Mavzu: Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish



Yüklə 81,71 Kb.
səhifə3/7
tarix24.03.2022
ölçüsü81,71 Kb.
#84695
1   2   3   4   5   6   7
Mavzu Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish

Diskurs tushunchasining bu tarzda talqin etilishiga, shubhasiz, antropotsentrik paradigmaning shakllanishi va rivojlanishi katta ta’sir ko‘rsatdi. Diskursiv tahlil, obrazli qilib aytganda, bir necha lingvistik tahlil yo‘nalishlarining kesishgan chorrahasidir. CHunki diskursiv faoliyat, ya’ni ongli tarzda nutq yaratish va uni idrok etish48 jarayoni shaxs omilini o‘rganishni taqozo etadi. Zero, har qanday nutq ko‘rinishi bu – o‘zida muayyan ijtimoiy-madaniy muhitga mansub, psixologik va kognitiv jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan shaxs faoliyatining natijasidir. Ayon bo‘ladiki, diskursiv tahlil nutqni shaxs faoliyati sifatida o‘rganishni taqozo etadi. Bu jarayon esa lisoniy faoliyatga bir vaqtning o‘zida bir necha nuqtai nazardan yondashish kerakligini bildiradi. Ko‘rinadiki, nutqiy tuzilmani bu tarzda o‘rganish tadqiqotchiga juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berish bilan birga, uning diskursiv tahlil deb nomlanayotgan “chorraha”dan o‘tishini ham taqozo qiladi.

Diskursiv faoliyat jarayonini o‘rganmasdan turib diskurs hodisasini tushuntirib bo‘lmaydi. Diskursiv faoliyat – nutq yaratish va uni idrok etish jarayoni ekan, ushbu jarayon nutq yaratuvchi – muallif va uni qabul qiluvchi – retsipient shaxsi bilan uzviy bog‘liqdir. Bu o‘rinda diskursiv tahlil psixolingvistika, lingvokulturologiya, lingvistik semantika va kognitiv tilshunoslikning bir nuqtada kesishishini taqozo etadi.

Hozirgi kunda diskursiv tahlilning bir necha yo‘nalishlari mavjud. Ulardan biri diskurs interpretatsiyasidir. Diskurs interpretatsiyasi nutq tuzilmasini “ichdan” turib tahlil etuvchi, kognitiv tilshunoslik bilan uzviylikka ega bo‘lgan tahlil ko‘rinishlaridan biridir. Diskursiv tahlil tadqiqotchidan ham muallif nuqtai nazarini, ham retsipient nuqtai nazarini e’tiborga olishni talab qiladi.

Diskurs interpretatsiyasi bilan shug‘ullangan tadqiqotchilardan biri, mashhur gollandiyalik tilshunos T.A.van Deyk matbuot materiallari ustida olib borgan tadqiqotlarida diskurs tahliliga oid bir qancha muhim nazariy qarashlarni yaratdi49. SHulardan biri makropropozitsiya haqidagi ilmiy qarashdir. Makropropozitsiya termini matnda ifodalangan obyektiv mazmunni aks ettiruvchi hodisadir. T.A.van Deyk so‘zlari bilan aytganda, “Makropropozitsiya... diskursni tashkil etgan gaplarda ifodalangan propozitsiyalardan hosil qilingan propozitsiyadir.... u bir propozitsiyalar ketma-ketligining yana boshqa shunday yuqoriroq darajadagi propozitsiyalar ketma-ketligi bilan bog‘lanishini aniqlaydi va buning natijasida diskurs yoki epizodning global ma’nosi kelib chiqadi”50.

Olim matnda yonma-yon kelgan gaplarning mazmunan bog‘lanishini lokal aloqa, diskursda ifodalangan obyektiv mazmunni keltirib chiqaradigan bog‘lanishni esa global aloqa terminlari bilan nomlaydi va bu ikki hodisani farqlash lozimligini ta’kidlaydi51.

Darhaqiqat, matnda ifodalangan asosiy mazmun (tema, topik) alohida olingan gapdagi shunday mazmundan – propozitsiyadan tubdan farq qiladi. Makropropozitsiyani tadqiq etish tadqiqotchiga diskurs yaratilishida tafakkur va tilning munosabatini chuqurroq o‘rganish, lisoniy shaxs fenomenini kengroq yoritish imkoniyatini beradi. Makropropozitsiya matnda ifodalangan gaplarning mantiqiy sintezidir. Uning qanday verbal vositalar orqali ifodalanishi nutq yaratuvchi shaxsning diskursiv qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Olimning makropropozitsiya haqidagi qarashlari publitsistik uslub materiallari misolida asoslangan bo‘lsa-da52, uni badiiy matn tahliliga ham tatbiq etish mumkin. Makropropozitsiya haqidagi bu qarash murakkab mazmuniy tuzilishga ega bo‘lgan badiiy matnni tushunishning kognitiv-diskursiv jihatlarini yoritishda muhim ahamiyatga ega. Zero, har qanday nutqiy tuzilma, shu jumladan, ko‘p hollarda ikkilamchi nominatsiya bilan ish ko‘ruvchi badiiy matnning asosida ham mantiqiy-kognitiv asos yotadi.

Alohida ta’kidlash joizki, eng so‘nggi tadqiqotlarda matnga integrativ nuqtai nazardan yondashish fikri ilgari surilmoqda. Jumladan, E.YU.Bajenovaning fikriga ko‘ra, matnga bir vaqtning o‘zida kommunikativ, kognitiv va funksional nuqtai nazar bilan yondashish natijasida bu borada jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritish mumkin53. Mazkur fikrni bugungi kunda integrativ tahlil bo‘yicha yaratilgan ko‘plab tadqiqotlar ham isbotlamoqda. Zotan, integrativ tahlilning ustun jihati shundaki, unda matnni bir vaqtning o‘zida lingvistik va nolisoniy omillar nuqtai nazaridan tadqiq etish mumkin. Bu esa ayni hodisaning mohiyatini to‘lig‘icha yoritib berish imkonini yaratadi. Amerikalik tilshunos Eduard Sepir o‘zining “Lingvistikaning fan sifatidagi maqomi” nomli maqolasida shunday deb yozgan edi: “Lingvistik tadqiqotlar rivojlanishi jarayonida tilshunoslik inson haqidagi fanlarni egallashda muhim qurol ekanligini isbotlamoqda va, ayni vaqtda, o‘z mohiyatini chuqur yoritishga imkon beruvchi bu fanlarga ham ehtiyoj sezmoqda. O‘zining an’anaviy tadqiqot obyekti bilan chegaralanib qolgan tilshunos hozirgi davrda qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin. Agar unda ozgina tasavvur qila olish imkoniyati bo‘lsa, tilshunoslikning antropologiya, madaniyat tarixi, sotsiologiya, psixologiya, falsafa bilan, qolaversa, fiziologiya va fizika fanlari bilan mushtarak manfaatlarga ega ekanligini inkor eta olmaydi”54.

Mashhur tilshunosning bu so‘zlari zamonaviy tilshunoslikning etakchi yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan integrativ tahlil to‘g‘risidagi bashoratdek tuyuladi. Bugungi kunda matn tahlilida tadqiqotchilar grammatika, semantika, kognitologiya, sotsiolingvistika, sotsiopsixolingvistika, psixolingvistika,etnopsixolingvistika,lingvokulturologiya kabi bir qator yo‘nalishlar qo‘lga kiritgan yutuqlarga tayanib ish ko‘rmoqdalar. Bundan maqsad nutq yaratuvchi va uni idrok etuvchi shaxs omilining lisoniy faoliyatda qanday o‘rin tutishini aniqlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan, matnning shaxs faoliyati bilan bog‘liq xususiyatlarini yanada chuqurroq o‘rganishdir.

Ayon bo‘ladiki, lisoniy faoliyatni namoyon etuvchi matn xususida kognitiv tilshunoslikda mavjud bo‘lgan qarashlar turli- tuman va o‘ziga xosdir. Ammo ularning barchasi murakkab mavjudot bo‘lgan inson (shaxs) fenomeni mohiyatiga chuqurroq yondashishga intilmoqda.

Dunyo tilshunosligidagi mazkur nazariy ta’limotlardan foydalanib, ularni rivojlantirgan holda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi shaxs lisoniy faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini yoritib berish bugungi tilshunosligimizning dolzarb vazifalaridan biridir.


Yüklə 81,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə