Bozorga sotishga chiqarilgan tovar va xizmatlar talabga nisbatan kam bo‘lsa narxlar oshib
ketadi, ayirboshlashning ekvivalentlik muvozanati buziladi, natijada tovarni sotuvchi me’yoridan
ortiqcha daromad olib, tez boyib ketadi yoki aksincha, bozorda tovarlar miqdori talab miqdoridan
oshib ketsa, narxlar pasayib ketib, sotuvchilar zarar ko‘radilar.
Bozor sub’yektlari ikki guruhga-sotuvchi va xaridorlarga bo‘linib, ular bozor
munosabatlarining turli vazifalarini bajaradi. Sotuvchilar bozorga tovar va xizmatlarni taklif
etadi, xaridorlar esa ularga talab bildiradi. Bozor o‘z sub’yektlari manfaatini bir-biriga bog‘lab,
ularni muvofiqlashtiradi.
Bozorning asosiy vazifasi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan tovar va xizmatlarni,
iqtisodiy resurslarni iste’molchilarga yetkazib berishdan iboratdir. Bu yerda bozor ishlab
chiqarish bilan iste’molni bir-biriga bog‘laydi, ishlab chiqarilgan tovar yoki xizmat o‘z
iste’molchisini topadi.
Bozor ayirboshlash kategoriyasi bo‘lib, ishlab chiqarishning uzluksiz takrorlanib turishiga
yordam beradi. Ishlab chiqarish, yangidan boshlanishi uchun yaratilgan tovarlar sotilishi va
ularning pulga aylanishi, puldan esa kerakli iqtisodiy resurslar xarid qilinishi zarur. Bozor
vositasida tovarni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobiga, ishlab chiqaruvchilar resurslar sotib
olish yo‘li bilan sarflangan ishlab chiqarish vositalari o‘rnini qoplaydigan va ishlab chiqarishni
kengaytirish uchun kerakli moddiy va mehnat resurslariga ega bo‘ladilar. Bozor orqali
resurslarning erkin harakati ta’minlanadi va ularning tarmoqlar o‘rtasida taqsimlanishi ro‘y
beradi.
Bozor iqtisodiyotni tartibga solib turish vazifasini talab, taklif, raqobat va narxlar
yordamida bajaradi. U o‘zida talab va taklifni jamlab, bu bilan nimani, qancha miqdorda va
qaysi vaqtda ishlab chiqarish kerakligini aniqlab beradi. Bozor narx vositasida iqtisodiy
resurslarni tovarlarga talab kamaygan tarmoqlardan talab ortgan tarmoqlarga oqib kelishini
ta’minlaydi.
Shuningdek, adabiyotlarda bozorning boshqa ko‘plab qo‘shimcha vazifalari ham
keltiriladi. Bu vazifalarni yaqqolroq tasavvur etish uchun ularni maxsus rasm ko‘rinishida
ifodalash mumkin (5.2-rasm).
Dostları ilə paylaş: