo‘ravonlik shaklidir. Shu bilan bir vaqtda avtorigar shaxs mazoxistik xususiyatga ham egadir, o‘zidan zo‘rroq kuch bilan to‘qnashganda unga sajda qiladi. Boshqalarning kuchsizligi unda g‘azablanish, ularni tahqirlash kayfiyatlarini tug‘diradi.

Bunday xulq-atvor shakli psixologik ma’noda kuchlilikning emas, kuchsizlikning namoyon bo‘lishidir. Avtoritar shaxs hakqoniy kuchga ega bo‘lmasdan, boshqa kishilar ustidan hukmronlik qilish vositasida u kuchga ega bo‘lishga o‘zini ishontirishga harakat qiladi. Bunday shaxs irratsionaldir, mistikaga moyildir va birinchi navbatda hissiyotlar asosida fikr yuritadi, tenglik va demokratiyaga toqat qila olmaydi. Boshqa barcha kishilarni kuchli-kuchsiz munosabatlari vosita­sida idrok etadi.



Siyosiy liderlik turlari juda ko‘p bo‘lib, ularni tahlil qilish ham ancha murakkablik tug‘diradi Ushbu vazifani siyosiy liderlikni kompleks tahlil qilish orqaligina amalga oshirish mumkin. U liderlikiing 4 asosiy xususiyatlarini hisobga oladi: liderning xarakterli xususiyatlari, u bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar, uning izdoshlari va ularning o‘zaro harakati tizimi, lider va o‘zaro munosabat mexanizmi. Lekin liderlikning universal ta’limotini yaratish mumkin emas. Sababi, bu voqelikning o‘zi namoyon bo‘lishiga, vazifalariga, tarixiy davr, siyosiy tizim xususiyatlariga ko‘ra xilma-xildir. Hozirgi zamon siyosatshunosligida siyosiy liderlar u yoki bu mezonlarga ko‘ra xilma-xil turlarga ajratiladi.

Rahbarning qo‘l ostidagilarga munosabatiga ko‘ra, u avtori­tar va demokrat liderlarga ajratiladi. Avtoritar liderlik tanho yo‘naltirilgan ta’sir etish xususiyatiga ega bo‘lib, u sanksiyalar, kuch ishlatishni nazarda tutadi. Demokratik yetakchilik rahbar tomonidan guruh yoki tashkilot barcha a’zolarining fikrlari, manfaatlarini hisobga olishda, ularni boshqarishda ishtirok etishda ifodalanadi.

Ushbu klassifikatsiya o‘zining kamchiliklariga qaramasdan uni qo‘llashda oddiy va qulaydir. Birinchi turdagi liderlik asosida odatlar, ikkinchisida tafakkur, uchinchisida e’tiqod va hissiyotlar yotadi. Ushbu klassifikatsiya asoschisi M. Veber xarizmatik liderlikni tahlil etishga alohida e’tibor beradi. U liderlikning ushbu turini inqiroz davrida jamiyatning yangilashning muhim harakatlantiruvchi kuchi sifatida qaraydi, chunki xarizmatik dohiy obro‘-e’tibori o‘tmish bilan bog‘liq bo‘lmasdan, u ommani ijtimoiy yangilanish vazifalarini echishga safarbar etishga qodirdir. Jamiyat taraqqiyotidagi nisbatan tinch davrda esa tarixiy an’analarini avaylab- asrovchi va zaruriy islohotlarni amalga oshiruvchi ratsional-legal liderlar maydonga chiqadi. Umuman olganda, ko‘pgina davlatlar tarixida siyosiy liderlar turlarining almashinuvida muayyan ketma-ketlik kuzatiladi. Dohiy - asoschi, xarizmatik, an’anaviy lider - qo‘riqchi bilan, u esa o‘z navbatida islohotchi-qo‘riqchi bilan almashinadi.

Liderlikning mumtoz, deb hisoblash mumkin bo‘lgan uch turini M. Veberning «Siyosat - ham mayl, ham kasb sifatida» maqolasida bergan legitimlikning uch turiga asoslanadi:



Ananaviy liderlik. Liderlikning bu turlari an’analar, marosimlar, odat kuchi kabi mexanizmlarga tayanadi. Itoat qilish odati an’analarning muqaddasligiga va hokimiyatning meros tariqasida o‘tishiga asoslangan. Liderlikning bu turi dohiylar, oksoqollar, shoxlar boshqaruvi uchun xosdir.

Xarizmatik liderlik. Hukmdor - liderning qudratiga xalqning cheksiz ishonchiga asoslanadi.

Ratsional-oshkora liderlik. Liderlikni saylashning tartibi, unga muayyan hokimlik vakolatlarining oqilligi, qonuniyligi to‘g‘risidagi tasavvurlarga asoslanadi.

Amerikalik politolog Robert Taker siyosiy liderlikning uch turini ajratib ko‘rsatgan:



  • Konservatorlar. Jamiyatni shu holatida saqlab qolishga qaratilgan faoliyat olib boriladi.

  • Reformatorlar. Hokimiyat tarkibini keng qamrovli islohotlar vositasida tubdan o‘zgartirishga intiladilar.

  • Inqilobchilar. Odatda qurol kuchi bilan boshqa ijtimoiy tuzumga tez, sakrash orqali o‘tishni rejalashtiradi.

Zamonaviy siyosatshunoslikda liderlarning 4 ta yig‘ma obrazi qo‘llaniladi: bayroqdor yoki buyuk inson, xizmatkor, savdogar va o‘t o‘chiruvchi. Bayroqdor liderni voqelikni shaxsiy idrok etish, ommani jalb etishga qodir bo‘lgan g‘oyalar, ideallar ajratib turadi bunday turga Martin Lyuter Kingni kiritish mumkin.

Xizmatchi-lider ham o‘z tarafdorlari va saylovchilarning manfaatlarini ifoda etishga intiladi va ular nomidan ish ko‘radi. Savdogar-lider uchun o‘zining g‘oya va rejalarini chiroyli qilib ko‘rsatish, fuqarolarni ularning afzalligiga ishontirish, ularni bu g‘oyalarni sotib olishga jalb etish xosdir. Va nihoyat, o‘t o‘chiruvchi lider eng dolzarb ijtimoiy muammolarga, davrning muhim talablarini mo‘ljalga oladi. Uning hatti-harakatlari konkret vaziyatga ko‘ra aniqlanadi. Real hayotda bu obrazdagi liderlar alohida holda uchramasdan, siyosiy arboblarda aralashgan holda uchraydi.

Liderlar klassifikatsiyalashning boshqa konsepsiyalari ham mavjuddir. Liderlar turining xilma-xilligi, ularning faoliyatlari yo‘nalishlarining boyligi hal etiladigan vazifalarning kengligi bilan bog‘liqdir.



Liderning funksiyalari - uning faoliyatining bosh yo‘nalishlaridir. Ularning miqdori siyosiy tartibot, fuqarolik jamiyatining etukligi, aholi turmush darajasi ka­bi omillarga bog‘liq.

Adabiyotlarda liderlikning asosan quyidagi 6 funksiyasi ko‘rsatiladi:

1) Jamiyatni jipslashtirish va birlashtirish. Lider o‘zida va boshqa davlatlar bilan munosabatda milliy birlikni gavdalantirishi va namoyish qilishi, fuqarolarni umumiy maqsadlar va qadriyatlar yo‘lida birlashtirishi, Vatanga, davlatga, xalqqa xizmat qilishda o‘rnak bo‘lishi lozim.

2) Eng maqbul siyosiy qarorlarni ishlab chiqishi va qabul qilishi. Liderlar xatolar qilishdan kafolatlanmagan bo‘lsa ham, ko‘pincha yaxshi sa’y-harakatlar ko‘rsatmasa ham, baribir ijtimoiy vazifalarni hal qilishning eng ma’qul yo‘liii to­pa olishlik qobiliyatlari odatda ularning rahbarlik lavozimlarini egallashlarini oqlaydi.

3) Ijtimoiy hakamlik va patronajlik, qo‘riqchilik, omma­ni qonunsizlikdan, amaldorlarning o‘zboshimchaligidan himoya qilish, tartibot va qonunchilikni nazorat, rag‘batlantirish va jazolash choralari bilan saqlab turish.

4) Hokimning va ommaniig muloqot, siyosiy va hissiy aloqa kanallarini mustahkamlash va shu bilan fuqarolarning siyosiy rahbarlikdan begonalashuvining oldini olish. Ommaviy axborot vositalari, ayniqsa televidenie, shuningdek saylovchilar bilan o‘zaro uchrashuvlar va boshqa tadbirlar orqali prezidentlar va boshqa siyosiy rahbarlar xalq bilan bevosita aloqada bo‘lishi uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

5) Yangilanish tashabbuskori bo‘lish, optimizm va ijtimoiy energiyani to‘plash, ommani siyosiy maqsadlarini amalga oshirishga safarbar qilish. Lider xalq an’analarini avaylab asrashi, o‘z vaqtida yangiliklarni ilg‘ay olishi, jamiyat taraqqiyotini ta’minlashi, xalqda ijtimoiy ideallar va g‘oyalarga ishonch uyg‘otish lozim.

6) Tizimni legitimlashtirish. Bu funksiya asosan totalitar jamiyat liderlariga xosdir. Siyosiy rejim tarixiy xalq an’analarida va demokratik tartiblarida o‘z-o‘zini oqlay olmaganida, u buni xarizmatik liderning alohida xususiyatlaridan izlashga harakat qiladi. Bunda liderlarning qobiliyatlari haddan tashqari bo‘rttiriladi.

Hozirgi dunyoda liderlik rivojlanishida beshta tendensiya shakllandi:

1. Milliy liderlar global muammolarni endilikda chetlab o‘ta olmaydilar. Ular o‘z ichki siyosatlarini umumjahon, global jarayonning bir qismi sifatida qarashlari lozim bo‘ladi;

2. Norasmiy liderlarning roli va ta’siri ortib borishi;

3. Liderlar faoliyati iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishga ko‘proq jalb qilinyapti. Bu - lider faoliyati bilan bog‘liq ravishda u yoki bu millat turmush darajasining ortishida namoyon bo‘lyapti, o‘z navbatida bu faoliyat davomiyligi ham ortyapti.

4. Lider - qahramon va lider - anti-qahramon kabi siyosatchilarning paydo bo‘lishi ehtimoli kamayyapti.

5. Hokimiyatlar bo‘linishi va fuqarolik jamiyati chegaralarining kengayishi hisobiga siyosiy yetakchi hokimiyati ham cheklanyapti.

Har bir mamlakatda liderlarni etishtirib beruvchi kadrlar tayyorlash tizimi mavjud. U jamiyat siyosiy tizimi maqsadlari, siyosiy mafkura qadriyatlari bilan chambarchas bog‘liq. Shunga ko‘ra kadrlar tayyorlash tizimlarini uchga ajratish mumkin:

1. Liberal-demokratik tizim: Uning ikki qo‘rinishi mav­jud: g‘arbiy va Sharqiy.

2. Totalitar. Unda liderga, tizimga va mafkuraga sodiqlik alohida qadrlanadi.

3. Teokratik tizim. Diniy mafkura amal qiladigan mamlakatlarda mavjud.

Siyosiy liderning ijtimoiy ahamiyati to‘g‘ridan- to‘g‘ri siyosiy madaniyat darajasi va ommaning faolligi bilan bog‘liqdir. Faol siyosiy madaniyatning, barqaror demokratik an’analarning mavjudligi, davlat tomonidan nazorat qilinmaydigan fuqarolik jamiyati va siyosiy muholifatning borligi zaif liderlar uchun imkoniyatlarni kamaytiradi; turli xil o‘zboshimchalikning, hokimiyatni suiste’mol qilishning oldini oladi va shu bilan birga siyosatda indivi­dual qobiliyatlar va talantlarni namoyon qilishga keng yo‘l ochib beradi.


Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə