Mavzu: Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish


Konsept va uning matn orqali ifodalanishi



Yüklə 81,71 Kb.
səhifə4/7
tarix24.03.2022
ölçüsü81,71 Kb.
#84695
1   2   3   4   5   6   7
Mavzu Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish

Konsept va uning matn orqali ifodalanishi.Konsept muammosi antropotsentrik paradigmaning markaziy muammolaridan biri hisoblanadi. Konseptning mohiyati, uning tiplari va til birliklariga munosabati haqida ishimizning avvalgi sahifalarida to‘xtalgan edik. Tadqiqotimizning bu qismida biz konseptning matn orqali ifodalanishi haqida fikr yuritamiz.

Ma’lumki, tilshunoslikda konseptlar, asosan, leksik hamda leksik-frazeologik birliklar orqali ifodalanadi, degan fikr ustun. Keyingi davrlarda esa fanda sintaktik konseptlar haqidagi nazariy qarashlar, shuningdek, ushbu mavzuga bag‘ishlangan tadqiqotlar ham yuzaga keldi55. Ularning aksariyatida sintaktik konsept tipik propozitsiyaga tenglashtiriladi56.

S.E.Kuzminaning fikriga ko‘ra, sintaktik konsept “predmetlar yig‘indisi va ularning munosabatini aks ettiruvchi tipik vaziyat haqidagi axborot bo‘lib, u gapning struktur sxemasi orqali ifodalanadi hamda tipik propozitsiya (mazmunning strukturlashtirilgan yig‘indisi) orqali namoyon bo‘ladi”57.

S.E.Kuzmina o‘z maqolasida ingliz tilidagi quyidagi gaplarni misol tariqasida keltiradi: I don’t give you the book. (Men kitobni sizga bermayman.) The doctor gave him some cough medicina. (Doktor unga ba’zi yo‘tal dorilarni berdi.) I sent her a letter. (Men unga xat jo‘natdim.) He sent her a greetings card. (U unga taklifnoma jo‘natdi).

Maqola muallifi ushbu gaplar uchun Kimdir kimgadir nimanidir beradi shaklini tipik propozitsiya sifatida belgilaydi. Demak, ko‘rinadiki, tadqiqotchi yuqoridagi gaplarda ifodalangan konseptni belgilashda ularning mazmunini mavhumlashtirish yo‘lidan borgan.

Sintaktik konseptlar mavzusida tadqiqot olib borgan yana bir tilshunos – L.A.Fursning qarashlari ham yuqoridagi fikrlarga hamohang. Jumladan, u shunday yozadi: “Sintaktik yo‘l bilan ifodalangan konsept o‘zida dunyo va til haqidagi strukturlashtirilgan bilimlarni siqiq holda namoyon qiluvchi va ularni propozitsional shaklda ifodalashni ko‘zda tutuvchi, maksimal tarzda mavhumlashtirilgan mazmuniy uzvlarni namoyon etadi”58.

Ma’lumki, konsept – mental tushuncha. Uni bevosita kuzatish mumkin emas. Insonning kognitiv faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bu hodisani uning tildagi korrelyatlari orqali aniqlash mumkin. Sintaktik konsept haqidagi ilmiy qarashlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, til birliklaridan biri bo‘lgan gap ham konsept ifodachisi (uning tildagi korellyati) sifatida tan olinmoqda. Demak, bu qarashlarga binoan, gapda ham muayyan konsept o‘z ifodasini topadi va bu sintaktik yo‘l bilan ifodalangan konsept hisoblanadi. Sintaktik konseptlar gapning umumiy mazmunidan kelib chiqib aniqlanadi. SHuningdek, tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, nafaqat leksema yoki frazeologizm, balki propozitsiya (binobarin, asosan, gap – D.X.) ham konseptni ifodalash shakllaridan biri hisoblanadi, u voqelikni konseptuallashtirish va kategoriyalashtirish mahsuli bo‘lganligi uchun antropotsentrik mohiyat kasb etadi59.

Nazarimizda, bu qarashlarda sintaktik konsept voqelikdagi bir turdagi munosabatlarning mantiqiy formulasiga teng kelib qolgan. Agar konseptda milliy mentallik, aksiologik modallik, lingvomadaniy omillar ham aks etishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi qarashlar bir oz munozarali tuyuladi. SHunday bo‘lsa-da, konseptning gap orqali ham ifodalanishi haqidagi fikr, bizningcha, juda to‘g‘ri va u boshqa bir muammo – konseptning matn orqali ifodalanishi haqida mulohaza yuritishga undaydi.

Bevosita matn va konsept masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, aytish mumkinki, matn, xususan, badiiy matn konsept ifodachisi bo‘la oladi. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, individual-muallifiy yondashuv ham, milliy mentallik belgilari ham o‘z aksini topishi mumkin.

Ma’lumki, tilshunoslikda badiiy konsept konsept tiplaridan biri sifatida baholanadi. Rus tilshunosi I.G.Tkachenko konsept haqidagi maqolasida tadqiqotchilar tomonidan badiiy konseptga xos quyidagi belgilar qayd etilganini ta’kidlaydi:1) mantiq qoidalariga bo‘ysunmaslik; 2) real voqelikka har doim ham mos kelmaslik; 3) potensial obrazga dinamik tarzda yo‘nalganlik; 4) obrazlilik; 5) estetiklik; 6) individuallik60.

Tadqiqotchi I.Tarasovaning fikriga ko‘ra, badiiy konseptni izohlashda ikki yondashuvni kuzatish mumkin: 1) badiiy konsept individual – muallifiy, psixik hosiladir; 2) badiiy konsept milliy va adabiy an’analar hosilasidir61. Bizningcha esa, badiiy konsept yuqorida qayd etilgan har ikkala xususiyatni o‘zida mujassam etadi. Zero, konseptning o‘zida ushbu belgilar mavjuddir.

Bu o‘rinda yana bir fikrni aytish joizki, matn orqali konseptning ifodalanishi masalasini yoritish uchun ilmiy tadqiqotning bitta qismi, hatto bitta bobi ham kamlik qiladi. Bu – alohida monografik tadqiqot mavzusi bo‘lib, unga keng aspektda yondashuv lozim. SHu boisdan biz tadqiqotimizning ushbu qismida badiiy matnda kopseptning ifodalanishiga oid kuzatishlarimizdan kelib chiqqan ayrim mulohazalarni bayoni etish bilan chegaralanamiz.

Fikrimizcha, badiiy asarlarda, xususan, nasriy asarlarda lingvokulturologiyada asosiy konseptlar hisoblangan hayot, o‘lim, ona, Vatan, muhabbat, yaxshilik, adolat, ayol kabi tushunchalar ifodasi ko‘p uchraydi. Badiiy asar ijodiy faoliyat mahsuli bo‘lganligi sababli, muayyan konsept ifodasi bu kabi matnlarda, tabiiyki, birinchi navbatda individuallik, obrazlilik belgilarini namoyon etadi. Quyidagi matnga e’tibor bering: Katta yo‘l bo‘yida daraxt o‘sardi... Ittifoqo uning tagiga bir yo‘lovchi keldi. Kun issiq, yo‘lovchi charchagan edi. Daraxt soyasida o‘tirib dam oldi...

Yo‘lovchi ochiqqan edi. Qarasa, daraxtda mevalar pishib yotibdi. U daraxtga chiqishga erindi: tosh otdi. Mevalar duv to‘kildi. Yo‘lovchi to‘ygunicha edi ...

Manzil olis edi. Yo‘lovchi daraxt shoxini sindirib, tayoq yasadi...

Keyin... zahar tang qilib qoldi. Yo‘lovchi daraxt panasiga o‘tdi...

So‘ng... yo‘liga ketdi...

Daraxt boshqa yo‘lovchini kuta boshladi... Bu daraxtning nomi YAxshilik edi... (O‘.Hoshimov. “Yo‘l bo‘yidagi daraxt”)

O‘.Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidan olingan mazkur matnda YAXSHILIK konsepti o‘z ifodasini topgan. Matnda bu konsept “daraxt” ramzi orqali ifodalangan bo‘lib, muallifning kognitiv-diskursiv faoliyatida qo‘llangan o‘xshatish amali matnning metaforik mazmun kasb etishiga olib kelgan.

F.M.Dostoevskiy va M.A.Bulgakov romanlarini lingvokognitiv tahlil qilgan O.A.Aktisova o‘z ishida tavsifiy xarakterdagi mikromatnlarda konsept matn yaratuvchanlik xususiyatiga ega bo‘ladi, degan fikrni ilgari suradi62. O‘zbek yozuvchilari asarlaridan olingan mikromatnlar ham bu fikrning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi.

O‘.Hoshimovning yuqorida tilga olingan kitobidagi bir necha matnda AYOL konsepti o‘z ifodasini topgan. Ular tavsifiy xarakterdagi mikromatnlar bo‘lib, AYOL konsepti maydoniga kiruvchi turli mikrokonseptlarning verbal ko‘rinishlaridir. Masalan:



Ayol kishini ipidan ignasigacha bilaman”, deysizmi? O-o-o, siz daho ekansiz!

Ayting-chi, sharqdan sekundiga besh-etti metr tezlikda esayotgan shamol o‘n daqiqadan keyin shimolga buriladimi, janubgami? YArim soatdan keyin izg‘iringa aylanadimi, bo‘rongami?..” (O‘.Hoshimov. “Daho” ekansiz!”)

Ayol mehri - asaldek totli. Ayol makri – zahardek xavfli. (O‘.Hoshimov. “Mehr va makr”)

Ayollar! Yig‘lab ko‘nglingizni bo‘shatishdek ne’matni ato etgani uchun YAratganga shukronalar qiling. (O‘.Hoshimov. “Ne’mat”)

Ayol kishiga avvalo Ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi. (O‘.Hoshimov. “Mo‘‘tabar zot”)

Ayol shunday jumboqlar kitobiki, hali hech kim uni oxirigacha o‘qiy olgan emas. (O‘.Hoshimov. “Abadiy jumboq”)

Mikromatnlardan ko‘rinadiki, ularda ayol shaxsiyatiga xos bo‘lgan mehribonlik, sirlilik, makkorlik, onalik sifatlari aks etgan. Bu har bir mikromatnda AYOL konsepti bilan bog‘liq assotsiatsiyalarning faollashuviga sabab bo‘lgan. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, mikromatndagi badiiy konsept ifodasida konseptning ijodkor shaxs uchun muhim hisoblangan muayyan qirrasigina o‘z ifodasini topadi.



Badiiy asarlarni kuzatish shundan dalolat beradiki, o‘zbek tilida yaratilgan mikromatnlarda HOLAT konsepti ham rang-barang ifodalarga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Bu, avvalo, badiiy adabiyotning bosh maqsadi inson va u bilan bog‘liq fenomenlarni tasvirlash ekanligi bilan izohlanadi. HOLAT konsepti superkonsept maqomida bo‘lib, bu maydonga kiruvchi shodlik, qayg‘u, sog‘inch, iztirob kabi tushunchalarning matn orqali ifodalanishi tasvirning to‘laqonli bo‘lishini ta’minlaydi. Quyida misol sifatida keltirilgan mikromatnlar ana shunday HOLAT konsepti maydoniga kiruvchi konseptlar ifodachisi sifatida namoyon bo‘lganini ko‘rish mumkin.


Yüklə 81,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə