Hudhud dedi:
- Ey suv bilan xushbaxt bo‘lgan (kishi), joning atrofini suv o‘tday o‘rab olgan. Suv
o‘rtasida seni uyqu bosibdi (g‘aflatdasan). Bir qatra suv kelib obro‘yingni olib ketadi.
Shuni bilki, suv yuzi yuvuqsizlar uchundir, agar sen ham yuvuqsiz bo‘lsang, suv qidir.
Qachongacha suv bilan maqtanasan, suvday tiniqlikni ista, har bir yuzi yuviqsizni ko‘rib
yurishing qachongacha?
BIR DEVONANING SAVOLI
Bir kishi devonadan:
- Bu ikki olam o‘ylab ko‘rsang, nimadir, - deya so‘radi.
Devona dedi:
- Ikki olamning biri yuqorida, biri pastda, ammo ma’noda go‘yoki bir qatra suvday,
uni yo bor deb, yoki yo‘q deb o‘yla*.
Eng avval suv olamni oshkor qildi. Bu jahon bir qatra suv va u yuz ming rangu
suratdadir. Suv yuziga qurilgan har bir imorat, agarchi temirdan bo‘lsa ham, bir kun
qulab, xarob bo‘ladi. Holbuki, temirdan qattiq narsa yo‘q, boqsang - u imoratni suv
ustida tik tutadi. Nimaiki suv ustiga bunyod etilgan bo‘lsa, u temirdan bo‘lsa ham, tush
kabi o‘tkinchi va xayoldir. Hech kim suvning bir joyda mustahkam turganini ko‘rgan
emas, suv yuzasida tiklangan narsa ustivor bo‘ladimi, axir!